Zehniyat maydoni

savollarTug’ilgan kun

SAVOL: Yoshlar mazusini davom ettirishingiz meni xursand qildi. Lekin yoshlarning chetga chiqib ham ko’p hollarda o’zgarmayotgani meni tashvishga soladi. Shu haqda batafsilroq to’xtalsangiz. (Zokir).

JAVOB:Kecha Jamshid degan ukaxonimizning va uning qayni-ukasi Sarvarning tug’ilgan kunini nishonladik. Ular ikki kun farq bilan tug’ilgan bo’lsalarda bir vaqtda bayramlashishga qaror berishibdi. Ziyofatda bundan besh yil oldin ko’rganim bir yigit ham bor edi.

-Siz O’zbekistonga ketmaganmidingiz?-deb so’rayman undan.

-Yo’q… shu erdaman… xizmatchilik… yuribmiz,-dedi u g’amg’in ovozda.

Bu yigit juda yaxshi esimda qolgan. Besh yil oldin u o’zi kabi besh tengdoshi bilan birga ayni uyda ijarada turardi. Bir kun mehmonga chaqirishdi. O’shanda hamma joyda asosiy mavzu Andijon voqealari edi. Lekin bu yigit gapga aralashmay, faqat kinoyali bosh siltab o’tirgani diqqatimni tortdi. U diplomatiya oliygohini bitirib kelgan va jim o’tirishi noodatiy edi. Uni gapga tortdim. Qarasam, u bizni vatan xoini, deb hisoblar ekan va O’zbekistondagi rejimni jon-jahdi bilan oqlashga urina boshladi.

Shunda men unga:
-Sizni tushunaman,-dedim,- insonning ongi ham kompyuter. Unga qanday “dastur” yuklatilsa, shunday ishlaydi. Siz bu yerda asta-sekin eski “dastur”larni uloqtirib, yangi “programma”larni o’rnatishga ehtiyoh sezasiz hali, o’shanda gaplashamiz.

U “Siz hali meni robotga o’xshatdingizmi?” degan kabi bir narsalar deb xafa bo’landek stulini nariroqqa surib, bizga qaramay, suhbatga qo’shilmay o’tirdi.

Biz suratga tushganda esa u chetga o’tib, kulimsirab qarab turdi.

Undan xafa bo’lmadim. Chunki bundaylarni ilk bor ko’rayotganim emas va uning aybi ham yo’q. O’qiganini, eshitganini biladi. Yaxshi o’qigan va o’qiganlariga mehr qo’ygan. Ya’ni yolg’onni sevib qolgan, yo’q, yolg’onni rost deb bilgan. Ozgina o’jar bo’lgani uchun haqiqatni yolg’on deb turibdi.

Mana endi oradan besh o’tib, unga tabrik navbatini berib:
-Qani do’stlaringiz uchun bir narsa aytingchi,-dedim.

U gapirolmadi. Nimadir bo’g’ziga tiqilib, ko’zida qandaydir alam burala boshladi. Jahli chiqqan odamdek atrofga qarab, tutundan alangaga aylanib borardi. Nihoyat gulxan kabi yondi va yuragidagini to’ka boshladi:
-Onam va ukam kelishdi. Lekin dadamni nazoratga olishgan, O’zbekistondan chiqib ketmaysan, deb shart qo’yishgan. “Semyorka” izlaridan yurgan ekan. Hatto telefonda men bilan ham gaplasholmadilar…

Hamma sukunat bag’riga cho’mib qoldi. Uning do’stlari hayron. Ular ham bexabar ekanlar, “nahotki, nahotki” deb turishibdi.
-Men shu besh yilda bu yerda ishlab, pul yuborib turdim, juda katta pul yubordim. Yer oldik, uy qurdik. Uyni ham, yerni ham tortib olishdi.

-Nega? Bekordan bekorga bo’lmaydi-ku bunaqa narsalar?-dedi yigitlardan biri.-Sababi nima?

-Dadam boshlig’i bilan gap talashib qolgan ekan. U tepadagilarga nimadir yozib beribdi. Men bu yerda kunni kun demay, tunni tun demay ishladim. Shuncha ishlaganim, shuncha topganim ko’kka sovrildi. Buning ustiga dadamni qamab qo’yishlaridan qo’rqayapman…

Umrimda birovning tug’ilgan kunida bunaqa tabrik so’zi eshitmagan edim.

Bu yigitning ezilib ketayotganidan biz ham qiyin vaziyatga tushdik. Uning hasratli va alamli gaplari xursandchilik o’rnini qoplab olgandi.

Unga hech narsa deya olmadim. Uni ovuta olmadim. Faqat shunga amin bo’ldimki, uning eski “komyuteri” butun kuyib, yonib ketgandi. U endi mutloq yangi “kompyuter”ning sohibi. U o’tgan besh yilga, kul bo’lgan besh yilga achinib, faryod qilayotgan edi…

Biz ziyofatdan so’ng odatga ko’ra suratga tushdik. Yigitlardan biri unga qarab hazillashdi?

-Jahongir aka bu suratni saytga qo’yadilar endi…

U indamadi, parvo ham qilmadi.

Lekin men suratni saytga qo’ymadim. Dadasining ishiga tirkalishi mumkin-da…

Jahongir Muhammad
18 fevral, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: