Oltinchi qavat (Qissa)

jm_20014_febrPrezident  tansoqchisining kundaligi

14. Bo’stonliq

Ertalab Prezidentning mashinasi biz yotgan binoning garaj qismiga kirdi va unga faqat men mindim, adam esa tashqaridagi mashinalardan biriga. Oldinda va orqada bir qancha maxsus mashina bilan yo’lga chiqdik. Hammasiga rangli chiroqlar o’rnatilgan. Chiroqlarning o’chib yonishi kishining qalbiga kuch olib kiradi.

Lekin Buyuk Ipak yo’li bo’m-bo’sh. Qiziq, negadir yo’l chetida odam ko’rinmaydi. Sel oldidan iniga kirib ketgan chumolilardek hamma uyiga bekinib olganmi? Nega Prezidentning korteji ular uchun qiziq emas? Balki hamma o’z ishi bilan banddir? Yo’q, bu soatda yo’laklarda ishga boruvchilar bo’lishi kerakku? Maktabga boradigan o’quvchilar ham ko’rinmaydi? Balki…odamlar yuradigan yo’laklar bekitib qo’yildimi?

”Batya” meni odamlarga ko’rsatmoqchi emasmikan? Unda mashinaning orqa qismida o’tirgan bo’lardim. Chunki orqa oynalar qora. Ichkari ko’rinmaydi. Lekin adam oldinda o’tirishimni so’radi.

Demak,  ko’rinishim-ko’rinmasligim muhim emas.

Unday bo’lsa odamlar qayoqqa g’oyib bo’lishdi? Balki bu ham o’yindir? Prezident Do’rmonda yashaydi va har kuni ishga qatnaydi degan o’yin!  Axir “Batya”ning o’zi aytdiku “Ertalab kelasan va kechqurun yana shu mashinada qaytasan” deb.

Ha, bu  yo’ldan Prezident o’tmoqda, deb hammani chalg’itishmoqda. Mashinaga garajda minishim ham shundan. Oldindagi va orqadagi mirshablaru maxsus xizmat xodimlari ham bilishmasa kerak? “Batya”ga qoyil. Shuncha narsani qanday o’ylab, qanday rejalar ekan?

Oqsaroyga kelishimiz bilan “kuzatuvchilar” orqada qolib faqat men mingan mashina ichkariga kirdi. Olam suv sepgandek sukunatda. Mashina binoga kirish eshigi oldida to’xtatdi va haydovchi kaminaga qarab tirjayib qo’ydi. Tushib, ichkariga qarab yurdim. Adam boshqa eshikdan kirib keldi va:

-Bugun dam olish kuning, istasang shaharni aylanib kelamiz. Sani qo’riqlash manga topshirilgan. Aslida san “Batya”ga soya bo’lishing kerak edi. Lekin man sanga soya bo’lib qoldim. Yana uch-to’rt kishi atrofimizda bo’ladi. Xo’p, qaerga boramiz?-dedi.

Bu yog’i qiziq bo’ldi-ku? Adamsiz hech qaerga borolmaymanmi? Rostdan ham uch-to’rt kishi atrofimda yuradimi? Men ham Prezident bo’lib qoldimmi? Hech kim bilmaydigan, hech kim tanimaydigan Prezident!

Adam kim bilandir gaplashdida menga qarab׃

-Bo’pti xayol suraverma, ketdik, Bo’stonliqqa borib kelamiz,-dedi.

-Bo’stonliq? U yerda nima qilamiz?

-Borganda ko’rasan… jannat!

Prezident  “tortiq” qilgan  “Be-em-ve”ni oldik. Kuzatuvchilar bilan birga yo’lga chiqdik. Adam Bo’stonliqqa borayotganimizni kimlargadir aytib qo’ydi.

Yo’llarni ochib turishsa, Olmaota olti qadam degandek bir soatda G’azalkentdan o’tib Chorvoqqa yetdik. “Kirish mumkin emas” belgilarini ortda qoldirib atrofi bog’ bilan o’ralagan poligonga chiqdik. Go’zal joy. Chor atrof adrlaru tog’larga ulanib ketgan.

-Bu “Besh orol” poligoni. “Batya” va oilasi otishni shu yerda mashq qilishadi,-dedi adam qo’limga “Makarov”ni tutqazarkan.-Bu imennoy. O’zingniki.

-Bu joylarni obdon bilishing kerak. “Batya” ketdik desa, qayerga, deb turmaysan.

Poligonda otish uchun hech qanday belgi-nishon yo’q.

-Qaysi tomonga otamiz,-deb so’radim.

-Kiyik qaysi tomondan chiqsa, o’sha tomonga!

-Kiyik!

-Ha, bu yerda mashq qilamiz. Xizmatchilar kiyikni qo’yib yuboradilar. Otishga ulgurishing kerak. Haqiqiy ov uchun O’gam-Chotqolga boramiz. U yerda Afg’onistondan olib kelingan qoraquloq Jayranlar ham bor. General Do’stim har kelganda bir nechtasini keltiradi.  Hali san quvur shoxli kiyiklarni ko’rmading. Ularni ajartib olishing kerak. Ohu nima? Bug’u nima? Arxar nima? Bilishing kerak. Bilmasang boshing uchib ketishi mumkin. “Bolgariya prezidenti  Pirvanov Zominda “Qizil kitob”ga kirgan arxarni otdi” deb butun dunyoda rosa shov-shuv qilishgandi. U oxiri kechirim so’rab qutildi. “Batya” hammani mixning ustiga o’tqazdi. Bir necha kishining boshi ketdi.   Hali  bir kun Zomin va  Yakkabog’ga o’tamiz. Qoplonlarni ko’ramiz.

-Qoplonlar!

-Ha…Hatto oq qoplonlar ham bor. Faqat ularni ovlash mumkin emas. Ular “Batya”ning sevgan “bolalari”. Ikkitasini “Otarchi”ga yutqazganmiz. Endi o’zing qaytarib olasan ularni. “Batya” oq qoplonlarni yaxshi ko’radi. Ularning ko’ziga tikilib o’tirishni istaydi. Qiztalaq qoplonlar ham odam taniydi. “Batya”ga qarab-qarab ketib qolishadi.

Adam gapirishdan to’xtadi. Bir-birini quvgandek kiyikchalar paydo bo’ldi. Ilgari adam bilan o’q otadigan joylarga borganmiz. Mergan bo’lmasam ham ancha ochko terganman. Ammo kiyikchalar maxsus mashqdan o’tganmi shunday tez, chaqqonki bir ko’rinib ko’zdan g’oyib bo’ladi. Terlab-pishib  ikkitasini yiqitdim. Sinovdan o’tdim, shekilli, adam:

-Endi Chorvoqqa chiqamiz,- dedi.

Ratsiya orqali borishimizni ma’lum qildi. Bunday payta Chorvoq qayiqlardan “tozalanar” va atrofida qush qo’ndirilmas ekan. Qayiqda suzib suvning o’rtasiga bordik. Xuddi ertaklardagi kabi  bir kema turibdi.

-Buni Mirabror akam Finlandiyadan parcha-parcha keltirib shu yerda yasatdi. Prezidentning  suvdagi dachasi,-dedi adam.

Rostdan ham suvning o’rtasida jannatni qurib qo’yishibdi. Suzadigan jannat. Ichida yosh-yosh go’zal qizlar, xuddi kelinchaklardek yasanib, qushdek qanot qoqib xizmat qilishmoqda. Maxsus massaj xonalari. Hovuz. Bovling, tennis o’ynaydigan joylar….

Adam qizlardan birining belidan quchdida menga qarab׃

-Oyingga aytib yurma, san ham istaganingni tanla, bugun dam olish kuni. “Batya”ning o’zi sanga bayram bergan,-dedi.-Yayrab kelinglar degan! Bu hammaga ham nasib etmaydi!

Adamni avvaliga yomon ko’rib ketdim. Oyimga xiyonat qilmoqdaku, deb o’yladim. Birozdan keyin qizlardan biri o’zimning ham diqqatimni o’g’irladi. Qosh suzgandi badanim jimirlay boshladi. Demak o’zim ham Gulyaga xiyonat qilishim mumkin. To’xta! Gulyaga hali uylanganim yo’q-ku! Hatto “sevaman” deb aytganim emas. Hali uning nozi pishsin. Hozir esa “qovunni tilimlash” kerak.

Go’zal ham go’zal ekan. Shunday rohatlatdiki bu yerdan ketgim kelmay qoldi. Lekin iloj qancha? U bilan xonadan bir-birimizga suykalib chiqsak, qarshimda Gulya turibdi. Tushimmi o’ngimmi? Meni ko’rib rangi o’zgardi. Labi titradi. Nima qilarimni va nima deyishmni bilmay qoldim. Shu payt narigi xonadan adam chiqib keldi׃

-Sanga aytish esimdan chiqibdi, Gulyani qizlar karate bataloniga ishga oldik,-dedi.

-Kutganimiz “Prezident” siz ekansizda,-dedi Gulya va adamga qarab:

-O’rtoq general men Toshkentga bormoqchiman, siz bilan ketsam bo’ladimi?-dedi.

Nima? General? Adam generalmi? Agar general bo’lganda uning formasini nega hech ko’rmaganman? Forma kiymaydigan generallar ham bormi? Uning xonasiga kirardim, videolarini tomosha qilardim, lekin hech qachon formasini ko’rmaganman. Balki Gulya  adashayotgandir?

-Kollona xo’jayini yoningda, unga murojaat qil,-dedi adam Gulyaga xafaqon tarzda.

Jahongir Muhammad

(Davomi bor).

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: