Jahongir Muhammad: Suratlar tarixi (8)

QIRIM

Suratda׃ Mustafo Jemil o'g'li(chapda) va Jahongir Muhammad. 1995.

Suratda׃ Mustafo Jemil o’g’li(chapda) va Jahongir Muhammad. 1995.

1975 yilda “Qishloq haqiqati” gazetasida mas’ul kotib o’rinbosari edim. Ikki o’rinbosar bo’lardi. Chunki ertalabdan yarim tunga qadar, ba’zan esa keyingi sahargacha ishlash lozim edi. Shuning uchun bir kun men ishlasam, ikkinchi kun Obid aka degan kishi ishlardi. Har kuni tushdan keyin soat to’rt-besh atrofida gazetaning xomakisini Bosh muharrirga ko’rsatish lozim.

Bir kun Bosh muharririmiz Ismoil Sulaymonov mas’ul kotib Kabir Shukurov bilan odatdagidek gazetaning sarlavhalariga nazar tashlar ekan, Kabir akaga qarab:

-Sharof ota (Sharof Rashidov-J.M.) Qirim turklarining “Ildiz” degan jurnali haqida yana gap ochdilar. Umuman ularni Qashqadaryoga, Muborak atrofiga to’plab, o’sha erda ularga Avtonom joy qilib berish, jurnalni ham o’sha erda chiqarish haqida gapirdilar. Lekin ana u Mustafo Jamilov kabi yosh bolalar qarshi chiqayotgan ekan,-deb qoldi.

Shu o’rinda qisqa chekinish qilib, “Qirim” kalimasi “Qrim” tarzida ham birdek ishlatilishini aytmoqchiman. Bu so’zning etimologiyasi qir(tepalik) so’zidan kelgani va shu xalqning o’zi “Qirim” shaklida yozayotganini inobatga olib, men ham ayni yo’lni tanladim. Vaholanki, ilgarilari “Qrim” sifatida ham ko’p yozganman.

Endi yana mavzuga qaytsak. O’shanda yosh yigitman va yuqoridagi suhbat darrov diqqatimni tortdi. Xayolimda minglab savollar aylana bashladi. Ko’p o’tmay gazetalarda tepadan tayyorlanib yuborilgan salbiy maqolalar paydo bo’ldi. Ularda Oysha Seytmuratova, Mustafo Jamilov nomi ham tilga olinardi.

Bosh muharririmiz “ana u” deganda barmog’ini pastga bigiz qilib, Lenin muzeyi tomonni ko’rsatdi. Bir kun oldin Qirim tatar yoshlari shu erga kelib namoyish qilishmoqchi bo’lishgani va ularni ushlab ketishganini eshitgandik.

Ismoil Sulaymonov yangi tashkil etilgan “Qishloq haqiqati”(keyinchalik “Qishloq hayoti” deb nomlandi-J.M.)ga “Sirdaryo haqiqati” viloyat gazetasining bosh muharrirligidan olib kelingan edi. Kabir Shukurov ham u bilan birga kelgan. Kabir aka ko’ngli ochiq, dangal gapiruvchi, mard inson edi.

Men hali endi 19-20 yoshda bo’lganim va talaba ekanligim uchun ham u menga haqiqiy rahnamolik, ustozlik qilgan.

O’sha kezda dunyoning hamma voqealari mening ham voqealarim kabi edi. Qirim tatarlarining taqdiri haqida qiziqishim va o’rganishimga, bu ham mening voqealarimdan biriga aylanishiga ana shu ikki kishining muxtasargina suhbati sabab bo’lgan.

1990 yilda O’zbekiston Xalq deputati sifatida Qirim tatarlarining muammolari bilan ham shug’ullanganman. Chunki mening saylov okrugimda Mesxet turklari kabi Qirim tatarlari ham yashardilar va ularga Ukrainaga ko’chishlarida yordam qilaman, deb so’z bergandim.

Oliy Majlisning ikkinchi sessiyasida O’zbekiston hukumati bu ezilgan xalqni azaliy vataniga ko’chish mablag’i bilan ta’minlashi masalasini ko’targanimda Islom Karimov chaqirib׃
-Bu bizning emas, Ukrainaning muammosi. Ular bu ishni paysalga solayatilar,-dedi.

Biz bu masalada ancha gaplashdik va u Ukraina prezidenti Leonid Kravchukga telefon qilishini aytdi. Oradan ko’p o’tmay Ukraina bilan hamkorlik Bitimi imzolanishi oldidan Prezidentning Milliy masalalar bo’yicha maslahatchisi Shoxobiddin Ziyomov bilan Kievga bordik. U erda ham ayni masala kun tartibiga keldi. Ukraina tomoni O’zbekiston ham yordam berishi lozimligi masalasini Bitimga kiritish haqida talab qo’ydi. Ziyomov Karimovga telefon qildi. Karimov “Rozi bo’laveringlar, qog’ozda qolib ketadi, baribir”, dedi.

Lekin bu masala Bitimga kirgandan keyin ba’zi imtiyozlar bo’ldi. Men O’zbekistondan ketgandan so’ng Bitim qanday ishlagani haqida xabarim bo’lmadi.

Ammo Turkiyada turib “Erk” gazetasini nashr etganimizda mana bu maqolani yozgandim׃

“QIRIM KIMNIKI?

Keyingi vaqtda rus va G’arb matbuotida “Qirim kimniki?” degan mavzu asosiy o’rin egallab qoldi. Bir tarafdan Rusiyaning ko’zga ko’ringan arboblaridan tortib, oddiy bir fuqarosigacha “Qirim bizniki” desa, ikkinchi tarafdan, Qirim prezidenti etib saylangan Mashkov boshchiligidagi guruhlar “Qirim Rusiyaniki” demoqdalar. Uchinchi bir tarafda ukrainaliklar “Yo’q, Qirim bizniki, uni hech kimga bermaymiz”, demoqdalar.

Qirimning haqiqiy egalariga esa, hech kim quloq solmayati. Xo’sh, aslida Qirim kimniki, uning haqiqiy egalari kimlar?

Qoradengiz shimolida joylashgan Qirim 27 ming kvadrat kilometr sahnda bo’lsada, jug’rofiy, geopolitik muhim joydadir. Shu sababdan uning “oshiq”lari ko’p. Ikki yarim milliondan ziyod aholi yashaydigan bu o’lka 350 yil davomida Usmonli davlatining bir bo’lagi edi. Unga qadar ham bu erning tub aholisini tatarlar, ya’ni turklar tashkil qilardi. Bu zaminda 1500 yildan beri turklar yashab kelishganini isbotlovchi qo’lyozmalar, tarixiy asarlar, arxeologik dalillar mavjud.

1783 yilda chor Rusiyasi tomonidan bosib olingan Qirimda birin-ketin ruslar paydo bo’la boshladilar. Lekin 1921 yilda Qirim Muxtor Jumhuriyati e’lon qilingach, bu go’zal o’lkaga oqib keluvchilar ko’paydi. 1946 yil 25 aprelda zolim Stalin Muxtor Jumhuriyatini tugatib, uni Rusiyaning bir viloyatiga aylantirdi. Bu erda slavyanlar – rus, ukrain, belorus ko’chmanchilari erlashtirila boshlandi.

Bunga qadar, ya’ni 1944 yilning 18 mayida Stalin amri bilan bir kechada Qirim tatarlar hayvonlar uchun mo’ljallangan vagonlarga chiqarilib, o’z yurtlaridan badarg’a etildilar. Sibir va O’rta Osiyoga sochib yuborilgan bu xalqning katta bir qismi – chol-kampirlar, bola-chaqalar yo’llarda sarson-sargardonchilikda yo’qoldilar. Bu planli ravishda bir millatni qirg’inga duchor qilish edi.

Ammo engilmas, jasoratli xalq o’zligini yo’qotmadi. 1950 yildanoq o’z haq-huquqlarini tiklash uchun mujodalaga, kurashga kirdi. Bu kurash Vatan va millat taqdiri uchun muqaddas jang kurashi edi. Sud-so’roqlar, tergov-qamoqlar kurashchilarning yo’liga to’siq bo’lolmadi.

1954 yilda Xrushchev Kommunistik Partiya Markaziy komiteti qarori bilan Qirimni Ukrainaga berdi. Shu bilan kurashchilarning umidlarini uzishmoqchi bo’lishdi. Ammo sovetlar birligining turli erlariga surgun qilingan Qirim tatarlar qahramonlarcha birlashib boraverdilar.

Nihoyat, 1967 yil 5 iyulda Sovet hukumati Qirim tatarlariga nisbatan haqsizlik bo’lganini tan oldi. Sovet imperiyasi zamonida millat va vatan taqdiri uchun kurashib g’olib chiqqanlar bo’lsa – bu Qirim turklaridir!

Shundan so’ng ular shirin hayot, koshona uy-joy, huzur-halovatdan bir qarich erni afzal ko’rib, o’z vataniga ko’chib kela boshladilar. Boshpanasiz, och-nahor bo’lsa-da ota makonda, bobolari tin olayotgan zaminda yashashni ustun ko’rdilar. Bu turk xalqining o’z tarixiga munosabatining eng yorqin timsolidan biridir.

Ularga na uy-joy, na qurilish uchun er, na yashash uchun ruxsat berildi. Ammo bu ularning oqimini to’xtatib qololmadi.

O’zbekistonda 1966 yildan boshlab Moskov korchalonlari Qirim tatar kurashchilari ustidan o’tkazgan sudlar hali ko’pchilikning yodida. O’sha kezlari bu xalqning yo’lboshchisi Mustafo Jamilov – Mustafo Abduljamil Qirimo’g’lini sotqin, xoin deb e’lon qilishdi. Vatan va millat uchun kurashib u “sotqin”, “xoin” nomini olishni sharaf deb bildi va adashmadi. Chunki mustamlakachining bahosi uchun emas, xalqning dahosi uchun yashayotganiga, kurashayotganiga inonardi. Olti marta qamalib, surgunlarga duchor qilingan Mustafo Abduljamil etti oylik chog’ida Qirimdan uloqtirilgan bo’lsa, oradan 45 yil kechib, 1989 yilda o’z ota makoniga qaytdi.

“Biz O’zbekistonda yaxshi yashardik, -deydi Mustafo Abdujamil – O’zbekiston ham bizning Vatanimiz. Zero, Qirimdan kecha olmaymiz. Turklar yashagan har bir qarich er bizga Vatan, zero Qirim ham Vatan”.

1991 yilda Qirim turklari milliy kurash harakatining bosh yig’ini bo’ldi. Unda rasman “Qirim tatar Milliy harakati tashkiloti” tuzilgani e’lon qilindi. Mustafo Abdujamil Qirimo’g’li uning raisi bo’ldi va ular o’z oldilariga to’rtta masala qo’ydilar.

Bular – Qirim turklarining milliy va insoniy haq-huquqlari tan olinishi, bu xalqning e’tibori ochiq shaklda e’tirof qilinishi, Vatanlariga to’pli shaklda ko’chib kelish, erlashishiga erishish, milliy va ma’naviy madaniyatlarini har tomonlama tiklash uchun shart-sharoit yaratilishi, o’z jumhuriyatlarini tiklash uchun kurash edi.

Bugun qariyib 400 ming Qirim tatari o’z eriga qaytdi. “Qirim tatar milliy majlisi” tashkil etildi.

1994 yilning 18 mayida Vatanlaridan surgun qilinganlarining 50 yilligi munosabati bilan siyosiy tadbirlar o’tkazishga tayyorgarlik ko’rilmoqda.

Mana, Qirim kimniki? Stalin kabi jallodlar, Sovetlar birligi kabi imperiya qarshisida chekinmagan bu xalq bugungi “shovvoz”lardan cho’chirmidi? Albatta yo’q!

Shunday ekan, “Qirim kimniki?” degan savolning yagona javobi bor: Qirim qahramon, kurashchi xalqnikidir! Qirim Qirim tatarlari – Qirim turklarinikidir! (“Erk” gazetasi 3(98), 1994 yil, 16 fevral).

Mustafo og’aga bu maqolani “Turkiya” gazetasida men bilan birga ishlagan kamoli ehtiromga sohib bo’lgan do’stim Kamol Chapraz bergan ekan. U maqolani o’qib, men bilan uchrashishni istabdi. O’shanda rosa suhbatlashib, turklarning taqdiri bunchalik murakkab kechgani haqida hasratlashganmiz. Bu surat o’sha uchrashuvdan xotiradir.

Mana bu she’rni esa 1996 yilda yozgandim va “Samarqandni sog’inib” kitobimga kirgan׃

Kokilingni taray-taray
Qorayadi Qoradengiz,
Sohilingga qaray-qaray
Torayadi kecha-kunduz
Qirim bag’ring toshmidi-yo,
Ko’ngling to’la yoshmidi-yo?!

Qoyalaring kuya-kuya
Qaro bo’lib qoldilar.
Sevganlaring suya-suya
Yaro bo’lib qoldilar.
Qirim bag’ring toshmidi-yo,
Dengiz suvmas- yoshmidi-yo?!

Oyog’imga boshin qo’ygan
To’lqin-sog’inch yallasi.
Senga qarab ko’zin o’ygan
Momo-hasrat allasi.
Qirim bag’ring toshmidi-yo,
Tosh ko’targan doshmidi-yo?!

Osmoningda bo’zlay-bo’zlay
Oqqushlar qaytib ketdi.
Qulog’ingga so’zlay-so’zlay
El dardin aytib ketdi.
Qirim bag’ring toshmidi-yo,
Shart kesilgan boshmidi-yo?!
Istanbul, 1996.


UCHIB KETGAN BURGUTLAR

Suratda: O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan artist, hofiz Rustam Hojimamadov va Jahongir Muhammad

Uchqichlar, poezdlar, avtobuslar to’lib ketaveradi, bo’shab qaytaveradi… Bu o’zbekning kundalik hayotidagi doimiy manzaraga aylanib qolmoqda. Ketganlar qaytmaydi. Dunyoning turli burchaklarida o’zbek mahallalari paydo bo’lmoqda. Bir paytlar ko’chmanchilikdan o’troqqa aylangan xalq bugun yana ko’chmanchilikka qaytmoqda. Ixtiyoriy emas, albatta.
2010 yilning sakkizinchi mart bayrami arafasida Nyu Yorkda ikkita to’y bo’ldi. Biri shanba, ikkinchisi yakshanba oqshomida. Borayotib bu shaharda yashaydigan tanishlarga telefon qildim. Agar to’ydan xabarlari bo’lsa ko’rishamiz demoqchi bo’ldim. Javoblar turlicha׃
“Biz do’stlar bilan to’planib parkka chiqdik. Shashlik pishib qoldi..”
“Biz xotin-qizlar kuni oldidan restoranga to’plandik. Keling, bizga qo’shiling, Ayollar bahona, bayram g’animat!”
”Tabriklang, o’g’ilchalik bo’ldik. Mana uchinchi farzandimiz ham tug’ildi bu erda!
Xullas, kimga sim qoqmayin qaerdadir bayram qilishmoqda yoki bayramga yo’l olishmoqda. Uzoq davom etgan og’ir qishdan keyin havo birdan isib qolgani uchun ham hamma o’zini har tomonga urgan.
Tanishlarimdan faqat bittasi bitta to’y haqida xabardor ekan. To’ylardan biri mamlakatdan “yashil kard” yutib kelganlarning nikoh kechasi. Boshqacha aytganda yangi amerikaliklarning to’yi.
Ikkinchisi, AQShga besh-olti yil oldin kelgan va bugun Nyu Yorkda o’zining mustaqil ishiga ega bo’lgan va oyoqqa turib olgan Akmal ismli ukamizning to’yi edi. U O’zbekistondan ikki yil oldin kelgan qizga uylandi.
Har ikkala to’yda ham restoran o’zbeklar bilan to’la. O’zimni xuddi O’zbekistonga borib qolgandek his qildim. Ayniqsa, Akmaljonnning to’yida to’lqinlanmay iloj yo’q edi. Restoranni O’zbekistonda xizat ko’rsatgan artist-hofiz Rustam Hojimamadovning favqulodda kuchli ovozi titratmoqda edi. Uning Navoiy, Bobur, Zebuniso so’zlari bilan aytiladigan mumtoz qo’shiqlari nafaqat butun restoranni balki qalblarni ham larzaga solmoqda edi.
Ovozining sirli ohangi bilan allaqachon Nyu York restoranlarining doimiy xonandasiga aylangan hofizni bu erda Rustam Samarqandiy deyishar ekan.
Dunyoning torligiga qarang. Rustam yonimizga kelib o’tirdi va׃
-Siz bilan qo’shni edik,-dedi .
-Taniy olmadim.
-1985-1986 yillarda Samarqandning So’g’diyona massivida yashagandingiz…
-Ha..
-Biz domda qo’y boqardik!
Endi esladim. Chunki bu favqulodda hodisa edi-da! Ular bizning qarshimizdagi domda yashashar va kvartiralarining orqasini fermaga aylantirib olishgandi. Ana shu kichik fermada yuradigan yigitcha yodimga tushdi. Qarang, u O’zbekistonda tanilib, ikki yildan beri Nyu Yorkda mashhur hofiz Abram Tolmasovlar bilan birga kontsertlar berar ekan. AQShda qo’shiqchining kimligini restoranlar belgilaydi. Shu erda tongga qadar tinmay jonli ayta olgan va hurmat qozongan qo’shiqchini haqiqiy san’atkor deyishadi.
Bundan bir necha yillar oldin yozganlarimda “Biz hayotimiz tahlikaga tushgani uchun vatandan ketdik, siz vatanni tashlab ketmang”, deb bot-bot takrorlardim. Keyinchalik qarasam yuzlar, minglar, millionlarning hayoti tahlika bilan yuzma-yuz bo’lib qoldi. Endi “Imkoningiz bo’lsa ketish kerak, sizning ham yaxshi yashashga haqqingiz bor” deb yoza boshladim. Vaqt va sharoit mening qarashlarimni ham o’zgartirib yubordi.
Mana endi ikki to’y bahonasida O’zbekiston qanchalik g’ariblashib qolganini, bolalarini kutayotgan mushtipar onadek yolg’izanib turganini his qildim.
Akmaljonning to’yida sobiq davlat arboblari, sobiq deputatlar, taniqli olimlar va O’zbekistonga qo’l-oyoq bo’la oladigan ko’plab aqli rasolarni ko’rdim. Nahotki, O’zbekiston shuncha boyliklaridan ayrildi?
Bu vaqtincha deb meni ham, o’zingizni ham ovutmang. Men mana qariyb 20 yildirki o’zimni ovutaman. Lekin 20 yil oldin ham.. bugun ham “Ketganlar qaytmaydi” degan gapim yurak ostiga botib turadi.
Mana o’zbekistonliklar allaqachon Nyu Yorkda vatan solishibdi. O’zbekiston har jihati bilan bu erga ko’chgan go’yo. San’ati, taomlari, bir paytlar Buxoroda pishira olishmagan Samarqand nonlari… Hatto “O’zbegim” degan radiosi 24 soat tinmaydi. UzTVsi ham bor.
To’yni bir nechta operatorlar suratga olmoqdalar. Ulardan biri- qo’qonlik ekan. O’zini tanishtirib, biznes kartini uzatdi, Ismi Ilhomjon. UzTV (UzbekNewYorkTV)ning direktori ekan. Kameralardan birida operator Eldor degan yigit.
-Aka, bu erda o’zbek tilini jonlantirish kerak, asosiy maqsad shu,-deydi ulardan biri.
Bu yil AQSh hukumati aholini rasman ro’yxatga olmoqda. Dastlabki e’lon qilingan ma’lumotlarga ko’ra bugun ozchilikda bo’lgan muhojirlar 40 yildan keyin ko’pchilikni tashkil etishar ekan. Ular orasida tug’ilish katta.
Shuning uchun ham kelin-kuyovni qutlar ekanman, ajabmas, bir kuni o’zbekdan ham Obama singari prezidentlar chiqsa, degan fikrimni aytdim va yoshlarga modomiki bu erni ham vatan qilibsizlar, mardkorlikdan bir qadam… ikki qadam… oldinga ketib, bolalaringizga ilm bering deb iltijo qildim.
Bugun o’zingizni oyoqlar ostiga tashlab, azoblar evaziga vatanga yuborayotgan pulingiz zulmni oyoqda tutib turishga ham xizmat qilmoqda. Etar, bolalaringiz kelajagi oyoqda turishi haqida ham o’ylang!
Ketib qolgan poezdar…
Uchib ketgan uchqichlar….
Bugun bo’sh qaytmoqdalar. Agar siz bolalaringizga ilm bersangiz, ular bir kun burgut bo’lib vatanga uchib boradilar. Uchib ketgan burgutlarning uchib qaytgan burgutlari bo’lib!

NAVRO’Z
Jurnalist Dadaxon  Yoqubov bilan ijodiy hamkorligimizning  cho’qqisi 1990 yilda o’tkazilgan “Navro’z telemarafoni” bo’lgandi.
Shuni aytish kerakki, o’sha kezlarda Dadaxon  yoniga juda iste’dodli kishilarni to’plagan edi.  Masalan, rejissyorlar Meli Mahkamov va Tamara Mahkamova o’zbek telesan’atining  favqulodda talanti insonlari edilar. Meli aka juda xushmuomala, topqir, bilimli bo’lish bilan birga sodda va kishining ko’ngliga juda tez yo’la topadigan odam edi.
“Hayot quvonchlari va tashvishlari” dasturlarining ham o’q ildizi shu odam edi, desam, Dadaxon aslo xafa bo’lmasa kerak. Meli Mahkamov O’zbekiston televideniesida xalqning mehrini qozongan ko’plab asarlarga rejisserlik qilgan edilar.
Dadaxon va Meli aka bilan gaplashib telemarafonni 24 soatga mo’ljallagan edik.
Telemarafon uchun asosiy xamirturushni Samarqanddan topgandik. Ta’qiqlarga qaramay Urgutda xalq bayramni mart oyining o’rtalarida boshlab yuborardi. Bizning borishimiz bilan bu ming-minglab odam chiqqan katta saylga aylanib ketdi. Video yozuvlarni ana shu sayllar davomida tasmaga yozib oldik.
O’sha kunlari iqtidorli vrach Tahsin Hamidov Samarqanddagi Respublika bolalar markazi-shifoxonasida Oybek degan bolaning ayanchli holidan bizni xabardor etib, agar yordam qilinmasa u hayotini yo’qotishi mumkinligini aytdi.
Borib ko’rdik va dahshatga tushdik. Oybekning ahvolini so’z bilan tasvirlash mumkin emas. O’shanda videoyozuvlarimizni ko’rganlar orasida yig’lamagan inson oz bo’lsa kerak.
Keyin o’ziga o’t qo’ygan kelinchkalarni borib ko’rdik. Nogironlik aravachasi ololmagan momolar… Uylari yiqilib yotgan otaxonlar… Shu zayl voqealar bir -biriga ulanib, katta dasturning xamirturushi hozir bo’ldi. Albatta, buning texnik jihatlarini  bir nuqtaga keltirish uchun Dadaxon va Meli akalar bir necha tunlarni tongga uladilar.
Bugungi kabi o’sha  kezda ham Navro’zning do’stlari qatori dushmanlari ham bor edi.  Ayniqsa, O’zbekistonda Navro’z rasman qatag’on qilinib, o’rniga “Navbahor”  degan uydirma bayram qo’yilganiga hali ko’p bo’lmagan edi.
Navro’z telemarafoni ikki inqilobni birdan bajardi.
Birinchisi,  Navro’zni hamma joyda ochiq xalq sayliga aylantirdi. O’shanda biz bilan birga xalqimiz ham uxlamadi. Butun mamlakat saylga chiqdi.
Ikkinchisi, dasturlar avvaldan qog’ozlarda yozilib, tsenzuradan o’tgandan keyingina ekranga chiqarilishi qat’iy tartibga aylangan O’zbekistonda biz 36 soat davomida mutloq erkin gapirdik, dilimizda nima bo’lsa tilimizda ham shu edi. Tsenzurasiz ham yashash mumkinligining isboti edi bu!  Ya’ni “Xalqimiz demokratiyaga tayyor emas” deganlarning yuziga bir tarsaki tortilgandi.
Telemarafon ko’pchilikning hayotini o’zgartirib yubordi. Dadaxon, Meli akaga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan  san’at arbobi, menga O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan jurnalist unvonini olib keldi bu dastur. Telemarafonda qatnashgan boshqa ko’plab ijodkorlar ham turli unvonlarni olgandilar.
Navro’z Dadaxon  Yoqubov hayotining katta qismiga aylandi. U mazkur marafonda tushgan mablag’larni  ishga solish uchun “Navro’z” fondini ochdi va o’zi boshqardi. Juda ko’p odamlarga  yordam qildi.
-Navro’z telemarafoni mustaqillikning shamolini olib keldi,- degan edi o’zbek adiblarining yaqin do’sti, samarqandlik siyosat va davlat arbobi Toshbo’ri Qilichev o’shanda.-Biz ham o’z so’zimizni o’zimiz gapira olishimiz mumkinligini ko’rsatdi bu!
Navro’z yangi kun degani. O’shanda telemarafon zulmat ostidan chiqib kelayotgan yangi kunning nuriga aylangandi. Vaqt o’tib uyg’ongan bo’ron va dovullar bu nurni o’rab oldilar, yangi kunning osmonini bulutlar qopladi. Lekin bu abadiyatga emas. Navro’z bayramini ming yilar davomida o’ldirishga uringanlar bu ishni uddalay olmaganlari kabi yangi kunni ham o’ldira olmaydilar. Yangi kun hali qaytadi…
Bu surat o’sha kunlarda olingan.

NOVDALAR

Bu surat 1990 yilning bahorida Namangandagi saylovoldi uchrashuvlaridan birida olingan. Minbarda Dadaxon Yoqubov (chapdan birinchi) va Jahongir Muhammad (chapdan uchinchi).

Bu surat 1990 yilning bahorida Namangandagi saylovoldi uchrashuvlaridan birida olingan. Minbarda Dadaxon Yoqubov (chapdan birinchi) va Jahongir Muhammad (chapdan uchinchi).

1990 yilning 18 fevralida O’zbekiston Oliy Kengashiga saylovlar bo’lgandi. Demokratiya shamoli bor edi. Shuning uchun ikkinchi turga qolganlar yoki saylanolmaganlar o’rniga yangi nomzodlar chiqishi kabi hollar ham bo’lgan.  Men birinchi turda muqobil asosda saylangan edim. Tanishlarimdan ikkinchi turga qolganlar yoki yangi nomzod bo’lganlar birgalikda ularning saylov okruglariga borishni so’rashardi. Yangi deputatman, hammasiga ulgurish mumkin emas. Faqat 2-3 tasiga boroldim, xolos. Shulardan biri do’stim Dadaxon Yoqubov  saylanayotgan okrug edi. Uning nomzodi Namangandan ko’rsatilgandi.

Dadaxon bilan ToshDUning jurnalistika fakultetida o’qiganimizdan beri tanish edik. Biz aslida ikki dunyoning odamlari edik. Xarakter va hayot tarzimiz bilan. Lekin bizni ruhiyatdagi yaqinlik bir-birimizga tortib turardi. Oramizda qandaydir ijodiy musobaqa ham bor edi.

Dadaxon darveshsifat-samimiy yigit edi. U bir necha oylab ko’rinmay qolardi. Birdan metrodan chiqishdami yoki ko’chadami duch kelib qolardi. Nimalar qildik va nimalar qilmoqchimiz – bir-birimizga navbat bermay gapirar edik. U biroz dovdir, ammo talantli jurnalist, ko’nglida kiri yo’q inson edi. Yaxshi gapni ham, yomon gapini ham ochiq aytaverardi.

Taqdir  do’stlarni har qadamda uchrataraveradi degan gap bor. Bir kun yana ko’chada uchrashib qoldik. U televideniega ishga o’tganini aytdi. Keyin “Hayot quvonchlari va tashvishlari” degan dastur qilmoqchi ekanini gapirdi. Men uni Samarqandga taklif qildim. Dasturni ikkalamiz hozirladik. Ko’rsatilishi bilan mashhur bo’lib ketdi. Takror va takror ko’rsatildi. Boshqa viloyatlardan tayyorlanganlari ham og’izga tushdi. Ammo Qashqadaryodan tayyorlangani g’irt siyosiy bo’lgani, viloyat partiya komitetining birinchi kotibi Islom Karimov va tuman kotiblariga bag’ishlanib ketgani uchun og’izga tushmadi. Bundan Dadaxonning ham ko’ngli to’lmay yurgandi.

Men deputat bo’lib eng ko’p ovzoz olishimda esa respublika matbuotida keskin chiqishlarim qatorida “Hayot quvonchlari va tashvishlari” dasturining Samarqandga bag’ishlangan qismi katta shov-shuvlarga sabab bo’lgani ham o’ziga xos rol o’ynagandi. Shuning uchun ham Dadaxonning deputat bo’lishini chin dildan istardim. Uning taklifi bilan Namanganga borib nomzodini targ’ib qilishni burchim deb bilgandim. Uchrashuvga borgan joyimizda odamlar bizni katta hurmat va olqish bilan kutib olishardi.

Dadaxon asli andijonlik bo’lsa ham namanganliklar uni o’z farazanlaridek qabul qilib, kompartiya ko’rsatgan rasmiy nomzodni emas, uni qo’lladilar.

O’shanda Namanganga borganimizda ulamolardan birining uyiga mehmonga chaqirishdi. Hovlida bodom darxti bor ekan va shu daraxt ostida  bir keksaroq odam bilan gaplashdik. Shu odamning bir gapi esimda qolgan׃

-Men sizlarni aka-uka deb o’ylayman. Biringiz Samarqanddan, ikkinchingiz Andijondan.. Mana kelib Namanganni ulug’lab turibsizlar. Juda yoshsizlar. Kelajak oldinda. O’zbekistonimizning yigitlari ana shunday aka-uka bo’lsinlar doim! O’shanda bu vatanimiz zo’r vatan bo’ladi!

U shunday deb ushlab turgan yosh  bir novdani bilmasdan tortib yubordi. Novda qirch etib sindi. U odam o’zini noqulay sezdi. Parvo qilmagandek ichkariga kirdik.

Lekin mana oradan 20 yil o’tib ham o’sha voqeani xuddi kecha bo’lgan kabi eslab turibman. Koshki o’sha yosh novda… keyin esa minglab novdalar sinmasa edi?!

TASLIM

Urushni boshlaganlar yutqazadilar degan gap bor. Tarix bunga ko’p marotaba guvoh bo’lgan. Lekin yutqazganda ham qandaydir ahmoq liderlarning ahmoqona ambitsiyalari uchun minglab begunoh insonlarning umrlari barbod bo’lgan.

Sichqonning o’lgisi kelsa, mushuk bilan o’ynashadi. 1941 yilning 7 dekabr kuni Yaponiya AQShning Zumrad orolchasi – Pearl Harbordagi harbiy flotiga kutilmagan hujum qiladi. Bu AQShning ikkinchi jahon urushiga qo’shilishga va yapon xalqining asriy azoblariga yo’l ochgan voqeadir.

Aslida yaponlar bu hujum uchun 1941 yilning 26 noyabr kuni yo’lga chiqqanlar. Afsuski, amaliyotni mutloq sirli tayyorlagan vitse-admiral Nagumo va flot qo’mondoni Isoroku oqibatni taxmin qila olmaganlar.

Yaponlar oltita yirik korablda 441 ta bombardimonchi uchqichlar bilan amaliyotga chiqqanlar. Ishtahasi karnay bo’lgan yapon imperatori Janubiy Osiyoni bosib olmoqchi bo’lgan va buning uchun avvalo AQShning Havayidagi flotini tor-mor etish kerak degan xulosaga kelgan.

7 dekabrda AQSh askarlari uyquda ekanida kutilmgan hujum bilan yaponlar Oahu orolini olov ko’liga aylantirishgan. Pearl-Harbordagi korabl va kemalar suvga g’arq qilingan. 188 ta uchqich temir-tersakka aylangan, yana159 tasi ishdan chiqarilgan. 2403 nafar AQSh askari halok etilgan. Birgina “Arizona” linkor-korabli portlatilishining o’ziyoq ming kishining o’limiga va mingdan ziyod kishining og’ir jarohat olishiga sabab bo’lgan. Olti oy davomida Pearl-Harbor yarador sher kabi o’zi bilan o’zi olishgan. Bu esa Yaponiyaning Honkkong, Birma, Singapur, Filippin va boshqa davlatlarni bosib olishiga yo’l ochgan.

Sovet davrida biz AQShning Yaponiyaga bomba tashlagani haqida ko’p o’qirdik. Hirosima va Nagasaki dahshati uchun Amerika qoralanardi. Bu qarorni bugun ham oqlash mumkin emas. Lekin atom bombasini tashlashga qadar bo’lgan tarixni ham unga qo’shib bilishimiz kerak.

Koalitsiya kuchlari Potsdam shartnomasi (1981 yilda Olmoniya safari doirasida Potsdamga borgandimda shu hujjat imzolangan tarixiy joy- bugungi muzeyda ham bo’lgandim-JM) bilan Yaponiyadan urushni to’xtatishni talab qilishgan. O’jar imperator rozi bo’lmagan. Bunga javoban Yaponiyaning o’nlab shaharlari o’qqa tutilgan. Lekin imperatorlik xalqni emas, o’z ambitsiyasini o’ylab qarshilikni davom ettiravergan. Bu orada Olmoniya taslim bo’lgan, lekin Yaponiya bosib olgan joylarida vahshat sochavergan.

Yapon yo’lboshchilarining bunday o’jarligi xalqining boshiga balo bo’ldi. Nafaqat urushni yutqazdi, nafaqat bosib olingan erlardan quvildi, balki Hirosima va Nagasaki kabi shaharlari o’lim yomg’iri ostida qoldi. Bir dahshat boshqa dahshatlarni boshlab keldi…

Urushni barmoq bilan sanoqli ahmoqlar boshlaydilar, lekin urushda son-sanoqsiz aqllilar halok bo’ladilar. Bu safar ham shunday bo’lgandi.

Yaponlar 1941 yilda o’zlari Pearl-Harborda ayovsiz o’qqa tutgan “Missuri” korablida taslim hujjatiga imzo qo’yishga majbur bo’ldilar.

Bu voqea 1945 yilning 2 sentyabr kuni Yaponiya vaqti bilan soat 9:02 da Tokio bo’g’ozida yuz bergan. Bu ikkinchi jahon urushining ham bitishi edi. Ana shunday tarixiy voqeaning guvohi – “Missuri” korabli bugun Havayida suv ustidagi ulkan qal’a kabi mag’rur turibdi.

2009 yilning avgustida Pearl-Harbordagi ana shu tarixiy korablda bo’lganimda taslim hujjatini ham ko’rib, urushga kirmaslik bunday sharmandalikdan osonroq edi-ku degan xayol kechdi ko’nglimdan.

AQShning turli burchaklaridan kelgan urush faxriylari, tarixchilar bu korablda turib, kelgan sayyohlarga aytib bergan hikoyalarni tinglash uchun bir kun kamlik qiladi. Lekin urush dahshat ekanini anglash uchun bir kun ham yetarli. Ikkinchi kun uchun bu ruhiy og’ir yuk bo’ladi.

Bu kunning xulosasi shu bo’ldi: urushni boshlaganlar baribir yutqazadilar, sharmandalarcha taslim bo’ladilar! Yutqazmaslik uchun, sharmandai sharmisor bo’lmaslik uchun esa boshlamaslik kerak! Bu shunchalik oddiy, sodda haqiqatdir!

UMID
1993 yil 17 aprel kuni Samarqand zindonidan qochgach, juda ko’p sarguzashtlardan keyin 21 aprelda Bokuga etib keldim. Shoir Yodgor Obid turadigan uyga bordim. Bu joy Yodgor akaga Ozarbayjon jabhachilari tomonidan berilgan bo’lib, 1992 yilda Turkiyada turk dunyosi qurultoyiga borish oldidan va qaytgandan keyin ham bu joyda turgan edim. Bu haqda mavridi kelganda alohida bir narsa yozish niyatim bor.

Hozir gap shundaki, Bokuga kelgunimcha oyoqlarim orqasida pufakcha(mazol)lar paydo bo’lgan va tuzalmay yaraga aylana boshlagan edi. O’sha kunlari “Avroosiyo” tashkilotini tuzgan adib do’stim Umud Mirzoev mening oqsoqlanib yurganimni ko’rib, sababini so’radi. Aytishga uyaldim. U menga keskin ohangda:
-Tuflingni chiqar!- dedi.
Xullas oyog’imdagi yaralarni ko’rib tutoqib ketdi. Bir zumga qaergadir chiqib keldida:
-Ketdik,-dedi.

Uning idorasi Ozarbayjon prezidenti binosining shunday yonida edi. O’sha erda aylanib yurgan harbiy kiyimdagi jabhachining yoniga borib bir narsalar degandi u darhol bitta mashina to’xtaib berdi.

Umudning uyi o’sha kezdagi Karl Marks maydoni yaqinida edi. Bu joy shaharning Binagadi tumaniga qarardi. Umud ko’p qavatli binoda yashardi. Uyiga chiqsak xotini eshikni ochib turibdi. Xona o’rtasida bitta tog’ora va ichida qip-qizil suv. Suvga margantsovka solingan ekan. Tog’oraning yoniga stul ham qo’yilgan. Demak Umud uyiga sim qoqqan ekan.

Xotini meni darhol stulga o’tqazib, oyoq kiyimimni echa boshladi. O’zim echaman desam ham ko’nmaydi. Sekin yaraga yopishgan paypoqni echib oldida, hol-jonimga qo’ymay oyog’imni iliq suvga tiqib, yuva boshladi. Keyin sochiq bilan artib, dori qo’ydi.

-Sen mening qardoshim, bu esa singling!-dedi Umud o’zimni noqulay his qilganimni ko’rib.

To oyoqlarim tuzalguncha u meni uyida saqladi. Haqiqatan ham Umud mening qardoshimga, umr yo’ldoshi singlimga va bir-biridan go’zal bolalari esa jiyanlarimga aylandi. Uning Qorabog’ biqinidagi Fuzuliy tumanida yashovchi ota-onasi esa mening ham ota-onam qadar menga mehribon edilar. Bu ham alohida bir hikoyaga mavzu.

Xullas, oradan salkam 15 yil o’tib, Umud BMTning taklifi bilan AQShga keldi. Biz bir necha kun u bilan birga bo’ldik, u mening aziz mehmonim edi.

Bu surat u bilan 2007 yilning 29 yanvar kuni Nyu-Yorkdagi Ozodlik orolchasida olingan.

Dunyoning bir-biridan olis ikki nuqtasida yashovchi, ozodlik umidi bilan oyoqda turgan ikki aka-ukaning “Ozodlik” haykali poyidagi suvratidir bu!

Yo’qolgan Turkiston

O’zbekiston televideniesiga rahbar bo’lib kelishim bilan bir necha yangi dasturni boshlatdim. Shulardan biri “Turkiston” siyosiy-ommabop axborot dasturi edi. Men buni oldindan orzu qilgandim. Shu yo’l bilan Turkiston xalqlarini bir-biriga yaqinlashtirish, qardoshlik rishtalarini mustahkamlashga hissa qo’shmoqchi edim.

Dasturni darhol yo’lga qo’yish uchun Axborot bo’limidagilarga fikrlarimni aytdim. Uni jonli ravishda uzatishni lozim topdik.

Turkiston xalqlari hayoti bilan bog’liq juda qiziq va juda dolzarb xabarlar, videotasmalar to’plandi. Ularni tartibga keltirishdi. Dastur chizmasi tayyorlanganini aytishgach, mashq variantini ko’rmoqchi bo’ldim.

Qarasam, diktor Ra’no Tolibova oddiygina kiyimda. Men unga atlas ko’ylakda chiqishni taklif etdim. U bir jilmaydida:
-Uyga borib kelsam maylimi?-dedi.
-Bor yo’g’i ikki soat vaqtimiz bor, agar zarur ishingiz bo’lsa, marhamat, lekin har ehtimolga qarshi qizlardan birini ham tayyorlash kerak bo’ladi,-dedim unga.
-O’zim chiqaman, bu menga juda katta ishonch. Ayniqsa bu dasturni boshqa davlatlardagi o’zbeklar ham ko’rishlariga ishonaman.
-U holda nega uyga ketmoqchisiz?

U nimadir demoqchi, ammo istihola qilayotgan edi. Gap nimadaligini so’rasam eshik tomonga qaradi. U tomonda bugunga qadar televideniega rahbarlik qilib kelgan Elbek Mo’saev va dasturlar direktori turishgan ekan.

Ular mendan nimanidir so’ramoqchi bo’lib qidirib yurishgan ekan. Ularga javob berib yuborgach, Ra’no Tolibovadan nima gapligini so’radim.

Televidenieda diktorlar uchun мaxsus kiyim yo’q va siyosiy dasturlarda diktorlarga milliy kiyimda ko’rinish mumkin emas ekan. Har holda bu Sovet davrining qoldig’i.

-Shaxsiy pulimizga olgan ko’ylaklarimizni kiyib chiqamiz,- der ekan Ra’no Tolibova o’zini noqulay his qilayotgandi.

-Siz uyalmang, boyagi odamlar uyalishi kerak bunga!-dedimu bu sohani ham tuzatish kerakligini o’ylab qo’ydim.

Shunda Ra’no Tolibova nega uyga borib kelay deganini tushundimda, darhol xizmat mashinasini chaqirtirib uni jo’natdim. U boshida do’ppi, engnida atlas ko’ylak bilan kelganda ba’zilar unga:

-Siz jiddiy dasturni “Adabiyot gulshani” bilan almashtirayasiz,- deb kinoya ham qilishibdi.

Aslida ular Ra’no Tolibovaga kinoya qilishganda nishonlari men bo’lgan. Lekin “Turkiston” dasturi ekranga chiqishi bilan hukumat idoralari va prezident devonidan, ijodkorlar jamoalaridan o’nlab kazo-kazolar telefon qilib, bu katta odim ekanligini aytishgan edi. Men ketgach esa, ma’lum bir muddatdan keyin boshqa dasturlarim singari bu dasturni ham “o’ldirishdi”.

1994 yil Izmirda Turk dunyosi qurultoyida Turkistonning buyuk tarixnavisi Boymirza Hayit bilan suhbatlashar ekanmiz, u kishi O’zbekistonga 1992 yilda borgan kezlarida ko’rib qolganlari bu dastur haqida gapirdilar.

-Hayron qoldim… Nomi “Turkiston”… Olib boruvchisi Turkiston go’zali… Ko’rib ko’zimga yosh keldi. Qanday qilib Karimov bu dasturga yo’l beribdi?

Boymirza otaga bu dastur tarixini aytib berganimda o’rinlaridan turib meni quchoqlagandilar. Bu voqea ana shu surat olingan kun yuz bergandi.

Boymirza ota bilan besh-olti marta Turk dunyosi qurultoylarida birga bo’ldik. Doim kuzatganim, u kishini hamma ardoqlardi, quchoqlardi, tahsinlar aytardi… Chet eldagilar ham, O’zbekistonda kelganlar ham… U kishi hammani bir-biriga bog’lovchi rishtaga o’xshardilar. U kishi men uchun yashayotgan Turkiston edilar, Turkiston g’oyasi edilar.

Bugun ayrimlar qozoq unday, qirg’iz bunday, turkman haligiday, tojik falon, uyg’ur bismadon deb yozar yo gapirar ekanlar, juda ko’p narsa yo’qotganimizni anglayman va dilim og’riydi. Biz kun sayin, soat sayin Turkistonni yo’qotmoqdamiz! Balki yo’qotib ham bo’ldikmi deyman? Chunki O’rta Osiyoga aylantirilgan Turkistonning nomi Markaziy Osiyo bo’lib ketdi, bo’lak-bo’laklarga bo’lindi…bir-birini ko’rganda begonani ko’rgan… begonalarning yurtlariga aylanib ketdi…

HOLLAND XOTIRALARIDAN

2008 yilning Avgust oyida Hollandiyada bo’lganimda taniqli adib Rizo Obid(o’ngdan birinchi) bilan birga taklif qilinganimiz – chet ellarga dastur uzatadigan Niderlandiya  Radiosi qarorgohiga bordik. Mazkur surat ana shu radio qarorgohida olingan.

Hollandiya kabi kichik bir mamlakatning ham o’z ambitsiyalari bor ekan. Mana shu xalqaro radio orqali dunyoning ko’plab nuqtalariga dasturlar uzatib, o’z mafkurasini yoyishga intilar ekan.
Biz borgan kunlar dunyoning aksar joyida bo’lgani kabi ularning ham diqqat markazlaridagi nuqtalar bu Iroq, Eron va Afg’oniston edi. Lekin bundaan ham ko’ra negadir radio Lotin Amerikasiga ko’proq yo’naltirilgani qiziq edi.

Darvoqe biz bilan suratga tushgan ikki ayol (ularning  ism-shariflari yodimda qolmagan) va bizni suratga olgan yigit ham buning sababini tushuntiirb berisholmadi. Ular bu eskii davr siyosatining davomi degan gap bilan cheklandilar.

Radioda deyarli ayollar ishlar ekan. Vaholanki juda og’ir ish. Hali u mamlakatga bor, hali bunisiga.

Biz tabiiyki bu radioda nega o’zbek tilida dasturlar yo’qligi bilan ham qiziqdik. Asli italiyalik, kasbi jurnalist va ayni paytda Press Nov degan nohukumat tashkilotida ham ishlaydigan juvon “Biz o’zbek tilida mustaqil radio tashkil qilmoqchimiz, qachonki pul topilsa” dedi. Hamma joyda hamma narsa pulga qaragan. Otangga balli pul!

%d bloggers like this: