Qutlovlaringiz uchun qulluq, do‘stlarim!

Ana-mana demay to‘rtta beshni qatorlashtirib qo‘yibman. 55-yilda tug‘ilib, 55 ga yetib kelibman. Shunday kunda telefon qilib, samimiy so‘zlari bilan dilimni ravshan torttirgan, SMSlar yuborib sevintirgan, maktublar va she‘rlar yozib  quvontirgan barcha do‘stlarimga, qarindoshlaru ustoz hamda shogirdlarga qulluq qilaman… JM
XXXX
Tavallud kun bilan muborakbod etiluvchi insholarning aksariyatida: “falon yoshda ham toychoqday chopqillab yuribsiz, ishongim kelmaydi”, deyilgan hayratona bitiklarni o‘qirkanman u hayratomuzlikdan ko‘ra ko‘proq masxaromuzlikday tuyuladi.Chunki ulug‘ yoshlarga kirgan inson go‘yo og‘irning ustidan, yengilning ostidan chopqillab o‘tib, hech vaqo qilmaganday yengiltak hayot kechirganga o‘xshab qoladida.
Shuning uchun ham XXI asr  zamonaviy o‘zbek adabiyotiga asos solayotgan, o‘ziga xos zamonaviy ruh bag‘ishlayotgan yetuk adib Jahongir Muhammadni “55 yoshga kiribsizu toychoqday chopqillab yuribsiz”, deyilgan qolipli ( jurnalistikada shablon ham deb qo‘yishadi ) kalima bilan siylamoqchimasman.Aksincha…
Asrning zamonaviy o‘zbek adabiyoti asoschisi , jasoratli jurnalisti, zukko siyosatchisi, manaman degan hukumat muxoliflarining ustuni Jahongir Muhammadni kuch-quvvatga to‘lgan ot kabi ozodlik uchun kurash yukini ko‘tarib borayotgan azamat inson degim keldi.Umuman olganda asrning buyuk kishilari ro‘yxati tuziladigan bo‘lsa, uning birinchi qatoriga JAHONGIR MUHAMMAD ismini ulkan zarhal harflar bilan yozib qo‘yilsa arziydi.
Men bu joyda qanchalar ta‘rif yozmayin, u kamlik qiladi.Quyidagi satrlar esa 55 yoshli Jahongir akaning bunaqa 55lardan yana ko‘pini ortda qoldirib, Vatanda yubileylar o‘tkazishini tilab yozilgan bir mujda deb bilgim keldi.
Do‘st tug‘ilgan kun…
Sentyabrning birinchi kuni menga shodlik keladi olib,
Chunki shu kun, xuddi shu onda tug‘ilgandir benazir adib.
Do‘st tug‘ilgan men uchun shu kun, do‘stki sodiq hazrati inson,
Egam do‘stdir va yana biri Jahongiru Muhammad in‘on!
Ibrat uchun  hislat ko‘p  unda, bag‘rikenglik kasbidir go‘yo,
Vafoli do‘st, mehribon ota, vafoli yor, ahdga vafodor.
Hammasini bir joyga ja‘mlab, sanagani yetmaydi hisob,
U osmonda  yulduz yo qamar, yo nur sochgan do‘stgadir oftob.
Qiyosini izlayman ko‘pdan, ammo sira yo‘qdir qiyosi,
Balki yuzin yoritib turgan ilmin nuri uning ziyosi!
Tug‘ilajak buyuk kishilar ming yillarda bir bora aniq,
O‘sha do‘stim Jahongir bilsang, zarhal so‘zla bitilgan tarix!
Ta‘rif bisyor qay birin avval insho etmak bilmay shoshaman,
Endi  ellik besh yosh o‘sibsiz, unga shuncha yoshni qo‘shaman.
Orzum yana do‘stla vatanga tez orada qaytgim keladi,
O‘z uyimiz O‘zbekistonda  oq  tilaklar aytgim keladi.
Jahongir aka, oilangiz, yoru birodarlaringiz, farzandlaringiz, do‘stlaringiz , umuman o‘zbek xalqi  baxtiga hamisha sog‘ – omon bo‘ling!Barakali umringizga umrlar, asarlaringizga asarlar asrlar bo‘yi qo‘shilaversin!
Rizo Obid (zamondosh.com)
XXX
Hurmatli Jahongir aka!
Tavallud ayyomingiz bilan chin qalbimdan tabriklayman! Dunyodagi barcha ezgu va pok tilaklar bilan birga Sizga uzoq umr, tan-sihatlik tilayman!
Muhojirlikning zahmatlarida yurib, Vatan dardi qalbimni qattiq tirnaganida Siz va Siz kabi aziz Insonlarimizning iliq va nurli so‘zlari faqat va faqat olg‘a intilishimga undaydi.
Hamisha xalqimiz baxtiga omon bo‘ling, aka!
Keyingi yubileylaringizni Vatanda xalqimiz bilan birga shodiyonada qarshi olishlikni nasib aylasin! O‘sha kunlari qamishdan bel bog‘lab xizmat qilishlikni bizlarga ham nasib aylasin!
Tavallud ayyomingiz qutlug‘ bo‘lsin, Jahongir aka!
Ulug‘bek Bakirov (turonzamin.com)
XXX
Hurmatli Jahongir aka! Muborak yoshingiz qutlug‘ bo‘lsin. Xalqimiz uchun qilgan g‘oyat  ulkan xizatlaringizni benihoya qadrlayman. Millat uchun shunday qadrli, aziz kishi bo‘lib qoling. Muqaddas vatanni ozod-hur ko‘rmoq sizu-bizga nasib etsin. Sizga chuqur ehtirom ila
Shavkatbek Egamberdiyev. (turonzamin.com)
XXX
Muhtaram Jahongir Muxammadni biz ham tavallud kuni bilan muborakbod etamiz. Ijodingiz har doimgidek sarbaland bo‘lgay. Muxlisingiz
A.Xorazmiy (zamondosh.com)
XXX
TILAK
Jahongir Muhammadga
Tavallud kuningiz eslab, Homazan,
Tabriklab, yozyapman kamtar bu she‘rni.
Bahs o‘ynab, Felias Pasportu bilan,
Sakson kunda chiqqan aylanib Yerni.
Yer yuzin aylanib chiqqani tole
Sizga, bilmam, necha yil belgilagan.
Samarqandga qaytib, bir kuni vale
Sayohat haqida yozingiz roman!
Saidjahon Ravoniy
Andijon (turonzamin.com).
XXX
Jahongir! Tabarruk yoshingiz muborak bo‘lsin. G‘oyibona bag‘rimga bosaman! Shu yoshda ko‘p narsalarga erishdingiz. Yo‘qotganingizdan ko‘ra topganlaringiz mo‘l bo‘ldi. Yo‘lingiz hech kimnikiga o‘xshamadi va aynan shu hol sizga ko‘p narsa berdi.
Pulimug‘obda uchrashguncha …
Nusrat Rahmat.
XXX
Azizim Jahongir, tug‘ilgan kuningiz bilan tabriklayman. Bolalaringizga bosh bo‘ling. To‘ylarida xizmat qilaylik.
Albatta ozodlik Vatanimizga yetib boradi. Shu kunlarni tezlataylik va ko‘raylik.
Yana bir bor uzoq umr va sog‘lik tilayman.
Bobur Malikov.
XXX
Salom Jahongir aka! Tug‘ilgan kuningiz bilan chin qalbimdan tabriklayman. Sizga Allohdan sog‘u – salomatlik va oilaviy baxt so‘rayman. Doimo chehrangiz ochilib yuring, bolalaringizni baxtini ko‘rish nasib etsin. Yaxshi kunlarda, quchoq ochib ko‘rishaylik.
Do‘stingiz Nasrullo Sayyid.
XXXX
Assalom alaykum Jahongir aka! Avvalambor tavallud kuningiz bilan
qutlayman.Sizga uzoq umr, sihat salomatlik va oilaviy xotirjamlik tilab
qolaman. Yorug‘ kunlarda ko‘rishish nasib etsin, ehtirom bilan
Erkin Vatandan.
…VA boshqalar

%d bloggers like this: