O’ylab ko’radigan gaplar

soyaMansab va manfaat

SAVOL: Dunyoda maxsus xizmatlarsiz hayot bo’lmaydimi?(Aziz).

JAVOB: Dunyo dunyo bo’libdiki, davlat degan tuzilma paydo bo’libdiki, Maxsus xizmatlar mavjud. Bu tabiiy hol va bundan keyin ham shunday bo’ladi. Ular haqida juda ko’p kitoblar yozilgan, filmlar yaratilgan va tadqiqotlar olib borilgan. Dunyo sirlariga qiziquvchi sifatida shularga nazar solarkanman, barcha Maxsus xizmatlarning yozilmagan uchta qonuniyati borligini ko’rdim.

1. Sotqinlarni quritadilar

Kimdir Maxsus xizmatlarda ishlab, keyin safdosharini boshqa mamlakatga sotsa, har qanday yo’lini topib undan qutiladilar. Bu asrlardir ming karra isbotini topgan haqiqat.

Bunga Kleopatra va Sezar zamonidan Karimov va Putin davriga qadar minglab misollar keltirish mumkin. Bunday holatda sotqinni yo zaharlashgan, yoki otishgan yo bo’lmasa boshqa bir yo’lini qilib o’ldirishgan.

Bu Maxsus xizmatning maxsusligini saqlab qolish, u yerda ishlaganlarni qo’rqitish, ularning vatanparvarligini kafolatlash uchun qilingan va hozir ham davom etmoqda.

Masalan, 19 asr boshlarida sotqinlik qilib qochgan va oxiri Braziliyada sirli ravishda o’ldirilgan Andrey Smirnov yoki hali yaqinginada Londonda zaharlangan Aleksandr Litvinenko taqdiri bunga misol.

Dunyo bo’yicha sotqinlik qilgandan keyin sirli o’lim topgan maxsus xizmat xodimlarining soni bir necha mingga boradi.

Shundan kelib chiqib, maxsus xizmatlar o’z “seksot”lariga ham ayni muomalani ravo ko’rishadi. Kimdir ularga ma’lumot sotib yurgan bo’lsa va keyinchalik boshqa mamlakatning maxsus xizmatiga ishlay boshlasa, buning oqibati o’lim.

Bu qoidani buzishga shohu qirol, diktatoru yakka hokim, hatto eng demokratik davlat liderlari ham aralashmaydilar.

2. Do’stlarining dushmaniga panoh beradilar

Azaldan taxtda o’tirgan odamlarning raqiblari va dushmanlari bo’lgan. Ko’p hollarda ularni quvg’inga olishgan.

Shunday kezda o’sha mamlakatga do’st bo’lib ko’ringan boshqa bir mamlakat turli bahonalar bilan o’sha raqiblarni o’z panohiga oladi.

Ko’rinishidan do’stini tashvishlardan qutqazgan bo’lsada, aslida do’sti uchun qo’ltig’ida tosh saqlaydi. Chunki katta siyosatda doimiy do’stlik bo’lmaydi, balki doimiy manfaat bor. Pokiston lideri Novoz Sharifga boshpana bergan Saudiya Arabistoni yoki Parvez Musharrafni bag’riga olgan Angliya misolida ham buni ko’rish mumkin.

Ming yillardan beri manaman degan kazo-kazolar bu o’yinning qurboni bo’lganlar. Bugun ham shunday. Kimdir raqiblik nomini saqlab qolish uchun o’yinchilik qilsa, kimdir boshqa mamlakatning “tramplin”idan sakrab qaytish ilinjida, yana kimdir esa ishlamay, mehnat qilmay kun kechirish uchun siyosiy “raqqosa”ga aylanadi.

Bundaylar Maxsus xizmatlarni aldayman deb o’zlari aldangalarini bilmay qolishadi. Xorijga ketgandan keyin raqiblik ambitsiyasini tashlaganlar yoki ortga qaytib, kurashni har qancha qiyin bo’lsada ichkarida davom ettirganlar bu o’yinni vaqtida anglab yetganlardir. Afsuski, bu juda kam kuzatilgan hol.

3. Dushmanlarining dushmanini ishga soladilar

Bu qoida Maxsus xizmatlarning eng ko’p tarqalgan va ochiq o’ynaladigan qartasidir. Ular kerak bo’lsa, raqiblarining do’stini ashaddiy dushmanga aylantirib, uni o’z qo’ltiqlari ostiga oladilar. U endi qo’ltiqdagi tosh emas, balki tapponchadir. Ana shu tapponcha bilan har kuni o’q uzadilar.

Bu masalada AQSh va Angliya, Turkiya va Isroil, Olmoniya va Rossiya usta o’yinchilardir. Ularning har biri izmida o’nlab mamlakatlardan badarg’a bo’lgan sobiq liderlar bor va ularni har maqomga yo’rg’alata oladilar.

Xullas, qaysi bir mamlakatni olib ko’ring, uning Maxsus xizmatlari qo’lida dushman mamlakatdan albatta biror-bir lider yoki tashkilot bor. O’zbekistondagi Mahmud Xudoyberdiev kabi har bir mamlakatning qanoti ostida bitta-ikkitadan “koziri” topiladi.

Bu bechoralar har qancha vatanparvar bo’lib ko’rinmasinlar baribir o’zlari yashab turgan o’sha mamlakatning istagi bo’yicha harakat qiladilar.

Maxsus xizmatlar istasalar ularni yashiradilar, muhofaza qiladilar, u joydan bu joyga qochirib turadilar, chiqarib yuboradilar-qaytib olib keladilar, siyosiy maydonga tashlaydilar, anjumanlarning to’rida o’tqazadilar… lekin manfaatlari talab qilgan kuni ularni o’z yo’llari bo’ylab xalacho’p urib yugurtiradilar.

Chetdan tutib Turkiyaga keltirilgan Kurdiston Partiyasi raisi O’jalan va Pokistonda o’ldirib yuborilgan O’zbekiston Islomiy Harakati raisi Tohir Yo’ldoshev kabilarning taqdiri bunga misol bo’la oladi.

Qissadan hissa shuki, davlat borki, Maxsus xizmatlar bor, mansab borki manfaat bor va yozilmagan qoidalar bo’ladi.

Buni bilmagan, anglab yetmagan odam esa manfaat qo’g’irchog’iga aylanishi turgan gap.

Jahongir Muhammad
29 sentyabr, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan

5 Responses

  1. Ассалому алайкум ҳурматли Жаҳонгир ака!
    Балки шахмат ўйнат турарсиз…
    Шахмат тахтасида турли фигуралар бор. Пиёдадан тортиб отлиққача, тўрадан тортиб ясовулу, вазир ҳамда шоҳгача.
    Саволим қуйидагича.
    Шахмат тахтасидаги жангу жадаллар битгач, ўйин тугагач фигураларнинг барчаси албатта бир қутига солиб олиб қўйилади.
    Ўзбекистоннинг ташқи ва ички ҳолатини шахматга қандай қиёслайсиз?
    Ҳурмат билан…

    • Ва алайкум ассалом…
      Шахмат ўйнида шундай ҳолат ҳам бўлади. Бир томон жаҳли чиқиб тошларни уриб сочиб, юборади. Ғирромлик! Ўзбекистоннинг ҳолати мана шу. Ўйин тугаган. Тошлар сочилиб кетган. Ўртада асабийлик. Даҳанаки жанг давом этмоқда…

  2. Гапингизга тан бермай иложим йўқ!, УСТОЗ!
    Ҳурмат билан шогирдингиз Мистер қалампир!

  3. Assalomu alaykum Jahongir aka aytingchi siz Edvard Snoudenni Vatan xoini deb bilasizmi yoki qaxramonmi? Axir u oshkor qilgan maxfiy xujjatlarni deb AQSh xalqaro maydonda ancha obrösizlandi, ittifoqdosh davlatlar bilan oraga sovuqchilik tushdi. Bu esa Rossiyaga bir jihatdan qöl keldi. Lekin ikkinchi tomondan amerika xalqi öz daxlsizligi oyoqosti qilinayotganini bildi.Xösh tarozining qaysi pallasi og’ir kelyapti?

    • Uning Rossiya kabi zolim, qattol diktatorlik rejimi bilan hamkorlik qilishining o’ziyoq juda ko’p narsani oydinlashtiradi.

Leave a reply to FAYZULLO Cancel reply