Hayot maktabi

Bahs

SAVOL: Amerikdaliklar bilan ham turli mavzularda bahs qilib turasizlarmi? (Sharof).

JAVOB: Amerikada sauna xuddi o’zimizning choyxonadek gap. Ertadan kechgacha gurung. Qo’shilgan qo’shilaveradi, ketgan ketaveradi. Aksariyat odam bir-birini taniydi.
Kecha Suna tirband edi. Ular arab mamlakatlaridagi voqealarni bahslashayotgan ekanlar.

-Buni SRU qilmoqda,-derdi bittasi va buni asoslashga urinardi. Uni taniyman. Asli eronlik. Yoshligida bo’yniga pichoq solishgan. Yarim jon bo’lib qolgan. “Saunaga kelmasam og’riq meni yeydi” deydi u ikki gapning birida.

-Agar bu ishlarni SRU qilayotgan bo’lsa, nega “Bu tashkilot Misrdagi voqealardan orqada qoldi?” deb tanqid ostiga olishmoqda? -Bu savolni bergan kishi asli hindistonlik. Uni bir ko’rishda qaerdan ekanligini bilmaysiz. Chunki oqvoy. Yuz tuzilishi esa o’zbekka o’xshab ketadi. U har qanday bahsning “onasini ko’rsatadi”.
Eronlik unga:

-Nima, “Men qilayapman” desinmi, albattaki teskarisni aytadi,-deb ulgurmagan ham edi gapga bir arab kishi aralashdi. Bu odam ilgarilari bahslarga qo’shilmas edi. Ammo bugun qoni qaynagan. Bu gaplar arablarni kamsitish uchun aytilayotgani, arablar juda faol irqligi va bu ularning navbatdgai bahori ekanligini rosa kuyunib gapirdi. Men unga e’tiroz bildirdim:

-Shuning uchun ham Misrda ularga siyosiy partiyani armiya tuzib berayati ekan-da?

-Nima, O’zbekistonda siyosiy partiya bormi?-deya kesatdi u.

U bilan tez-tez gaplashib turmasak ham bir rus bilan bahslarimizga quloq soladi doim. Ruschani biladi. Moskvada o’qigan.

Xullas, uch soat deganda bahsni tark etdim. Bu birinchisi yoki ikkinchisi emas. Bu klubga a’zo bo’lganimga o’n yildan oshdi. Shundan beri bunday bahslar bor. Demak, bungacha ham bo’lgan. Bundan keyin davom etaveradi. Bahsga kimlar qo’shilmaydi deysiz? Afg’ondan tortib chililikkacha, ukrainu xitoylikkacha… dunyoning hamma joyidan kelganalar bor. Bahsga qo’shilmay gazeta o’qib o’tirganlar ham bo’ladi, albatta.

Qiziq bo’lgan narsa-hech qachon bahs janjalga aylanmaydi. Hamma ketayotganda bir-biriga xayrli kun yoki xayrli tun tilaydi. Keyingi safar yana boshqa bir mavzuda bahsni davom ettiraverishadi.

Biz esa ikkita o’zbek bir-birimiz bilan bahs qila olmaymiz. Bahsda yengilgani uchun indamay o’tirish – bu o’zbekning o’limi. O’lsa o’ladiki, o’zi bilmagan narsaning rostligini isbotlashga urinishdan to’xtamaydi. Ushlaganini qo’ymaydi. Oxiri janjal bo’ladi. Yengilganini sezdimi, bir-birining shaxsiy nuqtalariga hujum qiladi. Kamsitish boshlanadi. Oxiri bir-biridan ko’ngli qoladi. Dushmanga aylanib ketadi.

Hatto xorijda ham shu ahvol. Hamma bir-birini boshqasiga yomonlaydi. Yaxshilab surishtirsangiz ularning dushmanligi oddiygina bahsdan boshlanadi.

Kecha saunadagi bahsdan ayrilar ekanman safga yangi qo’shilgan boliviyalik bir kishi:

-Rahmat sizlarga, men ko’p narsani bilmas ekanman, shuning uchun indamay o’tirdim, bundan keyin bahs mavzusini kelishib olsak balki tayyorlanib kelardim,-deb qoldi. Unga hindistonlik oqvoy amaki:

-Ertaga qor yog’moqchi, bahs mavzusi o’sha,-dedi.

-Bo’lmasa ob-havo kanalini tomosha qilib kelaman.

Hamma kulib yubordi. Boliviyalik esa jiddiy edi.

Shu damda u men o’ylab turgan masalaga yechib topib berdi go’yo.

Ha, bu yerda bahs qilayotganlarning hammasi bilimli va bir narsani bilmasa bahslashmaydi. Kundalik voqealarni kuzatib borishadi va saunaga ham dasta-dasta gazeta ko’tarib kelishadi. Shunda ham bilmagani bilganiga quloq soladi. O’zini kamsitilgan deb his etmaydi, aksincha boliviyalikka o’xshab mardona tan oladi. Biz esa o’lsak o’lamiz, ammo bahsda yengilmaymiz. Balki shuning uchun hayotda yengilib yuribmiz…

Jahongir Muhammad
17 fevral, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: