Ufqdagi kunlar

navruzSherzod va Nodir

SAVOL: Bugungi yoshlar degan mavzuni davom ettira olasizmi?(O’tkir).

JAVOB: Martin Buren(Martin Buren), Uilyam Harrison(William Harrison), Millard Filmor(Millard Fillmore), Uilyam Taft(William Taft), Uarren Harding(Warren Harding), Chester Artur(Chester Arthur)…

Bularning kimligini bilasizmi? Bilmasangiz xafa bo’lmang, chunki ularning kimligini oddiy amerikaliklarning ko’pchiligi ham bilmaydi. Vaholanki, ular Amerikada prezidentlik qilgan 44 kishidan ba’zilari.

Amerikalik odamlar eslamaydigan bu odamlarni nega gapirib qolganimga ajablanayotgan bo’lsangiz kerak. Chunki ularni men ham bilmasdim.

Dushanba kuni Amerikada Prezidentlar kuni edi. Bu umummilliy bayram. Ishga bormadik. Ammo shu bayram bahonasidagi bir yig’inga bordim. U yerda ham ularni eslashmadi. O’sha biz otlarini eshitaverib bilib qolganlarimizni xotirlashdi.
Qolganlarning Amerika tarixida xizmatlari kam bo’lganki, eslashmaydi ham.

Shu yerda ikki o’zbek yigiti bilan tanishdim. Sherzod va Nodir. Ular Toshkentda oliygohni bitirib, AQShda ilmlarini davom ettirishayotgan ekan. O’zbekcha gapirayotganlari diqqatimni tortib, gaplashib qoldik. Cho’chitmaslik uchun o’zimni tanitmay turdim. Tanaffusda birga choy ichib, suhbat qurdik.

Tabiiyki, suhbat mavzui prezidentlar va kursilari liqillayotgan diktatorlar… Dunyoda hammaning og’zida shu gapda.
-Siz elchixonada ishlaysizmi?-deb so’radi Nodir.
-Yo’q, elchixonaga aloqam yo’q. 13 yildan beri AQShda yashayman, ungacha Turkiyada yashaganman, bu yerga ishxonam orqali taklif bo’lgandi, mayli deb kela qoldim.

Ular cho’chishmasin deb batafsil izoh bergandim, Sherzod:
-Bizga farqi yo’q, muxolifatchi bo’lsangiz ham gaplashaveramiz, Nodir shunchaki so’radida,-dedi.

U yoq bu yoqdan “aylanib”, Misr va Liviyadan keyin O’zbekistonga “o’tdik”.
-O’zbekistonda ham shunday ehtimol bormi?-dedim . Nodir javob qildi:
-Bor, bo’lganda ham juda katta. Millionlab yoshlar chetda, hammasi bo’lmasa ham ko’pchiligi “net”ga ulangan. Kelishib, ma’lum bir vaqtda Toshkanga qaytib, mehmonxonalarda to’xtab, keyin bir kunda namoyishga chiqib, hukumatni shok qilish mumkin, ular uyqudan uyg’onguncha Oqsaroyni ham olish mumkin. Juda katta potentsial bor. Bu plan “A”, xo’sh plan “B” nima? Hamma gap ana shunda.

Nodir juda mulohazali yigit ekan, deb tursam Sherzod ham undan qolishmas ekan:
-Yaqin Sharq yoshlarini yaxshi bilaman. Ularning bir qancha “tenevoy” hukumatlari bor. Bizda-chi? Bizda hatto to’g’ri-tuzuk muxolifat yo’q. Besh oltita chollar qolgan, deb eshitamiz, agar saytlariga kirib qolsangiz ulardan o’rganadigan narsa yo’q. Chunki ularda davlatchilik, hukumatchilik tajribasi yo’q. Analitika umuman yo’q.

Biroz ranjigandek bo’ldim, ammo hazil bilan buni bildirmadim:
-Oqsaroyga kirib qolishsa, poyondozda yurolmay to’qnashib yiqilishadi, demoqchimisiz?

-Bo’lmasachi, uning uchun ham tajriba kerak. Mana yaqinda Oskar marosimi bo’ladi, qarang bir kun oldin yosh artistlar qizil gilam ustida yurishni mashq qiladilar. Mayli, bu muhim emas. Lekin bizda yoshlarni birlashtiradigan kuch yo’q.
Amerikada tuzilgan bir-ikki yoshlar tashkilotini eslatgandim, Nodir tutoqib ketdi:
-Bittasining boshlig’i AQSh fuqarosi ekan, shpionlikda ayblangach, Rossiyaga qochib ketibdi, yana bittasi andijonlik millioner akalarimizning puli deb yoshlarga 50-100 ming dollarlik biznes va’da qilmoqda. Nima emish, biznes qilib 75 foyizini andijonlik akaga va yana o’n foyizini yoshlar tashkilotiga berish kerak ekan. Buni “Doda”ning siyosatidan farqi yo’q-ku?

-Ammo qizinikidan farqi bor, qizi 95 foyizini oladi,-dedim.

-Ana siz ham bilar ekansiz… Lekin Oqsaroyni olib, shularga beramizmi? Alixo’ja Valixo’ja emasmi?

-Yo’q, bularga tegmaydi,-dedi Sherzod.-Qamoqlarda tayyor bo’lib turganlar bor. Oqsaroyni olsangiz demokratiya qilasizmi, qilasiz, qamoqdagilarni chiqarish kerakmi, kerak: ular begunoh qamalgan. Qiynalib alamlari kuchli bo’lib qolgan, buning ustiga diniy tashkilotlar yaxshi tuzilgan, bir kunda sizni ag’darib tashlaydi. Keyin nima bo’ladi? Mavhumlik… Bizda diniy tashkilotlarning ham Jahon bankida ishlab qaytgan Abdulla Gullari yoki katta shahar hokimi bo’lgan Tayyib Erdo’g’anlari yo’q.

-Yigitlar unaqada Karimovdan yaxshisi yo’q ekan-da,-deya kinoya qildim.

-Buni vaqt ko’rsatadi… undan yaxshisi chiqishi uchun ancha vaqt kerak. Azimovga o’xshaganmi, hatto Gulnoraga o’xshaganmi bittasi kelishi va ozgina yumshatishi kerak.

-Gulnora-ya?-deya hayajonlanib so’radim.

-U otasidan bir etaj yumshoq, keyin ko’pga qololmaydi. Undan keyin yaxshi liderlar yetishib chiqadi va yoshlarni birlashtiradi. Agar Gorbachevning qayta qurishi bo’lmaganda 1990 yillardagi muxolifat ham bo’lmasdi. Akaev yumshoqroq bo’lgani uchun qirg’izlarda liderlar ko’payib ketdi, Kuchma qattiqo’l bo’lmagani uchun ukrainlar inqilob qildilar, Shevardnadze Sakashvilliga yo’l berdi va mana shunday misollar ko’p. Bizda ham tepada yumshoqroq odam bo’lmasa, inqilobdan keyin ham o’zgarish bo’lmaydi.

Sherzodning bu gapiga Nodir qo’shimcha qildi:
-Xalq chiqishi mumkin, yo otib tashlashadi yoki xalqning chiqqanidan foydalangan boshqa Karimov to’dasi hukumatni oladi. Bizda “Doda” paytida hukumatdan ketganlar hukumatga kelishni istamaydilar.
Buning ham sabablari ko’p. Hukumatdagilar bosh ko’tara olmaydilar, boshlari kesiladi. Kallasi ishlaydiganlar tezda chet elga ketib qolmoqda. Chet elda yaxshi o’rnashib olgandan keyin nima qiladi inqilob qilib, o’lib ketishi mumkin, inqilob bo’lganda ham uni chetga surishadi, sen bizni qiyin kunimizda tashlab ketgan eding deb… Ana shunday o’ylashadi. Bu tipik narsa.

Sherzod va Nodirning mulohazalari juda chuqur, o’z fikrlari bor edi. Uular bilan bahsga kirmadim. Zotan ular AQShda davlat boshqaruvini o’qiyotgan ekanlar. Shuning uchun ham prezidentlar tarixiga qiziqib bu yig’inga kelishibdi.
O’zbekning ana shunday hur fikrlaydigan bolalari ham borligidan ichimda sevindim va demak kelajak hali oldinda degan ishonchim yanada mustahkamlandi.

Ketish oldidan:
-Liderni kutmasdan o’zlaringiz hammani birlashtira boshlasalaringiz bo’lmaydimi?-dedim.
-Bizni “net” birlashtirgan, faqat “net”ni boshqaradigan qo’l va tugmani bosadigan “sobachka” yo’q,-dedi Sherzod.-Qo’l kesilgan, “sobachka”ni esa chang bosib yotibdi.

Darvoqe, tepada nomlari keltirilgan prezidentlar ro’yxatini Sherzod o’z adresini yozib bergan qog’ozdan oldim. Bu yig’in uchun maxsus tayyorlangan varaqa ekan. Yig’inga kiraverishda ko’rmabman, ular esa bir nechtadan olishibdi.

Bu ikki yoshga aytadigan ancha gaplarim bor edi, lekin ichimga yutdim va gapdonlik odatimni buzdim, zotan endi yoshlarni eshitishimiz kerak, bo’lmasa tilimiz uzun, quloqlarimiz esa kar bo’lib qoladi.

Jahongir Muhammad
23 fevral, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: