Kitobdan boblar

O’ZINI YENGOLMAGAN, O’ZGANI YENGOLMAYDI!

Kongress kundaligi yoki birlasha olmaslikning ildizlari

Bu kitobda 2005-2010 yillardagi juda ko’p hujjatlar ilk bor e’lon qilinmoqda, jumladan, Demokratik O’zbekiston Kongressini tuzgan faollar orasidagi bahslarni aks ettirgan o’zaro yozishmalar ham. Bu yozishmalar shaxsiy bo’lmay, tashkilot faoliyati va asosan siyosat, muxolifat, muxolifatchilar, hukumat bilan bog’liq bo’lgani uchun ularni e’lon qilish shart deb o’yladim. Chunki bu bizning xatolarimizni tahlil qilish va birlasha olmaganimiz ildizi nimada ekanligini ko’rsatadigan ko’zgudir.
DO’K faollari maktublaridagi harfiy-imloviy xatolarni tuzatmadim. Buning uchun o’quvchidan uzr so’rayman. Chunki bitta qalam urilgan hujjat allaqachon hujjat emas. Faqat lotinda yozilganlarni kirilga, kirilda yozilganlarni lotinga aylantirdim va kitob har ikki yozuvda ham o’qish, tahlil qilish, tarix uchun hozir.
Kitobda hamma narsani o’z holicha keltirganim bois kimningdir dili og’riydigan bo’lsa, oldindan uzr so’rayman, zotan meni ayamay tanqid qilingan xatlarnida aynan keltirdim. Bu xatlar ko’pchilikning elektron pochtasida turgan bo’lishi kerak. Lekin elektron pochtalar bir umrlik emas. Shuning uchun bu tarixga ko’chsin va bahoni tarixchi bersin.
Bu kitobda men hujjatlar orasida boshlovchilik qildim va o’sha kezdagi voqealar jarayoniga oradan yillar o’tib, kelingan bugungi nuqtadan shaxsiy qarashlarimni “lirik chekinishlar” bilan muxtasar o’laroq bitdim, xolos.

XALQQA QULOQ TUTAYLIK!

23-27 may, 2005 yil. Andijonda 2005 yilning 13 mayida begunoh insonlarning qoni to’kildi. Xalq g’azabda, muxolifat esa jim. Bu sukunat 23 mayga qadar davom etdi. Shu kuni “Ozodlik”ning “Qurultoy” dasturida mavzuni muhokama etdik va elektron pochta orqali Karimov rejimiga qarshi bo’lgan barcha demokratik kuchlar mansublariga o’zbek, rus va ingliz tillarida murojaat yo’lladim. Mana o’sha hujjat:

“1.O’zbekiston demokratik kuchlarining milliy kongressini tuzish kerak…

Andijonda 2005 yilning May oyida namoyishlar boshlangandayoq O’zbek demokratik kuchlari uning yonida, xalqning ichida bo’la olmadilar, shu bois namoyishlar siyosiy kurashdan qurolli harakatga yuz tutdi va Karimovning beshavqat zulmi bilan qonga belandi. Bugun shu bois odamlar demokratik kuchlardan tarqoqlikka barham berish va birlashishni talab qilmoqdalar!

Namoyishlardan keyin hamma o’z holicha kurashmoqda. Lekin dunyo, Karimovning jilovini tortadigan dunyo O’zbek demokratik kuchlarini Gurjiston, Ukraina, Qirg’izistondagi kabi qo’llamadi va qo’llamayotir. Buning sababi esa bu kuchlarni real kuch deb tan olmayotganidadir.

Shu fojealar davomida dunyo siyosatida bevosita so’z sohibi bo’lgan juda ko’p odamlar bilan gaplashdim. Ularning hammasida bitta fikr mavjud. Ular “O’zbekistonda mavjud hukumat ketgan taqdirda uning o’rnini oladigan demokratik-siyosiy alternativ kuch yo’q. Agar shunday kuch mavjud bo’lganda Andijonda darhol tashabbusni qo’lga olib, masalani qamoqdagilarni qo’yib yuborish bilan emas, balki yangi demokratik hokimiyatni e’lon qilish bilan hal etardi va mamlakatning hamma joyida xalqni birdaniga ko’tarsa Karimov rejimi qular edi” deyishadi.

Shundan kelib chiqib, taklif qilmoqchiman, bu taklif faqat meniki bo’lib qolmasligi uchun, “Qurultoy” qatnashchilari ham muhokama etsinlar va bir qarorga kelaylik.

2.Agar shu kunlarda Andijon masalasida aytayotgan gaplari samimiy bo’lsa, kim bo’lishidan qat’iy nazar, qaerda bo’lishidan qat’iy nazar agar demokratiyani qo’llasa va Karimov rejimiga qarshi bo’lsa, bu Kongressga qo’shilsin.

3.Tashkilotlar, shaxslar Andijonda halok bo’lganlar xotirasi va vatan kelajagi uchun gina-kudrat, nizolarga maratorium e’lon qilishsin. Masalan, men 15 Maydan e’tiboran e’lon qildim. Mamlakat ozod bo’lgandan keyin har qanday gapni gaplashish imkoniyati bo’ladi.

4.Mazkur milliy Kongress dunyoga o’zbek demokratik kuchlari borligi va alternativ siyosiy kuch mavjudligini namoyish etish uchun radio, internet orqali bo’lsada demokratik kuchlarning umumdunyo qurultoyini chaqirsin va muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilsin.

5.Hamma istagan joyida va vazifasida qolgan holda mazkur kengashda teng a’zo hisoblansin va muvofiqlashtiruvchi kengash hay’ati liderlik vazifasini bajarsin.

6.Muxolif vebsaytlar mazkur kengashning daftarini ochsinlar va istaganlar unga yozilsinlar.

Biz agar kuch bo’lsak, dunyo qo’llaydi, xalq qo’llaydi va Karimov bitadi. Agar puch bo’lsak, dunyo qo’llamaydi, xalq ham qo’llamaydi, Karimov va karimovchilar yutadi.

Agar yana bahonalar bilan bu imkoniyatni qo’ldan chiqarsak, demak yana o’lik sanash, orqadan yig’lashdan boshqa narsaga yaramaymiz! Karimovdan keyin hokimiyat “kichkina Karimov”ga o’tib ketishi va u xalqni demokratiya o’yini bilan yana bir necha yillar aldashi mumkin.

Bu achchiq haqiqatni tushunib olaylik!

Bu uni o’qigan har bir kishining o’z murojaati bo’lsin va bunga tuzatishlar kiritsin.

Radio orqali muhokamada qatnashchilar bu takliflarni qo’lladilar va taniqli hofiz, siyosatchi Dadaxon Hasan “Mazkur milliy kongressning birinchi a’zosiman” deb e’lon qildi. Xo’sh kim ikkinchi, kim uchinchi, kim…? Hurmat bilan Jahongir Muhammad-Mamatov. (Bundan buyog’iga ismi-sharifimni J.M. tarzida qisqartirib qo’yaman).

Ayni shu kuni – 23 May may kuni “Ozodlik” radiosi o’zbek sho”basining direktori Adolat Malikovaga ham maktub yozdim:

“Assalomu alaykum Adolatxon va “Ozodlik” jamoasi.

Men keyingi kunlarda Andijon fojeasi haqida hamma tomondan ma’lumot olishga harakat qildim va eng aniq, batafsil ma’lumotni faqat sizlardan topdim. Tinmasdan, kechani kecha, kunduzni kunduz demasdan xizmat qilayotganlaringiz uchun sizlarga chin dildan minnatdorchilik bildiraman.

“Qurultoy” dasturi ham “Ozodlik”ning o’ziga xos bir minbariga aylandi. Bunda albatta, Shuhratbek va Toshkentdagi fidoyi yigitlarning ham xizmatlari katta. Sizdan iltimos, bir tinglovchingiz sifatida Andijon voqealarini yoritishda qatnashgan barcha do’stlarga yurakdan to’kilgan rahmatimni etkazsangiz.

Ayni paytda sizlardan bir iltimos, bugun “Qurultoy”da ko’tarilgan masala – O’zbekiston demokratik kuchlarining milliy Kongressini tuzish borasida O’zbekistondagi va tashqaridagi barcha kuchlar vakillarining fikrlarini olib, eshittirishga qo’ysangizlar mamlakatimiz kelajagi uchun ulkan xizmat bo’lardi. Kecha “Vashington post”da ham ayni shu gap aytildi va alternativ siyosiy kuch yo’q deyilmoqda. Agar shunday birlik yuzaga kelsa, butun dunyo yordamga oshiqadi. Sizlarga hurmat bilan J.M.”

Bu masalada Shuhrat Bobojonovning o’ziga yana alohida xat yozdim. O’zbekchilik. Ko’ngliga tegmasin dedim. Xatimga Adolat Malik “Sizga ham rahmat” shaklida javob qilgan bo’lsa, Shuhrat Bobojonov bilan bir iki “xat otishdik”:

“Jahongir aka. Jurnalistlar holis bo’lishi zarur degan RFERL(“Ozodlik” radiosining ingliz tilidagi nomlanishining qisqartmasi-J.M.) tamoyili bois bu ishni zimmaga ola olmayman. Uzr.”

“Salom Shuhratbek!
Men sizning bunday sovuq va keskin javobingizni tushuna olmadim. Sizni noxolislikka chorlaganim yo’q. Aksincha xolislikka chorladim. Zimmangizga oling ham deganim yo’q. Aslida bu bir tashabbus edi va unga odamlarning fikrlarini olish sizning vazifangizdir, bu radio xartiyasiga zid ham emas, balki jurnalistning burchidir. Shu bois bu qadar keskin javobingizdan hayron bo’ldim. Ayniqsa, shu kecha kunduzlarda bir-birimizga bu qadar asabiy va sovuq muomala qilish yaxshi emas. Hurmat bilan J.M.”.

“Jahongir aka bu hat keskin va sovuq emas, balki qisqa maktub edi. Balki shuning uchun ham sizga shunday tuyulgandir. Jahongir aka RFERL tamoyiliga ko’ra jurnalist voqealarni faqat yoritadi va ayni vaqtda voqealarga aralashmaydi. Jurnalistikaga oid kitoblarga ko’ra jurnalist voqealarni devordagi pashsha kabi kuzatishi kerak xolos. Agar maktubim sizning dilingizni og’ritgan bo’lsa uzr.”

“Maktubingiz uchun rahmat. Aslo dilim og’rigan emas, sizga hurmatim bois gapimni ochiq yozdim, o’ylaymanki bir qarashdagi jurnalistlarmiz. Faqat bir-birimizni tushuna olmadik va bu tabiiy, demokratiya va plyuralizm… Radioga kelsak, men ham shu “qozon”dan chiqqanman va ilgari bitta idora edik, talablarni yaxshi bilaman. Xabarchilik masalasida gapingiz to’g’ri. Ammo qolgan borada, BBG( AQShning Xalqaro tele-radiolar boshqarmasi-JM) keyingi yillarda jurnalistlar faqat kuzatuvchi bo’lib qolmasligi kerak, degan masalani ilgari surib kelmoqda. AQShda eng katta voqealarni yaratgan jurnalistlardir. Ba’zan bitta taklifni ushlab, minglab odamlarning fikrlarini oladilar va ulkan voqea yaratadilar. Bir voqea esimdan chiqmaydi. Bir talaba saylovlarda yordam sifatida beriladigan pul ro’yxatga olinsin, degan taklif aytgandi va bir jurnalist shuni ushlab, o’nlab eshittirshlar qilgandi. Bugun hech kim talabani eslamaydi. Ammo Kongressdan chiqqan qonun o’sha jurnalistning nomiga qo’yilgan. Bunday misollar juda ko’p.Salomat bo’ling.Hurmat bilan J.M. “

Radioga “alvido” deb ishni saytimga ko’chirdim. Hali tuzilmagan Kongressga a’zo bo’layotganlar ko’payib bormoqda edi. Kuniga o’nlab xatlar ola boshladim. Tashabbus bilan chiqqan jazolanadi, degan gap bor. Ko’pchilik mendan qandaydir amaliy harakat qilishimni so’rardi. Menda esa faol siyosatga qaytishga ishtiyoq yo’q edi.

Shuning uchun muxolifatning birlashuvi masalasida yordamga, xizmatga hozirligimni aytib, ammo o’zim faol siyosatga qaytish niyatim yo’qligi haqida bir xat e’lon qildim.

“O’zbekistonda bo’layotgan voqealar yuragimni yondiradi. Nimalardir qilgim keladi. Shuning uchun ham murojaat yozdim. Bu bilan kimlarnidir harakatga solgim kaldi, mavjud sukunatni buzgim keldi. Bunga erishdik ham. Sukunat o’rnini harakat egallamoqda. Endi o’zbek muxlofatiga etakchilik qilish ishtiyoqida bo’lganlar o’rtaga tushib bu harakatni boshqarishlari kerak. Men harakatning oddiy a’zosi sifatida qo’limdan kelgan har qanday ishni bajarishga hozirman. Faqat faol siyosatga qaytmoqchi emasman, ya’ni bu harakat boshqaruvida bo’lishni istamayman, boshqaruvga yangi kuchlar kirishi kerak. Balki bu harakatni bitta rahbar emas, kengash boshqarsa yana ham yaxshi bo’larmidi? J.M.”

Keskin tanqidga uchradim. Ko’pchilik buni o’zini olib qochish, umuman siyosatdan ketish deb tushundi. Mana shunday maktublardan biri:
“Jahongir aka, balki sizda siyosatga qaytmaslikka etarlicha sabab bordir. Lekin siz yozayotgan “Assassin” romani va yuritayotgan veb sahifangizni o’zi siyosiy harakat hisoblanadi. Siz mavjud rejimni qulatish uchun uning sirlarini ochayapsiz, holatini tahlil qilayapsiz, bu siyosat bo’lmasa nima unda? Faqat sizniki partiya emas, sizning yoningizda qichqirib turgan minglab odam yo’q…

O’zbekiston Milliy Demokratik Kuchlar Kongressini tashkil qilishlik juda ham yaxshi fikr. Lekin bir ish boshlanganga yarasha juda pishiq boshlansa, natijali bo’ladi, deb o’ylayman…

Juda ko’p narsa rahbarga bog’liq…Qiyin vaziyatda rahbarni o’rni bilinadi, ergashuvchilar to’g’ri yo’lni ko’rsatuvchiga muhtoj bo’lishadi. Endi faraz qiling kemaga odamlar chiqib, rosa zich bo’lib to’ldi, lekin kapitan yo’q. Kema joyidan siljiydimi? Ha mayli o’sha odamlardan birortasini kapitan qilib ko’tarishdi, chiroyli kiyim ham berishdi, lekin u eploladimi? Uni xatosi bilan hamma suvga cho’kadi-ku?…Nima uchun man o’zim bilmagan odamga ergashishim va uning xatolaridan xavotir qilib o’tirishim kerak?

Demoqchimanki, bir harakatni boshlaganda ergashuvchilar kimga ergashayotganini o’rganadilar, ishonsalar ergashadilar, bo’lmasa… bilmadim yana ham, balki tushunmasdan ergashuvchilar ham topilar…Xullas bu holatda harakat bor, rahbar yo’q…Natijasi qanaqa bo’larkin??

“Juda ko’p ajoyib fikrlar pishitilmasligi va davom ettirilmasligi bilan qolib ketadi, ikkinchi marta ko’tarilganda esa uning birinchi marta natija bermaganligi eslanib, yana qolib ketadi…
Hurmat bilan, Polvon”.

Polvon haq edi. Men boshi berk ko’chaga kirib qoldim. Tashabbusni boshlab qo’ydim va ayni paytda lider bo’lish ishtiyoqim yo’q.

Bir yo’li topilar, degan ma’noda Kongressga a’zo bo’layotganlarning maktublari asosida ro’yxatni “O’ZINI YENGOLMAGAN, O’ZGANI YENGOLMAYDI”! shiori ostida e’lon qilib boraverdim.

Ro’yxat “semirib ketaverdi”, vatan taqdiriga befarq bo’lmagan insonlar o’z nomlarinii ochiq yozib, yoki gizli tutib harakatga qo’shilaverdilar, har kuni istaganlarning ism-shariflarini, tashkilot va guruhlar nomlarini jahongir.org (Keyinchalik “Turonzamin” sayti-J.M.) nomi bilan ochgan saytimga qo’yib boraverdim:

“-Dadaxon Hasan, “Birlik” harakatining asoschisi, taniqli hofiz va siyosatchi.
-Bahodir Choriev, O’zbekiston “Birdamlik” harakatining lideri
-To’lqin Qaraev, Inson huquqlari faoli, jurnalist, Qashqadaryo
-Daynov Tashanov, “Birlik” faoli, Qashqadaryo
-Ulug’bek Haydarov, Inson huquqlari faoli, jurnalist, Jizzax
-Zulfiqor Mirzo, Inson huquqlari faoli, Qashqadaryo
-Bobomurod Abdullo, “Ozod ovoz” tashkiloti rahbari, Toshkent
-Abduvohid Parpiev, sobiq O’zbekiston xalq deputati, Daniya
-Ismat Xushev, jurnalist
-Toshpo’lat Yo’ldoshev, siyosatshunos, sobiq diplomat, Toshkent
-Farhod Inog’omboev, tadqiqotchi, AQSh
-Akram Mahmedov, fermerlar harakati faoli, AQSh
– Dovyurak yoshlar Demokratik partiyasi, Toshkent
– Shuhrat Ahmadjonov, Inson huquqlari faoli, tabiat himoyachisi
-Nasrullo Sayid, sobiq O’zbekiston xalq deputati, ERK partiyasi faoi
-Gulchehra Nurullaeva, taniqli shoira, Toshkent
-Zohir A’lam, taniqli adib, “Birlik” va “ERK” asoschilaridan biri
-Kamoliddin Hamzaev, jurnalist, Farg’ona
-“Yosh demokratlar uyushmasi”, Xorazm
-Nuriddin Komilov, “ERK” faoli, Samarqand
-Sulaymon Murod, Erk Partiyasi Markaziy Kengashi a’zosi
-Namangan viloyat huquq himoyachilari
-Alisher Soipov, “Qirg’izistonlik O’zbeklar” yoshlar guruhi vakili
-Muhammadbobir Malikov,”Ozod Dehqonlar” partiyasi lideri
-“Orol bo’yi” tabiat muhofazasi va inson huquqlari guruhi
-Nabi Razzoqov, kinorejisser
-Abdumannob Po’lat, Mustaqil Konsultant
-Bobur Isoev, Buxoro
-Baxtiyor Hamro, O’zbekiston Inson huquqlari jamiyatining Jizzax viloyat rahbari
-Yodgor Obid, shoir, “Birlik” a’zosi
-“So’g’d O’zbeklari” jamiyati (Xo’jand)
-Yodgor Turlibekov, mustaqil jurnalist, Qarshi shahri
-Fazliddin Yoqubov, AQSh, “Birlik”ning Andijondagi asoschilaridan
-Egamnazar Shaymanov, O’zbekiston Inson Huquqlari Jamiyati Do’stlik tumani raisi
-Abdulmannon Keskin, AQShda yashayotgan o’zbeklar vakili
-Shohida Yoqub, Britaniyada yashayotgan jurnalist va tadqiqotchi
-Aliboy Yo’lyaxshiev, “Birlik” Xalq Harakati Samarqand viloyat tashkilotining asoschisi
-Ismi sharifi e’lon qilinishini istamaganlar – 171 kishi
G’OYaNI QO’LLAMAGANLAR:
-Abdurahim Po’latov: “Muxolifatni birlashtirish uchun “Davra kengashi” tuzilgan
va boshqa harakatlarni men “Birlikni” parchalash uchun intilish deb bilaman”, 2005
yil, 26 May
-Muhammad Solih, faoliyatlarni muvofiqlashtirish kerak deb ”Ozodlik” radiosida (2005 yil, 27 May) takrorlashiga va bevosita murojaatlarga qaramasdan Kongressga qo’shilamdi.
Murojaat bevosita yuborilganiga qaramasdan ularning “xalqning minbari” deb ataganlari veb sahifalarida Kongress borasidagi ma’lumotlarga mutloq o’rin berilmadi.

Natija:
1.Muhammad Solih 27 May kuni Toshkentda AQSh elchixonasi qarshisida piket o’tkazmoqchi bo’ldi, ammo amalga oshira olmadi.
2Abdurahim Po’latov 30 May kuni Adliya vazirligi qarshisida Piket tashkil qilmoqchi edi, amalga oshira olmadi.
Xulosa:
Bo’linganni bo’ri er, ayrilganni ayiq,
Biznikilarni esa Islom Karimov.
O’zbekning birlashishini Islom Karimov qatorida ham ichkarida, ham tashqarida istamaganlar juda ko’p va bunga o’zingiz bevosita guvohsiz!”

Lirik chekinish

O’shanda ushbu ro’yxatni e’lon qilib borar ekanman, uning ostiga qo’shimchalar yozishda xalqimiz mintalitetini e’tiborga olmaganimni e’tirof etishim kerak.
Demokratiyaning asosi tanqid deb qaraganman va tanqid qilsam odamlar o’zgaradi deb samimiy ishonganman. Vaholanki, vaqt shuni ko’rsatdiki, biz tanqidni hazm qila olmas ekanmiz va demokratiyaning mana shu qismi bizga zid ekan.
O’shanda men hammani maqtasam, balki ishlar boshqacha bo’lib ketarmidi? Afsus bunday qila olmaganman. Bugun ham bunga qodir emasman.
Kim biladi bizning birlasha olmasligimizning asosiy sababi ham tanqidmikan? U holda qachondir birlasha olishimizning asosiy omili maqtov bo’lsa kerak!?
O’sha kunlari bir tanishim menga:
-Sizda diplomatiya degan narsa yo’q ekan. Hammaning yuziga kulib qarash, hammaga shirin gapirish va hammaga xushomad qilish kerak,o’shandagini ish yurishadi,-degandi.
Men unga:
-U holda chet elda nima qilib yuribmiz, Karimovni maqtab yuraversak bo’lmasmidi?-dedim.
U jilmaydida, keyin kesatdi:
-Men sizga aytdimku, sizda diplomatiya yo’q!

JM.

Leave a Reply

Please log in using one of these methods to post your comment:

WordPress.com Logo

You are commenting using your WordPress.com account. Log Out /  Change )

Google photo

You are commenting using your Google account. Log Out /  Change )

Twitter picture

You are commenting using your Twitter account. Log Out /  Change )

Facebook photo

You are commenting using your Facebook account. Log Out /  Change )

Connecting to %s

%d bloggers like this: