Suratlar tarixi

boymirzahYo’qolgan Turkiston

O’zbekiston televideniyesiga ishga kelishim bilan bir necha yangi dasturni boshlatgandim. Shulardan biri “Turkiston” siyosiy-ommabop axborot dasturi edi. Buni oldindan orzu qilgandim. Shu yo’l bilan Turkiston xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga hissa qo’shmoqchi edim.

Dasturni darhol yo’lga qo’yish uchun Axborot bo’limidagilarga fikrlarimni aytdim. Uni jonli ravishda uzatishni lozim topdik.

Turkiston xalqlari hayoti bilan bog’liq juda qiziq va juda dolzarb xabarlar, videotasmalar to’plandi. Ularni tartibga keltirishdi. Dastur chizmasi tayyorlanganini aytishgach, mashq variantini ko’rmoqchi bo’ldim.

Qarasam, diktor Ra’no Tolibova oddiygina kiyimda. Unga atlas ko’ylakda chiqishni taklif etdim. U bir jilmaydida:
-Uyga borib kelsam maylimi?-dedi.

-Bor yo’g’i ikki soat vaqtimiz bor, agar zarur ishingiz bo’lsa, marhamat, lekin har ehtimolga qarshi qizlardan birini ham tayyorlash kerak bo’ladi,-dedim unga.

-O’zim chiqaman, bu menga juda katta ishonch. Ayniqsa bu dasturni boshqa davlatlardagi o’zbeklar ham ko’rishlariga ishonaman.

-U holda nega uyga ketmoqchisiz?

U nimadir demoqchi, ammo istihola qilayotgan edi. Gap nimadaligini so’rasam eshik tomonga qaradi. U tomonda bugunga qadar televideniega rahbarlik qilib kelgan Elbek Mo’saev va dasturlar direktori turishgan ekan.

Ular nimanidir so’ramoqchi bo’lib qidirib yurishgan ekan. Ularga javob berib yuborgach, Ra’no Tolibovadan nima gapligini so’radim.

Televideniyeda diktorlar uchun мaxsus kiyim yo’q va siyosiy dasturlarda diktorlarga milliy kiyimda ko’rinish mumkin emas ekan. Har holda bu Sovet davrining qoldig’i.

-Shaxsiy pulimizga olgan ko’ylaklarimizni kiyib chiqamiz,- der ekan Ra’no Tolibova o’zini noqulay his qilayotgandi.

-Siz uyalmang, boshqalar uyalishi kerak bunga!-dedimu bu sohani ham tuzatish kerakligini o’ylab qo’ydim.

Shunda Ra’no Tolibova nega uyga borib kelay deganini tushundimda, darhol xizmat mashinasini chaqirtirib, uni jo’natdim. U boshida do’ppi, egnida atlas ko’ylak bilan kelganda ba’zilar unga:

-Siz jiddiy dasturni “Adabiyot gulshani” bilan almashtirayasiz,- deb kinoya ham qilishibdi.

 Lekin “Turkiston” dasturi ekranga chiqishi bilan hukumat idoralari va prezident devonidan, ijodkorlar jamoalaridan o’nlab kazo-kazolar telefon qilib, bu katta odim ekanligini aytishgan edi…

1994 yil Izmirda Turk dunyosi qurultoyida Turkistonning buyuk tarixnavisi Boymirza Hayit bilan suhbatlashar ekanmiz, u kishi O’zbekistonga 1992 yilda borgan kezlarida ko’rib qolganlari bu dastur haqida gapirdilar.

-Hayron qoldim… Nomi “Turkiston”… Olib boruvchisi Turkiston go’zali… Ko’rib ko’zimga yosh keldi. Qanday qilib Karimov bu dasturga yo’l beribdi?

Boymirza otaga bu dastur tarixini aytib berganimda o’rinlaridan turib quchoqlagandilar. Bu voqea ana shu surat olingan kun yuz bergandi.

Boymirza ota bilan besh-olti marta Turk dunyosi qurultoylarida birga bo’ldik. Doim kuzatganim, u kishini hamma ardoqlardi, quchoqlardi, tahsinlar aytardi… Chet eldagilar ham, O’zbekistonda kelganlar ham… U kishi hammani bir-biriga bog’lovchi rishtaga o’xshardilar. Yashayotgan Turkiston edilar, Turkiston g’oyasi edilar.

Bugun ayrimlar qozoq unday, qirg’iz bunday, turkman haligiday, tojik falon, uyg’ur bismadon deb yozar yo gapirar ekanlar, juda ko’p narsa yo’qotganimizni anglayman va dilim og’riydi.

Biz kun sayin, soat sayin Turkistonni yo’qotmoqdamiz! Balki yo’qotib ham bo’ldikmi deyman? Chunki O’rta Osiyoga aylantirilgan Turkistonning nomi Markaziy Osiyo bo’lib ketdi, bo’lak-bo’laklarga bo’lindi…bir-birini ko’rganda begonani ko’rgan… begonalarning yurtlariga aylandi…

Jahongir Muhammad.

jahonnoma.com

2008.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: