SAVOL: Har qancha G’arbni yomonlasak ham qochish yo’nalishi hali ham Sharqdan G’arbga qarab…Nega? (A’zam).
JAVOB: Demakki, o’ylab ko’radigan ko’p narsalar bor.
Qarang, G’arbda qanday yangiliklar bo’lsa, biz tomonlarda shuning aksini qilishga urinishadi.
Hatto “G’arb demokratiyasiga” zid – ”Sharq demokratiyasi” kabi. Bunaqa misollar juda ko’p.
Hammasini sanab, boshingizni qotirib o’tirmayinda, eng so’nggisi haqidagi gapimni aytib qo’ya qolayin. Qolganini o’zingiz tushunib olasiz.
Ma’lumki, qamoqdan yer osti yo’li kovlab, tashqariga chiqib qochish haqida G’arbda yuzlab kitoblar yozilgan, minglab filmlar olingan. Hammasi ichkarida o’tirgan “dono”lar qochishning hech kimning xayoliga kelmagan turlarini topishgani haqida. Mana Sharq bunga ham ziddini topdi.
Afg’onistonda uzoqdagi bir joydan turib qamoqning ichiga tunnel kovlab kelishibdi va G’arbdagi kabi 3-4 kishini emas, naqd besh yuzga yaqin kishini qochirishibdi. Amerikaliklar boshini ushlab qolgan. Qanday qilib boshqa kameradagilar tunnel ochilgan xonaga o’tishdi? Bular ja sodda, u tomonlarda qamoq nozirlari eng sotiluvchi shaxslar ekanligini bilishmaydi-da.
Gap bunda ham emas, gap shundaki, kecha TVda bir siyosatchi shu haqda gapirib, bu qochishni “o’limga tomon qochish” deb atadi. Ya’ni u: “Bu odamlar o’sha qamoqda bo’lgani davomida tirik edilar, endi yana jangga kiradilar va jang omonsiz, ular o’lishlari mumkin” dedi.
Afg’onistonlik bu gapning ham aksini o’ylaydi, qamoqda yotgandan ko’ra, ochiqlikda o’lgan yaxshi deydi.
Shunaqa, G’arb va Sharq bir-biriga zid. Bu ketishda hali Sharqdan G’arbga qarab Afg’onistondagi kabi bir kilometrlik emas, balki ming kilometrlik yer osti tunneli kovlashsa ham ajablanmayman. Chunki yer ustidan G’arbga qarab qochish yo’llari bekilmoqda yoki tobora cheklanmoq-da.
Jahongir Muhammad
27 aprel, 2011 yil
“Savob so’qmog’i” kitobidan.
Filed under: Savob so'qmog'i | Tagged: Jahongir Mamatov |
Leave a Reply