O’zgarmagan mavzular

iakYana Karimov haqida

SAVOL: Karimovdan keyin hokimiyatga kim kelishi aniq emasmi?(Doniyor).

JAVOB: Keyingi yillarda Islom Karimovning “jigargo’shasi” Shavkat Mirziyoev haqida ancha-buncha narsa yozildi. Kimdir u “ota”sining vorisi, desa, kimdir uni Karimov yaqin orada eski “tuz”lar yoniga jo’natadi deydi.

Bu masalada o’n soat o’n joydan ihtiboslar keltirib, ostiga adabiyotlar ro’yxatini ilova qilib, o’n xil xulosani qalashtirib tashlash ham mumkin. Zero bitta xulosaga borib bo’lmasligi haqida hammaning ishonchi butun.

Tentakning kallasida nima borligini tentakning o’zi ham bilmaydi deyishadi. Karimov o’z kallasida nima borligini bilsa keragu, ammo atrofdagilar bilmaydilar.

Atrofdagilar kabi bizning ham faqat taxmin, tahlil qilibgina o’zimizga xulosa chiqarish imkonimiz bor. Bu xato bo’lishi ham mumkin.

Zotan dunyoda to’g’ri narsaning o’zi yo’q. Dunyo xatolar majmuasi. Unday bo’lsa, Karimov ham xato qilishi mumkin, agar bugungacha to’g’ri ish qilgan bo’lsa?!

Vaqt va hodisalar ishora qilayotganidek, Karimov o’zidan keyin ham nomi va ishi yashashi uchun Mirziyoevga stavka qilgan deylik. Negaki Mirziyoevni sahnadan yo’qotaman desa, istagan paytida bahona topadi.

Masalan, uning hisobotini eshitganda deputatlar unga ishonchsizlik bildirib, Oqsaroydan buyurilgan “demokratiya”ni qoyil-maqom qilib amalga oshirar edilar. Lekin bunday bo’lmadi. Mirziyoev o’z o’rnida o’tiribdi va hali o’tiraveradi, shekilli?

Bu Karimov o’lchovida o’zining ahmoq emasligidan kelib chiqayotgan narsa. Mirziyoev uning 1990 yildan beri sherigi. Xalqqa yaxshi ko’rinadigan ishni o’ziga olib, yomon ko’rinadiganini unga yuklagan.

Masalan, maoshlar oshiriladigan farmonga o’zlari qo’l qo’yadilar va narxlarni ko’tarish Mirziyoevning qarori bilan bo’ladi va hokazo.

Shuning uchun ham Karimov o’zidan keyin joyiga Mirziyoev kelsa, birov meni qoralay olmaydi deb o’ylayapti, shekilli? Karimovni qoralasa, xalq “O’zing ham unga sherik eding” deyishi mumkin-da.

Agar Karimov shunday deb o’ylayotgan bo’lsa, birdaniga ikki holatdan ko’z yummoqda:

Birinchisi, 20 yil Karimov bilan yonma-yon ishlash uchun, uning xurmacha qiliqlariga chidash uchun kamida Karimovdan ikki marta ayyor bo’lish kerak.

Ikkinchisi, bizning zehniyatimiz doirasida azal-azaldan podsholarni o’z farzandlari, eng yaqin odamlari go’rba-go’r qilgan.

Hali yaqinginada Sharof Rashidovni uning o’z safdosh va shogirdlari go’ridan chiqarib, boshqa lahadga tiqishgandi.

Demak, Karimov ham xato qilishi, adashishi mumkin. Zotan yuqorida aytganimizdek, bu dunyo xatolar majmuasidir.

Shaxsan mening fikrim bilan qiziqsangiz, shu masalada Karimov xato qilmasligini juda va juda istar edim. Ammo istaklar aksariyat hollarda amalga oshmaydigan orzularning taxminidir.

Jahongir Muhammad
16 may, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: