Prezident tansoqchisining kundaligi
13. “Kosatka”
Toqqa asta-sekin chiqiladi. Lekin bir kunda zirvaning tepasiga chiqish ham hech narsa emas ekan. Kecha ertalab qaerda edimu, bugun qaerdaman? Qizig’i shundaki, bunga “yashin tezligida” ko’nikdim. Million-million odamlarga hukm etib turgan mana bu kishilarni xuddi oldin ko’rgandek, ularga o’rgangandekman. Ular bilan har kuni uchrashib, har kuni mushtlashib yurgandekmiz. Bularning zirvaga chiqishlari qanday bo’lgan ekan? Ba’zilariga oson bo’lmagani aniq. Chunki favqulodda bir qobiliyatga ega bo’lishlari kerak. Lekin hammasi Putinning oldida “pampersi”ni ho’l qilganga o’xshab qolgani kuchlarining zaifligidan.
Faqat ana u qozoq amaki bolaligida juda sho’x bo’lganga o’xshaydi. Inson qarisa bolaligiga qaytadi deyishadiku. Hali unga-hali bunga hazil qilib, yurakdan kulib o’tiribdi. Prezidentlarning qo’lidagi qadah bo’shamasdan “bartender”ga imo qilib turibdi. Hushyor odam.
Sochi to’kilib bo’lgan qirg’iz tog’a esa hech kimga qaramay ovqat yeb, ustidan qadahni bo’shatib qo’ymoqda. U “beva” o’rgimchakka o’xshaydi. “Beva o’rgimchak”ni “qora-beva” ham deyisharkan. Eri o’lgandan keyin to’rining o’rtasida motam tutarkan. Chetdan kelgan erkak o’rgimchak uning ipini silkitib, “ko’nglingni olmoqchiman” degandek “signal” yuborarkan. U “kelaver” deb torini “tiringlatib” qo’yarkan. Erkak o’rgimchak uning huzuriga yetib kelishi bilan och yotgan “qora beva” uni bir zumda yeb qo’yarkan. Buni aytib bergan usta Vun “Qaytib chiqish yo’lini bilmasang to’rga kirma” derdi.
“Otarchi”ning bolasi o’rtada “beva” o’rgimchak kabi ko’krak kerib turibdi. Meni bir tiyinga olmagani yaqqol seziladi. O’yin qoidasiga ko’ra salomlashaman deb yoniga borsam, bir musht qo’ygandi uchib ketdim. Hamma kulib yubordi. Aytganimdek, bokschi ekan. Agar yana bir-ikki musht ursa, esankiratib qo’yishi aniq. “To’r”dan qaytib chiqishni bilaman. Bunga yem bo’ladigan ahmoq yo’q.
Uning atrofida aylanaverib, hujumlarini havoga uchiraverdim. Oxiri asabiylasha boshladi. Hamla qilaverdi, chap beraverdim. Endi uning ustidan kula boshlashdi. U qo’lini hali u tomonga, hali bu tomonga otayotgan tentakka mengzardi. Xullas, bu “devona”ni ancha tentiratdim. Terlab, nafas olishi biroz qiyinlashdi. Unga sal yaqinlashdim. Butun kuchini to’plab bitta zarba bilan meni tugatmoqchi bo’ldi. Aylanib, zarbasi yo’nalishiga “kirib oldim” va quvvatni o’ziga qaytardim. Ayni paytda bir egilib oyog’ini ham chalib yubordim. Shunday yiqildiki, uchqich qalqib ketgani kabi o’zim ham tentirab ketdim. Katta odamning gursillab yiqilishi katta voqea. Bunaqa yiqilishdan keyin o’rindan turish oson emas.
Shu payt ko’zim “Batya”ga tushib qoldi. U o’rnidan turib olgan, tinmay “bitir” ishorasini qilayotgandi. Ko’kka bir sakrab, tizzam bilan dushmanning kekirdagiga urildim. Qo’lim esa allaqachon uning manglay orasini “chertib” ulgurgandi.
Sekin “Batya”ga yaqinlashdim. U shitob bilan bag’riga bosdi. Keyin boshqalarga qaradim. Hammaning rang-ro’yi o’zgargan, faqat Putin beparvodek. Tashqaridan ikki kishi kelib, “Otarchi”ning bolasini sudrab olib chiqishdi.
-Rahmon, tugadingmi, ha, tiling komingga yopishib qoldimi?
“Batya” har qancha masxara qilsa ham “Otarchi” g’ing demadi. “Batya” yuzini burishtirib, ”Oqpadar” deb qo’ydi. Adam ham shunday deydi. “Batya, uni kolxoz raisligidan Prezidentlikka ko’tardi, u esa nonko’rliq qilmoqda” degandi. Shu damda ”Oqpadar”- “Otarchi” shokka tushib qolgandi. Bunday tugashini kutmagan-da.
“Batya” menga:
-Bor, bir narsa ichib ol,-dedi.
“Bartender”ning yoniga kelsam:
-Sen ham usta Vunda o’qiganmisan?-deb so’radi.
-Usta Vun zo’r usta, shunday emasmi?- deb savoliga savol bilan javob qildim.
U tushundi. Lekin negadir uni maydonga tushirishmadi. Balki hozircha “gilam tagida” saqlashayotgandir? Kelajakda tushirishlari mumkin.
Prezidentlarga qarasam, Putin meni ko’rsatib “Batya”ga nimadir dedi. Keyin qozoq amaki ham “Batya”ning qulog’iga pichirladi.
-Hammasini bitir, ammo urusga yutqaz!-dedi “Batya” yoniga chaqirib.
Qanday qilib yutqazaman? Bu o’lim degani-ku? “Yoki “Batya” o’limimga qaror berdimi? Kallamga quyilib kelayotgan savollarni yuzimdan sezdi, shekilli:
-Qo’rqma u seni o’ldirmaydi, yo’lini topib yutqaz!-dedi.
Putin ham shu tomonga qarab turgan ekan, yonimizga kelib, kulimsiradida, o’yinsiz taslim bo’lganini aytib “Batya”ni tabrikladi. Boshqalar ham shuni kutib o’tirishgan ekanmi, o’yinga nuqta qo’yishdi.
“Batya” sevinganidanmi ko’p ichdi. U davraning qahramoni edi. Qaytarkanmiz yelkamga qo’lini qo’yib:
-Bilasanmi Putin nima dedi? Bu bolani o’zingizdan uzoq tuting,-dedi. Shu gapni Nursulton ham aytdi. Nima emish, san Kosatka emishsan. Kosatkani bilasanmi? Delfindan katta, kitdan kichikroq, uni “Orka” ham deyisharkan. Okeandan ushlab, hovuzga olib kelsang, qo’lga tez o’rganarkan. Hamma aytganingni qilarkan, lekin bir kun kelib egasini ham ayamay o’ldirarkan. Sanga bular katta narx qo’yishdi. Sotmayman, dedim. Shunday keyin sani nahang Kosatkaga o’xshatishdi. Agar san Kosatka bo’lsang, nega sotib olmoqchi bo’ldilar-a? … yetolmagandan keyin puf sassiq bo’ladi-da, – deb xoxolab kuldi-yu Toshkentga kelganimizcha maza qilib xurrakni otdi.
Uchqichdan tusharkanmiz׃
-San endi mening Do’rmondagi uyimda yashaysan. Har kun ertalab mashinamda ishga kelasan va kechqurun yana Prezident kabi uyingga qaytasan. Xuddi Prezident kabi! Oldinda va orqada kuzatuvchilar, shon-sharaf bilan borib kelasan,-dedi. Keyin yonimizdagi keksa odamga yuzlandi׃
-Zelemxon, kechagi planlar o’zgardi. Ota-onasi ham u bilan birga yashasin. Oxranani kuchaytiringlar. Uni otib ketishlari hech gap emas. Har qadamini kuzatinglar va mahkam himoya qilinglar. O’zi haqida hech qanday mish-mish chiqmasin. Ota-bobosi Qozondan va tatar ekanligini bilishsa, bizniki deb qolishadi.
“Batya” yana menga qaradi-da׃
-Sani bir umr hovuzda saqlamayman, dengizda yashaysan,-dedi,-Ammo mening sohilimga yaqin joylarda…Sanga istaganing qadar erkinlik beraman, faqat aytgan paytimda, aytgan gapimga shay tursang bo’ldi. Har kun emas, muhim voqealardagina eshik yonida bo’lasan. Safarlarga esa birga boramiz. Lekin o’zingni qo’yib yuborma! Har kuni mashq qilganing haqida adangdan hisob so’rab turaman!
Jahongir Muhammad
(Davomi bor).
Filed under: Oltinchi qavat | Tagged: oltinchi qavat, prezident tansoqchisi, soqchi, tansoqchi |
Leave a Reply