Blogda yozib borilayotgan tarixiy-zamonaviy roman
-12-
Elikot shahri, Meriland shtati
Qirg’izistondagi qirg’in borasida to’planib qolgan videotasmalardan birini ko’ra boshladim. Basharasi sovuq bittasini so’roq qilishmoqda׃
-Qaerliksan?
-Men Jaloloboddan kelganman. O’sha yerda o’sganman.
-Necha yildan beri O’shda yashaysan?
-Kelganimga sakkiz yil bo’ldi.
-Ota-onang yo’q-mi?
-Yo’q.Ular o’lgan… u paytda men juda yosh bo’lganman…12 yil etim…
-Demak, sen etimxonadan chiqqansan?
-Yo’q, men faqat 3-4 yil u yerda bo’lganman. Keyin meni u yerdan olib katta qilishgan.
-O’shdagi bu ishlarga seni kim yolladi?
-Shahar meri, uning odamlari…
-”Alay” mehmonxonasi yonida nima qildingizlar?
-Qizlarni ushladik. Ularning xonasiga kirib zo’rladik. Orqasiga zo’rladik. Keyin derazadan otvordik…
…Shu joyda o’ylanib qoldim. Videotasmani orqaga olib qayta-qayta ko’rdim. Bu bolani oldin chig’iriqdan o’tqazib, keyin suratga olish uchun qayta so’roq qilishmoqda yoki uning bo’yniga rol o’ynab berish yuklatilgan. So’roq qilayotganlar o’zbeklarmi yoki qirg’izlarmi? Agar o’zbeklar bo’lishganda nega shahar meri haqidagi gapni e’tiborsiz qoldirishdi. Axir bu juda muhim-ku?
Mana bu savol ham juda qiziq׃
-”Alay” mehmonxonasi yonida nima qildingizlar?
Buning ustiga bu savolga darhol׃
“Qizlarni ushladik. Ularning xonasiga kirib zo’rladik. Orqasiga zo’rladik. Keyin derazadan otvordik…” deb javob berilgani ham kishini o’ylatadi.
Har qanday jinoyatchi ham bunchalik taqillatib aytib tashlamaydi. Hatto uni qiynashgan, kaltaklashgan, majburlashgan bo’lishsa ham bitta-bitta, juda qiyinchilik bilan aytishi mumkin. Qani davomini ko’raylik-chi?
-Qizlarning yoshi nechada edi?
-14-15…
-He seni onangni… Axir qizning yoshi 12 da edi-ku?! O’zbek edimi qo’rg’iz edimi?
-Qirg’iz…
Shahar meri haqidagi gap e’tiborsiz qolgani va zo’rlangan qiz qirg’iz ekanligi savol berayotganlarning kimligini ko’rsatgandek go’yo.
-Keyin nima qildilaring? Nechta qizni zo’rladilaring?
-Men faqat bittasini zo’rladim…
-Boshqa bolalar nechta qizni zo’rlashdi?
-Men faqat uchtasini ko’rdim. Qolganlarni ko’rmadim.
-Qizlarni qaysi qavatdan uloqtirdingizlar?
-Uchinchi…
-San buni o’zbeklarni yomon ko’rsatish uchun qildingmi?
-Yo’q. Nega endi…
Ertaga o’zbeklar “bu yigit bizni yomonotliq qilish uchun shunday jirkanch ishlarga qo’l urgan” degan gapni aytishlarining oldini olish uchun berilgan savolmi bu? Har holda shunga o’xshamoqda.
-Mehmonxona oldida mashinalarni ham yoqqansizlar?… Buni qachon qilgansizlar? Qizlarni qachon derazadan itqitgansizlar?
-Bu oldin edi…
-Qizlarni derazadan itqitganlaringizda ular tirik edimi?
-Yo’q, uje o’lgan edi.
-Keyin oshnalaring mashinlarni yoqdimi? To’g’rimi?
-Yo’q. Bu oqshom payti edi…
Bu yerda endi ularning gapi bog’lanmay qolmoqda. Balki bu narsa suratga olish jarayonida “tergovchilar”ning xayoliga kelib qolib, “shuni ham uning bo’yniga ilib qo’yaylik” shaklidagi savoldir bu?
-Kechasi spetsnazning orqasidan quvdingizlar, keyin mashinalarni yoqdingizlar, shundaymi?
-Ha…
-Sizlar ko’pchilik edingizlarmi?
-17-18 kishi…
-Sizlarga oyiga qanchadan pul to’lashdi?
-Oyiga emas, kuniga to’lashdi.
-Qanchadan?
-Har bir qizni zo’rlaganimiz uchun 5000 so’m. Har bir uyni yoqqanimiz uchun 2000 ming so’m.
-Nechta uyni yoqdilaring?
-Men Teshiktoshdagi uylarni yoqdim…
-“Tiko” mashinasida avariyaga uchragan yigitning ko’zlarini kim o’ydi?
-Bilmayman. Ko’rmadim..
-Sen Cheremushkada nima qilding?
-Hech narsa qilmadim…
-Kecha aytganing-chi?..
Demak, bu yigit bilan ular kecha rosa “gaplashishgan”. Bu yog’i endi tomosha uchun qilinmoqda. Yuqoridagi taxminimiz to’g’ri chiqdi׃
-Men aytdimku, qirg’izlar qilishdi, men hech narsa qilmadim.
-Bir kishini ham o’ldirmadingmi? Bitta ham qirg’izni o’ldirmadingmi? Gapir!
-Yo’q. Men u yerga borgan emasman. Men Cheremushkaga borganim yo’q. Men qirg’izlar bilan shu yerda -Shaypetada jang qildim.
-Teshiktoshga qancha bolani tashiding?
-Yo’q. Biz Teshiktoshda jang qildik.
-So’yilgan bolalar-chi? Qancha o’likni tashiding?
-Biz jangni tugatganimizdan va uylarga o’t qo’yib bo’lganimizdan keyin uchta o’likni chiqardim…
-Ularni o’zing o’ldirdingmi? Ularning ustiga o’zing benzin sepib yoqib yubordingmi? Sen benzin sepganing va yoqib yuborganingni ko’rgan bolalar bor.
-Yo’q. Men yoqmadim. Ularning o’zi yoqdi. Uch kishini esa spetsnaz bilan birga olib chiqdik…
Mana shu joyi qiziq ekan. Demak, bu yigit “spetsnaz” bilan birga ishlagan. Hamkorlik qilgan yoki “spetsnaz”ning bir parchasi.
-Oyog’ingni qaerda kesib olding? Qaysi tomda? Uyni yoqayotgandami? Sanayperni toqqa sen olib bordingmi?
-Yo’q, boshqa joyda kesib olganman.
-Qolgan 18 kishi qaerda? Ular o’zbeklarning orasidami?
-Balki o’zbeklarning orasidadir? Men “Do’stlik” chegara punktiga tomon 6-7 tadan bo’lib ketayotganlarni ko’rdim…
Endi so’roq qilayotganlarning kimligi to’la ayon bo’ldi. Ularning maqsadi ham. Bu qirg’in kunlari internetda ilk paydo bo’lgan videotasmalardan biri ekanligini hisobga olsak, tergov boshidanoq o’zbeklarga qarshi qaratilgani, rejalangani ma’lum bo’ladi…
Bu videotasmani ko’rib, yozilmay qolgan gaplarni tasavvur qildim. Videotasma rus tilida edi. Uni qirg’izlar va ruslar olishgan. Nahotki, o’zbek bola rol o’ynab berdi? Bo’lmagan gap, deyman. Keyin ko’z oldimga boshqa videotasamalar kela boshlaydi. Bittasida qirg’izlar o’zbek bolani raqsga tushirishmoqda. Boshqasida o’zbek bolani tahqirlashmoqda. Nahotki, hayot shunchalar arzon… Agar bu bolalar shuncha odamni so’yishgan, yoqishgan bo’lishsa, nega bularning oldida qaltirab turishibdi? Qondan qo’rqmagan jondan qo’rqadimi? Yoki rostdan ham pul uchun qabihlik qilishdimi?
Keyingi kunlar qirg’izlar orasidan chiqqan qattollar haqida ham ko’p o’yladim. Lekin o’zbeklarimiz haqida ham chuqurroq o’ylashim va o’zimizni tuzatib olishimiz yo’llarini qidirishimga undovchi ishoratlar har qadamda uchrardi. Hatto tashvishlarga qo’l siltab, “hayyo-hu” deb Italiyaga ketsam ham, ishoratlar tinchlik bermasdi.
Bir paytlar uxlab yotgan ahlini oniydan vulqon bosib, kulga aylantirgan Pompey xarobalarini kezishdan oldin bu yerda yo’lboshchilik qiladigan kishi bilan tanishdik. Ismi Erkin ekan.
-U qozoq,-dedi qozog’istonlik tanishim.
-Yo’q, u o’zbek,-dedim men. Darhaqiqat, o’zbek bo’lib chiqdi. Naqadar yaxshi. Olis bir o’lkaga borganingda oldingdan vatandoshing chiqib qolsa. Xuddi qora bulutli osmoni yoritib quyosh chiqqandagi kabi ko’ngling ravshan tortadi, bunday paytda.
-Asli toshkentlikman,-dedi Erkin.-Moskvada san’atshunoslik oliygohida o’qiganman. 1990 yilda O’zbekistonda Madaniyat vaziri meni o’z huzuriga chaqirib, “Sizga o’xshaganlar kerak emas bizga, chiqib keting!” dedi. Shundan beri xorijdaman, mana 20 yilki Italiyadaman. Kim yutqazdi? Men emas!
-Madaniyat vaziri dedingiz-mi? Ismi nima edi?-dedim men unga o’zbekchalab.
-Bu masalaga kirmaylik! Qolaversa, boshqalar tushunmaydigan tilda gaplashmaylik!
Demak, savolim unga yoqmadi. Agar menda qurib ketgur shubha paydo bo’lmaganida bu savolni bermagan bo’lardim. 1990 yil hali O’zbekistonda Madaniyat vaziri birovni huzuriga chaqirib mamlakatdan quvadigan payt emas edi. Mustaqillik uchun kurashning alg’ov-dalg’ovli kunlari edi. Millatning fidoyilari maydonga chiqqan va kurashning avji pallasi bo’lgan payt. Har qanday vazirning oyog’i qaltirab yurgandi. To’xta, bu haqda o’yladim nima, o’ylamadim nima? U zotan bu masalaga nuqta qo’ydi.
U bizni Pompey xarobalari sari etaklab tarixning biz bilmagan sahifalarini ocha boshladi. Bilimli ekan. Nonini halol qilib eb yuribdi. Bizni qiziqtira oladigan faktlarni topib gapirar va diqqatimizni tortishni bilardi.
Bir o’zbekning Italiya degan mamlakatning bir chetida bu o’lkani dunyoga tanitayotgani kishiga ham iftixor bag’ishlaydi, hamda afsus-nadomat ko’lankasini boshingizga olib keladi. Shu odam Samarqand, Buxoro yoki Xivada ham xizmat qilishi mumkin edi-ku? Agar sharoit bo’lsa, hech qurmasa, Pompeydagi kabi sharoit bo’lsa, unga etarli edi.
Uning o’z ishini bilishini ko’rib, unga hurmatim oshib, Pompeydan keyin Neapolga bo’lgan safarimiz oxirida huzuriga borib, o’zimni tanishtirdim va׃
-Vatanga qaytish va o’sha yerda uchrashish bizga nasib etsin!-dedim.
Birdan uning avzoyi buzildi, bir jumla o’zbekcha gapirib, keyin mikrofonda hammaga eshitarli tarzda ruschalab hayqira boshladi׃
-Men qaytmayman. Borib-kelib yuribman. Ko’rdim, butun Toshkentni qishlaqilar bosib olgan, samarqandliklar, xorazmliklar bosib olgan. Toshkentliklar shaharni tashlab ketib qolishgan. Qanchadan-qancha do’xtirlar, injenerlar, talantli odamlar shaharni tashlab ketishgan. Hamma yoqda qishlaqilar!!!
Bu so’z mening qalbimni teshib o’tib ketdi. Garchi umrimning asosiy qismi shaharlarda o’tgan bo’lsada, bolalik yillarim kechgan qishlog’imni esladim va u yerdagi odamlarni “qishlaqilar” deya kamsitishga hech kimning haqqi yo’qligini o’yladim. Agar qishloqlarimiz bo’lmaganda, biz o’zimiz bo’larmidik?! Toshkent qishloqliklar uchun yopiq bo’lishi kerakmi? Karimov rejimi Toshkentni yopiq shaharga aylantirdi. O’zbekistonning qaysi burchagidan kelmang, Toshkent siz uchun yopiq shahar. Ro’yxatga olinmaganmisiz- begonasiz. Gap bunda ham emas.
Meni qiynagan masala boshqa narsa. Erkin Moskvada san’atshunoslik oliygohida o’qigan ekan. Ziyolining ziyolisi. O’zbekning ziyolilik cho’qqisiga etishgan bolasi. Yana yigirma yildan beri Avropada yashaydi, san’atni targ’ib qiladi. Agar shunday ziyoli odamning mantig’i shu qadar buzilgan bo’lsa, boshqalardan o’pkalash ham kerak emas. Men mahalliychilik ongimizda bor va ongdagi narsani vaqt, sharoit, o’z-o’zini anglash o’zgartiradi, deb o’ylardim. Erkin hodisasi esa, bu narsa qonimizda borligini va ongning bir qismiga aylanganini ko’rsatmayaptimi? Nahotki! Agar shunday bo’lsa, birimiz ikki bo’lmas ekan-da! Umidki, bunday emas!
Bugun biz qirg’iz va o’zbek orasidagi kelishmovchilik haqida bosh qotirayapmiz. Uning ildizlarini topishga, uni davolashga urinayapmiz. Lekin o’zbek o’zbekni ko’rarga ko’zi yo’qligini qanday tuzatamiz? Xuddi mana shu illat bizni parchalab tashlamayaptimi? Xuddi mana shuning uchun boshqalarga em bo’lmayapmizmi?
Ana shunday fikrlarga g’arq bo’lib qoldim va Erkin bilan xayrlashmadim ham. Keyin qarasam, u hali ham bizning avtobusda. Shahardan ancha olisda yashar ekan. O’zbekcha aytganda qishloqda.. O’sha yerda tushib qoldi. Sayyohlar qarsak chalib u bilan xayrlashdilar. Mening esa qo’lim qarsak chalishga bormadi. Demak, biz ayrildik, endi boshqa-boshqa qutblar kabi…
Shu gaplarni Saidjonga aytib bergandim, u tutoqib ketdi׃
-Bu yoqda shuncha o’zbekning o’limiga ko’z yumgan O’tinboevani Amerikaning poshshosi qabul qilib, poyiga gul sochib turibdi-ku, siz menga qaerdagi bitta yaramas odam haqida gapirayapsiz-a?
Demak, shuncha gapirganim befoyda. Bu yigit ishoratlarni anglamaydi. Shunday deymanu uning ham e’tirozida jon borligini payqab qolaman. Keyin unga siyosat o’yinga aylangani haqidagi eski gaplarni takrorlayman. U qoniqmaydi. Uni hoviridan tushirish uchun Italiya tarixidan boshqa bir mudhish voqeani eslayman.
Italiyaning Taskana vodiysida mittigina shaharcha bor. Nomi Siena. Tepalikning ustiga qurilgan. O’zbekcha qilib aytganda tepalikdagi katta qishloq. Bir ming ikki yuzinchi yillarning oxirlarida bu katta qishloqning ahli vodiyning quyi qismidagi florentsiyaliklar bilan urushadi. Qirg’in barot. Qon shunchalik ko’p to’kiladiki, tepalik lolaqizg’aldoqzor kabi bo’lib qoladi. Qariyib yigirma ming odam o’ladi. Surishtirib kelsangiz, asli egizak aka-ukalardan tarqagan xalq ekan.
Ularning ishi Xudoga yoqmabdi. Boshlaridan qora kunlar arimabdi. Qirg’in-barotdan keyin oradan 88 yil o’tib, shaharlaru qishloqlarni vabo bosibdi. Aholining aksariyat qismi qirilib ketibdi. O’shandan keyingina ular Xudoning g’azabidan qo’rqib, o’zaro urushmaslikka qasam ichishibdi. Lekin qoni qaynagan xalq. Sal narsaga akasi ukasiga pichoq tortib yuboraveradi.
Shunda bir aqlli hukmdor jangni otchoparga ko’chiribdi׃ ”Mard bo’lsang, poygada eng!”. Hozirgacha ular har yili poygaga chiqib, bir-birlarini engib turarkanlar. Tepalik har yili lolaqizg’aldoqzor bo’lar ekan. Qon bilan emas… poyga oldidan gullar to’shalagani uchun!
Bu voqeani eshitib Saidjon o’ylanib qoldi. Nahotki, o’zbek bilan qirg’iz ham vabo istilosidan keyin o’ziga qaytadi? Nahotki, Xudo urishini istaydi? Nahotki, dushmanlikni do’stlikka aylantira olmaydi?
Bu savollarni men taxmin qilayapman. Lekin Saidjon bunday o’ylaydimi yo’qmi bilmayman. Chunki men uning chekkanlarini chekkanim emas. U esa mening ko’rganlarimni ko’rgan emas.
MUXTASAR MA’LUMOT
O’sh hokimi (meri) Melis Mirzakmatov o’z tarafdorlari qarshisida chiqish qilar ekan, lavozimida qolayotganini bildirdi. Biroq uning nutqidagi mohiyat O’zbekiston Prezidenti Islom Karimovga qadaldi. Mirzakmatov o’zining lavozimdan chetlatilishi harakati ortida Karimov turgani haqidagi gaplarni rad etdi׃
-Hurmatli o’shliklar, meni Bishkekda uch kun ushlab turishdi. Menga O’rmon bo’yicha agentligi yoki Material zahiralar jamg’armasiga rahbar yoki elchilik lavozimini taklif etishdi. Men bu takliflarni rad etdim. Mana meni Bosh Vazir Muovini Azimbek Beknazarovning o’zlari to’g’ri sizlarning oldingizga olib keldilar. Men nima uchun ketishim kerak ekan, deb so’radim, Oq Uydagilar menga Karimov “ketsin deyapti” deyishdi. Karimov Islom Abdug’anievich butun musulmon dunyosining va Markaziy Osiyoning lideri, u hech qachon meni ketsin, demaydi. U meni doim qo’llagan, qo’llaydi. Aynalayin tug’ishganlarim, aynalayin xalqim, men sizlarga bir umr xizmat qilishga tayyorman…
Filed under: Qiyomat kuni |
Leave a Reply