NOSIYOSIY LATIFALAR

ZAMBURMASAL

QON TORTADI
Qonga belangan Boltani hamma so’ka boshladi. Lekin birdan g’iz-g’iz etib havoni kesgancha Pichoq o’rtaga chiqdi׃
-Birinchidan, Bolta degan otlari bor, bu bizning faxrimiz! Ikkinchidan, Bolta deyilganda hammaga titroq kiradi. Uchinchidan, Bolta janoblaridan bizning umidimiz juda katta.

Pichoqning nutqini eshitib o’tirgan Qoshiq yapaloq boshini qimirlata boshladi.
-Nega lapanglayapsan, Qiyshiq qoshiq?-dedi unga Vilka.
-Qon tortadi deganlari rost ekan, bitta urug’dan-da!-dedi Qoshiq.

VILKA
Vilka aylanib-o’rgilib Qoshiqning asabiga tegaverdi׃
-Qiyshiq Qoshiq, nega qorin qo’ygansan?
-Senga o’xshab qiltiriq bo’lib yurayinmi?
-Men qiltiriq bo’lsam ham mana-man degan ovqatlarning tagini quritaman,-deb kerildi Vilka.
Qoshiq kulib yubordi.
-Nega qulasan, qiyshiq Qoshiq?
-Kulamanda Vilkavoy! Ana sho’rva kevotti! Qani hunaringni ko’rsat-chi!

O’QLOQ
Oshxonada saylov bo’ldi. Pichoq raislikka O’qloqni taklif qildi.
-Bunda kalla yo’q-ku, turgan bitgani govda, qanday qilib rais bo’ladi?- deya e’tiroz bildirdi Oshpichoq.
-Nima, senda kalla bormi? Nahotki tushunmasang, raislik uchun kalla talab etilmaydi. Egrini tuzatsa bas. Sanu manga o’xshab shart-shurt kesmasa bo’lgani. Qara, xamir qanaqa ahvolda? O’qloqning tagiga tushsin, qanday tekis va silliq bo’lib qoladi.

Xullas, Qoshiqni qo’llashdi va O’qloqni raislikka saylashdi.

Oradan bir yil o’tib yana saylov payti kelganda, oshxonada faqat bo’sh shishalar qolgandi. Ular g’o’ddaygancha, jimgina o’tirishardi. “G’ing” deyishsa, O’qloqning turtishidan qo’rqishadi. Singanni yamaydigan zamonlar o’tib ketgan-da!

INDAMASLAR
Oshxonaga xamr qoradigan va yoyadigan hamda turli shakllarda kesib beradigan kombayn-mashina o’rnatildi.O’qloq yaroqsiz bo’lib qoldi. U baqir-chaqir qilib yangilikni yomonlay boshladi׃
-Bu-hayot oqimiga zid, bu-temir-taqa, bunga ergashganlarni tok uradi…

Shu payt Qo’l O’qloqni olib eski-tiskilar yotgan g’aladonga itqitdi. O’qloq endi u yerda yotganlarga baqira boshladi׃
-Turlaring ablahlar? Qachongacha uxlaysizlar? Hammang temir-tersakka, chiqitga aylanib qolibsizlar? Tez turlaring, ana u mashinaga qarshi kurash boshlalaring!

U tinmay dodlardi. Ammo javob yo’q edi. U g’aladon indamaslar yeri – qamoq ekanligini bilmasdi. Boshqalar esa, orqaga yo’l yo’qligini va keyingi manzil axlat ekanligini bilganlari uchunmi, indamas edilar.

QOZON…
Qozon qornini ushlab qahqaha otib kulardi.
-Nega kulvossan?-deb so’radi undan O’choq.
-Ko’rmayapsanmi, xodalarni bir tomonga tashlab, bolor ko’tarib kelishmoqda, og’zingni kattaroq och!
Shu payt O’choq ham qahqaha urib kula boshladi.
-Yig’lashing kerak-ku, nega kulvossan kulbosti?-deb so’radi o’zini kulgidan arang bosgan Qozon.
-Ko’rmayapsanmi, Qora qozon, bolorga kerosin sepishmoqda, endi taging rosa qiziydigan bo’ldi-da!

O’ChOQ
-Buncha qorayib ketibsan?-dedi Qozon O’choqqa qarab.
-Uf, qo’l oyog’im yo’qda…
-Bo’lganda nima qilarding?
Borib bitta oyna olib kelardim.
-Oynani nima qilasan?
-Senga tagingni ko’rsatgan bo’lardim!

ELAK
Elak u yoqdan bu yoqqa aylanib kula boshladi׃
-Nega kulvossan, erinmagan Elak?-deb so’radi Kafgir undan.
-Ahvolingni ko’rib kulaman-da, pandarvaqqi!
-Ahvolimga nima qipti?
-Ilma-teshik bo’b ketibsan-ku!
Bu gapdan Kafgir xafa bo’ldi va׃
-Tavba qildim, kim kimning ustida kuladigan zamonlar bo’ldi,-dedi va dastasi bilan Elakning qorniga turtdi.
Elakning qorni “jir” etib yirtildi.

MOShQAZON
-Oqsaroyning nomini Oshqazon deb o’zgartirsak,-dedi Stol Stulga.
-Nega endi?-ajablandi Stul.
-Hammma betga egani keladi, Oshqazon desak ular egulik olib kelishadi.
Shunday deb turgan Stol birdan kulib yubordi׃
-Tentak, nimaga kulvossan?
-Bozorlarda guruch yo’q ekan, hamma mosh ko’tarib kelsa, ahvoling nima kechadi, deb kulvommanda Stuljon!
-Jinnimisan? Manda quloq-burun yo’q-ku!

STUL
Stul qahqaha urib kula boshladi.
-Nega kulayasan?-deb ajablandi Stol.
-Bugun ham mehmon keladi, shekilli, seni bostirib tashlashayapti.
Shu payt Stol ham kulib yubordi.
-Sen nega kulyapsan?
-Ko’zing ko’rmi, qarasang-chi, bugungi mehmon ham ho’ppa-semiz ekan…

Jahongir Muhammad.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: