ZAMBURMASAL
SVET
Kir yuviladigan Tog’orani devorga osib qo’ydilar. U quyosh nurida qizib, rohatlanib yotar va yonida osiqliq turgan O’rog’u Arraga maqtardi׃
-Meni sizlardan ham to’rroqqa va teparoqqa osib qo’yishdi. Bunday hurmat va ehtiromga etish oson emas. Kir yuvilganda men suvni tashqariga sachratmaslikka urinardim. Egamga shu xislatim yoqqan bo’lsa kerakki, menga bu qadar hurmat ko’rsatdi…
Tog’oraning darang-durungiga O’roq va Arra kulib qo’yishdi.
-Bizning o’rnimiz doim man shu erda,-dedi O’roq.-Istagan paytda olishadi va foydalanishadi. Keyin yana e’zozllab osib qo’yishadi. Ammo bu Tog’ora o’z kelajagini taxmin qilolmayapdi.
-Uni ham kerak bo’lganda olib, keyin yana osib qo’yishadi. U ham endi bizning safdoshimiz.
-E, yo’q,- dedi O’roq.-Qarasang-chi, ana u guvillab ishlayotgan narsaga. Uni kecha olib kelishdi. Nomi Kir yuvadigan mashina…
Tog’ora bu gapga darang-dirung׃
-Bilaman o’sha Kir yuvadigan mashina ekanligini. Lekin sizlar bu hovlida haftalab, ba’zan esa oylab svet bo’lmasligini bilmaysizlar-da!
TARTIBSIZLIK
Qanday bo’lib Qaychi “qiych-qiych” etib, oshxonadagi tartibsizlik haqida gapirib qoldi. Birdan unga qarshi isyon boshlandi׃
-Sening o’rning boshqa xonada, nega oshxonaga kelib qolding, maqsading buzg’unchilikmi!-deya baqirdi Pichoq.
-Hov Qaychi, nega buncha qaychillaysan? Aslida sen bizdan emassan, nega bizning ishimizga burun suqasan, og’zingni yop va yo’qol bu yerdan!-deb O’qloq ham Qaychiga o’dag’ayladi.
Shu zayl uni so’kmagan, tahqirlamagan qolmadi.
-Men tushuna olmayapman, sizlarga nima bo’lgan o’zi? Bir marta og’zimni ochib baloga qoldim-ku?
Nina sekin uning qulog’iga pichirladi?
-Tovushingi o’chir! Nahotki bilmasang, tartibsizlik Qo’l bilan bog’liq. Agar Qo’l gapingni eshitib tartib o’rnata boshlasa, bular joylarini yo’qotadilar!
DEVOR
-Televizor Devorga maqtandi׃
-Hech e’tibor qilganmisan, egam meni juda ham yaxshi ko’radi, sendan esa nafrat qiladi.
-Nega bunday deyapsan?
-Nahotki ko’rmasang, egam har kuni menga qarab o’tiradi. Qaraganda ham ikki ko’zi faqat menda. Meni shunchalik yaxshi ko’radiki, to uxlab qolgunga qadar mendan ko’zini uza olmaydi. Senga esa orqa o’girib o’tiradi. Ilgari oralaringdan bir gap o’tganmi deyman!
-Birodar, ilgari bu xonada sen yo’q eding. U paytda egamning ko’zi doim kitobu daftarda edi. Nima gap ham o’tsin!
-Balki undan oldinroq oralaringdan bir gap o’tgan bo’lishi mumkin.
-Qiziqmisan? Undan oldin egam onasining qornida edi…
-Voy-bo’! Osmondasan-ku! Bu uyda hamma vaqtincha, men esa abadiy demoqchimisan?
-Yo’g’-e, meni tiklagan odamning ishi pishiq bo’lmaganda men ham allaqachon bu joydan siljigan bo’lardim, shuni aytmoqchiman, -dedi Devor kamtarlik bilan.
TV va KOMPYUTER
Televizor Kompyuterga gap otdi׃
-Kun bo’yi uxlayverib zerikib ketdim…
-Ha, modadan qoldingiz tog’a, siz uyning yarmini egalab yotibsiz, buning ustiga endi faqat ana u ikkita keksa, uyquchi odamga keraksiz, xolos. Yoshlar esa mening oshig’im!
-Men ham edim senday, sen ham bo’larasan menday,-dedi Televizor bamaylixotirlik bilan.
-Og’zingizga kelganini gapiravermang, bunday u yoq-bu yoqqa qarang. Kallangiz huvillab qolgan, axir. Menda bor narsaning mingdan biri ham sizda yo’q. Odamlar nima qidirsa, men “lip” etib topib beraman. Hatto sizda bor narsalarni ham ”do’kon”ning bir chetiga joylab qo’yibman. Xullas, siz aytib yurgandek, gap gavdada emas, Oy bilan Quyoshni teglashtirib bo’larmidi?
-Bo’lardi, agar ularn ham elektrdan uzib qo’yishsa.
-Ha, ha..,-deb kuldi Kompyuter,-Nimaga shama qilayotganingizni tushundim, lekin mening batareyam bor!
-Necha soatlik!
Jahongir Mamatov.
Filed under: Zamburmasal |
Leave a Reply