Jurnalist juzdoni

17. “Bo’tam”

Hozirgi “Zarafshon” ro’znomasi Sovet davrida “Lenin yo’li” deb nomlanardi. Gazetaning “Qishloq xo‘jalik” bo’limida mudir edim. Bo’limda Asqar Jalilov degan jurnalist ishlardi. Doim yuzi kulib turar, soddaligi va samimiyligi chehrasiga chizib qo’yilgandi. U hammaga “Bo’tam” deb murojaat qilardi. Yoshi bizdan ulug’ bo’lgani uchun bu so’z og’ir botmasdi. Uning bu “vizit kartochkasi”ga shunchalik o’rganib ketdikki, oxiri o’zini “Bo’tam” deydigan bo’ldik.
U Kattaqo’rg’ondan Samarqandga qatnab ishlardi. Saharlab yo’lga chiqib, to’g’ri kelgan mashinaga “ilinib” kelardi. Ba’zan bizdan oldin, gohida kechikib kelar va darhol bo’limdagi mashinka oldiga o’tirib, tinmay “tiqillatardi”, bir qo’llab nimadir yozardi. Lekin qog’ozni deyarli almashtirmasdi. Boshini ko’tarib atrofga ham qaramasdi.
Ishdan keyin Samarqandning o’sha kezda xalq orasida “Povorot” degan joyiga kelib, yo’l mashinalariga qarab turar va “bo’ta”laridan biri uni bekаtdan “yulib” ketardi.

Continue reading