Kaftdagi dunyo

New Yorkda  ko'cha bayrami.

New Yorkda ko’cha bayrami.

Sog’inch

SAVOL: Chanqoqni choy bosadi, lekin sog’inchni qanday qanoatlantiramiz? (Ulug’bek).

JAVOB: Bir kun boshqa mamlakatda istiqomat qiladigan tanishim mehmonga keldi. U bilan bir necha kun dardlashdik. Mehmondorchilik ham qariy boshladi. Ketar chog’i unga:

-Sizni o’zbeklar ochgan va menga yoqqan bir “Choyxona”-restoranga olib bormoqchiman,-dedim.

Mehmon nima desin? “Uyimda yeganim o’zbek taomlari, sizning uyingizda ham aynisi, yana meni o’zbek restoraniga olib borasizmi?” desinmi? Bunday paytda bir nima deyish mushkul, mezbonning ko’ngliga qaraladi. U indamay rozi bo’ldi.

Yo’lga tushdik. Koshki yaqin bo’lsa? Yo’l yursak ham mo’l yurib, bir necha soat deganda boshqa bir shaharga yetib keldik.

Bitta burchakda kichkinagina binoning peshtoqiga “Choyxona” deb yozilgan. Mehmon hayron edi. Nahotki, shuncha yo’lni shuning uchun bosib o’tdik? Lekin hazil-huzul bilan gapning uchini chiqarsa ham dilimni og’ritmaslik uchunmi tilini tishlardi. Choyxona kichkina bo’lsada vij-vij odam. Ovqat buyurish navbati kelganda ma’lum bo’ldiki, biz ancha kech qolibmiz va restoranda qozonning tagi ko’rina boshlagan ekan.

-O’zbekcha somsa…

-Hozir… bir zum… so’rab ko’raychi…

Bu “tamom bo’libdi” deyishdan oldin ishlatiladigan ibora. Oradan bir zum o’tmay bu ibora ishlatildi ham.

Xullas, ziyofat bir ikki six shashlikdan nariga o’tmadi. Yarim tunda yo’lga chiqdik. Uyga yetib kelganimizda tun tunab qolgandi, biz ham uxlashga qaror berdik.

Balki mehmon nimaga buncha yo’lga borib-kelganimizning jumbog’ini yecholmay uxlab qolgandir?

Men esa Amerikaday olis bir o’lkada “Choyxona” degan so’z balki o’layotgan sog’inchni tiriltirarmikan, deb borganimizni anglata olmaganimni o’ylayverib uxlay olmadim.

Darvoqe, sog’inch ham o’ladimi?

Ha, o’lar ekan. Buni bizdan oldin xorijga chiqqanlardan eshitib, ajablanardim. Endi o’zim ham sezayapman. 17 aprelda O’zbekistonni tark etganimga 19 yil to’ladi. Yillar kemiruvchi… Bugun gaplarimga ajablanganlar bir kun kelib O’zbekistonni sog’inmay qolayapman deya tashvishga tushishlari mumkin…

Do’stlarni sog’inardim oldin. Hozir do’stlar ham, qarindoshlar ham shu yerda yoki kelib-ketishmoqda.

Suhbatlarni, bahslarni sog’inardim. Har bir kun suhbatlardan, har bir kun bahslardan iborat bo’lib qoldi.

Ba’zan zamonaviy o’zbek filmlariga nazar tashlayman. Juda primitiv. Bir asr ortda qolib ketgan kabi. Sun’iy va kulgili. Hayot boshqa, film boshqa. Gaplar ham, ijro ham kulgili tuyuladi.

O’zbekcha kitoblar, gazetalar, TV, radio… O’zbekistonniki Sovet davridagidan ham xarob.

Bu yerdagi tashkil etilgan TV, Radio kabisini u yerda topolmaysiz.

To’ylarni sog’inardim… Nyu Yorkda o’zbeklar shunchalik ko’paydiki, o’zbek tili Bruklin va Kuvinsda rus tilidan keyin ikkinchi “davlat tili”ga aylanib qolay dedi. Haftada bo’lmasada oyda ikki marta to’y bor…

Bu yerda to’yxonalardan qabristonlarcha paydo bo’lib bo’ldi…

Dunyo kezaversangiz, O’zbekistondagi binolarning dilingizga ko’milgan salobatini ham yo’qotar ekansiz…

Yillar o’tgani sayin bu tuyg’uning hukmronligi kuchaymoqda. Bu meni qo’rquvga solmoqda. O’zbekistonga borib yashay olmay qaytib kelayotganlarni ko’rayapman… Bu yana ham ayanchli.

Kelgan odamning ketgisi yo’q. Rahmatli amakimning 70 yoshli qizi Xosiyat opam “grinkard” yutib, bu yerda yashayotgan o’g’linikiga bir oyga kelib, olti oy ketolmadilar… Hozir yana qaytib kelmoqchi ekanlar…

Bu yerda mirshablar pora so’rab sizni tahqirlamaydi… O’zingiz qoidani, qonunni buzmasangiz ularning siz bilan ishlari yo’q.

Bu yerda sudning ostonasida adolat istab oylarni yillarga ulamaysiz…

Gap-gashtakning ham kami yo’q. O’zbek restoranlariyu do’konlarining sanog’iga yetmay qolayapmiz.

O’zbekistondagi har qanday taom, har qanday meva-chevaning turfasini qishin yozin topasiz bu yerda. Hatto daraxtning ustida qurib qoladigan “Jopazak” o’rigining turshagi, Bog’izog’onning quritilgan qovuni, Toshkanning qazi-qartasi, Surxonda pishirib jo’natilgan “Tandir”, Varganza anori, Bog’ibaland anjiri…xullas, O’zbekistonda nima yetishtirilsa, nima ishlab chiqarilsa, eng sifatlisi shu erda…

Men bo’lsam “Choyxona” sog’inchni tiriltirar deb ovorayu-sovora bo’lib, hatto do’stimni ham u yerga olib boribman. Aslida sog’inch kushandalaridan birini ziyorat etibmiz…

Shularning hammasiga qaramasdan O’zbekistonga borgim keladi. Ammo yo’llar berk. O’zbekiston meni sog’inmay qo’ygan…

Ana shu haqda yozib o’tirgandim, bir tanishim sim qoqdi. Qiz ko’ribdi. Ismini esa Sog’inch deb qo’yibdi. Tasodifni qarang! Bu dunyoning sirlarini tushunmay o’tib ketamiz, shekilli?

Balki xorijda tug’ilgan farzandiga Sog’inch deb ism berarkan tanishim ham sog’inchni sog’ina boshladimikan yoki sog’inchni unutmayin, deb birinchi farzandiga shunday nom berdimikan?

Balki sog’inch seli ostida qoldimi u?

Bu savollar xayolimdan g’uvillab o’tar ekan unga:

-Sog’inchni umri bilan bergan bo’lsin, umri uzoq, rizqi faroq bo’lsin,-dedim.

Jahongir Muhammad
11 fevral, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: