Savol-Javob

Demokratiya nima?

SAVOL׃ Jahongir aka, Siz yozuvlaringizda demokratiya degan so’zni juda ko’p ishlatasiz. Lekin demokratiya kufr ekanligini bilmaysizmi? (Vallomat).

JAVOB׃ Vallomat bo’lsangiz ismingizni nega ochiq yozishdan qo’rqasiz, axir savolingiz jallod Karimov haqida emasku?

Mayli, shunday bo’lsada javob berayin.

Parvardigor o’z bandalari, ya’ni xaliflarini erkin qilib yaratgan va ularga o’zlarini o’zlari boshqarish huquqini bergan. Ana shu o’zini o’zi boshqarish degani – demokratiya deganidir.

Demak, demokratiyani kufr deguvchilar Yaratganga isyon qilishmoqda. Bundaylar boshqarish huquqini xalqdan o’z qo’llariga olish va hokimiyatga osongina erishish xomxayolini qiladilar.  Yaratgan bunday isyonchilarga nisbatan juda g’ayyur bo’ladi. Shunday ekan, bundaylar o’z jazolari bilan o’zlari yuzma-yuzdirlar. Biz faqat bundaylarga O’zi insof bersin deymiz.

Bugungi kunda hamma yomonliklarni, axloqsizlik va ochiq-sochiqliklarni ham demokratiya deb odamlarni qo’rqitadiganlarning maqsadi o’z isyonlarini aldov pardasi bilan bekitishdan boshqa narsa emas. Buni anglash uchun oldin bugungi demokratik tuzumlarga bir nazar soling. Masalan, AQSh misolida.

Bu yerda ikki partiya bor. Har ikkalasi ham xalq boshqaruvini istagan demokratlarning partiyasi. Faqat bittasining nomida bu so’z bor. Ikkinchisida esa bu so’zning “ukasi”- “respublikachi” degan kalimasi bor.

Demokratlar partiyasi liberal, sotsialistik, kommunistik qarashdagilarning to’dasi. Keyingi paytda ularning oralarida ham dindorlar alohida oqimga aylanmoqda. Axloqsizlik, ochiq-sochiqlik ko’proq shu partiya atrofidadir.

Respublikachilar partiyasi muhofazakorlar, ya’ni konservatorlar partiyasi bo’lib, u ham ichida uch oqimni birlashtiradi. Radikal dindorlar, sotsial  qarashlarni tutgan dindorlar va o’rta qarashdagi dindorlar.

Boshqacha aytganda har ikki partiyaning o’ng va so’lchilari bor. O’ngdagilar o’ta dindor va so’ldagilar o’ta liberal.

Ko’rdingizmi, siz va biz  demokratiya  der ekanmiz avvalo o’zimiz  qayerda turganimizni bilishimiz kerak. Masalan, men muhofazakor demokratlarning o’rta bo’g’inini qo’llayman. Chunki ular yaratganga sodiqlik, oilani saqlash, farzandlar tarbiyasi, jamiyatda axloqni ustivor qilish, adolat tantanasi va qadriyatlarga sohib chiqishga tarafdor. Xo’sh, buning nimasi yomon?

Men ham Xudoga ishonaman, oilaga ishonaman, axloqsizlikka qarshiman, adolat tantana qilsin deyman, qadriyatlarni e’zozlayman. Yaratganning o’zi bergan aqlim bor va bir narsani gapirish, yozishdan oldin o’zim o’qib, tahlil qilib keyin to’xtamga kelaman.

Rahmatli Boymirza Hayit “Miya bir parcha et, ishlatmasangiz etligicha qoladi. Kimdir sizga miya bo’lishi kerak emas, o’z miyangizni ishlating” der edilar.

Bu esa insonga boshqalarning aldovini oldindan sezib qolish, niyatlari buzuqligini anglash kabi hislarni beradi. O’shanda sizni aldaydigan kimsalarga ishonmaysiz, ularning to’mtoq aqli bilan emas, o’z aqlingiz bilan ish tutasiz va niyati buzuqlarni o’zingizga oshno tutmaysiz. Mening demokratiyam shu. Buni ko’nglimga Yaratganning o’zi solgan deb bilaman. Chunki undan qudratli kuch yo’q va bo’lishi ham mumkin emas.

JM.

Leave a comment