Jahongir Muhammad: “Qiyomat kuni” (13)

Blogda yozib borilayotgan tarixiy-zamonaviy roman

-13-
Vashington, 2005 yil, 5-may

Atrofda odamlarning ko’zi ko’rmaydigan sharlar. Har bir odamga bittadan shar. Bu ko’rinmas sharlarga eshiklar o’rnatilgan. Bittasidan kiriladi va ikkinchisidan chiqiladi. Kirish eshigiga ro’para kelib qolganlarga ichkarida etti soniya vaqt beriladi. Bu tashqaridagi bir soniyaga teng. Ularga ana shu vaqtda narigi dunyoning jannatu do’zaxi ko’rsatiladi. Keyin ular tashqariga chiqib, ko’rganlarini “hazm etadilar”.

Kimdir o’tmish va kelajak ko’z oldimdan bir soniyada film kabi o’tdi, deb qo’ya qoladi.
Kimdir “Bu ne hikmat?”, deb ajablanadi.
Kimdir o’ziga ko’rsatilgan ishoratni ko’radi.
Ularning orasida o’jarlari ham bor. Ular adashganlar… Adashganlarni adashtirib sharning chiqish eshigidan ichkariga olib kiriladi. Ularga etti kun vaqt beriladi. Ana shu etti kunda jannatu do’zaxni ajratish imkoniga ega bo’ladilar. Lekin bu ham aslida tashqaridagi bir soniyaga teng.

Men ham adashganlardan biri ekanmanmi, etti kun boshqa dunyoni kezdim.
Bepoyon kengliklarni qoplagan daraxtlar…
Har bir daraxtning o’z rangi bor…
Ranglar shunchalik ko’p va tiniqki, qarasangiz ko’zingizga nur oqib kirgandek bo’ladi.
Ranglar sizni mahliyo qiladi…
Ranglar sizni oshiq etadi…
Ranglar sizni kuylatadi…

Bepoyon kengliklarni qoplagan tog’lar…
Shu qadar baland va bahaybat tog’lar…
Cho’qqisini ko’raman deb boshingizni ko’taraverasiz, ko’taraverasiz… Ko’rinmaydi… Tog’lar va uning qoyalari ham daraxtlarning barglari kabi rangdor…
Juda tiniq ranglar… Qaniki ularni ko’chirib olishning imkoni bo’lsa…

Bepoyon kengliklarni qoplagan ummon…
Zangori ummon. Shu qadar tiniqki, ostida yurgan jonzotlar filmdagi kabi ko’z oldingizda. Ming-ming baliqchalar saf tortgan… Bayroq kabi hilpirab hali u tomonga, hali bu tomonga suzishadi. Ummon ularning Mustaqillik maydoni… ular namoyishga chiqqanlar…
Ummon shu qadar kattaki, osmon uning etagiga ilinib qolgan.
Ummonning sasiga quloq solsangiz, dunyoning barcha mumtoz kuylari undan o’g’irlangan.

Bepoyon kengliklarni o’ziga qaratgan sharsharalar… Uvvos solayotgan onaning sasi kabi. Bu sasda dard yo’q. Umuman bu yerda dard yo’qligi uchun ham ona baxtdan, sevinchdan uvvos solmoqda.

Bepoyon kengliklarni quchgan qushlar… Go’zallik degan so’z juda ojiz, bu qushlarning husni-jamoli bu so’zning bag’riga sig’maydi.

Bepoyon kengliklarni bezagan jaydari hayvonlar…

Bepoyon kengliklarni egallagan odamlar… Baxtiyor odamlar.. G’amsiz odamlar…

Balki devona bo’lib qoldimmi deb o’yladi Sem. Ammo bu keyingi o’ylov edi. U ishoratni anglagandan keyin bu o’ylovning oyoqlari majhul bo’lib qoldi.

Sem o’ziga-o’zi xulosa qildi׃ yo’lda ketayotib shunday holni boshdan kechirsang ajablanma, sen do’zaxda yashayotgan odamga jannatning bir uchquni ana shunday qilib ko’rsatiladi. Ko’rib qol, do’zaxdagilarga faqat ko’rish nasib etadi.

Sem ana shular haqida o’ylar ekan, Vashington monumentining yonidan o’tib, Linkoln obidasi tomon borardi. U Ikkinchi jahon urushi tarixiga bag’ishlab qurilayotgan yodgorlikni chetlab, hovuz bo’yiga chiqdi. O’ng tomonda daraxtlar ostiga qo’yilgan skameykalardan birida o’tirib, umr yo’ldoshini kutmoqchi bo’ldi. Lekin unga Linkoln obidasi yonida ko’rishamiz, degani uchun o’sha tomonga qarab boraverdi.

Sem bugun iste’fo berdi. Hukumatni tark etdi.

U ertalab Kondoliza Rays bilan bahslashdi. Chuni odatdagidek, Kondoliza uning gaplariga quloq solmadi׃
-Men sobiq SSSR hududlarida yashaganlarning ahvolini bilaman va bugun ularning hammasiga ozodlik bag’ishlash Xudo yo’lida qilingan eng buyuk xizmat bo’ladi,-dedi u Semning takliflariga javoban.

Aslida Sem taklif bermagandi. U Inqiloblar dasturining davomiga qarshi chiqib, o’z e’tirozlarini yozgandi.

Sem SSSR o’rnida mustaqil bo’lgan davlatlarda yashaganlar demokratiya va erkinlikka muhtoj, lekin ular bunga hali tayyor emas, deb hisoblardi. U inqiloblar yo’li bilan olib kelingan demokratiya qisqa vaqtda kuchsizlanadi va emiriladi, bu esa umuman demokratiya degan tushunchaning obro’yiga putur etkazadi, deb o’ylardi.
-Sem, sen nega O’zbekistonda inqilob uchun zamin hozirlanishiga qarshisan?-deb so’radi Kondoliza undan.
-U yerda yashagan xalqlar ming yillardan beri zolimlar zulmi ostida bo’lishgan. Zehniyatlari ham shunga moslashgan. Ular rahbar qattiqqo’l bo’lishi kerak, deb hisoblaydilar. Haligacha ularning orasida Stalinni sevadiganlari bor. KGBning rahbari Andropov qisqa vaqtga SSSRni boshqardi, ammo uni qattiqqo’lligi uchun sevishdi, Chernenkoni unutishdi, Gorbachevni ham. O’zbekistonda Nishonov, Usmonxo’jaev degan sobiq rahbarlarni latta deb bilishadi. Karimov masalasida… esa tilda uni yomon ko’rganlar ham ichlarida shunaqa rahbar kerak deb biladilar.
-Sen O’zbekistonda bir necha yil ishlab kelding. Sen aytgan nomlarning ba’zilari menga tanish emas. Mayli bu boshqa masala. Sening bilimingni hurmat qilaman. Lekin bugun biz Xudoning hukmini bajarish uchun katta imkoniyatga egamiz. U yerdagi xalqlarga ozodlik berish kerak!
-To’g’ri… Biroq biz bergan ozodlik ularni qonga botiradi. O’zbekistonda bitta millat yashamaydi. Minglab elatlar vakillari yashaydilar. Bu Lenin va Stalin tomonidan tuzilgan sun’iy jumhuriyat. Erkinlik berilsa, bir-birini qiretim qilishadi.
-Sen Karimov bilan yaqin emas eding, lekin uning gaplarini aytayapsan…Bu masalada sen bilan kelisha olmaymiz!
-Unday bo’lsa, avval Qozog’istonda sinab ko’rish kerak.
-U yerda jiddiy muammolar yo’q. Qisman iqtisodiy erkinlik bor. Qolaversa, Nazarboev yomon emas.
-Moskvaning qo’g’irchog’i…
-Ozarbayjonni tanlasak-chi?
-Bo’lmaydi.
-Nega bo’lmas ekan?
-Bush va Cheyney buni qabul qilmaydi. Ular Aliev tomonida. Buni gapirib o’tirishga ham ehtiyoj yo’q.
-Adi-desam, badi deysan! Hali Gurjiston, Ukrainada ham kelajak yo’q dersan?
-Bu borada ham fikrlarim shakllangan. Gurjiston yaxshi tanlandi. Inqilobchi xalq gurjilar. Ular tanklardan ham qo’rqishmaydi. Ular erkinlikning qadriga etadilar.
-Ukraina-chi?
-Biz katta xato qildik. Daraxtning shoxlarini kesish bilan ovoramiz. Hamma kuchni Rossiyaga tashlab, u yerda bir narsaga erishsak, qolgan joylarda o’z-o’zidan o’zgarishlar bo’ladi. Ular Rossiyadan keladigan shamolda raqs tushishga o’rganishgan.
-Senga nima bo’lgan o’zi? Hayotdan uzilib qolganmisan deyman? Axir avval shoxlar kesiladi, keyin daraxt qulatiladi…
-Bizning maqsad daraxtni qulatish emas-ku! Bizning maqsad daraxtni ham, shoxlarni ham yashatish. Unga yangicha hayot berish. Hozirgi holatda xalqimizning soliqlaridan to’plangan milliardlarni sarflaymiz, u joylarda ham yuzlab odamlar o’ladilar… natija esa nolga teng bo’ladi.
-Sen Demokratik partiyaga sotilmading-mi? Ularning og’zi bilan gapirayapsan?
-Hali biz rejalarimizni jamoatchilikka ochgan emasmiz-ku! Vaqti kelib ular shunday desalar – ular haq. Umuman men bu g’oyadan uzoq turmoqchiman.
-Iste’fo bermoqchimisan?
-Ha, boshqa ish topmoqchiman. Bu yil o’g’lim o’qishga kirdi. Bu yerdagi daromadim etmaydi. Birorta oliygohda dars bermoqchiman. Lekin aytib qo’yayin, garchi Qirg’iziston degan gap mening og’zimdan chiqqan bo’lsada, hatto u yerda ham bizning demokratiya ishlamaydi.
-Nima ishlaydi? Islom ishlaydimi? Diktatura ishlaydimi? Islom Karimovning “Sharq demokratiyasi” ishlaydimi?-Kondolizaning jahli chiqdi. Sem bunga parvo qilmadi. Chunki uning jahliga o’rganib qolgandi. Shuning uchun ham sovuqqonlik bilan javob qildi׃
-Arab davlatlarida diktatura ishlamoqda-ku, ularda ham ishlaydi. Ular demokratiyaga tayyor emas. Balki bir kun kelib tayyor bo’lishar. O’shanda ham biz emas, ularning o’zlari buni hal qilishlari kerak. Bu mening qat’iy fikrim. Omon qoling? Arizamni pochtadan yuboraman!…

Sem shunday deb chiqib ketdi. Hatto xonasidagi narsalarini ham yig’ishtirmadi. Zotan keyingi kunlar kerakli narsalarini uyiga tashib ham qo’ygandi. Chunki Kondalizaning komandasida ishlay olmasligini idrok qilgandi.

U xotiniga sim qoqib, uni shahar aylanishga va tushlikka taklif qildi…

Sem borayotgan yo’lakdan besh yuz metrlar narida esa Oq uy joylashgandi.

…AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Tenet va Milliy Xavfsizlik masalalari bo’yicha maslahatchi Hadley birgalikda prezident Bush huzuriga kirishdi. Prezident MRB rahbarining kundalik hisobotiga ko’z yugurtirdida hujjatni stolning bir chetiga qo’yib, maslahatchi Hadleyga yuzlandi:
-Stif, bilasan, bugun uchta televideniega intervyu berishim kerak…
-Bilaman, janob prezident, dastlab Gurjistonning “Rustavi 2” televideniesi muxbiriga…
-Ularni ko’proq nima qiziqtiradi?
-Biz Gurjistonni har qanday sharoitda qo’llaymizmi yo’qmi, menimcha hamma savol shu atrofda bo’ladi.
-Qo’llaymizmi?
-Albatta-da! Buni hali Tbilisiga borganda ham urg’ulaymiz.Undan keyin Rossiyaning NTVsi kutib turibdi. Kecha Litva, Latviya va Estoniya televidenielarining muxbirlariga bergan suhbatlaringiz Rossiyada allaqachon shov-shuv uyg’otdi. Ularning savollari shu atrofda bo’ladi.
-O’ziyam telemarafon bo’lib ketdi. Kecha uchta, bugun uchta televideniega suhbat..
-Chunki safar – katta safar. Hali Daniya muxbirlari ham navbatda. Qaysi mamlakatga boriladigan bo’lsa o’sha mamlakatning xalqiga bir narsa deb qo’yish odat-da.
-Bir narsa bo’lganda mayliku! Lekin bu bachchag’ar muxbirlar o’zlarining prezidentlariga berolmagan savollarni ham menga berishmoqda.
-Bu ham bizning ularga demokratiya darsimiz.
-Jo, nima qilamiz, demokratiya darsini davom ettiramizmi? Inqiloblar nima bo’lmoqda?- Bush shunday deb adashiga – MRB direktoriga yuzlandi.
U shu savolni kutib turgan ekanmi, qo’lidagi papkani ochib, bir-ikkita qog’ozni oldi va prezidentga yaqinroq keldida:
-O’zbekiston haqida siz bilan gaplashmoqchi edik,-dedi.
Bush pinagini ham buzmay so’radi?
-Qaysi “iston”?
-O’zbekiston…
-Jo, bu ana u Donning, ya’ni Ramsfeldning “iston”imi?
-Ha, Afg’oniston masalasida bizga kerak bo’lgan joy. U yerda harbiylarimiz ham bor, ammo Putin bizni u yerdan quvmoqchi.
-Putin… Putin… Jonga tegdi bu urus. He, …,-Bush Putinnni buralab so’kdida so’zida davom etdi,- Bu KGBdan chiqqan shumbola yomon ekan. Elkasini silaganimga o’zidan ketmoqda.
-Dastlab Boltiq bo’yi va Gurjistonga borishingizni ham u o’ziga qarshi isyon deb qabul qilmoqda.
-Qabul qilaversin! Isyonni men unga ko’rsatib qo’yaman, hali o’sha Pittersburgga borganda.
-Sankt Peterburg!
-Pittersburg! Pittersburg! Qanday xoxlasam shunday aytaman!

Bush o’rta barmog’ini ko’tarib qo’ydi. Bu aslida haqorat anglamiga kelsada ko’pchilik bunga ko’nikkan. Hozir esa Bush bu belgini olis-olislardagi Putinga ko’rsatayotgandek edi.

-Xullas, yaqin kunlarda O’zbekistonda…-deb so’zida davom etayotgandi MRB direktori Bush uning gapini bo’ldi׃
-Buni menga emas Donga, Ramsfeldga ayt, u shug’ullansin! Ammo sen ham uzoqda qolma!
-Ruslar Sorosning ba’zi odamlaridan ham foydalanishmoqchi. Keyin esa ularni yomonotliq qilish bilan mintaqadan quvishmoqchi. Ya’ni faqat harbiylarimizni emas, balki boshqalarning ham oyog’ini uzishmoqchi.
-Sorosga u yerlarda nima bor o’zi? Qarib quyilmagan chol! Agar o’yinga kirib qolganini anglamasa, nima qiladi u yoqlarga borib? U meni ketkazish uchun 20 million dollar beraman degandi. Ana o’sha 20 millionini sarflab o’zini qutqazsin endi!
-Agar siz O’zbekiston rahbarini…
-Uff…! Jo, sen buni Kendi va Don bilan gaplash!

“Bo’rini yo’qlasang qulog’i ko’rinadi” degan kabi eshikdan Kondaliza kirdi. Kondaliza Bushning xonasiga kutmasdan kirib kelaveradigan yakkayu yagona shaxs. Bunday huquq hatto Bushning xotini Lorada ham yo’q.

Bush negadir Kondalizaga juda ishonadi va uning har bir aytganini idamay bajaradi. Balki Kondalizaning aqlli ayol bo’lgani uni sehrlagandir? Balki uni eng sodiq do’st deb bilar?

Kondalizada bir necha erkakning kuchi va bilimi bor. U asli sovetshunos. Doktorlik ilmiy ishini ham shu mavzuda yoqlagan. Rus tilini yaxshi biladi. Ayni payda san’at oshuftasi. Muz ustida raqsga tushishni qoyillatadi. Pianinoda Chaykovskiyni “yig’latib yuboradi”. Bush horib qolgan paytlarda musiqa chalib, uning muzlayozgan qalbini eritib qo’yadi. Lekin o’zining qalbi toshga aylangan. Rahm-shavqati yo’q. Asabi sal narsaga chaqnab ketadi. Aytgan gapidan chekinmaydigan – o’jar. Onalar azobi, bolalar qismati, inson umri, tabiat toptalishi haqida kuyunib gapiradiganlar unga yoqmaydi. Turmushga chiqmagan. Bunday qalbidagi nafrat va sevgini ajratmagan ayolga dosh beradigan erkak topilishi oson emas.

Bush uni ko’rishi bilan׃
-Kendi, bunga sen qanday qaraysan?-dedi.
-Nimaga? Musharraf masalasigami?- dedi Kondaliza ikki Joga alohida, alohida qarash qilib.
Uning Musharraf pul olish uchun yana o’yin qilayotganini eslatgani Bushga yoqmadi׃
-Kendi, azizim, sen Musharrafni oraga suqma. U mening odamim. Sen Don bilan birga ana u O’bakiston haqida o’yla!
-O’zbekiston!
-Farqi nima? Hammasi bitta “iston”! Men esa bugun Gurjiston televideniesi savollariga javob berishim kerak. Buning ustiga mana bu xat keldi. Kongressning 88 a’zosi qo’l qo’yib mendan Iroqqa qilingan hujum masalasida Angliya bilan bo’lgan shartnoma matnini e’lon qilishni so’rashmoqda. Men sizlar bilan shu masalani gaplashmoqchi edim, aslida. Jo bo’lsa “iston” dan gapirgani gapirgan.
-Lekin bu sizning safaringiz bilan bog’liq. Ertaga demokratiyani yoyish haqida qiladigan nutqingiz haqidagi gaplardan Putin tashvishda. Bugun Lavrovdan nota ham oldik.
-Lavro… u kim bo’ldi? Biror ispan-pispanmi?
-Yo’q, Sergey Lavrov…
-Hmm…Putinning laychasimi? Bu Putin oldin uning oldiga emas, Boltiq bo’yiga borishimdan pitirlab qoldi. Meni ham laycha qilib olaman degan, shekilli! Ablah!
-U sizning Gurjistonga borishingizdan ham xafa. U bizni inqiloblarning tashabbuschisi deb ayblamoqda.
-To’g’ri, bundan tonmaymiz! Lekin nega nota beradi? Istasang, mana bu “Rustavi-2” televideniesiga beriladigan suhbatimga biror narsa qo’shaylik. Tuzlab qo’yamiz-mi? Javobini beraylik!
-Bunga arzimaydi.
-Mayli, zotan 8-May kuni Rossiyaga boraman. O’shanda Putin bilan yaxshilab gaplashamiz.
-Ular sizning Rossiyadan keyin Gurjistonga borishingizni istashmayati. Buni inqilobni ochiqdan-ochiq dastaklash deyishmoqda.
-Agar shunaqa qilaversa, Ukrainaga ham o’tib kelaman. Biz dunyoga demokratiyani yoyamiz dedikmi, tamom! Bizni qaytaradigan kuch yo’q!
Suhbatga yana Jo aralashdi:
-Ular mana shu dasturimizga zarba berishmoqchi. Sizning safaringiz bitishi bilan keskin javob qilishmoqchi. Ya’ni butun rejalarimizni puchga chiqarishmoqchi. Inqilob Qirg’izistonga qadar etib bordi. Navbatda O’zbekiston deb o’ylashmoqda. Putinning odamlari bu haqda O’zbekiston rahbarini ishontirib ham bo’lishdi. Unga sizni Amerika ag’darib tashlamoqchi, deb juda ko’p faktlarni berishgan.
-Faktlar? Qanaqa faktlarni beradi?
-Yuqorida aytdim-ku, unga bizning nohukumat tashkilotlarimizning demokratiya borasida qilayotgan ishlarini ko’rsatib, buni sizning gaplaringiz bilan tasdiqlashmoqda. Ularning ba’zilari Kendining idorasidan ham grant olishadi.
-Bizda ham shunday ma’lumot bor,-dedi Kondaliza.- Men elchixonadan bir kishini mas’ul qilib Andijonga jo’natdim.
-Anjan? Bu yana qanaqa mamlakat bo’ldi?
-Andijon! Bu mamlakat emas. Bu O’zbekistonning bir chetidagi shahar. Ular bizga zarbani ana o’sha yerdan turib urishmoqchi.
-Parvo qilma! Putinning elkasini yana bir marta silab qo’ysam, hammasi izga tushadi. U men bilan uchrashuvi oldidan shunday gaplar tarqatayotgan ham bo’lishi mumkin. Eski KGB, tullak!
-Lekin tuzoqqa tushib qolishimiz hech gap emas. Iroq masalasida qiyin vaziyatdamiz. Afg’onistonda ham Putin oyog’imizga bolta urmoqda,-gapga aralashdi MRB rahbari.
-Jo! Shu Putinni ko’ra olmading-da! Gadoning dushmani gado bo’ladi deganlari rost ekan!
-Aslida Iroqda ham Putin va u bilan birga bo’lgan ana shunday do’stlarimiz bizga qarshi urishmoqdalar. Lekin buni ayta olmaymiz, gapira olmaymiz. Endi demokratiya borasida ham bizning qanotimizni sindirishmoqchi.
-Sen meni Putin bilan urushga chaqirayapsanmi, Jo?
-Yo’q, nimadir qilishimiz kerakligini aytayapman.
-Stefan, bularning gapi tugamaydi, bo’pti chaqir, ana u muxbirlar kirishsin,-dedi Bush xayolga tolib turgan maslahatchisiga.
-Ular narigi xonada, tayyor, sizni kutishayati.

Prezident o’tiradigan bu xonani Oval ofis deyishadi. Bu ofis 19-asr boshida Oq uyni kengaytirish jarayonida binoning G’arb tomonida tuxumsimon shaklda, lo’nda qilib qurilgan.

Ofisning uchta derazasi bo’lib, hammasi janubga qaragan. Prezident o’tirganda derazalar uning orqa tomonida qoladi. Bu prezident ishlaydigan joy yorug’ bo’lishi uchun qilingan. Agar bitta deraza bo’lganda prezident stoliga qisman soya tushishi mumkin. Shuning uchun har doim yorug’lik inib turishi hisob-kitob qilingan.

Lekin har qaysi prezident ishni shu ofisni o’ziga moslash bilan bilan boshlaydi. Gilamidan stol-stuligacha, devor rangidan eshik bo’yog’igacha o’zining ra’yiga qarab o’zgartiradi. Bushning ish stoli derazalarning ostida edi. U suhbatdoshlari bilan muloqot chog’ida aylana stulni burib, tashqariga nazar solishni yoqtirardi.

Ish stolining oldingi qismida bir-biriga qaragan ikki divan qo’ydirgan. Divanlar tugagan joyda esa ikkita kreslo. Aziz mehmoni bo’lganda ana shu kresloda o’tirib gaplashadi.

Senatorlar yoki 3-4 kishini birdan qabul qilsa, ularga divandan joy ko’rsatadi. Bugungi kabi suhbatlarni esa oyoq uchida o’tkazadi.

Bush ishlaydigan xonaning to’rtta eshigi bor. Sharqiy eshik katta gulzorga ochiladi. U yakka qolib, siqilgan paytlari shu eshikdan gulzorga chiqib aylanib yuradi.

G’arbiy eshik esa boshqa bir kichik xonaga boshlaydi. U erda kitob, gazeta o’qishi, biroz dam olishi yoki ovqatlanishi mumkin.

Shimoliy-G’arbiy eshik asosiy koridorga ochiladi.

Nihoyat to’rtinchi eshik prezidentning kotibi o’tiradigan xonaga qaragan.

Bush bir zum ikkilanib turdida, koridorga chiqadigan eshikni tanladi. Lekin muxbirlarni qabul qiladigan xonaga bu tomondan biroz uzoq edi. U xayolga cho’mgan paytlari doim uzoq yo’lni tanlardi. Shu bahonada ozgina bo’lsada, ham harakat qilib, ham o’zimni qo’lga olaman, deb o’ylardi.
U gurji muxbirlar huzuriga kirib keldi va ularga hazil qildi:
-Sak–saka-shvilli qanday?

MUXTASAR MA’LUMOT

Qirg’iziston Bosh prokuraturasi O’sh va Jalolobod viloyatlarida 2010 yilning iyun oyida ro’y bergan qirg’in bo’yicha 4000ga yaqin jinoyat ishi ochgan, 3500 dan ziyod kishi jabrlanuvchi sifatida qaydiyatga olingan.

Prokuraturaga ko’ra, qonli to’qnashuvlardan so’ng janubda 355 shaxsning jasadi topilgan, ulardan 197 nafari otib o’ldirilgan, 42 nafari yoqib yuborilgan, 47 shaxs chavaqlab o’ldirilgan, 65 nafari turli tan jarohatidan halok bo’lgan, 4 shaxs esa cho’ktirib yuborilgan. Jasadlardan jami 293tasining shaxsi aniqlangan.

Biroq mustaqil manbalar qirg’izlar va o’zbeklar o’rtasida ro’y bergan qonli to’qnashuvlar qurbonlari soni 2000 dan ortiq ekani va tergov bir tomonlama-o’zbeklarga qarata yo’nalganini aytishmoqda.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google photo

You are commenting using your Google account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: