Savol-Javob

Juda qiziq?!

SAVOL׃ Demokratiya ko’zbo’yamachilik, o’g’rilik. Men kommunistik partiyani, ya’ni sotsializmni yoqlayman. Amerika demokratiyasining bosh maqsadi dunyoni qo’lga olish, tinchlikka barham berish. Shumi siz aytayotgan demokratiya? Vetnam, Afg’oniston, Iroq bu davlatlar tinch aholisi o’sha demokratiya qo’l ostidagi xunrezliklar emasmi?(Nazokat).

JAVOB׃ Demokratiya yomon bo’lsa sizning sotsializmingiz dunyoga nima qilib berdi? Kuba jannatmi? Venesuelada erkinlik bormi? SSSR yashab turibdimi?
Inson zoti mukammal bo’lmaganidek demokratiya ham mukammal emas. Lekin bugungacha dunyo sinab ko’rgan tuzumlar orasidagi eng yaxshisi shu. Boshqacha aytganda yomonlarning yaxshisi.
Insoniyat hali bundan yaxshiroq jamiyat qura olmadi. Laq-laq gapdan nariga o’tilgan emas.
Ko’zbo’yamachilik, o’g’irlik va boshqa illatlar demokratik jamiyatda ham bor. Lekin boshqa tuzumlardagidan kamroq va demokratiya bu illatlarga qarshi tinimsiz kurashib boradi.
Amerikaning maqsadi dunyoni olish bo’lganda Karimovning bitta gapi bilan Xonoboddan chiqib ketarmidi? Yoki Iroqni tark etarmidi? Mana endi Afg’onistondan chiqib ketaman, deb turibdi va hamma vahimaga tushib qolgan. “Chiqib ketsa nima qilamiz?” deb.
Ikkinchi jahon urushidan keyin Olmoniya ikkiga bo’linib, biri Amerika bilan, biri SSSR bilan qoldi. Bilganlardan ikkalasining farqini so’rab ko’ring.
Koreya ikkiga bo’linib, biri Xitoy hamda Rossiya bilan qoldi va ikkinchisi Amerika bilan. Bir borib ziyorat qilib keling, farqini ko’rasiz.
Xullas, bunday misollarni juda ko’plab keltirish mumkin.
Saddam tirikligida hamma Amerikani “Nega uni jazolamaysan!” deb qoralardi. Saddamni yiqitdi, lekin ba’zi iroqliklar kimlarningdir musiqasiga o’ynab berdilar. Natija ko’p qon to’kildi.
Bugun “Nega Karimovga indamaysan?” deb Amerikaga baqirganlar ertaga ularning yo’liga yurilsa va qon to’kilsa uni bosqinchi deb dodlashadi. Inson zoti shunaqa, sovuqda muzlaydi, olovda kuyadi. Qaddafiyni yiqitib bersa yaxshi, Meloshevichni jazolasa yaxshi, lekin boshqa vaqt yomon?! Juda qiziq!
Har bir mamlakatning manfaati bor. Amerikaning eng katta manfaati dunyoda tinchlik bo’lishidir. Tinchlikni istamayotganlar ham anchagina va bu alal-oqibat urushlarga olib kelmoqda. Amerika xalqi har qanday urushga qarshi. Jumladan men ham.
Rossiya Gurjistonga bosib kirib, yarmini o’ziniki qilib oldi, Chechenistonni yer bilan yakson qildi, atrofidagi hamma yangi davlatlarning boyliklarini tortib olib bo’ldi. Negadir bu haqda savolingizda lom-mim demaysiz? Bu ham juda qiziq!
Sotsializm deganingiz hammaning teng bo’lishidir. Xudo insonni teng qilib yaratmagan. Kimdir kuchli, aqlli, zakovatli, kimdir esa ahmoq, tanbal, ishyoqmas… nonini topib yeyishga ham urinmaydigan badbaxt. Sotsializm birinchi guruhning mehnat qilib topganini yulib olib, ikkinchi tanbal guruhga bo’lib beradi. Shaxsan men bunday tuzumni istamayman. Agar siz istasangiz bu sizning haqqingiz, ana Kubaga boring, “mazza” qilasiz!
Negadir Kubada birorta ham o’zbek muhojiri yo’q, Bu ham juda qiziq!
JM.

Leave a comment