Muallifga maktublar

„O’zbeksotar“ni o’qib

Assalomu alaykum Jahongir aka, oradan birmuncha vaqt o’tgandan so’ng yana maqolalaringizdan bahramand bo’layotganimizdan juda xursandman.

„O’zbeksotar“larni o’qib bu holat hozirda O’zbekistonda deyarli ayb hisoblanmay qolganini aytib o’tmoqchi edim.

Maqolangizni o’qib qishlog’imizdagi Xudoyqul aka (ismi biroz o’zgartirilgan) esimga tushdi.

Anchayin qo’li kalta, mahallada to’y ma’rakalarga birov aytsa birov aytmaydigan, deyarli o’rni bilinmaydigan odam edi. Faqatgina yerni haydash kerak bulganda u kishi eslanardi.

Lekin oradan bir qancha vaqt o’tib bir qizi voyaga yetdi va Dubayga „pechene pishirishga“ ishlash uchun o’z ixtiyori bilan ketdi.

Oradan ko’p o’tmay ikkinchi qizini ham o’sha yoqqa yubordi. Bilasiz qishloqda gap qanchalik tez tarqaladi. Dubayga borganlar, ko’rganlar u kishining qizlarini fohishaxonalarda „pechene pishirayotgan“ini aytib kelar edilar.

Lekin Xudoyqul aka qizlari haqida faxrlanib gapirar, kiyinish yurish-turishlar, uylari o’zgargan, hattoki o’g’illarini ham yaxshi universitetlarga o’qishga joylashtirdi, oilada har bir a’zo mashinali bo’ldi. Mahallada davraning to’ri ham Xudoyqul akaniki bo’ldi.

Endi bu odam bilan mahalla oqsoqoli ham o’lab gaplashadi, o’g’illari sportchi, karatechi, birov ular haqida salbiy fikr aytsa darrov oila jamuljam bo’lib o’sha odamning adabini beradi. Bu narsalar oddiy holat, ko’pchilik Xudoyqul akaga havas qiladilar, shu kishidek bo’lishni xohlaydilar. Nafratlanganlar esa nafratini faqat ichida saqlaydi.

Xayolimda mustaqillikdan so’ng balki men esimni ancha taniy boshlaganim uchun menga shunday tuyular, ayniqsa 2000 yildan keyin O’zbekistonda poraxo’rlik, sudxo’rlik, birovni so’kish, do’pposlash ayb hisoblanmay qoldi. Poraxo’rlikka qarshi kurash haqida eng poraxo’r odamlar og’iz ko’pirtirib gapirishadi. Pora termini o’rniga „shapkasi“, „xarajati“, „chiqimi“ kabi terminlarni ishlatadigan bo’lishdi.

Pora olmagan va bermagan rahbarning tezda kovushi to’g’irnadi, ko’pchilik nazarida landovur, latta, o’zi ham yemaydi yeganni ham ko’rolmaydigan pastkash „mard bo’lmagan“, „lattachaynar“ odam sifatida qaraladi.

Kim bilan gaplashmang hammaning dardi pul topish, lekin pulni qaysi yo’l bilan topish halolmi harommi hech kimni qiziqtirmayotgandek go’yo.

Hattoki og’zidan Xudoning nomi tushmaydigan mullolar ham pulga shunaqangi mukkasidan ketganlarki, biror ziyoratgohga borib qolsangiz albatta masjidga kirib mulloga qur’on tilovat qilish zarurligini aytib turadigan yordamchilari bor.

Qur’on tilovatidan keyin albatta unga pul berish kerak, o’zi so’ramasa ham ko’zi so’raydi. Agar xayriya qutisiga tashlamoqchi bulsangiz sekingina quti to’lib ketgan bu yoqqa berib qo’yaveringlar deyiladi. Shaharu qishloqlarimizda kinnachi, folchi, baxshi, bibi seshanbayu, joduchi ayollar har yettita xonadonning bittasida bor desam mubolag’a bo’lmasa kerak.

Eshon buvalar murid ovlab ovul kezadi, ayniqsa hosil yig’ar payt. Ishxonada boshliqlar yoshlarga korxonaga, vatanga xizmat qilish xaqida juda ko’p uqtiradilar, lekin o’zlarining pastdan olib yuqoriga berishdan boshqa tayinli ishlari yo’q.

SNB pora, melisa pora, domlo pora, vrach pora qisqasi poraxo’rlik kirib bormagan sohaning o’zi yo’q. Bola tug’ilib katta odam bo’lib to go’rga kirguncha pora. Agar go’rga kirib qutulsa. Hali ham shunchalik yer ko’tarib turganiga shukur qilishimiz kerakdir balki.

Ko’pchilik umidni chet ellarda o’qib oq qorani tanib kelgan yoshlarga bog’laydi. Yaqinda bir asfalt ko’rgan chet ellarda ko’p o’qigan uzoq vaqtdan buyon gaplashmagan o’rtog’im bilan skype orqali gaplashib anchayin xunobim oshdi. Imidji o’zgargan, yevropaliklarga o’xshashga harakat qiladi. Uzun suhbatdan keyin O’zbekistonga qaytib ketmasligini, menga ham shunday qilsam hayotda xato qilmagan bo’lishligimni maslahat berdi.

Aytishiga qaraganda ismi va familiyasidan uyalarmish. Men ham soddalik qilib familiyangizdagi „ov“ ning o’rniga „o’g’li“ desangiz ham bo’ladi, haqiqiy o’zbekcha chiqadi deb maslahat berib kulgiga qoldim.

Men aytganday qilsa turklarga o’xshab qoladi, yevropada turklarni ham diskriminatsiya qiladi, yaxshi yashayman desang yevropacha ism tanla deb menga aqlli maslahatlarini ayamadi.

Yana nima emish dunyodagi eng kambag’al til o’zbek tili emish. Buni qaerdan bilaqolding desam bir tatar millatiga mansub toshkentlik opasi aytibdi.

Keyin biroz surishtirsam o’sha „opa“ o’zbek tilini o’rganolmagan ekan. Mening o’rtog’im ham bu gapdan keyin iloji boricha o’zbekcha gapirmaslik harakatida. Mana shunaqa ziyoli, ko’cha ko’rgan odamlarimiz ham yo’q emas.

Jahongir aka, sizni har xil bo’lar bo’lmas gaplarni aytib boshingizni og’ritayotganim uchun uzr so’rayman.

O’sha yigitga o’xshagan o’zbeklarimiz chet elga chiqib shu tomondan beri kelmasligiga achinmayman, balki shukur ham qilaman.

Lekin sizdek insonlarning vatandan uzoqda yurishi, hatto yozgan asarlariga vatanda taqiq qo’yilishi hammamiz uchun juda og’ir bir holat.

So’nggi kunlarda sizning saytingiz orqali yana bir qancha yosh ijodkorlar saytlari haqida ham boxabar bo’ldik.

Demak, teran fikrlaydigan, asl demokratiya nimaligini tushunadigan, Madaminovu Tohir Yo’ldoshlarga ergashib ketavermaydigan, vatanni, xalqni, o’z ona tilini sevadigan xalqning siz kabi asl farzandlari ko’p bo’lmasa ham bor ekanliklaridan boshim osmonga yetdi.

Sizga mustahkam sog’lik, oilangizga tinchlik, yaxshi kunlarda ertaroq vatanga qaytish nasib qilishini Yaratgandan tilab, Alijon.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: