Bolalikda bu kunni uxlamay kutardik.
Birinchidan, yangi kiyim kiyardik, ikkinchidan, shahar sayliga chiqardik. Ana odam, mana odam.
Kimlardir gerdayib paradning oldingi qatorlarida borardi.
Kimlardir oxirgi qatorda va oldingilarga havas bilan qarab o’sha tomonga talpinardi.
Paradning ikki tomoniga avtobus va yuk mashinalari terilgan. Xotin-xalaj, bola-chaqa ularning ustiga chiqib olishgan.
Bir tomonda rangli tuxumlarni urishtirganlar…
Boshqa tomonda “fokus-mokus” ko’rsatganlar…
Yana bir yoqda suvga, muzqaymoqqa, kinoga navbat kutishlar…
Boshqa yoqda “kacheli-karusel” …
Ayniqsa, bolalar mamnun. Ularning qo’llarida qizil bayroqchalar va shishirilgan balon-sharlar…
Aslida bu bayram xuddi ana shu shishirilgan balon-sharga o’xshardi. Juda tez tugardi. Hamma shalpayib-palpayib uyiga qaytardi.
Sho’rolar xalqning bu qadar ommaviy tarzda ko’chalarga chiqishidan qo’rqishmagan ekanda-a? Ustiga ustak buni ularning o’zlari tashkil qilardi. Chiqmasangiz jazosi bo’lardi.
Hatto biz o’quvchilar ham chiqishga majbur edik. Lekin bari-bir shu kunni orziqib kutardik.
Keyinchalik biz o’zimiz paradda qatnashadigan bo’lganda bu jonimizga tega boshladi. Chunki paradning boshlanishini uzoq kutishingiz kerak bo’lardi.
Parad boshlanishi bilan tezroq minbar yonidan o’tib ketishni o’ylardingiz.
Birinchi safdagilarga havasingiz kelardi. Ular sizdan oldinroq ozod bo’lardilar.
Naryoqda sizni kutib turgan do’stlaringizga qo’shilishni istardingiz.Chunki avtobusning ustida o’tirvolib tomosha qilish boshqa ekanligini anglardingiz…
Nomi namoyish edi. Mehnatkashlarning Birinchi may namoyishlari. Bugun esa, “namoyish” degan so’zdan qo’rqadigan bo’lishdi.
Mayli “Birinchi may” kelgindi bayram ekan, hatto mustaqillik kuni ham nomoyish qilaman desangiz qamoqqa ketasiz.
Tasavvur qiling, hukumatning o’zi hammani quvib ko’chalarga olib chiqib, namoyish tashkil qildirsa, aytib bo’ladimi birdan xalq “Yo’qolsin zulm” deb baqira boshlasa, nima bo’ladi?
Ilgari ham shunday gaplar aytilardi, ammo imperialistlar nazarda tutilardi.
Bugun endi har bir xalqning o’z imperialisti bor.
Ular esa “Yo’qolsin” degan so’zni eshitishni istamaydilar. Shuning uchun namoyishlar ham yo’q.
Darvoqe, o’sha paytlarda hamma gazetalarning birinchi sahifasida “KPSS Markaziy Komitetining “Birinchi May chaqiriqlari” e’lon qilinardi. Unda jumladan:
-Butun dunyo mehnatkashlariga ozodlik!
-Hammaga tenglik!
-Boylar yo’qolsin!
-Imperialistlar yo’qolsin!
-Falon joydan qo’lingni tort!
-Falon odamni ozod qil!
-Proletarlar birlashingiz!
-Mazlumlar biz siz bilan birgamiz!,-kabi balandparvoz chaqiriqlar bo’lardi.
Hozir ham bor bunday chaqiriqlar, ammo onda-sonda, u ham internetda.
Ilgari xo’p zamonlar ekanmi-a? Tag’in kim bilsin?
Jahongir Muhammad
2011.
Filed under: Maqolalar | Tagged: Jahongir Mamatov |
Leave a Reply