“Zamondosh” kimga oid?
SAVOL: Jahongir aka, bu haqda Rizo Obidga ham yozgandim, endi sizga yozayaman. Ochig’ini aytingchi, “Zamondosh” sayti siznikimi? (N.N.)
JAVOB: Bugungacha nima meniki, nima meniki emasligini hech qachon yashirgan emasman. “Zamondosh” sayti ham, TV va radiosi ham, shu nom bilan tuzilgan fond ham mutloq Rizo Obidga oid va mening bu qurilmada zarracha o’rnim yo’q. Ammo suhbatlar olamiz deyishsa yo’q demayman. Yozganlarimni ko’chirib bosishadi, minnatdorman. Men ham ba’zan ulardan ko’chirib bosaman. Hamkorligimiz bu qadar.
Rizo Obid o’z fikri, o’z so’zi va o’z yo’liga ega bo’lgan inson. Bunday insonlarni ayrimlar yomon ko’rishadi. Chunki ayrimlarga maddoh, xushomadgo’y, o’z so’zini ichiga yutadigan, boshqalarning yo’liga emaklab ketadigan odamlar yoqadi.
Rizo Obidga bir necha marta saytidagi materiallar bilan bog’liq ham unday, ham bunday fikr aytganman. Lekin u o’z bilganicha ish qilgan. Hatto To’lqin Qaraevni tanqid qilganida ham nima qilasiz, shu bilan o’chakishib, arzimaydiku deb xat yozganman. Keyin u “mening oilamga og’iz ochgan odamni kechira olmayman” deb javob qildi. Bu fikrini hurmat qildim.
Qolaversa, o’ylab ko’rsam, u hech qachon menga “Nega uni chop etdingiz, nega buni chop etmadingiz?” deb mening saytlarim borasida hech narsa demagan ekan. Shunday bo’lgandan keyin mening nima haqqim borki unga unday qilma, bunday qilma deyishga.
To’lqinni “Amerika Ovozi”da ishlaganimda taniganman. U “Ozodlik” radiosida shtatsiz muxbirlikdan haydalgan ekan, Tolib Yoqubov uni ishga olishni so’ragandi. Rahbarlar bilan gaplashib, uni ishga oldik. Bir necha yil ishladi. Bir kun quvonch bilan “Jahongir aka siz tufayli uylik-joylik bo’ldim” deganda unga qo’shilib sevingandim. Ammo yana bir kuni shunday quvonchli ovozda “quda tomon” bilan til topishganini aytib qoldi. Bu safar xafa bo’ldim. Bir narsa deya olmadim. U O’zbekiston fuqarosi va MXX bilan hamkorlik qilsa, bu uning shaxsiy ishi. Lekin bizning ishimizga zid edi. Shuning uchun boshlig’imizga bo’lgan gapni aytdim. Bu mening burchim edi. Boshlig’imiz “To’lqinjonning materiallariga qo’z-quloq bo’ling, MXXning propagandisti bo’lib qolmaylik. Asta-sekin dumini tugib yuboramiz” dedi. Zotan u shtatsiz, jamoatchi muxbir edi. Shu orada qisqartirishlar boshlandi va u bilan aloqamiz uzildi.
Shu bilan yo’llarimiz ajraldi. U doim menga “Rizo Obidni nega qo’llaysiz?” deb haqoratli xatlar yozadi. Yillardir javob qilmayman. U xuddi beva xotinga o’xshaydi. “Nega menga qaramaysan?” deb faryod solgani solgan. Bundan keyin ham unga qaramayman. Qancha tuhmat, bo’hton va iflosliklar qilayotgan bo’lsa, hammasi o’ziga qaytadi, ziyodasi bilan. Bugungacha shundaylarning qismatini ko’rdik, inshooloh, yana ko’rarmiz.
Darvoqe, u o’ziga Salayni topib oldi. Salayning oyog’ini o’pgan muddatcha uning “chimildig’ida” turaveradi.
Bugun “qorato’lqin”larning Rizo Obidga kuchi yetmayotgani bois ular “Zamondosh”ni meniki deb chalkash fikr uyg’otishga urinmoqdalar. Mening ikkita saytim bor va istagan gapimni shu yerda ochiq yozib turibman. Xudo kuch-quvvat bersa, bu yog’iga ham bu ikki saytni boshqaraman.
Kimningdir mehnati va zahmatiga egalik qilish menga xos emas. Rizo Obid kabi hech qaerdan grant olmasdan, birovning besh tangasi uchun vijdonini sotmasdan, qalb amri bilan Karimov rejimiga qarshi qilgan va qilayotgan ishlarning mingdan birini To’lqin Qaraev ham bajara olganda uni ham hurmat qilardim. Afsuski, u o’zining hech qachon hurmatga loyiq bo’lolmasligini isbotlashga urinib yotibdi.
Bugun muxolif kuchlarning aksari kimlar haqidadir salbiy xulosaga kelgan bo’lsa, Rizo Obid ham o’zbekning bir farzandi sifatida o’z fikrini aytishga haqli. Buning ustiga u mustaqil media yaratgan bo’lsa, aldov-qaldovchilarning basharasini ochishga ham haqli. Bir oddiy odamning bunday haqlarini oyoq osti qilganlar qanday qilib butun bir xalqning haqlarini qo’riymiz deb ayta oladilar. Bu qip-qizil yolg’onchilikku?.
Rizo Obidning ham, mening ham kamchiliklarimiz bor. Ish bor joyda kamchilk bo’ladi. Lekin Rizo Obidning bir o’zi zolim rejimga qarshiman degan guruhlardan ko’proq xolisanillo ish qilayotgani uning kamchiliklarini bosib ketmoqda. Unga hasad qilguncha, uning jahlini chiqarishga uringuncha uning kabi Karimov rejimiga qarshi kurashib o’zingizni ko’rsating.
“Zamondosh” men haqimda ham tanqidiy gaplarni chop etib turadi. Lekin bundan ayrimlar kabi dovdirab qolmayman. Chunki bu daromad manbaim kesilib qolishiga ta’sir qiladi, deb vahimaga tushmayman.
Agar kimdir rostdan ham lider bo’lmoqchi va O’zbekistondagi rejimni o’zgartirmoqni istasa, eng avvalo hamma bilan orani tuzatib olishi, tanqidlarga chidashi zarur. Vaholanki, aksini ko’rmoqdamiz.
JM
Filed under: Savol-Javob |
Leave a Reply