Tajribaga tayanib

uzbek_english_dictionaryTil mutloq mustaqil, bo’ysunmas, tirik jondir

SAVOL: O’zbek tili buzilib ketmoqda, nega oldini olmaysizlar? (O’zbek).

JAVOB: Bu gapingiz yoqmadi. Til binomidiki yoki qizmidiki, buzilib ketsin?!

Til dunyodagi eng mustaqil kuchdir. Unga qorovulning, yo’l ko’rsatadigan mirshabning keragi yo’q. Chunki har qanday qurolli qorovulning ham kuchi yetmaydi unga. Hatto dunyodagi manaman degan diktatorlar hammaga va hamma narsaga zug’um qilishlari mumkin, lekin tilga qolganda kuchlari yetmaydi.

Keyingi o’n yil ichida AQShda tilshunoslik borasida beshta kitobga mualliflik yoki hammualliflik qildim. Shu jarayonda nafaqat o’zbek tiliga oid, yana bir necha tildagi kitoblarni mutolaa qilishga to’g’ri keldi.

Hozir o’zbek tilida ro’yxatga olinmagan so’zlar lug’ati ustida ishlayaman. Ana shularning hammasidan olgan xulosam shu bo’ldiki, tilga kirib kelayotgan yangi so’zlardan cho’chimaslik kerak. Ularni to’xtataman deb o’ylash to’r yoyib daryoning yo’lini to’saman, degan kabi gap. Ya’ni til tilga til tegizgan bilan hisoblashmaydi.

Tilning boshqa tillardan kelayotgan so’zlar bilan boyib borishiga sevinish kerak, dod-faryod solish befoyda. Til o’zini o’zi tozalab borish mahobatiga sohibdir.

Til mutloq mustaqil, bo’ysunmas, tirik jondir. Lekin u har qancha kuchli bo’lsa ham insoniy yordamni rad etmaydi, doim bunday yordamga muhtoj. Unga ko’maklashaman desak uning tarjima holini, boshidan kechirayotgan hodisalarni, kechinmalarini o’rganib uning suvratini chizib borishimiz lozim.

Agar uni sevsak unga o’zimiz yaratgan qoidalarni singdirishga urinish o’rniga uning o’z tug’ma qoidalari, hayot tarzi, go’zalligi, zamondan orqada qolmasligi, istiqbolga intilishini his qilib, eshitib, ko’rib, o’rganib boshqalarga ham buni o’rgatishimiz lozim, bu bizning tilga buyuk hurmatimiz bo’ladi.

Jahongir Muhammad
6 aprel, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: