Savol-Javob

Toshkent va Anqara – menga qara, senga qara!

SAVOL׃ Assalomu alaykum, Jahongir aka!

Oldingi savolimni bee’tibor qoldirmagningiz uchun minnatdorchilik bildiraman. Zero, Sizning har bir so’zingiz tuzum bizga berayotgan loqaydlik dardiga darmon sifatida shijoat beradi.

Keyingi maqolangizda O’zbekiston va Turkiya munosabatlari haqida batafsilroq yozsangiz.

Turkiya O’zbekistonning mustaqilligini birinchi tan olgan davlat deb aytiladi. Tarix o’qituvchimiz Turkiyadan avval 2ta davlat tan olgan deb nomlarini ham aytgandi, bu haqiqatga ne chog’lik yaqin?

Nega O’zbekiston Turkiya bilan Mustaqillikning ilk yillarida juda yaqin munosabat qildi: turk litseylari ochildi, Turkiyaga o’qishlarga yuborildi.

Keyin yasa hammasi aksincha. Bu ham yetmaganday, turk tadbirkorlari haydab chiqarildi. Turkiya ham o’z navbatida O’zbekistonni do’st bo’lmagan davlatlar qatoriga qo’shdi. Mening turk litseylarida o’qigan jamiyki tanishlarim, hammasi aqlli, kuchlik bilimga ega bolalar edi.

Ular bunday qobilyatli kadrlar tezda yuqori lavozimlarni egallab qo’yadi degan havotirda turk litseylarini yopishgan degan gapga ishonishadi.

Menimcha bu yagona sabab yamas, yana bilamizki Turkiya o’zbek siyosiy qochoqlariga eng ko’p madad bergan davlat ham hisoblanadi (ayniqsa 90-yillarning o’rtalarida). Siz nima deysiz? (ShohiJahon).

JAVOB׃ Turkiyaga ilk bor 1988 yilda SSSR Jurnalistlar uyushmasining g’olibi sifatida maxsus yo’llanma bilan borgandim. Qaytib kelgach, o’zim ishlayotgan “O’zbekiston ovozi” (“Sovet O’zbekistoni”) gazetasi uchun “Yopiq eshiklarning ochilishi” nomi bilan serial (davomli) maqolalar yozganman. Rahbarlarimiz qo’rqib ketishgan va chop etishmagan. Keyin jasoratli jurnalist Ahmadjon Muxtorov bosh muharrir bo’lgan “Qishloq haqiqati” gazetasida chiqqan.

Sovet davrida Turkiya mavzusi o’zbek matbuoti uchun begonalashtirilgan edi. Shu sababdan ham davomli maqolalarim anchagina shov-shuvlarga sabab bo’lgan. Ahmadjon akani komfirqaga chaqirib “savol-javob” ham qilishgan o’shanda.

Demoqchimanki, Turkiyadan hayiqish Sovet davrining me’rosi va bugungacha ham bu “harorat” bir tushib-bir chiqib turadi. Bunda har ikki tomonning ham “qo’li” bor.

O’zbekiston mustaqil bo’lishi bilan Turkiya birinchilardan buni tanidi. G’arb, jumladan Amerika O’zbekistonni Moskvadan “uzish” vazifasini Turkiyaga ishonishgandi. Avvaliga Turgut O’zal hukumati bu ishni qisman amalga oshira boshladi. Uning o’limidan keyin Sulaymon Demiralga qoldi bu ish. Islom Karimov u bilan aka-uka bo’lib qoldi. Bordi-keldilar avjga chiqdi.

Lekin Turkiyada iqtidorga bo’ysunish barobarida muxolifatni ham qo’llash an’anasi bor. Buni Turkiya razvedkasi o’z atrofidagi mamlakatlar doirasida ham ishlatadi. Ular ana shu hunarlarini Karimovga ham ko’rsatdilar. Lekin ilonning yog’ini yalagan diktator ularning bu “rohati luqum”larini hazm qilmadi.

1994 yilda O’zbekistondan Turkiyaga olib kelib, otishmalar uchun o’qitilgan yigitlar taqdiri ortida, 1999 yil voqealari bilan bog’liq o’yinlar ichida ham Turkiya hukumatining “oyoq izlari” bor. Men bu haqda Kongress kundaligi – “O’zingni engolmasang, o’zgani engolmaysan” kitobida batafsil yozganman.

Ayni paytda 1990 yillarda Turkiyadan O’zbekistonga borgan tujjorlarning maqsadlari aldov-qaldov bilan pul topish bo’lgani ham ziyon keltirdi. Keyin “Nurchilar” nomi ostida ham O’zbekistonga kirgan oddiy muallimlar orasida josuslar, turkchilar ham borligi Toshkentni cho’chitdi.

Hozirgacha ham Turkiya Karimovni aldab-suldab ish bitiraman deb xato qilib kelmoqda. Qolaversa, hozirgi hukumat turkchilikni emas, ummatchilikni qo’llaydi va lobbichilik uchun ajratiladigan fondni shu maqsadga sarflaydi. Agar siz turk bo’lib demokrat bo’lsangiz bu hukumatga begonasiz, agar siz turk bo’lib, dinchi bo’lsangiz boshingizdan pul sochadi. Bugungi qoida shunaqa.

Bu Turkiya tomonining faoliyatidan bir shingil.

Endi O’zbekiston tomoniga qaraydigan bo’lsak, yuqoridagi kamchiliklar ummondan qatra bo’lib qoladi. Karimov doim burgaga achchiq qilib, ko’rpani kuydirib keldi. Turk hukumati muxolifatni qo’llayapti deb bir necha ming talabani ortga qaytarib olgani kabi yirik bizneslarni va maktablarni yopib yuborish bilan ham jamiyatning istiqboliga katta zarar berdi.

Eng asosiysi, Turkiyaning men yuqorida sanagan kamchiliklari emas, balki Karimovning o’zbeklar o’zining turk ekanligini, erkinlik, ozodlik nimaligini anglab qoladi, taxtimga zarar etadi degan qo’rquvidir. Qolaversa, bu holda uning butun “milliy mafkurasi” bir tiyinga chiqadi, “o’zbekchilik” siyosati nolga tenglashadi.

Shuning uchun ham u kichik bir bahona topdi deguncha undan katta narsalarni yo’qotish uchun foydalanmoqda. Bunga o’chakishgan Anqara esa qandaydir guruhlarni dastaklash bilan Karimovni “chaqib olmoqda”. Bu garchi pashshaning chaqishiga teng bo’lsada, Karimov buni ilonning chaqishi deb qabul qilmoqda. O’rtada yuz millionlik katta xalq zarar ko’rmoqda.

Bugun Toshkent ham, Anqara ham oniy avzoyi bilan ish qilmoqda, vaholanki ular xalqning irodasi bilan ish tutishlari shart. Tashqi siyosat shunga asoslanishi kerak. Anqara bir necha marta uringani kabi yana bunga borishi mumkin. Ammo Karimov bormaydi.

O’zbek-Turk munosabatlari haqidagi hikoya shu yerda bitadi. Chunki davomini kelajak yozadi, Karimovdan keyingi kelajak.

JM.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: