Fikr irmoqlari

-1-
Kimgadir eshikni ochar ekansan, bir kuni u eshigingni qarsillatib basharangga urib ketishi yoki to’satdan tepib kelishi uchun imkoniyat bermaslikni ham nazarda tutishing kerak.
-2-
Agar Amerikada ham yo’lingni topolmasang, demak bu dunyodan yo’lsiz o’tib ketasan.
-3-
Fohish erkaklari qanchalik ko’paygan sari o’sha jamiyatning fohishalari ham shunchalik ko’payadi.
-4-
Xayriyatki, Karimov hokimiyat tepasiga Muammar Qaddafi kabi 27 yoshida kelmagan.
-5-
Qo’zg’alishning bosh qo’mondoni insonning ichki dunyosida yashasagina u kerakli vaqtda qo’zg’ala oladi, bo’lmasa birov har qancha tepsa ham qo’zg’almaydi.

-6-
Oskar mukofoti topshirilishi oldidan gapirgan bir kishi “Butun dunyo nafasini yutib, ko’zini shu marosimga qadagan”ini aytdi, unday bo’lsa qon to’kilayotgan Liviya, Tunisdan jon olib qochayotganlar, Boliviyada sel bosganlar, Yangi Zellandiyada er tagida qolganlar, turli mamlakatlarda o’q ostida namoyishlar qilayotganlar…ning ham dardi Oskar ekanda-a! O’zbek bo’l-e!
-7-
Dunyo rahbarlari bugungi talato’pda unutayotgan shior: Tanqidingni ochiq ayt, maqtovingni sir saqla, bo’lmasa ahmoqqa chiqib qolasan.
-8-
Jilg’aning suvini boshqa tomonga burib yuborish qo’lingizdan kelar, ariqning yo’nalishini o’zgartira olarsiz, hatto daryoning oqimini ham buzishingiz mumkin, lekin dengizga, ummonga qarshi nima qila olasiz? G’arq etadi.
-9-
“Agar Mixail Gorbachev bo’lmaganda SSSR parchalanmasdi”… Ha, hali ham bu nom turardi, nimaning evaziga?
Gorbachev tufayli “SSSR” yo’qoldi. Qolgan hamma narsa qoldi. Faqat nomlar – Sovetsiz bo’ldi, jomlar – qon bilan to’ldi, tomlar – g’aribona emas, g’arbona, komlar – ko’proq eydigan bo’ldi…
-10-
Shar-ballon shishirmoq uchun yaratilgan narsa. Lekin uni zo’r berib shishiraversangiz portlab ketadi… e, yo’q, yirtilib ketadi, portlagan kabi shovqin bilan. Agar qattiroq yirtilsa yuzingizga “tarsaki” ham tushadi. Qo’lbola siyosatchilar, ya’ni “yasalgan siyosatchi”larni buncha shishivermang, portlab… e, yo’q, yirtilib ketadi.
-11-
Siyosiy boshqaruv nima ekanligini hatto tasavvur ham qila olmaganlar o’zlarini etuk siyosatchi, dinni yuzaki bilganlar o’zlarini bilimdon mulla, demokratiyani mutloq qabul qila olmaydiganlar o’zlarini fayzli demokrat qilib ko’rsatar ekanlar – bu jamiyatning og’ir kasalga uchraganidir, da’vosi topilmasa saratonga aylanadi, agar allaqachon aylanmagan bo’lsa…
-12-
Har qanday katta, buyuk ishlar ham kichik odimlardan boshlanadi. Kichik deb mensimagan odamingiz bir kun hayotingizni qutqarishi yoki boshlig’ingizga aylanishi mumkin bo’lganidek, shu ham narsami deb mensilmagan ish bir kun havasingizni keltirshi yoki qo’lingiz etmaydigan cho’qqiga aylanishi mumkin.
-13-
Bir amerikalik tanishim telefon qilib:
-O’qidingmi, janob Karimov qonunlarga o’zgarishlar kiritibdi, demokratiyaga yo’l berayotgan ekan,-dedi. Men unga:
-Nega 20 yillik eski gazetani o’qib yuribsan?
-Tushunmadim?-dedi u.
Ha, buni tushunish uchun o’zbek bo’lish kerak.
-14-
Kechagi kunim yiqilib, jarohat olgan bir tanishimga yordamlashish bilan o’tdi. Shunday dedimu, “Agar u mana shu gapimni eshitib qolsa, yaxshiligini minnat qilmoqda, deb arazlashi mumkin” degan gap ko’nglimga keldi. Darvoqe, u o’zbek emas-ku!.
-15-
Ayollarni yomonlab yozgan erkaklar ayollardan kuygan erkaksimonlardir.
Ayolini yomonlab yozgan erkak esa qip-qizil xunasa.
Mardlar ayollarni hurmat qiladilar va qadrlaydilar.
Agar ayollar orasidan yo’ldan toyganlar chiqayotgan bo’lsa, bu eng avvalo erkaklarning ularga xiyonatidir. Demak, ayollarni emas, xiyonatkorlarni qoralab yozmoq kerak.
Fohisha so’zi ayollarni yo’ldan urgan, ularga qul kabi, mol kabi qaragan hirsli erkaklarning sifatidir.
Ayollar shirin so’z, maqtov va qadrlashga loyiq go’zal yaratiq erurlar.
-16-
O’zini bilgan odam boradigan joyiga oldindan xabar qilib boradi.
-17-
Misr Ichki ishlar vazirining bir maxfiy hujjati matbuotga chiqib qoldi. Undan ma’lum bo’lishicha, 2005 yilning 23 iyulida Sharm-al-Shayx dam olish zonasida 88 kishining hayotiga zomin bo’lgan portlovda Husni Muborak rejimining bevosita qo’li bor ekan. Misrda 2005 yilga qadar ham bir necha marta shunday qonli voqealar yuz bergan. Zotan bu fir’avnlardan qolgan qonli o’yin.
Darvoqe, Muborakning hokimiyatga kelishini eslang: Prezident Anvar Sodatni otib o’ldirishganda u vitse-prezident edi. Prezidentlik maqomiga o’tirgach, vitse-prezident mavqei 2011 yilgacha bo’sh turdi. U nimadan qo’rqqandi?
Darvoqe, 20 yil oldin O’zbekistonda ham vitse-prezident maqomi bor edi.
Darvoqe, 20 yil davomida O’zbekistonda ham bir necha marta qonli voqealar yuz berdi.
Darvoqe, fir’avnlar o’yinining qoidasi hamma joyda ham bir xil.
-18-
O’zbekning falsafasi:Opam o’ldi, pochcham begona!
-19-
Bizning fojiamiz shundaki, har bir o’zbek yakka holda o’zicha o’ta aqlli, dunyodagi barcha ilmu hunarlarning sohibi, hammaga dars berib, javoblarni g’ishtdek terib qo’yadigan, har qanday ishning “ko’zini o’yadigan”, tog’ni ursa talqon, do’stiga ko’ksini qalqon qiladigan, xullas yo’lidan hamma qochadigan, qo’lidan hamma ish keladigan…
-20-
Sunami. Yaponlarning qiyomat kuni. Erlari mudhish ravishda qimirlagan, uylari, mulklari yongan, umid dunyolari suv ostida qolgan… Nima gunohi bor ekan bechora insonlarning? Savolim ham, javob ham mavhum. Biz mana shunday paytlarda juda ojiz ekanligimizni his etamiz, agar hislarimiz o’lmagan bo’lsa?!
-21-
Inson yakka holda insondir, boshqalar bilan birlashganda olomon.
-22-
Yaponiyada yuz bergan dunyoning eng kuchli zilzilasi va sunamisi natijasida o’lganlar soni 10 mingdan oshishi mumkinligini aytgan bir kishi “bu dunyoning oxiri kelganidan dalolatdir” dedi.
Bunaqa “oxir zamonlar” esa tarixda juda ko’p bo’lgan. Mana faqat bir nechtasi:
-Turkiyadagi 526 yilda 300 ming,
-Xitoyda 1887 yilda 2 million, 1931 yilda 2,5 million, 1976 yilda 250 ming,
-Bangladeshda 1970 yilda 500 ming,
-Hindistonda 1839 yilda 300 ming,
-Haitida 2010 yilda 320 ming,
-Indoneziyada 2004 yilda 231 ming kishi (atrofida) ofat qurboni bo’lgan.
Shular bilan taqqoslaganda Yaponiyadagi ofat dunyoning oxiri emas.
-23-
Hammaning ko’nglini olaman” deb ovora bo’lma. Iflosga iflos, muttahamga muttaham, ablahga ablah, laganbardorga laganbardor bo’lmoqchimisan? Bu holda o’zingni, o’zligingni yo’qotasan. Do’stingdan dushmaning ko’p bo’lsa bo’lar, lekin o’zligingni saqlab qololsang bu sening g’alabangdir.
Ellikni egiltirib oltmishga tomon odimlayapman, shuning qirq yilida qirq ming hujumga uchradim. Kimdir hasad qilib so’kdi, kimdir qizg’anib so’kdi, kimdir menday bo’lolmagani uchun so’kdi, kimdir podshoga yoqaman deb so’kdi, kimdir so’kkisi kelgani uchun so’kdi… Lekin men ularning ko’nglini olishga urinmadim. Balki shudir men erishgan katta g’alaba. Darvoqe, men g’alaba deb bilgan narsa kimningdir nazdida mag’lubiyatimdir.
-24-
Seni ko’rishni va sen bilan gaplashishni istamadim. Bu men topgan erk. Lekin bu erk sening soyangdir.
-25-
O’zbekistonda statistika ochiq emas, davlat siri. Shunday ekan, xorijdagi ba’zi olimlarning “Keyingi yillarda O’zbekistonda ishlab chiqarish o’sishi kuzatildi”, deyishlari o’z “shpion”liklarini bilmagan holda oshkor qilib qo’yishlaridir.
-26-
Daraxtning barglari to’kilib-to’kilib boraveradi, kuz kelganda esa qurib qoladi, xazonga aylanadi, chirindi bo’ladi, lekin bahor navro’zingman deya daraxtni yangi barglar bilan qoplaydi, bu hol yana kuzgacha… kuzlardan kuzlarga davom etadi… Bir kun o’z barglarini o’zi inkishof qilishini bilmagan daraxtni aldamchi bahor unutadi. Chunki daraxt o’zini o’zi unutgan bo’ladi bu paytda. Bu paytda daraxt o’tinga aylangan bo’ladi. Bunchalik odamga o’xshamasa bu daraxt! Bunchalar yolg’onchiga o’xshamasa bu bahor!
-27-
1991 yilning 17 mart kuni SSSRni saqlab qolish bo’yicha referendum o’tkazilganda O’zbekistonda ovoz berganlarning qariyb yuz foyizi (93,7) buni qo’lladi, deb e’lon qilingandi. Bu g’irt yolg’on edi. O’sha payt uchun, bugun uchun emas.
-28-
Agar SSSR yiqilib ketmasa, o’zbeklar mazkur hududda uchinchi sort inson muomalasiga ma’ruz qolarmidilar? Xayolimda bu savol aylana boshlaganiga bir necha yil bo’ldi. Menday-mustaqillikning ashaddiy tarafdorlaridan birida shunday savol paydo bo’lgan ekan, demak boshqalarda bu savol yanada kuchliroq zaminda tug’ilgan bo’lishi mumkin. Karimov rejimi xalqni hatto mustaqillikni ham savol ostiga qo’yadigan darajaga olib keldi.
Darvoqe, nima haqida gapirayapman, O’zbekistonda mustaqillik bormi? Bor, prezident va oilasiga.
Darvoqe, SSSR paytida o’zbeklarga nechanchi sort inson kabi muomala qilinardi? O’shanda ham ayni muomala edi…
-29-
Gadoyning gapiga va kiyimiga ishonganlar uning o’zlaridan boy bo’lishi mumkinligini tasavvvur qila olmaydilar.
-30-
O’zingni yomonlasang dushmaningga yoqasan.
-31-
Vijdoning oldida qadding tik, o’zingga, oilangga, millatingga, dunyoga yomonlik qilmagan va doim yaxshilik uchun kurashgan bo’lsang o’zingni bekordan-bekorga yomonlama, o’zingni yerga urma, bu kamtarlik emas, manmanlikdir, chunki kimgadir yoqish uchun o’zingni yomonlayapsan-da.
-32-
Maqtov – asalga bulangan zahardir. Afsuski asalxo’rlarmiz!
-33-
Xoinlarni ulug’lagan xalqning kosasi oqarmaydi.
-34-
Ba’zi fikrlar hajatxonada tug’iladi, egasiga lazzat berishi mumkin, lekin atrofdagilarning ko’nglini aynitadi.
-35-
Hammomda tug’ilgan fikr tozaroqdir, chunki egasi istasa istamasa uni cho’miltirib oladi.
-36-
O’zini isloh qila olmagan odam boshqalarni isloh qilmoqchi bo’ladi.
-37-
Tentakdan tentak tug’iladi degan gap yo’q. Balki tentakdan tentaklik qoladi degan gap bor.
-38-
Odamlar Xudodan qo’rqmaydilar, chunki Xudoni kechiruvchan deb biladilar. Hamma gap mana shunda!
-39-
Odam paydo bo’lgandan beri ko’p narsa o’zgardi, ammo odam o’zgarmadi, o’sha xasis, o’sha manfaatchi va o’sha zolim…
-40-
Odamlarning hammasi hech qachon birlashmaydi, yo’q, xato qildim, birlashadi-Qiyomat kuni.
-41-
Hali men tirikman, nega go’rimni tepkilaysan?
-42-
”Men erkin fikr tarafdoriman!” deb jar solgan odam erkin fikr jallodi bo’lib chiqsa, aslo ajablanmayman.
-43-

Hammadan kitoblarimni o’qishni talab qilmayman, chunki o’zimning ham o’qishga vaqtim yetmaydi.
-44-
Ismini ochiq yozolmagan ismsizlar ismini ochiq yozgan ismlilarga kesak ota boshlasa, bilinki, aqlning muvozanati buzilgan.
-45-
Chiroyli kiyinishingiz, chiroyli yashashingiz va suratlarga chiroyli tushishingizni tanqid qilgan odam sizni botqoqda ko’rishni, maymunga o’xshab qolishingizni, o’zi kabi hatto suratini e’lon qilishdan qo’rqishingizni istaydi.
-46-
Sizni tanqid qilayatilarmi, demak sizni o’qimoqdalar, yozavering!
-47-
Mana bu gaping kechagi gapingga qarshiku demang, men qotib qolganim yo’q, o’zimga qarshi ham gapira olaman.
-48-
Qo’rqoq hammani ham qo’rqoq deb o’ylaydi.
-49-
Xotirasiz odam xotiralardan hazar qiladi.
-50-
“Xizmatga bormiz!” degan mingta, xizmatni qiladigan bitta!
-51-
Ko’rinib turishni istaydiganlar ko’pchilik, ko’radiganlar esa ozchilik .
-52-
Birovni “U hech kimdir!” deya mensimang, u o’sha lahzadan boshlab sizdan ustun odamga aylanadi!
-53-
Siyosatda o’yin qilish yomon emas, ammo o’yinchi bo’lib qolish yomon.
-54-
Fohishaning fojiasi: har qanday rahbarning fohishasi bo’la oladi!
-55-
Rahbarning falsafasi: Men emas, u birinchi telefon qilishi kerak!
-56-
Tanqid qilgan odamga: “Seni kechirdim”, deyish “Tanqidingni tan olmayman! Men haq, sen aybdor eding!”, deganidir!
-57-
O’zinigina o’ylagan bugun yutishi mumkin, ammo uzoq kelajakda yutqazishi muqarrar.
-58-
Kim uchundir aqllilik ham ahmoqlikning ko’rinishidir.
-59-
Tanqidni “loy chaplash” deb baholash – bolakaylik!
-60-
Mahalliychilik – O’zbekning ajali!
-61-
Turk ekanligini anglay olmagan o’zi bek-O’zbekdir!
-62-
To’ydan oldin nog’ora chalgan siyosatchi to’ydan keyin tog’ora chaladi.
-63-
Bir juvon go’zal, aqlli, odobli va ayni paytda makkor ham bo’lishi ehtimoldan xoli emas. Go’zalligi, aqli va odobiga darhol baho bera olasiz, ammo makkorligini bilish uchun umringiz etmasligi mumkin. Siyosatchining makkorligini bilish bilan ayolning makkorligini aniqlash orasida farq yo’q.
-64-
O’zini yenga olmagan o’zgani yenga olmaydi!
-65-
Demokratiyani gapirganga emas, uni o’z hayoti misolida ko’rsatganga ishon!
-66-
Har kimning fe’lida diktatorlik bor. Ammo birida u g’olib, birida bu g’olib.
-67-
Diktatura qurtlagan ovqat. Ko’ngli tortganlar yeydi.
-68-
Diktator qurtboshi. Ko’ngli istaganlar bo’ysunadi.
-69-
Qamoq – diktatorning najot qal’asi.
-70-
Taxt-hojatxona. Diktatorlar esa ichketmaga yo’liqqanlardir.
-71-
Hukumat diktatorning xotini, istaganda istaganiday muomala qiladi.
-72-
Odamalar diktatorning o’gay bolalari. Ular diktatorning o’z bolalari uchun ishlaydilar.
-73-
Qo’lingdan kelsa, zulmatni yoritish uchun sham yoq. Agar qo’lingan kelmasa yongan shamlarni o’chirma. Bu ham sham yoqish bilan barobar.
-74-
Diktator ovchi, seni otib olishga harakat qiladi, sotib olishga harakat qiladi. Qo’liga tushdingmi, qozonida qaynaysan.
-75-
Zulm vaqtinchadir, ammo “merosi” abadiy.
-76-
Kechagi bolalar bugungi nolalardan bexabar,
Bugungi bolalar kechagi lolalardan bexabar.
-77-
Xudoyim, nega doim zolimning yonidasan?!
-78-
Asrlardir shohlarga qul bo’lgan adiblar nomi bilan to’lgan tarixdan shohlarga qul bo’lmagan adiblar nomi ham o’rin olmaguncha dunyoning muvozanati o’ziga qaytmaydi.
-79-
Shuncha topinding unga, oxirida baribir qadringga yetmadiku!
-80-
Hammamiz aqlli, lekin taxtda o’tirgan bitta aqlsizga kuchimiz yetmaydi.
-81-
O’ziga yaxshilik qilganlarni unutib, o’zi yaxshilik qilganlarni eslaydigan odam razolat botqog’iga botgan odamdir.
-82-
O’zi o’zgalarning yaxshiligi evaziga yashab yurgan odam o’ziga yaxshilik qilganlar va qilayotganlarning o’zgalarga ham yaxshiliklarini men tufayli qilmoqdalar va bu mening yaxshiligim desa u qalbi so’qir bolib qolgan odamdir.
-83-
Hamma undan yuz o’girsa va u yaxshilik qilganim odamlar mendan yuz o’girdilar deb ayuhannos solsa, u aqli joyida bo’lmagan odamdir.
-84-
Bir kun kelib eslash uchun qilinadigan yaxshilik aslida yomonlikdir.
-85-
Hamma sizga yomonlik qilayotgan bo’lib tuyulsa, ruhiy xastalarni davolaydigan tabibni izlang.
-86-
Yomonlik va yaxshilik egizaklardir, agar ularni ajrata olmasangiz o’zgalardan emas, o’zingizdan o’pkalang.
-87-
Bir umr yomonlik qilib kelgan odam ham ”Men bir umr yaxshilik qilib keldim“, der ekan, ammo hech qachon ”Yomonlik ham qildimku” demaydi.
-88-
Yomonlik qilgan odam yomonligi oshkor bo’lsa, yoshlik qildim, adashdim, xato qildim deyishi mumkin ekanu lekin yomonlik qildim demas ekan. Bu ham xudbinlikning suvrati.
-89-
”Mendan yaxshilik ko’rganlarning hammasi mening dushmanim bo’lib chiqdilar” deguvchi odam manfaatparast va o’zini ilohiy deb bilguvchi shakkokdir.
-90-
Kimgadir yomonlik bo’lib ko’ringan narsalar kimgadir yaxshilik bo’lib ko’rinishi yoki yaxshilik belgisi ham bo’lishi mumkin.
-91-
Nima yaxshiyu nima yomon, kim yaxshiyu kim yomon, deb xulosa chiqarib yurgan odam hali nima yaxshiyu nima yomon va kim yaxshiyu kim yomonligini bilmagan odamdir.
-92-
Yaxshilk qildim degan odam bilan yomonlik ko’rdim degan odamning o’xshashligi har ikkalasining ham yaxshilik qilmaganidadir.
-93-
Matbuoti erkin bo’lmagan elning odamlari qulog’i yaxshi eshitmaydigan, ko’zi xira kishining ahvoliga tushadilar.Ular turli vositalar bilan o’zlariga eshittiriligani va ko’rsatilganidan boshqa narsani bilmaydilar. Agar bilsalar… o’sha kun ularning uyg’onish kuni bo’ladi.
-94-
Jurnalistika dengizga o’xshaydi. Kimdir unda marvaridni ko’radi, kimdir sho’r suvni va kimdir akulani.
-95-
Jurnalistika dengizga o’xshaydi. Uning bag’riga sho’ng’iganlardan kimdir sadaf izlaydi, kimdir uning to’lqinlaridan mavjlanadi, kimdir unda sho’r suvdan boshqa narsa topolmaydi va kimdir akulaga em bo’ladi.
-96-
Agar tsenzuradan ezilgan odam tsenzor bo’lsa, ajablanmang, bu uning orzusi amalga oshgani!
-97-
Jurnalistikani kasbi kor, kun kechirish manbai deb bilganlar jurnalistlar emas, oddiy kemiruvchilardir. Jurnalistikani haqiqatga xizmat, deb bilganlar halovatlaridan kechgan jonsaraklardir. Har holda kemiruvchilikdan jonsaraklik yaxshiroq!
-98-
Internet radio va televideniening o’rninni oladi, deganlar ko’p. O’rnini ololmaydi, balki radio va televidenie internetning muhim bir bo’lagi bo’ladi.
-99-
Kelajakda internet, radio va televidenie uylardan mashinalarning ichiga ko’chadi hamda odamlarning “qo’l soati”ga aylanadi.
-100-
Oshkoralik ma’naviy ozuqa. Internetdan foydalanuvchilarning ba’zilari buni oddiy ozuqa deb biladilar va suiiste’mol qiladilar, ya’ni mol kabi ko’proq eb qo’yadilar.
-101-
Radio – bu quloqdan kirib u quloqdan chiqib ketadigan ovoz, deydilar ba’zilar. Ammo ko’rib bo’lmaydigan, sezib bo’lmaydigan iz qoldirib ketadi bu ovoz.
-102-
Senzura- qonunsiz jamiyatda haqiqat uchun chiqarilgan o’lim hukmi.
-103-
Tarafkashlik – O’zbek tilidagi axborot vositalarining bugungi eng katta fojiasi.
-104-
Tarafkashlik shaxsga sig’inishning beshigidir.
-105-
Tarafkashlik-mahalliychilikka o’ynash.
-106-
Agar bir millatning jurnalistlari tarafkash bo’lsalar, biling-ki bu millat ko’p zarar ko’radi.
-107-
Axborot vositasida ishlovchi shaxs tarafkashlik qilsa, bu uning jurnalist darajasiga ko’tarilmagani, hatto maoshini halol qilib olmaganiga shoradir.
-108-
Tarafkashlik qonida bo’lgan kishi jurnalistlik emas, aravakashlik qilsa, o’ziga ham, millatiga ham foyda.
-109-
O’ziga yoqqanini ko’rib, yoqmaganini ko’rmaslikka olish jurnalistning tuban ketishidir.
-110-
U ko’rib ko’rmaslikka olgan voqealarni xalq ko’rib turishini his etmasligi uning ichki “meni” o’lganidan darak.
-111-
Tarafkash jurnalist haqiqat deb bilgan narsa haqiqat emas, balki u ko’z yumgan voqea haqiqatdir.
-112-
Faqat shohiga, boshlig’ining qovog’iga, akaxoniga, hamyurtiga, manfaat keladigan tomonga qaraydigan qalamkashning bo’yni ham, ko’ngli ham egri bo’lib qoladi.
-115-
”Biz xolismiz, biz bor gapni aytamiz!” deya takrorlayversalar, biling-ki ular tarafkashdirlar. Chunki xolislik gapda emas, amalda namoyish etiladigan narsa! Ularning xolisligini ular emas, boshqalar aytishi kerak.
-114-
Xalq tan olmaganidan ezilgan qalamkashlarga davo – tarafkashlikdan qutilish!
-115-
Suratni har qancha bo’yasangiz ham siymoga aylanmaydi.

-116-
Harakat ishonchning bolasidir.
-117-
Bayram oqshomida yolg’iz qolgan bir kishi odamlarga tabrik yo’lladi:
-118-
“Ey siz xastalar…” deb boshlanardi tabrik.
-119-
Hukumatdagilar muxoliflarini, muxoliflari esa hukumatdagilarni aqli zaif deb e’lon qilmoqdalar. Dunyo jinnixonaga aylandi.
-120-
Oriyat inson ruhiyatining umurtqasidir, oriyati o’lgan insonning ruhi sudraluvchiga aylanadi.
-121-
Meni ko’rishni istamagan odamlarning oldiga  borishim uchun eng kamida bezbet bo’lishim kerak.
-122-
“Islom Karimovni kechirganman” deb faqat xalqning yuziga tupurgan odam ayta oladi.
-123-
Hammani aybli, o’zini esa aybsiz deb da’vo qilish tuzalmas ruhiy kasallikning metaztasa darajasidir.
-124-
Diktaturada markazchilar bo’lmaydi,  yo diktator tarafdorlari  yoki muxoliflari bo’ladi.
-125-
O’zbeklar hali ham “anonimkachilik” – “posting”lar darajasida turibdilar.
-126-
O’ligini yashirib, to’yini qilavergan elatning ko’ngliga hamma narsa sig’ib ketaverar ekan.
-127-
Fikran qartayib qolgan odamlarga hamma bola bo’lib ko’rinadi.
-128-
Men prezident bo’lishni emas, prezidentlar yetishtirishni istayman!

JM.

2002-2011 yillar.

3 Responses

  1. Juda ta’sirli va ma’noli gaplar, hammasining zamirida g’ij g’ij ma’no bor. Ammo kimlargadur bu sozlar achiq botishi mumkin, chunki haqiqat achchiq boladi-da.

  2. Millatim!!!
    Toki butun olam poyingga tiz cho’kmaguncha,
    Toki vujudingni kemirib senga chidab bo’lmas azob berayotganlarni yo’q qilmaguncha,
    bu farzanding halovat neligin bilmaydi!

  3. Катта раҳмат. Қўлингиз дард кўрмасин. Ёзганларингизни такрор ва такрор ўқиб мазза қилади киши. Саломат бўлинг. Ижодингизга омадлар. Ҳурмат билан…

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

w

Connecting to %s

%d bloggers like this: