Savollarga javoblar

savollarSiyosat juda murakkab o’yin

SAVOL: Amerika boshchiligida Yevropa davlatlarining bosh maqsadi islomga/islom davlatlarining birlashmasligiga qaratilgan. Islomni o’zlariga eng katta xavf deb bilishadi. Olib borayotgan urush siyosati ortida faqatgina o’z manfaatlari yotadi (neft, resurslar, strategik joylashuv). Va o’zida yadro qurollar bo’la turib, boshqalarning ichki siyosatiga aralashishini qanday tushuntirasiz. Patriotizmni chetga surib, haqqoniy javob bersangiz. Xitoyning bir maromda, ishonch bilan rivojlanishini hisobga olsak, tez orada dunyoga o’z so’zini o’tkazishi ehtimoli qanchalik. (Shavkat Muhammad).

JAVOB: Bitta savol ichiga beshta savolni “zip”laganingiz uchun “davnlod” qilgandan keyin ularni ”open”lashtirib, alohida fayllarga bo’lib, muxtsar (Aks taqdirda bu masalalarga javob bitta kitobga ham sig’maydi) javob qilmoqchiman.

Bu sizning menga juda ham yoqqan hajv yozish uslubingizdagidek kirish qismi edi.

Endi jiddiy.

“Amerika boshchiligida Yevropa davlatlarining bosh maqsadi islomga/islom davlatlarining birlashmasligiga qaratilgan. Islomni o’zlariga eng katta xavf deb bilishadi.”

Bunday deb hisoblamayman. Dunyoda mafkuraviy kurash doim bo’lgan va bugun ham bor, Bundan keyin ham aslo to’xtamaydi. Shuning uchun doim o’rtada informatsion jang mavjud. Ilgarilari bu varaqalar, kitoblar va ma’ruzalar holida bo’lsa, bugunga kelib qirralari texnologiya jabhasini o’z ichiga olib, ko’payib ketdi. Uni tushinish va ajratib olish juda qiyin.

Rossiya yoki Xitoyda, Saudiya yoki Pokistonda yoxud shu kabi boshqa bir o’lkada yashasangiz istasangiz istamasangiz Amerikaga qarshi bo’lib qolasiz. Har kun, har soatda shunaqangi ishonarli, inkor etish juda qiyin ma’lumotlar bilan miyangizga informatsiya quyiladiki, siz baribir qisman bo’lsada bunga ishonasiz.

Masalan, dunyoning bir qancha joylarida millionlab odamlar 2001 yilda Nyu Yorkda yuz bergan voqealarni AQShning o’zi uyushtirgan deb ishonadilar. Ularning orasida barmoq bilan sanarli bo’lsada hatto amerikaliklar(ideologik mafkura “qilich”lari) ham bor. Ularga achinaman. Chunki ular manipulyatsiya qurbonidirlar.

Bunday deya olish uchun Amerikaning ichki siyosatini bilish kerak. Amerika bu Rossiya yoki O’zbekiston emaski, bir kishining buyrug’i bilan qandaydir sirli ishlar qilinib, bu sirligicha qolsin. Bu yerda ikki partiya mansublari doim bir-birlarining “taglarini kovlaydilar” va agar sirli bir ish qilinsa bu ularga raqiblarini siyosiy sahnadan ketkazish uchun million tonna oltindan ham aziz narsa bo’ladi. Bushning yolg’onlari fosh qilingani kabi.

Agar Amerikada asosiy xalq va asosiy kuch islomga qarshi bo’lganda Obamani saylashmas edi. Bundan 15-20 yil oldin islomning eng yaqin do’sti va himoyachisi Amerika edi. Lekin bugun islomiy radikal kuchlarga qarshi kurashga Amerikani uning xalqi emas, balki o’sha kuchlarning o’zlari majbur qildilar va qilmoqdalar.

Amerika monomillat – monoxalqdan iborat emas. Amerika o’z vatanidan turli sabablar bilan quvilgan, badarg’a etilgan insonlarning vatani.

Bu yerda hamma mamlakatlardan millionlab odamlar bor va Amerikaning manfaati butun dunyoning manfaati degan tushunchaning asosi mana shundadir.

Chunki bu yerda yashayotgan olti million musulmon dunyodagi boshqa musulmonlarga yomonlikni ravo ko’rmaganidek, millionlab xitoy, pokiston, hindistonu farangistonliklar va aholining qariyb yarmini tashkil qiladigan ispanlar ham qayeridadir o’zlarining yaqinlari yashaydigan dunyo uchun tinchlikni istaydilar.

Ha, endi katta boylar, katta industriyalar, ularning moddiy manfaatlari bor va bu boshqa masala. Ularga kimdir qo’g’irchoq bo’lsa, bu o’sha qo’g’irchoqning fojiasidir.

Ayni paytda Amerikaning juda katta boyligi arablarning qo’lida ekanligi ham fakt.

“Va o’zida yadro qurollar bo’la turib, boshqalarning ichki siyosatiga aralashishini qanday tushuntirasiz”.

Nega Pokistonga qarshilik qilmagandi? Chunki u yerda hokimiyat bitta ojiz qo’lda emas.

Eron masalasida men ham qarshiman. Chunki butun Eron boyliklarini allaqachon o’z boyligiga aylantirgan bir necha mulla oilasi Yer kurrasini o’z o’qidan chiqarib yuborishi hech gap emas. Ular bilan Karimovning hech qanday farqi yo’q. Andijon voqeasi kabi bir hodisa yuz berib, mullalar hokimiyatni boy berishga ko’zlari yetib qolsa, ular butun dunyoni yo’qotib yuborishdan qaytmaydilar.

Boshqalarning ichki siyosatiga aralashmaslik kerak bo’lsa, u holda nega dunyo O’zbekistondagi inson huquqlari ahvolidan ko’z yummoqda deb aytamiz.

Xudo bitta, Yer kurrasi bitta va har bir musulmon boshqa musulmonni birodarim degani kabi dunyodagi har bir inson bir-biri uchun birodar va xatarli kezda uni himoya qilishi kerak.

Karimovning manfaati o’z taxtini himoya qilish va Amerikaning manfaati butun dunyoda tinchlik bo’lishidir. Bu uning butun dunyo xalqlaridan tashkil topgan kuchli qudrat bo’lganidan kelib chiqadigan yo’lidir.

“Patriotizmni chetga surib, xaqqoniy javob bersangiz”.

Patriotizm deganda o’zbekchasinimi yoki amerikachasinimi nazarda tutgansiz bilmayman. Amerikada har qanday yolg’onni ochib tashlash va qo’rqmaslik patriotizmdir. Bu dunyoda ba’zan “bular o’z sirini o’zi ochib tashlamoqda” degan kulgiga ham sabab bo’ladi.

O’zbekchasi esa o’zingiz biladigan patriotizmdir. O’zbekcha patriotizmdan juda uzoqman. Ko’nglimda nima bo’lsa shuni aytaman. Bu xato bo’lishi mumkin. Lekin bu fikrim va mulkimdir.

Shuning uchun ham Amerikaga kelib qolganman (:D).

“Xitoyning bir maromda, ishonch bilan rivojlanishini hisobga olsak, tez orada dunyoga o’z so’zini o’tkazishi ehtimoli qanchalik.”

Xitoy bugun katta kuchga aylangan va dunyoga o’z so’zini o’tkazishga urinmoqda. Agar Amerikaning rolini Xitoy olsa ana unda ko’rasiz tomoshani. Lekin Xitoy iqtisodda erkinlik bermoqda xalqiga. Xuddi mana shu narsa uzoq kelajakda Xitoyni parchalaydi.

Qolaversa, Xitoy iqtisodi Amerikaga ichdan bog’lanib qolgan va bir kun Amerika u yerdan oyog’ini tortib olsa, har ikki tomonning dunyosi alg’ov-dalg’ov bo’lib ketadi.

Xulosa shuki, agar uyingizda bitta olma daraxti bo’lib, uning o’n dona hosili bo’lsa, Amerika men shuni qo’riqlab beraman va bittasi doimiyga meniki, qolgani seniki deydi.

Rossiya, Xitoy va boshqa supersimon kuchlar esa, to’qqiztasi meniki, bittasi seniki deydi. Qolganlarning tanlovdan boshqa choralari yo’q.

Keyingi 50 yildirki, dunyoda uchinchi jahon urushi bormoqda. Bu informatsion urushdir. Bu urush birinchi va ikkinchi jahon urushlaridan uzoq davom qilmoqda va ko’proq talafot bilan tugashi mumkin.

Manimcha, bu talafot Yer kurrasini zarralarga aylantirib yubormasligi uchun tadbir olish dunyo mamlakatlarining ziyoli qatlamidan tuzilgan Amerikaning zimmasiga tushadi. Bu esa oson ish emas.

Ko’rdingizmi bu juda katta siyosat va murakkab o’yindir. Bir kun yuzma-yuza gaplashsak, bu haqda soatlab fikr almashamiz va o’shanda bir-birimizni aniqroq anglaymiz.

Jahongir Muhammad
29 fevral, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan.

One Response

  1. katta rahmat,Jahongir aka umringizdan baraka toping.yaxshi fikrlar!

Leave a comment