So’z haqida so’z

Maydon ko’kka ko’tarilgan, burgut esa yerga yiqilgan kun

-Nega ko’z yosh to’kayapsan?-deb so’radi Burgut oqayotgan irmoqni ko’rsatib.

-Bu ko’z yoshi emas, bu sening panjangdan oqayotgan qon,-deya javob qildi Maydon.

Jahldor Burgut Maydonni tortqilab ko’kka ko’tarildi. Birdan bo’ron turdi. Maydon aylanib ko’kka ko’tarilib ketdi, Burgut esa yerga quladi.

…Kecha televizorni qarasam,  AQShning muxbirlariyu sharhlovchilari Ukraina haqida gapirarkanlar “Maydon”, “Burgut” degan kalimalarni tinmay ishlatardilar. Tarjima qilib emas, o’z holida. Faqat “Maydon”ni “Maydan”, “Burgut”ni  “Berkut” deyishmoqda. So’z tildan tilga, avloddan avlodga o’zgaradi. Ota-bobolarimiz “Berqut” deyishgan, biz “Burgut” deymiz.

Maydon forsiy kalima. Biz  “choy”ni o’zbekcha degandek bu so’zni ham o’zbekcha deymiz va xato qilmaymiz. Chunki so’z tarixi, etimologiyasi bilan  boshqalarga oid bo’lishi mumkin, ammo uni ishlatganlar uning hokimidirlar. Demak, ingliz tili ham ikki so’z hisobiga boyidi. Aminmanki, tez orada bu so’zlar inglizcha lug’atlarga ham kiritiladi. AQShda tilda ishlatilgan yangi so’zlarni har yilning oxirida lug’atlarga kiritish an’anasi bor.

Maydon so’ziga qaytsak, forsiyda “don” ot yasovchi suffiks bo’lib makon va tutmoqni ifodalaydi. “Guldon”, “shamdon”, “otashdon”, “bachadon” …  kabi.

Ba’zilar “maydon”ning ham kelib chiqishi “may” va “don”da deyishadi. Qandaydir mantiq bor. May solinadigan idishning og’zi aylana bo’lgan. Tarixan maydonlarni ham aylana tarzda insho etishgan. Lekin forsiyda maydon kalimasiga keng joy, imorat solinmagan zamin ma’nolari berilgan.

“Az ayvon ba maydon xiromid shoh”,  deydi Firdavsiy.

“Hafti maydon” degan ibora ham bor. Qadim axtarshunoslar osmonni yetti tabaqadan iborat deb unga “Hafti maydon” deb nom berishgan. Demak, maydon osmonning qavatlaridir.

Endi “osmon”ning tarixiga nazar solsangiz uning yetti ma’nosi bor va bittasi Oliy olam, Xudoning va maloikalarning makoni demakdir.

Kievdagi maydon bugun shahidlar maydoniga aylangan. Qon, ko’z yoshlari, duolar va gullarni o’z ichiga olgan maydon!

Burgut kalimasining esa uch ma’nosi bor. Qarchig’aysimonlar oilasiga mansub yirtqich ovchi qush. Asli bu qush Amerika tomonlarga oid. Bu boshqa masala.

Bu so’zning ikinchi ma’nosi ko’chma. Yovuz va yirtqich odamlarga qiyosan burgut deymiz. Bu ancha passiv. Chunki biz bu so’zni ijobiy tomonga, uchinchi ma’nosiga ko’proq tortganmiz: jasur, qaytmas, epchil… Ukrainlar ham shu ma’nosiga tayanib maxsus kuchlari(OMON)ga “Berkut” deb nom berishgan. Lekin yaxshi bilan yomon orasi bir qadam. “Berkut” qon to’kib  ikkinchi ma’nosiga tortdi: yirtqich, yovuz…

Qiziq, juda ko’p so’zlarimizga ana shunday bir-biriga zid bo’lgan ma’nolarni yuklaganmiz. Bu sodiqlik bilan xiyonat, do’stlik bilan dushmanlik, yaxshilik bilan yomonlikning juda yaqin ekanligidan bo’lsa kerak.

Darvoqe, burgut so’zining fazo ilmiga oid ma’nosi ham bor. Osmon ekvatori atrofidagi Delfin, Qavs va Dalv yulduz turkumlari orasidagi boshqa bir to’da yulduzni ham “Burgut” deymiz.

Ukrainada “Berkut”lar yulduz bo’lib qololmadilar, ko’kka ko’tarila olmadilar, aksincha yerga g’arq bo’ldilar…

Maydon esa yerdan ko’kka ko’tarildi…

Nima bo’lganda ham bu ikki so’z dunyoga shunday tanildi. Endi unga boshqa ma’no yuklash anchayin qiyin. Dunyoning fikri osonlikcha o’zgarmaydigan fikrdir.

Jahongir Muhammad

2014

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: