“Qiyomat kuni” haqida Farg’ona.ru muxbirining savollariga javoblar
Farg’ona.ru muxbiri׃ Jahongir aka, romanning aynan bugun paydo bo’lishi va unga aynan ana shunday nom qo’yilishi ortida nima turipti, aqlni yig’ib olishga chaqiriqmi yoki aniq kelayotgan voqealik haqida ogohlantirishmi?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ Ma’lumki, tarixiy roman ma’lum bir davrning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy rasmini chizadi. Bu rasmning oldingi qatorida bugungi voqealar, bugungi tarixiy shaxslar turadi. Bugungi voqealar esa qirg’in-barotga bog’lanib qolmoqda. Kitobning yozilishi ana shu qirg’in – O’sh va Jalolobodda yuz bergan katta JINOYaT, uning yaqin tarixdagi ildizlari haqidadir.
Kitobning nomiga kelsak, uning keyingi boblarga kiradigan mana bu hikoyat nimalarnidir anglatishi mumkin.
Bu hikoyatni kitobning qahramoni Saidjonga uning dadasi Komil tarixchi o’zi ko’rgan tush sifatida aytib bergan׃
…Buyuk Yaratuvchi bir kuni Odam Ato va Momo Havoning atvorlaridan ranjib ularga jazo tayin etishni ixtiyor qilibdi. Ko’kdan bir parcha uzib, Erni paydo qilibdi, bir qismini quruqlik va qolganini suvdan. Avvaliga Odam Ato va Momo havoni qumursqaga aylantirib, Erga tashlabdi. Qarasaki, qumursqalar ko’payib ketib, erni ilma-teshik kulbaga aylantirayotgan emishlar. Shunda Yaratguvchi ularni qushga aylantiribdi. Qarasaki, qushlar Erni tashlab ummonlar ustiga ketib, baliq ovlab, rohat-farog’at qilib yurishibdi. Shunda ularni odamga aylantirib yuboribdi.
-Bizni qaerga tashlading, yo Rabb?-deb so’rabdi Odam ato o’z Yaratguvchisidan.
-Sizlarni jazolash uchun do’zaxga itqitdim,-degan javob olibdi.
-Biz bu do’zaxda qancha qolamiz?-deb so’rabdi Momo havo ulu Tangridan.
-Bu do’zaxni atiga bir kunga deb yaratdim. Demakki, u erda bir kun turasizlar. Bu sizlar uchun Qiyomat kunidir.
Yaratguvchining bir kun degan o’lchovi bilan bizning bir kun degan o’lchovimiz orasida bizzilion-bizzilion yillar bor ekan. Demak, biz Qiyomat kunining farzandlarimiz, ya’ni Qiyomat kunida, do’zaxning qavat-qavat azoblari aro yonayotgan bandalarmiz! Yaratguvchining bu Kuni qachon bitadi, uning o’ziga ayon!..
Farg’ona.ru muxbiri׃ Romanda juda ko’p nozik holatlar bayon kilingan, ayniqsa prezident Karimov va mamlakat Ichki ishlar vaziri Matlubov o’rtasidagi suhbat ana shunday holatlardan. Aytingchi, bunday epizodlarning kiritilishi yangi romanda ham muxoliflik kayfiyatini namoyon qilib o’tishga urinishmi yoki gap tagida gap bormi?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ Bugunga kelib dunyoda tarixiy-zamonaviy romanchiliknig yangi bir yo’li paydo bo’ldi.
Bu – birinchidan, romanning tili juda soda bo’lishi kerak. Chunki biz Internet asrida yashamoqdamiz va o’quvchining bir atirgulni besh sahifa qilib tasvirlashingizga toqati yo’q. Kompyuter tugmasini aylantirsa, bir emas, mingta atirgulning ham suvrati, ham rasmi va hamda grafikasini ko’rishi mumkin.
Ikkinchidan, uning vaqti bilan hisoblashishga majbursiz. Bugungi o’quvchi kechagi kitobxon emas. U hamma voqealar haqida istagani qadar ma’lumotni bir lahzada topa oladi. Demak, siz unga ana shu voqealar orasida u ko’ra olmagan narsalarni topib bersangizgina u o’qiydi.
Uchinchidan, bugungi tarixiy shaxslar hayotining o’quvchiga noma’lum jihatlarini ko’rsatib bersangiz uning “ishtahasini” ochishingiz mumkin.
AQShda prezidentning Oq uydagi hamma gaplari yozib olinadi. Lekin bu ellik yil davlat siri sifatida maxfiy saqlanadi. Bugungi Obamaning Oq uydagi gaplarini tarixchilar ellik yildan keyingina o’rganish imkoniyatiga ega bo’ladilar. O’zbekistonda esa, Oqsaroydagi gaplarni umuman yozib olmaslik choralari ko’riladi. Demak, u erdagi gaplarni tarixchilar ming yildan keyin ham bilmaydilar. Shuning uchun ham bu masalada tarixiy to’qima asar yozadiganlarning imkoniyati katta. Ularni cheklaydigan voqelik yo’q. Oqsaroy muhitini va atrofdagi jarayonlarni ozgina bilgan, kuzatgan yozuvchi u erdagi gap-so’zlarni to’qima holatida bo’lsada “tiklashi” va o’quvchiga etkazishi mumkin. Men yozayotgan kitobda garchi juda ko’p voqealar aynan kiritilayotgan bo’lsada, siz eslatgan epizod to’qimadir.
Farg’ona.ru muxbiri׃ Romanning “Turonzamin” internet nashri va sizning shaxsiy blogingizda e’lon kilib borilayotgan har bir bandi so’ngida. siz o’kuvchilarga murojaat qilib, romanning bitilishida ma’lumotlar bilan o’rtoqlashib, yordam qilishni aytib borasiz. Hozir Fergana.ru o’quvchilarga romandagi asosiy hodisalarning asosiy manbalari kimligini ayta olasizmi?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ Asosiy manba bu birinchi galda o’quvchilarning o’zlari. Hozir qo’limda yuzdan ziyod maktub bor. Borgan sari ko’paymoqda. Bu esa romanning yozilishini ham qiyinlashtirmoqda. Chunki bu maktublar va ulardagi voqealarni bir yo’lga solish oson emas. Darvoqe, manbalardan yana biri Internetning o’zi, jumladan, Farg’ona.ru ham. U erdagi ma’lumotlar va izohlar orasida juda qimmatli ishoratlar bor. Shularni ham terib romanga singdirayapman.
Farg’ona.ru muxbiri׃ Romanda, buni balkim tan olish kerakdir, ayrim doiralar va hatto davlatlar uchun dastak sifatida foydalanishlariga ma’lum ma’nodagi imkoniyat yaratib beruvchi hodisalar bayoni ham bor. Muallif sifatida siz yaratayotgan asariningiz siyosiy uyinlar, qarama qarshiliklar kaliti bo’lib qolishi mumkin degan xavotir yo’qmi?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ Bugunga qadar hali biror bir tarixiy roman qandaydir doiralar yoki davlat uchun biror masalada dastak yoki bahona bo’lgan emas. Bu o’z nomi bilan roman. AQShda prezidentlardan tortib, MRB va FQB haqida minglab to’qima kitoblar yozilgan. Umuman dunyoda bu juda keng yoyilgan uslubdir. Shunday ekan, bu yog’idan ko’nglingiz to’q bo’lsin. “ASSASSIN” romanimdan keyin ham shunday gaplar bo’lgandi. Lekin mana oradan qariyb besh o’tdi va Oqsaroy atrofida tinchlik.
Farg’ona.ru muxbiri׃ Romanning bir epizodida, prezident Karimovning, Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin bilan nimanidir kelisha olgani, ammo Rossiya prezidenti Medvedev bu kelishuvga to’sqinlik bo’layotgani aytiladi. demak siz bu o’rinda O’rta Osiyo Rossiya ta’sir maydonidaligi va uning ichida kechuvchi xar qanday jarayon uning xabardorligi bilan bo’lishiga ishora qilgansiz, shundaymi?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ Agar xabardor bo’lmasa, u Rossiya prezidenti emas, balki Chita vokzalidagi gadoy demakdir. Uni gadoy deya olmaysiz. Demakki, u xabardor. Qolaversa u hali ham Markaziy Osiyoni Rossiyaning orqa tomorqasi deb biladi. Tomorqadagi gapdan bexabarlik aqlga sig’maydigan holdir.
Farg’ona.ru muxbiri׃ Aytaylik romanning ko’p joylari badiiy to’qima, hatto shu to’qima kurinishida ham, aytingchi Karimov O’sh borasida nimani rejalayapti, chindan ham O’zbekiston kuch ishlatar tizimi xodimlari Qirgiziston janubida o’zbek va qirgiz jinoiy uyushmalarining o’zaro tortishuvini nazorat qila olish kuchiga egami?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ O’zbekiston mintaqadagi eng kuchli kuchishlatar tizimlariga ega. Bu Islom Karimovning hamma narsani bilib turish istagidan kelib chiqqan. O’zbekiston MXXsi va IIVsi mintaqada anchayin emin-erkin faoliyat olib boradigan kuchga aylangan.
Bittagina misol keltiraman, O’shda qirg’in bo’lgan kun Roza O’tinboeva bu voqealarning ip uchi o’sha yoqda deya ShHT majlisi borayotgan Toshkentga tomon ochiq tosh otdi. Oradan ko’p o’tmay Islom Karimov u bilan telefonda gaplashdi. Shundan keyin O’tinboeva ham, Qirg’iz kuch ishlatar tizimlari rahbarlari ham Islom Karimovni maqtay boshladilar. Hatto otishmalar, qirg’in darhol tindi. Demak, Islom Karimovda O’tinboevaga va uning kazo-kaozlariga bosim o’tkazib, ularni 180 darajada aylantirib yuborishga qodir “dalil” bo’lgan. Bunday “dalil” esa unga faqat shu ikki idoradan keladi.
Farg’ona.ru muxbiri׃Romandagi yana bir e’tibor tortuvchi holat bu sizning va o’shlik Saidjon o’rtasidagi muloqotingiz. Bu ma’lum ma’noda sizning O’sh voqealari xususidagi pozitsiyangizni namoyon etadi. Yoki bu ham shunchaki badiiy yondashuvmi?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ Ilgari boshqa matbuot vositasining shunday savoliga javob bergandim. Fikrim o’zgargan emas׃ ya’ni voqealarning bevosita ishtirokchisi bo’lish boshqa va voqealar haqida bilvosita manbalarga tayanib xulosa qilish boshqa. Qirg’izistonda yuz bergan voqealar borasida bizning pozitsiyamiz ikkinchi holga yaqin bo’lgani uchun ham sub’ektiv xarakterga ega bo’ladi.
Ayni paytda Karimov kabi bitta narsani ko’rsatib, sabab mana shu deb turib olish-ya’ni aybni ko’rinmas ”uchinchi kuch”ga yuklab qo’yish- bu tullak siyosatning ishi.
Mening olisdan turib, shaxsiy kuzatuvlarimga ko’ra, Qirg’izistonda yuz bergan qirg’in ortida bir qancha jiddiy faktorlar bor. Ko’rganlarim, o’qiganlarim va eshitganlarimni jamlab, bu faktorlarni quyidagi tartibda joylashtirgan bo’lar edim׃
1. Hukumat uchun jang
2. Karimov rejimining aralashuvi
3. Tashqi dunyo ta’siri
4. Milliy-tarixiy nizolar
5. Diniy, ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy muammolar yig’indisi
6. Mafiya yoki qonundan tashqari kuchlarning qutqulari
7. Qirg’izlar orasidagi ichki nizolar
8.O’zbeklar orasidagi ichki nizolar
9. Millatchilik va hokazo sabablar bor va men kitobda ana shu sabablarning hammasini bir nuqtaga keltirishga urinayapman. Chunki voqealar bir kunda oniydan boshlangan emas va bu ancha vaqtdan beri davom etib kelayotgan jarayonlarning eskalatsiyasidir.
Farg’ona.ru muxbiri׃ Romanda rus yigitining o’zbek qo’shnilari, xonadoshlari bilan tortishuvi, xafagarchiligi tufayli yuzaga kelgan holat, ya’ni uning politsiyaga arz kilishi va uning ortidan yuzaga kelgan hibsga olish jarayoni keltirilgan. Men bu o’rinda romanning oddiy o’quvchisi sifatida qizikayotganim, yigitlarning keyingi takdiri kanday kechgani xususida yangi band bormi yoki? Keyin nima bo’ldi axir?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ Albatta bu Saidjonga bog’liq. Balki u ularning taqdiri haqida bir narsalar bilar va kelgusida aytib ham berar. Darvoqe, Saidjon ham bor shaxsdir. Asardagi hamma shaxslarning prototiplari ham bor. Aniq ismlari keltirilganlar bular tarixiy shaxslar. Qolganlarning ismlari ozgina o’zgartirilgan.
Farg’ona.ru muxbiri׃ Romanning yana bir joyi, sobiq prezident Akaevning o’g’li va qizining Qirg’iziston janubini kurollantirish urinishlari hakida, aytib o’tish joizki janub voqealari yuzasidan xalqaro tekshiruv o’tkazilish arafasida romandagi bu epizod juda jiddiy ta’kidni anglatadi, boring ana bu ham shunchaki badiiy to’qima deylik, siz Akaevlar oilasi shunday buzg’unchilikka hali ham qodir deb ishonasizmi va Akaevlarning o’zlari tarafidan romandagi ayni epizod o’larok jiddiy e’tirozidan cho’chimaysizmi?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ Akaevlar romanga e’tiroz qiladigan darajada johil insonlar emas. Qolaversa, romandagi gaplar bor gaplar. Hali Aytmatovlar borasida ham aytiladigan gaplar bor. Kitob qirg’izlarga qarshi pozitsiyada emas. Ko’proq biz o’zbeklarning ichki muammolari tahlil qilinadi. Umuman turkning ikki bolasi nega dushman bo’lib qoldi degan savolga javob qidiriladi. Biz istaymizmi, yo’qmi, baribir qirg’iz va o’zbek bir joyda yashaydi. Shunday ekan, ular orasida dushmanlikni qanday qilib yo’qotish haqida o’ylashimiz kerak. Jinoyat bor o’rtada. Katta jinoyat. Ma’lumki, bir jinoyat sodir etilsa, uning hamma versiyalari o’rganiladi. Bu kitob ham O’sh va Jalolobodda sodir etilgan katta jinoyatning bitta versiyasidir. Uni kimdir qabul qilishi mumkin, kimdir yo’q.
Farg’ona.ru muxbiri׃ Qiyomatning oldi olinadimi yoki biz uning dahshatli oqibatini ko’rishga majbur bo’lamizmi?
JAHONGIR MUHAMMAD׃ Bu bizning – ham qirg’izlarning va hamda o’zbeklarning millatchilikni enga olishimiz, katta jinoyatning aybdorlarini topib jazolashimiz, adolatni tiklay olishimizga bog’liq. Adolat tiklanmagan joyda qiyomat qoyim bo’ladi.
Eslatma o’rnida׃ Savollarga javoblar 2010 yilning 19 avgust kuni jo’natilgan.
Filed under: Kundalik, Qiyomat kuni |







