Karimjon Muhammadjonov: Jahongir Muhammadning xatolari

Hukumatimiz yigirma yildan beri Jahongir Muhammad kabi xalqimiz sevgan kishilarga qarshi ba’zida “Xushev”, ba’zida “Sharipov”, ba’zida “Haripov” bo’lib hujum qilib turadi. Ularni yomon otliq qilish uchun ularga tuhmat uyushtiradi, ularga qarshi fitna qiladi, ig’vo tarqatadi. Bunda mashhur fitnakor Ismat Xushev ayniqsa, qo’l kelmoqda. U tez-tez Jahongir Muhammadga tuhmatlar qilib turadi.

Jahongir Muhammad televideniega rahbar bo’lib kelganda men yosh jihatidan tenqur bo’lsam ham oddiy muxbir edim. Ertalab bizni majlislar zaliga to’plashdi. Bosh vazir o’rinbosari Erkin Samandarov Jahongir Muhammadni bizga tanishtirdi. U Gosteleradioni isloh qilish loyihasining avtori ekanligini aytib, “tashabbus jazosi bilan” deb pastda biz bilan o’tirgan Jahongir Muhammadni prezidumnga chaqirdi. Biz hayron edik.
Chunki O’zteleradio milliy tashkiloti deb atala boshlagan idoramizda rais bor edi. U oldin UzAning direktori bo’lgan Erkin Haytiboev edi. U yaqinda ishdan olingan Ganja Yoqubovning o’ringa kelgandi. Televidenie uchun mas’ul bo’lgan Elbek Musaev ham o’z o’rnida ishlab turgandi. U kishi ham yaxshi odam edi. Lekin shamol qayoqqa essa, o’sha tomonga burilardi. Oxiri shuning qurboni bo’ldi.

Jahongir Muhammad minbarga chiqarkan biz qarsak chalib yubordik. Uni Deputat minbari, Dadaxon Yoqubov bilan birga tayyorlagan Hayot quvonchlari va tashvishlari, Navro’z marafoni va boshqa ko’rsatuvlar orqali ham bilardik. U respublika gazetalari va jurnalarida ham shov-shuvli narslarni ko’p yozardi. U o’zimizdan edi. Ismat Xushev iddao qilganidek, Karim Bahrievning kelishi haqida eshitmaganmiz. U ham kelsa xursand bo’lardik. Biz uchun Jahongir Muhammad, Dadaxon Yoqubov va Karim Bahriev o’shanda iftixorimiz bo’lgan deputatlar edi.

Jahongir Muhammad televideniega oshkoralik olib kelganini va endi senzurasiz ishlashga boshlashimiz haqida gapirdi. Lekin bizda ikkihokimiyatchilik boshlandi. Bir tomonda Erkin Hayitboev va Elbek Musaev. Ikkinchi tomonda esa Jahongir Muhammad. Televideniedagi o’rgimchak uyasining jilovii Elbek akaning qo’lida edi. Hayitboev esa eri ursa xursand bo’ladigan xotinga o’xshagan bechora odam edi. Shuning uchun ham u Elbek akaning chizgan yo’liga tushib qolgandi.

Biz Jahongir Muhammad uch kunda qaytib ketadi deb o’yladik. Chunki unga kabinet berishmadi. Elbek Musaev o’z o’rnida o’tirib televideniega rahbarlikni davom ettiraverdi. Xizmat mashinasini ham u minardi. Har kun ertalab bu mashinada kim kelishini kutib, keyin ish boshlardik. Juda qiziq-a?

Jahongir Muhammad Oliy Kengashning mashinasida kelardi. Demak hokimiyat hali Elbek akada. Shunga qarab ish tutardik. O’shanda qoyil qoldik. Jahongir Muhammad uch kunda Elbek akani kabinitidan chiqarib, texnik masalalar bo’yicha raisning birinchi o’rinbosari bo’lib ishlab yurgan bitta urusning o’rniga o’tkazib qo’ydi. Bu uning xatosi edi. Chunki Elbek akaning orqasida butun toshkentliklar, butun mafiya, artistlar, yozuvchi shoirlar va Erkin Samandarovlar turgandi. Erkin Samandarov unga televidenieni Jahongirga tashlab qo’ymang deb aytganini bizlarga uqtirib, hamma narsani o’zi nazorat qila boshladi. Jahongir Muhammad bilan uning o’rtasida kurash boshlandi. Jahongir Muhammad tajribasilik qildi, islohot qilaman deb “xato”larga yo’l qo’ydi.

U televidenieda fonogrammani bekor qilish haqida buyruq chiqardi. Bu artislar uchun o’limdek gap edi. Bundan hamma qo’shiqchilar bilan birga Erkin Hayitboev va Elbek Musaev ham g’azabga mindilar. Chunki buyruqqa ular qarshi bo’lsalar ham Jahongir Muhammad o’z bilganidan qaytmagan. Bu buyruq to u ketgunicha ishladi. Uni bekor qilisha olmadi. Xo’jaliklar va korxonalarda xalq bilan uchrashuvlar qilib, kontsertini yozdirganlarga yo’l ochilib ketdi. Bobomurod Hamdamov kabi fonogrammasiz aytadiganlarning davri bo’ldi. Lekin Jahongir Muhammad ketishi bilan bu buyruqni bekor qilishdi.

Uning ikkinchi xatosi shu bo’ldiki, tanish-bilish bilan ishga o’tib olgan diktorlarni orqa planga olib, ravon va erkin gapiradiganlarni oldinga olib chiqdi. Masalan, Halima Ahmedova degan diktorni Axboot bo’limiga o’tkazdi. Uning dugonasi Tatyana Karimova ekanligini ham bilardi.

Jahongir Muhammadning navbatdagi xatosi Axborot programmalarini deyarli tanqidiy qilib yubordi. Nurilla Ostonov, Abdurauf Qorjovov kabi muxbirlarni ishga olib, har kuni feletonlar bera boshladi. Bu tepaga yoqmasligini hamma bilardi.

U “Turkiston” degan programmani tashkil qildi. Unda Markaziy Osiyoni birlashtirish maqsadi bo’lgani uchun ruslar panturkizm deya tanqid ostiga olishdi.

Bir kuni u Muhiddinovni taklif qilibdi. Undan Islom Karimov va Shukrulla Mirsaidov orasidagi kelishmovchilikka baho berishni va ularning xarakterlaridagi salbiy jihatlarni qanday qilib tizginlash borasida so’ragan. Muhiddinov pixini yorgan siyosatchi. KPSS MKnig kotibi bo’lgan odam. Savolga javob bermay to’g’ri Islom Karimovning yoniga borib, hamma gapni aytib beribdi. Keyin eshitsak, Muhiddinovning Oloy bozori yonidagi koshonasini olmoqchi bo’lib turishganda u shu yo’l bilan muammoni hal etgan ekan.

Jahongir Muhammad ish boshlashi bilan “Munosabat” degan ko’rsatuv tashkil qildi. Boshlovchisi o’zi edi. U mashhur odamlarni chaqirib, mana mikrofon ochiq, qani dilingizdagini ayting deb qaltis savollar berardi. To’g’ri hammasi salbiy bo’lmasdan ba’zilar Karimovni ham maqtagan. Menimcha bu ham oshkoralik uchun muhim edi. Bu ko’rsatuv erkin bo’lib, unda cheklov yo’q edi. Bir marta Jahongir Muhammad Erkin Vohidovga mikrofonni ko’rsatib, qani aytolmay yurgan gaplaringizni ayting, deganda Erkin aka mikrofon erkin bo’lsa ham tiling aylanmay qolar ekan degandilar.

Jahongir Muhammad Talabalar shaharchasida yuz bergan otishmalar paytida yana bir xatoga yo’l qo’ydi. Yozuvlar solishtirilib Farg’ona, Bo’ka, Parkent voqelariada namoyishchilarning oldida yugurgan ikki kishining Talabalar shaharchasida ham borligini aniqladik. Bu ishda men ham bor edim. Bu haqda reklama berilib, maxsus progaramma soat to’qqizda efirga chiqishi aytildi. Hukumat rahbarlari kelib, programmani bekor qilib, yozuvlarni olib ketishdi. O’shanda Jahongir Muhammad Erkin Samandarovga sizni tarix kechirmaydi, siz millatga xiyonat qilayapsiz deganiga guvoh bo’lganman. Lekin o’ynashmagin arbob bilan degan gaplar bekorga aytilmagan.

Bular men aniq bilganlarim va esimda qolganlari. Jahongir Muhammad televideniega O’zTv deb nom berganidan boshlab, 12 bandlik o’sha kunlar uchun juda ham kuchli yozilgan iste’fonomasi qo’lba-qo’l tarqalganigacha yana ko’p voqealar bo’ldi. Unga general Urayimjon Abdug’aniev tuhmat uyushtirdi. Bu haqda uning o’zi kitoblarida batafsil yozgan.

Dunyoda rahbarlarga baho berishda dastlabki yuz kun juda muhim hisoblanadi. Jahongir Muhammad esa yuz kunga ham yetmagan juda qisqa vaqtda hech kim qila olmaydigan ishlarni qilgandi. Bizni me’yorlarimiz, bugungi o’zbekchiligimiz bo’yicha bular xatolar edi. Ammo xato qilmay tepaning aytganini bajarganlar ham baribir ketishdi. Farqi shu bo’ldiki Jahongir Muhammad isyon qilib ketdi, uning iste’fonomasida aytilgan bashoratlar boshimizga keldi, tepaga xizmat qilib xatosiz yashaganlar ular esa ishdan olib tashlandi.

Bugun Jahongir Muhammad qilgan xatolarni eslab yuribmiz. Chunki bular bizning davrimiz uchun xatolar edi. Kelajak uchun esa ibratdir.

Menimcha Jahongir Muhammadning bizning davrimizga kelib qolishining o’zi ham xato. U yuz yil keyin kelishi kerak edi.

Karimjon Muhammadjonov,
sobiq jurnalist, bugungi muhojir.

zamondosh.com

%d bloggers like this: