SAVOL: “Quvg’in”dagi Mirtemir o’zingiz bo’lsangiz kerak. Nega uni buncha maqtab yuborgansiz, ya’ni o’zingiz o’zingizni?(Nodirbek Latipov).
JAVOB: Avvalo shuni aytishim kerakki, “Quvg’in”da badiiy romanchilikdagi ijobiy va salbiy qahramon degan eski usul asosida yo’lga chiqilgan. Bundan 17 yil oldin bugungi qarashlarimda bo’lganimda boshqacha yo’l tutgan bo’lardim.
Islom Karimov tarixda mavjud shaxs, hayotda bo’lgani kabi romanda ham u salbiy qahramon, Mirtemir esa tarixda bor bo’lgan shaxslarning umumlashtirilgan va davr uchun xos bo’lgan obrazidir.
Agar Mirtemir obrazi to’laligicha mening hayotimdan olinganda uni Mirtemir emas, balki “Men” deb atagan bo’lardim. (Zotan, “IAK”da asosan o’zimning hayotim bilan bog’liq voqealarga o’rin berilgan). “Quvg’in” va “Assasin” romanlaridagi Mirtemir 1990 yillarda demokratiya, xalq ozodligi uchun kurashgan sanoqli deputatlarning umumlashgan obrazidir. Ammo bu obrazning yaratilishida shaxsiy hayotim ko’proq o’rin egallaganini inkor etmayman.
Kitobni oxirgi marotaba ko’zdan kechirganimda, uning yozilganiga 17 yil va voqealar kechgan jarayonga esa 20 yil to’lgandi. O’sha davrda o’zimdagi, safdoshlarimdagi jasorat naqadar kuchli bo’lganiga bugun o’zim ham hayron qolaman.
Bugungi avlodga kimdir har kuni majlislarda zolim prezident bilan ochiq tortishganini aytsangiz yo ishonmaydi yoki “quloqqa lag’mon osayapti” deb ustingizdan kuladi. Lekin bundan 20 yil oldingi davrda bu bo’lgan voqea edi. O’shanda ham buni hamma qila olgan emas. Bu sanoqli deputatlargagina xos bo’lgan fazilat o’laroq tarixda qoldi.
Demak, Mirtemir biz bilgan Karimov degan zolimga qarshi chiqqan sanoqli shaxslarning umumlashma xarakteridan tashkil topgan ijobiy qahramondir.
Albatta mening ham, safdoshlarimning ham kamchiliklarimiz bo’lgan va shuning uchun ham zolim rejim bizdan ustun kelgan.
Biz chin yurakdan vatanni sevganmiz, xalqqa xizmat qilganmiz, ammo ozchilik edik, saroy o’yinlarini tushunmaganmiz, asosan yuragimizga quloq solganmiz, atrofimizdagi o’yinchilarni samimiy insonlar deb o’ylab ularning gaplariga aldanganmiz va hokazo.
Kitob yozilganda uni kinofilm yaratish maqsadini ko’zlab qalamga olgan edim. Lekin davr va sharoitlar bunga yo’l bermadi. Kelajakda bu orzuim amalga oshadi degan ishonchim bor.
Jahongir Muhammad
29 oktyabr, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan
Filed under: Savob so'qmog'i | Tagged: Jahongir Mamatov |
Leave a Reply