ЎЗБЕКСОТАРЛАР
Мустақилликнинг ўнинчи йиллиги нишонлангандан сўнг орадан бир ой ўтиб шу ибора пайдо бўлди. Гап шундаки, АҚШда 2001 йил 11 Сентябрда учқичлар билан Америка рамзлари ҳисобланган биноларга ҳужум қилингандан кейин жилови тортилган эркинликлардан бири бу ерда ғайриқонуний юрган муҳожирларни ушлаш бўлди.
Ушла-ушла борар экан, матбуотда бир хабар пайдо бўлди. Ўзбекистонлик бир эр-хотин ёш-ёш ўбекларни олиб келиб, Америкада сотишар экан. Сотиш деганда табиийки қул каби сотиб юбориш эмас, балки уларни қулдан ҳам баттарроқ шаклда сотиш, яъни уларнинг вужудлари ҳисобига пул қилиш билан шуғулланишар экан. Полиция визаси ўтиб кетган фоҳиша қизлардан айримларини ушлагач, ипнинг учи эгаларига, яъни эр-хотинга борган ва улар ҳам қўлга олинган. Эр-хотин олий маълумотли бўлиб, инглиз тилини яхши билишгани учун ва қизлар билишмаганидан фойдаланиб уларнинг устидан пул қилар экан.
Умуман мана шундай “хизмат”ларнинг жуда кўп тури тарқалиб қолганди. Масалан, Ўзбекистондан илгари Америкага келган бир киши мен ширкат очганман, сизлар ишлайсизлар, деб ўнлаб ёшларни олиб келар, уларга энг оғир ишларни қилдириб соатига 1-2 доллардан тўлар экан. Аслида эса, бу иш ғайри қонуний. У одам бу ишни ўзим қилаяпман, деб соатига 15-20 доллардан олгани ҳолда бечора юртдошларига ўн баравар кам ҳақ тўлар экан. Яна оғзини тўлдириб ватанга хизмат қилаяпмиз, дейишига қойил қоласиз.
Алданганлар нима қилишсин, кимга шикоятга боришади? Боришса, ўзларини қамайди. Чунки визалари ўтган, ғайриқонуний ишлаб юрибдилар ва ҳоказо.
Қўлга тушган эр-хотин ҳақида ёзган журналист “Ўзбексотар ўзбеклар” деган иборани ишлатганди. Уни ўқиган ўзбекистонлик бир танишим эса,:
-Нима қипти, Бухорода чет элга жўнатаман, деб пулини олиб, ўзларини бўлаклаб ташлаган воқеа бўлди, Тошкентда мушук гўштини еганлар ўртага чиқди, пул учун ота-онасини сўйганлар ҳам бўлди, уларнинг олдида бу ҳеч нарса эмас-ку,- деди.- Бу ҳам мустақиллик “шарофати”. Балки ҳақиқий мустақил бўлиш учун шундай кўчалардан ўтишимиз керакдир?
Мени эса, бу воқеада кўпроқ Америкага келган, қорни тўқ одамлар ўз миллатидан бўлган бечораларни сотишгани, яъни ўзбексотар ўзбекларга айланишгани ўйлантирарди.
ЖМ.
2007.
Filed under: Maqolalar |
Assalomu alaykum Jahongir aka, oradan birmuncha vaqt o’tgandan so’ng yana maqolalaringizdan bahramand bo’layotganimizdan juda xursandman. „O’zbeksotar“larni o’qib bu holat hozirda O’zbekistonda deyarli ayb hisoblanmay qolganini aytib o’tmoqchi edim. Maqolangizni o’qib qishlog’imizdagi Xudoyqul aka (ismi biroz o’zgartirilgan) esimga tushdi. Anchayin qo’li kalta, mahallada to’y ma’rakalarga birov aytsa birov aytmaydigan, deyarli o’rni bilinmaydigan odam edi. Faqatgina yerni haydash kerak bulganda u kishi eslanardi. Lekin oradan bir qancha vaqt o’tib bir qizi voyaga yetdi va Dubayga „pechene pishirishga“ ishlash uchun o’z ixtiyori bilan ketdi. Oradan ko’p o’tmay ikkinchi qizini ham o’sha yoqqa yubordi. Bilasiz qishloqda gap qanchalik tez tarqaladi. Dubayga borganlar, ko’rganlar u kishining qizlarini fohishaxonalarda „pechene pishirayotgan“ini aytib kelar edilar. Lekin Xudoyqul aka qizlari haqida faxrlanib gapirar, kiyinish yurish-turishlar, uylari o’zgargan, hattoki o’g’illarini ham yaxshi universitetlarga o’qishga joylashtirdi, oilada har bir a’zo mashinali bo’ldi. Mahallada davraning to’ri ham Xudoyqul akaniki bo’ldi. Endi bu odam bilan mahalla oqsoqoli ham o’lab gaplashadi, o’g’illari sportchi, karatechi, birov ular haqida salbiy fikr aytsa darrov oila jamuljam bo’lib o’sha odamning adabini beradi. Bu narsalar oddiy holat, ko’pchilik Xudoyqul akaga havas qiladilar, shu kishidek bo’lishni xohlaydilar. Nafratlanganlar esa nafratini faqat ichida saqlaydi. Xayolimda mustaqillikdan so’ng balki men esimni ancha taniy boshlaganim uchun menga shunday tuyular, ayniqsa 2000 yildan keyin O’zbekistonda poraxo’rlik, sudxo’rlik, birovni so’kish, do’pposlash ayb hisoblanmay qoldi. Poraxo’rlikka qarshi kurash haqida eng poraxo’r odamlar og’iz ko’pirtirib gapirishadi. Pora termini o’rniga „shapkasi“, „xarajati“, „chiqimi“ kabi terminlarni ishlatadigan bo’lishdi. Pora olmagan va bermagan rahbarning tezda kovushi to’g’irnadi, ko’pchilik nazarida landovur, latta, o’zi ham yemaydi yeganni ham ko’rolmaydigan pastkash „mard bo’lmagan“, „lattachaynar“ odam sifatida qaraladi. Kim bilan gaplashmang hammaning dardi pul topish, lekin pulni qaysi yo’l bilan topish halolmi harommi hech kimni qiziqtirmayotgandek go’yo. Hattoki og’zidan Xudoning nomi tushmaydigan mullolar ham pulga shunaqangi mukkasidan ketganlarki, biror ziyoratgohga borib qolsangiz albatta masjidga kirib mulloga qur’on tilovat qilish zarurligini aytib turadigan yordamchilari bor. Qur’on tilovatidan keyin albatta unga pul berish kerak, o’zi so’ramasa ham ko’zi so’raydi. Agar xayriya qutisiga tashlamoqchi bulsangiz sekingina quti to’lib ketgan bu yoqqa berib qo’yaveringlar deyiladi. Shaharu qishloqlarimizda kinnachi, folchi, baxshi, bibi seshanbayu, joduchi ayollar har yettita xonadonning bittasida bor desam mubolag’a bo’lmasa kerak. Eshon buvalar murid ovlab ovul kezadi, ayniqsa hosil yig’ar payt. Ishxonada boshliqlar yoshlarga korxonaga, vatanga xizmat qilish xaqida juda ko’p uqtiradilar, lekin o’zlarining pastdan olib yuqoriga berishdan boshqa tayinli ishlari yo’q. SNB pora, melisa pora, domlo pora, vrach pora qisqasi poraxo’rlik kirib bormagan sohaning o’zi yo’q. Bola tug’ilib katta odam bo’lib to go’rga kirguncha pora. Agar go’rga kirib qutulsa. Hali ham shunchalik yer ko’tarib turganiga shukur qilishimiz kerakdir balki.
Ko’pchilik umidni chet ellarda o’qib oq qorani tanib kelgan yoshlarga bog’laydi. Yaqinda bir asfalt ko’rgan chet ellarda ko’p o’qigan uzoq vaqtdan buyon gaplashmagan o’rtog’im bilan skype orqali gaplashib anchayin xunobim oshdi. Imidji o’zgargan, yevropaliklarga o’xshashga harakat qiladi. Uzun suhbatdan keyin O’zbekistonga qaytib ketmasligini, menga ham shunday qilsam hayotda xato qilmagan bo’lishligimni maslahat berdi. Aytishiga qaraganda ismi va familiyasidan uyalarmish. Men ham soddalik qilib familiyangizdagi „ov“ ning o’rniga „o’g’li“ desangiz ham bo’ladi, haqiqiy o’zbekcha chiqadi deb maslahat berib kulgiga qoldim. Men aytganday qilsa turklarga o’xshab qoladi, yevropada turklarni ham diskriminatsiya qiladi, yaxshi yashayman desang yevropacha ism tanla deb menga aqlli maslahatlarini ayamadi. Yana nima emish dunyodagi eng kambag’al til o’zbek tili emish. Buni qaerdan bilaqolding desam bir tatar millatiga mansub toshkentlik opasi aytibdi. Keyin biroz surishtirsam o’sha „opa“ o’zbek tilini o’rganolmagan ekan. Mening o’rtog’im ham bu gapdan keyin iloji boricha o’zbekcha gapirmaslik harakatida. Mana shunaqa ziyoli, ko’cha ko’rgan odamlarimiz ham yo’q emas.
Jahongir aka, sizni har xil bo’lar bo’lmas gaplarni aytib boshingizni og’ritayotganim uchun uzr so’rayman. O’sha yigitga o’xshagan o’zbeklarimiz chet elga chiqib shu tomondan beri kelmasligiga achinmayman, balki shukur ham qilaman. Lekin sizdek insonlarning vatandan uzoqda yurishi, hatto yozgan asarlariga vatanda taqiq qo’yilishi hammamiz uchun juda og’ir bir holat. So’nggi kunlarda sizning saytingiz orqali yana bir qancha yosh ijodkorlar saytlari haqida ham boxabar bo’ldik. Demak, teran fikrlaydigan, asl demokratiya nimaligini tushunadigan, Madaminovu Tohir Yo’ldoshlarga ergashib ketavermaydigan, vatanni, xalqni, o’z ona tilini sevadigan xalqning siz kabi asl farzandlari ko’p bo’lmasa ham bor ekanliklaridan boshim osmonga yetdi. Sizga mustahkam sog’lik, oilangizga tinchlik, yaxshi kunlarda ertaroq vatanga qaytish nasib qilishini Yaratgandan tilab, Alijon