NAVRO’Z
Jurnalist Dadaxon Yoqubov bilan ijodiy hamkorligimizning cho’qqisi 1990 yilda o’tkazilgan “Navro’z telemarafoni” bo’lgandi.
Shuni aytish kerakki, o’sha kezlarda Dadaxon yoniga juda iste’dodli kishilarni to’plagan edi. Masalan, rejissyorlar Meli Mahkamov va Tamara Mahkamova o’zbek telesan’atining favqulodda talanti insonlari edilar. Meli aka juda xushmuomala, topqir, bilimli bo’lish bilan birga sodda va kishining ko’ngliga juda tez yo’la topadigan odam edi.
“Hayot quvonchlari va tashvishlari” dasturlarining ham o’q ildizi shu odam edi, desam, Dadaxon aslo xafa bo’lmasa kerak. Meli Mahkamov O’zbekiston televideniesida xalqning mehrini qozongan ko’plab asarlarga rejisserlik qilgan edilar.
Dadaxon va Meli aka bilan gaplashib telemarafonni 24 soatga mo’ljallagan edik.
Telemarafon uchun asosiy xamirturushni Samarqanddan topgandik. Ta’qiqlarga qaramay Urgutda xalq bayramni mart oyining o’rtalarida boshlab yuborardi. Bizning borishimiz bilan bu ming-minglab odam chiqqan katta saylga aylanib ketdi. Video yozuvlarni ana shu sayllar davomida tasmaga yozib oldik.
O’sha kunlari iqtidorli vrach Tahsin Hamidov Samarqanddagi Respublika bolalar markazi-shifoxonasida Oybek degan bolaning ayanchli holidan bizni xabardor etib, agar yordam qilinmasa u hayotini yo’qotishi mumkinligini aytdi.
Borib ko’rdik va dahshatga tushdik. Oybekning ahvolini so’z bilan tasvirlash mumkin emas. O’shanda videoyozuvlarimizni ko’rganlar orasida yig’lamagan inson oz bo’lsa kerak.
Keyin o’ziga o’t qo’ygan kelinchkalarni borib ko’rdik. Nogironlik aravachasi ololmagan momolar… Uylari yiqilib yotgan otaxonlar… Shu zayl voqealar bir -biriga ulanib, katta dasturning xamirturushi hozir bo’ldi. Albatta, buning texnik jihatlarini bir nuqtaga keltirish uchun Dadaxon va Meli akalar bir necha tunlarni tongga uladilar.
Bugungi kabi o’sha kezda ham Navro’zning do’stlari qatori dushmanlari ham bor edi. Ayniqsa, O’zbekistonda Navro’z rasman qatag’on qilinib, o’rniga “Navbahor” degan uydirma bayram qo’yilganiga hali ko’p bo’lmagan edi.
Navro’z telemarafoni ikki inqilobni birdan bajardi.
Birinchisi, Navro’zni hamma joyda ochiq xalq sayliga aylantirdi. O’shanda biz bilan birga xalqimiz ham uxlamadi. Butun mamlakat saylga chiqdi.
Ikkinchisi, dasturlar avvaldan qog’ozlarda yozilib, tsenzuradan o’tgandan keyingina ekranga chiqarilishi qat’iy tartibga aylangan O’zbekistonda biz 36 soat davomida mutloq erkin gapirdik, dilimizda nima bo’lsa tilimizda ham shu edi. Tsenzurasiz ham yashash mumkinligining isboti edi bu! Ya’ni “Xalqimiz demokratiyaga tayyor emas” deganlarning yuziga bir tarsaki tortilgandi.
Telemarafon ko’pchilikning hayotini o’zgartirib yubordi. Dadaxon, Meli akaga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi, menga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist unvonini olib keldi bu dastur. Telemarafonda qatnashgan boshqa ko’plab ijodkorlar ham turli unvonlarni olgandilar.
Navro’z Dadaxon Yoqubov hayotining katta qismiga aylandi. U mazkur marafonda tushgan mablag’larni ishga solish uchun “Navro’z” fondini ochdi va o’zi boshqardi. Juda ko’p odamlarga yordam qildi.
-Navro’z telemarafoni mustaqillikning shamolini olib keldi,- degan edi o’zbek adiblarining yaqin do’sti, samarqandlik siyosat va davlat arbobi Toshbo’ri Qilichev o’shanda.-Biz ham o’z so’zimizni o’zimiz gapira olishimiz mumkinligini ko’rsatdi bu!
Navro’z yangi kun degani. O’shanda telemarafon zulmat ostidan chiqib kelayotgan yangi kunning nuriga aylangandi. Vaqt o’tib uyg’ongan bo’ron va dovullar bu nurni o’rab oldilar, yangi kunning osmonini bulutlar qopladi. Lekin bu abadiyatga emas. Navro’z bayramini ming yilar davomida o’ldirishga uringanlar bu ishni uddalay olmaganlari kabi yangi kunni ham o’ldira olmaydilar. Yangi kun hali qaytadi…
Bu surat o’sha davrda kunlarda olingan.
Jahongir Muhammad.
2008.
Filed under: Suratlar tarixi |
Aka,Dadahon Yoqubov ayni vaqtda TV da ishlaydilami yoki umuman boshqa sohada,aytmoqchimanki aloqalar haliyam bormi
Aka,Dadahon Yoqubov ayni vaqtda xam TV da ishlaydilarmi,bir vaqtlar Hayot Quvonchlari va Tashvishlari degan ko’rsatuvni olib borardilar.