Jahongir Muhammad: “Qiyomat kuni (10)

Blogda yozib borilayotgan tarixiy-zamonaviy roman
-10-
Elikot shahri, Meriland shtati
Yaqinlarimdan biri miyasiga qon quyilib, kasalxonaga tushdi. Etmish yoshda. Bunday paytda tuzalish oson kechmaydi. Buning ustiga miyasiga qon quyilganini kech bilib qolishibdi. To kasalxonaga olib borguncha qon qotib qolibdi. O’ziga qaytmadi. Payshanba kuni olamdan o’tdi. Ko’ngil buzildi, ammo  taskin beruvchi gaplar ko’p.
“Juma oqshomida…”
“Muqaddas Ramazon kunlarida…”
“Nomi Murod  edi, balki shunday kunlarda ketishni orzu qilgandir? Shunday bo’lsa murodiga etdi”.
Lekin o’limni ham orzu qilish mumkinmi?
Kim biladi, shunaqa deganlar ham bor.
Darvoqe, uzoq vaqt qiynalmasdan, azob chekmasdan o’lishni Rabbidan so’rab yurganlar ko’p.
“Yoshi etmishda” dedim… Bu hammaga ham nasib etmaydi. Rahmatli onamni eslayman. Bor yo’g’i 42 yil yashagandilar. Rahmatli dadam esa onamdan besh yil ko’p. Shunga qiyoslaganda uning o’limi qiyomat va jannatdek gap.
Qolaversa, o’lmaydigan odam bormi? Hammamiz ketamiz… Etmishda ketish uchun hali 15 yil yashashim kerak ekan. Buni uddalay olamanmi, yo’qmi, bu menga ayon emas.
”U etim-esirning boshini silagandi. Bolalari katta bo’lib, yo’llarini topib ketishgan. Duo qilishayotgandir?”
U meni doim sizlab gapirardi. Undan ancha yosh bo’lsam ham “aka” derdi. Ikki oycha oldin oxirgi marta gaplashganimizda u negadir sensirab gapirdi. Balki ilk bor o’ziga yaqin olgandir? Balki o’zining yoshi bir joyga etib qolganini his qilgandir? Balki… o’shandayoq salomatligi darz keta boshlaganmikan?
“O’ldi-ketdi” degan gap bor. Lekin men buni qabul qila olmayman. O’lganlarning o’lganiga ishonmay yuraman. Xuddi telefon qilib qoladigandek, xuddi yo’lda qarshimdan chiqib qoladigandek… Balki bu ham qusurdir?
Xullas, ana shunday o’zimga o’zim savol berishni yaxshi ko’raman. Savollar bilan uxlab, savollar bilan uyg’onaman. O’zimning savollarim kamlik qilganidek, boshqalar ham savol berishadi.
Shular haqida o’ylab o’tirganimda Saidjon sim qoqib qoldi׃
-Eshitdingizmi, Tohir Yo’ldosh o’libdi!-dedi u. Men esa u telefon qilsa, undan Istanbuldagi voqealar davomini so’ramoqchi edim. Darvoqe, u voqealar ham yaqin tarixning sahifalari. Saidjon gap ochgan Tohir Yo’ldosh masalasi ham endi tarixning bir qismi.
-Eshitgan edim, lekin ishonmagandim,-deyman unga.
-Ha, uning o’lgani bir yil oldin ekan… 42 yoshda ekan… Men u bilan uchrashganimda uni oltmishga borib qolgan odam deb o’ylagandim.
-Men esa u bilan uchrashganimda u hali yosh yigit edi. U paytda hali qonli yo’llarga kirib ketishini, kimlarning qo’lida bayroqchaga aylanishini va shu yo’lda o’lishini tasavvur ham qilolmaydigan darajada edi. U paytda xayolida faqat O’zbekiston bor edi. Keyin O’zbekistonni unutib, Falastinu Tolibon uchun askar bo’lishini balki bilmas ham edi. Mana endi uning o’lgani aytilmoqda. Bu bir yil oldingi sana…
-Siz shunga ham shubha qilayapsizmi? Lekin menda shubha yo’q. Mening savolim boshqa. Nima uchun xalqni ezayotganlar etmishga etib, saksonga qarab sakrayati, xalq tomonida turgan odam juvonmarg bo’ldi?-Saidjoning ovozi titrayotgan edi. Demak, jahli chiqmoqda.
-Men Xudo emaski, bu savolingizga javob bersam. Men ham siz kabi oddiy bir odamman. Lekin fikrimni aytishim mumkin. Birinchidan, uning o’lganiga hali ham ishonganim yo’q. Ikkinchidan, uning “xalq tomonida turgandi” deganingizga ham qo’shilmayman.
-Siz bilan gaplashsam mazza qilaman. Telefonni sindirgim kelib ketadi. Hamma gapimga qarshi chiqasiz!
-Bo’lmasa, bahs bo’lmaydi-da.
-Axir Tohir Yo’ldoshning o’lgani haqida uning suratini ham qo’yishgan. Internet to’lib yotibdiku bunday suratlar bilan.
-Xuddi o’sha suratlar shubha uyg’otdi-da. U suratlar o’likning emas, tirikning suratiga o’xshaydi. U “shahid” deb topilibdi, qiziq kim tomonidan? Mayli bu boshqa masala, shu “shahid”  deb topilgan odam kiyim-boshi bilan ko’miladi, shundaymi? Uning ko’ylagiga qarasangiz bo’yniga qadar qonga botgan. Ammo vujudining teppa qismida shu qonning belgisi yo’q. Yoki vujudini yuvib, keyin kiyimlarini qayta kiygizishdimikan? Agar shariatda shunaqa shart bo’lsa, u holda uzr so’rayman. Lekin men uning vasiyatini ham eshitdim. Yig’i-sig’i qilibdi. Hech kimning haqini emagani, hech kimga xiyonat qilmagani, yaqin odamlari qaerlargadir borib uning haqida allambalolarni aytib yurishganidan nolib, yig’lagan.
-Men ham eshitgandim…
-O’limga tayyorligini bot-bot aytibdi. Shunchalik o’limdan qo’rqmaydigan odam borib Pokistonda urushib yuradimi? Keyin… menimcha u haqda ochiq gapirgan uning tansoqchisi bo’lgandi. U xorijiy radiolardan Tohirni boshqalarning haqiga xiyonat qilishda, odamlarni Karimov kabi qiynoqqa solishda, yakkahokimlikda, zulmchilikda, tanishbozlikda ayblagandi. Lekin bu ayblovlar “u o’ldi” deyilgan 2009 yilning 27 avgustidan bir oy keyin aytilgandi. Agar bu paytda u o’lgan ekan, demak u haqda ayni gaplarni oldinroq boshqa safdoshlari  aytgan bo’ladi. Xo’sh, kim va qachon u haqda bunday ayblovlarni ochiq-oydin aytgan edi? Men buni eslay olmayman va tanishlarimdan ham surishtirib chiqdim, ular ham bunaqa gapdan xabarlari yo’q ekan. Internetdan ham topmadim. Tohirni yig’latadigan darajadagi ayblovlar eng kamida xorijiy radiolar yoki Internet saytlaridan aytilishi kerak edi. Shunday emasmi?
-Bilmasam…
-Menda harakatga uning nimjongina, og’zidan gapi tushib ketay deb turgan kuyovi amir etib tayinlangani haqidagi gap ham shubha uyg’otdi. Xo’sh, uni kim tayinladi? Nega endi uning kuyovini? Nega endi bugungacha kommunistlarni oilaviy boshqaruv, tanishbozlik kasaliga yo’liqqanlikda ayblagan bu harakatning o’zi qarindosh-urug’chilikdan qutula olmadi?
-Aka, menga savol berayapsizmi? Men sizga savol berib, sizdan javob olaman desam, siz meni savol bilan bombardimon qilayapsiz-ku?
-Yo’q men bu savollarni o’zimga ham berayapman. Haqiqatni topish uchun o’zingga o’zing kamida yuzta savolni berishing kerak.  Agar shu savollardan to’qson to’qqiztasi haqiqatni ko’rsata olsa, demak sen ham ko’ra olasan. Aks holda yolg’onni haqiqat deb bilaverasan.
-Aka, axir Tohirning safdoshlari u haqda yonib yozishmoqda-ku?
-Menimcha ularning safiga yaxshi yozadigan qobiliyatli bir kishi qo’shilgan bo’lishi mumkin. Ular ham endi internetda yashashga o’tdilar, menimcha. Allaqachon turli saytlarda postinglari paydo bo’lmoqda. Yaqin orada internet janjallariga ham qo’shiladilar. Demak, ular jang maydonlarini tark etib, tinchgina joy topishgan va biz kabi gapbozlikni tanlashgan.
-Xo’sh, u holda Tohirga o’lish nima uchun kerak bo’lib qoldi?
-Oldinlari ham u tez-tez “o’lib” turardi. Lekin bu safar chinakamiga o’lib yubordi.
-Aka, har narsadan shubha qilish ham yaxshi emas. Ayniqsa, ro’za kunlari…
-Ro’za kunlari savol berish mumkin emas, degan gap bormi? Men savol berayapman. Birovga emas, o’zimga. Agar savollarimga javob topa olsam, demak, shubhalarim o’rinsiz bo’ladi. Ammo javob topolmasam, u holda shubhalarim o’zimga yuk bo’ladi. Elkamda tashib yurishimga to’g’ri keladi.
-Aka, lekin siz mening savolimga javob berishdan qochdingiz.
-Yo’g’-e…
-Bo’lmasa-chi? Men sizdan “u holda Tohirga o’lish nima uchun kerak bo’lib qoldi?” deb so’radim, siz bo’lsangiz….
-Haqsiz… Qochib ketilgan joydan qaytib kelamiz. Bundan bir oy oldin Binladen o’rniga boshqa odam tayinlangani haqidagi xabarlar chiqqandi. Lekin dunyo bu “shashlik”ni emadi. Keyin chechen jangarlarining lideri iste’foga chiqqani haqida bayonot berdi. Mana endi Tohir Yo’ldoshning o’lgani tasdiqlandi. Juda qiziq emasmi? Mayli, o’lgan bo’lsin ham. Ishondik ham. U holda harakat ham o’lgan. Chunki uning lideri yaralanarmish, kasalxonaga tusharmish, uni suratga olisharmish, lekin bu haqda gap tarqalmas emish. Hali yana bitta kino chiqarib, Burhoniddin Rabboniy ham ko’mish marosimida qatnashgan edi, deb qolishar?
-Men ham qiziqib qoldim. Lekin baribir savolimga javob bermadingiz…
-Bundan bir muddat oldin internet saytlaridan bittasi AQSh Mudofaa vazirligiga oid 90 ming sahifali maxfiy hujjatlarni e’lon qildi. O’sha hujjatlarda Pokiston maxfiy xizmatlarining u erdagi jangarilar bilan aloqasi borligi haqida jiddiy ayblovlar bor edi. Shundan keyin Pokiston “tohirlar”ga mintaqadan chiqib turishni tavsiya qilgan bo’lsa-chi? Yoki Pokiston hukumati Tohirning bir yil oldin o’lib qolganini istagan bo’lsa-chi? Buning ustiga Qirg’iziston hukumati O’shdagi voqealarda O’zbekiston Islomiy Harakati mansublarini ham aybladi. Boshliqsiz qolgan to’daning ishtiroki qanday bo’lishi mumkin? Bu ham savol. Agar Tohirning jilovi Moskvada bo’lsa, uning o’lib turishi haqida o’sha erdan ishorat kelmadimikan?
-Ja, chegaradan o’tib ketdingiz…
-Mayli ozgina orqaga qaytamiz…Tohir haqida xotiralarini yozgan Yahyo Hikmatiy degan safdoshi 1996 yilning 21 oktyabr kuni Afg’onistonda mustaqil O’zbekiston Islomiy harakati ta’sis etilgani va Said Abdullo Nuriy unga vasiqa berganini aytadi. Demak, Tohirning Afg’onistondagi faoliyati o’sha yildan boshlangan. Lekin uning vasiyati deyilgan audio yozuvda u o’zinig Afg’onistondagi jihodiga 14 yil bo’lganini aytadi. Agar bu 1996 yildan boshlangan bo’lsa, unga 14 yilni qo’shsangiz,  2010 yilga kelib taqalmoqda. Vasiyat bitigi Tohir o’ldirilgan deyilayotgan 2009 yilda tasmaga olingan bo’lsa, u holda uning Afg’onistondagi faoliyati 1995 yildan boshlangan bo’lib chiqadi. Kobulning Tolibonga o’tishi esa 1996 yildandir. Bu erda qandaydir chalkashlik bor? Hatto, “o’n besh yil oldin aytgan har bir so’zini ham adashmay eslaydigan” deb yozilgan Tohirning bir yilga adashib ketishi qanday bo’ldi ekan?  Albatta buni aniqlash mening ishim emas. Ammo shunday savol tug’ilganini shunchaki sizga aytdim qo’ydim. Qolgani Yaratganga ayon.
-Vasiyat haqiqatdan ham ancha sirliga o’xshaydi…
-Tohirning vasiyati deyilgan audio tasma menda yana bir qancha savollarga turtki bo’ldi. U “Yaxshimi yomonmi sizlarga bir necha muddat amirlik qildim” degan gapni ishlatadi. Bunday gap odatda vazifadan ketayotgan kishi tomonidan aytiladi. Bu juda qiziq!
Keyin ”Hay’at bo’lib uyimmi tekshirsin” degan gap bor. Demak, o’lgunga qadar ham uning uyi-joyi aniq bo’lgan, uning videarxivlari bo’lgan va buni ko’pchilik bilgan. Ko’pchilik bildimi, demak Pokiston hukumati ham biladi. Unda uning boshiga bir necha yuz ming dollar qo’yilib, qidirib yurilgani nima bo’ldi?
Uning o’zi ”Men ko’p odamga ko’p darra urdirganman” deb aytmoqda safdoshlari haqida gapirib, norozilar ko’pligini aytib yig’lamoqda. Shunday sharoitda qanday qilib ochiq yashashi mumkin?
-Aka, lekin…
-Lekin…U shuningdek, Turkiyaga borganida buxorolik qizlar fohishalik qilib yurganini eshitganini, bu etmish yil oldin chiqib hijrat qilayotganlarning avlodlari ekanligini aytadi. Etmish yil oldin 2 million odam muhojir bo’lib chiqqan, ularning avlodlari Avropada yuribdi, Amerikada yuribdi. Farzandlari fohisha bo’lib yuribdi, deydi.
Bilasiz, men Turkiyada to’rt yil yashadim va mana Amerikada o’n yildan oshdi. Lekin etmish yil oldin chiqqanlarning avlodlari fohishalik qilib yuribdi, degan gapni bir marta ham eshitmadim. Agar Tohir mustaqillikdan keyin shunday hol bo’lmoqda, Turkiya va arab davlatlarida o’zbek qizlarining fohishalik qilib yurganini o’zim ko’rdim, desa unga ishonsa bo’lardi. Lekin  oldingilarning avlodini yoppasiga ayblash bu oddiy qilib aytganda tuhmatdir. Tuhmatchini esa shahid deyish mumkinmikan? Bu ham savol.
-Aka, prokurorga aylanib qolayapsiz-ku?
-Prokuror ayblaydi. Men esa savol berayapman. Bu mening huquqim. Gapni boshladingizmi, endi oxirigacha eshitasiz.
-Eshitayapman…
-U “1992 yildan beri mingga yaqin shahid berdik. Hali bitta qishloqni ham ozod qilolmadik” deb ummatning xarobligidan gapiradi. Mingta odam o’lib, hech narsaga erishilmagan bo’lsa, u ummatni emas, o’zini ayblashi kerak emas-mi? Negadir uning chaqiriqlarida O’zbekistondagi zulm ham o’z o’rnini yo’qotgan. Balki musiqani buyurgan o’yinni ham buyurgandir?
-Aka, bularning hammasi savollar va javob ham kutmagan savollar. O’ldimi yoki o’lmadimi endi qizig’i yo’q. Gap shundaki, endi u o’rtada yo’q. Uning kuyovi esa qori ekan. Yozilgan narsani chiroyli qilib o’qib beradigan qori ekan. Shu bilan bahsimizga nuqta qo’yishimiz ham mumkin.
-Shunday ekan nega telefon qildingiz?
-Aslida men bu xabar bahonasida uning Qirg’iziston janubida 1999 yilda ko’rsatgan hunarlarini eslatmoqchi edim. Karimov ham o’shandan keyin katta bahonaga ega bo’lgani o’zingizga ayon. Dunyoning oldida yuzi “yorug’ bo’ldi”. Akaev ham o’shandan keyin o’zgargandi. Ayniqsa, janubga har kuni qo’shin kelavergani, hamma yoqni titishavergani mahalliy qirg’izlarga yoqmay qolgandi. Ikki gapning birida ular “o’zbekning soyasi bizga qimmatga tushmoqda” deydigan bo’lib qolishgandi.
-Xullas, kim haqida gapirmang bir oyog’i janubda. Tohirku endi o’ldi. Yo jismonan, yo ruhan. U endi qaytmaydi. O’zbekiston matbuotini qo’ya turing, bitta bundayroq jangari o’ldirilsa, nazardan qochirmaydigan AQShning ingliz tilidagi matbuoti u haqda bir jumla ham  bitmadi.  Balki ularda ham savollar ustun kelgan bo’lishi mumkin. Xullas, bir muddatdan keyin u unutiladi, Jumavoy kabi. Lekin unga ishonib, adashib yurganlar yana hunarlar ko’rsatishlari mumkin.
-Ha, aka, O’tinboevaning gaplariga e’tibor qildingiz-mi! U jangarilar safiga 200 kishi yuborilgani va qirg’in hali yana davom etishni aytib qo’rqitmoqda. Lekin shu gap rost bo’lsa, zo’r bo’lardida. Qirg’izlarni iniga kiritib yuborardik.
-O’tinboeva o’zini saqlab qolish uchun jangarilar bahonasida yana bir marta qirg’in qilishim mumkin, demoqda.
-Uning yugurdaklari e’lon qilgan hisobotda ham o’zbeklar va jurnalistlar aybdor qilib ko’rsatildi.
-Bu hisobot emas. Komissiya mansublaridan ba’zilarining fikri. Ular bu fikrlari bilan qarshilikka uchrashlarini bilganlari uchun ham boshqalar bilan maslahat qilmay gapirib yubordilar. Bu siyosiy o’yin. Informatsion jangda yutqazganlari uchun yotib qolguncha, otib qol, degan usul. Janjal boshlanishida o’zbeklarning ham o’rinlari bor. Lekin bu juda oz darajada. Oddiy qirg’izlarning ham ulushlari juda oz darajada. Bugun ana shu narsani yopishga urinish bo’lmoqda. Har ikki tomonning ham “og’zi ochiqlari” o’zlarini tuta olmayatilar. Bundan foydalangan haqiqiy tashkilotchilar hammani u sohildan bu sohilga, bu sohildan u sohilga tashimoqdalar…
Hali gapiriladigan gaplar ko’pligiga qaramay, suhbatimiz shu erda uzildi. Chunki..
MUXTASAR MA’LUMOT
Tohir Abdulxalilovich Yo’ldoshev (Tohir Yo’ldosh, Muhammad Tohir Foruq) 1968 yilning 2 oktyabrida Namanganda tug’ilgan.
U bolaligidan Mujodidiya Husayniya naqshbandiylik so’fiy guruhi anjumanlariga qatnagan. Shuningdek, so’fiylik oqimining taniqli namoyandasi qo’qonlik Eshon Ibrohimdan ta’lim olgan. Shundan keyin namanganlik Umarxon qoriga shogird tushgan.
1991 yilda u “Adolat” uyushmasini tuzadi. “Islom Lashkarlari” guruhini tuzishda etakchilik qiladi.
“Tavba” guruhining paydo bo’lishida ham ishtirok etgan Tohir Yo’ldosh Juma Hojiev(Namanganiy) bilan 1992 yilda Tojikistonga o’tib ketadi va Tojikiston Islom uyg’onish harakati saflariga qo’shiladi.
1996 yili Afg’onistonga ko’chadi va O’zbekiston Islomiy harakatiga asos soladi.
1999 yilda Tojikistonga qaytib,  u erdan turib Markaziy Osiyoda jangarlik amaliyotlarini boshlatadi.
1999 yilda Qirg’izistonda bir guruh geologlarni garovga oladi. Ularning orasida yaponlar ham bo’lgani O’zbekiston Islomiy harakati nomini dunyoga yoyadi. Yaponiya va Qirg’iziston orasida garovdagilarni qutqarish bo’yicha yuqori darajali muzokaralar boshlanadi. Garovga olinganlar olti yuz million dollar miqdoridagi pulga sotilgani haqida  xabarlar paydo bo’ladi.
2000 yilda esa O’zbekiston Islomiy harakati Qirg’iziston janubida Amerika alpinistlarini garovga oladi. Ular jangarilar qo’lidan qochib ketishadi.
Toshkent Tohir Yo’ldoshni 1999 yilgi portlashlarni uyushtirganlikda ayblab, sirtdan o’lim jazosiga hukm qiladi.
(DAVOMI BOR)

%d bloggers like this: