Oltinchi qavat (Qissa)

tangalarPrezident  tansoqchisining kundaligi

15. Oltin tangalar

Gulya menga qaradi, men unga. Ikkalamiz ham jim. Uning ko’zlarida nafratsimon to’lqin aylanmoqda. Kimdan nafrat qiladi? Mendanmi? Kim bo’libdiki,  nafrat qiladi? Osmondan tushgan oymidi? Bu yerdagi go’zallar oldida u loyga botgan go’salaga o’xshab qolgan. Qiz deganni nozi bilan birga mehri ham bo’lishi kerak. Suzaman degan qo’chqordek o’qrayib turibdi. Nima emish, biz bilan Toshkentga borarmish.  Buning uchun sal pastroqqa tushish kerak.

Unga bir narsa demoqchi bo’lib turgandim adam  eshikdan kirib kelgan bir kishidan׃

-Maxsus yuk keldimi?-deb so’radi.

U “Ha” ishorasini qilishi bilan menga qarab׃

-Bo’pti, oshiq-mashuqlikni keyinga qoldiramiz, ketdik, davlat ishini bajarishimiz kerak,-dedi. Keyin Gulyaga׃

-Bor, adang bilan gaplash, nimani muhokama qilish va nimani muhokama qilmaslikni, qayerga borish va qayerga bormaslikni o’rgatib qo’ysin,-dedi.

-Otasi ham qiziga o’xshagan o’jar!-dedi adam tashqariga chiqarkanmiz.-Chappasiga aytdim, qizi ham otasiga o’xshagan o’jar. Olma olmaning tagiga tushadi.

Demak, Gulyaning otasi ham biz bilan ishlaydi. Hali uni ko’rmadim. Ko’rsam tanirdim. Gulyani mashqlarga olib kelib-olib ketadigan odam uning adasi bo’lishi mumkin. Balki… kim biladi, hozir kimning kimligi ham bilinmay qoldi.

Adam bilan poligon yonidagi binoga bordik. Binoning mashinalar uchun qurilgan qismida bitta harbiy yuk mashinasi turibdi. Adam hamma yoqni tekshirib chiqdi, keyin binoning darvozasini yopib, ichkaridan qulfladi.

Mashinaning orqa qismidagi brezentni tepaga tashladi. Mashinada temir sandiqlar.

-Bularni ochamiz. Sen videoga olib turasan. Qaqqayib qolma, sandiqlarda oltin bor. Bu davlat siri. Ikkalamizdan boshqa odam bilmasligi kerak.

Adam shunday deb kichinagina videoyozarni qo’limga tutqazdi. Keyin bir sakrab mashinaga mindi. Sandiqlardan birini ochdi.

-Nega qarab turibsan, bu yoqa chiq! O’ttiz ikki soat yozadi. Bu yerdan jo’nab ketgunimizgacha hamma  narsani yozgin. Apil-tapil qilma, o’zing uni “Batya”ga qo’yib berasan!

Mashinaga chiqib suratga ola boshladim. Bitta sandiqdagi tangalarning ustiga “1994 yil. Amir Temur haykali” deb yozilgan. Fokusni yaqinlashtirdim. Amir Temurning ot mingan haykali tasvirlangan.  Boshqa tangalarga qarab ikkinchi tomonini ham suratga olishga tirishdim. Ikkinchi tomonida “Batya”ning ot ustidagi suvrati va ismi-sharifi yozilgan.

Ikkinchi qatordagi sandiqlardan  birini ochdik. Bir tomonida “Mirzo Ulug’bek”  deb yozilgan . Orqasida esa “Batya”ning xayol surib turgan portreti. Sandiqda ”Bu oltin tanga O’zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Muhammad Tarag’ay Ulug’bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan oltindan tayyorlangan” deb yozilgan.

Shu zaylda hamma qatordagi sandiqlarni ochib, tekshirib ko’rdik.  Videoyozarni oltin tangalar ustida “sayr qildirdim”.

1996 “O’zbekiston mustaqilligiga 5-yil”

1996 “Amir Temur – 660 yil”

1997 “Amir Temur”

1998 “Oliy majlis binosi”

1998 “Amir Temur muzeyi “

1998 “Alisher Navoiy haykali”

1998 “Amir Temur haykali”

1999 “Abu Ali ibn Sino”

1999 “Ahmad al-Farg’oniy”

1999 “Abu Rayhon Beruniy”

1999 “Muso al-Xorazmiy”

1999 “Mirzo Ulug’bek”

1999 “Bobur”

1999 “Amir Temur”

2001 “Alisher Navoiy”…

Shunday tangalar qolgan yillarda ham bosilgan ekan. O’zbekiston mustaqilligining har bayramiga tanga atalgan. Hammasining bir tomonida “Batya”ning turli vaqtlardagi suvrati va ismi sharifi bitilgan.

Negadir bu oltinlar ko’zimga oddiy tangalardek ko’rindi. Nima uchun odamlar oltin deb  yonishadi? Buning nimasi jozibali? Nimasi go’zal? Sap-sariq  tanga. Agar kuching bo’lsa bunaqa tangalar daryodek oqib keladi. Agar “Batya” kabi iqtidor egasi bo’lsang bu oltinlarning kulchalik qiymati qolmaydi.

Hayotda oltin va kuch-iqtidor uchun intilgan ikki toifa bor. Har ikkalasi ham maqsadiga yetishishi mumkin. Ammo ikkinchisi birinchisining qo’lidagi oltinlarni tortib olish qudratiga sohib bo’ladi. “Batya” ana shunday katta kuch sohibi. Lekin nega oltinlarni bu yoqqa yashirmoqda?

Xayolimni adamning gapi bo’ldi׃.

-Endi sandiqlarni  o’rmonning ichida kovlangan xandakka tashlaymiz!

Nima? Xandakka tashlaymiz!?

Adam ratsiya orqali kim bilandir gaplashdi׃

-Hamma yo’llar nazorat ostidami?

-Shunday o’roq general! Ertalabdan buyon qush uchirtirganimiz yo’q!

-Darvoqe, osmondan ham boxabar bo’linglar, dron-pron oralamasin!

-Xo’p bo’ladi, o’rtoq general!

-Mahbuslar kelganmi?

-Kelgan…

-Qayerdan?

-Zangiotadan!

-Jasliq degandim-ku?

-Jasliqdan keltirilgan. Ammo oldinroq kelib qolishgani uchun Zangiotada saqlagandik. Hozir ish boshida.

Mashinani o’rmon tomonga haydadik. Bir joyda oltita mahbus chuqur kovlayotgan ekan. Ularning boshida qurol o’qtalib turganlar adamga salom berib, orqaga chekinishdi.

-Sizlarga javob,-dedi adam.-Bu yog’iga men ishlataman bularni, keyin boshqa konvoylar olib ketishadi.

So’ng kimdandir beton kelib-kelmagani surishtirdi va:

-Kuzatuv punkti bugun bitishi kerak. “Batya”ning topshirig’i bu! Asfaltni bir soatdan keyinga ayt. “Minoralar”ni ham,-dedi.

Oqshomga qadar shu yerda qoldik. Sandiqlarni kuzatuv punktining osti musthakam bo’lishi uchun deya qatorlashtirib terdik. Ustidan beton to’kdik. Betonning chor atrofiga asfalt yotqizildi. Keyin qamoqxona atrofida qo’riqchi turishi uchun qurilgan ayvonchalik “minora” kabi joy yasashdi. Bu yerga soqchi qo’yilib, atrof nazorat qilinarmish. Bahonaga qarang!

Ketishimiz oldidan adam mahalliy komendantga bugundan boshlab soqchi qo’yilishini va kimlar bu ishni bajarishini shaxsan o’ziga hisob berib borishini tayinladi.

-Yetti kun, yigirma to’rt soat-doim bu yerda soqchi turadi!-dedi adam.-Bunisi namuna uchun qurildi. Qolgan uch tomondan ham qurish kerak. Buni o’zing bajarasan,  kelib tekshiraman! Atrofga tungi va kunduzgi videokuzatuv o’rnatinglar. Xarajatidan qochma. Bu davlatning birinchi darajali masalasi! Mahbuslarni esa “borsa kelmas”ga jo’natinglar. O’ligini ham topisholmasin!

-Rahm qiling o’rtoq nachalnik, bolalarimiz bor, oilamiz bor,-dedi mahbuslardan birи adamga.

-Sanlar hukumatimizga qarshi qurol ko’targanda rahm-shavqatni o’yladinglarmi? Terroristda rahm-shavqat bo’ladimi? Agar san hokimiyatni qo’lga olsang meni nima qilgan bo’larding? Mana shu yerning o’zida otib tashlarding yoki Qaddafiyga o’xshatib orqamga temir tiqarding, to’g’rimi?

-…

-Hayot o’rmon demakdir. Sen bizni emoqchi eding, ammo bu oliy vazifa bizga  nasib etdi! Xudoning qudratini ko’rdingmi? Mana bu bolaga aytaymi sizlarni shu yerga tiriklayin ko’msin?

-Undoq qilmang o’rtoq nachalnik…

-Ko’rdingmi, undoq qilmoqchi emasman. Bir soat bo’lsada kechroq o’lishning o’z gashti bor! Hamma bir soniya bo’lsada ko’proq yashasam deb o’lib-tirilib yotibdi. Sanlarga yana bir sutka hayot berdim!

Adamning kuchli komandirlardek gapirishiga qoyil qoldim. U bekordan general emas ekan. Gaplari “chyotka”! Qars-qurs, guldur-gup! Terroristni ham bir daqiqada mot qilib qo’ydi.

Oqshom tushib bo’lgan va biz Toshkentga qaytdik. Xayolim oltin tangalarda. Sir-asrorini topolmay garang edim. So’rasam, adam “davlat siri” deb kesib tashladi.

“Batya” kutib turgan ekan.

-Qani videoni qo’y,-dedi  salomga alik ham olmay.

O’zining ot ustidagi suratini ko’rib biroz sevindi׃

-Buni mustaqillikdan ozgina oldin Bo’kaga borganimda olishgan,-dedi.

Keyin videoni tez-tez o’tkazib, bir necha daqiqada tugatdi. Men xayolga botgandim. Bu odam qarib qolgan bo’lsayu nega shuncha oltinni yashirib qo’ydi? Nimaga bunchalik mustahkam qilib yashirdi? Ishdan ketib qolsam bir kunimga yaraydi deb o’yladimikan? Balki nevaralarimga deb yashirdimi? Yoki adam bilan qandaydir boshqa planlari bormi?

O’ylanib qolganimni ko’rgan “Batya”׃

-Kema yoqdimi sanga?-dedi.

-Hm…

-Zo’rmi?

-Zo’r!

-Kemani emas oltin tangalarni ko’proq o’ylayapsan. Adang aytmabdida.  Bu tangalarni kelajakning arxeologlari uchun ko’mdik. Mendan keyin bu davlat bormi-yo’qmi bilmayman, ammo oltin tangalar qoladi. Besh-o’n ming yillardan keyin arxeologlar topishadi va bizning kimligimizga baho berishadi! Shunday xosiyatli  va xayrli ishda sen ham qatnashding!

U xayollarimni jamlab olishga vaqt bermay׃

-Kema kelajakda seniki bo’ladi. Hamma narsasi bilan, qizlari bilan ham! Qani mana bu videoni butunlay o’chirib tashla,-dedi.

O’chirib tashlagunimcha qarab turdi va tekshirib ko’rib׃

-Ol, bu apparat seniki, hali ko’p kerak bo’ladi, endi “Do’rmon”ga bor, kortej kutib turibdi,-dedi.

Shunda tushundimki, biz Bo’stonliqqa kayfu safo uchun emas, “davlat ishi”ni bajarish uchun borgan ekanmiz.

Jahongir Muhammad

(Davomi bor).

One Response

  1. assalamu alykum nega OLTINCHI QAVAT chiqmay qoydi yoki men topolmayappanmi wuni tuwintirib bering

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: