Rivoyat…

soyaAldanganlar

Qadim o’tgan zamonda, borsa kelmas tomonda bir qishloqqa ocharchilik oralay boshlabdi. Hovliq ismli kishi hovliqib “Buning oldini olaman” deb o’rtaga chiqibdi.

-Men sizlar uchun tegirmon quraman,-debdi u.

Hammaning ko’zidan olov chaqnab, unga ta’zim qilibdi. Bundan ruhlangan Hovliq ismini Xoliq deb o’zgartiribdi hatto.

Shunda uning qo’shnisi:

-Tegirmon qurishdan oldin bug’doy ekaylik,-debdi.

-Kallang bormi, agar tegirmon bo’lmasa bug’doyni qanday qilib unga aylantirasan?

-Tegirmon qurilguncha bug’doy boshog’ini qaynatib yo hosilini chaynab ham jon saqlash mumkin.

-E, sen xalqni kallamushga aylantirmoqchimisan?

Bu bahsdan keyin “Xoliq”ning qarindoshlari va aka-ukalari baqir-chaqirga o’tibdilar.

Haligi odam bularga gap uqtirib bo’lmasligini anglab, yaktagini yelkasiga tashlab ketib qolibdi.

Hovliq tog’ning tepasiga chiqib, havoli, manzarali joyda o’ziga qasr tiklabdi. Buning sababini:

-Men shu yerda turib kechayu kunduz shamol qayoqdan kelishini kuzataman, shuni aniqlab olgandan keyin tegirmon qurishga kirishamiz,-deb tushuntiribdi.

Har yili u:

-Ana shamol kelmoqda,-deb baqirar ekan. Lekin keyin shamol boshqa tomonga burilib ketganini aytib ishonganlarni tinchlantirarkan. Har bahorda shu takror bo’larkan va har yili qishloqning qabri kengayib boraverarkan. Oxiri bir kun odamlar undan norozi bo’libdilar. Shunda u:

-Men tog’ning tepasida katta boylik to’pladim, oltin to’la xazina barpo qildim,-debdi va ukasining qo’liga oynacha berib qo’yibdi. Quyosh chiqqan paytda ukasi oynachani o’ynatsa Hovliq qishloqdagilarga buni xazinaning sho’lasi deb tushintirar va bechora avom bunga ishonarkan.

Yana yillar o’tibdi, qabrlar ko’payibdi. Oxiri odamlar Hovliqdan hazar qiladigan bo’libdilar. U shunda bu tomonlarga shamol kelmasligini aniqlagani va endi suv tegirmoni qurajagini aytibdi.

Boshqa qishloqlarda ham suv tegirmoni qurayotganlarini aytib, xalqqa tog’ yonbag’ridagi soy atrofiga xarsanglarni terib, suv o’zanini qishloqqa burishni buyuribdi. Bechora xalq hasharga chiqib, bu ishni ham bajaribdi.

Shunday kunlarda birdan sel kelib, selavasi butun qishloqni yuvib ketibdi. Hovliq esa tog’ tepasidagi qasrini allaqachon kengaytirib yaqinlarini ham o’sh yerga chiqarib olgan ekan.

Aytishlaricha, u sel yuvib ketgan qishloqqa tegirmon qurishda qarorli va uning gaplariga ishonib boshqa qishloqlardan o’sha tomonga kelayotganlar ham bor ekan…

Jahongir Muhammad
20 aprel, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: