Savol-Javob

Kelajagimizni qutqarsa demokratiya qutqaradi

SAVOL:Hurmatli Jahongir aka! Asarlaringizning birida ta’kidlaganingizdek, devondan tortib quyi tashkilotlarda ham boshliqlar tomonidan xodimlarning onasini “maqtash” hollari mavjud.

Balki, bu haqda aytmasligim kerakdir, ammo bir insonning qilgan hatti harakati meni “portlatib” yubordi. Hozir ham unga havas qilmoqdaman!

Hokimlik majlisida hurmatli katta tashkilot raxbarlari va xodimlarini tartib bilan birma-bir chunonam tug’ilganiga pushaymon qilardi. MXX va boshqalar ham kattaning boshida soyabon edilar, o’sha majlisda. Navbat bir tashkilot rahbariga etib keldi, (sizga o’xshab oldindan ogohlantirganmi shekilli yana bilmadim), u ham kattaning onasini “maqtab” javob qaytardi.

Zalda jimlik hukm surdi. Boshqalar ertak eshitish uchun momolariga tikilgan singari kattaga va bir “kichikka” termulishardi. Sukunatni kichik buzdi. Boshqalarga qarata fikrini aytdi: Sizlar qanaqa odamsizlar, aziz onangizni haqorat qilishlariga chidab tursangiz?!, Olsang ishingni olasanda deya shartta zaldan chiqib ketdi va ishini topshirdi. U har ishni vaqtida qildi.

Mening obro’yim ham yaxshi ediku-ya, ammo men ham boshqalar singari har kun bo’ladigan “maqtov”ni hazm qilishga majbur edim. Afsuski boshqacharoq yo’l bilan men ham bunday rasvolikka keyingi kun barham berdim. Ammo, u kabi emas albatta. U kabi o’z vaqtida javob qaytarish emas, balki, bunday muomalani bas qilish kerakligini o’sha vaqtda ayta olmaganim uchun xafa bo’ldim.

Bunday tartibga ishga yangidan kirib kelayotgan yoshlar ham o’rganib borishmoqda.
Yoshlarning yolg’on hisobotlarni tayyorlashlarini ko’rib ba’zan ijod qo’ynida ilhomlanayotgan shoir siymosini ko’z oldimga keltiraman.

Ushbu hisobotlar o’z vaqtida tayyorlanganligi uchun kattadan “Barakalla” so’zini eshitish vaqtinchaligini hamda ushbu hisobotlar vaqti kelib bu yoshlarni chirmovuq kabi bir kun kelib bo’g’ishini ularga qaydan ham tushuntura olasan kishi?!..

Sizning fikringizcha O’zbekiston qancha muhlatda bu kabi salbiy oqibatlardan qutilishi mumkin? Yoshlarchi?

Hozirda tashkil etilayotgan akademik litsey va kollejlarda, (institutlarni aytmasa ham bo’ladi, chunki ularda tayyor poraxo’r kadrlarni shundoq ham majburan tayyorlashadi yoki talaba bundan “OChISLENIE” bo’lib qutuladi), yangidan tashkil etilayotgan chet el oliygohlarida ta’lim olayotgan kadrlardan umid bormi?

“Umid” yoshlarni chetga o’qishga jalb etish proektidan umidning o’zi qolmadi. Yoki kollejlarni hozirda chet elga pul topish ilinjida nafaqat o’qituvchilar balki aksariyat qismi o’quvchilar tark etayotganlaridek chet el institutlarida ham bir xil bo’lishi mumkinmi?

Kundalikka aylanib orayotgan maddohlik bolalar yaslisidan boshlanib turgan bir sharoitda (yoshgina bolalarning ertak eshitishi lozim bo’lganda konstitutsiyani ko’r ko’rona yodlatishgani va TVda takror va takror namoyish etishganichi) aniq bir chora tadbir bormi?

Hurat bilan M.Q.

JAVOB: Siz yozish uslubi anchagina “pishgan” va uncha-buncha jurnalistdan tuzukroq yozadigan kishi ekansiz. Shuning uchun nomingizni ochiq qo’yib yoki bu xavfli bo’lsa taxallus ostida mushohadali, mulohazali va muhokamali maqolalarni qalamga olishingiz mumkin. Bu ishga kirishsangiz, savolingizda qo’yilgan masalani oldinroq hal etishda yoshlarga, jamiyatga salmoqli foyda qilgan bo’lardingiz. Bu juda xayrli odim bo’ladi.

Chunki bugun yoshlar ishonadigan jurnalistlar, o’z fikrni ochiq yoza oladigan qalamkashlar va davr faylasuflari deyarli yo’q darajada. Kimdir “lo’p” etib chiqib qoladi. Lekin qisqa vaqtda yo hukumatning doyrasiga o’ynaydi yoki qaysi bir guruhning nog’orasiga.

Hech qaysi tomonga qo’shilmagan holda haqiqat, adolat tarafida turadigan fikr sohiblari kerak bugun. Chunki yoshlar va umuman jamiyat gangib qolgan. Ular qaysi yo’lni tanlashlari va qaysi yo’l to’g’riligini tanlashda qiynalmoqdalar.

Bugun ahmoqlarning bobokaloni ham o’z yo’lini to’g’ri deydi va o’ziga ergashmagan, qo’shilmaganni nokas deb o’ylaydi. Shuning o’zigina aslida uning kimligini ko’rsatadigan ishorat. Lekin buni tushintirib beradigan siz kabi fikr sohiblariga zarurat bor bugun.

Endi savollaringiz mag’ziga kelsak, shuni aytishim mumkinki, agar O’zbekiston barcha uchun qadrli bo’lgan islomiy yo’ldan keta boshlasa, “boshiga” juda ko’p ishlar keladi va bugungi kunlar ham holva bo’lib qolish mumkin. Chunki bizda hali islomni anglaydigan siyosatchilar yo’q, islomni anglaydiganlar esa siyosatchi emas.

Buning ustiga O’zbekiston joylashgan geopolitik nuqta ham bu borada katta muammolar keltirib chiqaradi. Islom Karimov diktaturani mustahkamlash uchun xuddi mana shundan ustalik bilan foydalanib kelmoqda. U qo’liga tushgan har bir “kesakcha”ni katta “xarsangga” aylantirdi va aylantirmoqda.

Agar biz demokratik yo’lni tanlasak, Siz aytgan qabohatlardan qutula olamiz va demokratiya ana shu razolatdan qutulishni o’rgatadi. Matbuot erkin bo’lsa, so’z aytish ozod bo’lsa Siz aytgan qabohatlarga qarshi kurashmoq mumkin.

Bu osongina “olma pish, og’zimga tush” qabilida hal bo’lmaydi, albatta, qadamba qadam hal etiladi.

Maddohlikni tizginlaydigan bitta rejim bor, u ham so’z erkinligi rejimi. Bu rejim maddohlikni butunlay tugata olmasa ham unga qarshi haqiqatni ayta oladi. Boshqacha talqin qilsak, balansni saqlaydi. O’zga biror bir rejim bunga qodir emas. Buni tarix million karra isbotlagan.

Qaysi bir hisobdan bugungi yoshlarning chet elga chiqayotgani yaxshidir. Ular hech bo’lmaganda maddohlik nima ekanligini tushunadilar. Bu esa O’zbekistondagi qattol rejimni tezroq tugatishga ko’maklashadi. Chunki rejim o’zgarsa, uning TVlaridan tortib, gazetlariyu maktablarida ishlaydigan fikri ochiq millionlab yoshlar kerak bo’ladi. Jamiyatning qanchalik tez o’zgarishi ana shu kuchlarga bog’liq bo’ladi.

Demak, 70 yilda nuratilgan va 25 yilda qulatilgan binoni tiklash uchun oz vaqt ketmasligi o’z-o’zidan ayon. Ammo demokratiyani qalban anglab, o’zini yengib, o’zi ham unga rioya qiladiganlar hokimiyatga kelsalar bu muddatni bir necha martaga qisqartirish mumkin. Unaqalar esa anqoning urug’i…
JM.

Leave a comment