Kim kimga va qachon qo’shilishi mumkin?
SAVOL: O’zbekistonda xalq oyoqqa tursa kuchishlatar idoralarining rahbarlari xalq tomoniga o’tishi mumkinmi? Kim kimga qachon qo’shilishi mumkin?(Hakim).
JAVOB: Xuddi shunday savollar 2005 yilning boshlarida ham ko’p marotaba yangragan. Andijonda 13-mayda yuz bergan qonli voqealardan bir hafta oldin bunday savolga “Ozodlik” radiosi orqali ”Agar “inqilob qilaman” deb ming odam chiqsa, Karimov ming odamni ottiradi!” deb javob qilgandim. Shunday bo’ldi ham. Hozir ham javobim ayni. Chunki Karimovning mentaliteti o’zgarmagan. O’shanda ham kuchishlatar idoralari rahbarlari xalq tomoniga o’tmagan, bugun ham o’tmaydi. Nega?
Ma’lumki, kimgadir qo’shilish degani o’sha odamga ergashish, u bilan bitta yo’lni tanlash deganidir. Shunday ekan, kim bilandir birga bo’lishning uchta faktori bor:
1.Kuch faktori. Kuch kimning qo’lida bo’lsa, ko’pchilik o’shanga ergashadi.
2.Ishonch faktori. Kimgadir ishonch, kimningdir tanlagan yo’liga ishonch kishini unga ergashtiradi.
3.Mafkura faktori. Qandaydir ideologiyaga ergashish orqali birlashish.
O’zbekistonda Kuch(jumladan, xalqning aksariyat qismi ham) prezidentning va kuchishlatar tashkilotlarining qo’lida. Demak, birinchi faktor ishlamaydi.
Kuch ishlatar tashkilotlarining rahbarlari xalqni ko’chalarga boshlaydiganlarga ishonadimi? Yo’q, ular o’zlarini tashkilotchiroq, biladiganroq va aqlliroq deb hisoblaydilar. Chunki bugungacha O’zbekistonda mavjud hukumatga qarshi alternativ siyosiy kuch tug’ilmadi. Ya’ni Bosh vaziridan tortib boshqa vazirliklarni boshqara oladigan yetuk kadrlarga ega bo’lgan alternativ muxolif kuch paydo bo’lmadi. Chunki bunga rejim imkon tanimadi. Demak, mamlakatni boshqara oladigan tajribaga va salohiyatga ega bo’lmagan guruhlarga qo’shilishning oxiri kasofat deb tushunishadi.
Mafkura faktori… Bu faktor xoh islomiy yo’l bo’lsin, xoh demokratiya-ularga begona. Islomiy boshqaruvni mutloq istamaydilar, demokratik rejimdan esa o’lgudek qo’rqadilar.
Demak, ular inqilob qilaman deganlardan o’zlarini uch kalla tepada deb biladilar va ular bilan qo’shilib ketishni o’zlari uchun o’lim deb hisoblaydilar. Ular eng oxirgi kuchlari qolguncha kurashajaklarini yashirmaydilar. Shuning uchun bugun bu idoralarning rahbarlari qandaydir inqilobchilarga qo’shilib ketadi, deyishlik bu shunchaki boshqalarni laqillatish uchun safsata vositasi bo’lishi mumkin. Ya’ni shunday degan odamga, besh-o’n kishi qo’shilish ehtimoli bor. Agar shu narsa kerak bo’lsa u holda bunday deyish o’zini oqlaydi. Aks taqdirda bu beburdlikka olib boradi.
Darvoqe, kuchishlatar idoralarining rahbarlarini “qo’llanaman” desangiz, ulardan ikki kalla tepada turishingiz shart.
Kimgadir qo’g’irchoq bo’lib qolmaslikning bittayu bitta yo’li-qo’g’irchoq o’ynatishni bilish kerak.
Jahongir Muhammad
6 may, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan.
Filed under: Savob so'qmog'i | Tagged: Jahongir Mamatov |
Leave a Reply