-4-
Meriland. Elikot shahri
Saidjonning fig’oni falakda. Buni telefonni qulog’imdan uzoqroqda tutib turganimdan ham bilish mumkin. Lekin “hujumlarim” oz-moz ish bermoqda. Falakdagi fig’on ba’zan “erga tushib” ham qolmoqda. Afsuski, ko’pga emas, doimiyga emas.
-Aka, O’zbekiston hukumati tezlik bilan armiyasini kiritib, Qirg’izistonda hokimiyatni qo’lga olishi kerak. Boshqa yo’li yo’q. Bo’lmasa, Karimov butun o’zbeklar oldida xoinlik qilgan bo’ladi…
Xoinlik nima o’zi? Ahdini, va’dasini, qasamini buzmoq. Ba’zan firibgarlik, muttahamlikni ham xoinlik deymiz. Lekin asosiy ma’nosi bu kishining o’zi mansub bo’lgan ijtimoiy qatlam yoki xalqi, vatani, do’stining mafaatlariga zid ish tutishi, dushmanlar bilan hamkorlik qilishi, dushman tomonga o’tishidir. Saidjon ana shu ma’nosini nazarda tutmoqda va haq.
U O’zbekiston rahbarining dunyodagi butun o’zbeklar oldida burchi, mas’uliyati. ahdi bor deb o’ylamoqda. Ammo Karimovga ko’ra, uning bunday burchi yo’q, Qirg’izistondagi voqealar bu ularning ichki ishi. U o’zini “Asosiy Qonunda bunday burchim yo’q” deb ham oqlagan bo’ldi.
Lekin yozilmagan qonunlarga ko’ra, uning burchi bor. Yozilgan qonunga rioya qilmagan odam yozilmagan qonunlarni necha pulga oladi? O’zini “saylagan” xalq oldida mas’uliyatini his etmagan kishidan saylovlar doirasidan chetdagilar uchun g’amxo’rlik kutish mumkin-mi? Uning uchun xoinlik me’yorlari boshqa.
Shu payt yodimga Karimovning Mirsaidov haqida “Xoinlik qildi!”, “Xoinlik qildi” deya stolga mushtlagani keldi. O’shanda Karimov xuddi ichida vulqon qaynayotgan, vujudidagi tog’ yonayotgan kabi qizarib borardi. Bunday paytda “u hozir portlab ketadi”, deb o’ylaysiz. Lekin u portlash o’rniga yanada qizarib-bo’zarib ketaveradi. Endi u “xoinlik qildi” degan odam haqida o’ylay boshlaysiz. Xayolingizga “Buni shu kuyga solgan, shu qadar o’rlatgan odam haqiqatdan ham katta xoinlik qilgan bo’lsa kerak, bo’lmasa u yuragini hovuchlab qolgudek darajada to’lg’anardimi?”, degan fikr o’rnasha boshlaydi.
Lekin ilon katta o’ljani yutayotganini ko’rganmisiz? Uning og’zi shunchalar kattara boshlaydiki, sizni qo’rquv bosadi. O’zingizni ilonning og’zida his etasiz. Etingiz junjikib ketadi. So’ng ilon terisidagi har bir zarra bo’zrayib, shisha boshlaydi. Endi sizni boshqa his cho’lg’aydi. Hozir nafasi qaytib, o’lib qoladi, deb o’ylaysiz. Yo’q. U zo’riqib-zo’riqib o’ljani yutadi. Keyin juda qiyinchilk bilan o’ljani pastroqqa tushiradi. Shundan keyin daraxtga o’ralib, o’ljani eza boshlaydi. Tug’ayotgan ayoldan ham battar qiynalmoqda-ya, deb endi ilonga rahmingiz kela boshlaydi.
Karimov ham sizni ana shunday har turli hislar qo’yniga tashlaydi.
Bularni shu damda Saidjonga tushuntirish zarurmikan? Avval uning armiya haqidagi savoliga javob berishga urinay-chi?!
-Siz O’zbekistonning kuchli armiyasi bor deb o’ylayapsizmi? Bor bo’lganda ham, kuchli bo’lganda ham hech narsa qila olmaydi. Mana, AQSh Iroqqa bosib kirdi, keyin Afg’onistonga. Qariyb o’n yil bo’ldi. Lekin botqoqdan chiqa olmayati. Dunyoning eng qudratli armiyasiga ega bo’lgan mamlakat dunyoning eng qoloq o’lkalarida haftasiga bir necha milliard dollar sarflab ham tinchlik o’rnata olmayati. O’zbekiston Qirg’izistonga armiya kiritsa, ana unda butun o’zbeklarni qirib tashlash uchun yo’l ochiladi. Qirg’izlar partizan urushini boshlaydilar. Ularni butun dunyo bo’lmasa ham, yarmi qo’llaydi. Chunki O’zbekiston bosqinchi nomini oladi. Bu urush Iroq va Afg’onistondagi kabi o’n yilga cho’zilmaydi. Juda tezlikda Toshkent qo’ldan ketadi. Chunki xalq Karimov hukumati va Karimov armiyasi uchun jonini tikmaydi. Har kim har tomonga qochadi. Bu dahshatli xato bo’ladi.
-Siz xato o’ylayapsiz, aka! O’zbek xalqi Karimov uchun emas, o’zining o’zbek qardoshi uchun oyoqqa turadi, jonini tikadi?
Bu qip-qizil gap. Saidjon u paytlarda yosh bola bo’lgan, bilmaydi, sho’rolar “Sovet xalqi” degan bir millat tashkil qilish mafkurasini ishlab chiqqandi. Lekin SSSR qulab ketib, bu mafkura ham g’aladonlarga tushdi. Mustaqillik tasodifidan keyin Markaziy Osiyo “lider”lari uni g’aladonlardan chiqarib, o’zlariga moslab oldilar.
O’zbekistonda bunga “o’zbekchilik” deb nom berildi. Qirg’izistonda “qirg’izchilik” Qozog’istonda “qozoqchilik”…
O’zbekistonda “O’zbek” degan yangi bir millat yaratildi. Bu urus, o’zbek, tojik, armani, xullas, mamlakatda qaysi xalq yashasa ana shularning umumiy nomi bo’ldi. Ya’ni “O’zbek” degan so’z “o’zbekistonlik” degan ma’noga ega bo’ldi.
Hatto tarix ham o’zbekistonlashtirildi. Tarixda “O’zbekni o’ldiring” degan hukmdorlarga ham “o’zbek” nomi berildi. O’zini “turkiy” yoki “forsiy” deb atagan olimlarga ham “o’zbekistonlik” nomi berildi. Bu mafkura 20 yil davomida xalqning ongiga singdirildi. Shu “oshni eb” yangi bir avlod etishib chiqdi. Bularni Saidjonga tushuntirish qiyin. Shu damda u olov ichida qolgan. Yonmoqda. Uni chiqarib olishim kerak.
-Aka, bugun falsafa suqmaylik oraga. Karimovning xalqaro inson huquqlari bo’yicha ham burchi bor-ku!-Saidjonning bu gapi ancha hovuridan tushgan odamning gapidek eshitildi menda.
Lekin uni qutqazishga urinayotgan mening ham asablarim o’ynab ketdi. Ya’ni o’t o’chiraman degan odam qo’lidagi chelakni otib yuborgani kabi.
-Siz qaysi va qanday huquq haqida gapiryapsiz, Saidjon? Bugunga qadar xalqaro inson huquqlari haqidagi talablar qaerda va qanday bajarildiki, endi bajarilsin? Lekin dunyodagi biror bir hujjat biror bir mamlakatga yakka tartibda boshqa o’lkaga qo’shin kiritishga izn bermaydi, buni bilib turib, meni savolga tutasiz-a?
Endi gapning bu yog’ini eshitib turing, men falasafa suqmayapman. O’zim bilgan narsalarni gapiryapman. O’tgan shu 20 yil davomida O’zbekiston uchun tashqarida yashagan o’zbeklar begonaga aylandilar. Ular Karimov rejimi uchun “bizdan emas” bo’lib qoldilar. Maktablariga kitob olmadilar. Chunki o’zbekcha kitoblarda Karimov maqtaladi. Ular yashagan hukumatlar esa o’zlarining rahbarlari maqtalishini istardilar. Hatto to’ylariga, dafn marosimlariga viza bilan borib keladigan bo’ldilar. U ham agar shu vizani vaqtida ololsalar. Chegaralarda o’zbek askari qirg’iz, deb necha o’zbekni oyog’idan otgani yoki qamab qo’yganini eshitib keldik.
-Aka, bular mayda chuydalar, hozir xalqni qutqazish kerak. Siz bo’lsangiz marksizm-leninizmdam ma’ruza qilmoqdasiz… U eski davrlar o’tgan, bugun boshqa davrda yashayapmiz!
Demak, ikkalamiz ham qizisha boshladik. Balki maqsadimga qisman bo’lsada erishayotgandirman? Uni boshqa yo’ldan olib, boshqa yo’lga boshlamoqchi edim-mi? Mana bahs boshlandi. Bahsdagi hujum kishidagi ishonchsizlik, umidsizlik va ruhiy tushkunlikni, ahmoqona yo’llarga bosh urish hissini tor-mor qiladi.
-Demak, yana jahlingiz chiqa boshladi, Saidjon! Bu yaxshi. Lekin hali marksizm-leninizmga etib kelmadik. Chidab turasiz. Siz aytgan kabi O’zbekiston O’shni bosib oldi ham deylik. O’shning qariyb yarim aholisi bo’lgan qirg’izlar qarshilik qilmay “oling shu sizniki” deb Bishkekka qochib ham ketdi, deylik. Shu O’shdagi o’zbeklar O’zbekiston boshqaruvi ostida necha kun yashay oladilar, deb o’ylaysiz? Yigirma yildir erkinlik sharoitida yashagan xalq bitta odamning zulmiga chiday oladimi? Boshqacha aytganda, yoppasiga o’zini zanjirlab bera oladimi? Ozodlik bilan o’lim to’qnash kelib qolmaydimi? Bir oyga etmay ular namoyishlarga chiqmaydilarmi? O’shanda nima bo’ladi? Shu O’shni bosib olgan askarlarga endi u erdagi xalqni Andijondagi kabi qirib tashlash buyurilmaydi deb kim kafolat beradi?
-Unday bo’lsa, uchinchi yo’lni ayting? Nima qilish kerak? Qanday qilib u qatliomni to’xtatish kerak?
-Siz va biz xorijdamiz. Qo’limizdan keladigan ikkita ish bor. Birinchisi, tinimsiz namoyishlar tashkil qilib, dunyoni oyoqqa turg’azish. Ikkinchisi, hozirdanoq aziyat chekkanlarga iqtisodiy yordam boshlash.
-Men sizga o’layotganlarni qutqazish kerak, desam, siz menga nima deyapsiz?
U “Men nima deyapmanu, to’ng’izim nima deyapti”, degan iborani boshqacharoq qilib aytdi. Meni haqorat qilib olgisi bor. Bunday paytda indamay turishim kerak. Ammo indamay turish xislatidan bebahra qolganman. Shartta javob qilib yubordim.
-Agar Karimovga “Armiya kirit!”, deb talab qo’ysangiz, sandoqi sakning akillashicha ham baholmaydi. Ya’ni talabni bir tiyinga ham olmaydi. Chunki uning armiya kiritsa, o’zi ham yo’q bo’lib ketishini tushunadigan darajada aqli bor…
Saidjon jim bo’lib qoldi. U meni haqorat qilganini tushunganimni sezdi. Men hisobni tenglashtirib qo’yib, davom etaverdim׃
-Qolaversa, bo’layotgan voqealar uning foydasiga ishlaydi. O’sh degan doimiy tahlika markazidan qutuladi va Andijon voqealari unutiladi hamda inqilob xavfi oradan ko’tariladi. Shuning uchun kundaga qo’yilgan boshni qutqazishni jalloddan so’rashning foydasi yo’q. Jallodga ta’sir qila oladigan qozi yoki hukmdordan so’rash kerak.
-Masalan..
-Masalan… siz ertalab BMT binosi yoniga borib, ochlik e’lon qiling! O’sha erdan ketmang! Suv ham ichmang! O’lib qolsangiz ham nima qilibdi, maqsad O’shdagilarni qutqazish emas-mi? Bitta sizning o’limingiz bilan shov-shuv ko’tarilsa va urush to’xtasa, joningizni bahosi, qadri ana o’sha!
Saidjon havosi chiqqan balondek bo’lib qoldi׃
-O’zim ham shunday deb o’yladim. Lekin Amerikani bilasiz-ku…ishdan javob ololmadim. Buning ustiga oliygohda yozgi kurslarni olmoqdaman. Pulini to’lab qo’yganman. Bormasam, kreditsiz qolaman..
-Ana ko’rdingizmi, hammaning ham bahonasi bor. Jumladan, Karimovning ham. Gapga qolganda katta gapiramiz, amalga kelganda hammamiz boshqalarni qo’zg’atishni istaymiz.
-Ammo bahona degan gapingiz menga alam qildi, aka! Meni qo’rqoq deb o’ylayapsizmi? Shu paytda qirg’izning beshikdagi bolasini ham chavaqlab tashlashim mumkin…
-Bu endi qo’rqoqlikning kulminatsiyasi… Qirg’izning beshikdagi ojizgina bolasida nima ayb?
-U ham katta bo’lsa ana ular kabi o’zbekning uyiga o’t qo’yadi, qizini zo’rlaydi… Kerak bo’lsa chol-kampirlarini ham chavaqlayman!
-Bu ham qo’rqoqlik! Bu qo’rqoq kishining qotilligi bo’ladi. Ularda nima ayb?
-Ular qotillarni tarbiyalaganlar!
-Agar siz ularni chavaqlasangiz, demak unda o’z ota-onangiz va o’z bolangizni ham chavaqlash uchun fatvo bergan bo’lasiz-ku!
-Nimalar deyapsiz o’zi?
-O’zingiz “Qirg’izning chol-kampirlari qotilni tarbiyaladilar” dedingiz. Ularni chavaqlasangiz siz ham qotil bo’lasiz va sizni tarbiyalagan ota-onangizga ham hukm o’qigan bo’lasiz. Ular ham qotilni tarbiyalagan bo’lib chiqadilar va sizning mantig’ingiz bo’yicha kimdir ularni ham chavaqlayman, deydi.
-Aka, tushinib turib mening asabimga o’ynayapsizmi? Mening harakatim qotillik emas, qasos bo’ladi.
-Qasos! Qasos olish adolatga, qonun idoralariga berilgan.
-Agar qotil ularning o’zi bo’lishsa-chi?
-Siz shu paytga qadar ularni o’ldiraman, deb bir marta ham aytmadingiz. Siz beshikdagi bola, chol kampirni gapirdingiz. Mirshabu harbiylardan so’z ochish xayolingizga ham kelmadi..
-Kerak bo’lsa ularni ham chavaqlayman!
-Kesak bilan tankning qarshisiga chiqasiz-mi? Musht bilan miltiqni urasiz-mi?
-Uf! Ayting bo’lmasa, nima qilay axir?
-O’zingizni bosib oling va aqlni ishga soling. Qo’lingizdan aniq keladigan nima ish bor? Shuni qiling!
-Mening qo’limdan keladigan ish bilan u erdagi odamlarning hayotini saqlab qolishning iloji yo’q!
-Iloji bor. Hamma ham sizga o’xshab hovliqmasdan qo’lidan kelgan ishni qilsa, odamlarning hayotini saqab qolishi mumkin. Masalan, men hozirdanoq xalqaro tergovni talab qilayapman. Bunday talab qilish hammaning qo’lidan keladi. Agar bugunning o’zida millionlab insonlar shuni talab qilsalar, xalqaro tashkilotlar ham ularga qo’shiladilar. Qatliomning boshida turganlar darhol cho’chib qoladilar.
-Bo’lmasa, men O’tinboevani Xalqaro sudga beraman. Ayting, ishni nimadan boshlayin!
-Buning uchun O’tinboevani ko’ndirishingiz kerak. U Xalqaro sud haqidagi Rim bitimiga imzo otishi kerak…
-Sizga nima desam, o’sha fikrimni o’ldirishga urinasiz. Bu ham qotillik emasmi?
-Balki! Begunoh insonlarning qotili bo’lguncha, behuda gaplarning qotili bo’lgan yaxshi. Lekin kechikayapmiz. Bizning qo’limizdan keladigan ishlar bor. Darhol kirishmasak, bugun bir soatda qilinadigan ish ertaga o’n soatda ham bitmaydi. To’g’ri yo’lni tanlay olmas ekanmiz, qaerdadir odamlar o’laveradi, uylar yonaveradi…
MUXTASAR MA’LUMOT
O’shlik o’zbeklardan xorijga chiqarilgan telefon xatlari
SOS…SOS…“Jon aka-uka birodarlar! Ahvolimiz og’ir! Hech bo’lmaganda qurol-aslaha bilan yordam beringlar! Ko’chalarda otishmoqda! Uylarda qamalib qolsak, uylarda otishmoqda, uy-puy bilan birga qo’shib yoqib yuborishmoqda. Tiriklayin yonayotgan millatdoshingiz haqqi bizga yordam bering!”
“Bu qirg’indi boshida Mudofaa vaziri M. Isoqov va mahalliy hokimiyat idoralari rahbarlari turishibdi. Agar xalqaro kuch kirmasa tamom bo’lamiz.”
“Komendantlik soati bahonasida o’zbeklar qirilmoqda. Jar solinglar dunyoga!
“Qorabog’da urush bo’lganda dunyo armanilari maxsus batalion tuzib yuborgan ekan va shu zayl ular g’alaba qilgan ekanlar. Sizlarda ozgina g’urur bo’lsa, fuqaro kiyimida bo’lsa ham yordamga keling, pulingiz bo’lsa, qurol topiladi. Bu erda haqiqiyy urish ketmoqda. Qirilib ketmoqdamiz.”
“O’zbek qizlarini navbatga qo’yib zo’rlashmoqda. Machitlarga o’t qo’yishmoqda. Uylar kulga aylanmoqda. Yigitlar qonga belanmoqda. Harbiy kiyimdagi qirg’izlar bizni o’ldirmoqda. Siz nega qarab turibsiz? “
“Mana endi Bishkek va boshqa tomonlardan yana kirib kelishmoqda. O’zganda ham ahvol chatoq. Odamlar hatto mayitlarni ko’molmay qoldilar. ”
“Cheryomushki, Majnuntol, Mirzaolim, Furqat, Kalinin kolxozi, O’sh kuchasi, Qorasuv ko’chasi, Kalinin ko’chasi, Qizil askar, Beshkapa, Yoshlar, Masaliev ko’chasi, Lenin ko’chasi, Kurmanjon Datka ko’chasi, Qirq arik, Stalin, Narimon, Turon mikrorayoni -1 adr, 9 adr, Amur Temur mikrorayoni -10 adr va boshqa o’nlab kuchalardagi uylar va ob’ektlar, Cho’lpon, Tolstoy, Hamza nomli o’zbek maktablari yonib kul bo’lmoqda”.
(DAVOMI BOR)
Aziz o’quvchi, Siz ham bu kitob yozilishiga hissa qo’shishingiz, taklif kiritishingiz va kitobga O’sh, Jalolobod bilan bog’liq o’z hikoyangizni asl nomingiz yoki istasangiz taxallus bilan kiritishingiz mumkin. Maktubingizni quyidagi adresga yuboring׃
Filed under: Qiyomat kuni |