Jahongir Mamatov: PANJARALAR

jm11.jpgSHE’RLAR

Bittasi halqum deb,
Xalqini qoqlaydi.
Bittasi “Xalqim” deb,
O’zini oqlaydi.

Bittasi “San! San!” deb,
Botirni otadi.
Bittasi “Man! Man!” deb,
Yolg’onni sotadi.

Bittasi “Bosh-man!” deb,
Bigizin sanchadi.
Bittasi “Toshman!” deb
Boshingni yanchadi.

Bittasi asr deb,
Qiynoqdan yiqadi!
Bittasi qasr deb,
Qabrga tiqadi.

***
Har gapda Xudoni o’rtaga
qo’yarlar,
Farishta misoli ko’rinib odamga.
Miq etsang
Shu zahot ko’zingni o’yarlar,
Itlari akillab jar solar olamga.

Keyin talaydilar davraga olib,
Suyaklaring bir-bir kemiradilar.
Miq etma!
Maqtagil!
Iblislar axir,
Maqtov bilan semiradilar!
Vashington, 8 Iyil, 2005 yil.
***
NEGA?

Nega biri ikki bo’lmas,
O’zbekning?
Nega dili nurga to’lmas,
O’zbekning?
Nega yo’li to’g’ri yo’lmas,
O’zbekning?
O’zingdan so’rab ko’r!

Nega yuki norli emas,
O’zbekning?
Nega o’g’li orli emas,
O’zbekning?
Nega so’zi korli emas,
O’zbekning?
O’zingdan so’rab ko’r!

Ishongani yolg’on nega
O’zbekning?
Qaynatgani yovg’on nega
O’zbekning?
Yuragida afg’on nega
O’zbekning?
O’zingdan so’rab ko’r!

Qahqramoni itmish nega
O’zbekning,?
“Xoin”lari ketmish nega
O’zbekning?
Istiqboli bitmish nega
O’zbekning?
O’zingdan so’rab ko’r!

Nega haq gap ohi bugun
O’zbekning?
Nega qondir mohi bugun
O’zbekning?
Nega shayton shohi bugun
O’zbekning?
O’zindan so’rab ko’r!

Nega eli abgor bo’lgan
O’zbekning?
Nega eri o’lmay o’lgan
O’zbekning?
Nega yeri go’rga to’lgan
O’zbekning?
O’zingdan so’rab ko’r!
***

O’ZBEKISTON

Islom Karimovning farmoni ila “O’zbekiston qahramoni” bo’lgan shoir Abdulla Oripovga “bag’ishlov”

Yurtim senga yuzlandim bugun,
Lek yuzingni ko’rmadim, aslo.
Darding daryo shoirlar nechun,
Madohlikdan bo’lmishlar rasvo.
Ular she’rdan, millatdan yiroq,
Vujud xarob, qolmagan ori,
Ko’kragida oltindir biroq,
Bitilmagan tarixdir bori,
Faqat ojiz qalamim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Yuraberding adolat izlab,
Topolmading baribir haqni,
Bugun yolg’on, o’tmishni o’zlab,
Go’r Amirda yengarsan vaqtni.
Rossiya, deb Vatanim manim,
Olimjonlar yugurib yeldi,
G’afur G’ulom rusni og’aynim,
Moskovni-chi, makka deb bildi.
Yaqin tarix qadamim manim,
Ozbekiston, Vatanim manim.

Tarixing bor, tarixing yo’qday,
Shohga qarab yozilgan kitob.
O’z o’zinga otilgan o’qday,
Oq saroyda sukunat – xitob.
Ko’z bog’lagich jodugar-mubham,
Bir zot bosmish taxtni o’likday.
Ne, ne suvlar oqdi hali ham,
Elning qonin emar zulukday,
O’shal battol dushmanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Erk ilmidan agar so’z ketsa ,
Ahli saroy toshga aylanar,
Evril Turon, Shovruq Bek desam,
Dildagi qon yoshga aylanar.
Boshim qo’ysam sajdaga noxos
Ko’zim ochdim Jasliq –zindonda.
Otam tori uzilgan bir so’z,
Onam sochi qolmish kuldonda,
Yerda qolgan, o, tanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Ko’z oldimdan o’tar mirshablar,
Ko’z-ko’z etib mushtin, qurolin.
Zulmat bugun kunduz ham shablar,
Topolmasman nurning chiroyin.
Amerika – sehrli diyor,
Quchoq ochib deydi: “Kelgin, kel!”.
O’z yurtnini tark etib ilk bor,
Gurros gurros oqib ketar el,
Kolumbda bor alamim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Ko’p damongir ko’rgan bu dunyo,
Hammasiga guvoh go’r toshi.
Lekin, makkor zulm ahli aro
Juda noyob bunday yurtboshi.
Necha yilkim taxtu arkonni,
Bosib yotar yuho tizlari,
Ota qo’li yetmagan donni,
Choshlab oldi uning qizlari.
Qolgan-qutgan somonim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Yuholarga ochganman savash,
Lekin bir bor so’rashim qarzdir,
Mansabdorga bosh egib yashash,
Xalqim senga ne sabab farzdir?
Axir sensan bir burda nonin,
O’zi yemay hokimga tutgan.
Axir sensan, aning yolg’onin,
Asaldayin qiynalmay yutgan,
Ona xalqim, jim-tanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Bosh ustingda qlichin tutgan,
Begonamas, o’z rangi-olang.
Sarhad bo’ylab dushmanday kutgan,
Yog’iy bolang, la’nati bolang.
Chegara ne hatto uyingda,
Ushlab berding tuqqan iningni,
Tahlika deb bilgan kuningda,
Xaspo’shlading asl diningni,
Do’zax bo’lgan gulshanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Senga boylik bitmishdir-sukut,
Qon yutsang ham, ichsang ham sharob.
Ulug’ Tangri unutdir unut,
Topinganing Islom yo Sharof.
Chora istab Oliy majlisdan
Havolarga uchdi unlaring,
Farmon olib shayton- iblisdan,
Ovoz berar vakil-qullaring,
Kuyib bitgan ul sha’nim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Mohtob qizlar yarim yalang’och,
Boldirlarda titrar oy nuri.
Iffatliga ochmaslar quchoq,
Sadoqatning yo’qdir g’amxo’ri.
Yo’lg’on avlod yolg’on ongida,
O’zligingni kashf aylading sen.
Mustaqillik tug’ar tongida,
Aro yo’lni boz saylading sen,
Munkib qoldi samanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Notinch asli bu ko’hna olam,
Qayda urush, qayda al omon.
Ammo sening kulbangda motam,
O’z tuqqaning vahshiy olomon.
Qonim oqdi Parkentda manim,
Kumushkonda o’q otilgan chog’
“Farg’onani bosdi,- deb,- g’anim”,
O’z bo’gzingga tortganda pichoq,
Dala-toshlar kafanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Qorli kuzda, men seni ko’rdim,
Paxtazorda jon bergan bolam.
Faryod bilan faryodni o’rdim,
Bosh ustingda yig’lagan u dam.
Kecha kunduz ter to’kkan dehqon,
Bir miri ham yo’q kissasida.
Mardikorlik , darbadarlik shon,
Fohishalik yo’l qissasida,
Kechdi, umri mahzanim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Tashlab ketdi, “Man-Man!” derlaring,
Quyosh otli nuring balqmadi,
Tobutlarda qaytdi erlaring,
Endi “Birlik”, “Erk” ham qalqmadi.
Balki Evril Turondek yonib,
Yuz o’girib ketarman men ham.
Balki Ozod, Erkindek tonib,
Bir yulduzga yetarman men ham,
Farmoni zar, ma’danim manim,
O’zbekiston, Vatanim manim.

Ziyolilar talon tarojdir,
Ziyosidan ayro tushgan xalq.
Yo savdogar, yoki farroshdir,
Bu ne ko’rgu, bu qandayin haq.
Bir bolangman odatni buzdim,
Tikka qarab qo’ydim ko’zingga.
Kishanlarning halqasin uzdim,
Kimga aytay aytgum o’zinga,
Uxlab yotgan san tanim manim,
O’zbekiston vatanim manim.

Sen mudrasang zavol qo’ynida,
Derlar: “Shohi xalqiga mosdir”.
Dor o’zidan arqon bo’ynida,
Osiy erni osmoqlik xosdir.
Yo’q, yo’q, voz kech, g’olib bo’l, o’ktam,
O’zligini tanigan – xalqdur.
Oyoqqa qalq, ozod bo’l o’lkam,
Agar senda bor bo’lsa g’urur,
Shunda derman, maskanim manim,
O’zbekistom vatanim manim.

Vashington-2004

***

PANJARALAR

Tariximning qatlariga iz- iz bo’lib sanchilgan,

Dor og’ochning qavatiga ekiz bolib sanchilgan,

Yuragimning qal’asiga bigiz bo’lib sanchilgan,

Panjaralar,

Panjaralar!

Istiqbolim, manglayinga bayroq bo’lib sanchilgan,

Haqni aytsam biqinimga barmoq bo’lib sanchilgan,

Tafakkurim so’qmog’iga qayroq bo’lib sanchilgan,

Panjaralar,

Panjaralar!

Shohu millat orasiga posbon bo’lib sanchilgan,

Zindon va erk devoriga hijron bo’lib sanchilgan,

Bu ne ko’rgu, ko’zlarimga mujgon bo’lib sanchilgan,

Panjaralar,

Panjaralar!

Zulm-dengiz sohiliga mayoq bo’lib sanchilgan,

Beshigimda atrofimga tayoq bo’lib sanchilgan,

Tobutimning to’rt burchiga oyoq bo’lib sanchilgan,

Panjaralar!

Pnjaralar!

Vashington 2002 yil

***

BU MENING HAQQIM

Hayotda xatolar bo’gdi bo’ynimdan,

Tuzatmoq o’rniga tepding Sen nuqul.

Umr sizib ketdi bir kun qo’ynimdan,

Tobut ko’tarishga kelding Sen, shukur!

Endi o’tsang magar qabr boshimdan,

Qo’l ochsang duoga bu Sening haqqing..

Ammo xato topma qabr toshimdan,

Xato bilan yotmoq , bu mening haqqim.

Vashington, 2002 yil.

***

BU DUNYO…

Xudoni so’kdilar qasdingdan dod deya,

Hushyoru aslida mastingdan dod deya.

Bu dunyo zulmatdir u dunyo zulmatdir,

Zulmkor dastingdan dod deya

Xudoni so’kdilar.

Shoirni so’kdilar o’rog’ing yo’q deya,

Nuqtayu undov ko’p, so’rog’ing yo’q deya,

Bu dunyo zulmatir, u dunyo sulmatdir,

Qo’lingda chirog’ing yo’q deya,

Shoirni so’kdilar.

Dehqonni so’kdilar qalaming yo’q deya,

Nahotki ichingda alaming yo’q deya,

Bu dunyo zulmatdir, u dunyo zulmatdir,

Qo’linda bir sha’ming yo’q deya

Dehqonni so’kdilar.

Meni ham so’kdilar Vatani sotdi deb,

Yurtboshi sh’aniga buhtonni otdi deb,

Bu dunyo zulmatdir, u dunyo zulmatdir,

Hijratning bag’rida yotdi deb,

Meni ham so’kdilar.

Vashington, 2002 yil

******

NIQOB

Har kimning o’z niqobi bor:

yolg’onchilik, Jo’mardlik…

Birov uchun niqobdir or,

Birov uchun nomardlik.

Vashington, 2003 yil.

***

OSMON…

Osmon palto kiyib olgan

Yum-yum yig’laydi.

Osmonning ko’z yoshlaridan qoch-qocha

Palto kiyib olaman,

Faqat yum-yum yiglay olmayman.

Ko’z yoshim yonog’imdan pastga tushmaydi,

Hatto chumolini palto kiyishga majburlay omayman..

Vashington, 2002 yil

***

YURAK

Yurak torayib ketar,

dunyo tor kabi,

Qo’llar osmonga yetar,

go’yo dor kabi.

Osilib qolaman

boynimda arqon,

Olam oyoq ostida-

go’yo g’or kabi.

Vashington, 2002 yil

***

YO’LIM

Yo’lim to’gri desada ilon,

Izlari sharmanda qiladi.

Rost joyini olsada yolg’on.

Hamma yolg’onligin biladi.

Vashington, 2002 yil

***

…EMAS

Maysa bo’lsam,

Yam-yashil bo’layin

Qovjiroq tikan emas.

Yo’l ostida qolsam,

Kelin kechsin ustimdan

Zanjirli karvon emas.

Ustimda bolalar yugirsinlar-

Ham qochgan ham quvalaganlar.

Askarlar- OMON emas.

G’isht qilsangiz meni

Maktab quring

Hibsgoh, zindon emas.

Nafasim tutmay qolsa,

Sukut saqlang,

Yig’lamoq armon emas.

Qalam yasang mendan

She’rlar yozsin sevgi ustunlariga,

O’limga farmon emas.

Qo’ying, hozircha yashayin men

Dafna yaproqlarida

Bu jahon jahon emas.

Vashington, 2002 yil

***

NA ZAMIN

Yaproqlar titrog’i

Shamolning bag’rini ezmaydi.

Yuragim titrog’in

Na Osmon, na Zamin sezmaydi.

Maysalar yiglaydi

Oyoqlar bosishdan bezmaydi.

Bog’imda oltin kuz

Na inson, na hayvon kezmaydi.

Vashington, 2002 yil

***

MUNOJOT

Asrlarning jangohidan kelganim emas,

Munglarimga yillar g’amin ko’mganim emas,

Tarix uchun dard seliga cho’mganim emas,

Men bugunning faryod-dodiman,

Men bugunning munojotimian!

Men dalada yig’lay-yig’lay o’smas bolaman,

Man Jasliqda ingray -ingray tinmas nolaman,

Men Boymirza, Olmon elda o’lib qolaman,

Men bugunning faryod dodiman,

Men bugunning munojotimian!

Men Samandar, Murod Jo’ra, Evril Turonman,

Men zindonning shahodati Shovruq-jahonman,

Men qabrida isyon qilgan Emin Usmonman,

Men bugunning faryod dodiman,

Men bugunning munojotimian!

Men zulmatga boshin eggan Samarqand, Shohsman,

Farg’onaning ko’zarida Namangan yoshman,

Men Orolning izlarida hungragan toshman,

Men bugunning faryod dodiman,

Men bugunning munojotiman!

Men sabrman, men toqatman azobli yo’lda,

Men bardosh, men chidamman qilichim qo’lda,

Men adolat tashnasiman qaqragan co’lda,

Men bugunning faryod dodiman

Men bugunning munojotimian!

Erkin Vohid, Abdullani tark aylagan fig’on seliman,

Bosh ko’tarmas bu kullani tark aylagan fig’on seliman,

Saltanatmas xalq dardini ark aylagan fig’on seliman,

Men bugunning faryod dodiman

Men bugunning munojotimian!

Vashington, 2002 yil

***

YANGI YIL OQSHOMIDA

Yana bir yil ortda qoldi ko’zlarida yosh,

Jasliqda ingrangan mahbus nolasi.

Yana bir yil o’tib ketdi ko’tarmasdan bosh,

Onasi sargardon, sarson bolasi.

Yana bir yil ko’rolmadik biz,

Mustaqil kunlarning yorug’ yuzini.

Ammo umid o’lmas, kelajak shaksiz,

Adolat baribir aytar so’zini.

Yana bir yil kesildi zulm taxtidan,

Munkayib qolmoqda tayog’i bilan.

Biz esa qaytmadik, ezgu ahdidan,

Nurafshon kunlarning mayog’i bilan.

Yana bir yil bardosh otida,

Haqning haq so’ziga quloq tutdik biz,

Garchi zulm yashar koinotida,

Lek uni baqodan uloqtirdik biz.

Vashington, 2002 yil

***

Chegarning naryogidan

Ukam boqar, omon yor,

Amu daryo dard dog’ida,

Bo’zlab oqar omon yor.

Vashington, 2002 yil

***

Ramazonning xizlatidir hayitlik,

Bobolarning nusratidir hayitlik,

Goho qanddir, gohida pul, goho hech,

Foniy dunyo suvratidir hayitlik.

Vashington, 2002 yil

***

“Pulni sevma,-deding,, u qo’lning kiri!”,

Qo’limiz top-toza, yo’qdir hech miri.

“Pul harom,-dedilar,- pul dushman, pul makr”,

Kamabag’al ojizmiz pulsizlik piri.

Dedilar: “Bolaga pul yo’lin ochmang,

G’arib deb do’stlaru ulusdan qochmang!”,

Bola ishsiz bugun, do’stu yor nochor,

Dunyo shu erur, deb dashnomlar sochmang.

Pulni topgan dunyoni topmish aslida,

Puldorning omadi chopmish aslida,

G’arib g’ariblikni sevgani bois,

It nedir, eshak ham qopmish aslida.

Pul ekan shuhratu istiqlol yo’li,

Odam odam emas, odamdir puli.

Ishonmay, tegramga boqib ko’rdim-ki,

Puldor Tangrinig ham suyukli quli.

Los Angeles, 2003 yil.

***

KIMGA YAXSHILIK QILDIM

Tun kecar deb tong kutdim, g’aflat zamonlik keldi,

Betaraf kunduz desam, yog’iy tomonlik keldi,

Zamin asli ko’shkida aylanarmish teskari,

Kimga yaxshilik qildim, undan yomonlik keldi.

Quchoq ochib men tomon nokas kamonlik keldi,

Davri devona bugun davri somonlik keldi,

Boshim uzra qilichin o’ynatarkan zolimlar,

Men kutmagan begona eldan omonlik keldi.

Vashington, 2003 yil.

***

O’ZBEK O’ZIN O’ZI YER

Toshkandi esang magar,

“Qozoq”, degan nom olding.

Samarqanda tug’ilsang gar,

Bas, Tojik bo’lib qolding.

Ahli Farg’ona bo’lsang,

“Andi”, derlar tab tortmay.

Xorazm elda o’lsang,

Yuz burarlar tab botmay.

“Buxorolik man” desang,

“Jugut”, deydilar beshak.

Asli qishloqdan esang,

Oting qo’yarlar “Eshak”.

Namangan gar vataning

“Xunasa”, deb so’karlar.

Hukm bo’lsa aytganing,

Oldingda tiz cho’karlar.

Qora qirg’iz yot unsur,

Jizzax Guliston uchun.

Turkmanning yuzi qursun,

Qarshi, Andijon uchun.

“Yo qo’ng’irot yo nayman”,

Derlar ul yuklik uchun.

“Yo eroniy, yo hayman”,

Haqorat turklik uchun.

Fitna urug’in sepib,

Uka dushman akaga.

Do’sti do’stini tepib,

Ko’ngil berar takaga.

Ayrilganni ayiq yer,

Bo’lingan yem bo’riga.

O’zbek o’zin o’zi yer,

Tosh qalar so’ng go’riga.

Vashington, 2003 yil.

***

Oyoqlarim tilkalagan na tikan, gul yordir,

Izlarimdan qon oqizg’an na yog’iy, do’st yordir,

Bahonalar ichra yuzdim, Xudovandni bilmadim,

Vujudimdan jon sizdirgan na qilich, Haq yordir.

Vashington, 2003 yil.

***

O’z elingda yot bo’lmoq o’lim qadar

O’zga elda ot solmoq o’lim qadar

Bu dunyoda ne oson? Javob yo’q,

O’z-ozinga mot bo’lmoq, o’lim qadar..

Vashington, 2003 yil.

****

DARD

Quyosh chiqqan kuni boshingda,

Bulut o’g’irlaydi bu nurni.

Oy kulib kelarkan qoshinga,

Zulmat yulib olar bu durni.

Nafas olarkansan quvonchdan,

Qayg’u paydo bo’lar eshikda.

Umid suv icharkan ishonchdan,

G’ussa uyg’onadi beshikda.

Rohatga qovushgan kuningda,

O’rmalab keladi tashvishlar

Orzuga tashigan yo’lingda,

To’siqqa aylanar yoz, qishlar.

Barini yelkangga ortasan,

Uloqtir, yo’q bo’lib ketmas-mi?

Meni ham ortingdan tortasan,

O’z darding o’zinga yetmas-mi?

Vashington, 2003 yil.

***

Tomoshaga qaratmish Tangri,

Mudroq qalbni uyg’otmoq uchun.

Mo’jizalar yaratmish Tangri,

Seni menga ko’rsatmoq uchun.

Vashington, 2003 yil.

***

Kirib borar eding shohning yoniga

Oyog’in o’pganday.

Bir kun tegib qolding joniga.

Bu dunyo qo’pganday.

Cho’kib borar eding girdob tubiga

Xasdan najot so’rab

Girdob bo’gar edi tortib domiga

Xasni senga o’rab.

Dod solding yordamga keldi kim?

Qo’limni uzatdim achinib.

Meni itqilading suvga, jim,

O’zing tirik qolding qashinib.

Vashington, 2003 yil.

***

NETTIM MEN!

Men uxlab qolibman boz qo’llaringda,

Ko’zingda dard alam

Menga qorong’u,

Yugurib yuribman qum, yo’llaringa,

Izingda ne qadam,

Menga qorong’u.

Sochlaring tarasang tosh tarog’ingda,

Tolaman…

Sargardon…

Ho’p, hayda, hayda.

Boz o’lib qolibman ko’z qarog’inga

Yig’lashga yo mujgon,

Yo mardum qayda?

Aslida men tirik, sen jonsiz Vatan

Joningni ko’ksingdan yulib kettim men.

Seni ham o’ldirib,

O’zim ham betan,

Bilmayman…

Bilmayman…

Nettim men.

Vashington, 2003 yil.

***

Bor emish, yo’q emish bir shoh bor emish,

Non yemas, go’sht yemas, oltin yer emish.

Pora keltirsalar dollar yo so’mda,

Yo’qoting,

Keltiring oltin der emish.

Tishlari oltinmish, uzuk oltindan,

Ismu sharif bitik tuzuk oltindan,

Soati oltinmish, to’xtamas aslo,

Belida kamari cho’zuk oltindan

Kiygan to’ni, kiymagan do’ppisi oltindan.

Tennis o’ynaganda o’rtada to’ppisi oltindan,

Mehmon kutar emish oltin qasrda,

Sovg’ayu salomning lo’ppisi oltindan.

Oltindan qasrlar insho etibdi,

Uzatgan joyiga qo’li yetibdi,

Vaqt kelib Jabborning farmoni ila,

Butun oltinlarin tashlab ketibdi.

Boqiy el qalbida qololmabdi u,

Dillarda qasrlar sololmabdu u,

Dunyo oltinlarin yig’ibdiyu lek,

Oltin duolarni ololmabdi u.

Vashington, 2003 yil.

***

Odamlar al-omon,

Odamlar shafiq,

Odamlar olomon,

Orzular dordir.

Hammani do’st dema,

Kimdir norafiq,

Hatto Tangirining ham

Dushmani bordir.

Vashington, 2003 yil.

***

TOBUT

Tobut ham o’zicha qo’yar yo’talib,

Bir yonda odamlar bir yonda lahat,

Ne ne jasadlarni ko’rdi ko’tarib,

Kimning kimligini bilolmay faqat.

Tobut ham tarixdir o’z dunyosida,

Gohida yelkada, gohi chang bosgan.

Uyquga ketganda shum ro’yosida,

Ba’zan o’z-ozini dorlarga osgan.

Tobut ham titraydi tuhmat dastidan,

“Silkinib borar” deb aytsalar magar.

Tobut tosh qotadi o’lim shastidan,

Odamlar silkinar, yelka silkinar…

Tobut ham o’ladi o’z makonida,

Uni ko’targuvchi tobut topilmas.

Yo yonar yo yotar o’z arkonida

Kafan ne ustiga bo’z ham yopilmas.

***

Ba’zan boshimni unutib,

yoshimni unutib,

Senu o’ylayman.

Ba’zan ro’yoni unutib,

Dunyoni untib

Seni o’ylayman.

B’azan so’zimni unitib,

O’zimni unutib,

Seni o’ylayman.

B’azan yo’limni unitib.

O’limni unutib

Seni o’ylayman.

Begonalik shunaqa,

Devonalik shunaqa,

Bazan begonaman,

Ba’zan devona.

Vawington, 2002 yil

***

BUYUK DARA

O’zbek onasiga o’xshaydi zamin,

Tepkilar zarbidan momotaloqdor,

Hatto o’z eriga aytganda g’amin,

Olgani haqorat yo uch taloqdor.

Dard seli singimish soch o’rmoniga,

Vujudi titroqda, qoni qarodir,

Xurshid ham nish urar qalb vulqoniga,

Yuragi o’prilgan Buyuk Daradir.

Sahro uxlab yotar mangu bir ro’yo,

Ummon sukunatning sassiz bolasi,

Tog’larning kelbati o’lganday go’yo,

Buyuk Dara bugun dardning nolasi.

Los Angeles, 2003 yil

***

XOTIRA

Xotiraning daryosi qurib borar yil sayin,

Bolalik sohillari Orol bo’yiga o’xshar.

Dostim seni qidirsam ovozing buncha mayin,

Ko’zlaring xira tortgan, sochlaring tongi mahshar.

Xotiraning daftari sarg’aymiish xo’p sukutda,

Yoshlik kuy, xazonmish shamolga tob berolmas.

Do’stim seni qidirsam dutorning tori bitta,

Ikkinchisi uzilgan bog’lashga qo’l yetolmas.

Xotiraning sho’lasi so’nib qolganmi, bilmam,

Balki dardni yelkalab, alam boshlab kelibman.

Do’stim seni qidirsam ko’zimda yoshim, kulmam,

Tabassum suvratini senga tashlab kelibman.

Vashington, 2003 yil

***

SADOQAT

Sadoqat yulduzga o’xshaydi,

Yiqilar ko’shkidan nogahon.

Sadoqat hur qizga o’xshaydi,

Umrining so’ngida bemakon.

Sadoqat gilamga o’xshaydi,

Oyoqlar ostida poyondoz.

Sadoqt mum-shamga ox’shaydi,

Soyasin yoritar juda soz.

Sadoqat motamga o’xshaydi,

Qabrning ustida tosh-kitob,

Sadoqat olamga o’xshaydi,

Bag’rida sadoqat yo’q hisob.

Vashington, 2003 yil

***

SHIKOYAT

Hurriyat nazdingda sahroi kabir,

Shukurki tiriksan, qullik ne demak.

Qafasda yotsang ham bu emas jabr,

Jabr sening uchun qolmoq be yemak!.

Kishanning asrori tek senga ayon,

Tillo zanjir kabi bo’yningda doim.

Zulmning vahshati elgadir shoyon,

Haqni demoq senga qiyomat-qoyim.

Adolat istagan tentak yo g’arib,

Fayzullo, Akmalga haykal qo’ygansan.

Maktabda yo’lg’onni kuylataverib,

Bolangni ko’zini o’zing o’ygansan.

Suyukli shohing kim, asl g’ulomdir,

Vatanning ko’ksini kemirib, tilgan.

Eng buyuk shoiring G’afur G’ulomdir,

Rusni og’a, o’zni yahudiy bilgan.

Onang yoqavayron, bolang-chi yupun,

Yeganing zaqqumu yoqqaning tezak,

O’tmishni qoplamish qorong’u tutun,

Kelajak bog’iga otganing kesak.

Mansab sening uchun sajdaning fasli ,

Puldorning aytgani misli oyatdur.

Shundaykan, yozmoq ne, yozganim asli,

O’zimdan o’zimga bir shikoyatdur.

Vashington, 2003 yil

***

XUDOGA SHUKUR

Yaxshi jonin bersa o’lim ahdida,

Xudo Rahmat qilsin, deydilar.

Yomon jonin bersa bir kun naqdida,

Xudo rahmat qilsin, deydilar.

Zolim ayrilib ketarkan taxtidan,

Yo, Rabb, shukur, shukur, deydilar.

Vashington, 2003 yil

***

TUSHIMDA

Tushimda tush ko’rsam

Muzlab qolibman.

Na otash, na bir cho’g’ va na harorat

Sening huzuringda titrab turibman.

Tushimda tush ko’rsam

Gullar izlabman.

Na gulzor, na chaman va na karomat

Sening kiprigingdan uzib yuribman.

Tushimda tush ko’rsam,

O’lib qolibman.

Na jannat, na do’zax va na arosat

Sening ko’zlaringda suzib yuribman.

Vashington, 2003 yil

***

MAGAR…

Magar sen qafasni sevmasang,

Qafasda sayraysan ne sabab?

Dushmanga evrilib, do’stingga

Qayroqni qayraysan ne sabab?

Ne sabab nohaqni haq deysan,

Manfaat chashmasin ko’rganda?

Ne sabab qarz olib naqd deysan,

Dardingni maydalab o’rganda?

Pul bo’lsa qardoshing begona,

Ming yillik andisha bir puldir.

Mehr qolib, zulmni yagona

Tan olgan bechora sen-quldir.

Quyoshga ham tortasan parda,

Mohtobning yulduzi yor deya.

Haq aytilsa qilasan zarda,

Zulmatning kunduzi bor deya.

Magar sen adolat qumsasang,

Erkingni sotasan ne sabab?

Magar sen kurashni istasang,

Tunu kun yotasan ne sabab?

Vashington, 2003 yil.

***

Yilda bir bayramda gul bo’lgan ona,

Qolgan o’n ikki oy qul bo’lgan ona,

Tasvish chaqmog’idan yong’inlar chiqib,

Zulmatning kaftida kul bo’lgan ona.

Mardlari ketganda tul bo’lgan ona,

Bozordan bozorga pul bo’lgan ona,

Dardlari tegirmon toshidan o’gir,

Yuklarning ostida dul bo’lgan ona,

Sening

Uning,

Mening Onamdir.

***

Mani qadrimg’a yetganlarni

Qadrig’a yetgum bugun.

Mani xo’rlagan gar Vatan ersa,

Yuz burib ketgum bugum!

One Response

  1. […] 27. Panjaralar […]

Comments are closed.