Savol-Javob

jm_2014-05Mantiq qidirib…

SAVOL: Demokratiya degani shumi? Saylanmagan qirollikka qullquq qilishmoqda…(Sayfi).

JAVOB: Aqlli odamlar ahmoq bo’ladilar degim kelayati. Ja, qiziq-a? Ham aqlli bo’lsa, tag’in ahmoq ham bo’lsa? Qani mantiq depyasizmi?

Bir masalada mantiq topolmaganim uchun oxiri shunday demoqchiman-da.

Demokratiya degan boshqaruvni – ya’ni xalq boshqaruvini qurgan g’arbliklar ikki gapning birida sharqlik “Doda”larning hashamatli saroylari va bu saroylardagi dabdabalar ustidan kulishadi. Haqiqatdan ham kulgili va ayanchli hol. Bunga gap yo’q. Lekin hokimiyat xalqniki degan gapni o’ylab topgan bu aqlli boshlar kuppa-kunduz kuni saroyning ostonasiga sajda qilishlariga tushuna olmayman.

Mana necha kundirki, tinmay Britaniya shahzodasi Vilyamning uylanishi haqida gap yuritishmoqda. Qaylig’i Keyt Middltondan tortib, u hali tug’magan bolaga qadar muhokama mavzusi.

Birov chiqib: “Hov barakatopgur britanlar hammaga aql o’rgatishga ustasizlar, lekin nega o’zlaringiz dang’illama saroylarga bosh egib, to’ylariga qadar pulini to’lab, ko’zda yosh bilan har kuni sevinib, gapirib yuribsizlar” demaydi.

Hokimiyat xalqniki bo’lsa, boshqaruv demokratiya bo’lsa, u holda bu dabdabaning nima keragi bor? Qirolu qirolichaning bir tiyinlik roli bo’lmagan jamiyatda ularga nega buncha sig’inishadi?

Bukingem saroyining xarajatlariyu bunaqa dang’illama to’ylarning sarfi kimning hisobidan? O’sha shahzodaning tikuchar haydab topgan puligami yoki onasidan qolgan me’rosgami? Balki saroyning asrdan-asrga o’tib kelayotgan xazinasi bordur? Unday bo’lsa bu xazina xalqqa tegishli emasmi?

Xullas, boshqalarga aql o’rgatish oson. Britanlarga o’xshab unday qilish kerak, bunday qilish kerak demoqchi emasman. Ikki yoshning to’yi yaxshi o’tsin, baxtli bo’lishsin, uzoq yashashsin.

Lekin o’zim tushuna olmagan mantiqni tilga keltirdim: nega endi demokratik jamiyatda kimlardir tekinxo’r bo’lishi, tekinxo’r bo’lganda ham dunyoning eng mashhur tekinxo’ri bo’lishi va nega jamiyat ularga sig’inishi kerak? Sig’inish-pig’inish yo’q deyapsizmi? Unday bo’lsa, televizor ko’rmas, radio eshitmas, gazeta o’qimas va internetga qaramas ekansiz.

Balki bu bir navi yaxshidir? Menga o’xshab ba’zi savollarga javob topolmay xunob bo’lib yurmaysiz!

Jahongir Muhammad
27 aprel, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: