Blogda yozib borilayotgan tarixiy-zamonaviy roman
-6-
Sulaymon tog’i. O’sh.
Saidjon Dono bilan maktabda birga o’qigan. Lekin shu qizga uylanaman, deb xayoliga ham keltirmagandi.
Bir kuni dadasi׃
-Bolam, mana universitetni ham bitirayasan, endi boshingni ikki qilmasak bo’lmaydi,-deb qoldi.
Dadasi tarix o’qituvchisi edi va tez-tez o’quvchilarni olib Sulaymon tog’iga borib turardi.
Dononi o’sha erda ko’rib qolibdi.
-Sinfdoshing bor edi-ku, a’lochi qiz, hamma majlislarda she’r aytadigan, ismi ham, o’zi ham Dono qiz. Shuni ko’rib qoldim. Boshiga hijob olibdi. Mingta gapirsang, bitta javob qiladi. Surishtirdim, sovchisi ko’p ekan. Agar otni qamchilamasak, ketib qoladi…
Saidjon indamasdan erga qarab turdi. Dono uning uchun osmondagi yulduz edi. Unga gapirishdan qo’rqardi. Darhol ikki misra she’r aytib, mot qilardi. Hozir dadasiga nima desin? Yo’q, desinmi? U holda dadasi aytgan kabi Dono qo’ldan ketishi mumkin. Aqlli qiz. Adabiyot muallimi aytadigani kabi, xushro’y qiz. Agar rozi bo’lsa, zo’r ish bo’lardi. Dono ota-onasining izmidan chiqmaydi. Agar ular moyillik bildirsalar, rozi bo’ladi.
Saidjon dadasiga “Xo’p” desinmi? U holda dadasi “Bu o’lib o’tirgan ekan-ku?”, deb o’ylamaydimi? Yo’q, bunday deb o’ylamaydi. Chunki ilgari ham ko’p gap ochgan, ko’p qizlarni topgan, ammo Saidjon o’qishi bitishini bahona qilgandi.
Uni bu qiyin holdan dadasining o’zi qutqardi.
-O’g’lim, bizdan topish. Sendan esa ko’rish. Bir uchrashib, gaplashib ko’r. Ilgari o’quvchi edinglar, bu haqda o’ylab ham ko’rmagansizlar, endi katta odam bo’lib qoldingizlar, bir ko’ngliga qo’l solib ko’r!
O’quvchi bo’lganida unga bir so’z ayta olmagan Saidjon endi uning ko’ngliga qanday qilib qo’l soladi? Uyiga borib, “Qani yur, bir gaplashaylik-chi”, deydi-mi? “Bor, toshingni ter!”, desa, necha pullik bo’ladi?
Saidjon oxiri ko’rinmaydigan o’ylarning tubiga cho’kib ketayotgan edi, otasi xaloskorlik qilib, uni ortga tortib oldi.
-Men dadasiga so’z ochdim. Sovchi yuboray desam, oldin o’zlari gaplashib ko’rishsin, rozi bo’lishsa, keyin sovchi yuborasiz, dedi. U bilan Tuya tog’da uchrashib qoldik. Uning ham vaqti bor ekan, shaharga tushib, choyxonaladik. Gapdan gap chiqib, bu masala ham o’rtaga keldi. Ertaga tushdan keyin soat ikkilarda Dono Tuya tog’ga boradi, sendan nima ketadi, bir borib gaplashib ko’r, yoqmasa, boshqasi…
Otasi shunday deb uning elkasiga urib qo’ydida, gap tamom degandek tashqariga chiqib ketdi.
Saidjon vaqt degani buncha imillashini o’shanda ilk bor his qildi. Ucharshuv paytigacha xuddi oradan o’n yil o’tgandek bo’ldi. U oldin kelgan ekanmi, Dono kechikdimi, xullas Sulaymon tog’idagi yodgorlikka kiraverishda uzoq turib qoldi.
Huv pastroqdan Sulaymon tog’iga qarasangiz yugurib kelayogan tuya birdan cho’ka boshlagani kabi manzara ko’z oldingizga keladi. “Unga nima bo’ldiykin?”, deb o’ylaysiz. Orqasidan dushman quvladimi? O’rkachlari orasida o’tirgan sohibiga otilgan o’q unga tegdimi? Balki bu tuya horib qolgan va madorsizlikdan tiz cho’ka boshlagandir? Qanday bir kuch uni yiqitdiki, u bir umrga qotib qoldi, toshga aylandi?
Saidjon qachonki Sulaymon tog’iga kelsa ko’nglidan ana shunday fikr o’tadi. Bugun ham shu haqda o’ylarkan, yoniga folbin xola kelganni payqamay qoldi.
-Men aytgan gaplarning hammasi bo’lgan. Men bor gapni aytaman. Lo’lilik qilmayman…,-derdi folbin xola.
Birdan folbin xolaning gaplari unga eshitilmay qoldi. Chunki olisdan Dono ko’rindi.
O’sha Dono! Qadami bilan qadamini kesib yuradigan qiz! Uni maktab tugab ketgandan keyin ham tez-tez ko’rardi. Ammo׃
-Qalaysan?-derdi.
-Oltin!-derdi u. Shu bilan gap tamom edi. Mana endi ilk bor uning bo’yi-basti haqida o’ylab qoldi. Mendan uzun emasmi? Yo’q, mendan kaltaroq. Ammo hijob unga juda yarashibdi. Yuzi xuddi gullar bilan o’rab qo’yilgan to’lin oy kabi…
Birdan hayajonlana boshladi. Nima qilishni bilmay er chizib turaverdi.
-Qalaysiz!
Bu Dononing jarangdor ovozi edi. U ilk bor Saidjonni sizlayotgan edi. Lekin uni mot qilmoqchi. Chunki uning “Qalaysan?” degan kalimasini o’g’irladi. Saidjon ham qarab turarmidi.
-Oltin! –dedi. Ular bir-birlariga qarab jilmaydilar.
Demak, ko’ngli bor. Bo’lmaganda, bahona degan narsaning urug’-aymog’i ko’p. Bittasini ushlardi. Qolaversa, birinchi bo’lib gap otdi. Mana endi jilmayib turibdi. Taqdirim shu ekan, Xudoga shukur, deb o’yladi Saidjon.
Ular hali gapga kirishib ketmagan ham edilar, folbin xola ikkalasining qo’lidan tutdi׃
-Men aytaman, bir narsa berasizlarmi, bermaysizlarmi, o’zlaringiz bilasizlar. Bu erga farzand so’raganlar ko’p keladi. Ammo sizlarning bunga ehtiyojingiz yo’q. Mana qo’llaringizga yozib qo’yibdi, ikkita farzandingiz bo’ladi. Yaxshi kunlaringiz oldinda. Faqat uzoqlarga ketib qolasizlar, “Oq uy”ni tashlab ketgan Bobur shoh kabi. Ammo sizlar oxirida yana qaytib kelasizlar…
Dono qizarib ketdi va shartta qo’lini tortib oldi. Saidjonning ham lablari qurib, tili tanglayiga yopishib qoldi.
-Borlaring, ziyoratdan qaytishda meni ko’rasizlar, agar istamasangizlar haqimni uzoqlardan qaytib kelganda yoki farzandlaringiz to’yida berasizlar. Dadangga mendan salom aytib qo’y, o’g’lim. Sen Komiljon tarixchining o’g’li bo’lasan. Otangni kopiyasi ekansan! Ha, g’orlarga ham kiringlar, bel og’rig’idan qutulasizlar. Uf-e… sanlarda bel og’rig’i nima qilsin?!-deb baqirib qoldi folbin xola.
Shundan keyin ular atrofni aylana boshladilar. Gaplari ham o’zlari kabi asosan ziyoratgoh atrofida aynaldi. Bu erni kimdir “Sulaymon tog’i” desa kimdir “Taxti Sulaymon” deydi. Boshqa birov esa “Oq uy” deydi. “Boburning oq uyi” deganlar ham bor. Saidjonning dadasi esa “Tuyatog’” deydi. Shundanmi, Saidjonning ko’ziga doim bu tog’ tuya bo’lib ko’rinadi.
-Haqiqatdan ham Sulaymon tog’i cho’kkalagan tuyaga o’xshaydi,-dedi Saidjon xuddi dadasi kabi bilimdon bir ohangda, suhbatga mavzu topganidan quvonib.
-Lekin nima uchun bu erni “Makka” ham deyishadi. Bu Makkai mukarramaga nisbatan salbiy qarash bo’lmaydimi?-Dono ham gapni ilib ketdi.
-Yo’q… Menimcha, bu Sulaymon tog’iga nisbatan hurmatni oshiradi. Uni ham Makkai mukaramma kabi ardoqlashga undaydi.
Saidjonning bu gapi Donoga yoqqanini uning chehrasi ravshanlashganidan sezish mumkin edi.
-Yuring, “Qirq chilton”ni ko’ramiz,-dedi Dono.
-“Eshon o’nqir”-chi?
-“Eshon o’nqir”? Dadangiz uni “Ummay ona” deydilar-ku?
Bu gapni aytgan Dono birdan qizarib ketdi. Yodiga folbin xolaning gapi tushdimi yoki Ummay ona haqida Komiljon tarixchidan eshitgani keldimi, har holda allanechuk bo’lib ketdi.
…Bundan uzoq-uzoq yillar avval bir tunda kuchli zilzila yuz beribdi. Kimdir uylarning ostida, kimdir vayronalar bag’rida qolibdi. Ming-ming odamlar qurbon bo’libdi.
Bir homiladar ayol zilzila kechasi uxlay olmay tashqariga chiqqan va tirik qolgan ekan.
Er silkinib, guvala uylar qulay boshlaganda u ko’kka boqsa, ko’kda vulqon bor emish. Bu vulqon erga tushib, er ostiga kirib ketibdi va so’ngra erdan o’rkachli tog’ o’sib chiqibdi. Ayol o’rtada qolibdi. Bir tomonda tog’. Ikkinchi tomonda qulayotgan uylar va uchinchi tomonda homila sanchig’i… Uning sanchig’i shunchalik kuchayibdiki, u hatto ortiga qaray olmay, faqat oldinga qarab emaklab, sudralib boraveribdi.
Shunda yangi o’sib chiqqan tog’dan bir ayol tushib kelib, unga doyalik qilibdi. Egizak bolalar tug’ilibdi. Biri o’g’il, ikkinchisi qiz. Lekin ona ko’p qon yo’qotib, halok bo’libdi. Bolalar doyaning qo’lida qolishibdi. O’g’ilga “O’zgan”, qizga “Qir qiz” deb ism beribdi.
Bolalar Tuya tog’da ulg’ayishibdi. Bir kun doya kampir bu dunyodagi vazifasini ado etib, narigi dunyoga ketibdi. Undan bu bittagina kapa qolibdi. O’zgan va Qir qiz ana shu kapaga egalik qilish ustida janjallashib qolibdilar va oxiri kapani yoqib yuboribdilar. Jahlga mingan O’zgan tog’ni tark etib, tekislikka tomon, Qir qiz esa qoyalar ortiga ketib qolibdi…
Ba’zilar “O’zgan sherga aylanib ketibdi” desalar, ayrimlar uning qo’yga aylanib, yaylovlardan chiqmay qolganini aytarkanlar. Qir qiz haqida ham turli xil gap tarqalibdi. Birov uning kiyik bo’lib, qoyalarda o’ynab yurganini aytsa, boshqalar uning o’laksaxo’r sirtlonga do’nganidan hikoya qilisharkan…
Shu damda Saidjon ham dadasining “Qirq Chilton” haqida aytganlarini o’ylayotandi. Nega ham “Qirq”, ham “Chil” deyishgan? Bu “Qirq Qirqlar” degani emasmi! Bu aslida eron afsonasi. Chilton emas, Chiltan. Ya’ni “Bir tanda qirq tan” afsonasi.
Bu afsonaga ko’ra, qadimda bir-biridan ajralmaydigan va ko’zga ko’rinmaydigan qirqta ruhli bir tan bor ekan. Bir kuni zardo’shtiylar hukmdori keksayib, etti o’g’lining har birini alohida-alohida huzuriga chorlab׃
“Qaysi biring Chiltanni jilovlasang, o’shani valiahd qilib tanlayman. Shart shuki, bu haqda bir-biringiz bilan gaplashmaysiz, birovdan maslahat so’ramaysiz va faqat o’zingiz harakat qilasiz. Qirq kuningiz bor”, -debdi.
Katta o’g’il uzoq o’ylab-o’ylab o’yiga etolmabdi.Chiltanni qanday topish va qanday jilovlash haqida chora topolmay, demak otam meni tanlamoqchi emas, degan qarorga kelibdi. Keyingilarining ham boshlari qotib qolibdi. Ular jahl otiga minib, qirq kunni qahr va g’azab bilan o’tkazishibdi. Nihoyat vaqt etib, o’g’illar bir-bir otaning huzuriga kira boshlabdilar. Navbat kenjasiga kelibdi׃ u ichkariga kirganda akalarining qo’l oyoqlari bog’liq, erda yotibdilar. Shunda otasi unga yuzlanib׃
-Men har biringni ortingdan qirqtadan josus qo’ygandim. Mana bu badbaxtlar meni o’ldirishga jazm qildilar. Ma, qilichni ol va boshlarini kes!-deb buyuribdi.
Kenja bir zum o’yga botib, keyin javob qilibdi׃
-Padari buzrukvor. Siz keksayib qoldingiz, endi bir kuningiz ham biz uchun g’animat.O’zingiz aytardingiz׃ “Otani ko’mish farzandga burch, farzandni ko’mish otaga o’lim”. Keyin yana siz aytardingiz׃ ”Josusga emas jigaringga ishon!” deb. Balki bu josuslarning fitnasidir. Akalarim ko’p odobli insonlar, ular sizni juda ham yaxshi ko’radilar va bunday xiyonat yo’liga yurmaydilar, deb ishonaman. Magarki, ularni o’ldirmoqchi ekansiz, meni ham bu azoblar bilan tirik qoldirmang, men ularsiz yashay olmayman,- debdi.
Ota erda yotgan o’g’illariga yuzlanibdi׃
-Ko’rdigzimi, har biringiz jahlga minib, imtihonimga dosh berolmay, hatto bu erda bir-biringizni o’ldirishga ham rozi bo’ldingiz. Agar men qilichni tutib qolmasam, boshlaringiz sapcha bo’lib uzilardi. Lekin bu ukangiz mening gapimga kirib, Chiltanni jilovlab olibdi, valiahd qilib uni tanladim. Jahlga minib bir tanni boy berasiz, jahlni engib esa, Chiltani jilovlaysiz! -degan ekan.
Saidjon va Dono xayollari bilan bo’lib, “Beshik ona” yoniga kelib qoldilar. Bu erda bir ayol toshga osilib׃
-Allohim, menga ham bola ber, zuryod ber,–deb pichirlardi.
Ular bu erdan indamay o’tib ketdilar.
O’rtadagi jimjitlikni buzish uchun Saidjon׃
-Ana u erni nega “Tomchitomar” deyishadi, bilasizmi?-deb so’radi Donodan. U bilmagan holatda Dononi sizlayotgan edi.
-Dadangiz aytganlari bo’yicha, bu erda Sulaymon payg’ambar ibodat qilar ekanlar. U kishi kechayu kunduz tinmay ibodat qilganlaridan terlab ketar ekanlar. Shunda boshlariga tomchilar tomib, u kishiga faraxlik bag’ishlar ekan. U kishi Allohdan bu tomchilarni mangu qilishni so’ragan ekanlar…
Ular ham odatga ko’ra, kaftlarini ochib, to’plangan tomchilar bilan yuzlarini namladilar. Sulaymon payg’ambarning oyoq, tizza, kafti, bosh izlari deyilgan joylarga yana bir bor hayrat bilan termulib, tashqariga chiqdilar. Pastlikda yastanib yotgan O’shga qarab mahliyo bo’lar ekanlar, shu damda Sulaymon payg’ambar ularning dillarini bir-biriga chambarchas bog’lagandek edi.
-Mana shu g’or Sulaymon alayhisalomni dushmanlardan qutqazgan ekan,-dedi Dono entikib.
-Agar dushman kelib qolsa, shu erga kelib yashirinamiz,-dedi Saidjon gapni umumiy maqsadga tomon yaqinlashtirib.
-Bizni dushmandan Xudoning o’zi asrasin! Shu erda ham topib o’ldiraveradi!
Shu damda Saidjon Dononing g’or qutqarmaydi degan e’tiroziga e’tibor qilmadi, balki uning “bizni” degan so’zni ishlatganidan quvonib ketdi…
Ularning yoniga yana folbin xola kelib , gapira boshladi׃
-Bir kuni Zahiriddin Muhammad Bobur mana shu tog’ning tepasidan pastga qarab׃ “Men olislarga – Samarqandga, Hirotga, Agraga ketaman, dunyoni olaman” debdi. Shunda unga onasi “O’shni kimga tashlab ketasiz?” debdi. Jajjigina Zahiridin o’shanda׃ “O’shni O’zganga tashlab ketaman” deb so’z o’yini qilgan ekan…
MUXTASAR MA’LUMOT
2010 yilning 11 iyun kuni o’shliklar Isrofil chalayotgan musiqaga ergashgan kabi gurros-gurros bo’lib O’zbekiston tomonga qarab oqa boshladilar.
12 iyun kuni ertalab o’zbek-qirg’iz chegarasining Qorasuv, Do’stlik postlari ochildi. Qochqinlar dastlab O’zbekistonning chegaraga yaqin joylaridagi maktab va bolalar bog’chalariga, keyin esa favqulodda tezkorlik bilan o’rnatilgan palatka-shiyponlarga joylashtirildi. Ularning ko’pchiligini ayollar, bolalar, qariyalar tashkil qilardi.
O’sh shahriga yaqin joylashgan Oqbura chegara posti ham ochildi.
Chegaraning boshqa joylaridan ham odamlar O’zbekistonga o’ta boshladilar. O’zbekistonning chegara hududlarida esa 60… 70… 80… oxirgi sanog’i yuz mingni ham oshgan qochqin to’plandi.
Lekin O’zbekistonga ketayotganlar juda qisqa vaqtda orqaga quvilishlarini bilgan kabi Kalinin ko’chasi, Adir, O’nadirdan bir qancha ayollar bolalari bilan birga jon saqlash uchun Sulaymon tog’iga tomon intilayotgan edilar.
(DAVOMI BOR)
Aziz o’quvchi, Siz ham bu kitob yozilishiga hissa qo’shishingiz, taklif kiritishingiz va kitobga O’sh, Jalolobod bilan bog’liq o’z hikoyangizni asl nomingiz yoki istasangiz taxallus bilan kiritishingiz mumkin. Maktubingizni quyidagi adresga yuboring׃
qiyomatkuni@gmail.com
Filed under: Qiyomat kuni |