Jahongir Muhammad: Ko’rinmas odam

Yoki O’zbekiston taqdirini hal qilib yurgan ZELEMXON HAYDAROV kim?

Devonda ishlovchilarning guvohnomlarini ham Zelemxon Haydarov tasdiqlardi

Yaqinda taniqli shoir Yodgor Obid bilan gaplasharkanmiz, u kishi Zelemxon Haydarov haqida so’rab qoldilar. Bilganlarimni aytib berdim. Yodgor akaning “Yozib qo’yish kerak” deganlari ushbu maqolaga turtki bo’ldi.

Darhaqiqat, keyingi paytlarda “Zelemxon Haydarov kim?” deb so’rayotganlar ko’paymoqda. Chunki O’zbekiston mustaqil bo’libdiki, davlatning bu ikkinchi odami haqida biror joyda batafsil bir narsa yozilmagan va biror joyda suratini ham ko’rmaysiz. Vaholanki, butun dunyoda prezident ma’muriyati rahbari xalqqa keng tanilgan odam bo’ladi. O’zbekistonda bunday lavozim O’zbekiston prezidenti Devonining Ishlar boshqarmasi deyiladi.

Demak, bu odam haqida kim nima bilsa yozishi kerak va shundagina qatralardan daryo hosil bo’lgani kabi keyingi yigirma yillik tariximizning sirli sahifasi ham o’qiladigan bo’ladi.

O’zbekiston prezidenti Devonining Ishlar boshqarmasi mustaqillikning ilk yillarida asosan xo’jalik ishlari bilan shug’ullanar va uning rahbari dehqoncha qilib aytganda “zavxoz” edi. Tabiiyki, har qanday xo’jalikda “zavxoz” bo’lib u doim rahbarning o’ng qo’li hisoblangan.

Islom Karimov 1990 yilda O’zbekiston Oliy Kengashi tomonidan prezident etib saylangach, o’zi rahbari bo’lgan Kommunistik Partiya binosini darhol ikkiga ajratdi.

O’rtasi qo’shilgan binoning bir bo’lagi Prezident devoni va ikkinchi qismi Kompartiya qarorgohiga aylantirildi. Zelemxon Haydarov ikkinchi binoda ishlardi. Karimov Devonga o’zi bilan birga uni ham olib keldi. Devonning gilamlaridan tortib, eshiklarigacha hammasini uning o’zi boshida turib yangilatdi.

U ayni paytda hatto prezidentning xotini ham uddalay olmaydigan ishlarni bajarardi. Karimovning yegulik ovqatini ta’minlash bilan birga “ellik gramm”ini ham quyib turardi. Karimovning qaysi ovqatni yoqtirishi va qanday ichimlik ichishini va qaysi paytda ichishini xotinidan ko’ra u yaxshiroq bilardi. Chunki bir ishora bilan muzlatgichdan Karimov istagan narsani olib, stolga qo’yardi.

Chet ellarga borganda va chet elliklar kelganda qilinadigan hadyalardan tortib, prezidentning jamiki xarajatlarigacha uning bo’ynida edi. Bir so’z bilan u prezidentning ko’zi, cho’ntagi, qo’li, oyog’i va hatto tili vazifasini ham bajarardi.

Islom Karimov kabi murakkab va injiq odamga bunday xizmat qilish uncha-buncha odamning qo’lidan kelmasdi. Zelemxon Haydarov bu borada tug’ma qobiliyatga ega odam. “Prezident uxlaydi, lekin u uxlamaydi”, deyisharadi uning haqida gap ochilsa. Haqiqatdan ham, u butun hayotini Karimov uchun sarfladi, desa xato bo’lmaydi.

Men Zelemxon Haydarovni ilk bor ko’rganimda uni chin dildan hurmat qilib qolganman. Unda kommunistik partiya rahbarlariga xos to’ralik yo’q edi. Juda xushmuomala. Ko’rinishidan ham sovuq emas, mehrli odam. Har qanday kishining dilini ikki og’iz shirin so’z bilan rom eta oladigan san’ati bor. Prezident yonida turganda doim jiddiy qiyofada, o’zi boshqa odam bilan gaplashganda yuzidan nur yog’ilardi. U artistlik qilmasdi. U rol o’ynamasdi. U shunday tug’ilgan va tabiiy ravishda kuchli mahorat sohibidir. Uning dilidan o’tganini hech kim, hatto uning piri Islom Karimov ham hech qachon uqiy olmagan bo’lsa kerak. Agar uqiy olganda qachonlardir ularning yo’llari ajralib ketardi.

Zelemxon aka Oloy bozorining orqasida, hukumatning uyida “Qishloq hayoti” gazetasining Bosh muharriri Ahmadjon Muxtorov bilan ayni qavatda turardi. Eshiklari bir-biriga qarshi edi. Men Ahmadjon akaning uyiga ming martalab borganman, ammo u erda Zelemxon akani bir marta ham uchratganim yo’q. Lekin Oliy Kengashda, prezident devonida ishlaganimda uni har kun ko’rardim. U doim ishda edi. U kasal bo’lmasdi. U ta’tilga bormasdi. U toza havo olishga chiqmasdi.

U mendan roppa-rosa 10 yoshga katta. Bo’yi ham mendan ikki kalla baland desam yanglishmayman. Balki bugun yoshi  yetmishga yaqinlashib, bo’yi ham ancha tortilgan bo’lishi mumkin.

U biror ishni mustaqil bajarmas edi.
-Menga yordamchi kerak edi,-dedim bir kuni unga.
-Islom akadan so’raylik,-dedi.
“So’rang” demasdi. So’raganimizdan keyin, oradan besh daqiqa o’tmasdan u bir qizni boshlab keldi׃
-Bu sizning kotibangiz. Sektorga xodimlikka esa o’zingiz biror kishini topsangiz, darhol ishga olamiz,-dedi.

U hatto juda kichik narsalarni ham mustaqil ravishda hal qilmasdi. Ish boshlaganimning ikkinchi yo uchinchi kuni u menga “Prezident uyiga ketguniga qadar hamma kutib o’tirishi kerakligi”ni juda yumshoqlik bilan anglatdi.
-Unday bo’lsa, xonaga televizor kerak, axborotlarni shu yerda ko’ramiz,-desam,
-Jonim bilan, Islom akadan so’raylik,-dedi yana.

Islom akadan so’raganidan keyin, televizorni o’zi ko’tarib kelib qoldi. Uning kattamanlik kompleksi yo’q edi.

Ish boshlagan haftamning oxirgi kuni-Juma kuni navbatchi mashinani chaqirib, Oloy bozori yonida tushib qoldim. Bozorning shunday yonginasida yashayman, qolaversa, o’sha kuni bolalarni olib, Samarqandga ketmoqchi edim. Yo’lga u-bu xarid qilib, uyga o’tdim.

Dushanba kuni Samarqanddan qaytib kelsam, xonamga Zelemxon aka kirib keldi׃
-Mana buni kennoyimga berasiz, ro’zg’orga nima kerak bo’lsa shunga yozadilar, shofer olib keladi, yoki mana bu raqamga telefon qilib aytib qo’ysalar olib borib berishadi,- u shunday deb maxsus chop etilgan buyurtmalar varaqalari to’plamini uzatdi.
Men hazillashib׃
-Buni Islom akadan so’ramaymizmi?-dedim.
Zelemxon aka jilmaydida׃
-Biladilar,-dedi.- Shanba kuni sizni so’ragan ekanlar, Kraynov ko’p qidirdi, ammo. Darvoqe, viloyatlarga borsangiz oblispolkomga (hali hokimliklar tuzilmagan edi-J.M.) telefon qilib qo’ying. Sizni kutib olishadi, mashina bilan ta’minlashadi. Faqat boradigan joyingizni bizga bir og’iz bildirib qo’ysangiz, bas. Qidirganlarida qiynalib qolmasligimiz uchun… Ha, garajdan mashina chaqirishda ham sizni boshqa ro’yxatga oldik. Istagan paytingizda xizmat mashinasi kutib turadi…

“Rahmat” aytdimu lekin bunchalik g’amxo’rlik ko’rsatila boshlanganidan hayron bo’ldim. Keyinchalik tushundim. Demak, shoferdan qaerda tushib qolganimni ham bilishgan. “Nega Devondagi do’kondan mahsulot olmadi?” yoki “Nega bozorga tushdi?” deb tahlil qilib ko’rishgan bo’lishlari mumkin. Buning ustiga bu erda shanba-yakshanba degan gaplar ham yo’q ekan. Shuning uchun bular meni deb gap eshitishgan.

Shunga qaramay Zelemxon aka bu qadar yumshoq edi. Balki meni hamma tomonlama “temir iz”ga solib qo’yish haqida topshiriq bo’lgan. Aks taqdirda televizorni “Islom akadan so’raylik” deydigan Zelemxon aka bunchalik mustaqil ish tutmagan bo’lardi-da.

O’shanda ham uning qo’lida ko’p odam, ko’p narsa va ko’p vakolat bor edi. Masalan, “Sharq” matbuot kontserni kabi bir qancha tashkilotlar bevosita unga bo’ysunardi. Yana prezident oilasi uchun Devonga yaqin joyda qurilayotgan uch qavatli binodan tortib, Devonning sohil tomonida qo’shimcha qurilishga qadar, hammasiga u rahbar edi. Shunga qaramay u o’zini rahbar kabi tutmasdi.

U bilan ko’p suhbat qurganmiz. U dilbar suhbatdosh. Kimga qanday muomala qilishni va kimning dilini qanday olishni bilardi. Kamtarlik bobida unga teng keladigan odamni haliga qadar ko’rmadim. Lekin davlat tepasidagilarning deyarli hammasi undan buyruq olardi. Hatto Ismoil Jo’rabekov ham uning og’ziga qarab turganiga bir necha marta guvoh bo’lganman.

U Islom Karimovni o’zini bilganday biladi. Unga qachon, qanday gapni gapirish va qachon undan nimani undirishni “mixlab” tashlaydi. Bugun O’zbekiston rahbariyati tizimida 1990 yillardan beri ishlab kelayotganlarning hammasi uning kadrlari. Ular ma’lum bir muddat ishlagandan keyin Karimov ularni chetlatgan. Shunday kezda ular Zelemxon Haydarov yoniga keladilar.
-To’nni elkaga tashlab besh-olti oy oradan g’oyib bo’ling,-deydi u.
Besh olti oydan keyin ayni gapni Islom Karimovdan eshitasiz׃
-Bu odamni ishdan haydagandik. Lekin to’nni yelkasiga tashlab ketdi. Olti oy orada ko’rinmadi. U mansab deb o’lgan emas. Mayda gap ham qilmadi. Bizga sodiq ekan. Unga endi mana bu ishni topshiramiz…

Bu gaplar Zelemxon Haydarovning gaplari va u qaysi paytda buni Islom Karimovning xotirasiga yozib qo’ydi buni faqat uning o’zi biladi.

Shavkat Mirziyoev bir necha marta “ishdan urildi” degan gaplarni eshitgansiz, o’qigansiz. Lekin u mana bugun ham Bosh vazir lavozimida qolmoqda. Uni qutqarib, asrab yurgan Zelemxon Haydarovdir.

Zelemxon Haydarov asli sirdaryolik. Shavkat Mirziyoev Zomindan. Ular qachon tanishganlarini bilmayman. Shavkat Mirziyoevni talabalik yillaridan taniyman. Uning bir yaqini bilan birga o’qiganmiz va birga ijarada turganmiz. O’sha kezlar Zominga to’y-ma’rakalarga borib, bir necha kunlab qolib ketardik. Keyin u bilan Oliy Kengashda birga ishladik. Oliy kengashda Prezident saylangan kun u sanoq komissiyasi-mandat komissiyasi raisi vazifasini bajargandi. Vaqt o’tishi bilan uni tez-tez Zelemxon Haydarovning xonasiga kirayotgani yoki chiqayotganida ko’rib qolardim. Hammani eshik yoniga qadar kuzatib chiqadigan Zelemxon Haydarov unga o’z ukasidek muomala qilardi.

Balki Islom Karimov unga shunday muomala qilishni topshirgan bo’lishi ham mumkin. Lekin Islom Karimovning xotirasiga Mirziyoevga shunday muomala qilish haqida ko’rsatama berishni Zelemxon Haydarovning o’zi “bitgan”, desam yanglishmasam kerak.

Zelemxon Haydarov Karimovga xiyonat qilmaydi. To’g’rirog’i xiyonat qilishim mumkin emas deb biladi. Lekin u istasa Karimov bir kechada Turkmanboshi kabi olamdan o’tib qolishi mumkin. Bu istak unda qachon paydo bo’ladi, buni bilish mumkin emas. Umuman paydo bo’larmikan? Chunki u Karimovga sodiq va Karimov unga sodiq. U Mirziyoevga sodiq va… Mirziyoev unga sodiq bo’ladimi, yo’qmi? Bu dargumon.

Rahmatli Ahmadjon Muxtorov “Zelemxon mening eng yaqin do’stim” derdi. Lekin Ahmadjon aka ishdan olinib, bir necha yillar ishsiz qolib, insult kechirib, olamdan o’tib ketdi.

Adib Mamadali Mahmudov (Evril Turon) Zelemxon Haydarov bilan juda yaqin edi. Qariyb yigirma yildirki qamoqda.

Sobiq xalq deputati Samandar Qo’qonov ham Zelemxon Haydarov bilan yaqin edi. U ham qariyb 20 yildirki,qamoqda va bu ro’yxatni uzoq davom ettirish mumkin.

Zelemxon Haydarov yo bu kabi insonlar uchun oraga kirmagan yoki bu odamlar uning kadrlari ro’yxatiga kirmagan. Yana bilmadim, chunki uning bir og’iz gapi bilan bu odamlarning taqdiri o’zgarishi mumkin edi-da.

Zelemxon Haydarov 20 yildan beri O’zbekiston oltinlarining ham xo’jayini. Butun hisob-kitobni u qiladi. Ayni paytda prezident qo’rimasini ham Temur Alimov bilan u tuzgan va unga odam tanlagan. Qolaversa, Prezident o’z oilasida xo’jayin emas. Bu ish ham unga topshirilgan.

Islom Karimovning sobiq qudasi Abdurauf Maqsudiy bilan 2003 yilning Avgustida “Amerika Ovozi” uchun suhbat o’tkazganimda, uning mana bu so’zlarini magnit lentasiga yozib olganman׃

“MAQSUDIY׃ Uka, siz bilmaysiz, mani ikkita nevaram ularni qo’lida. Uchta qarindoshimni ular qamab olishdi. Bir kun o’tirganimda Amerikada… Zelemxon Haydarovni bilsangiz kerak, Zelemxon Haydarovdan manga telefon keldi.

J.MUHAMMAD׃ O’zbekiston prezidentining Umumiy Ishlar Boshqarmasining boshlig’i…

MAQSUDIY׃ O’ng qo’li deyiladi O’zbekistonda. U odam kuchli… Zelemxon akadan manga telefon keldi-ki, “Abdurauf aka, Islom aka va oilasi chaqirib menga buyruq berdiki, Abdurauf akaga telefon qiling, shu Mansur Gulnorani qo’ygan talablariga…” Talablarining ichida bittasi shu-ki, Mansur avlodidan kechsin. “Avlodidan kechsa, na sizlarni zavodlaringizni olamiz, na sizlarni joylaringizni olamiz, na uylaringizni olamiz, hammasini sizlarga qaytarib beramiz. Shu Mansurga ayting, shu ishga qo’l qo’ysin”. (“IAK” kitobidan).

“O’ng qo’li deyiladi O’zbekistonda. U odam kuchli…” Ha, ham kuchli, ham ko’rinmas bo’lish juda qiyin. Lekin Zelemxon Haydarov buni uddalamoqda. Tag’in 20 yildan buyon!

Bu odam oradan ketsa, Karimovning 20 yillik juda ko’p sirlari ham u bilan ketadi…

2 Iyul, 2010 yil.

%d bloggers like this: