Zehniyatga nazar

kitobSilovsin

Bir kun “Hayvonot olami” dasturida silovsin haqida qiziqarli dasturni ko’rdim.

Rahmatli amakim xo’p dono inson ekanlar, oradan 20-30 yil o’tib ham u kishining atrofdagi voqealar haqidagi gaplari tez-tez yodimga tushadi.

Mana shu silovsin haqidagi dasturdan keyin ham u kishining gaplarini esladim. Har ikki gapdan so’ng “Alhamdulliloh” deb o’z musulmonligini pesh qiladigan, Allohning nomini aytib, keyin yolg’onlarni qalashtirib, orqasidan, “Adashgan bo’lsam o’zing kechir, inson adashguvchidir” deb qo’yguvchi bir kishini “Silovsin” der edilar.

-U ilgari g’irt araqxo’r edi, mansab desa onasini, aka-ukasini ham sotardi, Gorbachev shamoli tufayli davr kelib qoldiyu bir dumalab musulmon bo’ldi, agar yana boshqa davr kelsa, u boshqa narsasini ham sotib, o’sha davrga moslanadi, bunday odamlarni ajratish mushkul emas, Xudoyim bunday silovsinlarni tanib olish uchun o’z ishoratlarini beradi,-degandilar.

Silovsin-mushuksimonlar oilasiga mansub yirtqich.

Qadimda yunon shohlari silovsinni aravalari atrofida olib yurib, xalqni qo’rqitar ekanlar. Shundan bo’lsa kerak “alabo’ji” deyilganda silovsinni nazarda tutishgan.

Silovsin har qanday sharoitda ham jon saqlab qolishning yo’lini topadigan, o’z bolasini ham qopqonga ildirib, tashlab qochishga va tepaliklardan sakrab, o’qqa chap berishga usta yirtqich ekan. U doim o’zini hamlaga tayyordek ko’rsatsada “shirt” etgan tovushdan keyin “lip” etib g’oyib bo’larkan. Odamlar uning terisiga ishqiboz, chunki yaltiroq.

Haqiqatdan ham amakim aytgan o’sha “silovsin” odam Karimov davrida Xudoni unutib, zolimga sig’indi. Hozir pensiyada. Yana “Alhamdulilloh” deb yuribdi ekan, chunki kichik bir qishloqqa mulla ekan, Karimovga xizmatini shu yo’sinda davom ettirib, xalqni esa aldov obe’kti deb bilarkan.

Xalqni nega aldaysan deyishsa, u xalq – mavhumiyat, umumiy bir tushuncha ekanligini aytib, mavhumlikni ham aldab bo’ladimi deb kesatarkan.

Darvoqe, bundan xulosa chiqarib olsak, demak agar kimdir o’z do’stini, ustozini, oilasi, aka-ukalarini xalq deb hisoblamasa, demak u boshqalarni umuman nazarga olmaydi, ularni hayvon darajasidan ham pastga qo’yadi. Bu eng dahshatli narsa, o’zini hammadan ustun qo’yish kasalining metaztaza holiga kelganidir bu!

O’zining oniy, hissiy manfaati uchun do’stlari, safdoshlari, aka-ukalari, qarindoshlarini qurbon qilgan va keyin ikki gapning birida buni “kuzir” qilib ishlatgan odam esa, kerak bo’lsa o’z manfaati uchun xalqning qolgan qismini ham qurbon qiladi.

Bunday odamlar har ikki gapning birida “Alhamdulliloh” deyishdan ham, Xudoning nomini sotishdan ham qaytmaydilar. Kerak bo’lsa, o’zlarini qayta-qayta sotishga tirishadilar, bozor ko’targan kunda.

Lekin “Bir marta bozordan qaytgan mol yana qaytishi mumkin” degan gap ham bor.

Jahongir Muhammad
30 aprel, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google+ photo

You are commenting using your Google+ account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

w

Connecting to %s

%d bloggers like this: