Savol-Javob

Turkiya demokratiya yo’lidan o’tmoqda

SAVOL: Jahongir aka. Savollariga yana javob berayotganingiz uchun rahmat. Menimcha butun jamiyatda ana shunday savol-javob muhiti yaratilishi kerak. Bundan 5-6 yil oldin Siz buni boshlagan edingiz, keyin boshqalar ham qo’shilishdi. Ammo Siz to’xtatgandan keyin hamma joyda to’xtab qoldi. Shu ham Siz bu ishni davom ettirishingiz kerakligini ko’rsatadi. Buni mendan oldin tushunib, savollarga javob berishni tiklaganingizdan xursandman. Mening savolim-Bizdan qachon Rajab Toyib Erdo’g’an, Abdulla Gullar yetishib chiqadi, deb o’ylaysiz? Hurmat bilan Akmal.

JAVOB: Ha, aytganingiz kabi butun jamiyatda savol-javob muhiti yaratilishi kerak. Bu demokratiyaning asosiy tamoyilidir. Chunki haqiqat savol-javoblarda o’rtaga chiqadi, adolat savol-javoblarning nihoiy  manzilidir va hokazo.
Savolingizga kelsak, albatta men hamma sohada bilimdon bo’lmasamda, hamma sohada o’z fikrimga egaman va javobim ham shundan kelib chiqadi.

Turkiyada bir necha yillardan beri rahbarlik qilayotgan Rajab Toyib Erdo’g’an, Abdulla Gullar qandaydir Sovet rejimining yoki diktaturaning “mahsuloti” emas, ular demokratik jamiyat etishtirgan shaxslardir.

Turkiyada bir necha yil yashab, u yerdagi matbuotda ishlaganim uchun Erdo’g’an, Gul va ularning safdoshlarini ham yaxshi bilaman. Ularning hammasi Turkiyada demokratiya ildiz otgan, so’z va matbuot erkinligi mavjud sharoitlarda ulg’ayishgan. Bahslar, torishuvlar, davlat to’ntarishlari, qamoqlar, qamoqdan chiqib erkin saylovlarga kira olish kabi xalqning qudratini namoyish etadigan demokratik muhitda kamol topganlar.

Albatta, Turkiyadagi demokratiya harbiylar tomonidan “qo’riqlangan”. Lekin matbuot erkin edi, ko’ppartiyaviylik mavjud edi. Bugun ham bu ana’na buzilgan emas. Chunki  buni buzishsa, ularning o’zlari ham siyosiy sahnadan tushib ketishlarini kim kim Erdo’g’an va Gul yaxshi bilishadi. Lekin sekinlik bilan buni buzishga urinishmoqda.

Ularni ko’rganimda, suhbatlarini tinglaganimda “bular motrudiychilar bo’lsa kerak” deb o’ylagandim. Motrudiyning “tilda va dilda” degan ta’limotini yaxshi biladilar va aqlning kuchiga ishonadilar, degan fikr kechgandi xayolimdan. Bugun ham bu fikrim o’zgargan emas.

Aks taqdirda ular galstuk(bo’yinbog’)larini echib otgan, soqol qo’ygan, salla kiygan, demokratiyani kufr deb e’lon etgan bo’lishardi. Vaholanki,  ularning eng “radikal” gaplari “demokratiya bizni manzilga olib boradigan poezddir, istagan paytda tushib qolishimiz mumkin” degan gap bo’ldi.

Mana qariyb o’n yil bo’ldiki, bu poezddan tushishgani yo’q. Menimcha tushish niyatlari ham bo’lmasa kerak. Chunki “demokratiya” degan so’z lotincha bo’lgani bilan uning o’zbekchasi  – “xalq boshqaruvi”  o’zimizga xosdir va ular xalqning kuchi bilan hokimiyatga keldilar, parlament yo’li bilan (xalq tamsilchilari orqali) mamlakatni idora etmoqdalar.

Ana shundan kelib chiqadigan bo’lsak, bizda Erdo’g’an va Gul kabilarning yetishib chiqishi uchun anchagina qovun pishig’i, balki anchagina muchallar  aylanishi kerakka o’xshaydi.

Turkiya matbuotini har kuni kuzatib boraman va Erdo’g’an haqida yozilgan va aytilayotgan tanqidiy gaplarni menga qarshi aytsangiz hatto mening ham asablarim bardosh berolmaydi. Ba’zilar esa tentak bo’lib qoladilar. Tentak bo’lganlarni esa aytmasa ham bo’ladi.

Erdo’g’an va Gullarning asablari metinligi, bardoshlari buyukligi, aqllari butunligi, o’zlarining noshudliklarini boshqalarning tanqidi tufayli deb isbotlashga urinmaganliklari va eng muhimi din va demokratiyani ajratmaganlari, aksincha har ikki kuchni ham yelkalarida ko’tara olishlari, tanqidlarga to’g’ri baho berishlari bilan bog’liq deb o’ylayman. Bu mukammalik uchun jamiyatda uzoq vaqt erkin matbuot va erkin so’z hukm surishi kerak.

Biz esa endi Turkiyaning 70-75 yil oldingi alg’ovli-dalg’ovli davriga kirib borayapmiz.

JM.

Leave a comment