“Boshqa dunyo” kitobidan boblar

14.Hadik

-Azizlar, Xudoga shukur o’zimizning mustaqil vatanimiz va aziz yurtboshimiz bor. Garchi Amerikada mardikor bo’lib yurgan bo’lsakda ana shu tuyg’ular bilan yashaymiz. Men o’zim juda katta olimlar sulolasining a’zosiman. Oilamizdan men kabi fan doktorlari juda ko’p chiqqan. Taqdir taqozosi ekan, mana besh-olti yildan beri Amerikada yuribman. Mehnatning oq-qarosi yo’q. Kuchimiz etgancha ishlab u yo’qda qolgan oilamizga etkazib turibmiz. Meni quvontiradigan yana bir narsa bugun shogirdlarimizni Qozog’istonda, Rossiyada, Avropada va mana Amerikada ham uchratish mumkin. Shu erda atrofimizda ham shogirdlarimiz o’tirishibdi. Kelin ham shogirdimiz. Kelin-kuyovga arzimas  bir hadya olib kelganmiz…

O’zbekistonlik  bu professor majlisda emas, to’yda nutq so’zlayotganini payqadingiz. Kelinning ustozi ekan. Bu erdagi to’ylar qiziq. Gapirgan odamni deyarli hech kim eshitmaydi. Chunki kimdir gapirayotgan paytdagina sal tinchlik bo’ladi va odamlar yonlaridagilar bilan hol-ahvol so’rashib ulguradilar. Bo’lmasa musiqa sasining balandligi va hammaning o’rtaga chiqib o’ynashidan hol-ahvol so’rashga ham  imkon bo’lmaydi.

Professor chiroyli gapirar ekan. She’rlardan va maqollardan ham parchalar keltirdi. Lekin gapni aylantirib-aylantirib O’zbekiston hukumatiga olib borib taqab, hukumatni maqtab qo’ydi. Keyin Toshkentdan keltirilgan “O’zbekiston” deb nomlangan konyakni kelin-kuyovga o’tirgan stolga olib borib qo’ydi.

Amerikada to’ylar asosan restoranlarda yoki yirik mehmonxonalarning turli marosimlar o’tkaziladigan katta zallarida bo’ladi. Hozir maxsus parklar va dam olish zonalarida ham o’tmoqda.

To’yga hadya olish qoidasi ham o’ziga xos. Bo’lajak kelin-kuyov bir univermagga borib uylariga nima kerak bo’lsa, ro’yxatini qilib, do’konning kompyuterida qoldirishadi. Sizga yuborilgan taklifnomada shu do’konning nomi bo’ladi. Borib hadyani o’sha erdan olasiz. Oldinroq borgan arzonroq hadyalardan tanlaydi, kechikkanlarga qimmatlari qoladi. Kelin-kuyovda bu narsalarni do’konga qaytarish yoki almashtirish huquqlari bo’ladi.

Hadya ko’tarib yurishni istamagan odam uchun ham yo’li ko’p. O’sha do’konga pulini to’lab, “kart”ini yoki boshqa do’konga pul to’lab, istagan joydan hadya oladigan “kart”ni olib borishi mumkin. Puldorroq bo’lsangiz sovg’a-salom saytlariga kirib, buyurtma qilasiz va siz to’yxonaga kirib kelgan soatda u tomondan hadyani gulga o’rab olib kelishadi. To’yga shunday kelib, ustida nomingiz bo’lgan chek ham yozib berishingiz mumkin.  Xullas, pul bo’lsa jangalda sho’rva.

Bugungi to’yning sohibi Turkiya orqali kelgan o’zbek. Toshkentdan kelin olibdi. U bizni xursandlik bilan kutib olarkan׃

-Sizni qaysi tomonga olaylik?-dedi.

Ajablanib qoldim. Keyin tushuntirib berdi. Bir tomonda o’zbekistonlik hukumatparast o’zbeklar. Karimov rejimiga qarshi bo’lganlar boshqa tomonda.

-Nega bunday ajratdingiz?-deb so’radim undan.

-O’zlari shunday iltimos qilishdi,-dedi u hukumatparastlar o’tirgan tomonni ko’rsatib.- Qolaversa, biz ham mushtlashuv chiqib, to’yimiz buzilib ketishini istamaymiz.

U jilmayib qo’ydi. O’zbekistonga borib-kelib turadi. To’ylarda mushtlashuv chiqishi hollarini ko’rgan-da.

Indamay “o’zimiznikilar” tomonga o’tdik. Gapirayotgan professor narigi stoldan. Bir yurtning farzandlari bir-birimizdan ayri-ayri o’tiribmiz. Bu hol xayol ko’chalariga boshlab ketdi.

Bir kun Sietl aeroportida taksidan yukni olar ekanman, yoshgina yigit kelib yordamlashdi. Gaplashib qoldik. Iroqlik turk ekan. Ismi Kamol. Birozdan keyin yonimizga uning do’stlari, yana ikki yigit kelishdi. Ibrohim va Murod.

O’zaro chug’urlashib qoldik.  Ibrohimni fors yoki afg’on deb o’yladim. Lekin novchadan kelgan, soch va qoshlari malla rang bo’lgani uchun Murodning qaerlik ekanligini taxmin qila olmadim. Buni sezdi, shekilli:

-Shimoliy Iroqdanman, – dedi turkchalab.

Ibrohim esa forschaga o’xshatib:

-Men Kurdistondanman, – dedi.

-Kurdiston deganingiz qaerda? – deb so’radim bilmaganga olib. Ular bir-birlariga qarab jilmayishdida, so’ng Ibrohim:

-Kurdistonni qalbimizga ko’mib, Amerikani Vatan qildik, – dedi.

Ular Iroqdan kelayotgan yurtdoshlarini kutib olishga chiqqan ekanlar.

Bir necha daqiqalik suhbatimizdan ma’lum bo’ldiki, Ibrohim Eronda tug’ilib o’sgan, voyaga etgach, Shimoliy Iroqqa o’tib, Kurdiston Yurtsevarlar harakatiga qo’shilib, Talaboniy guruhi tarafida jang qilgan. Murod  Kurdiston Demokratik partiyasi safida jangohlarga kirgan ekan. Kamol diniy yo’nalishdagi harakatda jang qilibdi.

-Uchalamiz ham bir-birimizga qarshi o’q otganmiz, kechagi dushmanlar bugungi do’stlarga aylandik, – dedi Murod.-Shimoliy Iroqqa Saddam Husayinning askarlari bostirib kirganda, biz Turkiya orqali Amerikaga sig’indik…

Ularni bir uyga joylashtirishibdi.

-Oilalarimiz, bolalarimiz bilan birga yonma-yon yashayapmiz.

-Janjallashib ham turasizlarmi?-dedim hazillashib.

-Avvaliga biroz dahanaki jang qildik, keyin qarashlarimiz bitta nuqtada birlashdi,-dedi Ibrohim.-U ham bo’lsa adashganligimiz. Birimiz Barzoniyga, yana birimiz Talaboniyga, uchinchimiz O’jalanga ishonib qo’limizga qurol oldik. Oz emas, ko’p emas o’ttiz guruhga bo’lindik. Yillardir bir-birimiz bilan jang qilib, bir-birimizni o’ldirib, qon to’kib yashayapmiz. Amerikadan nazar solganimizda, “Kurdiston” bahonasida kimlarningdir manfaatlari yo’lida qurbon bo’lganimizni angladik va birlashishga qaror qildik.

Uning gaplari xuddi BMT minbaridan aytilayotgandek jarangdor. Bizda bunday gaplarni “qizil gap” deymiz. Lekin u chin yurakdan gapirayotganini bolalarnikidek samimiy ko’zlaridan ham sezish mumkin edi.

Ular bilan xayrlashar ekanman, xuddi amerikaliklarga o’xshab jilmayib turishlari va atrofdagilarga yordam berishga shoshilganlari yodda qoldi. Oradan yillar o’tib ketdi. Ularni qaytib uchratmadim. Uchratmasam ham kerak. Chunki ular Tinch okeani sohilida qolishdi. Biz esa Atlantika tomondamiz. Ammo xotira  yo’llarida bundaylar bilan uchrashaverar ekansiz. Mana,  to’yda ularni eslab o’tiribman.

Amerika muhiti ularni o’z bag’riga tortib, qaysi bir ma’noda eritib yuborgandi. Ammo shu narsa ham borki, ular ertaga yana Iroqqa qaytsalar qo’llariga qurol olishga majbur bo’ladilar. Zamon va makon qonuniyati…

Lekin bunday yigitlar uchun orqaga yo’l yo’q. Orqada ularni xoin deb bilishadi. Xoinliklari esa o’zaro nifoq, kin, nafrat va dushmanlikni tark etib, do’st bo’lganlaridir.

Iroqda ular a’zo bo’lgan guruhlar o’zaro dushman. Bunday paytda ular yangi bir hayot boshlaganlari bir tarafdan quvonarli, ikkinchi tomondan mahzunli.

Quvonchi ham, mahzuni ham o’zlariga, deya bu voqeani unutishga harakat qilib ulgurmasimdan Portland shahridagi parkda Ozarbayjon turkchasida gaplashayotgan ikki kishi bilan tanishganim yodimga keldi.

Ulardan birining ismi Baxtiyor, ikkinchisiniki Aram ekan. Biri ozarbayjon, ikkinchisi armani. Yonlarida umr yo’ldoshlari va bolalari bilan sayrga chiqishibdi. Kavkazcha shashlik pishirishayotgan ekan. Tanishib qoldik.

Sovet Ittifoqi parchalanayotgan yillarda Armaniston va Ozarbayjonda yuz bergan voqealardan keyin Aram va oilasi Bokudan Moskvaga, u erdan esa Amerikaga sig’inishibdi.

Baxtiyor va umr yo’ldoshi Armanistondan – o’zlari tug’ilib o’sgan yurtdan quvilgan. Bu armanistonlik ozarbayjon yigiti Gurjiston orqali Turkiyaga va u erdan Amerikaga kelibdi.

Dunyoning ishlarini qarangki, bu ikki ko’chman oilaga ham yonma-yon uy berishibdi. Ularni bir sinfda ingliz tiliga o’qitishibdi va bolalari ham bir maktabda tahsil olisharkan.

Amerika zehniyatiga ko’ra, bu oddiy hol. Millati, o’lkasi emas, balki insonligiga ko’proq ahamiyat beriladi. Balki ularni bir-biriga yaqinlashtirish maqsadi ham bor bo’lsa bordir? Ammo bu  taxmin. Lekin haqiqat shuki, kechagi dushmanlar, bugungi do’stlarga aylanishgan.

Endi ajralib ketish uchun moddiy imkoniyatlari etarli bo’lsada, ular birgalar. Ammo ular bilan suhbatlashar ekansiz, juda ko’p narsa o’zgarganini, lekin zehniyatda eski qabariq izlar bo’rtib turganini ham sezasiz.

-Bokuni sog’insangiz kerak,-degan savolimga Aramning xotini javob qildi:

-Bu er boshqacha. Tinchlik bor. Turmush ham yomon emas. Bu erda o’z engil mashinam bor. Aramning ham o’z mashinasi bor. Bundan tashqari o’g’limiz, qizimizda ham alohida – alohida mashinalar mavjud. Bokuda bo’lsak, buni ololarmidik?

Gap oxir-oqibatda bir parcha temirga qadaldi. Maylida… bu ham zehniyat…

Lekin Iroqda yoki Bokuda va yoxud Amerikada insonga qarash zehniyati bilan mashinaga, ya’ni oxir oqibatdagi bir parcha temirga qarash zehniyatini taqqoslang, temirning qudratini ko’rasiz.

Sizning ko’z oldingizga nima kelganini bilmaymanu, mening ko’z oldimga Toshkentdagi Mustaqillik maydonining muyulishida turadigan mirshab keldi. U ertadan kechga qadar Prezident Devoniga, Oliy Majlis va Vazirlar Mahkamasiga kirib chiqqan mashinalarga ruscha aytganda “chest”, o’zbekcha aytganda salom beradi. Ana shu mashina ichida o’tirganlar uning yonidan piyoda o’tishganda esa, yuzlariga qayrilib ham qaramaydi. Temir zehniyat.

To’yda shular haqida o’ylashimga ikkiga bo’linib o’tirgan o’zbeklarimiz sabab. Bir-biriga qarshi qurol ko’tarmagan bo’lsada, Amerikada ham “ehtiyot chorasini ko’radi”.

O’zimga o’zim ”Ularku ehtiyot chorasini ko’rishibdi, senchi?” dedimda shartta o’rnimdan turib hukumatparastlar o’tirgan stol tomonga yura boshladim. Ularga salom berib, o’zimni tanishtirmoqchi bo’ldim. Yaqinlashgan sayin ularning ranglari oqarayotganini sezdim. Demak taniydilar, tanishtirishga hojat yo’q. Shunda ham borib hozirgina kelin-kuyovni tabriklagan domlaga׃

-To’ylar muborak, shogirdingiz ekan kelinimiz,-dedim.

U noiloj o’rnidan turib, uzatgan qo’limni tutarkan, ich-ichdan qaltirab ketayotganini sezdim.

-Rahmat,-dediyu lablari titradi. Qolganlar boshlarini egib o’tirardilar. Shunda Islom Karimov rejimining ko’lankasini ko’rgandek bo’ldim. Bu ko’lanka ularning butun vujudini o’rab olgandi. Ulardagi qo’rquvni boshqacha izohlash qiyin.

Lekin bu doimiy emas. Vaqtinchalik holat. Iroqda bir-birini o’ldirgan qavmlar, Kavkazda qon to’kkan qo’shnilar, Yugoslaviyada qirg’in-barotning ichida qolganlar, Afg’onistonda turli tarafda turganlar Amerikada do’stga aylanib ketganlarini ko’rdim.

Domlaga yana bir ikki jumla gap qotib, yonidan o’tib tashqariga chiqdim. Sigaretni bahona qilib chiqqanlar ko’p ekan. Gaplashib tursak, domlaning stolidagilar ham birin-ketin tashqariga chiqa boshladilar. Har biri kelib salomlashib׃

-Xafa bo’lmaysiz, elchixonadan bittasi bor,- deb pichirlar va ichkarini ko’rsatardi.

Bir payt domla ham chiqib qoldi. U ham ayni gapni aytsa bo’ladimi?! Hammasiga “Albatta, vatanga borib kelasizlar, tinchlik kerakda” kabi gaplar qilib qo’yishga to’g’ri keldi.

To’ydan qaytar ekanmiz bir kishi yonimga kelib salomlashdi. Keyin׃

-Aka, elchixonada ishlayman, jonga tekkan, Amerikada qolmoqchimiz, oilamiz bilan, bitta xat yozib berolmaysizmi?-dedi.

Nima deyman? Yumshoq diplomatiya qilishga urindim׃

-Ishim hukumat bilan bog’liq, hozirgi vazifamda bu ishni qilish juda qiyin,-dedim.

To’y kayfiyati edi-da.

Bugun to’yning ikki tomonida o’tirgan biznikilar ham boshqalar kabi bir kun kelib birlashadilar. Balki ularni Karimov rejimining qulashi birlashtirar, inshoolloh? Chunki bu rejim bilan birga ularning qo’rquvlari ham qulaydi. Lekin hadik degan chuqur ildizli “daraxt” o’z-o’zidan qulamasa kerak? Uni qulatmoq lozim.

(Davomi bor).

Jahongir Mamatov.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: