Savol-Javob

Muhtasham razolat

SAVOL: Namoyishi Rossiyada to’xtatib qo’yilgan va Turkiya hamda boshqa joylarda juda katta qiziqishlarga sabab bo’layotgan “Muhtasham 100 yil” ko’p seriyali filmini ko’rish imkoniyatingiz bormi? Biz uni Turkiyada ko’rayapmiz, shuni O’zbekistonda ko’rsatishsa bo’lmaydimi?(E’tibor, Istanbul).

JAVOB: Darhaqiqat, Turkiyaning “STAR” TVsida hozirgacha 56-bo’limi namoyish etilgan “Muhtasham yuz yil” ko’p seriyali tarixiy filmini turk zehniyatining o’ziga xos bir isyoni deyish mumkin.

Usmonli saroyining namoyondasi Sulton Sulaymon hayoti va haramini ilk bor sahnaga olib chiqqan filmning har bir bo’limi ikki soatdan ko’p bo’lgani uchun 56 qismiga yuz soatdan ko’p vaqt sarflab tomosha qilishga arziydimi?

Arziydi.

Agar tarixga qiziqsangiz.

Agar diktatura, zulm nima ekanligini bilmoqchi bo’lsangiz.

Agar sharaf va sharafsizlik, adolat va adolatsizlik, sadoqat va xiyonat, muhabbat va razolat chegaralarini ajratishni o’rganaman desangiz ko’rishga arziydi.

Dastlab bu film haqida Turkiya bosh vaziri Rajab Tayib Erdo’g’anning gapini eshitib qoldim. Uning “Ajdodimiz, Usmonliga bir hurmatsizlik ko’rsatilmoqda. Saroyni boshqa bir shaklda ko’rsatishga urinilmoqda. Bularning hech birining dalili yo’q. Hujjati yo’q, isbot etolmaysiz. Bunday filmni o’tmishga haqorat, hurmatsizlik, o’tmishimizni yoshlarga yomon qilib ko’rsatish deb bilaman va buni to’g’ri deb hisoblamayman”, degan gaplarini o’qidim.

Keyin Erdo’g’anning kasalxonaga tushgani va kasalaxonadan chiqib ham xalqqa ko’rinmay qolgani xabarlari paydo bo’ldi. Ma’lum bo’lishicha, bu paytda u filmning ilgari namoyish etilgan 50 seriyasini “nafas olmay” tomosha qilibdi. So’ng turklarning bir paytlar armanilarga genotsidini tan olish borasida Frantsiyada qonun qabul qilinishi bilan boshlangan mashmashalar paytida Erdo’g’an Sulton Sulaymonning Frantsiya qiroli Fransuaga yozgan maktubini eslatib qoldi. Ma’lum bo’lishicha, bu maktub matnini u aynan shu filmdan olgan ekan.
Tarixga qiziqqanim uchun bu tabiiyki, diqqatimni tortdi.

Filmning bugunga qadar ko’rsatilgan barcha bo’limlarini tomosha qildim va davomini ham har chorshanba oqshomi ko’rayapman. Haqiqatdan ham “nafas olmay” tomosha qilinadigan asar.

Bundan 10-15 yil oldin Turkiyada demokratlar hokimiyatda edilar va u paytda bu mavzu juda nozik hisoblangani uchun adiblar chetlab o’tardilar. Boshqacha aytganda, saroy razolatlari haqida gapirilsa, diniy jamoalar demokratlarni ayblab, dinga, o’tmishga hurmatsizlik ko’rsatilmoqda, tarixni buzmoqdasiz deyishardi. Shuning uchun ham Usmonli saroyi haqida iliq va soxta gaplardan nariga o’tilmasdi.

Mana qariyb o’n yildirki, hukumatga diniy ildizi kuchli bo’lgan partiya rahbar va bu davrda Usmonli saroyining razolatlari haqida gapirish yana ham mushkul. Lekin turk adiblari va san’at ahli bu ana’nani buzishibdi. Buzishganda ham ag’dar-to’ntar qilib yuborishibdi.

Film o’rtaga qo’ygan mavzularni qisqa satrlarda sanayman va xulosani o’zingiz chiqarib oling:
-Usmonli haramiga dunyoning turli burchaklaridan qizlar (ayniqsa rus, ukrain, mojar qizlar) qul sifatida olib kelingan.

-Haram cho’ri qizlar uchun “inkubator” bo’lgan, ular podishoh bilan yotib, unga bola tug’ib berish vazifasini o’taganlar.

-Qul joriyalar nikohga olinmagan, aksar shahzodalar zino natijasida dunyoga kelishgan va haromzodalar Usmonli taxtiga o’tirishgan.

-Podishohning to’shagiga kirib, u bilan yotib, unga yoqmagan cho’rilar beklarga hadya qilingan, xuddi O’rta Osiyo tarixida bo’lgani kabi haromzodalar sulolasi vujudga kelgan.

-Aldov va yolg’onlar haramning adolatiga aylangan.

-Adolatsizlik cho’qqiga ko’tarilgan, adolat oyoqlar ostida qolgan.

-Manfaat hamma narsadan, hatto dindan ham ustun ko’rilgan.

-Din “xo’jayinlari”ning “gilam ostidan” olib borgan razil janglari jamiyat va saroy orasida devor yaratgan.

-Bitta shaxsning bitta so’zi bilan ne-ne insonlarning taqdirlari yakson etilgan.

-Insonning insonlik roli qolmagan va u bitta shaxsning quliga aylangan.

-Taxt uchun ota o’g’ildan, o’g’il otadan voz kechgan, bir-birini zaharlagan, o’ldirgan.

-Taxt oldida volidaning, farzandning, otaning, do’stning, xalqning, millatning, dinning qiymati qolmagan.

-Vatan faqat podishohning sharafi, uning hududiga aylangan.

-Janglar bosqinchilik bilan boylik to’plash va qaytib qish bo’yi saroyda ayshu ishrat qilishning vositasi bo’lgan.

-Xalq tinimsiz talangan va xazina esa podishoh oilasi tomonidan talon-taroj qilingan…

-Saroy intrigalar, bir-birining ustidan uydirmalar uyushtirish, biri biriga josuslik qilish, bir-birining tagiga suv quyish koshonasiga aylantirilgan…

Xullas, film mualliflari xuddi Islom Karimov rejimini 20 yil yashirincha suratga olib, endi tomosha qo’ygandek manzara xayolingizdan o’tadi. Bu manzara millionlarning nafratini uyg’otishi turgan gap. Nafaqat Turkiyada, balki dunyoning bu film namoyish etilayotgan oltmishdan ziyod mamlakatida ham…

Agar hukmdorlar hukmi ila yozilgan tarix bugungi ijodkorlar tomonidan buzilgan bo’lsa, Usmonli sharafini uning vorislari – iqtidordagi Erdo’g’an hukumati va partiyasi himoya qilish qudratiga sohib. Bu ularning vazifasi.

Lekin bu san’at asari O’zbekistonda ham ko’rsatilsa edi, xalq zolim Karimov saroyining muhtasham razolatidan xabardor bo’lardi. Shuning uchun ham ko’rsatishmaydi.

Diktator kecha ham, yuz yil oldin ham, ming yil avval ham ayni bo’lgan. U dunyoning qayerida bo’lmasin, qachon yashamasin, uning portreti ayni: qon bilan chizilgan, atrofi oltin bilan naqshlangan muhtasham zulm, muhtasham razolat…
19 aprel, 2012 yil.
JM.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: