Jahongir Muhammad: “Qiyomat kuni” (11)

Blogda yozib borilayotgan tarixiy-zamonaviy roman

-11-

Elikot shahri, Meriland shtati

Katta yo’lda kelayotgandim. Birdan mashinalar sekinladi. Ko’kdan tennis koptogiday muzlar tusha boshladi. “Bang-bang!”… “Bum-bum!” Sakkiz qatorli ekspress yo’lning har ikki tomonidan kelayotgan mashinalar taqa-taq to’xtadi. Chapga qarasam, mashina bor, shoferi ko’rinmaydi. O’ngga qarasam, mashina bor, shoferi ko’rinmaydi. Nima jin chaldi? Bular mashinadan tushib, qochdilarmi? Oxirat zamon keldimi yo? Mashinani “bombardimon” qilayotgan muz “koptok”lar o’ylashga qo’yadimi? Lekin baribir miya kuchli ekan. Har qanday sharoitda ham ishlashni davom ettirarkan. Shu paytda yodimga bundan o’n yil oldin Oregonda Ozarbayjon-Armaniston urushidan qochib kelib, yashab yurgan Mishaning aytgan gapi tushdi׃
-Mashinaning oynasiga bir narsa urilsa, dastlab bilinmaydi. Ammo ichidan zil ketadi. Yana bir narsalar urilsa, tashidan darz ketadi. Parvo qilmay, haydab yuraverasiz. Lekin bir kun yana bir narsalar urilsa, oyna chil-chil bo’lib, shuv etib to’kiladi…

Bu gapning davomi ikki xalqning urushiga bog’langan va “oyna” qumga o’xshab to’kilgani, uni endi yamab bo’lmaslik haqida edi.

Hozir osmondan muz “koptok”lar mashinaning oynasiga urilarkan, meni masalaning narigi tomoni emas, balki mashinaning oynasi to’kilib ketishi mumkinligi qiziqtirar edi. Ya’ni xalqlar orasidagi falsafadan qarshimdagi haqiqat ustunlik qilmoqda. Xayriyatki, oyna mustahkam ekan. Yaqin 30 yillik tarixda bunaqa muz ”koptok”ni ko’rmagan joyda mashinaning oynasi dosh berdi. Bir zumda do’l tindi. O’nga qarasam, mashinaning ichida shoferi bor. Chapga qarasam haydovchi joyida. Keyin tushundim. Ular do’lni ko’rib, rulning ostiga kirib olishgan ekan. Oynaning sinib ketishidan cho’chishgan bo’lishsa keragov? Men esa bu haqda o’ylab ham ko’rmabman.

Bu haqda gapirishimning sababi esa Saidjonning mana bu gapi׃
-Chingiz Aytmatovning Shirin degan qizi maxsus vebsayt ochib, “o’zbeklar tomonidan o’ldirgan qirg’izlar” haqida ma’lumotlar deb janjal chiqaradigan narsalarni qalashtirib tashlamoqda. Axir bu bilan u otasining ruhiga xiyonat qilmayatimi?
-Saidjon, juda qiziq ekansiz, Chingiz Aytmatov o’lganda siz menga telefon qilib, “Hamma o’zbeklar qon yig’lamoqda, nega siz ham bir narsa yozmaysiz”, deb ta’na qilgandingiz. Men o’shanda “Chingiz Aytmatov turkning emas, rusning do’sti” bo’lganini sizga uzoqdan uzoq tushuntirgan edim. Bir eslang-a?

O’shanda gaplarim o’zimga “qizil” ko’ringandi. Lekin bunday o’ylab ko’rsam, “qizil gap”lar “qora gap”lardan kuchli bo’larkan.

Aytmatov avliyo deganlar adashdi va hali yana adashadilar. Bu sho’rolar yaratgan mafkuraning oqibatidir. Bu mafkura xuddi immunitet taqchilligi virusiga o’xshaydi. Badanga kirib oldimi, tamom. Uni yashirishga uringanlar bir kun “SPID”ga yo’liqadilar. Undan qutulishning yo’li deyarli qolmaydi. Vaqtida harakatini qilganlar “virus”ni tafakkurlaridan chiqarib tashlashlari mumkin.

Dunyoda yaxshi yozadigan yozuvchilar tiqilib yotibdi. Bundan o’ttiz yil oldin Chingiz Aytmatovning “Asrga tatigulik kun” degan kitobini o’qidim. O’shanda vahimasi juda katta edi. Shuning uchun uruscha jurnalda bo’lsa ham amallab o’qib chiqdim. Yoqmadi. Balki shov-shuvlar tufayli men kattaroq narsa kutgan bo’lsam kerak? Balki uruscha bo’lgani uchun yaxshi tushunmagandirman? Balki adabiyotni bilmasman?

Ana shu fikrlar bilan olishar ekanman, radioning Adabiyot bo’limiga endigina ishga kelgan va hali ham qishloqdagi botinkasi bilan yurgan Orziqul Ergashev degan sodda, dehqonnamo bir kishi bilan tanishdim. U bir hikoyasini o’qishga berdi. Hikoya qariyb yuz sahifalik edi. Boshladimu qanday o’qib chiqqanimni bilmay qoldim. Osmondagi go’zal bir yulduz qo’limga kelib qo’ngan kabi bo’ldi. Hatto o’zim bilmagan holatda “hikoya” degan so’zni “qissa” deb tuzatib qo’yibman. Keyin radioda maxsus sahifa ochib, bu qissadan parchalar berib borgandim. O’shandayoq agar shov-shuv qilishsa, Orziqul Ergashev Chingiz Aytmatovdan bir necha qo’l baland deb tushunganman.

Lekin baxt kimga qo’nishini bilmas ekanmiz. Baxt degani bu ko’kdan inadigan emas, qo’ldan yasaladigan baxt.

O’zbekning qanchadan-qancha “modern” ijodkorlari har ikki gapda bir Kafkaning nomini tilga oladilar. Yahudiy bo’lgani uchun asarlari ta’qiqlangani, singlisi fashistlar tomonidan o’ldirilgani va hokazolar sabab tirikligida bitta ham kitobi chiqmagan Kafkani keyin mashhur qilishdi. Kimlardir mashhur qilishmasa, biznikilar uning nomini hatto bilmay ham o’tib ketardilar. Bu xuddi “Koka kola” yoki mashinani reklama qilgandek gap. Agar chanqab qolsangiz, miyangiz ostiga o’rnashtirib qo’yilgan “Koka kola” belgisi ko’zingiz oldiga keladi. Mashina olaman desangiz eng ko’p reklama qilinganini – “og’izga tushgani”ni olasiz. Adabiyot ham shunday gap. O’zbekistonda ham Aytmatovdan yaxshiroq yozadigan yozuvchilar tiqilib yotgandi. Lekin Sho’rolar Moskvasi reklama uchun uni tanlagandi.

Bundan bir necha yil oldin Jizzaxda bir yigitni sud qilishgandi. Inson huquqlari tashkilotlari bu sudni yashirin tarzda suratga olishgan va shuni ko’rishga muvaffaq bo’lgandim.

-Men kommunistman! Men dinga ham, Xudoga ham ishonmayman,-deyapti ayblanayotgan kishi. -Mayli meni jazolang. Lekin kommunist deb jazolang.

-Yo’q sen vahobiysan!-dedi sud.

Xullas, ayblanuvchi Xudoga ishonmasligini har qancha isbotlashga urinmasin, baribir uni “vahobiy” deb ayblashdi va 21 yilga qamashdi.

Men bu odam jazodan qochish uchun balki o’yin qilmoqda, deb o’shanda videoni qayta-qayta ko’rgandim. Ammo u samimiy edi va “Sarvar Azimov ustozim” degandan keyin men unga ishondim. Chunki haqiqatdan ham Sarvar Azimov O’zbekistonda kommunistik partiya tuzib, ro’yxatdan o’tkaza olmay o’lib ketganidan xabardor edim.

“Chingiz Aymatov mustaqillik uchun kurashchi”, “Turkiston dardini Boymirza Hayit qadar ko’taragan, turkchilikni Yusuf Akchura, Ismoil Gaspirali, Mustafo Cho’qaevlardan olib bizga etkazgan odam va balki ulardan ham ko’proq yongan, mana endi u o’lib Turkiston etim qoldi, u Turkistonning bayrog’i edi” kabi hukmlar menga Jizzaxadagi sudni eslatadi.

Demak, bizning ziyolilar yo Chingiz Aymatovni bilishmaydi yoki bilishsa ham uni o’z tarozilariga solib baholashdi. Vaholanki, SSSR parchalangach, buning uchun eng ko’p aziyat chekkanlardan biri Chingiz Aymatov edi. U mustaqillik harakatlarini “shahardan chodirga qaytish” deb baholagan edi.

Bu haqda uning o’nlab maqolalari bor. Xo’p, o’sha paytda u ehtiroslar ruhi bilan ko’p narsa yozgan va ko’p narsa aytib yuborgan bo’lsin. O’zimiz ham ba’zan adashamiz, xato qilamiz. Ammo vaqt o’tishi bilan bu xatolarimizni tuzatamiz. Ammo Chingiz Aytmatov adashmagan va xato ham qilmagan edi. Bu uning e’tiqodi edi. U umrining oxiriga qadar bu e’tiqodini o’zgartirgan emas. Isbot uchun 1990 yillarga borib yurish kerak emas.

Mana sizga 2005 yilning 11 iyulida (“Frankfurter Allgemeine Zeitung”, Olmoniya) e’lon qilingan suhbatidan bir jumla׃ “Mening tasavvurimda Avroosiyo – bu ummonda suzayotgan va o’qi Avropaga yo’nalgan bizning O’rta Osiyodir va bu o’q Rossiya” .

Demak, turkiyzabon Turkiston birligini emas, balki kapitani Rossiya bo’lgan sobiq SSSR kabi bir qurilmani orzu qilmoqda u. Albatta, bu uning orzusi va juda ko’pchilikda ham shunday orzu bo’lishi mumkin. Biz bu orzuni ham hurmat qilganmiz, lekin Chingiz Aytmatovga “Turkistonning otasi edi” degan yorliqni yopishtirishdan ham tiyilganmiz.

Adibning orzusini ochiqroq ifodalash uchun yuqoridagi suhbatdan yana bir parcha o’qiylik׃

“Men kolonializm va imperilizmning ham yaxshi tomonlari bo’lganiga ishonch hosil qildim, nima bo’lganda ham ruslarning ta’siri O’rta Osiyoga ijobiy bo’ldi. Rossiya o’zining kolonial ambitsiyasi bilan bizning hududlarimiz rivojiga katta hissa qo’shdi. Rus kolonializmi tufayligina O’rta Osiy umumdunyo tsivilizatsiyasiga qo’shildi. Biz bir tsivilizatsiyaning odamlarimiz. Shuning uchun ham Rossiya va Markaziy Osiyodagi ayrim davlatlarni qo’shgan holda Avroosiyo iqtisodiy ittifoqini tuzish mantiqqa mos bo’lardi. Shuningdek unutmaslik kerakki, tsvilizatsiya taraqqiyotini Rossiya O’rta Osiyoga Sovet Ittifoqi paydo bo’lmasdan oldin olib keldi. Aks taqdirda bizda bugungi Afg’oniston kabi hol bo’lardi…Sovet Ittifoqi tarixiy haqiqat edi va Sovet Ittifoqiga yangi insonni yaratish nasib etdi…”

Bu gaplarni Aytmatov vafot etishidan atiga uch yil oldin aytgan va uni qandaydir kichik doirada emas, balki butun dunyoga hayqirgan.

Butun umrini Turkiston orzusi yo’lida sarflagan Boymirza Hayit kabi insonlar hech qachon Rossiya etakchiligidagi Turkiston birligini tuzamiz deganlari yo’q. Ular doim Rossiya zulmidan qutulish orzusida bo’lganlar. Shuning uchun ham Chingiz Aytmatovning vafotidan keyin “Turkiston etim qoldi” deyilishi mantiqqa zid bo’ldi.

Aytmatovning Turkiston orzusi bu rus etakchiligida va rus mafkurasiga tayangan ittifoqdir. Bu qulagan tog’ – SSSRning bir ko’rinishiga o’xshasada, bugungi zamonasoz siyosatda ahamiyati katta, tarafdorlari ham oz emas.

Yusuf Akchura, Ismoil Gaspirali, Mustafo Cho’qaev, Boymirza Hayit kabi ko’plab ziyolilar sulolasining Turkiston orzusi esa, rus mustamlakasidan qutulish va turk milliyatchiligiga tayangan ittifoqdir.

Shunday ekan, bu ikkalasini qorishitirib yubormaslik lozim. Aks holda kommunistni “vahobiy” deb qamab yuborgan qozidan farqimiz qolmaydi.

Chingiz Aytmatov o’lgan kunlar AQSh va umuman G’arb dunyosi matbuotini kuzatdim. Bizning ba’zi shovvozlar yozgani kabi butun dunyo motam tutgan emas, hatto bu haqda bir satrlik xabar ham berishmadi. Bu degani hamma bilmaydi degani emas. Mintaqani bilgan olimlar yoki sovetshunoslar bu nomni juda yaxshi tanishadi. Amerikada bugungi avlod Chingiz Aytmatovni adib sifatida tanimas ekan, xo’sh qolgan joylardachi? Bitta xabar topdim. Avstraliya gazetlaridan biri “Sovetlarning sanami o’ldi” degan xabar beribdi. Juda topib aytilgan gap׃ Sovetlar sanami!

Kitobni juda yaxshi ko’radigan va menga ham qaysi kitoblar dunyoni larzaga solayotganini eslatib turadigan amerikalik do’stlarimdan so’rasam ham ular Aytmatovni bilishmadi.
Ulardan biriga׃
-Qarasang-chi, uni jahon adabiyotida inqilob yasagan adib, deb yozishmoqda. Nahotki bilmaysan?-degandim׃
-Rus inqilobini aytayapsan-mi?-deya kuldi u.

Bu kuchli javob edi. Sovet adabiyotini yaratgan avlod butun dunyoni o’zgartiramiz, inqilob qilamiz deyishgan. Ammo amalga oshira olishmadi.

Agar Sovet adabiyotiga nazar solsangiz, Chingiz Aytmatov kabi juda ko’p katta adiblarni “yaratishgan”.

Chingiz Aytmatovning otasi Qirg’izistonda kommunistik Partiyaning lideri bo’lgan. Stalin boshqa safdoshlari qatorida uni ham o’ldirgan. Xuddi Karimov o’z safdoshlarini qamab turgani kabi bu zolimlar hayotiga xos jarayondir.

Stalin shaxsiga sig’inishni qoralab, katta kampaniya boshlatgan Xrushchev uchun xoin deb e’lon qilingan odamning o’g’liga yo’l ochish qo’l kelardi, mamlakatni ruslashtirish va rus tilini ona tiliga aylantirishni maqsad qilgan Brejnev uchun esa qirg’iz bo’la turib, rus tilida yozgan adib juda ham kerak edi. Aks taqdirda har qanday kuchli adib bo’lgani bilan kommunistik partiya va uning ideologiyasiga xizmat qilmasa unga eng katta mukofotlarni berishadimi?

Adabiyot sohasida Lenin mukofotini berish haqidagi hujjatda bu mukofot Kommunistik partiyaning eng jangovar ideologlariga berilishi aytiladi va uni faqat mamlakatning birinchi odami bera oladi. 1963 yilda bu mukofotni Aytmatovning ko’ksiga kim taqqanini esa aytishga hojat yo’q.

Albatta, Aytmatov uchun Brejnev ham o’z salafidan kam ish qilmadi. Uni doim anjumanlarning oldida g’o’ddaytirib qo’yib, gapirtirib yurdi. Zolimlar o’z siyosatlarni adiblar orqali xalqqa etkazishni ming yillardan beri an’naga aylantirganlar. Agar bu ishni Aytmatov qoyil qilib bajarmaganda 1978 yilda Brejnev uning ko’ksiga Sotsialistik mehnat qahramoni oltin medalni taqarmidi?
Xuddi shu Brejnev unga 1968 yilda, keyin 1977 yilda va undan keyin 1983 yilda SSSR Davlat mukofotlarini bergandi. Nima, buni chiroyli ko’rinish uchun berganmidi? Yo’q, Sovet ideologiyasining eng mashhur kurashchisi bo’lgani uchun bergandi.

Aytmatovning Brejnev haqidagi gaplarini o’qisangiz, bugun Karimovga maddohlik qilayotganlar hali bolakay ekan, deb o’ylaysiz. Brejnev o’z kitoblarini tahrir qilishni (yozishni deb tushunavering) Aytmatovga topshirarmidi? Brejenev nomidan chiqqan “Qo’riq” kitobini Aytmatov yozib berganligini men iddao qilayotganim yo’q. Uning o’zi 1986 yilda Markaziy Televidenie orqali uzatilgan ko’rsatuvda, “ha endi, qoralaganman” deb aytgandi.

Shuning uchun ham u doim deputat edi. Markazkom a’zosi edi. SSSR tarixida buncha ko’p rahbarlar bilan til topisha olgan yagona shaxs deyish mumkin uni. Uni Xrushchev ham, Brejnev ham, Andropov ham, Chernenko ham, Gorbachev ham yonida olib yurgan. Ularga sadoqat bilan xizmat qilgan juda ko’p odamlar orasida Aytmatov alohida edi.

U nafaqat markazom a’zosi, balki hamma ijodiy tashkilotlarning rahbariyatida a’zo edi. Yozuvchilar Soyuzidan tortib, Kinochilar uyushmasiyu Osiyo va Afrika kummunistlari birdamlik tashkilotining Sovet bo’limi rahbari… Bunday odamning yozgani hukumat puliga nashr etilmay, kinoga olinmay, tarjima qilinmay, maktablarda o’qitilmay, shov-shuv qilinmay- kimniki qilinsin?

Shu zolim tuzumga qarshi so’z ayta olgan Soljenetsin, Brodskiy yoki Saxarovnikimi? Nega u aqalli Saxarov kabi bir marta ham o’z tuzumiga qarshi so’z aytmadi?

Sovet mafkurasi shunday ediki, otni tuya deb targ’ib qila boshlasa, bir hafta o’tar-o’tmas bunga ishona boshlar edingiz. Chunki bu haqda gapirmagan va buning shundayligini aytmagan odam qolmasdi. Agar siz bu tuya emas, ot desangiz darhol sizni jinniga chiqarishar va shunda ham so’zingizdan qaytmasangiz, jinnixonaga jo’natishar edi.

Aytmatov o’lgan kunlarda mening bu gaplarimni hatto Saidjon “siyosiy lektsiya” deb atagandi. Bugun esa Moskva Aytmatov shpritsi bilan qirg’izlarning qoniga urusning qonini qo’shganini, Hatto Aytmatovning qizi ham o’zbeklarga qarshiligi haqida gapirmoqda. Lekin mashinaning oynasi darz edimi yoki to’kilib ketdimi buni bilolmay garang. Chunki do’l hali tingan emas…
Bu “qizil gap”lardan Saidjonning charchagani aniq. Shuning uchun unga bir rivoyat aytib berdim׃

Qadimda Odilshoh deb nom chiqargan bir hukmdor zerikkanini bahona qilib, eng yaqin qulidan biror hikoyat aytishni so’rabdi. Qul uzoq o’ylabdi, uzoq o’ylasa ham yana uzoq o’ylabdi.
Shoh׃
-Yana qancha kutayin, aytasanmi yo’qmi?-desa, qul avvaliga qo’rqqanidan qaltirabdi. Keyin lablariga tabassum inibdi, yuzi yorishib, ko’zlari chaqnabdi.
-Badbaxt senga aytayapman, gapir!
Shohning ovozi qanchalik balandlasa, qul shunchalik sevinar emish.
-Senga aytayapman, gapir!
Oxiri qul sevingan ovoz bilan gap boshlabdi׃
-Olis qishloqda bir bechora bor edi. Bir kuni uni ushlab, oilasidan ayirib, saroyga olib keldilar. Sochini tarashlab, boshiga molning terisini tortib, qoziqlarga chahormix qilib, oftobro’yaga yotqizib qo’ydilar. Kun ko’kka ko’tarilgan sari teri qurib, uning boshini siqa boshladi. U dod soldi, eshitgan kim?! Kun og’a boshlaganda, uning ovozi tinib, lablari qovjirab qoldi. Lekin suv bergan kim?! Aksincha, uni tepib-tepib o’rnidan turg’azishdi. Keyin… keyin olib borib axta qilishdi…Buning azobi o’limdan ham og’ir edi. Tandirda yonib turgan temirni uning umurtqasiga bosdilar..
-Bas! Men sanga o’zing haqingdagi hikoyatni ayt demadim!
Qul bir zum tin olibdi. Yuzidan qora ter sizib chiqibdi. Boshini quyi solgancha, o’tirgan joyida sukutga botibdi. Keyin ׃
-Shohim, mehribon va odil shohim!-debdi,-Meni azoblarga solganlarida sizning xabaringiz yo’q, deb o’ylagandim. Bugun mendan hikoyat so’raganingizda esa haqiqatdan ham sizning xabaringiz bo’lmagan deya sevindim. Endi esa, yo’q, yo’q… La’nat shaytonga! Hali ham bu ishning boshida sizdek mehribon olampanoh turganiga ishonmayman, siz ahli odillar odilisiz!-debdi.
Shoh qaha urib kulibdida׃
-Haqiqatdan ham sen maxluq hali to’la manqurtga aylanmabsan, sen o’zing haqingdagi bu gaplarni boshqalarga ham aytib yurganingni eshitgandim, lekin odil shoh bo’lganim uchun seni o’zim sinov qildim,-debdi.
Shoh keyin mulozimlarini chaqirib, bu qulni qaytadan qoziqqa tortishni buyuribdi…

MUXTASAR MA’LUMOT
O’zbekistondagi nashrlarning bosh muharrirlariga hamda televedenie va radio rahbarlariga qirg’iz yozuvchisi Chingiz Aytmatov va uning asarlari nomini esga olishni taqiqlash bo’yicha og’zaki buyruq berilgani haqida xabarlar paydo bo’ldi.
Manbalarning qayd etishicha, qirg’iz yozuvchisining nomi va asarlarini eslashga taqiq Qirg’iziston janubida sodir bo’lgan qonli voqealarga va ularning ortidan minglab begunoh o’zbeklarning qurbon bo’lishiga javoban bo’lgan. Ya’ni Chingiz Aytmatov o’zining asarlarida qavmdoshlarining vahshiy va shavqatsiz fe’lini tasvirlab kelgan va qirg’izlarda millatchilik tuyg’usi kuchlanishiga xizmat qilgan.