Jahongir Muhammad: O’zligim

ROMAN-PAMFLET

Mazkur kitobda Amerika oynasidan O’zbekistonga nazar tashlanadi va uning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy hamda madaniy olami tahlil etiladi. Kitobning aksariyat qismi parchalar holida “Ozodlik” radiosida muallif tomonidan o’qib eshittirilganidan xabardor o’quvchilarimiz uchun bu yaxlit holdagi taqdimdir. Radioni muntazam eshitish imkoniyati bo’lmaganlar va umuman “Ozodlik”ni eshitib borish haqqidan ham mahrum qolgan o’quvchilar uchun esa kitob mushohada, mulohaza, muhokama manbai degan umiddamiz. Kitobni “Amerika va O’zbekiston” deb ham nomlash mumkin, ammo tarozining O’zbekiston qismi og’ir bosadi. Asarda garchi keyingi yillar va shu kunlarning voqealari ustida gap borsa-da, u O’zbek elining kelajagi ham. Asar markazida O’zbekiston, uning avtoritar rejimi, bu rejimning to’ralari, maddohlari va qullari turadilar. Ularning qarshisida esa yozuvchining “Men”i .

 O’NG SO’Z O’RNIDA

Sen karnay-surnay shovqinida “O’zbegim” deya o’yin o’ynayotgan paytda,

men “O’zligim” deya iztirob chekayotgan va motam tutayotgan edim.

MUALLIF.

VATAN

Insonning kindik qoni oqqan erni Vatan deydilar. Bu tor ma’nodagi tushuncha va bu Vata haqidagi haqiqatni to’la qamrab ololmagan tushuncha. Insonning beshik va tobut orasidagi yo’lini Vatan deydilar. Bu keng ma’nodagi tushuncha va Vatan haqidagi haqiqatni unuttirishga qaratilgan tushuncha. Xo’sh, unday ekan aslida Vatan nima?

Vatan bir millatning o’zligini, kimligini,tilini , madaniyatini yashatgan hudud. Vatan bir millat tog’larining salobatiga mahliyo bo’lgan, irmoqlarining oqishidan musiqalar tinglagan, qushlarining sayrashiga mast bo’lgan, tuprog’ining taftidan umid olgan muborak zamindir. Vatan bolalikdan onaning ko’zlari kabi tiyran va darin osmon bo’lib ko’ngillarga erlashgan, otaning peshonasidagi reza-reza terlarining quyoshda jimirlashidan kamalakka aylanib, dillarda imorat solgan va momolarning uyqularini tongning etagiga bog’lab so’zlab bergan rivoyatlaridagi qahramonlarning siymosiga aylangan cheksiz borliqdir.

Shu ma’noda biz uchun giyohlari oltinlardan ustun, daryolari dengizlardan afzal, adirlari dunyoning ne-ne kengliklaridan muqaddas bo’lgan Vatan- O’zbekiston, Turkiston, Turondir!

Mirzo Ulug’bekning muborak boshi qilichning uchidan osmonning bir burchiga ko’chib, shafaqqa aylangan kunlarda Samarqanddagi ming-ming kitoblarni nortuyaga yuklagan Ali Qushchi Tabrizga kelib erlasharkan, uni Fotih Sulton Istanbulga da’vat etadi va “Vataningizni nechun tark etdingiz”, deya so’raydi. O’shanda Ali Qushchi: “Siz ne zamon boshim uzra qilich o’ynatsangiz va bu qilich maysalarni qonim bilan sug’orsa, men o’shanda Vatanni tark etaman. Hozir esa, Allohga shukrki, Vatandaman”, deya Turk dunyosining bir butun Vatan ekanligiga ishora etgandi.

Ha, Vatan qavrami, Vatan tushunchasi birimiz uchun chor devor bilan o’rab olingan hovli, yana birimiz uchun esa dalalarning o’rtasida qolgan qishloq, yana birimiz uchun chegaralariga sim tortilgan kenglik…

O’zbeklar… o’ziga bek, o’zligiga sohib O’zbeklar, turkning eng qadim va eng buyuk qavmi bo’lmish o’zbeklar.

Xolida momo ulardan biri. U Samarqandu sharifda yashardi. Umr yo’ldoshini “Ozodbek bosmachining josusi” deya otib tashlashdi, bolshovoylar. Xolida momo “Vatan xoinining bevasi” deb e’lon qilindi. U etti bolasi bilan tarki vatan aylab yo’lga chikdi. Yo’llar… Xolida momoning jigargo’shalarini tortib olaverdilar. U Mashhadga etgunga qadar yo’l chetiga ikki bolasini ko’mdi, Tabrizga qadar yana ikki nafarini tuproqqa berdi, Tabriz Istanbul orasidagi yo’llar yana ikki bolasini uning bag’ridan uzib oldilar. U yolg’iz zurriyodi bilan Istanbulda yashadi. Xolida momonining zurriyodi va uning qancha-qancha farzandu -nevaralari Amerika, Indoneziya, Arabiston… dunyoga sochilib ketdilar.

Tursunboy qahramon esa onasi, qarindosh- urug’lari bilan Andijondan Chinga, Sharqiy Turkistonga o’tib ketdi. Uning ham otasini o’qqa tutishgandi. Qashqar so’ngra Xindiston undan keyin Pokiston, Afg’on, Eron va Turkiya.

Eh-he, ne azoblar, ne ayriliqlar ko’rmadi bu oila, ammo Vatanni qalbida saqladi.

Bugun Istanbulu- Konya, Adanayu -Riyod, Vashingtonu- Nyu-Yorkda shunday o’zbeklarning ,turkistonliklarning vorislari yashaydilar. Said Amir Olimxon, Xudoyorxonning ham sulolalari bor bu erlarda. Ko’plari o’zbek kalimasini sulola nomi qilib olganlar: Rifat O’zbek, Hasan O’zbek, Mirza O’zbek… Bir qismlari Turkiston shaharlarini va Vatan bag’ridagi joy nomlarini tanlaganlar: Burhoniddin Samarqandiy, Ahad Andijon,Usmonbek Toshkandiy, Saidxo’ja Buxoriy, Solih Oynural… Ular Vatanning chirog’ini yoqib turish, sog’inch alangasini so’ndirmaslik, Vatan nomini bayroq qilib ko’tarish tuyg’usini o’z sulolalari nomida ifoda etmoqni istagan ming-minglarning bir necha nafari, xolos.

Uzoqlarga bormang, faqat 1982 yilda Afg’onistonda yashagan o’zbeklardan to’rt ming besh yuz nafari Turkiyaga ko’chdi, yana qanchasi Amerikaga erlashdi. Amerikaning birgina Virjiniya viloyatida bugun yuzdan ziyod oila yashaydi.

Ha, boboyurtning ariqlarida non oqizgan, shamollarida varrak uchirgan, bahor kunlarida qo’lida chuchmomo ko’tarib, “Boychechak” ashulasini aytgan bolalardan tortib, tog’lardan terib kelinadigan rivoju –paykallardan uzib chiqiladigan “Obinavvot”ga qadar bu insonlarning sog’inchi.

Ne darig’ bir kosa tariqdek sochilib ketdilar dunyoga yigirmanchi asr avvalida Turkistondan quvilgan bobolar, momolarimiz…

Bir hovuch bug’doydek sochilib ketdilar kurrai zaminga Ikkinchi Dunyo urushi yillarida Vatandan ayro tushgan salaflarimiz.

Bir tutam ushshoq kabi El atalmish dasturxonidan silkinib- silkinib uchib ketdilar do’stlarimiz zulm, ta’qib, quvg’in dastidan jahonning etti burchiga.

Turk edilar… O’zbekka, Qozoqqa, Qirg’izga, Turkmanga, Ozarbayjonga va Tojikka aylandilar. Parchalandilar,parchalangandan so’ng ham birlashmoq nasib etmadi ularga. Dushmanning emas, bir-birlarining ko’zini o’yishni o’rgandilar.

Albatta, bu satrlarni o’qigan muhojir o’zbeklarning, to’g’rirog’i turklarning qalbida yillardir uxlab yotgan dard depsinadi. Lekin qanchalik og’ir botmasin bu xususda so’z aytmoq zarur. Amerikaga otlanar ekanman, shu erda yashayotgan o’zbek birodarimizga Turkiyadagi o’zbeklarning tarqoqligidan so’z ochdim, shunda u jilmaydi-da:

-Hamshaharlar ko’p ham tarqoq emas. Haftada yoki oyda bir marta gapga, ya’ni gashtakka to’planadilar, ammo Vatan haqida so’z ochilsa, darrov qo’llarini fotihaga tortib, qandaydir yumushni unutganlarini bahona qilib, davrani tark etadilar. Uzoq yillar olisdagi KGBdan qo’rqib yashadilar, bir-birlarini KGB josusi deb o’yladilar. Endi esa uzokdagi Karimov hukumatidan qo’rqadilar. Bir-birlarini Karimovning josusi, deb o’ylaydilar. Haqiqat va adolat ana shu qo’rquvning soyasida yo’q bo’ldi, – dedi.

Darhaqiqat, kamina ham shunday holning guvohi bo’lganim uchun uning miyig’ida kulib qo’yishini angladim.So’ngra u birdaniga jiddiy tus olib:

– Siz Amerikaga kelyapsiz. Bu erda har kim o’zi uchun o’zi yashaydi. Vatan, millat tushunchalari boylik, pul bilan o’lchanadi. Boy bo’lsangiz Vatansevar hisoblanasiz, og’zi qiyshiq bo’lsa ham boyning o’g’li gapirsin qoidasi Amerikada hukmron,- dedi.

Bu mantiqni radioda ishlaydigan do’stimizga gapirib berganimda, u: – Bilasizmi, Amerikaga o’zbeklar asosan Afg’oniston va Turkiya orqali keldilar. O’qimagandilar. O’qiganlari ham bu erda qayta o’qish uchun imkonsiz qoldilar. Natijada faqat kichik tijorat bilan band bo’ldilar.Yuqoriroq lavozimlarga o’tib ishlaganlar va o’zbeklarning boshini qovushtirib, davrasini tuzadiganlar,deyarli bo’lmadi, – dedi.

Amerikaga kelganimdan keyin bu erda boshqa xalqlarning yashashiga razm soldim. Qariyb o’ttiz million muhojir yashaydigan va Prezidentining iborasi bilan aytganda “Muhojirlar mamlakati ” bo’lgan Amerikada,uning har bir shahrida “Xitoy qasabasi”, “Ispanlar birligi”, “Eron xonadoni”, “Iroq kulbasi”, “Arab ittifoqi”, “Yahudiylar jamoasi”, “Armanilar hamkorligi”… singari bir qator nomlar bilan turli- tuman tashkilotlar tuzilganini ko’rdim. Ayniqsa ukrainlarning “Bandera” tashkiloti katta kuchga aylangan. Ular nafaqat bir millatni butunlashtirishga, balki uning dini, madaniyati, an’analarini Amerikada yashatishga xizmat qiladi. Ular har bir muhojir oilasi bilan ish olib boradilar. Uning dardi, tashvishi, muammolari bilan bir qatorda uning o’z Vataniga munosabati bilan ham qiziqadilar, ya’ni Amerikada o’zlarining asl Vatanlari va o’z millatlarining kelajagi uchun qayg’uradilar.

O’zbeklar esa yilda bir to’planib, jamiyat tuzish o’rniga g’avg’o bilan tarqalib ketar ekanlar. Bunisi ham holva. Istanbulda bir paytlar “Turkiston” nomi bilan jamiyat tuzilgan bo’lsa-da, bugunga kelib qozoqlar, sharqiy turkistonliklar, qirg’izlar, turkmanlar undan ajralib ketishganini uning birlashtiruvchi kuchini yo’qotganida, deb biladilar. Xuddi shu manzara Amerikada ham mavjud. Qizig’i shundaki, kim bilan suhbatlashmang, shu hakda so’z yuritadi.

Boshi yo’qning oshi yo’q degan maqol bor. Amerikadagi o’zbeklarni ham birlashtiruvchi bosh, ya’ni markaziy kuch yo’q. To’g’rirog’i, bunday bosh va kuch juda ham ko’p, ya’ni har bir o’zbek, o’zini bek, o’zini xon deb hisoblagani uchun boshqa birini na qo’llaydi va na boshqa birining yordamini oladi.

Amerikada yashayotgan ziyoli o’zbeklardan biri : – Ilgari hamshaharlarimiz (Ular vatandosh so’zi o’rniga hamshahar so’zini qo’llanishadi – J.M.) Vatan deya kuyib-pishib so’z yuritardilar. Mana O’zbekiston mustaqil bo’lganiga bir necha yildan oshdi, lekin shunga qaramay haligacha aksariyat o’zbeklar O’zbekistonni ziyorat etmadilar. Ularning iqtisodiy imkoniyatlari etarli, ammo yurakdagi imkoniyat ojiz, – dedi afsus tortib.

Men unga qo’shilishdan va fikrini qo’llashdan boshqa bir narsa deya olmadim, chunki u Amerikadagi o’zbeklarni mendan yaxshiroq taniydi.

Turkiston tarixining o’lmas siymolaridan biri Boymirza Hayit janoblari Karimov hukumati tomonidan O’zbekistondan quvilganlaridan keyin 1993 yilning 21-martida Antaliya shahrida uchrashganimizda “Biz xalqmiz, ammo Millat bo’lolmadik” degandilar. Garchi Boymirza otani O’zbekistondan quvib chiqarishganining o’zi bizning kimligimizni o’rtaga qo’ysa-da, o’sha paytda negadir bu gapni og’rinib qabul etdim. Ammo keyinchalik uning ortidagi haqiqatni o’rgandim. Darhaqiqat, biz haliga qadar o’zimizni Millat deb hisoblamas ekanmiz. Ruslar bizni etmish yil o’zbek xalqi deya atadilar. Biz ham bunga ko’nikdik va xalqligimizcha qoldik. Millat bo’lishimiz uchun esa, asrimiz avvalida qo’limizdan tortib olingan Turkligimizni qaytadan tanishimiz kerak edi. Bunga imkon bermadilar va bermayaptilar. Shu bois Turkiston deganda g’ururlanib, Turk deganda iymanib “Turkiy” kalimasini qalqon qilib yuribmiz.

Xo’sh, g’urbatda yashayotgan o’zbeklarni, ya’ni turklarni kim, qachon va nima uchun ana shunday tuyg’udan mahrum etdi.

Nega ular bu qadar tarqoq qoldilar? Buning javobi aniq: qaerda bo’lmasinlar ular Vatanning bir parchasi, uning ruhi bilan yashashga majburdirlar.

Mening bu og’ir satrlarimni o’qigan muhojir o’zbeklar darhol shu savolni o’rtaga qo’yadilar:

-Bugungi O’zbek muxolifati ham g’urbatda bo’lishiga qaramay, tarqoq emasmi?

Darhaqiqat, men g’urbatdagi o’zbeklar haqida fikr yuritar ekanman, bugungi O’zbek muxolifatini ham undan ayirganim yo’q. Ular ham shu daraxtning mevalari.

Vatanda tarqoqlik bor ekan, uning soyasi Vatandan olisda ham o’zini ko’rsatadi. Vatandan olisdagi insonlar orasida tarqoqlik bor ekan, buning asorati Vatanda ham yashaydi.

Biz bugunga qadar tarqoqligimizning ildizlarini hech tahlil etdik-mi? Tabiiyki yo’q. Nazarimda buning sabablari bor.

Millatning ziyoli-oydinlari ikkiyuzlamachilik qilib keldilar va bu shohlar, to’ralar tomonidan

rag’batlantirildi. Butun boshli tarix ularning soyasida yolg’onga aylandi.

Millat mafkurasiz qoldi. Islom dinining umumbirlik qudrati mazhab, turli -tuman oqimlarga bo’lib

yuborildi. Din qoidalari amaldorlarning mayliga ko’ra sharhlandi.

Kamchiliklarni aytganlar dushman qilib ko’rsatildi. Qahramonlar xoin, xoinlar qahramonga aylandi.

Natijada botirlar qo’rqoq, qo’rqoqlar esa botir bo’ldilar. Xiyonat qilganlar haqida gapirish xiyonatga o’xshab qoldi.

Shohlarni maqtash, amaldorlarga hamdu -sano o’qish an’anaga aylandi. O’ynashmagin arbob bilan, arbob urar har bob bilan qabilida ish yuritildi va bu jamiyatning qon tomiriga qadar singib ketdi.

Millatga hamma vaqt qora kuch sifatida qaraldi. Uni butunlashtirish emas, parchalash, bir-biriga dushman qilish an’anasi tug’ildi va bu chuqur ildiz otdi.

Faqat o’tmishni gapirish odatga aylandi. Bu esa kelajakni unutishga qadar olib keldi. Bugun va kelajak haqida gapirmaslik uchun faqat o’tmishni yodlash millatni turg’unlik botqog’iga etakladi.

Millatni har doim qorin tashvishi bilan ro’baro’ qoldirdilar. Oqibatda ma’naviyat yo’qoldi, tafakkurni zang bosdi.

AL-QISSA: Sen Vatanni kitob deb bilding, varaqlarini yirtib ishlatmoq uchun. Men Vatanni kitob deb bildim, bo’sh sahifalarini to’ldirmoq uchun.

HAYRATLI HADYA

Har kim dunyoni o’z ko’zi bilan ko’radi. Yuqorida men zikr etgan masalada ham har kimning o’z qarashi mavjud. Chunki dunyoning bitta haqiqati bor, ammo har bir insonning unga nisbatan o’z mezonlari bo’ladi. Bugunga qadar eng ko’p gapirilgan va eng ko’p yozilgan davlatlardan biri Amerikadir. Kimdir uni dunyoning engilmas kuchi, deya ta’rif etsa, yana kimdir orzular o’lkasi, deydi.

Amerika va O’zbekiston. Ikkisi ikki dunyo. Osilsang baland dorga osil deganlaridek, O’zbekistonning ba’zi jihatlarini Amerikaga solishtirmoq istadi ko’ngil. Bundan ming yil muqaddam ilm xazinasining sohibi avvali Abu Rayhon Beruniy hazratlari ummon va dengizlar ortidagi bu o’lkaning borligi haqida so’z etganlarida hali Kolumbning bobokaloni ham tug’ilmagan edi. Biroq dunyoning ishlari shunday chigalki, kalavaning uchini topaman deganlar o’z yo’llarini yo’qotib qo’yadilar. Bugun ne desak ham baribir Amerika o’z kashfiyotchisini Kolumb, deb biladi. Gap Amerikaning kashf etilishida emas, gap Amerikaning yaratilishida. Bu muazzam o’lka haqidagi hikoyalarimga meni hayratga tushirgan bir voqeani o’ng so’z sifatida qabul etdim.

Zehniyat, ya’ni mentalitet qondan -qonga ko’chadigan narsa emas. U inson tug’ilgandan keyin shakllanadigan hodisadir. Ammo oddiy qishlokdan tortib to ko’kdagi sayyoralarning o’tmish va kelajaklarini tasavvur qilish, tafakkurga singdirish, xulosaga to’kish ana shu zehniyat bilan bog’liq. Borni bor qiladigan ham, yo’qni bor qiladigan ham zehniyatdir.

Tariximizda juda ko’p imperiyalar tuzildi va parchalanib ketdi. Har biri haqida ayri-ayri xulosalar mavjud, ammo ularning bir umr yashab qololmaganlari zamirida zehniyatni shakllantira olmaganlari, to’g’rirog’i zehniyatni sug’orib turmaganlari ko’zga tashlanadi. Biz voqealar ro’y berayotgan paytida emas, balki tarixga aylangan vaqtida u hakda fikr etishga odatlanganmiz.

O’tmishni sevmasdan kelajakni sevish mumkin emas, lekin o’tmish va kelajak o’rtasida bugun ham borligini unutmasak, sevgimizni bugundan darig’ tutmasak, o’shandagina haqqoniyat yo’lini tanlagan bo’lamiz.

Amerikaga kelishim oldidan Istanbulning “Koch” dorilfununida Ovrupa tarixidan dars berayotgan hamkasbim Stefan Richmand ikki hadya keltirdi. O’ttiz bir yoshida professor bo’lgan bu yigitning ota-bobolari Boltiq bo’yida tug’ilgan ekanlar, u esa Amerikaning Boston shtatida dunyoga kelgan. Stefan o’zi

tug’ilib o’sgan Boston shtati haqidagi rangli kitobni uzatarkan:

– Bu erni “Yangi Angliya” deyishadi. Boston Amerikaning qalbidir, – dedi.

Kitob haqikatdan ham go’zal edi, ammo meni hayratlantirmadi. Chunki Samarqand, Buxoro, Xiva haqidagi an’anaviy, rangli kitoblarimiz undan qolishmaydi. Birozdan so’ng Stefan qo’lini yon cho’ntagiga soldi-da:

– Endi eng qimmatli hadyamni beraman. Buni 1980-yildan buyon yon cho’ntagimda tashiyman, ya’ni yuragimning ustida. Yosh bola edim, uni menga otam hadya qilgandi,- dedi.

U cho’ntagidan mitti bir kitobchani chiqardi. Bunday hadyani biz xayolimizga keltirish u yokda tursin, balki eshitganda masxaraomuz kulib qo’yishimiz hech gap emas. Ammo bu hadya bir amerikalikning zehniyatini, davlati, mamlakatini ustun qilishga intilishining eng munavvar ifodasi edi. U menga “Amerika Konstitutsiyasi” kitobchasini hadya etgandi.

Ana endi biror bir yurtdoshimiz o’rtaga chiqib aytsinchi:” Men ham falon amerikalikka o’zbek tilida yozilgan Asosiy qonunimiz kitobchasini hadya etdim” deb. Ayta olmaydi va bu uning qusuri emas, chunki biz Konstituttsiyamizni tug’ilgan kunidan buyon tortisha boshladik. Yana ham achchiq haqiqat shuki, uni chang bosgan g’aladonga itqitdik, chunki uning qabul qilinish jarayoni, hozirlanishidan tasdiqlanishiga qadar shubhali va g’ayridemokratik edi.

Qolaversa, millat o’lkada telefon Konstituttsiyasi yashayotganini ko’rib turardi. Etmish yil “Assalom Rus xalqi…” deb boshlanadigan madhiyani eshitgan millat yana o’sha musiqa, o’sha ohangda (yuzlab go’zal she’rlar chetga surilib, Prezident tomonidan tanlangan she’r) kuylansa, qanday qilib shavqqa to’lsin? Konstituttsiyasida hurlik, erkinlik, adolatdan so’z ochilib, amalda esa Konstituttsiyani yozganlar zulmni bayroq qilsalar, millat qanday qilib bu qonunni sevsin?

Amerika esa butun xalqning xohish irodasini mujassam etib, Konstituttsiyani bir marta yozishdi va ikki yuz yildan ziyod zamondan beri bir satr u yokda tursin, bir harfini ham o’zgartirishmadi. Biz esa ishlamagan Konstituttsiyaga har sessiyada bir qo’shimcha qilamiz. Amerikada Konstituttsiyaga rioya etmagan Prezident millatning dushmani, deb e’lon qilinadi. Bizda esa Konstituttsiyani poymol etgan Prezidentni tanqid qilganlar millatning dushmaniga aylanadi.

Bu ham mayli. Amerikada Konstituttsiya har bir fuqaroning yostikdan bosh ko’tarishidan e’tiboran yana yostiqqa bosh qo’yishiga qadar yo’lchi yulduzi bo’ldi. haqiqat, adolat o’lchovlarini undan topdi. Insondek yashash haqqini undan topdi. Mamlakatiga haqiqiy xo’jayin bo’la olish huquqini undan topdi. Shu bois ham iftixor bilan Konstituttsiya kitobchasini ko’tarib yuradi. Bu zehniyat masalasi.

Men Stefandan hazil aralash “Bu senga hadya ekan, hadyani hadya qilish mumkinmi?” deb suradim. Stefan jilmaydi-da:

– Men uni yod olganman, – dedi. Bu esa meni yana ham hayratlantirdi. Chunki biz yod olish u yokda tursin, bafurja o’tirib, O’zbek Konstituttsiyasini boshdan oyoq o’qib ham chiqqanimiz yo’q, chunki “O’qiganlar ne bo’ldi” deymiz. Bu ham zehniyat masalasi.

AL-QISSA: Sen hadya berish nimaligini bilmading, chunki hadya olishga o’rganganding. Men hadya olishni sevmadim, chunki umrim hadyadir.

ZEHNIYaTNING BEShIGI

Menga qolsa zehniyatning beshigi zarralardir, degan bo’lardim. Maqolimiz bor: Quyosh zarrada aks etadi. O’zini, o’zligini anglatishga qaror qilganlar bu haqiqatning so’qmog’iga bosh uradilar. Ammo ba’zilar bunday so’qmokdan ham yanglish yo’llarga chiqadilar. Amerikani nashtar ostiga olgan kommunistlar ham “Nima bizga Amerika” der ekanlar, o’zlari bilmagan holda zarralarga diqqat tortadilar.

Darvoqe, nima uchun Amerika? Uning sir-asrori nimada? Bu savolga javob berish uchun Nyu-Yorkning qavatlari bulutlarga etib qolgan binolariga yoki hayratlarni qoliplarga solgan Hollivud ekranlariga emas, yuqorida zikr etganimiz zarralarga nigoh qadamoq kerak, nazarimda.

Ammo darhol Amerikani Quyoshga o’xshatdi, degan xulosa chiqarishga shoshilmang. Maqolning irodasini bukmaslik uchun va so’z omadi bu iborani qo’llashga to’g’ri keldi. Agar muxtasar qilib ifodalaydigan bo’lsak, Amerika ham oddiy bir o’lka va hatto oddiylikka da’vogar o’lkalardan biri. Faqat uning oddiyligini ifodalagan ko’zga botar nuqtalari, ya’ni zarralari bor, xolos.

Amerikaga kelishda “Delta” havo yo’llarining uchog’iga mindik. Styuardessa tinmay inglizcha gapirardi. Uchoqning bir necha joyiga o’rnatilgan oynai jahondagi hujjatli filmda xavfsizlik qoidalari hikoya qilinar ekan yana inglizcha. Quloklarimizga o’rnashgan avval ruscha keyin o’zbekcha anglatuv bu erda yo’q. Bilish bilmasligingiz, tushunish tushunmasligingiz birovning parvoyiga kelmaydi.

Ana endi tasavvur qiling: O’zbek havo yo’llariga oid uchoq Nyu-Yorkdan ko’kka ko’tarilsa va yo’lovchilarga faqat o’zbek tilida ma’lumot berilsa, nima bo’ladi? Jaydari qilib aytganda, er bilan osmon o’ynab ketadi. Uchokdagi amerikaliklar yoqangizni yirtib, qo’lingizga beradigan darajada madaniyatsiz emas. Ular yo uchog’ingizdan tushib, biletni topshirishadi yoki umuman minmay qo’yishadi.

Axir maqsad to’laqonli xizmat ko’rsatish, mushtariyning pulini olish, raqobatda g’olib chiqishdir, shu bois o’zbekchaning yonida inglizcha gapirishning foydasi bor-ki, ziyoni yo’q, deyishingiz mumkin. Buni amerikaliklar tushu-nishmaydimi yoki istashmaydimi? Istaganda qandoq! Ammo mamlakat, millat sharafini har narsadan oldin va ustun qo’yadilar. Chunki zehniyatlari shunga yo’nalgan.

Mayli O’zbekistonni yangi davlat, bundan keyin yo’lini topib oladi, deya o’zimizni ovutaylik. Hatto Turkiya havo yo’llarining Istanbuldan Nyu-Yorkka yo’l olgan uchog’ida hamma turklar o’tirishsa-da baribir ma’lumotlar ingliz tilida ham takrorlanadi. Chunki bu qoidaga aylangan. Biror -bir qonun bilan belgilangan qoida emas, balki zehniyat qoidasi.

Bir hamyurtimiz “Russiyadan Toshkentga mehmon keldi”, deya bir nuqtaga diqqatimni tortgandi: “Gapim unga tushunarli bo’lishi uchun ruscha gaplashishga urindim. Ko’p o’tmay Turkiyadan kelgan mehmon bilan ham uning shevasida so’zlashdim. Hatto Ozarbayjon, Qozoq, Qirg’iz shevalarini ham o’rganib oldim. Ammo men Moskvaga borganimda yana ruscha gapirishga majbur bo’ldim. Istanbulda esa Turkiya turkchasida gapirishga to’g’ri keldi.

Boku, Almati, Bishkekda ham shunday bo’ldi. O’ylab qarasam, men o’zimni, o’z tilimni hurmat qilmas ekanman” dedi. Buni aksincha ham sharhlash mumkin: Til bilganning oltin bilgandan ustunligi bor. Shaxsiy masalalarda shundaydir. Ammo umumtarozisida tortilganda o’rtaga zehniyat chikadi. Prezidenti, Tashqi ishlar vaziri, elchilari xalqaro minbarlardan ruscha gapirib yursalar oddiy avom nima qilsin?!

Shu o’rinda yana bir misol keltirmoqchiman. Portland shahrida Xalqaro Muhojirlar Markazida Pamella degan bir qiz bilan tanishdim. U ikki yil O’zbekistonda ishlab qaytibdi. O’zbekchani hech buzmay, chiroyli ohangda gapiradi.

– Ammo O’zbekchani o’rganganim befoyda bo’ldi, – dedi u. – Toshkentga borsam hamma men bilan rus tilida gapirishga urindi. Oqibatda rus tilini o’rganishimga to’g’ri keldi. O’zbeklarda xorijdan kelganlarga rus tilida gapirish odat bo’lib qolibdi.

Mayli, bu boshqa masala. Yana qaytaylik yuqoridagi mavzuga. Amerika uchun uchoqlarida ma’lumotni inglizcha bilan barobar o’zbekcha yoki turkcha berish juda oson masala. Lekin zehniyat bunga yo’l bermaydi. Zehniyat Amerikaning qudratini, buyukligini ko’rsatishga undaydi. Buni his qilgan va bunday holatlardan nafratlangan hamda dunyodagi barcha o’yinlaru kulfatlarga Amerikani sababchi qilib ko’rsatuvchilar bularning parda orqasida maxsus boshqaruvchilar bor, deb o’ylaydilar.

Aslida unday emas. Agar “Delta” shirkatiga hukumatning qaysi bir idorasidan sim qoqib, “Sen faqat ingliz tilida ma’lumot berasan. Uchoqning ichida boshqa tillarda xabar berish man etiladi”, deyilganda, tabiiyki, tom aksini ko’rgan bo’lardik. Chunki o’sha shirkat o’zini haqoratlangan hisoblardi va hukumat ichki ishlarimga aralashmokda, deya g’azablanardi. Hamda uning ziddiga odim otardi.

Bir uchokda ma’lumotlar tarjima qilinishi yoki qilinmasligi uchun shuncha gap – “Ota go’ri qozi xonami?” deguvchilar ham topilar. Shu bois takror aytmoqchimizki, gap uchokda yoki ma’lumotlar berilgan tilda emas, gap zehniyatda.

Agar o’z mamlakatining sharafini ozgina bo’lsa-da himoya qilishini sezsa yoki millatining qudratini ko’rsata oladigan ishni qancha og’ir bo’lmasin har bir amerikalik jon dili bilan ado etadi. Hatto bu uning shaxsiy manfaatiga putur etkazsada.

Xo’sh, zehniyatga qaerda o’rgatiladi? O’zbekistonda bolalar bog’chasida jajjilarga mamlakat madhiyasi yodlatiladi, endi o’qishni boshlagan bolakaydan tortib ko’zidan nur qochgan oqsoqolga qadar Prezidentning kitoblari o’qitiladi, haftada ikki marta siyosiy mashg’ulotlar va attestatsiyalar o’tkaziladi, shoirlari tinmay sayrab turadilar, radio, televideniesi, mafkura, millat, Prezident deya takrorlab turiladi-yu nega bu millat zehniyatida Vatan sevgisi uyg’onmaydi? Amerikada bolalar bog’chasi yoki maktabda madhiya yodlatilmaydi yoki Prezident kitoblari o’qitilmaydi. O’quv dargohlarida Prezidentning faoliyati tortishiladi.

Mamlakatning dunyodagi o’rni tortishiladi. Hukumatning Tashqi siyosati tortishiladi. Hech kim biz dunyoning eng kuchli mamlakati, bizning Prezident dunyoning eng aqlli odami deb maqtanmaydi. Amerikada agar Prezident san’atni qo’llash haqida farmon e’lon qilsa, ertasiga butun san’atkorlar to’planib unga tashakkur maktubi yozmaydilar. Chunki ular bu Prezidentning kundalik ishi ekanligini va buning uchun o’zlarining hisoblaridan maosh olishini yaxshi biladilar.

Davlat, mamlakat nomi va atributlari bilan uzoq yillar yashashi mumkin, balki bayrog’i tinimsiz hilpirab turar. Lekin uning haqiqiy mamlakatga aylanishi xalqiga, yana ham to’g’rirog’i xalqining zehniyatiga bog’lik. U “Menga nima” deya zarralardan ko’z yumsa, oxir oqibatda Quyoshdan ko’z yumadi. “Menga nima” deya voqea – hodisalardan ko’z yumsa, oxir oqibatda o’zidan ko’z yumadi. Amerikadek bo’lishning eng birinchi sharti ana shu “Menga nima” degan yaramas xastalikni engishdir.

AL-QISSA: Sen bir burda non va bir hovuch shakarni zehniyat deb bilding, men esa seni qutqarmoqni. Ikkimiz ham xato qildik. Chunki Seni Sendan boshqa hech kim qutqarolmaydi.

MADANIYaTLAR ChORRAHASI

Azim va poyonsiz Tinch okeanining sharqiy qirg’og’ida joylashgan Portland shahrida Oregon shtatining Simfonik Kontsertlar Saroyiga taklif qilishdi. Raxmaninov va Shostakovich simfoniya-larining ijro kechasi ekan. Taklif qilinganlar orasida nafaqat inglizlar, balki o’nlab millat va elatlarning vakillari bor edi. Hashamatli va go’zal naqshlar bilan bezatilgan saroydagi shovqinning o’rnini dirijyorning qo’liga qamchisini, ya’ni tayoqchasini olishi bilan kirib kelgan sukunat qopladi.

Turli madaniyatlarga oid, to’g’rirog’i, o’zlarida turli madaniyatlarni yashatgan insonlar yakvujud bo’lib Shostakovichning beshinchi simfoniyasini tingladilar. Navbat Raxmaninovga keldi. Nafaqat muallif ismi sharifida, balki musiqasida ham qandaydir Sharqqa yaqinlik bor. Dirijyor tayoqchasini ko’tarishi bilan skripkaning ingroq sasi yoyildi. So’ng bu sasni pianinoning o’yinqaroq tovushi yulib ketdi. Birdan violonchelning titroq ohangi oldinga o’tdi, ammo u kontrabassning bo’g’iq sasiga qorishib, ummonda g’arq bo’lgandek, ohanglar qo’yniga singib ketdi. Avvaliga g’ayriodatiy tuyulgan ovozlar birdan uyg’unlashib sokin ummon ustida orqama- orqa kelgan to’lqinlar kabi bir yo’lga kirdi.

Simfoniya to’lqinlari tuyg’u qirg’oqlariga urilar ekan allaqanday his tiyran, tiniq va darin ummonning sehr iplariga osildi. O’rtada omonsiz kurash boshlandi. Tafakkurning taxmonlaridan qalqib kelgan kuch bu hisni tizginlab ortga tortqilay boshladi. Ortda moziyning bitiklaridan saslar o’laroq oyoqqa qalqqan qichqiriqlar avval faryodga, so’ng hayqiriqqa aylandi. O’rxon bitiklari tilga kiradi: O’ZLIGINI O’ZLAGAN KEChIKKAN ODAMDIR. O’ZLIGINI ASRAGAN O’TMIShINI O’LDIRMAGAN, KELAJAGINI BEShIGIDA BO’G’MAGAN INSONDIR.

O’zligim, deb yig’ladim,

Senga topinar ekan,

O’zligim, deb yig’ladim,

Boshim chopilar ekan!

O’rxon bitiklaridan kelgani kabi qalbda uyg’ongan bu sas butun tuyg’ularni jumbushga keltiradi va bugunning hayqiriqiga aylanadi:

O’zligim, deb hayqirdim,

Dovul, bo’ron essa ham.

O’zligim, deb hayqirdim,

Qilich boshni kessa ham !

Tafakkurning devorlariga Abu Nasr Forobiyning satrlari yoziladi go’yo: Sen boqiysan, ammo hisning ortidan ketsang foniyga aylanasan va g’aribliklar qo’ynida oniydan yo’qolasan. Hatto mozor toshingni boshqalar u yokda tursin, o’zing ham qidirib topolmaysan…

Simfoniyaning shiddatli bongi moziydan kelayotgan bu nidoni yutib yuboradi, go’yo. To’lqinlarga qo’shilib, goh ko’rinib, goh g’arq bo’lib , girdobning panjasidan qutulmoq uchun mujodalaga kirgan bu nidoni qutqarmoqqa, yordamga kelgandek, Abu Rayhon Beruniy hazratlarining yodgorliklari oyoqqa qalqadi. Zalvorli, og’ir toshli, bosiq bir sas dolg’alarni parchalab yuboradi: Zamin ummonlarning qurigan nuqtasidir. Zamin insonlarning ulg’aygan makonidir. Zamin kurashga kirganlarning suyangan tog’i, joni-jahonidir…

Simfoniya tobora yuksalib borar ekan, bu ulkan tog’ni ham ko’mib yuborishga urinadi. Ammo tog’ shu qadar mustahkamki, uning poyini emirmoqqa simfoniya ojiz edi. Tog’ shu qadar yuksakdaki, ummon har qancha yuqoriga talpinmasin, baribir uning oyoqlariga bosh qo’yardi.

Va… tog’ ortidan “Cho’li iroq”ning qilichdek o’tkir tig’li ohanglari mudragan tuyg’ularning yurak pardasini tirnab, o’lgan hislar ustidan faryod tortib, nolalarni giryonlarga ko’mib, ezg’ilovchi ustunligi bilan borliqqa hukm eta boshlaydi.”Cho’li iroq”ning munis va ma’sum hayqirig’i “Munojot”ning olovli ovozi bilan kuchlanadi, “Munojot” ohangining karvonida ne-ne jahongirlar, sohibqironlar, davlatmonandlar, yurtboshilaru -ellikboshi, o’nboshi va shoiri zamonlar qo’llari, oyoqlari zanjirlangan holda dardlar ortidan sudrala- sudrala kelardilar.

“Munojot” insonni ezib-ezib bir nuqtaga, bir zarraga aylantirib yuborar ekan, uning zulmidan zarraga aylangan inson ne-ne qudrat sohiblaridan ustunroq kuchga ega ekanligini anglaydi. Chunki u zarra hislarga qul bo’lmaydi va faqat “Munojot”ning qulidir u!

“Munojot”ning ortidan “Toshkent irog’i”, so’ngra “Segoh” va “Samarqand ushshog’i” undan so’ngra esa “Navo” oqib kela boshlaydi. Bu kuch, bu qudrat oldida bo’yin eggan simfoniyaning to’lqinlari tobora sinib, o’z go’shasiga chekila-chekila, borliq qo’yniga singib ketdi va zalda gulduros qarsak yangradi.

Inglizlar, ispanlar, yaponlar, ruslar, ukrainlar, xullas oq tanli-yu qizil tanli-yu qora tanli insonlar bir vujud bo’lib Raxmaninov simfoniyasini olqishlayotgan edilar. Bir kun ular “Cho’li iroq”ni, “Munojot”ni ham olqishlamoqlarini istardi ko’ngil. Ammo qayoqda?! Atlantikaning naryog’ida, Hind ummoniga yaqin bir erda bu soatda O’zbekiston uxlayotgan edi. Amerika esa uyg’oq, oyokda. O’zbekiston balki darin uyqudan so’ng yolg’on tush og’ushida… Balki tushning mudroqlikka aylangan bir payti bu. Chunki Quyosh chiqib kelmokda… uni uyg’otmoq uchun!

AL – QISSA: Sen uyquni sevding, uyqu o’lim ekanligini bila-bila, Men esa Seni uyg’otmoq istadim, hali beri uyg’onmasligingni bila-bila…

MUVOZANAT NUQTASI

Amerika Konstitutsiyasiga nazar solsangiz, davlat tizimining ma’lum bir nuqtalar ustiga mustahkam o’rnatilgani va muvozanat saqlanganini ko’rasiz. Bolalik yillarimizda o’qituvchimiz geometriya darsida Samarqandning Registon maydoniga olib kelib muvozanat tushunchasini anglatgandi. Registon maydoni daryo oqib o’tgan qumlik joy bo’lgani uchun bu erdagi madrasalar shunday qurilganki, xuddi tarozining pallalari singari muvozanat saqlagan holda bir-birini tutib turadi. Sherdor, Tillaqori va Ulug’bek madrasalari er

ostidan bir-biriga bog’langan.

Muvozanat ularni asrlardir dovullardan, zilzilalardan va boshqa ofatlardan asramokda. Agar me’morlar o’rnatgan muvozanat biroz bo’lsa-da buzilganda bugun qarshimizda faqat vayronalarni ko’rgan bo’lardik. Amerika konstitutsiyasi ham ana shunday muvozanatga qurilgan. Bu muvozanat insonlarning voz kechilmas haq va erkinliklari poymol etilishini va iqtidorni suiste’mol qilishning oldini olishga qaratilgan.

Xuddi Samarqand me’morlaridan o’rnak olingandek, konstitutsiyaning uch madrasasi, ya’ni uch yo’nalishi bor. Ijro, qonunchilik va sud hokimiyati. Uchalasining orasidagi muvozanat juda nozik nuqtalarga tayangan bo’lsa-da, mana qariyb 200 yildirki hech kim bu nuqtalarni oyoq osti qilishga intilmaydi. Chunki oqibat vayrona ekanligini yaxshi anglashadi.

Garchi Amerika prezidentlik boshqaruviga asoslangan va Prezidentga nihoyatda keng vakolatlar berilgan bo’lsa-da, qonunchilik hamda sud tizimlari Prezidentni muvozanat talabi darajasida nazorat etadilar.

Ikkinchi tomondan ijro tizimining ichida ham shunday muvozanat o’rnatilganki, jilov nafaqat Prezidentning qo’lida, balki ikkinchi tomonning ham jilovni tortish imkoniyatlari bor. Masalan, Adliya vazirini Prezident tanlab tayinlasa-da, uning zaruriyat tug’ilganda, Prezident ustidan ham tergov

boshlatish huquqi bor.

Xuddi Oq uyda ishqiy mojarolar haqidagi iddaolardan keyin Klintonga juda yaqin bo’lgan Adliya vazirining o’z Prezidenti ustidan tergov boshlatgani kabi. Bundan shunday xulosa chiqadiki, Amerika konstitutsiyasining tamal nuqtalaridan biri konun oldida hammaning: shohu gadoning, birday ekanligidir. Bu xulosaning silsilasi o’laroq yana bir nuqta ko’zga tashlanadi. U ham bo’lsa qonunlarning shartsiz va qaytsiz hayotga tadbiq etilishidir. Ana shu zanjirlardan bittasi uzilsa, muvozanat o’z o’qidan chiqib ketadi va huquqiy davlat tushunchasi qog’oz mulkiga aylanadi.

Parlamentdagi bir qator komissiyalar ijroning, ya’ni Prezident rahbar bo’lgan hukumatning faoliyatini nazorat qiladilar. Amerika Kongressida hukumat faoliyatining ipidan ignasiga qadar ko’z oldida tutish va tekshirish yo’lga qo’yilgan. 538 kishilik AQSh kongressida 35 mingdan ziyod kishi ishlaganini tasavvur qilsak, bu masalaga naqadar muhim e’tibor berilganini ko’ramiz. Bu 35 ming inson bekchi, choy tashuvchi, yoki qorovul deb o’ylamang. Ular kongress a’zolarining har biriga bog’lik maxsus guruhlarda, turli komissiyalarda faoliyat ko’rsatadigan yuksak malakali insonlardir. Qisqasi ijroning jilovini tutib turadilar.

Ba’zilar qonunchilik, ijro va sud hokimiyatlarini ajratar ekanlar, ular bir- birlarining faoliyatlariga aralashmasliklari kerak, degan aqidani urg’ulaydilar. Masalan, O’zbekiston mustaqil bo’lganidan keyin uning parlamenti hukumatning faoliyatini nazorat qilish mexanizmini ishga tushirganda, katta tortishuvlar kelib chiqqandi. Oxir oqibatda barchaga shunday fikr singdirildiki, parlament qonunlar chiqaradi, ijro hukumati esa uni mustaqil ravishda bajaradi.

Hukumat ma’qul topgan taqdirda, parlamentga hisob beradi. Sodda qilib aytganda, o’zbek parlamentining bevosita nazorat mexanizmi o’ldirildi. Hatto millatvakillari byudjetning juda ko’p sohalarida mablag’ qaerga sarflanayotganidan mutlaqo bexabardirlar. Amerika Kongressi esa har bir tsentning, ya’ni har bir tiyinning sarflanish o’rniga qadar o’rganadi va bevosita tekshiruv o’tkazadi.

O’zbekiston parlamentining hatto aniq shikoyatlarni tekshirish vakolati qo’lidan olib qo’yilgan. Ya’ni kelgan shikoyatlarni hukumatga yuborish bilan pochtalonlik xizmatini bajarishga bo’ysundirilgan.

AL-QISSA: Sen qonunni qog’oz deb bilding. Seni qog’oz bilan qo’mishlaridan qo’rqding, faqat. Men esa qonunni qonun deb bildim, qonunsizlikdan qo’rqdim, faqat… (15 mart 1998 yil)

QOG’OZDAGI HAQIQAT

1992 yil 8 dekabrda, 12-chaqiriq O’zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining o’n birinchi sessiyasida mamlakatning yangi Konstitutsiyasi qabul qilingan edi.

Xuddi kechagidek yodimda. Prezident Devonida loyihasi tayyorlangan va so’ngra xorijdan kelgan ikki-uch olim tarafidan u er bu eriga qalam tegizilgan bu hujjat viloyatlarga muhokama qilish uchun yuborildi. O’zbekiston Prezidentining davlat maslahatchisi Mavlon Umrzoqov va Vazirlar Mahkamasi raisining birinchi o’rinbosari Ismoil Jo’rabekov navbati bilan viloyatlarga tashrif buyurib, har bir viloyatdan saylangan O’zbekiston Xalq deputatlarini muhokama uchun bir joyga to’plashardi.

Qisqagina davom etgan bu majlisdan keyin matbuotga berilgan xabarda, «falon viloyatdagi O’zbekiston Xalq deputatlari Konstitutsiya loyihasini muhokama qildilar va uning 89-moddasiga «O’zbekiston Respublikasi Prezidenti ayni vaqtda Vazirlar Mahkamasining raisi hisoblanadi» jumlasini kiritishni taklif qildilar», degan satrlar o’rin olardi. Barcha viloyatlarda o’tkazilgan yig’ilishlardan faqat ana shu taklif chiqqaniga urg’u berilardi. Gap shundaki, G’arbdan kelgan olimlar Konstitutsiyadagi ba’zi moddalarning g’ayridemokratik ekanligini ta’kidlaganlari bois yuqoridagi «demokratik usul» o’ylab topilgandi.

Darhaqiqat, O’zbekiston Konstitutsiyasi hech kimga so’z bermaydigan darajada go’zal so’zlar bilan yozilgan. Unda inson huquqlari, davlat suvereniteti, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak ma’suliyat, demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat, xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan qoidalari va shu singarilar uchraganda G’arbda demokratiyaning otasiman, deb yurganlar ham labini yalab qoladigan mukammal jumlalar bir oraga keltirgan. Loyihada ko’ppartiyaviylik, so’z va tushuncha, namoyishlar erkinligi kafolatlangan bo’lsa-da, biz unda demokratik davlatning tamoyilini tashkil etadigan asosiy umurtqa yo’qligini uqtirgandik.

Ma’lumki, demokratik huquqiy davlat uch ustunga tayanadi. Qonunchilik, ijro va mahkama ustunlarining umumdunyo e’tirof etgan vazifalari bor. Ana shulardan ba’zilari unutildimi, bu ustunlarning bo’yi kesiladi va tomning og’irligi boshqa ustunga qoladi. Buning oqibatlari esa tahlikali. Demokratik huquqiy davlatda qonunchilik, ijro va mahkama kuchlari proportsional ravishda bir -birini nazorat qilib turadi. Shu nuqtai nazardan qarasak, Konstitutsiyaning 95-moddasida shunday satrlar bor: «Prezidentning konstitutsiyaviy sud bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida Oliy majlis tarqatilib yuborilishi mumkin».

Demokratik-huquqiy davlatda bu normal hol, qachonki buning aksi ham o’z ifodasini topgan bo’lsa. Tarozining qarama-qarshi pallasida «impichment» degan hodisa turishi kerak. Gap shundaki, Oliy majlis ham Prezidentga ishonchsizlik bildirish vakolatiga ega bo’lish kerak. O’shanda muvozanat saqlanadi, lekin bizning dovrug’i olam Konstitutsiyada bu narsa yo’q. Buning oqibatini esa har kun, har soatda ko’rib turibmiz. Hatto inson haqlari masalasi Oliy majlisda muhokama qilinar ekan, Prezidentning shaxsan o’zi «Gapiringlar, kamchiliklarni aytinglar» deyishiga qaramay, butun deputatlar jim edi.

Ha, ular ko’zoynagi olib qo’yilgan olim, qurolsiz maydonga tushirilgan askarga o’xshab qolgandilar. Ishonchim komilki, bugunga qadar Konstitutsiyamizni madh etib, bir nechtadan kitob yozgan maddohi zamonlar bugun ham, ertaga ham uni tarannum etishadi. Lekin bitta narsani ko’rmaslikka olishadi, bu hujjat qog’ozdagi haqiqatdir. Gapni cho’zib o’tirmaylik, Konstitutsiyadan bir jumla o’qiylik: 34-modda: «Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek, hokimiyatning vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitish mumkin emas».

Ha, muxolifatchi shaxslar bugun ne ahvolda ekanligi sizga ayon. Yoki yana bir jumla. 33-modda: «Fuqarolar o’z ijtimoiy faolliklarini O’zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig’ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga egadirlar». Muxolifat miting o’tkazish u yokda tursin, miting o’tkazish uchun ruxsat so’rasin-chi? Ha, boshiga nimalar kelishini allaqachon taxmin qildingiz.

Darvoqe, so’zimni olti yil oldingi voqealardan boshlagandim. O’shanda viloyatlarda o’tkazilgan kichik majlislarni bahona qilib, Oliy Kengashda Konstitutsiya loyihasi muhokama qilinmasdan ovozga qo’yildi.

Uning o’sha kuni bir necha daqiqa ichida qabul qilinishi ham oldindan ma’lum edi. Chunki oldindan loyiha qabuli 8-dekabr tushdan keyinga belgilangan, kechqurun esa Navro’z saroyida katta ziyofat buyurilgandi.

Xuddi oldindan belgilanganidek, hammasi vaqti soatida o’tdi. Konstitutsiyamiz ham xuddi oldindan belgilanganidek qog’ozdagi haqiqatdan amaldagi haqiqatga aylanmay qoldi.

AL-QISSA: Sen telefonni Konstitutsiya deb bilding. Telefondan kelgan ovozni qonun, ovoz egasini Xudo deya o’zingni ovutding. Ne darig’ki, shu «qonun», shu «xudo» seni urdi. Men esa bandasiga emas o’ziga-Tangriga ishondim. Telefon buyrug’ini emas, qalb sasini tingladim. (7 dekabr 1998 yil)

BOSh QONIMIZ TOZAMI?

Xalqning bir qismini aldash mumkin, yana bir qismini doim aldash mumkin, xalqning hammasini vaqtincha aldash mumkin, lekin butun xalqni hamma vaqt aldash mumkin emas, degandi Amerika prezidentlaridan biri. Chunki g’arbda mamlakatni idora qilishga da’vogar shaxslarning «etti ko’rpasini» ag’darib ko’radilar.

Shaxsning halolligi, rostgo’yligi, diyonatli, iymonli, insofli, aql-idrokli va salomat bo’lishiga ahamiyat beriladi. Amerikada saylovlar davrida Kennedi yoshligida qimor o’ynagani, Bush qandaydir hujjatli filmni xavfsizlik idorasiga sotgani, Klinton go’zal bir xonimga ko’ngil qo’ygani kabi holatlar ham suv betiga qalqib chiqqan. Chunki Amerika xalqi fermaga mudir emas, mamlakatga rahbar, agar mamlakat vujud bo’lsa vujudga bosh, agar mamlakat bosh bo’lsa, boshga qudrat istashadi. Shu bois xam Turkiyada oliy rahbarni Boshqon deyishadi. Amerikaliklar Boshqon saylashayotganini bilishadi.

Sho’rolar davrida esa shaxsning hujjatlari «toza» bo’lsa bas edi. Har qanday ifloslik bulg’agan hujjatni jaraq-jaraq pul bir pastda tozalardi. U paytda shaxsning partiyaga sadoqati, xalqqa qo’rqmay yolg’on so’zlay olish qobiliyati ustun o’rin egallardi. Xo’sh, bugun nega biz mustaqil mamlakatda yashab Lenin chizib bergan yo’ldan bir qadam ham chiqa olmayapmiz? Nega boshqonimiz haqida bilishni istamaymiz.

Boshimizda aylanadigan qon toza bo’lsa vujudimiz tetik, tafakkurimiz tiniq bo’lishini nahotki o’ylamasak? Yo’q, o’ylashga bosh qonning iflosligi yo’l bermaydi. Qanday qilib iflos qon bosh tomirlarimizni chirmab

oldi?

Makr mahoratdir, degan ekan birov. Makrning million qarmog’i bo’ladi. Biridan qochsang ikkinchisiga tutulasan. Makrdan uzoq bo’lishning yo’li ikkidir. Biri uni bilish, ikkinchisi uni yo’qotish. Birinchisiga ega bo’lmay ikkinchisiga erishib bo’lmaydi. Tabiatning oddiy qonuni bu.

Men ilk daf’a Islom Karimovga duch kelganimda orzularim tug’yon urdi. Yurakdagi bunday lovullagan olov, kuch-g’ayrat, fidoyilik bilan partiya idoralarida qanday ishlayapti, ekan bu zot, degan savol o’rtadi meni.

Tasavvur qiling, sobiq sho’rolar mamlakatida to’qnashuvlar tufayli quyosh chizig’idan chiqqan bir payt. Ham fikr, ham musht to’qnashuvlari. Ozodlik va qullik kurashmokda edi. Sobiq komfirqa nima bo’lsa-da o’zini saqlab qolish talvasasida. Buning evaziga ko’p narsadan qochmoqqa va ko’p narsani emirmoqqa tayyor.

Shunday kezda sho’rolar mamlakati tayangan va ishongan «shtab»lardan biri O’zbekiston komfirqasining birinchi kotibi Islom Karimov Kattako’rg’on tumanida saylovchilar bilan (O’zbekiston SSR Oliy Sovetiga XII chaqiriq saylovlari boshlangan paytda) uchrashmokda. Endi-endi o’zbek tilini o’rgana boshlagan «birinchi»ning so’zlarni qo’pol tarzda buzib gapirishi, kulgili iboralar ishlatishi, oldi-qochdi gaplardan qutula olmasligi hech kimning g’ashiga tegmas edi. Chunki u ana shu kurmaklar aro pishiq guruchlar sochayotgandi.

«Qachongacha erimiz, Vatanimiz, boyliklarimizga naryog’dan kelganlar xo’jayinlik qiladilar». Qarsaklar.

«Qachongacha o’zbek tili hur bo’ladi. O’z tariximiz, dinimiz, tilimiz, qadriyatlarimiz qachongacha karam (qaram demokchi- J.M.) bo’ladi. Biz ozod, mustaqil bo’lishimiz uchun kerak bo’lsa jonimni beraman». Gulduros

qarsaqlar.

«Biz faqat paxta, tillolar evaziga dunyoda eng boy yashashimiz mumkinligini mana shu manbardan (minbardan, demokchi – J.M.) ishonch bilan aytaman». Qarsaqlar.

«Men naryog’dan, keling ochiq aytay, Moskovdan qo’rqadigan erim yo’q. Sizlar himoya qilsalaring, bas. Nima deysizlar?» Gulduros qarsaqlar.

«Farg’ona, Bo’ka, Parkent voqealarini kim uyushtirganini bilaman. Ochib tashlaymiz hali. Oldingizda tiz cho’kib aytamanki, hammasi jazosini oladi». Qarsaqlar.

«Saylovlar ozod bo’ladi. Ko’ppartiyaviylikka yo’l ochamiz. Kommunistik partiya maydondan chiqadi. Moskovda uxlab yotgan deputatlarimizni ishga solamiz». Qarsaqlar.

«Paxta ishi» bilan qamalganlarni, insholloh ozod qilamiz». Qarsaqlar.

«Erni dehqonga beramiz, Gorbachyov qo’lini peshtaxta (pesh demoqchi-J.M.) qilmasin ko’p. Siz qo’llasangiz, biz ham qo’limizni peshtaxta qilamiz». Gulduros qarsaqlar.

Qarsak urganlar va Karimovni qo’llab gapirganlar safida kamina ham bor edi. «Birinchi» bemalol yolg’on gapirishi, xalqni aldashi, bugun aytib ertaga qaytishi mumkin degan fikrdan yiroq edim. Taassufki, ana shu men yiroq bo’lgan fikrlar haqiqatning o’zginasi ekan. Ha, haqiqat olis-olislarda, etganlar bor, etmaganlar bor!

Kunlarning birida qo’shnimiz Tamara opa bilan bahslashib qoldim.

-Karimov bilan birga o’qiganmiz – dedi u. –To’polonchi bola edi. Bahoni past qo’ygan muallimning sho’ri qurirdi. Ko’pincha «Siyob» kolxoz bozoridan qovun o’g’irlab kelishardi. «O’zbaklarni dog’da qo’yib keldik. «Ha, tojik bola», deb quvgandi, qovunlarining ustidan sakradim. U ham sakrayman, deb og’zi bilan qopishdi. Qovunlari yumalab ketdi», deganda bir qiz nimadir mung’illadi. Qo’lidagi po’choq bilan basharasiga urib, onasi-yu otasini bug’doyzordan olib arpazorga soldi.

Ha, endi bolalikda nima bo’lmaydi,- deya qarshilik qildim. Oradan ikki yil kechib «Ostankino» oynaijahoni «Xalq saylaganlar» turkumidan Islom Karimov haqida film namoyish qildi.

«Bolalikdan balandga sakrashni yaxshi ko’rardim» dedi «xalq suygan» boshqon. Ko’z oldimga qontalash bo’lgan qovunchi bobo keldi.

Toshkentda gap tarqaldi: «Karimov Oliy kengash raisini tepa-tepa xonasidan quvibdi. Uning baqirib qochganini atrofdagilar tomosha qilishibdi. «Bo’lmagan gap deb o’yladim. Og’izga kelganini gapiraverisharkanda!», degan fikr o’tdi ko’nglimdan.

Xastaxonada edim. Hamkasbim, taniqli jurnalist do’stim kirib keldi. Rang-ro’yida qon yo’q.

– Meni tepdi, – dedi u.

Darrov angladim. Prezident tepgan. Chunki do’stim Islom Karimovga yordamchi edi.

-Ayting, nima qilay? Iste’fo yozaymi, ketaymi? – dedi u.

-Nima bo’ldi o’zi? – so’radim kinoya bilan.

Jigaristonga borib qishloqni tuproq bosib qolishini o’rgandim. Mutaxassislar bir necha marta yuqoriga xat yozib xavfdan ogoh etishgan ekan. Agar oldi olinsa shuncha odam o’lib ketmasdi. Prezidentga kirib «Jinoyatchi shu erda ekan, sizdan xatni yashirishgan» deganimni bilaman. «Jahongirni dushman der edim, sen etti marta ziyod dushman ekansan! Onangni…» deb so’kib tepa ketdi. Ayting nima qilay?

Chidab yuravering, – deb piching qildim.

O’zim ham…

Keyin bu voqeani u hamkasblarimizga ko’p gapirib yurdi, samimiyat bilan. Men esa qovunchiga achingan qizaloqni o’ylardim.

Bir kuni saylovdagi ishonchli vakilim Hafiz aka Azizov to’yga aytdi. Alohida uyda Karimovning akasi – Ibod aka va oqsoqollar o’tirishgan ekan.

– Ibod G’anievich yon qo’shnimiz bo’ladilar, – deya tanishtirdi bag’ri daryo, birovga yomonlik istamaydigan inson Hafiz aka, –

– Bizning bolalarning tog’asiga o’g’il bo’ladilar.

Hafiz aka tashqariga chikdi. Biz ancha suhbatlashdik. Ibod aka ochilmadi. Ukasi haqida so’z aytmadi. Yaqinda to’y qilgani, to’yga Samarqand viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov kelganini tojik tilida qistirib o’tdi. U uzr istab chiqib ketgach, do’stlari ig’vo boshlashdi. Balki meni tojik tilini tushunmaydi deb o’ylashdimi yoki sessiyada Karimovga qarshi gapirganim uchun ataylab surpani ochishdimi, harqalay tushunolmadim.

-Akasining to’yiga kelmadi. Shundan og’ringan bu, – dedi oqsoqollardan biri.

-Yo’g’-e, Islomni bilmaydimiki, xafa bo’lsin, – dedi boshqa bir oqsoqol.

Narigi akasi o’lganda soat to’rtgacha tobutni ko’tarishmadi. Bir vaqti keldi-yu, «komissiya bor» deb orqasiga qaytdi. O’shanda xafa bo’lmagan, endi ranjiydimi?

-Ishqilib oxiri baxayr bo’lsin. Qurg’ur otasini ham zor qaqshatgan.

-Otasida ham bor edi-da…

-He, otang gadoy bo’lsa to’rva ushla, deyishgan. Uyda otamiz o’tirganda tomga chiqarmidik? U otasini ham, onasi Sanobar xolani ham xo’rladi. Oxiri uydan quvib qutulishdi sho’rliklar…

Bu gaplarga ishonmasamda vujudimda titroq boshlandi. Titroq savollarga aylandi, Nahotki, ona O’zbekistonning peshonasiga shunday bir o’g’il bitgan bo’lsa? O’zbekiston oxirati Abdug’ani ota va Sanobar ayalarning takdiriga o’xshamasmikan?!

O’ sho’rlik yurtim, shunchalar aziyat chekkaning etmasmidi?

La’nat shaytonga, deb savollarni quvdim. Keyin bu gaplarni bot-bot surishtirdim. Hatto qamokdagi ukasi Arslon ozodlikka chiqib Toshkentga kelganida Karimov qabul qilmagach, bu gaplarni oshkor qilganini aytishganda ham «dedi-dedi» deb o’yladim. Ammo, haqiqat o’lmaydi. Baribir o’zini ko’rsatadi. Karimovning eng yaqin qarindoshlari ham buni tasdiqlashdi. Ular ham unga ishonmas edilar. Yurtga achinishardi.

Men esa kuzataman. «Xalq so’zi» yozadi: «O’zbekistonning boshiga baxt qushi qo’ndi… Podshoh Allohning erdagi soyasi… Islom Karimov mehribon otamiz… Lutfixonim aya olamdan o’tganda qabristonga qadar tobutni ko’tarib bordi». Ko’z oldimga Chorraha mahallasi, Islom Karimovni intiq kutgan qarindoshlar. Beli bog’liq akalarning uning ortidan mung’ayib qarab qolishi, so’ppaygan tobut kelaveradi.

Umuman podshoh qanday bo’lishi haqida ma’lum bir yo’riq bormi? Albatta yo’q. Agar «qolip» doirasida ish ko’radigan kishi uchun zarurat tug’ilsa robotdan yaxshisi bormi? Demak, podshoh, ya’ni bugungi so’z bilan Prezident sizu bizning oramizdan chiqqan kishi. Tabiiyki, uning o’ziga xos nuqslari, qusurlari, kamchiliklari bo’ladi. Lekin uning yaxshi tomonlari zarradek ko’rinib, manfiy jihatlari bo’rtib tursa, bu siz va bizning ham sho’rimiz, ham xatoimiz, ham jazoimiz.

Insonlarga rahnamo bo’lishim o’n ikki fazilatga egaligim tufaylidir, deb yozgandi buyuk bobokalonimiz Amur Temur. Garchi tarix, davr orqaga emas, oldinga aylangan bo’lsa-da, juda katta istihola bilan muqoyasa qilish… Islom Karimov nomini ulug’ bobomiz nomlari bilan yonma-yon yozishni gunoh deb hisoblayman, lekin taassufki, «Xalq so’zi»(Anvar Jo’raboev muharrir bo’lgan davrda) bezbetlik ila Islom Karimovni sohibqironga tenglashtirdi. Bor yo’g’i 2-3 soni chiqqan «Ipak yo’li» gazeti esa avval Islom Karimovning, so’ng esa Amir Temur nomini keltirdi. Tarixga, millatga, o’z-o’ziga bunday haqorat har qadamda «gullab yotardi».

Shu bois Jahongir Ko’ragonning o’n ikki qoidalariga nazar solaylik-chi, qaysi biri Islom Karimovda mujassam ekan?!

Amir Temur: «Birinchi. Men sifatlarimning avvali deb beg’arazlikni tushundim…»

Yuzlab va hatto minglab misollardan faqat bittasini keltiraman. Ettinchi sessiyada(1991 yil kuzida) talabchan deputatlardan bir guruhi Islom Karimovning kamchiliklarini betiga aytishdi. U qo’lini ko’ksiga qo’yib «Hammasi to’g’ri, tan olaman, imkon beringlar tuzataman» deb ont ichdi. Vaholanki, undan qasam ichish talab qilinmagandi.

Xo’sh, oradan yil ham kechmay nima yuz berdi? O’sha ettinchi sessiyada so’zga chiqqan deputatlarni «xalq vakillikdan olaboshladi». Saylov joylariga sanoqli odamlar kelib, qog’ozda butun xalq «ovoz berdi». Quvg’in ustiga quvg’in boshlandi. G’araz iloni chaqmagan joy qolmadi. Ettinchi sessiya qahramonlari Hamza Eshnazarov, Rinat Burxonov, Alijon Qo’chqorov, Otajon Polvonov, Oygul Mamatova, Toyiba To’laganova, Baxtiyor Qodirov va boshqalar Oliy Kengashdagi ishlaridan chetlatildilar. Kimdir bo’shatildi, kimdir qisqartirishga tushdi, kimdir quvildi. Xalq deputatlari Murod Jo’raev, Inomjon Tursunov, Shovruq Ro’zimurodov, Nasrulloh Said, Imom Fayzi, Otajon Polvonovlarning qismati nima bo’ldi? Ular millatning guli edilar. Karimov «qilichi» bu gullarni kesib tashladi.

Ajoyib qalamkash, dramaturg Inomjon Tursunov Karimovdan bo’lak fikrlagani uchun hibsga olindi. Murod Jo’raev ham jinoyatchi deb topildi va hokazo.

G’araz asosiy fazilatga aylandi. Har kun, har soatda kimdir g’araz yo’lida qurbon bo’ldi.

Amir Temur: «Ikkinchi. Men har doim Islomga qat’iy rioya qilardim».

Islom Karimov doim Islomga qulluq qiladi. So’zda. Kalomni «Insholloh»dan boshlab «insholloh» bilan tugatadi. Qo’lini kalomullohga qo’yib qasam ichgani hali yodimizda. Ammo Xollandiyaga borganda «Bizda Islom xavfi bor, shu bois qattiqqo’lman» degan ham u. Misrga borib esa Al-ahzar dorilfununining ilohiyot borasidagi yuksak xizmat uchun beriladigan unvonini olib qaytgan ham bizning Boshqonimiz.

Tojikistonda ozodlik istaganlardan qo’rqib dunyoga jar soldi: «Islomparastlar, dinparastlar odamlarning boshini kesishmokda». Makkaga borib qaytganda esa katta majlislarda «Men xudoning uyiga borib keldim, hojiman, bilib qo’yinglar» dedi. Bir tarafda xalqni Qurbon hayiti bilan tabriklab, ikkinchi tarafda madrasalar, machitlardan odamlarni quvishga amr berdi. Musulmonman, degan zot uchun bu dunyo zulmatga aylandi. Din arboblari qatag’onga uchradilar. E’tiqod, iymon, ishonch, diyonatni asragan, avaylagan kishilar xavfli shayton, tilyog’lamachilik, aldov, qasdbozlik, manfaatparastlik, rushvatxo’rlik qullari esa rahmon bo’lib ko’rindilar.

Amir Temur: «Uchinchi. Men kambag’allarga ko’p xayru ehson qildim, va muammoni diqqat bilan tekshirdim, va uni mumkin qadar to’g’ri hal qilishga butun jahdimni sarfladim».

Islom Karimov ulug’ Jahongirga sodiq yo’l tutishni istadi. Muallimlarga tekin uy-joy berish, yolg’iz qariyalarga imtiyozlar, urush nogironlariga mashinalar tarqatish kabi farmonlarni eslang. Oylab, yillab bu «dono» farmonlar targ’ib qilindi.

Amalda esa muallimlar tekin uy-joy olishgani uchun o’zgalardan etti marta ko’p ijara puli to’lashga giriftor qilindilar. Yolg’iz qariyalar… Millat ichida yolg’iz qariya yo’q edi. Ular farzandlari bilan yashardilar. Bu farmon o’zga millat vakillari himoyasi uchun yaratilgandi. Urush nogironlarining mashina olish uch o’n millionlari topilmadi. Darvoqe, kambag’allarga «er berildi». Avvaldan kurilish materiallari jamg’arilmagani uchun bu borada qimmatchilik yuz berdi, taqchillik boshlandi. Bu el-ulusga ayon haqiqat…

Bugun faqat hodisalarni eslashning o’zi kishini vahimaga soladi.

Parkentda o’ldirilgan yigitlar ruhi hamon osmonimizda chinqirmokda.

Farg’onada shahidlar haqorat qilindilar.

Andijonda may kunlari hibsxonalarda yigitlar qiynoqqa solindilar.

Namanganda askarlar tinch aholini qirg’in-barot etdilar. Dindorlarga qotil tamg’asi bosildi.

Samarqandda mitingga chiqqan yigitlar savalandilar, qamoqqa olindilar.

Qashqadaryoda tahqir bosh tutdi. Toshkent talabalar shaharchasida adolat istaganlar otildilar…

Faqat sanash uchun soatlar kerak. Soatning ham yuragi bo’lganda portlardi… Mojarolarni «hal qilishda» «qassob»likni eriga etkazgan Temur Alimov, G’ulom Aliev, Bo’ritosh Mustafoev, Zokir Almatov, Alisher Mardiev, Ismoil Jo’rabekov, Mavlon Umrzoqov va boshqa «milliy qahramon»larning boshi vaqti-vaqti bilan silab turildi. Bu Boshqonning sodiq «lashkarboshi»lariga muhabbati ramzi edi. Kundaga qo’yish uchun silangan boshlar.

Amur Temur: «To’rtinchi. Xaloyiqqa rahm qildim, barchaga naf’ etkurdim. Bunda birovga nohaq ozor etkazmadim va mendan yordam so’rab kelganlarning ko’kragidan itarmadim…»

Rahm-shafqat… Ne ne onalar o’g’illari Karimovga muxolif bo’lgani uchun iztirobga cho’ktirildi. Ne ne bolalar otasi muxolifatda bo’lgani uchun etim qoldilar. O’lgan onalarimiz, tirik bo’lib ruhan o’lgan otalarimiz… Qarindosh-urug’larimizda ne ayb deganlar qancha?! Birgina taniqli va iste’dodli jurnalist Ahmadjon Muxtorovning Karimovga shafqat so’rab yozgan o’ndan ziyod xatidan xabardorman. «Hali bu kam, uning onasini…» deya haqorat qilganini ham ko’pchilik biladi. Avazxon Muxtorovning 90 yoshli onasi unga emas, arzini nega Klintonga yozdi?

Jizzax viloyatidan kelgan oqsoqollar hokimning g’aroyib qiliqlaridan nolishdi. «Bu qurumsoq chollarni feleton qilish zarur» dedi Prezident. Sharof Ubaydullaevning «O’zbekiston ovoz»ida bosilgan «Avtobus hokimiyati» «asari» shu zayl dunyoga keldi. Feletonlarning sanog’i bormikan?

Rahm-shafqat… «Birlik» xalq harakatining yo’lboshchilari Abdurahim Po’latov, Shuhrat Ismatullaevning «boshini to’rtta qilib qo’yish», «Erk» bosh kotibi Samad Murodning qovurg’alarini sindirish, jurnalist Anvar Usmonovning «uyini yoqib yuborish», inson huquqlari himoyachisi Mixail Ardzinovning «kvartirasiga portlagich tashlash», mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusufning «hovlisini portlatib yuborish» kabi topshiriqlar qaerdan chikdi?

«Ravil, qariya Qudratni infarktgacha olib bor, bildingmi?»

«Ravil, ana u danakchi qo’qonlik Yusufni emaklat, hamma ko’rsin!»

«Ravil,…»

Har kuni kotibiyat boshlig’i Ravil Abduqodirov xonasidagi apparatdan Prezidentning g’azabli topshiriqlari, ya’ni rahm-shafqati «taralardi». Hech vaqt o’tmay u bot-bot ijrosini surishtirardi.

Amir Temur: «Beshinchi. Islomga taalluqli ishlarni men har doim kundalik va dunyoviy ishlardan ustun qo’yib keldim…»

Karimov ham islomga taalluqli ishlar bilan doim shug’ullandi. Machit va madrasalarga qatnovchilar kuzatuv, ta’qib ostiga olindilar. Oddiy xatmi Qur’on majlisidan Makkai Mukarramadagi yig’inchilargacha ayg’okchi qo’yildi. Dindorlar Tojikistonda nohaq qamalgan birodarlarini yoqlab etti so’zli shoshilinchnoma yuborishsa, Islom Karimov uch oy matbuotni, oynaijahonni ularga qarshi «sayratdi». Mabodo Makkai Mukarramadagi yig’inlarda unga qarshi bir so’z aytilsa bormi… maslahatchisi Baxtiyor Nazarov vazifasidan judo bo’lar, hofiz Sherali Jo’raevning «ovozi o’chardi».

Ayniqsa, diniy idoraning moliyaviy ahvoli unga tinchlik bermasdi. Dahshatli imperiya davrida, ateizm «gullagan» paytda ham huquq tartibot xodimlari bu muqaddas idoraga bostirib kirishmagan. Lekin Karimov u erdagi har qog’ozni o’zi ko’rgisi va undan dushman barmoqlari izini topgisi kelardi. Bosh prokuror Bo’ri Mustafoev esa bu erda jinoyatchilik ildiz otgani haqida matbuotga jar soldi. Lekin yillar kechib biror jinoyatchi topilmaydi! Demak, u Alloh yo’lida sodiqlik ko’rsatganlarni o’ziga bo’ysundirish uchun qo’rquv, tahlika olovini sochardi.

Vaqti-vaqti bilan madrasalar, machitlardan xayri-ehson hisobiga kelgan audio va video apparatlarni tortib olardi. Ularning «tili»dan hadiksirardi.

Saudiya Arabistondan kelgan dindor machitlardan birida va’z aytib, bu erdagi xalq og’ir kun kechirayotganini ta’kidlagani bois 24 soat ichida mazkur mamlakatdan kelgan barcha mehmonlarni quvib chiqardi. Hatto ularning elchixonalari yopib qo’yildi.

Diniy idoralarga o’ziga sodiq kishilarni «saylab» qo’yish ham uning doimiy ishlaridan biri edi.

Amir Temur: «Oltinchi. Barcha so’zlarimda doimo haqiqatgo’ylikka rioya qildim».

Islom Karimovning haqiqatgo’yligi u taxtga kelgan ilk kundanoq boshlandi… «Matbuot erkin bo’ladi» deb bot-bot aytdi. Ommaviy axborot vositalari haqidagi qonunning «O’zbekistonda tsenzura bekor qilinadi»degan bosh jumlasini ro’kach qildi. Amalda har bir gazet «boshi»ga to’rt-beshtadan soqchi qo’ydi. Yuragidagi gapini yozgan qalamkashlarni ozodlik, mustaqillik dushmani deb e’lon qildi. «Erk», «Birlik»ning gazetalari ta’qibga uchradi.

Katta minbardan turib, O’zbekiston gullaydi, dedi. Amalda xazon bo’ldi bu yurt. «Pulingizni omonat kassasiga qo’ying, bo’lmasa kuyib qolasiz»dedi. Xalq haftalab omonat kassalari eshigida sarg’aydi. Pul qo’yganlar xonumoni kuygan kishilarga aylandilar. Millionlar tiyinga aylanib qoldi.

«Toshkent talabalar shaharchasidagi voqealarda «Erk» va «Birlik»ning qo’li yo’q» dedi xalqqa. So’ng qonli voqealar «Erk» va «Birlik»ning bo’yniga ag’darildi, ularning ustidan ish qo’zg’atildi.

Sharof Rashidov masalasida eng oliy haqiqatni men aytaman, deb minbarga ko’tarildi. Biroq Sharof Rashidovni qoralash, go’rma-go’r qilish haqidagi hujjatlarda o’zining imzosi ham borligini unutdi.

O’zbekiston o’z milliy armiyasini saqlashga qudrati etmaydi, dedi. Ammo O’rusiyaning yuz minglab askarlari O’zbekistonda turishi uchun xazinaning og’zini ochdi.

Mamlakatda hamma o’z ona tilida so’zlaydi, o’zbek tili davlat tili, deb takrorladi. O’zi esa o’zbek tilidagi hujjatlarni chetga surib, rus tilidagilarni o’qish odatini tark etmadi.

Parkent voqealari, Farg’ona fojeasi munosabati bilan tuzilgan komissiyalar haqiqatni oydinlashtirganlarida Islom Karimov bu hujjatlarni g’aladonning «mulki»ga aylantirdi.

Haqiqatgo’ylarni qatag’on qildirdi, aldov ustalarini atrofiga jamladi. Yolg’on, yolg’on va yolg’on siyosiy quroli bo’ldi.

Amir Temur: «Ettinchi. Men har kimga va’da bersam, unga vafo qildim»

Islom Karimovning va’dalari cheksiz, «O’zbekistonni olti oyda jannatga aylantiraman» deb va’da berdi. Olti oydan so’ng xalq jahannamga ro’baro’ keldi.

«O’zbekistonda ko’p partiyaviylik sharoitini yarataman» dedi. «Erk» demokratik partiyasi toshbo’ron qilindi. Ozod dehqonlar, «Birlik» va boshqa ko’plab partiyalarni to’lg’og’ida bo’g’di.

«O’zbekistonda hurfikrlilik yo’lini ochaman» dedi. Ammo bir fikrlilik, faqat Islom Karimovni maqtash yo’li ochildi. Fikri borlarning boshi yorildi.

«Turkiston» xalq harakatidan Bahrom G’oyib, «Birlik»dan Po’lat Oxunov, Shovruq Ro’zimurodov, «Erk»dan Nasrullo Said, Karimovni «Karimov» qilgan Shukrullo Mirsaidov, O’zbekistonda birinchi bo’lib kompartiyaning boshlang’ich tashkilotini tarqatib yuborgan Samandar Qo’qonov boshiga kulfatlar solindi. Ular tuhmat, bo’hton bilan qoralandilar.

«O’zbekistonda qishlokda yashovchilarni badavlat qilaman» dedi. Qishlokda yashovchilar bir burda nonga zor bo’ldilar.

«Bolalar paxta dalalariga olib chiqilmaydi» dedi. Maktablar yopildi, Oliy o’quv dargohlari butun kuz davomida faoliyatdan to’xtadi. Qahraton kunlarda ham bolalar och-nochor paxtazorda ishlatildi.

«O’zbekistonda demokratiya o’rnatiladi» dedi. Ammo yakka hokimlik, zo’ravonlik o’rnatildi. «Turkiya yo’lidan boramiz» dedi. Oy o’tmay Xitoy, Koreya yo’liga o’tildi. Rusiyani, Elsinni ayovsiz qoraladi. Amalda Rusiyaning, Elsinning etagidan ajralmadi.

Hali O’zbekistonda biror kishi Islom Karimov falon va’dasining ustidan chikdi, deb aytolmaydi. Hatto uning atrofida girdikapalak bo’lganlar ham.

Amir Temur: «Sakkizinchi. Doimo o’zimni Allohning erdagi mulkining posboni deb bildim»

Islom Karimov o’zini Allohning erdagi mulki sohibi deb bildi. Istasa, yurt tillolarini Shveytsariyaga, Angliya, Farangistonga olib borib qo’ydi. Istasa o’zbek tillolaridan yasalgan buyumlarni, tillo simli to’nlarni dunyo mamlakatlari bo’ylab sochib yubordi.

Muxolifatdagilarning shaxsiy uylarini tortib oldi.

Hatto odamlarni ham shaxsiy mulkim, deb bildi. O’zbekistonda qatag’on qilingach, bosh olib chiqib ketganlarni tutib keltira boshladi. Istasa urdi, istasa o’ldirdi.

«Moskvada yashayotgan muxolifatchilar kaltaklandi. «Erk» faoli Mirzo O’runov kabilar o’ldirildi. Shoira va siyosatchi Vasila Inoyatova, «Erk» gazetasi bosh muharriri Ibrohim Haqqul, o’rinbosari Nazar Eshonqul kabi olim-yozuvchilarni sud qildirdi.

Uning zulmidan Vatandan ketib qolish an’anasi bo’lmagan yurtda Vatansizlik oqimi boshlandi. Abdurahim Po’latov, Saloy Madaminov, Abdumannob Po’latov, Po’lat Oxun, Yodgor Obid, Anvar Usmon, Namoz Normo’min, Hazratqul Xudoyberdiev va boshqalar xorijga ketdilar.

Ellik yil xorijda yashab, umrining so’nggi pallasida Vatanni ziyorat qilishga otlangan, umr bo’yi Turkiston ozodligi uchun kurashgan etuk tarixchi Boymirza Hayit kelishi bilanoq O’zbekistondan quvib chiqarildi. Ozodlik yo’lida umrini ayamagan Vali Qayumxon yurtiga kelolmay xorijda qazo qildi.

Butun tariximiz ko’zgusi arxeologik qazilma boyliklari Rossiyada qoldi. Paxta arzon narxlarda tashib ketildi. Qurolli kuchlarga tegishli barcha texnika Rossiya hisobiga o’tkazildi.

O’g’rilik, poraxo’rlik avj oldi. Prezident tayinlagan hokimlar xalqni ayovsiz taladilar. Samarqandda Po’lat Abdurahmonov, Termezda Hakim Berdiev, Buxoroda Damir Yodgorov, Xorazmda Marks Jumaniyozov, Toshkentda Adham Fozilbekov, Mirzo Ulug’bek tumanida Shavkat Mirziyoev va boshqa o’nlab hokim va hokimchalar uning posponligida zug’umni qurol qilib xalq boshini yanchdilar. U jallodlarni tez-tez yangilab turdi.

Amir Temur: «To’qqizinchi: Nopok ishlardan butun vujudim bilan o’zimni tiydim».

Islom Karimovning eng sevgan mashg’uloti atrofidagi odamlarni bir-biriga dushman qilib qo’yishdir. Vaqtining ko’p qismini ig’vo, «dedi-dediga» sarflaydi. Shu bois maslahatchisi Mavlon Umurzoqov boshqa maslahatchisi Temur Alimov ustidan hujjat to’plasa, Temur Alimov Mavlon Umurzoqov ortidan ayg’oqchi qo’ydirdi. Nihoya qamokda «yozildi». Prezident maslahatchisi Shahobiddin Ziyomov, Tashqi ishlar vazirlari Shahlo Mahmudova, Ubay Abdurazzoqov, Sodiq Safoev (qarang-a, qancha tez almashgan), davlat kotibi Rahim Rajabov, Vazirlar mahkamasi raisi muovinlari Erkin Samandarov, Po’lat No”monov, Alixon Otajonov va boshqalar ana shu o’yinda o’ynab, shu o’yinning girdobiga tushib ketdilar.

Islom Karimov nopok yo’llar bilan odamlarni badnom qilishning ham ustasi edi. Jurnalist Sharof Ubaydullaevga shaxsan topshiriq va hujjatlar berib Sh.Mirsaidov, uning rafiqasi, so’ng R.Nishonov, V.Kamolov haqida feletonlar yozdirdi. Keyin Sh.Ubaydullaevning o’zini ham ishdan quvib yubordi.

Prezidentning bunday yo’lga oshuftaligini sezganlar u hakda madhiyanomalar yoza boshladilar. Anvar Jo’raboev «Arbobning kashf etilishi» «asarini» yozib «Xalq so’zi»ga muharrir bo’ldi, Murod Muhammad Do’st «Turkiyadan Turkiyaga» madhiyanomasini bitib matbuot kotibi, Shavkat Yahyoev «O’zbekiston prezidentini jahon tan oldi» degan «dostoni»ni yozib Teleradiokompaniyaga rais, Odil Yoqubov «Havo yo’lida bir soat» «asari»ni bag’ishlab Atamalar qo’mitasi raisi, Jamol Kamol «Mustaqillik boyligi» turkum maqolalarini e’lon etib Yozuvchilar soyuzi raisi, Omon Matchon teleekran madhiyalarini o’qib Xalq shoiri unvonini oldilar. Bu an’anaga aylandi.Bugun karvonning na boshi na oxiri, na tuyasi na ko’ppagi bor.

Har bir yig’in, voqea oldidan o’nlab kishilarni mansab, unvonlar bilan tinchitib turish ham Karimovning sevgan ishlaridan.

Uning xalq orasida latifaga aylangan so’kishlari ham ko’p narsalardan darak beradi. Atrofidagi rahbarlarni «onangni…» deb haqoratlashi, tepishi, tahqirlashi na qozonda va na cho’michda turadi.

Nopoklik kun sayin, soat sayin yoyilib boryapti. Bu xastalik – davosi yo’q xastalikka duchor bo’lganlar, bo’layotganlarning sanog’iga birov etsa etardi, lekin ko’pchilik etmasdi…

Amir Temur: «O’ninchi: Men iymon bilan qudrat bir onadan tug’ilgan deb ishonganman».

Islom Karimov iymonni emas kuchni yaxshi tushunadi. U qudratni muhofaza va hujum deb biladi. Minglab chiniqqan yigitlardan o’ziga qo’riqchi tanladi. Hatto Oliy Kengash majlislariga deputatlarni tintuvdan so’ng kirgizdi. Uning huzuriga belgilangan 5-10 kishidan boshqa hech kim kirolmaydi. Xalq bilan uchrashmay, ko’rishmay qo’ydi.

O’zi ishlagan va yashagan binolarni temir panjaralar bilan o’rab oldi. Lazer nurlari bilan qo’riqxona yaratdi. Xavfsizlik qo’mitasidan telefonlarga quloq tutish boshqarmasini o’ziga oldi. Ichki ishlari, Prokuratura, Xavfsizlik qo’mitasi shtatlarini ikki-uch baravar oshirdi. U erda ishlayotganlarning maoshlarini eng yuqori qilib belgiladi. Ularga hamma imtiyozlarni berdi. O’qituvchi, shifokor kabi kasb sohiblariga sariq chaqa «in’om etdi».

To’plangan odamlarni tarqatish, do’pposlash, muxolifatni tor-mor etish bo’yicha batalonlar tuzildi. Ularga afg’on urushi qatnashchilari va g’ayridinlar jamlandi. Ne-ne yostiqlarni quritdi bu kuch? Abduvali Mirzodan Abdulla O’taevga va butun yo’qolganlarga qadar.

Chet mamlakatdagi ishbilarmonlarni sotib olib, ular orqali o’sha mamlakatlarga tashrif hozirladi. Oqibatda o’z turistik safarlarini qudrat deb ko’rsatdi.

O’zbekiston bo’g’zigacha qarzga botdi. Hatto Turkmanistondan 25 milliard so’m qarz olishgacha etdi. Buni xalqdan yashirdi. BMTga borganda «Ostankino» orqali chiqish qilib «Biz qarzi yo’q davlatmiz» dedi. Vaholanki, faqat Rossiyadan O’zbekistonning qarzlari trillionga etib qolgandi.

Islom Karimovning bunday «qudrati» yurtni og’ir kunlarga boshladi. Vaqtida milliy pul kiritilmadi. U yagona rubl zonasiga imzo chekdi. U erdan haydalgandan keyin ham O’zbekistonning pulini chiqarishni orqaga surdi. Iqtisod emirildi, u esa «qudratini» tutish bilan ovora. Etik tor kelgach, pul chiqarishga qaror berdi.

Amir Temur: «O’n birinchi: Men doimo sayyidlarga ehtirom bilan qarardim, ulamo va shayxlarni e’zozlardim».

Sayyidlar, Payg’ambar avlodlari, haqni haq deguvchilar… Ularning boshida qay bulutlar aylangani, aylanayotganini butun dunyo ko’rib turibdi.

Ulamolarga kelsak… U ulamolarni e’zozlardi. Agar shoir Shukrullo uni cho’lpillatib o’pib tursa, adib Said Ahmad maqtasa, Hamid G’ulom, Mirmuhsinlar doimgidek madhiya o’qisalar, Odil Yoqubov, Pirimqul Qodirov, O’tkir Hoshimov oqlovchilik qilsalar e’zozlardi. Usmon Azim, Erkin Vohid, Abdulla Orif, Muhammad Ali, Azim Suyun laganbardorlik evaziga u kishining e’zozlarida. Ahmadali Asqarov, Po’lat Habibullaev, Erkin Shayxov, Erkin Xo’jaev kabi olimlar ham e’zoz qurshoviga kirdilar. Sababning ham sababi bor.

Olim Karimov, Fayzulla Ishoqov, Mirzaali Muhammadjonov, Yodgor Obid kabilar esa podshohning taftidan benasib qoldilar. Buning ustiga ba’zilari qamoqqa solindilar yoki surgunda.

Islom Karimov ulamolar – fozilu fuzalolarni faqat madhiyago’ylar deb biladi. Ular uning «O’zbekistonning o’z taraqqiyot va istiqlol yo’li» kitobini yozib berdilar. So’ng o’zlari majlislar, ilmiy konferentsiyalar o’tkazib, uni maqtadilar, ko’klarga ko’tardilar. Ammo xalq ahvolidan so’z ochmadilar.

Ulamolarning «kashfiyot»lari shu darajaga borib etdi-ki, O’zbekistonda yashayotgan yuz yoshdan ziyod umr ko’rganlar nomidan Prezidentga uzoq umr tilab murojaat bitdilar. Ismi-sharifini yozolmagan, ostonadan tashqariga chiqolmagan qashqadaryolik, buxorolik, surxondaryolik, qoraqalpog’istonlik onaxonlar, bobolarning ustidan kuldilar.

O’zbekiston fani, adabiyoti, san’ati esa orqaga ketdi. Islom Karimov zamonida dunyoga tatigulik qanday asar yoki yangilik yaratildi? Faqat Namanganda neft qazishdagi katta falokatni ulkan yangilik deb jar soldilar, mukofotlar oldilar. Katta boylik esa 60 kun yondi. Uni to’xtatib bo’lmadi. Olov o’zi tingachgina, «Olov bo’ysundirildi» deb xitob qilindi. Kashfiyot shu qadar edi. Ammo Karimov akademik bo’lmagan akademiya qolmadi. Brejnev tirik bo’lganda balki unga hasad qilardi.

Farhod Ro’ziev kabi olimchalar esa «Islom Karimov dunyoda yangicha yo’l yaratdi. Uni Nobel mukofotiga takdim qilish kerak» deyishgacha borib etdi. Na iloj, e’zozni qullik kaltagi deb tushunganlar xato qilishmadi. Agar shunday tushunishmasa, e’zoz kaltagi ularni sindirib tashlardi.

Amir Temur: «O’n ikkinchi: Men o’zimning ikromiyatim va rahmdilligim tufayli kishilarning eng past tabaqalarining ham, hatto boshpanasiz gadolarning ham rahmatiga sazovor bo’ldim».

Islom Karimov rahmat olishning boshqa yo’llarini yaratdi. Bolasiga «Islom» deb, uning ismini berganlar gilamli, uyli, bolalari esa qo’g’irchoqli bo’lishdi. Hatto tili chiqmagan bolakaylarga faxriy yorliq va Prezidentning maktubi topshirildi. Rahmatlar yog’ildi unga.

Gadolar shu qadar ko’payib ketdilarki, joy talash janjali bilan ovora bo’lib Islom Karimovni maqtashni ham unutdilar.

Biroq, gazetalar, radio, oynaijahon ularning o’rinlarini to’ldirib turdi. Rahm-shafqat haqida afsonalar to’qildi, qo’shiqlar aytildi, ammo birov uni ko’rmadi…

Bizning nihoyatda qisqa taqqosimiz budir! Ummondan qatra. Bugun dahshatli ummonning barcha kulfatlarini sanashning o’zi azobdir. Faqat, uning qatrasida shu qadar jinoyatlar, qabihliklar yashirin. Shu bois ham Karimov nomi aytilganda ulug’ sohibqiron nomlarini yonma-yon keltirish bobomiz ruhiga haqoratdir.

AL-QISSA: Men gunohim uchun bobokalonim ruhlari qarshisida tiz cho’kib avf so’rayman: Netayki, bobo, bu avomga anglatmoqning o’zga yo’lini topmadim.

(1993-1994 yil, Boku)

QON TUTDI

Rivoyat qilishlaricha bir zulmkor shoh qazoga etganda hech jon berolmasmish. Tabibu -ulamolar hayron. Kun kechib kech kirganda shoh ko’zlarini ochibdi.

– Shahanshohim, yana qanday armoningiz bor? Amr eting, bajo keltiraylik, –

debdi tabibi kalon.

– Vazirimning boshini tanidan judo qilinglar! – debdi shoh.

Hamma sukunatga cho’mibdi. Uch kun davomida shoh jallodlaru- zindonbonlar, devonbegiyu –mushovirlarini o’limga buyurdi. Endi esa…

– Shahanshohim, ul zot sizning eng ishongan mudiringiz, soyai -obro’yingizlarku, axir, biz qanday qilib…

Amrimni muhokama uchun emas, ijro uchun buyurdim!

Vazirning boshini keltirib ko’rsatganlardan so’ng:

– Xudoga shukur, – debdi shoh, – Endi jon bersam bo’lur. Lekin sen tabib nenidir so’ramoqchisan, savolingni ber, javobingni oladursan!

– Shahanshohim, nechun ishongan odamlaringizni qatliom qildingiz?

– U tabibga, siyosat bu, ular ishongan odamlarim emas, ular qullarim edilar. Hatto sendek savol berishga jur’at etolmasdilar. Biroq ko’p sirimni bilardilar. Men esa sirimni Tangridan boshqaga ishonmayman! Ular yaxshi qul edilar, qul kabi jon berdilar, men esa shoh kabi…

Bu albatta, rivoyat. Lekin ildizi hayotdadir.

1993 yil 29 dekabrda Mustaqil O’zbekiston Oliy Kengashining ikkinchi raisi ham «sog’ligi yomonlashgani uchun» vazifasidan ketdi. Nega ikkinchi deyapmiz, chunki Sovetlar birligi davrida, ya’ni 1990 yilda Oliy Kengash O’zbekiston mustaqilligi deklaratsiyasini qabul qildi. O’sha kezdagi Oliy Kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov jilovni deputatlarga berib qo’ygani uchun va ular Mustaqillik deklaratsiyasi qabul qilganlari bois kommunistlar plenumida qattiq tanqid ostiga olindi. Ta’qiblarga dosh berolmagan Mirzaolim Ibrohimov o’zi ariza yozdi va etmish yil davomida kadrlarga chiqariladigan hukm: «Sog’ligi yomonlashgani uchun» ishdan ketdi.

U kishi oqsoqol edi, mayli. Lekin hali ellik yosh nari-berisidagi ikkinchi rais ham shu hukm bilan ishdan olindi. Birovning mansabga minishi baxt, ishdan ketishi fojea emas. Qolaversa, yiqilganni tepmaydilar. Bizning tepadigan fikrimiz ham yo’q. Ammo Vatan takdiri uchun murakkab bo’lgan bir davrda O’zbekiston qonunchilik idorasini boshqargan kishi siyosiy maydondan quvilarkan, uning faoliyatini tahlil etmoq burchimizdir. Istaymizmi, istamaymizmi u tarixda qoladigan vazifada ishladi.Tarix esa bor gapni bilmog’i kerak.

Xo’sh, Shavkat Yo’ldoshev O’zbekistonning siyosiy maydonida qanday paydo bo’ldi va Vatanga, millatga qanday naf keltirdi?

Moskvada, sobiq KPSS Markaziy Komitetida ishlab yurgan Shavkat Yo’ldoshevni O’zbekistonga, o’z yurtiga jo’natishdi. Mixail Gorbachyovning demokratik maktabida tahsil olgan bu odamdan ko’p narsa kutilgandi. U jasorat bilan ishga kirishishi va O’zbekistonning demokratiya sari burilishiga sababkor shaxs sifatida tarixga kirishi mumkin edi. Bunday imkoniyat har kimga nasib etavermaydi.

Moskva KGBsi Farg’onada vohid millatni ikkiga bo’lib, urishtirganda Shavkat Yo’ldoshev SSSR xalq deputatlari s’ezdida pinak buzmay o’tirdi. So’ng rahbariyatdan Farg’onaga qo’shin kiritishni iltimos qildi. Farg’ona viloyat kommunistlar idorasining «birinchi»si bo’lgan bu odam partiya komiteti binosi yonida, Toshloq, Qo’qonda xalq o’qqa tutilganda qurolli jallodlar panasida turdi.

Farg’ona voqealari ko’p gap-so’zlarga sabab bo’ldi. Ammo voqeani uyushtirganlar, garchi SSSR allaqachon parchalanib ketgan bo’lsa-da, haliga qadar xalqqa aytilgan emas. To’g’ri, partiya shu bahonada ayrimlardan qutilib oldi. Lekin Shavkat Yo’ldoshev takdirlandi.

Uni O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy komiteti huzuridagi partiya nazorati idorasiga rais qilib olib kelishdi. Bu idoraga o’sha kezlarda hatto Markaziy Komitetdan ham so’roq so’rash huquqlari berilgandi. Uning raisi kommunistik tuzum sharoitida jumhuriyatda ikkinchi shaxs bo’lishi kerak edi. Partiyaning ichki islohotlari asosan shu idoraga ishonilgandi. Shunday paytda Shavkat Yo’ldoshev gunoh botqog’idan chiqib ketishi, Farg’ona voqealari birdaniga unga begona bo’lishi taajjubli hol edi.

U yangi ishni boshlar ekan, O’zbekiston oynaijahoni orqali o’zining katta vazifaga ko’tarilgani xususida ko’rsatuvlar uyushtirdi. «Gdlyan va Ivanov degan bosqinchilar qo’shib yozish bahonasida ko’p kommunistlarimizni aybsiz qamadilar, – dedi u oynaijahonda. – Men bu kommunistlar takdiri bilan jiddiy shug’ullanaman.Ularning oilalari, bola-chaqalari chinqirib yurishibdi».

«Hali kechagina millat qonga bo’yalganda befarq bo’lish mumkin edimi?» – degan savol o’rtadi ko’ngillarni o’shanda.

Moskvada SSSR xalq deputati o’larok Gdlyanlarga qarshi bir og’iz so’z aytolmagan odam endi bu masala bilan yoppasiga shug’ullanishiga ishonish qiyin edi.

Oradan ko’p o’tmay O’zbekiston xalq deputatlaridan birining o’rniga uni deputat qilishdi.

Bu qaysi xizmatlari uchun tuhfa ekanligini uning millat vakili bo’lganini sezmay qolgandek bilolmay qolishdi. Zero, siyosatchini davr va dunyo etishtirmog’i kerak. Uni kimdir etishtirar ekan, u kimningdir mulkiga aylanadi.

O’zidan baland turgan siyosatchiga qarshi fikr aytgan kundan boshlab kishi siyosat maydoniga kiradi.

Shavkat Yo’ldoshev esa siyosatchilikni tuhfa sifatida oldi…U O’zbekiston Oliy Kengashining 12 chaqiriq 3 sessiyaga oddiy deputat sifatida emas, Kengash raisi sifatida ham keldi.

Oliy Kengash majlisiga qadar bir necha bosqichli tasdiqlardan o’tgandi. Sessiyada O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti birinchi kotibi Islom Karimov “Yo’ldoshevni partiya shu ishga loyiq» deb topganini aytdi. Farg’onalik deputatlardan ayrimlari g’azabga mindilar. Prezident Islom Karimov ularning hovurini bosdi.

– Shavkat Yo’ldoshev Oliy Kengash raisi sifatida Farg’ona voqealarini kim uyushtirganini aniqlaydi. Bu vazifa unga imkon beradi. U qonli voqealarga guvoh bo’lgani uchun ham partiya unga bu ma’suliyatli vazifani yuklayapti, – dedi u.

Oldindan tayyorlab qo’yilgan «navbatchi» deputatlar uni qo’llashdi.

Jumhurrais kursiga o’tirishi hamonoq, Shavkat Yo’ldoshev g’ayriqonuniy, g’ayriinsoniy hatti-harakatlarga berildi. Shu darajaga borib etdiki, deputatlarni yakkama-yakka suhbatga chaqirib, Prezident xatolarini aytib, «Buni siz gapiring, men sessiyada so’z beraman» dedi va darhol Prezidentga bu deputatlar uni tanqid qilishmoqchi ekanliklarini etkazib katta bir o’yin boshladi.

Sessiyada tanqidiy fikr aytgan deputatni fitnachi deb aybladi. Mutloq bo’hton, tuhmat bilan 12 deputatning takdiriga bolta urildi. Na qonun va na insof tarozisida turadigan qabihliklar ochiq-oydin amalga oshirilaverardi.

O’zbekiston iqtisodiy va siyosiy bo’hron qo’ynida qolishida Shavkat Yo’ldoshevning katta ayblari bor. U iqtisodiy va siyosiy tanazzulga olib boradigan o’nlab qarorlarga imzo chekdi.

Uning Farg’onadagi ayblarini ochishga uringan O’zbekiston xalq deputati Inomjon Tursunovning hibs etilishi, xalq deputati Samandar Qo’qonov qamoqqa solinishi, bir qator deputatlarning vakolatlari to’xtalishi, Oliy Kengashdan o’ttizga yaqin xalq deputati ishdan haydalib, uy-joyi tortib olinishi Shavkat Yo’ldoshevnig siyosiy maqsadlar yo’lida har narsadan qaytmasligini ko’rsatsa,O’zbekiston yo’lini belgilaydigan qonunlar chetlab o’tilib, xalqni og’ir ahvolga soladigan qarorlar paydo bo’lishi uning millatga xiyonat qilganini ochiqlaydi.

Shavkat Yo’ldoshev Oliy Kengash raisi o’laroq, bitta maqsad bilan yashaydi.Mansabni saqlab qolish va o’z huzurini ko’rish maqsadi edi bu. 1991 yil sobiq SSSR tarqalib ketgach, unga Moskvadan «Jiguli» mashinasi mukofotga berishdi. Uni savdo vazirligi qimmatbaho narxdagisiga almashtirdi.Mashinani savdo markazidayoq Buxoroga sotib yubordi. So’ng bu ish davom etaverdi. Mashinalar kelib ketaverdi.Bu orada Toshkent shahrining Hamid Olimjon maydonidagi 18 qavatli uydan qiziga va jiyanlariga, hukumat uyidan o’ziga, Turkiston harbiy okrugi generallari ko’chib ketgan uylardan qolgan bolalari va yugurdaklariga hashamatli uylarni olib berdi

Shavkat Yo’ldoshevning hatti-harakatlariga qarshi 1992 yilda «Xalq so’zi» va «Narodnoe slovo» gazetalari jamoasi ish tashladi. Shu kuniyoq Shavkat Yo’ldoshev qaror chiqarib, uch yuz kishi ishlayotgan gazetalarni yopib tashladi. Qalamkashlar ish tashlash piketlarni davom ettiravergach, gazeta tiklandi-yu, jamoa faollari quvg’inga uchradi. «Xalq so’zi» jasoratli, demokratik gazetadan madhiyago’y hukumat gazetiga aylantirildi.

Shavkat Yo’ldoshev noxosdan qarorga imzo chekib, Oliy Kengash Oshkoralik qo’mitasini qisqartirib yubordi. Deputatlarning noroziligi kuchayganini sezgach, qarorini bekor qildi. Qisqa davrda o’n olti marta o’z qarorini bekor qilishga majbur bo’ldi.

U bilib turib g’ayriqonuniy va g’ayriinsoniy qarorlarga kelardi. Chunki topshiriq olgan mahali o’z fikrini ayta olmas va «xo’p-xo’p» deya darrov ijroga kirishardi.

U imzolagan qarorlardan kuyganlar Prezidentga uchrashib, oradagi mushukni quvish yo’lini topishsa, Yo’ldoshev qayta topshiriq olar va «xo’p» deya yana qarorni o’zgartirardi.

Oliy Kengash raisi o’yinchoqqa aylanganini xalq ham sezib qoldi. Rais o’zi o’yinchoqqa aylanganida emas gap. Gap Oliy Kengash ham Prezidentning oyog’i ostiga tashlanganidadir.

Zero, Prezident uchun ayni shu kerak edi. Shavkat Yo’ldoshev vazifasini bajarib bo’ldi. Shu bois uni uloqtirdi. Yangisini topdi. Uning ham vazifalari bor. U ham kerak. Vazifasi bitishi hamonoq undan ham voz kechiladi. Prezidentimizning kadrlar bilan ishlashdagi bu «olamshumul» tajribalarini hamma biladi. Faqat tuzoqqa tushganlar o’zlari ilinib turganlarini bildirmaslikka urinishgani achinarli.

Mustaqil O’zbekistonning mustaqil Oliy Kengashining mustaqil raisi Shavkat Yo’ldoshev tariximizda aldangan yoki birov tomonidan boshqarilgan, deb emas, mustaqil kommunist sifatida qoladi. Zero, kommunist topshiriq bajarishda qul, javob berishda mustaqildir!

Xalq ham Shavkat Yo’ldoshevga o’z hukmini chiqardi. <<Qon tutdi» deya xulosa qildi.

Ha, qon to’kkanni albatta qon tutadi!

Bu esa hali Shavkat Yo’ldoshev Prezidentdan qutulib ketdi degani emas.

Rivoyatda keltirilganidek, sir bilganlarning takdiri sirli ravishda sirga aylanajak!

1 yanvar 1994 yil

AL-QISSA: Men bu satrlarni yozar ekanman, sen allaqachon yo’ldoshevlarni unutib bo’lganding. Chunki qarshingda yangi-yangi yo’ldoshevlar chiqarilgandi.

FOZILBEKOV HAM KETDI

O’zbekiston Prezidenti Toshkent shahar hokimi Adham Fozilbekovni ishdan oldi.

Adham Fozilbekov. U kim edi?

Ilgari Toshkent shahar kommunistlar partiyasining, so’ng nomigagina o’zgargan Xalq demokratik partiyasining Toshkent shahar qo’mitasi birinchi kotibi bo’lib ishlagan bu odam o’zini prezidentning eng yaqin, eng sadoqatli odamlaridan biri deb bilardi.

O’zbekiston televideniesini ko’rib borganlar uni doim Prezident yonida ko’rishar, quchoqlashib qo’shqo’llashib turishganini ko’p gapirishardi. Adham Fozilbekov ana shu kayfiyatni yo’qotmaslik uchun butun mahoratini ishga soldi. Va O’zbekiston Bosh qonunida e’tirof etilmagan bo’lsada Prezidentni Toshkent shahrida hokim saylovi o’tkazishga ko’ndirdi. Umumxalq saylovi davomida Prezident ham, hukumat mashinasi ham unga ishladi. Saylovga undan boshqa odamning nomzodi qo’yilmadi. Ko’pchilik toshkentliklar ko’rinishidan juda muloyim, ammo kommunistik partiya o’yinlaridan ancha xabardor bu odamni istashmasada, u hokim bo’ldi.

Yuqoridan in’om etilgan bu tortiqni oqlash uchun u 1992 yil 16 yanvarda Toshkent shahrida talabalarni o’qqa tutishga rahbarlik qildi. So’ng, Oliy Kengashning 7 sessiyasida Prezidentning kamchiliklarini aytgan, o’zining shogirdi va eng yaqin safdoshi O’zbekiston xalq deputati, Frunze tuman hokimi Shuhrat Nusratovni hatto sessiyaga kiritmasdan ishdan oldi. Layoqatsiz ammo har qanday qabih ishga tayyor, Prezidentga yoqadigan kishilarni esa katta lavozimlarga tayinladi. Masalan, rahbarlik fazilatidan yiroq, umrini kayfu safoda o’tkazib yurgan Shavkat Mirziyoevni Mirzo Ulug’bek tumani hokimligiga o’tkazdi.

Yuzma-yuz gaplashganda o’zini samimiy ko’rsatishga uringan Adham Fozilbekov sirtidan muxolifatga qarshi o’t ochib, o’zini Prezidentga yaqin qilib ko’rsatish maqsadini ko’zladi. Prezident ham unga ishondi va uning bilan ko’p ish qilishga ulgurdi.

Qo’rqoqlik, haqiqatni ochiq aytolmaslik, xushomad va qullarcha ko’r-ko’rona ish bitirish har qanday kadrni oxir-oqibatda sharmanda qiladi. Kommunistik rejim davrida ildiz otgan va bugun yana ham kengroq quloch yoygan bir odat bor. Yurtga emas, rahbarga, eng birinchi rahbarga xizmat qilish. Adham Fozilbekov ana shu maktabga sodiq bo’lib qoldi. Hech qachon qoqilmayman, yiqilmayman, deb o’yladi. Bu esa uning katta xatosi edi.

Bugun O’zbekistondagi aksariyat kadrlar xuddi ana shunday fikrdalar va hatto yo’lda ekanliklarini tan olgilari kelmaydi. Yonlaridagi safdoshlarining takdiri ham ularga saboq bo’lmayotgani kishini ajablantiradi.

O’zbekiston Prezidenti maslahatchisi, olim Baxtiyor Nazarov g’ayriinsoniy harakatlarni ko’rib, bilib xalqni aldashga, Prezidentni sevishga undadi. Jon-jahdi bilan harakat qildi. Ammo ishdan quvildi.

Vazirlar mahkamasi raisi muovini, shoir Erkin Samandarov millatni yolg’on va aldovlarga ko’nikishga o’rgatish yo’lini yaratdi. O’zi shu yo’lning qurboni bo’ldi. Prezident uni ishdan haydadi.

«O’zbekiston ovozi» muharriri Rasul Rahmonovdek Prezidentni maqtashga hissa qo’shgan odam yo’q. U ham vazifasidan kuzatib qo’yildi. Uning o’rniga kelgan Sharof Ubaydullaev esa Prezidentning ko’rsatmasini bajarib sobiq vitse-prezident Shukrullo Mirsaidov, so’ng uning umr yo’ldoshi haqida hamda o’z haq-huquqlarini talab qilib, Prezident yo’lini qo’llamagan boshqa o’nlab odamlar haqida bo’htonlar yozdi. Vazifasini o’tab bo’lgach, u ham uloqtirildi.

Bu o’yin viloyatlarda ham ayni ko’rinishda davom etmokda. Barcha viloyat hokimlari ham ana shu o’yinning tashkilotchisi, ijrochisi bo’la turib unga engildilar. Eng achinarlisi bugun ham Prezident shu odamlarni chaqirib, mansab, vazifa bersa, ular yana xushomad, madhiyani boshlab yuboradilar va har qanday qabih, qonunsiz topshiriqlarni bajaraveradilar.

Kadrlar bilan ishlashda doim ana shu jihat nazarda tutilgan.

Bugungi rahbariyatni aksariyati ish joylarida Prezident qo’ng’irog’ini kutib o’tirish bilan vaqt o’tkazadilar.

Imkoni topilgan joyda uni maqtaydilar va xushomadgo’ylik qiladilar. Va o’zlarini beburd qilib qo’yadilar.

Bu kadrlarni ayblamoqchi emasman. Ular shunday ham qiynokda. Vijdon azobi yondirmokda ularni. Faqat ularning takdiri boshqalarga dars bo’lmagani o’ylatadi meni.

AL-QISSA: Bobur Mirzo deydilarki: «Borarga ne manzil muyassar, turarga ne davlat muqarrar!» Sen buni anglagan kun dunyoda ko’p narsalar o’zgaradi.

1994 yil, mart

KUCh ADOLATDA

Kuch adolatdadir! Bobokalonimiz Amir Temur hazratlarining «qoidai avval», deya ulug’laganlari bu kalima haqida shunday rivoyat bor:

Amir Temur katta zafardan so’ng ziyofat berganlarida ulamolardan biri o’rtaga chiqib «Siz kuchlisiz. Sizning aytganingiz aytgan, deganingiz degan. Siz safarda ekanligingizda ikki mahbus haqida qozilarimiz qaror bera olmadilar. Chunki bu mahbuslarning sizga yaqinligi bor edi, deganida, Mirsaid Baraka ulamoning so’zini bo’lib; «Kuch adolatdadir! Hazratimiz kuchni adolatdan olmokdalar. Siz esa hazrat Amir Temurni adolatsizlikka boshlab, xalqning nazaridan qoldirmoqchisiz», deydi. Shunda Amir Temur «Adolatdan qo’rquvni ustun qo’ygan qozi millatning sho’ridir» degan ekanlar.

Bugun Amerikada adolatli tamalga asoslangan sud hokimiyati mavjuddir. Konstitutsiyaga ko’ra, AQSh oliy mahkamasining a’zolarini Prezident tayinlaydi va senat tasdiqlaydi. Ammo Oliy mahkama a’zolari umr bo’yi vazifada qolish kafolatiga egadirlar. Konstitutsiya mahkamasi Prezidentning qarorlarini bekor qilish va kongress qabul qilgan qonunlarni konstitutsiyaga xilof, deya e’lon etish haqiga sohibdir.

Amerikada konstitutsiya mahkamasini haqiqatdan ham uchinchi hokimiyatning tebranmas ustuni deyish mumkin. Uning qarorlarini na Prezident va na kongress mensimay chetga sura olmaydilar. Aksincha konstitutsiya mahkamasi qarorlari oldida so’zsiz bo’ysunishlarini doim namoyish etib turadilar.

Xuddi shuningdek, sud sistemasining boshqa tarmoqlari ham mustaqildir. Hech kimda sudning faoliyatiga

bevosita yoki bilvosita ta’sir etish haqi yo’q. Agar O’zbekiston konstitutsiyasini ham varaqlasak, xuddi ana shunday manzarani ko’ramiz. Unda «O’zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi» belgilab qo’yilgan.

Hatto O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qabul qilgan hujjatlarni, O’zbekiston Prezidenti farmonlarini, hukumat qarorlarini, davlat hokimiyati mahalliy organlari hujjatlarini konstitutsiyaga zid bo’lgan takdirda bekor qilish haqiga sohibligi alohida urg’ulangan. Lekin mustaqillikning o’tgan yillarida O’zbekiston konstitutsiyasiga xilof ravishda ko’plab farmonlar, qarorlar qabul qilindi. Ammo konstitutsiya mahkamasi ulardan birortasini ham bekor qilgan emas.

Ma’lumki, Oliy Majlis ovoz berish yo’li bilan qonun matnini qabul qiladi. Qonun imzolanib, matbuotda e’lon qilinganda esa matn tahrir etilgan, ba’zi hollarda ko’p joylari qayta yozilgan hollar bo’ladi. Bu ayniqsa, 92-94 yillarda juda ham avj olgandi.

Shunday paytda Konstitutsiya mahkamasi o’z so’zini aytmadi. Yoki muxolifat a’zolarini sud qilish jarayonlarida qonunlar o’rniga telefon buyruqlari asos bo’ldi. Yana Konstitutsiya mahkamasi jim edi. Prezident farmonlari va hukumat qarorlarini birma bir tahlildan o’tkazsangiz, qonunlar boshqa, farmonva qarorlar boshqa ekanligini ko’rasiz.

Xullas, Konstitutsiya mahkamasi asosiy qonunda yozib qo’yilgan ko’rinishi uchinchi hokimiyat tarzida emas, balki ijro hokimiyatining bir bo’limi sifatida faoliyat ko’rsatayotgani bugun sir emas. Hatto AQSh ishlar departamentining Inson haqlari borasida 1997-yil yakunlariga doir hisobotiga nazar solsangiz, O’zbekistonda qonun boshqa, amaldagi faoliyat boshqa ekanligi qayta-qayta ta’kidlanganini ko’rasiz

Amerikada oddiy bir kishidan «Agar Prezident konstitutsiyaga qarshi qaror qabul qilsa va sizning oliy mahkamangiz bunga ko’z yumsa, nima bo’ladi», deb so’radim. U «Savoling o’rinsiz. Men bu savolda mantiq ko’rmayapman», dedi. Ha, oddiy bir amerikalik bunday voqea u yokda tursin bu xususdagi savolni qabul qilolmaydi. Yana bir amerikalik esa «Konstitutsiya muqaddasdir. Qonunlar ijro uchun yoziladi. Kimki unga rioya qilmasa eng avvalo o’zini aldaydi. Bizda bir o’g’ri jazosini tortgandan keyin unga ko’p qatori qaraladi. Ammo Konstitutsiyaga yoki qonunlarga xilof tarzda odim otgan biror bir siyosatchi jazosini tortgandan keyin ham xalq nazdida avf etilmaydi», dedi.

Ha, bizda esa tom aksi. Oddiy bir o’g’ri yoki jinoyatchi jazosini tortgandan keyin ham xalq nazdida o’g’riligicha, jinoyatchiligicha qoladi. Ammo Konstituttsiyani, qonunlarni poymol etganlar darhol avf etiladi. Mustaqil bo’lganimizga etti yil bo’layapti, lekin sud sistemasi haliga qadar isloh etilmadi. Hamon Sovet sistemasi ish boshidadir. Advokatura masalasida esa gapirmasa ham bo’ladi. Chunki biror bir insonning haq- huquqlari amalda kafolatlanmagan joyda advokatning erkin bo’lishini hech kim aytolmaydi.

Xullas, Amerika konstitutsiyasidan juda ko’p narsani ko’chirib olishimiz mumkin, ammo konstitutsiyaga va qonunlarga qarash zehniyatimizni tubdan o’zgartirmasak, ya’ni har bir inson o’zligini tanimasa, ko’chirganimiz ham, qayta-qayta nashr etganimiz ham befoydadir. O’zini hurmat qilgan inson qonunlarni hurmat qiladi. Chunki oxir -oqibatda qonunlar uning irodasi bilan qabul qilinadi. Bizda esa na unisi bor na bunisi. Shuning uchun ham ora yo’ldamiz. Qachonki adolat tuzumi o’z o’rniga o’tirsa, o’shanda kuchga aylanamiz, kuchli bo’lamiz. Chunki, kuch adolatdir!

AL-QISSA: Sen kuchni sevding, buni yashirmading. Chunki kuchsiz eding. Men ham kuchni sevdim. Buni yashirmayman. Chunki kuchli edim. Faqat kuchni adolat deb bilding, men esa adolatni. Farqimiz shunda.

QAHRAMONI QAMOQDA ELNING

Har yili 1-sentyabrda mustaqillik kuni tantanalar bilan nishonlanadi. Odatdagidek, Mustaqillik maydonida va Alisher Navoiy xiyobonida ma’ruzalar o’qiladi, qo’shiqlar aytiladi, tomoshalar ko’rsatiladi, atrof yorug’ nurga ko’miladi. Bu tantanalarga rasman taklif etilganlar orasida o’n yillardir sovet tuzumini, kommunistik g’oyani targ’ib etganlar, kuylaganlar, mustaqillik tarafdori bo’lib maydonga chiqqan alpomishlarni ta’qib etganlar, o’zbek tilini jaholat tili, rus tilini esa saodat tili deganlar tabassum sochib o’tiradilar. Hatto ordenlar, medallar, mukofotlar oladilar va kechagi kunlaridan aslo va aslo uyalmaydilar.

Shu nuktai nazardan qaraganda, O’zbekiston mustaqilligi uchun kurashgan insonlar bu rasmiy minbarlarda o’rin olmaganlari tabiiy holdir. Rasmiy minbarlar nari tursin ular bu maydonlarga yaqin ham kelolmaydilar. Chunki ba’zilari surgunda, ayrimlari zindonda, qolganlari esa uylaridan tashqariga chiqa olmaydigan vaziyatdadir. Menga qolsa bu tantanalarning to’rida, mustaqillik qahramoni nishonini taqqanlarning yonida bugun qamoqda o’tirgan sobiq xalq deputatlari Samandar Qo’qonov va Murod Jo’raevni ko’rishni istardim. Nega Samandar Qo’qonov va Murod Jo’raev?

Ma’lumki, Sovet hokimiyati bu KPSS, ya’ni Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasidan iborat edi. Hatto oshkoralik va qayta qurish zamonida ham hamma narsani tanqid qilishingiz mumkin edi. Ammo KPSSni ayblash jinoyatga kirardi. Lekin ana shu jinoyatni o’z bo’ynilariga olgan va undan qo’rqmagan milliy ozodlik harakatlari nafaqat uni tanqid qildilar, balki unga qarshi bosh ko’tardilar. Boltiqbo’yi jumhuriyatlarida, Ozarbayjon, Gurjistonda 1990 yilga kelib KPSSning boshlang’ich tashkilotlari unga qarshi isyon sifatida birin-ketin tarqatilib yuborilar ekan, O’zbekistonda esa u katta kuch edi.

O’zbekiston kommunistlarining 1990 yildagi 22-konferentsiyasiga kelgan KPSS Markaziy komiteti sekretari, so’ngra GKChPning boshida turgan Yanaev «Sovet Ittifoqida hamma O’zbekistondan ibrat olsin. Bu erda kommunistlar bir butundir va hech kim bu butunlikni, bu intizomni buzolmaydi», degandi. Lekin O’zbekistonda bu butunlikni buzadiganlar o’rtaga chikdi.

O’zbekiston xalq deputati Samandar Qo’qonov Toshkent viloyatining Chinoz tumanidagi neftni qayta ishlash zavodida kommunistik partiya boshlang’ich tashkilotini tarqatib yubordi. O’shanda butun dunyo matbuoti, jumladan Ozodlik radiosi ham Samandar Qo’qonovni o’z vatanining mustaqilligi yo’lida misli ko’rilmagan ish qildi, deya ko’z-ko’z etishdi. Samandar Qo’qonov buning bilan chegaralanib qolmadi. Keyinchalik Samandar Qo’qonov korxonasidagi 500 kishi bilan birga «Erk» partiyasiga a’zo bo’ldi. «Erk» partiyasining Chinoz rayon qo’mitasini tuzdi.

Shundan keyin, uning boshi darddan chiqmadi. Qayta-qayta tekshiruvlar, bosimlar, tazyiqlar, feletonlar, soxta teleko’rsatuvlar, xullas oxir oqibatda uni poraxo’rga chiqarishdi. Bu orada O’zbekiston mustaqillikka erishdi, ammo hokimiyatda o’tirgan sobiq kommunistlar o’z o’yinlarini oxirigacha etkazdilar va 22 yilga hukm berib uni zindonga soldilar. Qamokda sog’ligini yo’qotgan Samandar Qo’qonov og’ir iskanjalarga tutilmokdi. Mustaqillik uchun kurashgan bir fidoyining qismati ana shunday.

Ne taassufki, yillardir KGB erto’lasida qiynalgan, qamoqxonaning zax xonaqohiga tashlangan Samandar Qo’qonovni eng yaqin do’stlari ham unutishdi. Dasturxonining to’rida o’tirganlar, yog’li nonini eganlar, issiq choponini kiyganlar bugun mustaqillik uchun kurashgan bu inson haqida hatto o’ylab ko’rmayaptilar. Bu esa tuzini eb tuzlig’iga tupurishdir.

Ikkinchisi esa, o’sha kezda Qashqadaryo viloyatining Muborak shahar kengashining raisi bo’lgan O’zbekiston xalq deputati Murod Jo’raev. Murod Jo’raev birinchi bo’lib Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasiga O’zbekistonda isyon etgan kishi.

Bugun biz mustaqillikni kommunistik partiyadan qutulish deb baholayotgan bir paytda Murod Jo’raev ham qamoq iskanjasini tortmokda. U Muborak shahar soveti qarori bilan Prokuratura va Ichki Ishlar bo’limini depolitizatsiya etganda, ya’ni siyosatdan xoli tashkilotlar, deb e’lon qilganida uni xalq dushmani, deyishdi. Chunki o’sha paytda xalq bu kommunistik partiya, partiya esa xalq demakdir, shiori kuchda edi.

Oradan yillar o’tib, Murod Jo’raevning tashabbusi O’zbekiston konstitutsiyasiga kirdi va bir qator qo’rumlar, ya’ni tashkilotlar siyosatdan xoli deb e’lon qilindi. Bu paytda Murod Jo’raev raisi bo’lgan shahar kengashi tarqatib yuborilgan, uning o’zi esa derazasidan otilgan o’kdan, ya’ni suiqasddan tasodifan qutulib, quvg’inlikka mahkum etilgandi.

Bo’yi bilan teng bo’lgan o’g’li xastaxonada sirli ravishda o’larkan, Murod Jo’raev Olmaotada qon yig’lab o’tirardi. O’g’lining o’lim marosimi kuni atrofni qurshab olgan mirshablar uni poylashdi. Murod bu tuzoqni ko’rgani uchun yana bir marta qutulib qoldi. Bunga chiday olmagan hukumat uni qo’shni davlatning hududiga mirshab yubordi. Murod Jo’raev yashayotgan uyning eshigini sindirib kirishdi va kaltaklay-kaltaklay qopga solib Toshkentga olib kelishdi. Samandar Qo’qonov va Murod Jo’raevning ham sog’liklari juda og’ir ekanligi, ular g’ayriinsoniy sharoitlarda saqlanayotgani, iskanjalarga ma’ruz qolayotgani haqidagi xabarlar qamoq tuynuklari osha elga yoyilmokda.

Ana shu paytda O’zbekiston qamoqxonalaridagi barcha siyosiy mahbuslarning ana shunday sharoitlarda saqlanayotgani mustaqilligimizga soya tashlab turibdi.

Ha, 1-sentyabrda Toshkentdagi mustaqillik maydoni tantanalar markaziga aylanadi. Lekin bu tantanalarda Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasiga qarshi ilk marotaba bosh ko’targan va O’zbekiston mustaqilligi uchun katta hissa qo’shgan sobiq xalq deputatlari Samandar Qo’qonov, Murod Jo’raev va O’zbekiston mustaqilligini hukumatdan oldin e’lon qilgan yuzlarcha, minglarcha fidoyilar ko’rinmas ekan, bu tantanalarga yuz bor yig’ilsangiz ham uning sovuqligini yo’q etolmaysiz.

AL-QISSA: Sen uchun qamokdagilar xoin, minbardagilar qahramon! Chunki ko’zing bog’langan. Men uchun esa minbardagilar ikki qat xoindir! Chunki ular ham qahramonlarni qamadilar ham sening ko’zingni bog’ladilar.

OYDINLAR VA IKKIYuZLAMAChILIK

O’qigan va o’qiganni uqqan, fozilu fuzalo, aqli donish, ilmu urfon, ma’rifatli va madaniyatli insonlarni turk dunyosida oydinlar deyishadi. Qorong’ulik va zulmat bag’rini tilgan nurdir oydinlar. Millatning ko’z va kuchi, Vatanning istiqbol va iftixoridir oydinlar. Boshqa bir ifoda ila oydin kalimasi oydan ma’nosini ham beradi. Er yuzini zulmat qoplaganda oy chiqadi. U yulduzlarni, umidlarni boshlab keladi.

Biz ziyoli, deymiz oydinlarni. Ziyo sochuvchi, nur sochuvchi demak. Ilk turk hoqonligi bo’lmish Osiyo xunlar davlati boshida o’tirgan Teoman: «Ziyolisi bo’lmagan o’lkaning kunduzi ham qorong’udir», degan. Bu miloddan avval yuzinchi yillarda aytilgan gap. Milodga qarab biroz odim otsak, biz O’g’izxon deganimiz Metexon va shimoliy Xun hoqoni Atilladan tortib, Mirzo Boburga qadar, Boysunqur Mirzodan tortib Anvar poshshogacha barcha buyuklarimiz oydin insonlarni, ziyolilarni alohida qadrladilar, ularga umid bog’ladilar.

Rivoyat qilishlaricha, Amir Temur hazratlari uzoq yillik safardan qaytganlarida mamlakatda ahvol og’irlashib, xalq soliqlar ostida qolgan ekan. Saroyda muzaffarlik sharafiga uyushtiriladigan ziyofatdan avval Amir Temur ziyolilar mash’alasini ko’targan Mirsaid Baraka bilan uchrashib, haqiqiy ahvolni undan o’rganibdilar. Ziyofatda esa nasru nazm qalamkashlari, muarrixlar Sohibqironni ko’klarga ko’tarib, maqtab

unga hamdu sano aytishibdi. Shunda Sohibqiron ulardan biriga «Men yo’g’imda bitilgan devonlaringni keltir» dedilar.

Shoirning she’rlari fig’on, shikoyat, dard va alam satrlaridan qurilgan ekan. Shunda Amir Temur shoirga «Sen nima uchun ikkiyuzlamachilik qilayapsan? Nega she’ring boshqa, o’zing boshqa», dedilar. Shoir bosh egib, indamay turaveribdi. Shundan keyin, Amir Temur «Bu millatning boshiga yaxshilik kelsa ham, yomonlik kelsa ham oydinlardan keladi», degan ekanlar.

Yaqinda bir do’stimiz O’zbekistondagi og’ir ahvoldan kuyunib gapirar ekan, o’z dardini bir shoirning she’rlari bilan ifoda etdi. Dard va alamga to’la bu she’rning sohibi bugun saroyda, davraning eng to’rida o’tiradigan kishi, ya’ni Amir Temur ifodasi bilan aytganda, uning she’ri boshqa, o’zi boshqadir.

Men ataylab uning ismini so’zlamadim, chunki bunday ziyolilarni O’zbekistonda har qadamda uchratish mumkin. Prezident devoni tarkibiga nazar solsangiz, sakson foizi ziyolilardir. Prezidentning nutqlarini, kitoblarini, dasturini, uchrashuvlarini ular belgilaydilar. Hukumatning boshqa juda ko’p muhim nutqlarida ham taniqli ziyolilarni ko’rish mumkin. Ularning romanlari, qissalari, she’rlarida xalqimizning og’ir ahvoli haqida imoli so’z boradi. Ya’ni ular xalq chekayotgan iztiroblar haqida xalqning o’ziga yashirin shikoyat qiladilar. Bu erda ularning boshqa bir dunyolari bor. Hayotda esa ana shu iztiroblardan ko’z yumadilar, o’z manfaatlariga zarar tegishidan cho’chib, bu iztiroblarni kimlargadir andozalab ko’rsatadilar. Ularning ko’pchiligi sovetlar davrida ham eng yuqori pog’onalarda va davralarning to’rida edilar. Ular shaxsi va ijodi boshqa-boshqa bo’lgan oydinlardir.

Bir qism oydinlar borki, ellik yil kommunizmni kuyladilar va bugun ham hukumatni madh etmokdalar. Ulardan shikoyatchi emasmiz. Chunki ularning kimliklari aniq. Hamma ularning maddohligini, ijodini,

fikri, qobiliyatini manfaatga sotganligini yaxshi biladi. Lekin ikkiyuzlamachi oydinlarimiz eng katta fojeamizdir. Xalq ularni sevadi, she’rlarini yodlaydi, romanlariga umid bog’laydi, farzandlariga ularning ismini beradi, lekin butun balo ulardan kelayotganini bilmaydi.

Sayyora Rashidovani yaxshi taniyman. Iste’dodli olimadir. Sharof Rashidov erdan olib osmonga, osmondan olib erga urilayotgan paytda Sayyora opa va onasi Xursand aya biz jurnalistlarning huzuriga shikoyat bilan kelishdi: «Hatto uyimizni tortib olishdi», deya ko’z yoshi qilishdi va siz haqiqatni yozmayapsiz, haqiqatdan qo’rqayapsiz, deyishdi. O’sha jurnalistlarning yozganlari bois Sayyora opa kun yorug’iga chikdi.

Bugun u O’zbekistonda inson haqlari bo’yicha bosh mutasaddi. Ammo o’nlab, yuzlab haqlari poymol etilgan va hatto qamoqlarda o’ldirilayotgan insonlarning hayot haqiqatidan ko’z yummokda. Bugun O’zbekistonda Sayyora Rashidova kabi kecha zulm ko’rgan va endi iqtidorda bo’lgan juda ko’p oydinlar bor. Bular yana bir fojeamiz. Chunki tabib tabib emas, boshidan o’tgan tabib, deya butun umidlar ularga bog’landi va oxirida sarobga aylandi.

Uchinchi bir toifa oydinlarimiz bular gazeta, jurnal va nashriyotlarning boshida o’tirgan insonlardir. Bugun O’zbekistonda tsenzura mavjudligi har tomondan tanqid qilinmokda. Qaysi bir jihatdan hukumat tsenzura yo’q der ekan, hakdir. Chunki bugungi muharrirlar bor ekan, tsenzuraga ehtiyoj qolmaydi. Fojeali tomoni shundaki, ular jurnalistlar yozgan jiddiy tanqidlarni turli bahonalar bilan g’aladonda saqlaydilar. Prezident «Siz nega tanqid yozmayapsiz?» der ekan, «yolg’on tanqidning nima keragi bor, hammayoq munavvar, olam guliston», deydilar. Zotan, shunday javob kutilishini yaxshi biladilar.

AL-QISSA: Bu millatning boshiga yaxshilik kelsa ham, yomonlik kelsa ham oydinlardan keladi. Buni sen bilasan, tan olishni istamaysan. Men ham bilaman, lekin yashirishni istamayman.

ASOSIY QONUNDA VA AMALDA

Amerikada davlat to’la demokratiya shartlari asosida qurilgan va shu asosda ishlaydi, ya’ni qonunchilik, ijro va sud bir-biridan ajralgan va bir-birini nazorat qilib turadi. Qarangki, O’zbekiston Konstitutsiyasining 2-moddasida ham xuddi ana shu narsa ifoda etilgan. Unda «O’zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo’linish printsipiga asoslanadi» deyiladi.

Yaqinda Amerikaning taniqli siyosatchilaridan biri huzuriga taklif qilib, Kongress uchun Markaziy Osiyo jumhuriyatlari haqida hisobot hozirlanayotganini aytdi va mustaqil ravishda sharhlash uchun bir qator hujjatlarni qo’limga berdi. Ulardan biri «O’zbekiston Konstitutsiya»si edi va uning 11-chi moddasi qizil rangga bo’yab qo’yilgandi. Buning nimasini sharhlash kerak deb o’ylab turgandim, taniqli siyosatchi ikkinchi va uchinchi hujjatlarga ishora qildi.

Birinchisi bo’shab qolgan o’rinlarga 1998 yil 15-fevral kuni o’tkazilgan saylov natijalariga ko’ra, O’zbekiston Respublikasi Oliy majlisiga saylangan deputatlar ro’yxati edi. Ikkinchisi esa, bo’shab qolgan o’rinlarga shu yilning 28 iyun kuni o’tkazilgan saylov natijalari va Oliy majlisning yangi saylangan deputatlar ro’yxati edi.

Iltimos, ostiga qizil rangli chiziq chizilgan satrlarni o’qing, – dedi suhbatdoshim. O’qiy boshladim׃

1. Ortiqov Kenjaboy, Xonqa tumani hokimi,

2. Jalolov Yoqubjon Jo’raevich, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi,

3. Ziyoev Azamat Hamidovich, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi,

4. Mamatov Abdi Ishonqulovich, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining etakchi konsultanti,

5. Munavvarov Zohillo Inomxo’jaevich, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devonining Bosh konsultanti,

6. Musulmonova Oynisa, O’zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o’rinbosari kotibiyatining mudiri,

7. Mo’minov Alijon, Fargona shahar hokimi,

8. Nazarov Yo’ldosh Ahmedovich, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni qonunchilik va sud hokimiyati organlari bilan aloqalar bo’yicha ekspertlar guruhining rahbari,

9. Ro’ziev Erkin Mahmudovich, Toshkent viloyati hokimi,

10. Ergashev Xoliqul Sattarovich, Mirzacho’l tumani hokimi.

11. Jo’raev Narzullo Qosimovich, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni etakchi konsultanti,

12. Sultonov Xayriddin Madriddinovich, O’zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining Bosh konsultanti,

13. Asatov Hamidulla, Angren shahar hokimi,

14. Ko’chimov Abdusaid, O’zbekiston Tele-radio kompaniya raisi,

15. Ismoilov Umar Safaevich, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining tashkiliy kadrlar siyosati bo’yicha davlat maslahatchisining birinchi o’rinbosari.

Xullas, ikki saylovda 32 kishi saylangan va bularning orasida bor yo’g’i bir nafar oddiy kishi bor edi. Qolgan hammasi ijro hokimiyatining mansabdor shaxslari. Men ro’yxatni o’qib izohga hojat yo’q degandek, miyig’imda kuldim, shunda suhbatdoshim: «Bilaman, siz ham deputat bo’lgan holda bir muddat ijro hokimiyatida ishlagansiz. Lekin bu boshqacha manzara, deputat bo’lib saylanish uchun albatta ijro hokimiyatida ishlash kerak degan mantiq chiqayapti o’rtaga», – dedi u. Men esa «Masalan, Abdusaid Ko’chimovga o’xshagan rahbarlarning saylanishi yaxshi, Bu yigit millatvakili bo’lgach, radio-televidenieda o’zgarishlar qilish imkoniga ega bo’ladi.

Ajab emas, yaqin orada O’zbekiston televideniesida «Muxolifat minbari» rukni paydo bo’lsa», dedim. «Gap shaxslar haqida emas», – dedi suhbatdoshim. – Gap shundaki, O’zbekistonda konstitutsiya boshqa, amaldagi hayot boshqa». Bunga qo’shilmasdan ilojim yo’q edi. Ammo bu siyosatchining hisobot tayyorlagani va yil yakunida uning e’lon qilinishi O’zbekistondagi sharoitni o’zgartirmasdi. Chunki bugunga qadar bunday hisobotlar ko’p e’lon qilindi, ammo hammasi xuddi konstitutsiyamizga o’xshab qog’ozda qolib ketdi.

AL QISSA: Sen ularni «arbob» deya soyalariga qulluq qilding. Ular esa seni barbod etdilar. Bundan rozi eding. Men esa seni «arbob» deya ulug’ladim. O’zim barbod bo’ldim. Bundan rozi eding.

QONLI YaNVAR

1992 yilning 16 yanvar kuni Toshkent talabalar shaharchasida yoshlarning demokratik namoyishlari kuch bilan bostirilishi oqibatida qon to’kilgan, bir necha kishi o’ldirilgan, o’nlab talabalar yaralangan edilar. Tariximizning bu fojeali kuni demokratiyaga urilgan og’ir zarba o’laroq xotiralarimizdan er oldi. 16-18 yanvar kungi voqealar ayni paytda kelajagimizning siyosiy poydevorini belgiladi, deyish mumkin.

16 yanvar – taxmondagi taxi buzilmagan to’shaklarga, to’yga deb tikib qo’yilgan ko’rpachalarga, olti yildirki qaro er bag’rida yotgan o’g’lining yodgor suvratiga qarab, vujudi sel bo’layotgan onaizorning motam kuni.

16 yanvar – haq istab, adolat istab, demokratiya istab ko’chaga chiqqan va o’q yomg’iri ostida qolgan talabalarning ishonchlari o’ldirilgan kun.

16 yanvar – hukumat idoralarida o’tirganlarning o’z gunohlari qarshisida qo’rquv, tahlika bosgan, yuraklardagi motam kun.

Ha, bundan olti yil muqaddam Toshkentda Talabalar mustaqil O’zbekistonning kelajak kunlari hurriyat, ozodlik, demokratiya bilan yo’g’rilsin, deya namoyishga chiqqandilar. O’shanda yoshlarni g’alayonga keltirgan ikki sabab bor edi. Birinchisi, yangi yil arafasida o’tkazilgan saylovda adolatsizlikni his etgandilar. Chunki talabalar saylovdan bir hafta oldin majburiy ta’tilga chiqarilib bir hafta oldin ovoz berish tadbiriga bo’ysundirildilar.

Ikkinchisi esa, talabalar hukumatning narx-navoni oshirmaymiz, ayniqsa, nonning bahosi ko’tarilmaydi, deya saylovdan oldin va’da berib, saylov o’tishi bilan o’z so’ziga xiyonat qilganini kechirolmagandilar. Keyinchalik talabalarning hukumat va Prezident iste’fosini istaganlari qon to’kilishiga olib keldi, degan iddoalar o’rtaga tashlandi.

Demokratiya alifbosining tamalini saylov printsipi belgilaydi. Xalq qanday saylasa, xuddi shunday iste’fosini talab qilish haqqiga ham ega. Xalkdan saylashini istasangiz, ammo iste’fo talab etganda unga qarshi kuch qo’llasangiz, bu demokratiya emas diktaturaning alomatidir.

Bundan olti yil muqaddam Talabalar shaharchasida yuz bergan qonli fojea kelajagimizning qanday bo’lishini belgilab berdi. Lekin o’sha kunlari buni ko’ra olganlardan ko’ra olmaganlar ko’proq edi.

Hukumat Talabalar shaharchasidagi norozilik namoyishini qora kuchlarning provokatsiyasi, deya baholadi. Voqea ortidan Toshkent viloyat partiya qo’mitasining majlislar zalida bo’lib o’tgan kengashda prezident Islom Karimov so’zlagan nutkda ham shu narsa ifoda etilgandi. O’sha nutkdan parcha keltiramiz: «Men butun o’zbek xalqi oldida oshkor aytaman, Talabalar shaharchasidagi voqealar «Erk» va «Birlik»ka bog’lik emas. Mana Muhammad Solihning telegrammasini cho’ntagimda olib yuribman. Meni saylovda yutib chiqqanim bilan tabriklagan. Talabalar shaharchasidagi voqealarni qora kuchlar, mafiya qilgani aniq. Biz ularni bilamiz va yaqinda bo’yinlariga qo’yamiz. Hozir sizdan tiz cho’kib so’rayman, menga olti oy vaqt bering, O’zbekistonni jannat qilaman»

Mana olti oy emas, olti yil ham o’tdi oradan. O’zbekistondagi bugungi ahvol o’zingizga ayon. O’sha paytda talabalar shaharchasi temir panjaralar bilan o’rab olindi. Majburiy ravishda avtobuslarga tiqib, uy-joylariga jo’natilgan yoshlar ota-onalari bilan birga so’roq, tergovga tutildilar. Keyin ular viloyatlardagi Oliy o’quv yurtlariga tarqatib yuborildilar. Madaniyat va bilim markazidan yulib olingan 10 minglarcha talaba sarson- sargardonchilik ko’chasida qoldi. Professor o’qituvchilar oldiga talabalarni tazyikda ushlab turish, savolga o’chlarini oliygohlardan haydash topshirildi. Xo’sh, bundan qanday xulosa chiqarish mumkin? Nahotki, qora kuch deyilganda, begunoh yigit-qizlar nazarda tutildi.

Ko’p o’tmay Respublika prokurori o’rinbosari, ayni paytda Toshkent shahar prokurori bo’lgan Mirzaev imzosi bilan «Birlik» va «Erk»ni Talabalar shaharchasidagi voqealarga bog’lash haqida jinoiy ish boshlandi.

Tabiiyki, «Birlik» va «Erk» a’zolarining aksariyati talabalar edi. Demak, yana talabalar ayblandi. O’ldirilgan, kaltak egan, tahqirlangan, quvg’in qilingan ham ular. Va yana ayblangan ham ular. O’q otishga buyruq berganlar, bevosita o’q otib o’ldirganlar, tazyiq ta’qib o’tkazganlar esa mansabdan mansabga ko’tarildilar.

Aslida talabalar qora kuchlarga qarshi bosh ko’targan qaldirg’ochlardir. Qora kuch tuzumning o’zi edi. 16 yanvar – Mustaqil O’zbekiston tarixida demokratiya shahidlari kunidir! Qora kuchga qarshi kurashda halok bo’lgan, to’g’rirog’i demokratiya yo’lida shahid tushgan yigitlarimizga Allohdan rahmatlar tilaymiz, Ozodlik istaganlar, Erk va Birlik istaganlar, tom ma’nodagi mustaqillik istaganlar hech qachon o’lmaydilar, hech qachon unutilmaydilar.

AL-QISSA: Sen go’yo bexabarsan qonli yanvardan. Chunki xotirang o’ldirilgan. Men esa halakman xotirangni tiriltirmoq uchun.

BUXORO FOJEASI YoKI TARIXNING AChChIQ DARSI

O’zbekiston mustaqilligi nishonlanadigan birinchi sentyabr kuni bizga tarixning son-sanoqsiz alamli, iztirobli fojealaridan birini eslatadi. Ayni shu kuni – 1920 yilning 1-sentyabrida Qizil Armiya qo’shinlari Buxoro shahriga bosib kirib, Buxoro amirligining saltanatini qo’lga kiritgandi. Shu zaylda 1-sentyabr tarixga Buxoro amirligining yoki Buxoro davlatining oxirgi kuni bo’lib yozildi. 1-sentyabr kuni O’zbekiston mustaqilligi bayram qilinarkan, Buxoro davlatining qulashini yodga olish kelajagimizga yanada ravshanroq ko’z bilan nazar solishga undaydi.

Bundan roppa-rosa 77 yil burun Qizil Armiyaning jallodlari avgust oyining oxirida Buxoroga tup-yakun hujum boshladilar. Mixail Frunzening 1920 yilning 12-avgustida imzolagan buyrug’i bo’yicha bu hujumda o’n mingga yaqin piyoda, uch ming atrofida otliq askar, besh artilleriya, 200 dan ziyod zambarak, besh bronepoezd va yana bir qancha og’ir sipohlar hamda 11 aeroplan safarbar qilindi.

Hujum garchi 16 avgustda Chorjo’yda boshlangan bo’lsada, 1- sentyabr kuni ashaddiy ravishda qadimiy Buxoroga qaratildi. Shaharni qamalga olgan jallodlar guruhining boshlig’i Zinovevning yozishicha, 1-sentyabr kuni Buxoro gurillab yonmokda edi. Uy-joylar, tilsiz obidalar yondirilar ekan, ko’cha-ko’ylarda son-sanoqsiz o’liklar yotardi.

Qizil Armiyaning aeroplanlari shaharni bombardimon qilar ekanlar, ming-ming begunoh mas’um insonlar, keksalar, yoshlar, onalar, bolalarning faryodlari ko’kka sig’masdi. Keyinchalik bu insonlarni tuproqqa qorishtirgan uchuvchi jallod Leskin Qizil bayroq ordeni bilan mukofotlangandi. Minoralaridan ming yil davomida azon aytilgan qadimiy obidalar aeroplanlardan o’qqa tutildi. Sitorai Mohixosaning ustiga tinimsiz otash yog’dirildi.

Gumbazlar er bilan yakson bo’ldi. Registon ham kul bo’ldi. Bu bilan cheklanib qolmagan bolshavoylar shaharni talon-taroj qildilar. Amir saroyining xazinalaridagi sandiqlar buzilib, oltinlar tashib ketildi. Begunoh insonlarning qimmatbaho mol-mulklari tortib olindi. Qizil Armiya mol-mulk ortilgan ikki eshelonni Rossiyaga jo’natdi. Oltin, qahrabo va firuza toshlar bilan ishlangan 39 qilich kommunistlar markaziga yuborildi. Bu qilichlarning har birida 40ga yaqin brilliant toshlar bor edi. Qonli va qaqshatgich hujumni amalga oshirgan front qo’mondoni Frunze va Revsovet a’zosi Ibrohimovga mukofot o’laroq ana shu oltin qilichlardan hadya etildi. Er bilan yakson bo’lgan qadimiy Buxoro nafaqat vayronaga aylandi, balki huvillagan, jasadlari ko’milmagan qabriston holiga keldi.

Hali yaqin-yaqingacha Toshkentning Xadra maydonidagi Hamza teatrida Buxoroning shu kunlaridan hikoya qiluvchi teatr haftada ikki marta namoyish etilardi. Sahnada yuqorida tilga olingan vahshiyliklar, vayronagarchilikdan asar ham yo’q. Bu voqea inqilob g’alabasi, deya ko’z-ko’z etilardi. Lekin biz mustaqil bo’lganimizdan keyin ham Buxoro fojeasining asl mohiyati xalqqa tushuntirilib berilgan emas.

O’shanda Buxoro amiri Said Olimxonning 20 mingga yaqin askari bor edi. Lekin u nima sababdan qisqa muddatda engildi? Bu savolga tarixchilarimiz odil javob berishga hadiksiramokdalar. Lekin haqiqat qanchalik achchiq bo’lmasin, uni aytishimiz va undan dars olishimiz kerak. Bu voqeada ichki xoinlik bor.

RSFSR Tashqi ishlar xalq komissari Chicherin Leninga 1920 yilning 18-may kuni yozgan hisobotida Buxoro mustaqilligi tan olinganini eslatadi va Buxoroga qarshi hujum Sharkdagi siyosatimizni obro’sizlantiradi, deb so’z yuritgandi. Shundan keyin, o’lkamizdan borgan elchilar Sverdlov bilan uchrashdilar va Lenin bilan ko’rishib, Buxoroga qo’shin kiritishni talab qildilar. Bugun biz bu voqealarni ipidan ignasiga qadar o’rganmas ekanmiz,

mustaqilligimizning kelajagini kafolat ostiga oldik, deb ayta olmaymiz.

Buxoro fojeasi xususida uch savolga javob berish kerak: Birinchidan, bu voqealarda Fayzulla Xo’jaevning tutgan o’rni va roli qanday edi? Ikkinchidan, Lenin hukumati asosiy diqqatini G’arbga qaratayotgan bir paytda uni Sharqqa yo’naltirgan va o’zlari hokimiyatga kelish uchun Vatan, millatini o’qqa tuttirgan insonlar kimlar edi? Uchinchidan, Buxorodan tortib olib ketilgan madaniy meroslarimiz, tarixiy boyliklarimizni Rossiyadan qachon talab qilamiz va qachon o’z o’rniga qaytaramiz?

Bu uch savolga javob bermas ekanmiz, xoinlarni qahramon, deya ulug’lashda davom etilaveradi, ularning nomi ko’chalarga beriladi, ularning nomiga qo’shiqlar bag’ishlanadi va Buxoroda 77 yil avval, 1-sentyabrda qatl etilgan ming-minglarcha millatdoshlarimizning ruhi boshimizda chirqirab turaveradi. Bu uch savolga javob bermas ekanmiz, mustaqilligimizning tamal toshlarini mustahkam zaminda emas, balki qum ustida qurgan bo’lamiz. O’zbekiston mustaqilligi ramziy o’larok 1-sentyabrga to’g’ri kelgani 1920 yilning 1-sentyabrida Buxoro boshiga yog’ilgan kulfatning parda orqasini oydinlatishga nafaqat turtki, balki undovchi kuch bo’lish kerak.

AL-QISSA: Sen bayram qilasan, men yig’layman. Kimga to’y, kimga aza!

24 avgust 1997 yil

SALTANAT YoLG’ONI

Saltanat tushunchasi tarixan va bugun ham saroy ma’nosiga ega. Saltanat deyilganda hamma vaqt shohlar, podishohlarning qasrlari, shaytanatga aylantirilgan saltanat atrofidagi muhit nazarda tutilgan. “Muloqot” darg’isining shu yilgi 1-sonida e’lon qilingan “Saodat saltanati va saltanat saodati” sarlavhali bosh maqola ham shu ruhning bir parchasidir. Ne darig’-ki O’zbekistonda xalq azob uqubat girdobida ekan saltanat atrofidagilar, ya’ni saroydagilar saodat qo’ynidalar, ular saodat saltanatini yashamokdalar.

Azaldan saroy shoirlari va tarixchilari o’z yolg’onlari,maddohona to’qimalari, yaltiroq kalimalari bilan saltanat saodatiga sherik bo’lib kelganlar, uning dasturxonidan ilik terganlar. Bu ilikning yog’i ularning ko’zlarini bekitgan va xalqning ahvolini ko’ra olmaganlar. Bu ayniqsa sovet davrida kuchaydi va bugun eng baland nuqtasiga chikdi.

Agar, siyosiy, tarixiy va ijtimoiy nuqtai nazardan qaraydigan bo’lsak, nomi tilga olingan maqola uch jiddiy xato ustiga qurilgandir.

Birinchi xato: Amir Temur va Islom Karimovni qiyoslash. Kimdir bu erda o’sha maqola muallifining yashirin maqsadi bor, u Amir Temurni qoralash, erga urish, badnom etish, xalqning yuragidan uning nomini sug’urib olib tashlash uchun shunday mohirona uslub qo’llagan deyish ham mumkin. Lekin saroy shoirlarida bu qadar hunar hech qachon bo’lmagan. Qolaversa, ularning qo’rqoqliklari fikrlariga zomin bo’lgan. Mustaqil fikr sohibi saroy shoiri bo’lib qololmaydi.

Amir Temur o’z tuzuklarida davlatchilik haqida 12 qoidani ilgari suradi. Jumladan, o’z fikriga ega olimlarni, oydinlarni, ulamolarni qo’llaganini aytadi Amir Temur. Islom Karimov esa o’z fikriga sohib ziyolilarni quvg’in etdi, kimlari surgunda, kimlari esa zindonlardadir. Amir Temur davlatining

umurtqasini urduda, ya’ni armiyada deb bildi. Islom Karimov esa 700 kishilik Prezident gvardiyasi bilan o’zini qo’riqlagani holda, xalqni va Vatanimizni Rossiya askarlari ixtiyoriga havola etdi.

Xullas, Islom Karimovning faoliyati Amir Temur bo’ysungan 12 qoidaning barchasiga ziddir. Shunday ekan, Temur boboning ruhini chinqiratish nafaqat tarixga,haqqoniyatga xiyonatdan boshqa narsa emas.

Ikkinchi xato: Uyg’onish, ya’ni renesans bir necha asrlik yuksalishni ta’min etgan ilmiy, ijtimoiy tamalga berilgan nomdir. Dunyoda hamon birinchi renesans masalasi tortishilmokda. G’arbliklar yunon antik madaniyatini 1-Renesans, deb atamokdalar. Bizning Beruniy, Forobiy, Ibn sino, Xorazmiy kabi o’nlab mutafakkirlarimizni esa arab olimlari, deb bilishadi. Hali biror bir mustaqil o’zbek olimi G’arb minbariga chiqib bu xususda iddaomizni o’rtaga qo’ygan emas.

Temuriylar madaniyati esa 70 yil qoralandi. Va besh yildir maqtalmokda. Oldingisi singari bu davr ham hali O’zbekiston tarixida mustaqil ravishda etarli tadqiq etilmagan. Bugungi o’zbek olimlari Yakubovskiy, Pugachenkova, Bartold, Vamberi kabi tarixchilarning ma’lum bir maqsadga yo’nalgan asarlaridan nariga o’taolmayaptilar. Shunday ekan, bugun O’zbekistonda uchinchi uyg’onish, uchinchi renesans haqida gapirish nafaqat kulgili, balki yig’layotgan bolani cho’pchak aytib ovutishdek gap. Qolaversa, yo’q narsani mavjud o’tmish bilan qiyoslab, tarixiy jarayonga uning natijasiga qarab baho berish printsipi qo’pol tarzda buzilgan.

Va nihoyat uchinchi xato: Agar O’zbekistonda mustaqillik haqida gap yuritadigan bo’lsak, uni Islom Karimov bilan bog’lash haqiqatning ko’zini o’yishdir. Uzoqqa bormaylik, 1990 yil Oliy Kengashning 2-sessiyasida biz Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qildik. Xorijdan mehmoni kelgani bois Islom Karimov sessiyaga kech keldi. Kamina mazkur sessiya kotibiyatining raisi edi. Karimov kelishi bilan Bosh vazir Mirsaidov huzurida menga “Nega bu hujjatni qabul qildingizlar?

Bu orqadan pichoq urishdir, bu xiyonatdir! Biz mustaqil bo’lib qaerga ketamiz. Na dengiz, na temir yo’li va na boshqa chiqish yo’limiz bor. Moskvadan ajralish O’zbekistonni yo’q etish demakdir!” dedi. Xonaga deputatlar Erkin Vohidov, Nurali Qobul va Salay Madaminov kirib kelishganida dahanaki jangimiz mushtlashuvga aylanib ketishiga oz qolgandi. Men bu voqealar tarixini “Saroy o’yinlari” nomli kundaliklarimda va “Quvg’in” nomli voqeiy romanimda batafsil yozganman.

Hozir esa sizga kichik bir haqiqatni aytmoqchiman. 1990 yil 20-iyunda qabul qilingan mustaqillik deklaratsiyasi matbuotda o’sha kuni e’lon qilinmadi. Uzoq talablarimizdan keyin qisqartirishlar va o’zgartirishlar bilan chop etildi. “Mustaqillik” kalimasi “suverenitet” deb o’zgartirildi. “SSSR qonunlari O’zbekistonda hal qiluvchi kuchga egadir”- singari jumlalar qo’shildi. Xullas 176 millat vakili imzolagan va butun parlament tomonidan qabul qilingan “O’zbekiston mustaqillik deklaratsiyasi” Birinchi sekretari Islom Karimov bo’lgan O’zbekiston KP tomonidan tan olinmadi. Kompartiya shoshilinch tarzda 14-Plenumini chaqirib, bu masalani muhokama qildi. Oliy kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov bo’shanglikda ayblandi va ishdan chetlashtirildi. Kamina va boshqa bir qator deputatlarga qarshi quvg’in tadbirlari ko’rila boshlandi.

Mustaqillik istaganlar xoinga, mustaqillik dushmanlari esa qahramonga aylandi. Tabiiyki, tarix nazdid emas, balki saroy shoirlari nazdida.

Shu o’rinda eng buyuk fojeani ta’kidlamoqchiman. O’zbekiston mustaqilligini istaganlar quvg’in etilarkan, ularning mustaqillik haqidagi qarashlari, O’zbekistonning hur, demokratik kelajagini yaratish borasidagi orzu umidlari, istagan yo’llari ham quvg’in etildi. Islom Karimov boshchiligidagi gurux esa avtoritar, repressiv yo’lni tanlab, xalqni mustaqillik porloq hayot keltiradi degan tushunchadan uzoqlashtirdi. Xalq orasida mustaqillik saltanatdagilarga saodat, xalqqa esa og’ir kunlar keltirdi degan fikr uyg’onishiga olib keldi.

“Muloqot” darg’isidagi maqola ana shu fojeani bekitish uchun o’ylab topilgan navbatdagi yolg’ondir. Yoki yolg’onga qurilgan saltanatning yolg’on hikoyasidir.

AL-QISSA: Sen yolg’onni sevib qolayapsan, men esa haqiqatdan yuz o’girishga o’rganib qolmay deb halakman.

14 may 1998 yil

VATAN TOMIRIDAGI QON

Inson qaerda bo’lmasin, Vatan ruhini qalbida, Vatan orzusini tafakkurida va Vatanning o’zini qon tomirida tashiydi. Bir necha ming kilometr olislarda, ummonlar naryog’ida Amerikaning gullaru yashilliklar manzarasiga boqar ekanman, baribir xayolim boshqa bir manzaraning rasmini chizadi.

Chuchmomo dardini aytadi onamga.

Oymomo dovdirab qaytadi, xonamga

Mening xayolim senda.

Oyog’im ostida yig’laydi,

Munis qor,

Qoyalar ustida uvlaydi,

Bo’zqurt zor,

Mening xayolim senda.

Devoring qo’llari bo’ynimda

Voh, ilon.

Go’zalim uxlaydi qo’ynimda

Xo’p, nolan.

Mening xayolim senda.

Umrimiz zanjirband tuzokda

Xor zotan.

Sen esa ko’kdan-da uzokda

Yor – Vatan.

Mening xayolim senda.

Ha, Vatan ba’zan ko’kdan-da uzokda, chunki o’sha kezda inson o’z tomirlarini, o’z vujudida oqayotgan qonni his etmaydi. Hamma hammasi uzokda tuyuladi. Bir paytlarning mujohidi – bugun Istanbuldagi o’zbeklar takkasida mangu uyqusini olayotgan Usmonxo’janing o’g’liga vasiyatini she’rga aylantirganimda ham ana shunday his meni chulg’agandi.

Men Vatanni olib ketdim,

Yuragimga solib ketdim,

Olislarda qolib ketdim,

Sen qolma bolam!

G’urbat elda g’arib kezdim,

Goho sokin, goho tezdim,

Sog’inch janggohidan bezdim,

Sen tolma bolam!

Istanbul dilga dur oro,

Tabriz ham xoli nigoro,

Ustun Samarqand, Buxoro,

Sen bo’lma, bolam!

Ol ruhimdin faryodimni,

Da’vodagi zuryodimni,

Turkistonga yoy dodimni,

Sen so’lma, bolam!

Dunyo malak, chakkasida,

Turon zamin makkasida,

Bevatanlar takkasida,

Sen o’lma, bolam!

Vasiyatlar ortidan vasiyatlar kelgani bilan na Turkiston mujohidlari va na ularning farzandlari Vatanga qaytmadilar. Birilari uchun Vatanning darvozalari vatankushandalar tomonidan taqa-taq yopilgan bo’lsa, birilari uchun Vatan irmoqlari qurib bitgandi. Ular Vatandagi vatandoshlariga boqaroq xunob bo’lardilar.

Boshingga dur yog’ilar sepganida,

Oyog’ini o’pasan tepganida,

Iziga gul ekasan ketganida

Shohparast qul!

Qil sug’ursa yumshoq xamir bo’lasan,

Ish buyursa, zolim amir bo’lasan,

Fitna tug’sa, tamal-zamir bo’lasan,

Shohparast qul!

Et esa u, suyagini chaynaysan,

Bir jilmaysa, olovida qaynaysan,

Elni ezsa, qo’lida sen karnaysan,

Shohparast qul!

Tosh otganda, «tuting non» deb aytasan,

Zulm qilsa «yorug’ on» deb aytasan,

Bosh kesganda, «qutlug’ qon» deb aytasan,

Shohparast qul!

Dushman lozim bo’lgan kun, dushmanisan,

Yurtga hisob berarkan, pushmonisan,

Do’ppisi tor kelganda, qurbonisan,

Shohparast qul!

Ha, ne darig’ki ko’zlari ochiq bo’lgani bilan, u kup narsani ko’rolmaydi, balki ko’rsa ham ko’rmaslikka oladi.

Irmoqlar oqadi

Yulduz nahriga

Daryolar uzangan

Osmon bag’riga

Sen ko’rolmaysan!

Og’ochning sochlari

O’rib qo’yilgan

Yaproqlar yig’laydi

Ko’zi o’yilgan

Sen ko’rolmaysan!

Mening yuragimda

Tog’lar ko’milgan

Qirmizi ummonda

Dunyo cho’milgan

Sen ko’rolmaysan!

Daqiqalar askar misoli qilichini yalang’ochlab, orqama- orqa shahid tushaveradi. Satrlar esa bitmoq bilmaydi.

Ko’zlaringda qum jonim,

Jannatingda yashayin,

Ko’zlarimga chum jonim,

Bu dunyoni oshayin,

Sochlaringga bog’la-yu,

Tikanzorda sudragil,

Yuragimni dog’la-yu,

Ko’llarimda mudragil,

Lab degan mohlaringa,

Osmon bo’lay nigorim,

Oh cheksang ohlaringga,

Doston bo’lay nigorim.

Dol ayla oyog’ingda,

Boshim qayrog’ing bo’lsin,

Xol ayla yonog’ingda,

Qonim bayrog’ing bo’lsin.

Men sukutni qo’ndirib,

Seni kutdim bo’ronim,

Sog’inchlarni so’ndirib,

Uyg’ona qol, Turonim!

Ha, Turon hali uyquda. Uni uyqudan uyg’otishga menda ne bor?

Qo’limda na qilich, na qalqon,

Ostimda na dul-dul, na fayton,

Ortimda na askar, na shayton,

Isyonkor ko’zim bor!

Yo’limda na yo’ldosh, na sirdosh,

Elimda na umid, na bardosh,

Shafakda na quyosh, na bir bosh,

Isyonkor o’zim bor!

Orzuga na Cho’lpon, na Zahro,

Tutarga na oltin, na qahro,

Kurashga na maydon, na sahro,

Isyonkor ro’zim bor!

Yodlashga na qo’shiq, na doston,

So’ylashga na zamin, na osmon,

Tinglashga na mardu, na mardon,

Isyonkor so’zim bor!

Shunday Turon olis. Dardingni navolarga aytasan, havolarga aytasan.

Turon olis

Tog’lar poylar qorda bosilib,

Niyat xolis

Yo’lga chikdim, tongga osilib,

Manzil uzoq

Oyog’imda zanjir daryolar,

Xayol tuzoq

Yuragimda sanchar ro’yolar,

Sog’inch toshdir

Tegirmonda yanchib ezadi

Ko’zim yoshdir

Ummonida hijron suzadi

Sahro dahshat

Tikan bo’lib ichar qonimni

Dilda Mashrab

She’rga o’rab asrar jonimni

O’rmon chiqar

Kipriklarim etmaganiday

Darmon yiqar

Go’yo avval ketmaganiday

Bekinmoq yo’q

Bo’ron qilich kabi elsa ham

Chekinmoq yo’q

Ajal ortdan quvib kelsa ham!

Jonim Turon

Seni quchog’imga bosayin

Senga bu jon-

Tanni dorlaringga osayin!

She’r qalbi dard, sog’inchu- hijron, hasratu- armonning tarjimonidir.

AL-QISSA: Men she’r yozar ekanman, sen tush ko’rayotgandirsan. Tushlaringga ilohim Turon kirgan bo’lsin!

JAHANNAM YO’LI

Insonning insonga sajda qilishi, sig’inishi ham dinimiz hamda bugungi ijtimoiy qarashlarimizga ziddir. Taassufki, bunga qaramasdan «shaxsga sig’inish» iborasini bot-bot takrorlashga majbur qolayapmiz.

Qadri-qimmatni, ya’ni o’zligini bilgan inson o’zi singari boshqa bir odamga sig’inib ma’naviy borlig’idan ayrilmaydi.Biz yashagan sovet tuzumi va bugungi jamiyatda shaxsga sig’inish yo’q, mansab va manfaatga sig’inish bor. Avval Lenin, keyin Stalin shaxsiga sig’inildi go’yo. Keyincha, Xrushchev o’rtaga chiqib shaxsga sig’inishni qoralagani bilan uning o’zi ham bu girdobning sohibiga aylandi. Zanjir Gorbachevga qadar davom etdi. O’zbekistonda ham eng yuqori mansabda kim o’tirgan bo’lsa, albatta, uning shaxsiga sig’inildi. Uning aqlli yoki ahmoqligi, bu lavozimga tasodifan yoki turli fitnalar bilan kelganligi, boshqalarning qobiliyatli yoki farosatsizligi farq etmasdi.

Rashidov shaxsga sig’inishning bobokaloni, deya qoralangan kunlarda Surxondaryoning Bobotog’ etaklarida bir nuroniy kishi bilan gaplashdim. Otaxon «Bolam, Rashidovda nima gunoh? Hamma gap sabil qolgur taxtda, mansabda. U erga eshakni mindirib qo’yishsin, unga ham sajda qiladiganlar topiladi. Ayniqsa, siz ijodkorlar uning quloqlari chiroyli qimirlaydi, hangrashi musiqaviy, deb u haqda maqolalar, she’rlar, kitoblar yozasiz», dedi. O’shanda dehkon boboning gapini gazetalarga yozganimda kaminani Rashidovni himoya qilishda ayblashdi.

Mening dardim boshqa. Dehkon bobo aytganidek, qo’lida qalam tutganlar, ya’ni hamdu-sano o’quvchilar ko’zi ko’r, qalbi so’qir emas. Past-balandni yaxshi bilishadi. Taxtda o’tirganga ham har taraflama baho berish kobiliyatiga ega.

«Biz yashagan egasizlik tuzumi uzoq yillar odamlarni qalb erki, dil mustaqilligidan judo qildi», – deydi Erkin Vohidov «Fan» nashriyoti tomonidan 1993 yilda chop etilgan «Fitna san’ati» nomli maqolalar

to’plamiga yozgan o’ng so’zida. Shu kitobning ikkinchi jildida Erkin Vohidovning yana bir maqolasi bor: «Muhitga sig’magan yurak». Qobiliyat sohibi Usmon Nosir haqida. Maqoladan parcha: «Bugun biz hamma narsani faqat shaxsga va unga sig’inishga qo’ysak, barcha savollarga javob bergan bo’lmaymiz. O’sha shaxsni davlat tepasiga keltirgan, o’sha sig’inishni paydo qilgan kuch nima?»

Darvoqe, Erkin aka aytmoqchi bo’lgan kuch nima? Taxtga talpinish, mansab va manfaat ortidan quvish tuyg’usi emasmi? Taxtga o’tirgan zotga generalissimus unvoni berilishiga bag’ishlab yozilgan doston bilan yana taxtda o’tirgan kishiga Amir Temur ordeni berilishi sababiyla hamdu- sano o’qishning boshqa qanday izohi bo’lishi mumkin?!

Ammo shu haqiqat bor. Taxtdagi shaxs ham o’ziga emas mansabiga sig’inishayotganini yaxshi biladi. Yuqorida nomi zikr etilgan «Fitna san’ati» kitobining 220 sahifasida shunday satrlar bor: «Usmon Nosirning Stalinga bag’ishlangan satrlari o’ta samimiy. Hatto Gurjiston SSJning 15-yilligi munosabati bilan Gruzin xalqi nomidan yozilib, bir yarim milliondan ortiq odam imzo chekkan she’riy xatni ham ruschadan o’zbekchaga Usmon Nosir tarjima qilgan edi». Bilamizki, qotil Stalin buyuk iste’dod Usmon Nosirni ayamadi.

Yoki Erkin Vohidov 1961 yilda V.I.Leninning yoshligiga bag’ishlab yozgan «Buyuk hayot tongi» poemasida Volodyaning saodat kurashchisi, sovet tuzumi esa «millionlarga baxt bergan tuzum» deya kuyladi. «Nido» dostonida bu ruhni davom ettirdi. 1967 yilda mazkur asarlari uchun Erkin Vohidov Lenin komsomoli mukofotini oldi.

Lekin bir kun kelib «O’zbegim» she’rini yozganida boshiga to’qmoq tushdi. Bunday holat har bir shoir, har bir yozuvchining tarjimai holida mavjud. Biroq bugun ham bundan xulosa qilinmasdan an’ana yashayotgani shuni yana bir karra isbotlaydiki, gap ko’klarga ko’tarib maqtalgan shaxsda emas, gap bizning o’zimizda. Bir ijodkor hech bo’lmaganda yozmay turish imkoniyatiga ega, gapirmay turish imkoniyatiga ega. Bu uning o’zgaga emas o’ziga sodiqligini ifodalaydi.

«Ozodlik» radiosidagi davra suhbatida yosh ijodkor do’stlarimiz xalqning shoir va yozuvchilariga ishonmay qo’yishganini, bundan keyin ularga ergasholmasligini tilga keltirishdi. Bu bir tomondan fojea bo’lsa, boshqa tomondan yaxshi hamdir. Chunki keyingi 80 yil ichida xalqimiz ijodkorlardan asosan shaxsga sig’inishni, ya’ni mansabga qulluq qilishni, o’zlikni oyoq osti etishni o’rgandi. Bugun xalqimiz ularning so’ziga ishonmay boshlagan bo’lsa, demak yorug’ kunlar uzoq emas.

Mustaqillikni saqlab qolish, Vatanimizni dunyodagi taraqqiy etgan davlatlar davrasiga olib chiqish, xalqimizga farovonlik yo’lini ochishni shaxsga sig’inish, aniqrog’i, mansab va manfaatga sig’inish illatidan qutulishdan boshlash kerak.

O’zligini anglagan dar qolmaydi, o’zligini bilgan o’zgaga sig’inmaydi. Zotan bandaning bandaga emas, bandaning Allohga sig’inishi ozodlik, hurriyat yo’lidir. Eng ulug’ taxt, eng ulug’ mansab Uning huzuridadir. Allohni ham unutib, foniy taxt, foniy mansabda o’tirganlarga, ularning vositasida manfaatga sig’inish jahannamga yo’l solishdir.

AL-QISSA: Men Tangriga sajda qilarkanman Sen bandaning quli eding. Qul qulligini anglagan kun hurriyat kunidir. Senga «Hurriyat muborak bo’lsin!» deyish nasib etarmikan?!

IJROChILIK YoKI MANSAB VA MANFAAT QURBONLARI

Sovetlar zamonida eng ko’p yoyilgan illatlardan biri “xo’p, xo’p” xastaligi edi. Bu illatdan dong’imiz hamchiqqani ma’lum. Ya’ni to’g’ri yo noto’g’ri, haq yo nohaq topshiriq olsak, bas-ki yuqoridan kelgan bo’lsa, og’zimizdan “xo’p”dan boshqa so’z chiqmasdi. Bunday ijrochilik demokratiyaga ziddir. Demokratiya fikrlash minbari. Har qanday masalada ishtirok etish demakdir. Ko’r-ko’rona ijrochilik esa iqtidorni saqlab qolish uchun qo’llanadigan har turli rejimlarga xos.

O’zbekiston mustaqil bo’lgandan keyin ijrochilik illati yo’q bo’lish o’rniga ildizlarini yana ham kengroq yoydi. Yuqori lavozimlarda ishlagan, mamlakat va millatning takdiri, kelajagi bilan bevosita bog’liq bo’lgan rahbarlar, eskichasiga aytganda nomenklatura, ijrochilikni, mansabimni saqlab qolishning birdan bir yo’li deb tushunmokda. Ana shuning uchun ham ijrochilik mansab va manfaat uchun o’z vijdon hamda xosiyatini oyoq osti qilish bilan tenglashdi.

Yuqoridan keladigan topshiriq g’ayriqonuniy, qoidalarga zid, hatto insoniylik charchavasiga sig’maydigan bo’lsada, mansab va manfaat uchun ko’zni chirt yumib, ko’r-ko’rona ijro etish yoppasiga tus oldi.Bu holni ko’r-ko’rona deb baholamoqni ham o’ylash kerak.Chunki ijrochi o’z hatti-harakatlarini sezib turadi va hatto yakkama- yakka suhbatlarda yuragini bo’shatib olish uchun buni e’tirof etadi.

Lekin uning mansab va manfaat tuyg’ulari har narsadan ustun kelgani uchun ko’r-ko’rona deyilgan ijrochilik qobig’iga o’ranib oladi. Har bir mansabdor o’z istiqboli, kelajagi, kamoloti va badavlat yashash manbaini ijrochilikda ko’rmokda. Xastalik vaqtida davolanmasa, oldi olinmasa oxiri voy ekanligini bilmagan odam yo’q. Xastalikka ko’z yumish johillikdir.

Qonunlarni va o’z munosabat mantig’ini chetga surib qo’yib, telefon dastasiga “xo’p, xo’p” deya har qanday topshiriqni jirkanmay bajarish, oxir- oqibatda ijrochining boshini ham kundaga qo’yishini bot-bot yozgandik.

Uzoqqa bormaylik, 1993 yilning boshlarida “Ozodlik” radiosida e’lon qilingan bir maqolamda shunday satrlar bor edi: “Do’ppi keltir desa, bosh uzib kelgan rahbarlarning bir qanchasi o’z ijrochiliklarining qurboni bo’lib ketdilar. Biz yiqilganni tepmoqchi emasmiz. Ammo nimaga yiqilganini aytish insoniy burchimizdir. O’zbekiston Oliy Kengashining birinchi raisi Mirzaolim Ibrohimov, Surxondaryoda hokimlik qilgan Hakim Berdiev, ilk mustaqil gazetalarni yopib tashlagan Ubaydulla Abdurazzoqov, Farg’ona,O’sh, Parkent, Bo’ka voqealarini “Birlik” harakatiga to’nkagan va uni aybdor qilib ko’rsatgan prezident maslahatchisi Shahobiddin Ziyomov, muxolifatga qarshi o’t ochgan davlat kotibi Rahim Rajabov, Qashqadaryoda Shovruq Ro’zimurodov, Murod Jo’raev kabi xalq deputatlari boshiga qora kunlar solgan Alixon Otaxonov, ulug’ mujohid Boymirza Hayitni vatandan quvib chiqargan prezident maslahatchisi Baxtiyor Nazarov va boshkalar ijrochilik illatining qurboni bo’ldilar.

Biz bu ismlarni keltirar ekanmiz, boshqalarga ham saboq bo’lsin degan ilinjda edik. Biroq bundan xulosa chiqarish o’rniga ijrochilik xastaligiga yana ham mahkamroq yopishib olganlar o’z kelajaklarini ko’ra olmadilar. O’zbekiston Bosh vaziri o’rinbosari bo’lib ishlagan shoir Erkin Samandarov Toshkent talabalar shaharchasi voqealaridagi haqiqatni o’rtaga chiqaradigan ko’rsatuvlarni ta’qiqlashi barobarida ba’zi gazetalar faoliyatida ozmi-ko’pmi ko’zga tashlanib turgan demokratiya uchqunlarini bo’g’ishda jonbozlik ko’rsatdi. Olgan mukofoti esa ishdan haydalish bo’ldi.

Boshqa bir shoir Usmon Azim bo’lsa muxolifatni yo’q etish uchun topshiriq bilan ko’g’irchoq partiya tuzdi. Dunyo ko’zini shamg’alat qilish uchun boshlangan bu o’yinda bosh aktyor rolini olishiga qaramay oxirida partiyadan quvildi. O’zbekiston Adliya vaziri bo’lib ishlagan Muhammad Bobur Malikov qonunlar buzilishini qonuniy deya asoslab turdi. Bir qator jamoa tashkilotlarini ro’yxatga olmadi. Ro’yxatga olinganlarni esa bir topshiriq ijrosi uchun yopib tashladi. Bularning evaziga oxirida Vatan xoini deb e’lon qilindi.

Ijrochilik xastaligining eng yorqin namunalarini ko’rsatganlardan biri Oliy Kengash raisi Shavkat Yo’ldoshev edi. Parlamentda so’z erkinligini buzgan, o’ndan ziyod millatvakilini g’ayriqonuniy ravishda chaqirib olgan, bir qanchasini esa qamoqxonaga jo’natgan, xalq haqida o’ylaydigan deputatlarni ta’qib va quvg’inga solgan Shavkat Yo’ldoshevning ham qismati xuddi boshqalarnikidek bo’ldi.

Samarqand viloyati hokimi Po’lat Abdurahmonov esa o’ziga xos ijrochilik maktabini yaratdi. Yuqoridan kelgan topshiriqlar asosida o’nlab insonlarni oilalari bilan surgun etdi. Ularning hech qanday ayblari yo’qligini u yaxshi bilardi. Garchi yuqoridan shaxsning o’zini yo’qotish topshirig’ini olgan bo’lsada, orqasidan biror- bir gap chiqib qolmasin deya oila- a’zolari, qarindosh-urug’larini ham qamoqlarga tikdi, quvg’in etdi. Va bir kun kelib kaltak o’z boshida sindi. Butun urinishlari, harakatlari zoe ketdi va Samarqand tarixidagi eng samarasiz hokim deb e’lon qilindi.

Qisqa davrda o’z ijrochiliklarining qurboniga aylanganlar shu qadar ko’payib ketdiki, ba’zilarining ismi-shariflarini sanashning o’zi ko’p narsani ifoda etadi. Masalan,Buxoro viloyat hokimi Damir Yodgorov, Toshkent shahar hokimi Adham Fozilbekov, Prezident maslahatchisi Mavlon Umrzoqov, Bosh vazir Mutal Hoshimov va boshqalar ana shular jumlasidandir. Bu insonlarning takdiri boshqalar uchun yana dars bo’lmadi.

Dars va saboq ololmaslik ojizlikdir. Buni Shavkat O’razaev, Jamol Kamol, Po’lat Nu’monov, Sayfullo Saydaliev va shu kunlarda ishdan olingan Jizzax, Sirdaryo, Namangan viloyat hokimlari Alisher Toshkentboev, Burgut Rafig’aliev va boshqalar ham yaxshi biladilar. Ammo kech. Ish ishdan, g’isht qolipdan ko’chdi. Ular endi har qancha afsus cheksalar ham o’rni tutmaydi.

Alloh kechiruvchidir! Alloh taologa buyuk sadoqatda bo’lgan xalqimizning azob-uqubatlarga uchratilgan namoyondalari balki ularni kechirgan bo’lishlari mumkin, lekin ularning o’zlari o’zlarini kechira olarmikanlar?

Ijrochilik xastaligi haqida fikr yuritishimizga o’tgan hafta “Ozodlik” radiosida turmush urtog’i Shukrulla Mirsaidov va o’g’li Hasan Mirsaidovga,umuman oilasiga o’tkazilayotgan tazyiqlarni aytgan Dilbar Mirsaidova ona faryodini tilga keltirish bilan birga ijrochilik kuchayib borayotganini aytgani sabab bo’ldi. Bunday ijrochilik xastalari biror xulosa chiqaradilarmi yo’qmi bu noma’lum. Ammo ularga dars bo’ladigan yana bir voqea bor. Bu esa tarixdan.

Yaqinda muborak 660 yilligini nishonlaganimiz bobokalonimiz Amir Temur hazratlarining hayotlariga oid shunday rivoyat bor: Amir Temur bir hofizning ashulalarini tinglaganida sel bo’lib oqar, muz bo’lib erir ekan. Kunlarning birida shu hofizning Amir Temurga qarshi bir ashula aytganini va bu ashula xalq orasida yoyilib ketganini iddao qilgan saroy a’yonlari uning o’limi uchun Amirdan farmon oladilar. Hofizni ushlab kelishga borayotgan devonbegi san’atkorning gunohsiz ekanligini va hasadgo’ylar unga tuhmat qilishganini yaxshi biladi. Ammo saroyda tuhmatni tasdiqlaganlar ko’pchilik bo’lgani uchun uning e’tirozi befoyda edi.

Shu bois u yashirin yo’l bilan hofizni Bag’dodga qochiradi. Oradan yillar o’tarkan, Amir Temur bu hofizning ashulalarini qo’msar va farmonga imzo chekkanidan pushaymon bo’lardi, ammo o’rni tutmasdi. Amir Temur Bag’dodni fath etganda, uning sharafiga berilgan ziyofatga bir hofizni olib kelishadi. Sochlari, soqollari oqargan hofizning kimligini tashqi ko’rinishidan tanish mushkul edi. Ammo uning dillarni rom etguvchi ovozi o’zgarmagandi. Amir Temur uning ashulasini tinglar ekan ko’zlaridan yosh sizib chikdi. “Uh” deb yubordi u. Saroy muttahamlarining yolg’onlariga ishonib sen kabi bulbulning o’limiga fatvo bergandim dedi.

Amirning azob chekayotganini ko’rgan Devonbegi bir qoshiq qonimdan keching, bu o’sha hofizdir, uniqochirgandim, deya haqiqatni o’rtaga soldi. Bunga javoban Amir Temur shohni shoh qiladigan uning atrofidir degan ekanlar. Bu bir rivoyat, ammo qissadan hissa shulki,bugungi kunda na Amir Temurimiz va na devonbegimiz bor. Ammo xalqimiz bir zamonlar dunyoga shunday insonlarni etishtirib bergan ekan, bundan keyin ham uning orasidan ana shundaylar chiqishiga shak-shubha yo’q. Shu nuqtai nazardan ijrochilik illatining umri foniydir.Ammo bizning ijrochilarga bu saboq bo’ladimi, yo’qmi bilmayman. Saboq bo’lsa foydasi o’zlariga, kechagi salaflari kabi o’z qismatlaridan uyalib qolmaydilar.

Ijrochilik xastaligini faqat demokratiya yo’q etadi. Demokratiya, so’z va matbuot erkinligi, inson haqlari ustivor bo’lgan joyda ijrochilik emas fikr ishlaydi. Shunday ekan, bugun mansab va manfaat uchun har qanday jirkanch ishdan toymayotganlar demokratiya tarafiga o’tsalar eng avvalo o’zlarini qutqarib qoladilar.

Ijrochilik esa, qullikdir. Qulning boshini kundaga qo’yishdan oson ish yo’q. Demak, tanlov! Istaganingizni tanlang.

AL-QISSA: Sen tug’ilganda kim eding? Men tug’ilganda kim edim? Bugun kimmiz? Hech o’ylab ko’rdingmi?

20 noyabr 1997 yil

TARKI VATAN

Tarki Vatan! Bu ikki kalima dunyodagi eng og’ir so’zlardir. Ali Qushchidan so’rasangiz ko’ksini g’ijimlab og’ir yuk ila boshini egardi. Mirzo Boburdan so’rasangiz nola ila fig’on etardi, Mir Alisherga yuzlansangiz dardlarni doston qilardi, balki?!

Tarki Vatan! Bu ikki kalima nafaqat buyuklar uchun, balki Vatandan ayro tushgan eng oddiy insonlar uchun ham faryoddir, darddir, fig’ondir. Bir fig’onki, boshqalarni anglashi mushkul.

Tarki Vatan – san’atmas,

Yillar umringni yutar,

Tarki Vatan – jannatmas,

Do’zax qarshingda kutar!

Bugun Amerikada yashayotgan Shuhrat Muxtorovga bir paytlar otasi Shuhrat qozon deya ism bergan bo’lsa, ajabmas!! Yillar o’tib, Shuhrat bir kuni Yangiyo’lda, o’z qishlog’ida shuhrat qozondi. U taniqli kinorejissyor, san’atkor bilan tanishgandi. Ana shu voqea uning hayotini boshqa so’qmoqlarga burib yuborishi xayolining sarhadidan ham kechmasdi. Bir kuni mashhur kinorejissyor uning uyiga amerikalik mehmoni bilan tashrif buyurdi. Mehmon 2-3 kun Yangiyo’lda qoldi. O’shanda 1995 yilning qish kunlari edi. Yo’lda uni va mehmonini mirshablar va xavfsizlik xizmati xodimlari ushlab ketishdi.

Biz Shuhrat bilan Portland shahrida uchrashib qoldik. U xuzun bilan o’z tarixini hikoya qildi.

– Kinorejissyor sim qoqqach, amerikalik mehmonni qo’yib yuborishdi. Ammo xavfsizlik xizmatining Yangiyo’l bo’limi mutasaddisi meni har kun so’roq qilardi. Bu so’roq gohida mening uyimda, gohida esa uning Yangiyo’ldagi pinhona xonasida va ba’zan rasmiy idorada davom etardi. Men ham umr yo’ldoshim ham konservatoriyani tugatganmiz. Musiqa olamidan boshqa olamni bilmasdik. Shu bois bu so’roqlar va ta’qiblar bizni hamma narsadan bezdirib yubordi.

Biz KGB degan so’zni ko’p eshitgan va bu so’z qarshisida doim dir-dir titroqqa tushgan insonlar edik. Bir kun kelib ana shu idoraning ta’qibiga uchrayman deb o’ylamagandim.

Shuhrat bir zum xayolga botgach yana o’z tarixini hikoya qilishda davom etdi. Shundan keyin u Tarki Vatan aylamoqni ixtiyor etibdi. Ammo bu oson ish emas. O’sha mashhur kinorejisserning yo’l yo’rig’i bilan Amerikaga kelibdi. Tabiiyki, Yangiyo’lga borgan amerikalik mehmonni u sarhadi bilan bu sarhadida boshqa boshqa ummon to’lqinlanib turgan o’lkada qidirib topishi, ayniqsa muhojir uchun oson emas. O’tgan yillar mobaynida u Nyu-Yorkda, Chikagoda, Arizonada, Kaliforniyada, xullas, qaerda bir burda non topsa, o’sha erda yashadi, nihoyat rasmiy boshpana oldi. Bugun Portlandda bir maktabda qorovul bo’lib ishlayapti.

– Biz, – dedi u, – konservatoriyani bitirganimizda, xalqimizga xizmat qilamiz, san’atimizni yuksaltiramiz, deb o’ylagandik. Lekin orzu boshqa, hayot boshqa ekan.Har kun gazetalardan Vatan haqida xabar izlayman, lekin topolmayman. Qachon O’zbekistonda siyosiy tuzum o’zgarib, demokratiya qaror topsa, albatta qaytaman, – dedi u. Va so’ngra muxolifatda faoliyat ko’rsatmoqchiman. Buning uchun nima qilishim kerak? Qaysi partiyaga, qaysi harakatga va qanday qilib a’zo bo’lay?

Men uning bu savoliga “anketa bilan partiyaga a’zo bo’lish kommunistik rejimning an’anasi edi. Hozir esa muxolifatdaman, deb e’lon qilish va o’zini muxolifatda hisoblashning o’zi etarli bo’lsa kerak” deyman. U javobimni anglamagandek termulib qoladi. Men esa unga demokratiyaning bosh qoidalaridan biri Erkinlikdir va Ixtiyoriylikdir demoqchi edim. Chunki birovning maslahati bilan biror bir tashkilotga a’zo bo’lish yoki biror bir harakatga qo’shilish demokratiyaga ziddir. Demokratiya insonlarning o’z yo’llarini o’zlari belgilash maktabi. Shunday ekan, balki Shuhrat Muxtorov ham bir kun o’z yo’lini belgilab olar?!

Ammo gap shundaki, uning muhojiratdagi hayoti o’ksikdir. Uy-joyi, eguligi bor. Ikki farzandi yaxshi bilim olmokda. Ishlab topganlari o’zlariga etib ortmokda. Ammo bitta narsa etishmaydi. U ham bo’lsa VATAN.

Tarki Vatan – zulmdir,

Tomiringdan qon oqar,

Tarki Vatan – o’limdir,

Tobutingda jon yoqar!

Ha, har turli sabab bilan Vatandan ayro tushmoq mumkin. Ammo har qanday sabab ham insonni, uning tafakkuri, ruhi va qalb olamini Vatandan uzib tashlay olmaydi.

AL-QISSA: Sen Vatandan ayrilding Vatanda, Men Vatanga qayrildim Vatansizlikda…

20 ASR YaKOBINChILARI

Bundan uch yil muqaddam Ozarbayjonning Ganja shahrida xalq jabhasiga qarshi isyon boshlatgan polkovnik Sur’at Xuseynov Bokuga tank bilan kirib kelgandi. Elchibey hukumatini yiqitishga muvaffaq bo’lgan 34 yoshidagi bu yigit bir muddat Bosh vazirlik vazifasini ham bajardi Keyin uning isyoni oqibati prezident bo’lgan Haydar Aliev Sur’at Xuseynovni o’ziga qarshi davlat to’ntarishi tayyorlashda aybladi va ishdan oldi. Xuseynov ikki yildir Russiyada yashayotgandi. Yaqinda qo’llariga kishan solinib Bokuga keltirishdi. Bir paytlar tank bilan Bokuga kelgan bu yigitning bugungi kishanli tarzi 20 asr so’nggida iqtidorga kelish uchun hamon eski yo’llarga bosh urilayotgani oqibatini ko’rsatuvchi misoldir.

Ha, o’tmishdan saboq olmaslik hamma vaqt fojeaga etaklaydi. Qilich bilan kelgan qilich bilan ketadi, degan gap “Hukmdor” kitobidan chiqib qariyb maqolga aylandi. Balki o’tmishning shart-sharoitlari qilich bilan kelishni taqozo etgandir. Ammo XX asr tugab, XX1 asrga odim otilayotgan shu kunlarda butun dunyoda demokratik yo’llargina oxir oqibatda kutilgan natijaga olib kelmokda.

Darvoqe, demokratik jarayonda butun xalq ishtirok etadi, demokratik tashkilotlar faoliyat ko’rsatadi. Qilich yo’li tanlanganda esa masala bir to’da kishidan tashqariga chiqmaydi. Bu o’z-o’zidan ozchilikning ko’pchilikka hukm etishini ko’rsatadi.

1789 yilda Frantsiyadagi Dominikus tariqatiga mansub ziyolilar bir klub tuzishgandi. Bu klub tez orada siyosiy jamiyatga aylandi va unga yakobinchilar nomi berildi. Frantsiyadagi ixtilol paytida yakobinchilar etakchi o’rin tutdilar. Ularning maqsadi xalqning xohish istagiga qaramay qirolni o’ldirish va jamiyatga o’z qarashlarini hukmron qilish edi. Bu tarixga “oydinlar diktaturasi” nomi bilan kirdi.

Uzoqqa bormaylik, o’zini o’zbek muxolifati liderlaridan deb yurgan biri “Bu xalqqa baxtni majbur qilib berish kerak. Mushuk kirlab ketgan bo’lsa ham cho’milishni istamaydi. Uni tozalash uchun majburan cho’miltirar ekansiz, qo’llaringizni tirnaydi. Xalqimiz istamasada, biz uning bo’ynidan bo’g’ib baxtiyor etamiz”, deganida mening javobim “yakobinchi” kalimasi bo’lgandi. U yakobinchi kalimasidan og’ringandi. Lekin bundan xulosa chiqarmadi.

Bugunga qadar dunyoning biror bir erida yakobinchilarning xalqqa manfaat saqlaganlarini ko’rish mumkin. Yakobinchilar xudbin bo’ladilar. Taxtga o’tirgan falon kishining o’rnida men bo’lsam, yaxshiroq bo’lardi degan tushuncha bilan yashaydilar. Kecha-kunduz xayollarida taxt va taxtda o’tirgan kishini yo’qotish masalasi bo’ladi.Xalqni esa unutadilar. Bu esa demokratiyani unutishdir. Ertaga favqulodda hokimiyatga kelgan takdirlarida ham ashaddiy diktatorga aylanadilar va uzoq qololmaydilar. Chunki xalqni mushuk deb biladilar va o’z dunyo qarashlarini unga majburlaydilar.

Gvatemalada taxt uchun ko’tarilgan qilich 36 yil qon to’kdi. 140 ming insonning yostig’i quridi. Oqibatda bu yo’ldan voz kechilib, demokratik choraga bosh urildi.

Xo’sh, Tojikistonda nima bo’ldi? Afg’oniston toliblari ham zamonaviy yakobinchilardir. O’z qarashlarini xalqqa majburlamokdalar.

Gul etganda ochiladi deyishadi. Ammo gulning ochilishini qilich bilan yoki qon bilan kutish, tezlashtirish va gulni quchoqqa bosish, tuhfa etish uchun emas, balki qabr ustiga qo’yish uchun etishtirish demakkdir.

O’zbekiston demokratik muxolifati tarix darslaridan xulosa chiqarib, zamonga mos yo’lni tanlagan. Demokratiyani ustivor etish uchun xalq bilan birga, barobar qadam tashlamokda. O’zbekiston Demokratik Kuchlarini Muvofiqlashtiruvchi Markaziy Kengash esa ana shu qarashdagilarni birlashtirgan. Turkiyada Najmiddin Erbakan 27 yildan keyin hukumatga etgan edi.

Amerikada bugun iqtidorda bo’lgan Demokratik partiyaning mujodala yo’li ham oz bo’lgan emas. Bu bilan biz ham kutib o’tiraveramiz degan xulosa chiqarish noto’g’ri. Aksincha, fikrlarni har turli mashmashalaru, o’zaro nifoqlarga qaratilgan kin, adovatdan tozalab, demokratik yo’llarni qidirib topishga va bu jarayonni tezlatishga yo’naltirmoq kerak. O’shanda natijaga tezroq etib kelinadi. Ya’ni, demokratiya yo’li qilich yo’lidan yaqindir.

Tarixga yakobinchilar qanday kirgan bo’lsalar, Ozarbayjondagi Sur’at Xuseynov voqeasi ham tarixdan saboq chiqarmaganlar sahifasida o’z o’rnini topdi. Zotan bu kabi voqealar XX asrning onda sonda uchraydigan nuqtalari o’laroq bugundan nariga o’tmaydi. XX1 asr esa demokratiya yo’linigina taniydi. Demokratik yo’l bilan kelgan g’alaba esa ham halol, ham foydali, ham boqiy bo’ladi.

AL-QISSA: Men seni ogohlantirdim, xolos. Sen esa parvo qilmading. Yakobinchilik muborak senga.!

DINGA MUNOSABAT – MENGA VA SENGA MUNOSABAT

Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson haqlari komissiyasida yaqinda e’lon qilgan hisobotda din hurriyati dunyo mamlakatlarida qanday qaror topganini ko’zlarimiz o’ngiga qo’ydi. Bu ro’yxatda Amerika Qo’shma Shtatlari birinchi o’rinda turar ekan, O’zbekiston esa eng oxirgi o’rinlardan birini egallagandi.

Darhaqiqat, bugun O’zbekistonda dinga munosabat hodisasini chetdan turib tahlil qilsak, zotan ichkarida bunday imkon yo’q, ikki xil qarash yoki xulosani ko’ramiz. Birinchi xulosa shundan iboratki, G’arb davlatlari Islom fundamentalizmiga qarshidirlar, ularga yaxshi ko’rinish uchun bizda ham Islom fundamentalizmi kurtaklari mavjud, ularni qo’porib tashlayapmiz, deya obro’ olish. O’zbekistondagi voqealarga baho berilganda ko’pincha ana shunday munosabat bildiriladi.

Ikkinchi, yana boshqa bir toifadagi qarash shundan iboratki, hukumat diniy jamoalar birlashuvidan va kuchli holga kelishidan, ular partiyaga aylanishidan va iqtidorga da’vogar bo’lishlaridan qo’rqadi. Bu munosabatni ko’proq diniy va muxolif jamoalardan eshitish mumkin.

Yuzaki qarashda har ikkalasida ham jon bor. Lekin bu jon mantiqsizlik oqibatidir. Xo’sh, din O’zbekistonda tahlika holidami? Din hurriyatiga qovushmoq tahlikami yoxud dinsizlik tahlikami? Garchi bu savollarning bitta javobi bo’lsada, yana yuqoridagi kabi ikki xil qarash o’rtaga chiqishi tabiiy. Shu nuqtai nazardan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson haqlari komissiyasida din hurriyati borasida muhokama qilingan masalaning mohiyati va natijasi muhimdir.

Mazkur komissiyada AQSh hay’ati nomidan ma’ruza qilgan Aleksandra Areaga Islomiyatning Amerikaga eng tez yoyilgan din ekanligini va umuman AQShda barcha dinlarga erkinlik berilganini uqtirgan. Areaga xonim Amerika Tashqi Ishlar Departamentining inson haqlari va din bilimdonlaridan hisoblanadi. U Birlashgan Millatlar tashkilotining dinga va ishonchga qarshi toqatsizlik, ayrimchilik ko’rinishlarini yo’qotish haqidagi deklaratsiyasining 19-moddasi o’z mamlakatida a’lo darajada bajarilayotganini aytadi. Bu esa insonlarning eng oliy haqlaridan biri din hurriyati ekanligini ifodalagan moddadir.

Darhaqiqat, har yili bir marotaba nashr etiladigan “Dunyo almanaxi” kitobini varaqlaganimizda quyidagi raqamlarga ko’zimiz tushdi: Bugun 5 million musulmon Amerikani o’z Vatani deb bilmokda. Bu erda 4,5 million yahudiy, 900 ming hindu, 780 ming budparast, 300 ming bahoiy va boshka ishonchlarga sohib insonlar yasharkan.

Bugun AQShda bir milliondan ko’p a’zosi bo’lgan 28 farqli qarashdagi diniy jamoa yoxud tariqat mavjud. A’zosi 100 ming bilan bir million orasida bo’lgan 35 diniy jamoa bor. Hatto shunday tariqat va jamoalar borki, ularning nomlarini dunyoning biror bir erida bilishmaydi. Masalan, 3 ta Lutxaran, 9 ta Mannonita, 16 ta Pantakostal, 8 ta Pressbayter diniy jamoasi faoliyat ko’rsatadi. Shunga qaramay, Amerika matbuoti diniy masalalarni yoritish bo’yicha dunyoda eng oxirgi o’rinni egallaydi. Ya’ni hukumat u yokda tursin hatto matbuot ham din ishiga aralashmaydi.

Shunday ekan, bizda hukumatning diniy faoliyatga aralashayotgani u yokda tursin jome’ va machitlarni yopib qo’yayotgani, dindorlarni quvg’in, surgun etayotgani inson haqlarini ochiq-oydin suiste’mol etishdir. Konstitutsiyada din va hukumat ayri ekanligini tan olgan holda yuqoridagi kabi hollarning o’rtaga chiqishi hukumatning dinga tajovuzidan boshqa narsa emas.

Amerikada dinga munosabat qanday bo’lsa Ovro’paning bir qator o’lkalarida ham ana shunday. Demak, dinni nazoratga olib dindorlarni quvg’in qilib, ularning ko’ziga yaxshi ko’rinish mumkin emas. Yuqorida keltirilgan ikki munosabatdan birinchisi asosiy ekanligini ko’rsatadi. Ikkinchisi qo’rquv bilan bog’liq edi.

Darhaqiqat, bugun qo’rqish kerak. Ammo dinsizdan qo’rqish kerak. Allohga va uning Rasuliga haqiqatdan ham ishongan bir kishi hech qachon tahlika emas. Xo’sh, toliblarchi? Jazoirdagi voqealarchi?- degan savollarni oldimizga tizishingiz mumkin. Bugun din dunyosining biror- bir ulamosi toliblarni oqlayotgani yo’q. Ayni paytda Jazoirdagi diniy partiyalar taqiqlanib qo’yilgani oqibati qonli vaziyat o’rtaga chiqqanini ta’kidlamokdalar. Agar Amerikada ham diniy ishonch ta’qib va quvg’inga uchrasa, balki u erda buyuk tahlika o’rtaga chiqardi.

Islom toqatlilik, bag’ri kenglik, xushqarash dindir. Shunday ekan, undan qo’rqish kerak emas. Aksincha uni o’rganish lozim. Bugun O’zbekistonning eng jiddiy masalasi Islomni o’rganishdir. O’rtaga chiqayotgan barcha anglashilmovchiliklar, xudbinliklar, tazyiq-u quvg’inlar o’z dinimizni bilmaslikning mahsulidir. Shu sababdan hukumat Islom dinini o’rganish bo’yicha jiddiy odimlar otsa ham o’ziga ham xalqiga foydali bo’ladi.

AL-QISSA: Sen dindorlar bilan, din bilan jangga kirganda men boshimni sajdaga qo’yib senga insof istardim.

XALQ IRODASI

Saylov tizimlari bo’yicha xalqaro jamg’arma – Dizem Vagner tomonidan O’zbekistonda o’tkazilgan anketa so’rovlarining natijalari g’arb matbuotida keng sharhlandi.

Avvalo shuni aytish kerakki, chet ellik bir tashkilotning O’zbekistonda oz emas, ko’p emas 1830 kishi bilan savol-javob, boshqacha ifoda etsak, anketa so’rovi o’tkazishi jiddiy voqeadir. Chunki mustaqillikdan keyingi yillarda bunday tadbirni o’tkazish uchun ikki taraflama imkon yo’q edi. Birinchidan, hukumat chet ellik bir tashkilotga bunday faoliyat uchun mutlaqo izn bermasdi. Ikkinchidan esa, javoblari o’z boshiga kaltak bo’lib tushishini bilgan fuqaro bunday tadbirdan qochardi.

Xo’sh, bugun nima bo’ldi? Hukumat o’zgardimi yoki xalqmi?

Hukumatning keyingi 7-8 oy ichidagi bayonotlari asosan o’zini xalqaro demokratik jamiyatga qabul qildirishga qaratildi. Shu davrda faqat inson haqlariga doir 20dan ziyod qonun, farmon va qaror qabul qilinishi, 50dan ziyod tadbir o’tkazilishi ham ana shuni ko’rsatadi. To’g’ri, gap boshqa ish boshqa. Lekin hukumatning gapda bo’lsa ham ana shunday harakatlari qaysi bir ma’noda o’zining qo’l-oyog’ini bog’lab qo’ymokda. Saylov tizimlari bo’yicha xalqaro jamg’armaning O’zbekistonda so’rov o’tkazishi ana shuning natijasidir.

Bir qarashda so’rov nomi hukumatning foydasiga ishlayotganga o’xshaydi. Aslida esa bu natijalar xalqimizning foydasigadir. Va ayni paytda muxolifatning besh yildan buyon o’rtaga otayotgan da’volari xalqning da’volari ekanligini, bu xususda qarashlarida farq yo’qligini ko’rsatib beruvchi dalildir. Xalqaro jamg’arma beshta xulosa chiqardi. To’g’rirog’i, so’rovga javob berganlarni besh guruhga bo’ladi. Bular – qanoatlangan demokratlar – 25%, dissidentlar yoki qanoatlanmaganlar, boshqacha fikrlovchilar – 19, yo’nalishni yo’qotganlar, o’z mavqeini yo’qotgan ziyolilar hamda eski konservator gvardiya – bular ham 19%.

Demak, ushbu anketa natijalaridan quyidagi siyosiy natijalar kelib chiqadi.

Birinchi: Natijalar xalq demokratiyaga tayyor emas degan qarashni puchga chiqaradi. Ma’lumki, demokratiya hokimiyatning xalq tomonidan boshqarilishidir. Ya’ni bu tuzum xalqni hokimiyat tomonidan boshqarilishiga chek qo’yadi. Anketa natijalariga nazar solsangiz savollar siyosiy va o’ta jiddiy bo’lishiga qaramay javob beruvchilar o’zlarini olib qochmagan holda hammasiga o’z fikrlarini bildirganlar. Masalan, javob berganlarning 32% mustaqillikdan keyin “hayotim yomonlashdi” deyishining o’zi ko’p narsani isbotlaydi.

Albatta, 56% javob beruvchi “hayotim yaxshilandi” degan bo’lsa, buning tarkibida bosimga uchraganlar, ta’qibdan qo’rqqanlar, menga nima deguvchilar bor. Ammo 32 foizli guruh esa sobit, o’z fikrini yashirmaydi va uni himoya qilishga tayyor. Yoki javob berganlarning 43 foizi tanqidga yo’l qo’yish kerak, der ekan 49 foiz tanqidga yo’l qo’ymaslik kerak deydi. Ha, bugungi sharoitlarda tanqidga yo’l qo’yilmasin, deganlar 99,99 foiz bo’lishi kerak edi. Ko’rinib turibdiki, bunday emas. Demak, xalqimiz demokratiyaga nafaqat ilhaq, balki demokratiya uchun kurashmokda ham.

Ikkinchi: anketa natijalari sotsial sohadagi dang’illama siyosat inqirozga yuz tutgani isbot etmokda. Javob beruvchilar mustaqillikdan keyin iqtisodiy islohotlar haqidagi savollarda ham ikkiga bo’linib qolarkanlar, oiladagi qiyinchiliklarni so’rovchi savollar o’rtaga chiqqanda esa mudofaani tark etib hujum maydoniga o’tadilar. Ya’ni javob berganlarning 71 foizi oilamda katta qiyinchiliklarni boshdan kechirayapman, deydi.Demak, bu guruh sotsial muhofazaning tashqarisida qoldi. Xo’sh, bir xalqning 71 foizi chetda qolgan bir jamiyatda sotsial siyosatning muvaffaqiyati haqida gapirish mumkinmi?

Uchinchi: so’rov natijalari haqiqiy siyosiy islohotlar boshlash kerakligini o’rtaga qo’yadi. Bugun demokratiya va haqiqiy demokratiya, iqtisod va haqiqiy iqtisod, inson huquqlari va haqiqiy inson huquqlari deyishga majburmiz. Chunki hukumat besh yildir demokratiya dedi, demokratiyaning uchquniga yo’l bermadi. Iqtisodda islohot dedi, iqtisod islohotsiz qoldi, inson huquqlari dedi, inson huquqlari ayovsizcha poymol etildi.

Mana sakkiz oydir siyosiy islohot demokda, lekin amalda ko’zga ko’rinarli natija yo’q. Demak bu tadbirlarning haqiqiylariga ehtiyoj bor. Anketa savollariga javob berganlarning 70 foizdan ziyodi demokratik davlat istashini ochiq oydin aytgan. Shunday ekan, hukumat xalqqa quloq solsa avvalo o’ziga foyda, o’zining kelajagini qutqarib qoladi. Shu nuqtai nazardan saylov tizimlari bo’yicha xalqaro jamg’armaning anketa so’rovlari hukumat uchun ham foydalidir. Agar bundan ham xulosa chiqara olmasa, so’zda boshqa, ishda boshqa ekanligini takror isbot etadi va o’z inqiroz kunini yanada yaqinlashtiradi.

AL-QISSA: Sen xulosa chiqara olmaganliging uchun ezilding, men esa xulosa chiqara olganim uchun. Qani adolat?

YaQIN TARIX SABOQLARI

Bundan sakkiz yil muqaddam shu kunlarda Toshkent viloyatining Bo’ka tumanida boshlangan voqealar mart oyining ilk kunlariga borib Parkent tumanida begunoh odamlarning o’limiga sabab bo’lgandi. Milliy ozodlik harakatlarini bo’g’ish uchun etnik mojarolarni keltirib chiqargan sovetlarning ig’vo markazi bo’lmish KGB O’zbekistonda bir millatning ikki qavmi bo’lgan o’zbeklar va mesxet turklarini bir-biriga dushman qilmoqchi bo’ldi. Lekin maqsadiga erisha olmadi. Tarixning achchiq saboqlari haqida o’sha paytda O’zbekiston Oliy Kengashi tomonidan tuzilgan Parkent komissiyasiga a’zo bo’lgan kamina haliga qadar bu voqealarni unuta olmayman.

Zamonaviy rus tarixchilari xuddi bundan 8 yil muqaddam dunyoga o’zbeklar mesxet turklarini qirg’inbarot qilmokdalar, deya shum niyatli xabarlar tarqatganlaridek, hozir ham turkiy xalqlarning orasiga ixtilof otish uchun bu voqealarni o’z tegirmonlariga ko’ra sharhlamokdalar. Jumladan, Maks Lurie va Petr Studenikning “Iztirob alangasi” nomli kitobida o’zbeklar va mesxet turklari ayri-ayri millat va bir -biriga dushman deya ta’riflanadi. Vaholanki, tom aksi.

Parkentning Kumushkon dam olish uyiga keltirilgan mesxet turklari avtobuslarda olib ketilar ekan, o’zbek onalari va nuroniylar orqadan ko’z yoshi to’kib, tizzalariga urib yig’lab qolishganini hali tarix unutgan emas. Qolaversa, Bo’ka va Parkent dahshatlari boshlang’ichi sifatida ko’rsatilgan Farg’ona voqealarida o’lganlarning ro’yxatiga nazar solinsa, bu uydirma darhol ravshanlashadi. Farg’ona voqealarida o’sha kezdagi rasmiy ma’lumotlariga ko’ra, 106 kishi o’lgandi.

Shundan 43 mesxet turki, 12 ozarbayjon, 35 o’zbek, 5 rus va bir tatar, bir tojik, bir boshqird, bir armani, bir yunon, qolgan olti nafari ham turli millat va xalqlarga mansub. Ko’rinib turibdiki, bu voqealarda hech qanday qutblashma yo’q, ho’lu- quruq baravar yongan.

Xo’sh, Bo’ka va Parkentda nima bo’lgandi? 1990 yil mart oyining o’rtalarida Bo’kada turli mish-mishlar tarqala boshladi. 17-18 martga kelib voqealar avjiga chikdi. Bir nechta uylar yondirib yuborildi. Hukumat darhol bu tumanda va uning atrofida yashagan mesxet turklarini avtobuslarga mindirib, tog’lar orasida orolcha kabi joylashgan Parkent tumanidagi Kumushkon dam olish uyiga olib ketdi. Parkentliklar majburiy mehmonlarga yomon ko’z bilan qaramadilar, aksincha o’zlari emay-ichmay topganlarini dam olish uyiga yubordilar. Ammo bu voqealar ortida katta kuchlar borligi, fitnanig mualliflari kimlar ekanligi ko’p o’tmay o’rtaga chikdi.

Agar O’zbekiston Oliy Kengashining bu borada tuzgan komissiyasi tomonidan hozirlangan hujjat, ya’ni biz imzo qo’ygan hisobot e’lon qilinsa, kimning kim ekanligi darhol o’rtaga chiqadi. Qolaversa rus tarixchilarining bu voqealarni o’zlariga monand qilib yozishlariga, fitna qo’zg’ashlariga chek qo’ygan bo’lamiz. Ha, biz yashirsak, ularga qo’l keladi.

Parkentda qon to’kilishidan bir kun oldin oqshom payti barcha xo’jaliklarga qo’ng’iroq qilinib tartib

intizomni saqlash uchun ertalab Parkent markaziga yoshlar yuborilishi so’raldi. Ertalab yoshlar yuk mashinalarida markazga keltirilganda bu erda BTRlar, zirhli mashinalar va askarlarni ko’rishadi. Buning ustiga markazga ilk bor askarlar va zirhli transport kelganini ko’rgan atrofdagilar tomoshaga to’planishadi.

Olomonni chetlashtirish uchun soy tomonga siqishtiradilar. Orqada soy guvillab oqmokda, oldinda esa mirshablar va askarlar. Rezina kaltaklar havoda uchmokda. Tabiiyki, bunday sharoitda asablar taranglashdi.

Ammo nima sababdan xalqqa qarshi o’q otilgani haliga qadar savol. O’shanda avtomatdan otilgan o’qlar Mirsoli Mirtursunov, Tojiqul Almatov va boshka o’nlab kishilarni yiqitdi. Hatto shu kuni janoza paytida bel bog’lab turganlar o’z qishloqlarida, o’z uylarida “nega tarqalmayapsiz” degan bahonada o’qqa tutildi. Bu misollar shuni ko’rsatadiki, fitna ortidagilar xalqni g’alayonga keltirmokchi va shu bahonada milliy ozodlik harakatlarini bo’g’ib tashlamoqchi edilar.

Keyinchalik sovet KGBsining so’nggi rahbarlari yozgan kitoblarida buni e’tirof etdilar. Nafaqat O’zbekistonda, balki Boltiqbo’yi jumhuriyatlarida, Kavkaz va O’rta Osiyoda milliy ozodlik harakatlarini kuchsizlashtirish uchun barcha tadbirlar ishga solingandi. Chunki KGB bu harakatlar Sovet Ittifoqining tagiga suv quyishini his etardi. Bugun uchun xulosa chiqariladigan boshqa narsa bor. U ham bo’lsa haliga qadar O’zbekistonda bu voqealar tsenzura daftariga kiritilgani, davlat siri sifatida sir saqlanayotganidir. Agar O’zbekiston Oliy Kengashining Parkent voqealari yuzasidan faoliyat ko’rsatgan komissiyasining uch tomlik hujjatlar to’plami va 58 sahifalik xulosasi bugun o’rtaga chiqsa, juda ko’p odamning paytavasiga qurt tushadi.

Chunki bu voqealar paytida Moskvaning yugurdagi bo’lgan o’zimizning akaxonlarning aksariyati juda tez mansabdan mansabga ko’tarildi. O’sha kezdagi kapitanlar bugun general bo’ldilar, o’sha kezdagi ijrochilar bugun mamlakatni boshqarishda so’z sohibidirlar.

Biz 70 yil davomida soxta tarixni o’rgandik. Ammo bugunga kelib ham haqiqiy tarixdan xabarsiz qolmokdamiz.

O’z tarixini bilmagan millat o’z kelajagini yarata olmaydi. O’z tarixidan ko’z yumgan millat o’z kelajagidan ko’z yumadi.

AL-QISSA: Sen kelajakni emas, o’zingni o’ylading, men esa seni o’yladim. Ikkalamiz xato kildik shekilli

BESh DALIL

“O’zbekistonda matbuot erkin bo’lishi uchun avvalo jurnalist kadrlar tayyorlash kerak” degan gap juda ko’p takrorlanmoqda va hatto bu matbuot bo’g’ib qo’yilishining birdan bir sababi qilib ko’rsatilmokda.

Qizig’i shundaki, hatto ba’zi malakali jurnalistlar ham bu fikrni bot-bot takrorlay boshladilar.

Masalan, “O’zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasining bosh muharriri, erkin matbuot fondining raisdoshi Ahmadjon Meliboev «Biz avvalo jurnalistlarni demokratiya, matbuot erkinligi sharoitida faoliyat ko’rsatishga hozirlashimiz kerak» deyishi kishini o’ylatib qo’yadi.

Ahmadjon aka samimiy inson va u kishini hurmat qilaman, ammo bu fikrga qo’shilmayman. Chunki matbuot erkinligi demak – inson o’z fikri, qarashlari, takliflari, tushunchalarini matbuotning biror bir vositasi orqali ochiq aytishi va xalqning matbuot orqali barcha ma’lumotlarni bor holicha olish imkoniyati demakdir.

Buning uchun kadrlarni alohida tayyorgarlikdan o’tkazish – bu sovet, kommunistik rejimga xos edi. Bugun fikr aytish va gazeta maketini chizishni qorishtirib yubormasligimiz kerak.

Aslida jurnalist kadrlar tayyorlash masalasi davlat uchun jiddiy va bunga chinakamiga e’tibor beradigan davlatni qutlamoq darkor. Birok matbuot erkinligini jurnalist kadrlar tayyorlashga bog’lamoq siyosiy xatodir.

Matbuot to’rtinchi hokimiyat. Bu qoida asosan demokratik jamiyatlarda ishlaydi. Avtoritar yoki diktatura sharoitida matbuot birinchi hokimiyatning maddohiga aylanadi va o’z kuchi, mavqeidan mahrum bo’ladi.

O’zbekistonda demokratik jamiyat qurish uchun so’z berilmoqda. Buning birinchi odimi matbuot erkinligi bo’lishi zarur. Kimdir chiqib yo’q, ilk odim inson haqlari yoki siyosiy tashkilotlarga beriladigan erkinlik bo’lishi lozim, deyishi ham mumkin va bu tovuq oldin paydo bo’lganmi yoki tuxummi degandek gap.

Bunga O’zbekistonda to’rtinchi hokimiyatni yuritadigan jurnalist kadrlar bormi, degan savolga javob berish jarayonida to’xtalamiz.

Birinchidan, haqiqiy siyosatchi eng avvalo jurnalistdir. Shu bois jurnalist kadr yo’q deyish siyosatchi yo’q degan ma’noga keladi. Jurnalist – davlat arbobidir.

Ayni paytda davlat arbobi – jurnalistdir. Demak, siyosatchiga, davlat arbobiga ham bugun erkin fikr bildirish, o’z qarashlarini ochiq aytish minbari zarur.

Ikkinchidan, har qanday siyosiy partiya yoki tashkilotning asosi uning matbuotidir.

Matbuoti bo’lmagan siyosiy partiya ko’r, kar va gunglardan iborat bir guruhga aylanadi. Shunday ekan, erkin matbuoti bo’lmagan siyosiy partiya faoliyatining ham bundan farqi yo’q. Bu erda endi qizil olma, ko’k olma bir olma deyish mumkin emas.

Uchinchidan, matbuot siyosiy qurol va qudratli minbar, millatninng manfaatlarini ochiq himoya qiladigan muassasadir. Xalq o’z dardini anglatish huquqini erkin matbuot sharoitidagina qo’lga kiritadi.

Demak xalq eng katta manba va bu avvalo jurnalist kadrlar tayyorlash kerak degan gapni yana bir bor puchga chiqaradi.

Xalq o’z dardini anglatmoq uchun biror bir fakultetni bitirishi yoki alohida tarbiya olishi yoxud biror joydan tajriba o’rganib kelishga ehtiyoji yo’q.

To’rtinchidan, O’zbekistonda malakali, mahoratli jurnalistlar oz emas. Qayta qurish yillarini eslang, odamlar kitob o’qishni bir chetga surib qo’yishdi. Chunki bo’sh vaqtlarining asosiy qismida gazeta o’kishardi. Gazeta do’konlari yonida sahardan navbat boshlanardi. Yuzlab jurnalistlar zamonaning eng dolzarb

masalalarini kun yorig’iga olib chiqardilar va hech kim u paytda erkin matbuot uchun avval jurnalist kadrlar tayyorlash kerak, demasdi.

O’sha yillari o’zbek jurnalistikasi katta sinovdvn o’tdi va matbuot rasman bo’g’ilmaganda bugunga kelib ma’naviyatimiz bu qudratli manbadan mahrum qolmagan bo’lardi.

Beshinchidan, bugungi real xayotga nazar solinsa, garchi sharoit taqozosi bilan chetda nashr etilayotgan bo’lsa-da, o’zbek erkin matbuoti namunalari ham mavjud. Masalan, «Harakat» jurnali, «Yangi mustaqil haftalik», «Erk»,

«Birlik» gazetalari buning misolidir.

Bular asosan hukumatni tanqid qilish bilan ovora, degan fikrga ham qo’shilish qiyin. Bunday tanqidni ularning muxolifat nashri bo’lganliklari oqlaydi.

Kolaversa, keyingi paytda bu nashrlarning ayrimlari jiddiy, siyosiy, iqtisodiy va ma’naviy masalalarni ham erkin tahlil qila boshladilar. Ya’ni bu nashrlar alternativ fikr manbaiga aylandi.

Bir so’z bilan erkin matbuot bo’shlig’ini to’ldirishga xizmat qilmokdalar.

Xullas, O’zbekistonda demokratik sharoitlarda ishlash uchun jurnalist kadrlar etishtirishimiz kerak, degan fikrning asossiz ekanligiga besh dalil keltirdik. Aslida yana bir qator dalillarni sanash mumkin.

Lekin shuning o’zi ham ko’rsatadiki, erkin matbuot sharoitida faoliyat ko’rsatish uchun asos ham, kadr ham mavjud.

Ular faqat erkin nafas olishni, ya’ni demokratiya shamolini kutib turibdilar.

AL-KISSA: Sen yozma deding, men yozdim. Men yoz dedim. Sen yozmading….

26 fevral, 1996 yil.

MENGA NIMA?

O’zbekistonda matbuot erkin emasligining qanday sabablari bor? Nima uchun hukumat OAVni nazorat qilishni rasman bekor qilgan bo’lsa-da, amalda kuchaytirmoqda? Bunda jurnalistlarni ham ayblab bo’ladimi?

Men bu mavzuda ko’p yozganman. Jumladan, “O’zligim” kitobida bu xususdagi fikrlarim batafsil o’rin olgan. Shunga qaramasdan bu savolga yana bir bor muxtasar javob qilmoqchiman.

Birinchidan, matbuot juda kuchli siyosiy qurol. Buni yakkahokimlar, zulm peshvolari yaxshi biladilar. Chunki erkin matbuot uxlayotgan tafakkurni uyg’otib qo’yadi va bu zulmning emrilishiga olib keladi. Karimov rejimi (Karimov va uning mulozimlari) matbuotga erkinlik bersa, bu o’z bo’g’ziga pichoq tortish bilan barobar ekanligini tushunmaydigan darajada axmoq emas.

Bugun ba’zilar o’zbek matbuotida yozilganlarni har qancha yolg’on deganlari bilan avomning aksar qismi ana shu yolg’onga ishonadi. Karimov rejimiga esa shu kerak. O’z fikrini avomga singdirish uchun matbuot uning qo’lidagi quroldir va rejim yiqilmaguncha qo’lidagi bu qurol tushmasligini men 14 yil oldin Oliy Majlisning minbaridan ham aytgan edim.

Ikkinchidan, men jurnalistlarni yoppasiga ayblay olmayman. Qamoqdagi odamdan qanday qilib uzoq masofaga yugurishni talab qilasiz? U yugurgani bilan bir joyda aylanishdan boshqa imkoniyati yo’q. Agar ozgina erkinlik bo’lsa, u xaqlning dilidagini olib minbarlarga olib chiqadi.

Ammo hamma sohada bo’lgani kabi jurnalistlar orasida ham jasoratsiz, loqayd, manfaatparast bo’lganlari bor. Ularning borlari shu bo’lgani bois ulardan bir narsa talab qilish quduqdan oltin izlashdek gap.

Meni ko’proq ranjitadigani qo’lida imkoniyatlari bo’lgani holda buni ishga solmay rejimga qul bo’lgan jurnalistlardir. Sovet davridagi qatag’qonlarga qaramasdan rahmatli Ahmadjon Muxtorov kabilar har bir imkoniyatni ishga solishga urinar edilar.

Lekin Karimov davrida (boshqa bir Ahmadjon) Ahmadjon Meliboev kabilar qo’lda imkoniyatlari bo’lgani holda matbout va so’z erkinligi yo’lida, ya’ni xalq manfaati uchun xizmat qilmayotirlar. Bu esa fojealarimizdan biridir. Ya’ni: menga nima, o’zing uchun o’l etim!

2005 yil, 15 Iyun.

XABARNING ZALVORI

O’zbek matbuoti erkindir, degan gaplar aytilayotgan bo’lsa-da, jurnalistlarni muhofaza qiluvchi xalqaro qo’mita jurnalizm borasidagi masalalar, muammolarni o’rtaga qo’yarkan, O’zbekistonni matbuoti erkin bo’lmagan davlatlar ro’yxatiga kiritdi. Xo’sh buning sababi nimada va bu dashnomdan qutulishning yo’li bormi?

O’zbek jurnalistikasi, uning o’tmishi, buguni va kelajagi haqida gapirishga, o’ylashga va qayg’urishgga haqqim bor, deb uylayman. Chunki oz emas, ko’p emas 25 yildir-ki shu sohaning ichidaman. Uning muammolari, dardlarini bevosita yashab, guvohi bo’lganman.

Qolaversa, mana uch yildirki, nafaqat Osiyoda balki Ovrupada ham nufuzli o’rni bo’lgan gazetalardan birida ishlarkanman, o’zbek matbuotini tashqaridan kuzatish imkoniga ham ega bo’ldim.

Umuman olganda esa matbuotimiz haqida har bir jurnalistning, har bir insonning gapirishga, fikrini aytishga, mulohazalarini bildirishga haqqi bor. Chunki matbuot har birimizning hayotimiz bilan bog’lik.

Ma’lumki, sho’rolar davrida matbuot markazlashtirilgan edi. Gazeta, jurnallar Kommunistik partiya Markaziy qo’mitasining nashriyotida bosilishiga qaramay siyosiy tsenzuradan ham o’tkazilardi. Tanqid bor edi, ammo yuqorining buyrug’i asosida yoki ko’rsatgan yo’li bo’yicha tanqid qilinardi.

Ya’ni yuqoridan pastga qarab yo’naltirilgan tanqid irmog’i mavjud edi. Oshkoralik va qayta qurish davrida bu irmoq teskari oqa boshladi, to’g’rirog’i, ilgari teskari oqishga yo’naltirilgan irmoq endi o’z yo’liga tushgandi. Bu irmoqning suvini oddiy insonlar bilan birga eng yuqori lavozimdagi mansabdorlar ham icha boshladilar.

Lekin bu vujudlariga singmayotgani, hazm qila olmayotganliklari har soniyada sezilib turardi. «Senimi, qarab tur» qabilida ish tutib, Sulaymon o’lib, devlar qutilishini kutardilar. Ammo ana shu davrda o’zbek jurnalistikasi o’zining nimaga qodir ekanligini ko’rsata oldi. Ayniqsa, 1986-1991 yillarda o’zbek matbuoti saodat davrini yashadi. «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» haftaligi, «Xalq so’zi», «Erk», «Mustaqil haftalik», «Oila va jamiyat», «Turkiston», «Qishloq haqiqati» singari gazetalar davrning eng muhim masalalarini xalq muhokamasiga qo’ya oldilar.

O’n yillar davomida odamlar og’izga olishga qo’rqqan muammolar ana shu davrda o’rtaga chiqarildi. Paxta monokulturasi, Orol fojeasi, o’zbek onalarining qismati, sog’lik, maorif, madaniyat borasidagi ko’zbuyamachiliklar, tarixdagi soxtalashtirish va nihoyat mustaqillik masalasi – hamma hammasi ana shu qisqa davrda o’rtaga otildi.

Shu davrda o’zbek matbuotida taniqli jurnalistlar sulolasi etishdi. Sovetlar parlamentida biror bir jurnalistni ko’rish amri mahol edi. Lekin oshkoralik davrida bo’lib o’tgan saylovlarda 22 jurnalist O’zbekiston parlamentiga saylandi. Bu esa xalqning o’zbek jurnalistikasiga bildirgan munosabati edi.

Lekin hukumat siyosiy tazyiqlarni boshlarkan, qilichning eng o’tkir qismi jurnalistika boshini uchirdi. «Erk» gazetasi yopildi, «Mustaqil haftalik» bo’g’ib qo’yildi, «Xalq so’zi» gazetasining asosiy yadrosi ishdan chetlashtirilib, gazetaning yunalishi o’zgartirildi.

Boshqa gazeta-dargilar ham jilovlandi. Tabiiyki, voqealarning bunday jarayonida jurnalistlarning ham ulushlari bor, chunki birlashib, butunlasha olmadilar, o’z manfaatlari va gazetalarning qadr-qimmatini boy berdilar. Xalqning munosabati darhol sezildi.

Bir paytlar millionlar o’qigan gazetalar bir zumda minglarga tushib qoldi. Bu esa ularning nafaqat sifatiga balki jurnalistlarning cho’ntagiga ham zarba urdi.

Agar matbuot erkin bo’lganda bugunga kelib u ham butun dunyodagi kabi raqobat maydoniga aylanardi. Gazetalar reklama va obuna hisobining o’sishiga ko’ra o’zlarining texnik bazalarini qayta qurardilar. G’arb matbaasining eng oldingi texnologiyasi allaqachon yurtimizga kirib kelgan bo’lardi.

Shu o’rinda bir misol bermoq istayman: Turkiyada ham hali yaqin yaqingacha matbuot nazorat ostida bo’lgan. U erkin qo’yilgach va xususiy nashrlarga yo’l ochilgach, mana 15-20 yil ichida Ovrupaning barcha o’lkalaridan o’sib ketdi.

Bugun sifat borasida dunyoda bitta gazetaga Xalqaro sifat belgisi berilgan, u ham bulsa Turkiyadan.

Bugun gazeta nashr etishda, radio, televidenie eshitirishlari va ko’rsatuvlari tezkorligida Turkiya dunyoda birinchi hisoblanadi. Matbuot bu erda to’rtinchi hokimiyat darajasidan ilgarilab ketib, birinchi hokimiyat holiga kelib qolgani uchun uning masalalari tortishilmoqda.

Bizda esa to’rtinchi hokimiyat kuchi u yoqda tursin matbuotimizning o’z-o’zini oyoqda tutish kuchi ham yo’qolgan. Tizzalab, qaltirab, yuqorining jilovi bilan arang oyokda turgani uchun o’rni qaerdaligini baholash ham mushkul.

Ba’zilar faqat tanqidgina matbuotni yuksaltiradi debo’ylashadi. Bu yanglish. Matbuotning kuchi uning mustaqilligidadir. Kerak bo’lgan paytda tanqidi, kerak bo’lganda tahlili va kerak bo’lganda maqtovi bilan o’rtaga chiqadi. Ammo uning oyoqda tutuvchi ildizi xabarchiligidir. Hayotimizdagi o’rnining aksariy qismi uning xabarchiligi bilan bogliq.

Ha, bugungi matbuotimiz xabar bilan to’lib toshgan-ku deyishingiz mumkin.

Birok xabarning zalvori uning to’g’riligi, tezkorligi, ob’ektivligidadir.

May, 1997 yil.

MAFKURANING QULI

G’arb davlatlarida gazeta yoki dargi nashr etish har kimning xususiy ishi. Istagan kuningizdan e’tiboran biror bir gazeta yoki dargi nashr etishingiz mumkin va u bosmadan chiqqandan so’ng hukumatning kerakli idorasiga bir nusxa yuborib, men shunday gazeta yoki dargi chiqarayapman, deyishingiz kifoya. Shu bilan sizni ro’yxatga olib qo’yishadi. Gazeta, dargingizning umri, mavqei, o’rni raqobat bozoriga va sizning kuchingizga bog’liq. G’arbda har kuni o’nlab yangi nashrlar chikadi va o’nlab nashrlar o’z-o’zidan yopilib ketaveradi.

Biror bir gazeta yoki jurnal hukumatning rasmiy qarorlari, farmonlari, qonunlarini bosmaydi. Istasa va kerakli deb topsa bu xususda kichik bir xabar bilan kifoyalanadi.

Davlatning va hukumatning barcha hujjatlari o’zi tomonidan chiqariladigan rasmay gazetada e’lon qilib boriladi. Bu gazeta hujjatlar majmuasi bo’lib, kundalik ommaviy, siyosiy, ijtimoiy nashrlardan keskin farq qiladi.

Ana shulardan kelib chiqib, O’zbekistonda ham bitta rasmiy gazeta bo’lishi kerak. Prezident devoni, Oliy majlis, Vazirlar mahkamasining barcha hujjatlari bu ko’p sahifali gazetada e’lon qilib boriladi. Qolgan barcha gazetalar, dargilarni xususiylashtirish payti keldi. Dunyoda vazirliklar, partiyalar gazeta chiqarish ishi bilan shug’ullanishmaydi. Bugun O’zbekistonda har bir vazirlikning bitta nashri bor. Kim biladi buning uchun qancha mablag’ sarflashmoqda?

Agar O’zbekiston prezidenti Devonining umumiy ishlar boshqarmasiga bog’lab qo’yilgan Sharq kontserni xususiylashtirilsa, shaxslarga yoki shirkatlarga gazeta chiqarishlari uchun monelik qilinmasa, qisqa vakt ichida o’zbek matbaachiligi va jurnalistika o’z qaddini tiklab oladi. Bugun chet ellarga borib kelayotgan yurtdoshlarimiz 32, 48 yoki 96 sahifali rangli gazetalarni ko’rib hayratlanishadi. Aslida bu u qadar murakkab ish emas, tabiiyki ishini bilgan uchun.

Bugun O’zbek jurnalistlari bilan hamkorlikda Toshkentda gazeta chiqarishni, kecha-kunduz jonli ko’rsatuvlar beradigan televidenie va tinimsiz ravishda jonli eshittirishlar olib boradigan radiostantsiyalar barpo etishni istayotganlar ko’p. Darhol bu fikrimizga qarshi chiquvchilar topiladi. Matbuot mafkuramizning asosiy quroli, qanday qilib bu qurolni to’g’ri kelgan odamga ishonamiz, deyishlari mumkin. Aslida matbuot mafkuraning quroli bo’lishdan qutulgan jamiyatda u tez yuksaladi.

Oldingi suhbatimizda ta’kidlanimizdek, matbuotning bosh vazifasi xabarchilikdir. Xabarning esa mafkurasi bo’lmaydi. Ha, xabarni sharhlash, unga munosabat bildirish, uni mafkura holiga keltirish bu matbuotning emas o’zbek ziyolilarning vazifasidir.

Matbuot nashrlari ko’payib, erkin o’lgan bir sharoitda o’zbek ziyolilari istagan joylarida o’z munosabatlarini o’rtaga qo’yadilar. Bugun O’zbekistonda bir kancha telekanallar mavjud. Ba’zi viloyatlar, tumanlar ham o’z telekanallarini ochib olishgan. Haqqoniy xabarchilikning yo’li bog’lab qo’yilgani uchun ular kecha-kunduz hind kinofilmlari, G’arbda qorong’u uylarda yashirincha suvratga olingan g’ayriaxlokiy filmlarni namoyish qilish bilan vaqt o’tkazadilar. Mafkuramiz qaerdan zarar ko’rayotganini anglab bo’lmaydigan sharoit bu.

Hukumatning qiladigan bitta ishi bor. U ham bo’lsa matbuotning jilovini qo’yib yuborib, uning monopoliyalashtirishga yo’l qo’ymaydigan qonunlar hozirlash va ijrosini nazorat qilishdir. Chunki bugun matbuot hukumatning qo’l ostida to’planganidek, ertaga ma’lum bir kishilarning mulkiga aylanib qolishi hech gap emas. Matbuot hammaniki va har bir kishiniki bo’lishi uchun hukumat o’rtada tarozibonlik qilishi kerak.

Ha, biz juda uzoqqa ketib qoldik. Bugunga qaytadigan bo’lsak, hukumatimiz matbuotni qo’ldan chiqaradiganga o’xshamaydi. Agar haqiqatdan ham demokratik, erkin matbuot istalganda edi jiddiy amaliy odimlar otilardi. Afsus…

Darvoqe, bu erda qiziq hodisani ko’ramiz: hukumat matbuotni qattiq nazorat qilmoqda, ammo xalqimiz sovetlar davridagidek xabarlardan uzokda qolayotgani yo’q. Har tarafi informatsiya to’lqini. Atrofdan kelayotgan radio-tele to’lqinlari, qo’shni jumhuriyatlarning matbuot nashrlari va nihoyat muxolifatning gazeta, dargilari bor gapni yozishmoqda, aytishmokda. Hukumat hamma yoqni to’sishga ham urinmoqda. Lekin besamar. Demak, zarar ko’rayotgan hukumatning nazoratidagi matbuot vasitalari.

Ular ham haqqoniy xabarchilikdan uzokda, ham zamonaviy texnologiyadan ortda va hamda iqtisodiy qiyinchilik ostida qolishmoqda. Bugun o’rtaga chiqib men iqtisodiy hayotimdan manmunman, degan jurnalistni topish mushkul. Hatto chiqib qolganda ham unga yo ishonishmaydi yoki ustidan kulishadi yoxud uning boshqa daromadi bor.

DAVLAT SIRI

Ma’lumki, sho’rolar zamonida har bir matbuot idorasi qoshida davlat sirlarini saqlash bo’yicha maxsus vakil o’tirardi. Uning boshqacha nomi tsenzor edi. Bugun MDH o’lkalarining aksariyatida bu muassasa tarixga aylandi. O’zbekiston qonunlarida ham matbuotni tsenzura qilish ta’qiqlangan. Jumladan, shu yil 24 aprelda qabul qilingan «Jurnalistik faoliyatni qimoya qilish to’g’risidagi» O’zbekiston respublikasi qonunining 4-moddasida ham bu e’tirof etilgan.

Biroq yuqorida nomi tilga olingan vakillir hamon o’z o’rinlarida o’tirishibdi. Ularning muhri bosilmasdan nashr yo’li ochilmaydi. Bu voqeani har kim har xil izohlamoqda.

Jumladan, «Xalq so’zi» va «Hurriyat» gazetalarining Bosh muharrirlari (Xurshid Dustmuhammad va Abbasxon Usmonov) Buyuk Britaniyaga safarlari chog’ida Bi-Bi-Si radiosiga bergan suhbatlarida «Katta kichik har bir mamlakatning o’z siri bo’ladi» deyishdi.

To’gri, har bir davlatning o’ziga yarasha siri bor. Buni uch bo’limga bo’lish mumkin:

BIRINChI: Milliy, strategik boyliklarga oid sirlar, jumladan, ularning xaritalari.

IKKINChI: Harbiy, milliy xavfsizlikka doir sirlar, jumladan, ularning adreslari.

UChINChI: Davlat ahamiyatidagi strategik tadqiqotlarga doir sirlar, jumladan ularda keltirilgan raqamlar.

Har uch bo’limga kiradigan sirlarni qo’riqlash bevosita ulardan voqif bo’lganlarga, ular bilan ichma ich yashaganlarga oid. Bu bugun dunyoda qabul qilingan qoida. Matbuotning qoshida o’tirib ularni qo’riqlash sovetchasiga latifaomo’z holdir. Chunki davlat siri jurnalistga yoki matbuotga qadar etib keldimi, uning sirligi qolmadi degani.

Sovet Ittifoqi to’g’onni yanglish erda qo’ygani uchun ham biror bir sirini qo’riqlay olmagandi. Chunki davlat sirini bilganlar, menga nima, uni qo’riqlovchilar bor-ku, deya, mas’uliyat his etmasdilar. Bugun ham ayni hol davom etmoqda. Buning ustiga-ustak davlat siri tushuncha o’laroq doirasi yanada kengaytirilgan.

Masalan, bugun o’zbek matbuotida muxolifatni, «Birlik» va «Erkni» qoralash uchun yo’l ochiq. Lekin masalaga ijobiy nazar solish yoki mazkur partiya-harakat a’zolarining qarashlarini chop etish yo’li yopiq.

Demak, bu ham davlat siriga kiradi.

Yoki xalqimiz byudjetning taqdirini bilmoq istaydi. Buni yozish, tahlil etish mushkul emas. Buxgalteriyada balans degan narsa bor, bir tomonga kredit, ikkinchi tomonga debit yoziladi, ya’ni kirim va chiqim. Xo’sh, sog’likni saqlash, maorif, madaniyat, ilm fanga qancha mablag’ ajratildi va qaerlarga sarflandi? Qonunda xalqning axborot olish huquqi kafolatlanganiga qaramay, buni ham hech kim yozolmaydi. Davlat siri!

Boshqa misol. Kadrlar masalasini oling. Kadrlarni tanlash, tayinlash va ishdan otish, hokimni vazifaga keltirishda uning qobiliyati, tashkilotchiligi o’rganib o’rganilmaganligi – davlat siri.

Bu ham mayli. Statistika ma’lumotlari, planlar to’lishining parda orqasi, ko’zbo’yamachilik, qo’shib yozish haqida yozaman degan jurnalistning peshonasi tosh devorga uriladi – davlat siri.

Qashshoqlik, kambag’allik, poraxo’rlik, yuqori mansabdagi rahbarlarning suiste’moli, huquq tartibot organlari tomonidan hak-huquqlar toptalishi, adolatsizlik – davlat siri.

Demak, davlat siri bo’lmagan bitta narsa bor. U ham bo’lsa maqtov. Shu sababdan bugun jurnalistlar asosan maqtov bilan bandlar.

Matbuot xalqning ko’zi, qulog’i va tili-dili bo’lishi kerak. Bu ko’z yumilsa, bu qulok eshitmasa, bu til soqovlik rolini bajarsa va bu dil his etmaslikni sharaf deb bilsa, bunday jamiyatda demokratiyaning mavjud uchqunlari ham o’lib boradi. Matbuot nafaqat xalqni balki o’zini ham yo’qotadi.

Jurnalistlarni muhofaza qiluvchi xalqaro qo’mitaning yaqinda e’lon qilingan hisobotida O’zbekiston erkin matbuot bo’g’ilgan davlatlar safida turgandi, hamon. Bu hukumatga jiddiy tanqid bo’lishi barobarida jurnalistlarimizga ham og’ir dashnomdir! Bu dashnomdan qutilishning bitta yo’li bor, u ham bo’lsa, davlat siri bo’lgan tushunchadan qutilmok kerak.

Sirsiz saltanat bormi, deya e’tiroz bildirishingiz mumkin? Bor: sirsiz saltanat bu demokratiyadir.

Demokratiya sharoitida davlat siri niqobi ostida erkin matbuot bo’g’ilmaydi.

Demokratiya sharoitida davlat sirini bu sirning sohiblari qo’riqlaydi. Qandaydir idora yoki inspektsiya ochib qorovullik qilinmaydi.

Bugun demokratiya o’rganishni istsak, ishni davlat siri degan to’siqdan qutilmokdan boshlash kerak. Zotan bu to’siq olib tashlansa, kelajakning yo’llari o’z-o’zidan ochilib ketadi va o’zbek jurnalistikasi o’zligiga qovushadi.

AL-QISSA: Sir bu Iskandarning shoxi. Men bu shoxni ko’rib qoldim, Sen ko’rmading. Ammo ikkalamiz ham bu sirning qurboniga aylandik.

May, 1997 yil.

MAVHUMLIK

Bugun o’zbek matbuoti, o’zbek jurnalistikasining rolini oshirish haqida ko’p gapirilmokda va ko’p yozilmokda. Xalqning dardi, inson haqlari, ijtimoiy-siyosiy muammolar haqida dadillik bilan, ochik-oydin yozilmayotganining sababi qilib jurnalistlarning malakasizligi ko’rsatilmokda. Aslida ham shundaymi?

«Hurriyat» gazetasining shu yilgi 6-avgust sonida «Gazeta zerikarlimi, demak biz qiziqarli yozolmayapmiz» sarlavhasi ostida birinchi sahifadan, imzosiz bir maqola berilgan. Maqola garchi imzosiz bo’lsa-da unda bir kishining, bir muallifning tilidan so’z yuritiladi.

Jumladan unda shunday satrlar bor: «Aytmoqchimanki, hamon matbuotimiz to’rtinchi hokimiyat maqomiga etisha olmayotgan bo’lsa, uning sababini boshqa yoqlardan izlayvermay, o’zimizdan, o’zimizning suskashtligimizdan, kasbiy tamballigimizdan izlashimiz o’rinliroq bo’lur edi».

Nazarimda bu to’g’ri tashhis emas. Chunki «Yozuvchi», «Turkiston», «Vatan», «Milliy tiklanish», «Adolat», «Sohibkiron yulduzi» kabi gazetalarni varaqlar ekanman, ko’ngilga yaqin maqolalarni uchrataman. Ammo ularning ba’zi joylariga tekkan ko’rinmas qalam so’zning ta’sir kuchini, haqqoniyatini yo’q etib, mavhum, ya’ni adressiz tanqidga aylantirgan. Bu xastalik boshqa gazetalarda ham bo’rtib turibdi.

Masalan, «O’zbekiston adabiyoti va san’ati» gazetasining 22-avgust sonida filologiya fanlari nomzodi Tohir Shermurodning «She’riyatga shirkning sharpasi» sarlavhali qariyib bir sahifalik maqolasi o’rin olgan.

Muallif go’zal va dolzarb mavzuni tahlil qiladi, ya’ni Sovetlar davrida Allohni unutib, shaxsga sig’ingan shoirlarning she’rlariga bugungi ko’z bilan nazar soladi. Bir qancha she’rlardan misollar keltiradi. Lekin Stalinga sig’ingan, Allohga qarshi bosh ko’targan bu shoirlarning she’rlari boru ismlari yo’q.

Shaxsan menda shunday taassurot qoldi: Tohir Shermurod misol sifatida keltirilgan she’rlarning ostida mualliflarini ham yozgan, lekin ko’rinmas bir qalam ularni o’chirib, ko’rinmas holga keltirgan. Balki bugungi maddohlarning ham nomlari keltirilgan va taqqoslangan bo’lishi mumkin. Lekin gazeta yuzida buni topa olmaysiz.

Bunday ko’rinmas qalamdan keladigan fig’onni kamina ham ko’p tortgan.

Drgilarda ham shu ahvol. Masalan, “Mulokot” dargisining shu yil avgust sonida o’rin olgan Nazar Rajabovning «Milliy birligimizning ramzi» maqolasidan parcha keltiraman׃

«Amir Temirga bag’ishlangan xalqaro anjumanning bir yig’ilishida bir tarixchi olim ona tilida salomlashdiyu, birdaniga rus tilida ma’ro’za o’qiy ketdi. Vaholanki, ishtirokchilarning 90 foizi davlat tilini biladiganlar edi.

Kolgan kishilar esa tarjima moslamalari bilan ta’minlangandi. Majlisda kishilarning bir qismi yig’inni tashlab ketishdi.

Shuningdek, respublikamizdaki yirik nashriyotlardan birida Bosh hisobchi haligacha o’zbek tilida gapirsangiz tushunmaydi. Va 95 foiz xodim o’zbek bo’lishiga qaramay, ish rus tilida yuritiladi…”

Ko’rinib turibdiki, bu erda ham ko’rinmas qalam taniqli tarixchining va yirik nashriyotning ismini o’chirib qo’ygan.

Xuddi shu holni «Sohibkiron yulduzi» gazetasining 19 avgust sonida bosilgan Ibrohim G’ofurovning «Ertaga juda ham go’zal kun bo’ladi» sarlavhali maqolasida, Abduqahhor Ibrohimovning «Hurriyat» gazetasida chop etilgan «Mansab, mansabdorlik, mansabdorlar» nomli maqolasida va boshqa kundalik gazetalarning deyarli har kungi sonida uchratish mumkin. Yoki ko’rinmas qalam mualliflarning o’z qo’liga o’tdimi?

Kichik bir maqolada ham Prezidentni maqtab qo’yish unutilmagani holda, ijtimoiy-siyosiy mavzulardagi maqolalarda tanqid qilingan hatto o’rta miyona kishilarning ismlarini yashirib qolish an’anaga aylanib borayotgani tashvishlidir. Tanqid umumiy bulsa, maqtovdan farqi yo’q. Tankid nishongagina urganda, natija beradi.

Umuman, bularning hammasidan quyidagicha xulosalarni chiqarish mumkin.

Birinchidan, jurnalistlar, qalamkashlar etilib turgan masalalarga qo’l urishmokda, lekin bu ishni boshqarayotganlar mansablari, xizmat mashinalari va soxta obro’laridan qo’rqib, tanqidiy maqolalarning o’q tomirini yulib olmokdalar va ularni tasirsiz holga keltirmokdalar.

Ikkinchidan esa, xalqni chalg’itish uchun aybni jurnalistlarga, qalamkashlarga ag’darmokdalar. Xalqka ularni malakasiz, tambal qilib ko’rsatishga urinmokdalar.

Uchinchidan, bu insonlar ham mustaqillikka, ham rivojlanishga va hamda o’zbek matbuotining mavqeiga qarshi bolta ko’tarib xizmat qilmokdalar. Ular o’chirgan har bir satr ayni paytda tariximizning yuksalish yo’llarini o’chirmokda va Oqsaroydagi mavhumiyatga tomon sudramokda.

Bugun o’zbek matbuotini oyoqqa turg’azish uchun uni ilk o’larok mavhumlikdan, ya’ni boshi oyog’i bo’lmagan umumiy maqolalardan qutqazmoq kerak. To’g’rirog’i o’zbek matbuotini yozilgan jiddiy maqolalarning bosh va oyog’ini kesib turuvchi ko’rinmas kuchlardan xolos etish zarur. Buning eng oson yuli matbuotni yoshlarga, yosh avlodga ishonish kerak. Chunki ularning jasorati, iste’dod va qobiliyati mushtarakdir.

Zero matbuotimizni pukkillab qolgan, buyinbog’ taqib yurishdan boshqa narsaga yaramagan ko’rinmas qalam egalaridan ana shu yoshlar qutqaradi. Ularga yo’l bering! Ular ham dardlarimizga, ham kelajagimizga va hamda istiqlolimizga sohib chikadigan sog’lom kuchdir.

Ular mavhumiyatning dushmanlari, haqqoniyatning do’stlaridir! Ne afsuski, bu Oqsaroy uchun qo’rqinch bo’lib qolmoqda.

AL-QISSA: Men o’zga va so’zga tayandim, sen esa o’zga ko’zga tayanding. Tayanmok, ham kasallikka aylandi…

9 sentyabr, 1997 yil.

MATBUOT DUShMANLARI

Xalqaro jurnalistlar uyushmasi matbuot erkinligini bo’g’uvchi hukumatlar va ularning rahbarlarining nomlarini vaqti-vaqti bilan e’lon qilarkan, bu ro’yxatni «Matbuot dushmanlari» sarlavhasi ostida dunyoga tarqatadi.

1997 yil yakuni munosabati bilan e’lon qilingan ro’yxatga 25 davlat va ularning rahbarlari kiritilgan.

Aslida, har turli ro’yxatlar e’lon qilish dunyoda keng tarqalgan narsa. Masalan, qo’shiqchilik borasida pop janri o’rtaga chiqqandan buyon dunyoning aksariyat televidenie va radiolari «Asosiy o’nlik», «Asosiy yigirmalik» kabi nomlar bilan o’ziga xos haftalik, oylik konkurslar o’tkazishadi. Bu konkurslarda yangi qo’shiqlar va qo’shiqchilarning, zamonaviy til bilan aytganda reytinglari belgilanadi. Ixlosmandlarning talablariga ko’ra kimdir bu ro’yxatda yuksaladi, kimdir muvaffaqiyatsizlikka uchraydi.

Xalqaro jurnalistlar uyushmasi ham «25lik» nomi bilan ana shunday «konkurs» o’tkazib turadi. Uning pop sohasidan farqi shundaki, bu ro’yxatda yuqoriga karab yuksalgan ism matbuotga qarshi dushmanligi yana ham oshgan kishiniki bo’ladi. Matbuotning tankidiy chiqishlariga musohamada bo’lgan, ya’ni chidam ko’rsatgan va uning yo’lini to’smagan rahbarlarning nomi bu ro’yxatning oxiriga qarab tushib boradi va ro’yxatdan g’oyib bo’lishi ham mumkin. Bu esa matbuot dushmani nomidan qutilish demakdir.

Yuksala-yuksala birinchi o’ringa kelgan Xitoydir. Ma’lumki, Xitoy 50-chi yillarda Sovet Ittifoqidan o’zoqlashar ekan, undan eksport qilingan tsenzura sistemasini saqlab qoldi. Bunga ko’ra, barcha matbuot vositalari Kommunistik partiya tomonidan nazorat qilinadi. Xitoyda tsenzuradan voz kechilishi qiyin. Chunki tuzum tsenzura ustiga qurilgan. Shu bois bu mamlakatning rahbari yaqin orada «25lik» ro’yxatining birinchi o’rnini hech kimga bo’shatib bermaydigan ko’rinadi.

Ro’yxatda ikkinchi bo’lib Muammar al-Qaddofi turipti. Ha,o’sha mashhur «Yashil kitob»ning muallifi Muammar Qaddofi. Liviyaning barcha televidenie, radiolari, gazeta, dargilari uning ismi bilan boshlanib, uning ismi bilan nuktalanadi. Polkovnik Qaddofi hayotda ekan, Liviya ham «25lik» ro’yxatining doimiy a’zosidir.

Uchinchi o’rinda esa Shimoliy Koreya. U erda ochlik, safolat boshlanganiga qaramay, gazetalar «Yashasin rahbarimiz! Yo’lboshimizga shon-sharaflar!» sarflavhasidan boshqa narsani yozishmaydi. Ochlikdan o’layotgan, zulmdan bo’gilayotganlar haqida boshqalar, ya’ni Shimoliy Koreyaning chegarasidan uzokdagilar yozishmokda, xolos.

Va nixoyat, to’rtinchi o’rinni o’zining 320 haykalini ochgan, 200dan ziyod joyni o’zining va o’lib ketgan ota-onasining nomi bilan atagan Saparmurod Niyozov egallagan. Turkmanistonda ham gazetalarning «Bismillosi» – Turkmanboshi kalimasidir.

Undan keyin Kommunizm orolchasi nomini olgan Kubaning dongi dovon oshgan rahbari Fidel Kastrodir. Bunga ham izoh ortikcha.

Oltinchi o’rindagi ism ham izoh talab etmaydi. Faqat Saddam Husayn, deya kimligini aytsak, hamma gapni anglab olasiz.

Keldik ro’yxatning eng qiziq joyiga, yani ettinchiga etdik. Bu erda Islom Karimovning ismi sharifi yozib qo’yilgan. Yoniga esa «yuksalishda» degan belgi qo’yilgan. O’zbekistonda «birinchi demokrat» deb maqtalayotgan muhtaram prezident janoblarining bu ro’yxatga kirib qolishlarini anglashilmovchilik, deyish mushkul. Chunki hukumatimizning poydevoriga katta-katta harflar bilan tsenzura, deb yozib qo’yilgan. Tabiiyki, ba’zilar buni chetdan turib tosh otish ham deyishlari mumkin, lekin bu oynadan o’pkalash demakdir. Mayli, ro’yxatning davomiga nazar tashlaylik.

Birma, Suriya, kommunizmning qurigan qirg’og’i – Vetnam, Nigeriya, Saudiya Arabistoni, so’ngra 14-chi o’rinda Imomali Raxmonovning ismi sharifi.

Ha, qovun-qovundan rang olar deganlaridek, qo’shnimiz Tojikistondagi ahvol hammamizga ayon.

Uning ostida esa Sovet Ittifoqining mashhur generallaridan bo’lgan va hozir neft dunyosining generali Ozarbayjon prezidenti Haydar Aliev turibdilar.

Ro’yxatning 16-chisi Efiopiya, so’ngra Indoneziya, Sudan, Tunis, Jazoir, Sirbiston va keyingi paytda “peshonasi yaraqlagan” Aleksandr Lukashenko. Ha, o’sha kechagi kolxoz raisi va bugungi Belorussiya prezidenti. O’zining jurnalistlarini qamagani kam ekan boshqa davlatlardan kelganlarni ham chegaradayok ushlab KGB ertulasiga otgan, matbuot dushmani yoki bir yil oldin kichik diktator nomi bilan mashhur bo’lgan va bugun kattagina diktatorga aylangan Aleksandr Lukashenko.

Xullas, ko’rib turibsizki, «25lik» ro’yxatini tuzganlar anoyi emas. Devor bo’lmasa, ichkarini kuradiganlardan farqli o’larok, devor bo’lsa ham ichkarini ko’rib turganlarini sezib oldingiz.

Ha, kasalni har kancha yashirmang, isitmasi oshkor qiladi. Lekin bu ro’yxatga kirganlarning hech biri xafa bo’lmasligiga aminmiz, chunki ular unvon olishga odatlanishgan. Unvon hayotlarining mag’zi.

Nima ham deymiz, matbuot dushmani – bu ham unvon. Fakat taqib yuradigan medali yo’q.

E, bir parcha temirga ne xojat?! U yo’qolib ketadi. Ammo ro’yxat yo’qolmaydi. Ayniksa, «25lik». Ular ham anoyi emas. Bu ro’yxatdan faqat o’lib ayriladilar!

AL-QISSA: Dushman izlasang dushman topasan… izlamasang topmaysan. Dushmanni topmaganlar dushmansizlardir, dushmanni topganlar esa dushmanlardir. Kimga?!

25 dekabr 1997 yil.

O’RIN VA O’YIN

Diktatura sharoitida hech narsaning o’rni bo’lmaydi. Chunki hamma narsa asl holini yo’qotgan va chapani qilib aytganda bichilgan bo’ladi. Matbuot ham shunday, biror narsa siyosiy tahrirsiz chop etilmaydi. Yozilgan narsalarning “erkaklik joyi” yoki “qizlik iffati” qirqib tashlanadi.

Bugun mamlakatda Sovet davridagidan ko’p gazeta nashr etiladi. Xuddi yomg’irdan keyin paydo bo’lgan qo’ziqorindek bir-biriga o’xshash (ham hajm, ham mazmun jihatidan) gazeta va gazetachalar tiqilib ketgan.

Ularda asosan Internet yoki rus matbuotida chiqqan oldi-qochdilar yoki qo’ydi-chiqdi, sevdim-o’ldim, mashhur odamlarning “mashhur” qiliqlari kabi mavzular.

Sal jiddiyroq masalada yozilsa, albatta “yurtboshi” kalimasi qo’shilmasa imkon yo’q. Muallif qo’shmasa ham muharrir qo’shib qo’yadi. “Yurtboshi” iborasi xuddi fohishabozlik o’rchib ketgan joyda turli yuqumli kasalliklardan saqlanish uchun qo’llaniladigan muhofaza qalqoniga o’xshab qolgan. “Shuni qo’llansam, menga jin ham chalmaydi”, deb o’ylashadi. Lekin bilishmaydi-ki yuqumli kasallik boshqa tomondan ham urishi mumkin.

Shunga qaramay o’zini muhofaza qilgan odamga “Nima qilayapsan?” deb savol berish axmoqlik. Nima qilsin? Fohishaxonaga bosh suqqandan keyin o’zini muhofaza qilish yo’liiga ham bosh uradi-da.

Xullas, diktatura sharoitida “o’rin” degan narsa bo’lmaydi, “o’rin” kalimasi “o’yin” bilan almashadi. Matbuotning o’rni emas, o’yini bo’ladi.

Bu o’yin xuddi kechki restoranlardagi yalang’ochlar o’yiniga o’xshaydi. Qaysi o’yin diqqat tortsa pul o’sha tomonga otiladi.

2005 yil, Yanvar.

QORA KITOB

Salay Madaminov tahriri va rahbarligi, homiyligi va zahmatlari evaziga chop etilib, tarqatilgan «Narigi dunyo darchasi oldida» kitobi qamoqxona hakidagina bo’lganda balki foydasi tekkan bo’lar edi. Ammo kitob 223 sahifadan iborat bo’lsa, shuning teng yarmi Abdurahim Po’latov haqida yoki unga tosh otishga qaratilgan. Shuningdek, Abdumannob Po’latov, Shukrulla Mirsaidovga maxsus sahifalar ajratilgan. Yodgor Obid, Vasila Inoyatova va boshqalar «talangan». Kitobni varaqlagan kishi Safar Bekjonovni Karimov hukumati emas Po’latov qamagan ekan-mi, deb o’ylanib qoladi.

Kitobning so’z boshisida «Kitob parcha-parcha, har xil erlarda yozildi. Lekin uning asosiy qismi O’zbekiston jazo koloniyalarida 1993-1996 yillarda qog’ozga tushgan», deyilsa-da kitobning bir necha joyida qamoqxona erto’lalarida kundalik yozish u yokda tursin, ikki enlik maktub yozishga izn berilmagani va har oqshom tintuv o’tkazishgani e’tirof etiladi.

Biz Safar Bekjonovni O’zbekiston tarixiga oid qimmatbaho tangani rostdan ham o’g’irlagani va «bo’lajak prezident» havosidagi S.Madaminovga hadya etganini keyinchalik eshitdik. Lekin boshiga pashsha qo’nsa, yiqilib ketib bir joyini sindirishi mumkin bo’lgan bu odamni qamoqxonada o’ldirib qo’yishmasin, deya ovozimizni chiqarmadik. Zotan muxolifat «it-mushuk» bo’lib yurgan payt edi. Bunga bizning sasimiz qo’shilishini istamadik. Aslida xato qilgan ekanmiz – andishaning otini qo’rqoq deydilar.

Biroq qimmatbaho tanganing Salay Madaminovda ekanligini bilib qolgach, unga bu tarixiy ashyoni mamlakatga qaytarish uchun bosim ko’rsatdik. (Bu paytda S.Madaminov Istanbulda bo’lgan, – Tah.). Hatto partiyadan iste’fo etish masalasini o’rtaga qo’ydik. Ko’p o’tmay Salay Madaminov Samarqandlik do’sti (ilgari KGBda ishlagan, keyinchalik «Erk» gazetasini olib borib Mamadali Mahmudovning uyiga tashlab ketgan va o’sha kuniyoq Mahmudov qamoqqa olinganda ham kimligidan Salay Madaminov shubha qilmagan) Adham Roziqov orqali tangani berib yuborgani va Dilorom Ishoqova uni Safar Bekjonovning oqlovchisiga olib borib berganini aytdi.

Bu voqea bizning o’rtamizdagi samimiyatga darz etkazdi.

Qo’rqqan oldin musht ko’tarar, deganlaridek, kamina Salay Madaminov «guruhi»ni tark etganim bois, bu kabi qilmishlarining pardasi ko’tarilib qolmasin, deb ular tuhmatga erk berdilar.

Kitobda yozilishicha go’yo 1994 yil Qarshidagi UYa 64-49 qamoqxonasida Parda Ahadov Safar Bekjonovga shunday deganmish:

«1964 yilda Samarqand shahrida tug’ilganman, Samarqand Savdo institutini tamomladim. Oldiniga Samarqand choy qadoqlash fabrikasida ellik ming dollar pora berib, ombor mudiri bo’ldim. Keyin yuz ming dollar pora berib, Samarqand teri zavodiga direktor bo’ldim. Toshkentdagi mafiya kuchlari daromadimning to’qson foizini olib ketishardi. O’rtada kelishmovchilik boshlandi. Biz, to’rtta aka-uka qurollangan guruh tuzdik. Oldiniga Samarqandni qo’lga oldik. Hatto viloyat hokimi Po’lat Abdurahmonov ham mendan qo’rqardi. Chunki uning o’zi ham poraxo’r odam.

1991 yil Jahongir Mamatov degan jurnalist, deputat mening ustimdan ma’lumot to’plaganini aytdi. O’rtaga Bulung’ur tumani hokimini qo’yib, jurnalistni tinchitdim. Unga ancha pul berdim va bir oy ichida dang’illama uy qurib berdim. Jurnalist Mamatov men qurdirib bergan uyda bemalol yashamoqchi edi, ammo chuchvarani xom sanagan edi.

O’zbekistonda pora olmaydigan rahbar yo’q. Shu jumladan, Toshturma boshlig’i ham pora oladi. Bir kuni men Toshturmadan chiqib, to’g’ri Samarqandga ketdim. Jurnalist uyida yo’q ekan. Uyni yoqtirib yubordim va odamlarimga o’zini topib, yo’q qilishni buyurdim. Tongda Toshturmaga etib kelolmadim.»

Avvalo Parda Ahadov degan odam bormi yo’qmi bu Allohga havola. Agar u bor bo’lsa va kitobda yozilganidek 1964 yilda tug’ilgan bo’lsa, 1991 yilga kelib 27 yoshga kirgan bo’ladi. Yigirma etti yoshga etgunga qadar ham Savdo institutini bitirib, ham ellik ming dollar pul topib, ham choy qadoqlash fabrikasiga ombor mudiri bo’lib, undan keyin yuz ming dollar pul topib, Samarqand teri zavodiga direktor bo’lganiga avom biri ishonar, lekin aqli hushi joyida bo’lgan kishini ishontirish qiyin.

U paytda Samarkand teri zavodida pul berib birovni ishlata olmas edingiz. Chunki sifatsiz terilar ko’pligidan zavod bo’hronga uchragandi. O’shanda zavodga direktor qidirishgani karga ham so’qirga ham ayon edi

Ne emish, feleton yozaman deya kolxoz raislaridan pora olgan ekanman. Bu iftironi bir paytlar Ismat Xushev o’rtaga otgan va haqqini olgandi. Endi esa bu «latta» akasiga qolibdi.

1991 yilda men Toshkentda yashardim, o’sha paytlari men hech qanday uy qurmaganimni nahotki hofizai sabil bu qadar tez unutdi. Qolaversa ota-onamdan qolgan uy 1991 yilda emas, 1984 yilning 1-dekabrida yonib ketgandi.

Darvoqe, kitobdagi xotira qamokdagi bir odamning nomidan keltirilgan. Shunga ham ota go’ri qozixona-mi deyishingiz mumkin? Lekin kitobda muallifning alohida izohiga alohida er berilgan. Unda shunday deyiladi:

«..Jahongir Mamatov – jurnalist, sobiq deputat. 80-chi yillar so’nggida Samarqand viloyati «Lenin yo’li» gazetasida ishlagan. Feleton yozaman, deb shantaj qilib, ko’pgina kolxoz raislaridan pora olganligi ma’lum.

1992 yil oxirida deputatlikdan haydalish xavfi tug’ilganda, «Erk» partiyasidan «boshpana» so’rab, unga a’zo bo’lgan. 1993 yil bahorida Muhammad Solihga ergashib, Turkiyaga kelgan. 1994 yil Karimov hukumati bir guruh «Erk»chilarni qamoqqa olganda, Jahongir Mamatov «Erk» dan chiqqan. Bugun u Istanbulda A. Po’latov bilan hamkorlikda «Erk» partiyasiga qarshi tashviqot ishlarini olib bormokda».

Mana endi gap nimadaligini anglab oldingiz. Avvalo izohning o’zi izohtalab, ya’ni kamina 80-chi yillarning so’nggida (86-90) «Sovet O’zbekistoni» – «O’zbekiston Ovozi» gazetasida ishladim. «Erk» partiyasiga boshpana so’rab borganim yo’q, balki sekretarlari, faollari birin-ketin qamalayotgan og’ir kunlarida nomzodimni partiya sekretarligiga ko’rsatishganida va «Erk» partiyasi gazetasining Bosh muharrirligini taklif qilishganida rad etmadim. Partiya Markaziy kengashida bir ovozdan saylanganman. Chunki partiya sekretari Otanazar Oripov qamokda, «Erk» gazetasi Bosh redaktori va xodimlari sudga tortilgandi. Jonini asragan inson shunday olovning ichiga o’zini uradi-mi?

Men «Erk» partiyasiga kelganimdan keyin partiyani yangi davri boshlandi. Bugungacha ba’zilar «siyosiy bagaj» sifatida foydalanib yurgani O’zbekiston demokratik kuchlar forumi kaminaning tashabbusi bilan tug’ildi.

O’sha paytda men partiya raisiga hukumat qarshisida ikkiyuzlamachilikni tugatishni shart qilib qo’ydim. Chunki hukumat tarkibida uch oy ishlab iste’fo etgandim va uning bilan takror bir yo’lga kirish mumkin emasligini idrokida edim.

1993 yilning bahorida Turkiyaga kelgan paytimda O’zbekistonda Madaminov Salayni qamashdi. Abdurahim Po’latov va boshqa muxolifat a’zolari bilan Antaliyada Turk dunyosi qurultoyiga kelgandik. M. Solihni ozod qilish uchun Turkiya va xalqaro jamoatchilikka murojaatlar qildik.

Men Turkiyadan qaytib ketganimdan keyin 1994 yilning oxirida yana keldim. «Erk» gazetasining 15-ta sonini tayyorladim.

Biz demokratiya, so’z erkinligi, inson haqlari ta’minoti, haqqoniyat tarafdorimiz. Bu bois ham Karimov hukumatiga qarshi kurashayapmiz. Bu kurashdan qaytadigan niyatimiz yo’q. Lekin yo’limizda ikkinchi, uchinchi Karimovlar paydo bo’lar ekan, ularga qarshi mujodalamizni ham to’xtatmaymiz, ularning qora kitoblari yoki ukalari, «do’stlari» orqali telefon po’pisalari, boshqalarning nomidan bizga qarshi maqolalar uyushtirishlari mujodalamizni aslo va aslo kuchsizlantirmaydi. Balki yana ham hushyorroq kurashga undaydi.

Kitobning 145-sahifasida shunday satrlar bor: «Qoraqalpog’iston muxtor jumhuriyati aholisining teng yarmi o’zbeklardan iborat bo’lishiga qaramay, markaz Nukus rahbariyatida o’zbek yo’q» deyiladi. Bugun Turkiyada har kuni «Biz turkchi,biz bir millat» deb va’z aytib yurgan odamning ikki yuzini o’rtaga qo’yadi bu.

Birga yo’lga chiqqan yo’ldoshlari Zohir A’lam, Ahmad A’zam, Dadaxon Hasan, Sodiq Yigitali, Shodi Karim, Ibrohim Haqqul, Abdulhay Abdumavlon, Samad Murod va boshqa namoyondalar nega uni tark etishdi, nega ba’zilari boshqa yo’llarni afzal deb bilishdi?! Salay Madaminov bu xususda hech o’ylab ko’rdi-mi? Atrofida kim qoldi? Bundan uch yil oldin ukasi Maqsud Bekjon unga yozgan ochiq xatida boshi berk ko’chaga kirib borayotganini eslatgandi. Bir kun kelib yolg’izlanib qolajagiga sha’ma etgandi.

Salay Madaminov va hamqalam xonadoni o’zining «narigi dunyo darchasi oldida» turganini his etayotgan bo’lsa, boshqalarning ham qo’lidan tortib ketaman, deb ko’p urinmasin. Alloxdan qo’rqsin. Hali ham kech emas, es-hushini yig’ib olsin, xatolariga iqror bo’lsin va bu chirkin yo’ldan qaytsin. Alloh kechiruvchandir. Salay Madaminov xatolarini tan olsa, biz ham o’shanda uni kechirishimiz mumkin. O’shanda yolg’izlik azobidan qutulib safimizga qo’shilishga va takror Muhammad Solih bo’lish imkoniga qovushadi. «Narigi dunyo darchasi oldida» iftiro ixtiro qilish hech kimga obro’ keltirmagan va keltirmaydi ham. Fitnaning mahsuli fisqu- fasoddir!

Faoliyatimni tanqid qilishsin, marhamat, rahmat aytaman, lekin bezbetlarcha tuhmat bilan toshbo’ronga tutishmasin!

Xullas, bular xamir uchidan patir! «Norin», «Manti»ning esa vaqti emas. Ammo ko’ngillari juda istasa, ishtahalari bosilmasa, uni ham oladilar.

AL-QISSA: Sen shaytonga topinding, men esa Rahmonga, kurashimiz bitmasdir.

12 oktyabr 1997 yil.

SAN’ATNI SOXTALAShTIRISh

O’zbekistonda bu yil Navro’z bayrami oldingilarga nisbatan va umuman Navro’z bayrami an’analaridan ayricha nishonlandi. Bunga «g’arbona taqlid» deb ism ham berish mumkin. Lekin bu yuzakichilik bo’ladi. Chunki Navro’z shunday yo’ligagina bir bayram bo’lib qolmasdan, u milliy madaniyatimizning ko’zgusi hamdir. Shu bois masalaga jiddiyroq nazar solmoq kerak.

«Bir millat yoki xalqni cho’ktirmoq uchun uning madaniyatini yo’qot» – Chor Russiyaning shiori ana shunday edi. Milliy madaniyatlarni yo’qotish mumkin emas, ammo boshqa bir madaniyat bilan assimilyatsiya qilish, ya’ni eb yuborish mumkin – bu esa Lenin mohiyatidir. Ha, sho’rolar mafkurasining bosh mezoni madaniyatni soxtalashtirish edi. Uning me’mori Vladimir Lenin o’zining «Partiya adabiyoti va partiya tashkiloti» debnomlangan dasturiy tusdagi maqolasida adabiyot, san’at va umuman madaniyatni siyosiylashtirish, partiyalashtirish va oxir- oqibatda davlatlashtirish g’oyasini ilgari surgandi. Etmish yil bu aqidaga rioya qilindi.

Bugun mustaqilmiz. Ilgari madaniyatimizni tashqi kuch soxtalashtirishga urindi. Taassufki, endi bunday kuch o’zimizdan chiqmokda. O’zimdan chiqqan baloga, qayga boray da’voga, degan ota-bobolarimiz. Agar bugungi tahlikaning oldi olinmasa, bu maqol haqiqatga aylanib, da’voga boradigan joyimiz ham qolmaydi. Milliy qadriyatlarimiz chambari bo’lmish madaniyatimiz Chor Rossiya va Lenin zarbasidan keyin uchinchi og’ir zarbaga uchraydi.

Yaqinda Navro’z-97 deb nomlangan televizion filmni ko’rdim. Toshkentdagi Alisher Navoiy xiyobonida o’tkazilgan Navro’z tantanalarining filmi edi bu. Har bir kadrdan keyin prezident Islom Karimov va O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi Abdullo Oripovni ko’rsatib turishlari bu film O’zbekiston

televideniesi tomonidan olinganining dalili edi. Agar film dunyoga o’zbek madaniyatini tanitish maqsadida tayyorlanmagan va bir qator xalqaro televidenielarga takdim etilmaganida balki bu ham o’tar deya tishimizni tishimizga qo’yardik. Ammo milliy madaniyatimiz mavzu ekan jim turishimiz ma’naviy suiqasddir.

Bu yilgi Navro’z tantanalari muchal yilini ifodalash asosida tayyorlangan. Sahnada har turli hayvon niqobidagi maskali odamlar paydo bo’ladi. Avval ho’kizlar, keyin sigirlar, orqasidan ilon, maymun, it, sichqon…. Yosh-yosh yigit-qizlar bilan birga keksa onaxon, otaxonlarga ham bu maskalar kiydirilgan. Xalqimiz hayvonbezor emas.

Ayniqsa ot, kiyik adabiyotimiz va san’atimizda ijobiy obraz sanalgan. Biroq maymun, sichqon, ilon, it har doim salbiy yuk tashigan. Shunday ekan, rasmiy tantanalar nishonlanadigan sahnada bir qancha odamga it niqobini kiydirib, ularni akillatishni yoki ho’kiz kabi sas chiqarishga majbur qilishni qanday izohlash kerak? Bulbul bo’lib sayragan xalqimiz, ammo hech qachon it bo’lib akillagan emas. Bu manzara o’z xalqini masxara qilishmi yoki ko’rdingizmi istasam it bo’lasiz, istasam sichqon deyishning bir yo’limi?

Bu ham etmaganidek, ilon niqobida vishillab turgan qizlar, maymun qiyofasida erdan ko’kka sapchib barmoqlarini tishlagancha, tirjaygan yigitlar va hammasi Navro’z kuni, Navro’z saylida, Miralisher Navoiy haykalining poyida.

Ha, dunyoda bunday o’yinlar bor. Bir teatrda ko’rsating, e’tirozimiz yo’q. Hatto bir parkda bolalarga namoyish eting, sizni qutlaymiz. Lekin xalqimiz ming yillar davomida milliy kimligini namoyish etib kelgan bayramda o’ylab ko’rishingiz kerak edi. Nahotki, bizning milliy kimligimiz it, ilon bilan ifoda etilsa?

Yunon mifologiyasidan tortib bugungi G’arb madaniyatigacha asosan shu tamalga qurilgan. Ku-kluks–Klanlaru Braziliya festivallarigacha hammasida hayvonlar niqobi, hatto siyosiy partiyalarga eshak rasmini ramz qilib olganlar bor va bu normal. Chunki madaniyatlari buni inkor etmaydi, ammo bizning sharq madaniyati buning tom teskarisidir. Shunday ekan o’z-o’zidan bu yilgi Navro’z tantanalari Leninning milliy madaniyatlarni o’zgartirish tezisi asosida o’tkazildi, degan xulosa chiqadi.

Navro’z sahnasida soxta echki sog’ilarkan, qo’lda yasalgan soxta sigirlarning elinlari ko’z-ko’z qilinarkan sho’rolarning 1 may namoyishini esladik. O’shanda ham yuk mashinalari ustida yasalgan sigir, qo’ylarning boshini qimirlatib, minbar oldidan olib o’tishardi. Ayni mohiyatni Navro’zga yuklamokdan nima maqsad ekanligini tushunish qiyin emas.

Eng qizig’i ijrochilarning o’zlari o’z hollaridan uyalib turganlarini ekranda ham aks etishidir. Soxtalik tabiiylikdan ustun kelib turibdi. Qo’shiq va kuylar esa plastinkani 33 yo’lidan 78ga o’zgartirib qo’ygandek g’ayri odatiy edi. Agar tobelik, qullik hukm surmaganda bu sahna yashamas edi.

Chor Rossiyasi madrasalarni yiqitdi, qabristonlarni portlatdi, lekin xalqimiz o’z madaniyatini saqlab qoldi. Sho’rolar 70 yil urindi, biroq o’zlari soxtalik qurboni bo’lishdi. Shu bois madaniyatimizni Navro’z maydonida masxara qilishga urinayotganlar bir kun kelib bu sahnada o’zlarini ko’rsalar ne ajab?! Va bu soxta emas, haqiqiy tomosha bo’ladi. Zotan buni biz iddao qilayotganimiz yo’q. Bu tarix isbotlagan hakiqatdir.

AL-QISSA: Men cho’pon emas edim, sen qo’y eding, balki men ham qo’y edim senga qo’shilib…

2 aprel, 1997 yil

TARIXNI SOXTALAShTIRISh

Sho’rolar davrida tarix Kommunistik partiya Markaziy qo’mitasining talabi va istagi bo’yicha yozilardi, ya’ni u erdagilar o’z xohishlariga ko’ra tarix yaratardilar va ko’ngillariga xush kelmagan voqea, hodisalarni tarix sahifasidan o’chirib yuborish uchun biror joyda qayd etmaslikka urinardilar. Ana shu sababdan ham bugunga kelib ular yaratgan biror- bir tarixga ishonch qolmadi, hammasi qaytadan yozilmokda.

Tarixni qayta yozish an’anasi O’zbekistonda ham gurillab davom etmokda, lekin qush uyasida ko’rganini qiladi, deganlaridek, muhtaram tarixchilarimiz, olimlarimiz aynan salaflarining yo’lidan bormokdalar. Masalan, kommunistlar Qodiriy, Cho’lpon, Fitrat, Usmon Nosir kabi yuzlab ismlarni tarixdan o’chirib tashlash uchun qo’llaridan kelganini qildilar. Bugun esa biz bu borada tom aksini amalga oshirayapmiz.

Ya’ni u qirg’okdan o’tib, tarixni asosan ularning ismlari bilan to’ldirayapmiz. Ularni o’rganishda bir yoqlamalikka yo’l qo’yyapmiz. Bu yo’sinda ketsa, kelajakda Qodiriyning «Mushtum» darg’isida Jome-masjidlarini buzishga, din arboblarini quvg’in etishga qaratilgan feletonlari bosilgandi., Cho’lpon va Fitrat Sovet tuzumi bilan murosa qilishga urindilar va shuning qurboni bo’ldilar, deya yana bir avlod o’rtaga chiqishi va tarixni o’zi istaganidek yozishi hech gap emas.

Shu yil Qomuslar bosh tahririyati tomonidan Toshkentda nashr ettirilgan «O’zbekiston Respublikasi Entsiklopediyasi»ga nazar solsangiz, yoqangizni ushlab qolishingiz aniq. Bir paytlar O’zbekiston Kommunistik partiyasi Markaziy qo’mitasi targ’ibot va tashviqot mashinasini yurgizgan janob Nurislom To’xliev qayta qurish, oshkoralik yillarida haqiqatni yashirish jinoyatdir, deya o’nlab publitsistik maqolalar bilan o’rtaga chiqqandi. So’z boshqa ish boshqa, buni Nurislom To’xliev Bosh muharriri bo’lgan entsiklopediyani varaqlasangiz, darrov sezib olasiz.

«O’zbekiston Respublikasi Entsiklopediyasi» mohiyat e’tibori bilan tarixiy kitobdir, – deyiladi so’z boshida. – Unda Entsiklopediya an’analariga rioya etilib, har bir mavzuda uning ibtidosidan so’nggi yillargacha bo’lgan holati qamrab olinadi. Binobarin, o’tmish bilan kelajak o’rtasida qandaydir vorislik yotadi. Bu vorislikni ta’minlashda entsiklopediyalarning muhim o’rni bor. Ushbu entsiklopediya ham shu yo’lda xizmat qiladi, degan umiddamiz.

Bu fikrning samimiyligini o’rganish uchun 16 bo’limdan iborat bo’lgan entsiklopediyaning jamoa tashkilotlari bo’limini ochamiz. O’zbekiston Xalq Demokratik partiyasi, Vatan taraqqiyoti, Adolat sotsial-demokratik, Milliy tiklanish partiyalari, Kasaba uyushmalari, Xotin-qizlar qo’mitasi, Faxriylar

tashkilotlari uyushmasi, Ma’naviy va ma’rifat jamoatchilik markazi….

Xo’sh, O’zbekistonda milliy ozodlik harakatini boshlatgan «Birlik» xalq harakati qani? Uning o’rniga 1995 yilda hukumat tomonidan tuzilgan boshqa bir harakat – Xalq Birligi harakati kiritildi. Xo’sh, «Erk», «Birlik» partiyalari qani? Nahotki bu harakat va partiyalarning O’zbekiston mustaqillik jarayonida hech qanday roli bo’lmasa? Butun dunyo bu harakat va partiyalarni e’tirof etgani holda, O’zbekiston entsiklopediyasida ulardan ko’z yumilishi tarixni soxtalashtirish emasmi? Bu savolga javobni bizga emas vijdoningizga bering!

Entsiklopediyaning matbuotga oid bo’limini ochamiz. Barcha nashrlar bor. Lekin O’zbekiston mustaqilligining qaldirg’ochi «Erk» gazetasi haqida bir satr ham yo’q. Qolaversa, o’sha yillari «Mustaqil haftalik», «Munosabat», «Erkparvar» singari o’nlab nashrlar Vatan ozodligi uchun xizmat qildilar. Balki bir kun kelib bu sahifalarni yozgan taniqli olimlarimiz biz yozdik, lekin tsenzura o’tkazmadi, deya bahona topishlari mumkin, ammo siz siyosiy maqola yozmayapsiz-ki, tsenzurani bahona etsangiz. Bu axir, tarix. Yaxshisi, yomoni, achchig’i chuchugi bilan butundir tarix. Siz esa uni kemtik holda, bir qo’lsiz, bir oyoqsiz va yoki qalbsiz qilib ko’rsatmoqchisiz.

Entsiklopediyaning din, qonunchilik, adabiyot, qayta qurish yillari singari bo’limlarida ham muxolifatga oti qorishgan, yoki to’ralarga oti yoqmagan inson va tashkilotlardan ko’z yumilgan. To’g’rirog’i, ularni tarix

sahifalaridan o’chirishga uringanlar.

Bunday soxtachilikning asl mohiyatini o’rganish uchun entsiklopediyaning yana so’z boshisiga murojaat qilamiz. Unda shunday satrlar bor: O’zbekiston Respublikasi Entsiklopediyasi O’zbekiston bilan qiziquvchi keng kitobxonlardan tashqari tadqiqotchilar, ayniqsa yosh avlod – talaba va o’kuvchilar uchun ham ahamiyatlidir. O’z yurtining tarixi, madaniyati, fani, mamlakat iqtisodiyoti va boshqa tarmoqlaridagi holat bilan qiziquvchi har bir kitobxon tegishli ma’lumotlarni ushbu qomus sahifasidan topa oladi.

Demak, maqsad aniq. Yosh avlodni, kelajakning ko’zini ko’r, qalbini so’qir qilish. Buni sho’rolar 70 yil mashkdan o’tkazdilar, ammo oxir oqibatda sharmandai sharmsor bo’ldilar. Bizning tarixchilar ham 70 yilni ko’zlayotgan bo’lsalar yanglishadilar. Chunki bu soxtaliklar 70 yil u yokda tursin, etti yil ham yashay olmaydi.

AL-QISSA: Tarix ham rost va hamda yolg’onning farzandi. Men rostga, sen yolg’onga otalik qildik. Tarix otalar va bolalar qabristoni….

4 noyabr 1997 yil

DIKTATURANING TOMOShA SAHNASI

Keyingi paytda tanqidlarimiz pastdan turib minoraning teppasiga yoki shamolga qarshi tupurishga o’xshab qolayapti. Masalaning mohiyatiga kirib borayapmiz. Masalan, prezident Oliy majlisda deputatlarga inson haqlari poymoli haqida gapiring, der ekan, ularning lom-mim deyishmaganini bir necha oydan buyon tanqid qilib yuribmiz. Aslida nima uchun gapirishmaganini mohiyatini esa ochmayapmiz.

Ma’lumki, 70 yil hokimiyat sovetlar, ya’ni sho’rolar qo’lida ekanligiga ishontirishdi. Haqiqatda esa, hamma narsa kompartiyaning hukmida, sho’rolar bo’lsa uning sahnaga taqib chiqadigan yuzi, ya’ni maskasi edi. Sovet Ittifoqi parchalangandan keyin bu yuz yirtildi. Tabiiyki, O’zbekistondan boshqa joylarda. O’zbekistonda esa bu yuz qayta ta’mirlandi. Xafif va xushbichim holga keltirildi. Chunki tajribalarga o’rgangan zehniyat yangini qabul qilishdan ko’ra ilgarigisini qo’llashni afzal bildi. To’g’rirog’i, sho’rolar panasida qilich ko’tarib turishning safosidan kecha olmadi. Bunday holda, xavf tug’ilsa, qurbon bo’ladigan bor. Qolaversa, har ishni sho’rolarga ag’darib, panada musicha-yu begunoh bo’lib o’tirishga nima etsin?

O’zbekiston mustaqil bo’lgandan keyin parlament bir qator demokratik qonunlar qabul qildi. Ayniqsa, O’zbekistonniing yangi konstitutsiyasiga juda ko’p o’lkalar havas qilsa bo’ladi. Sho’rolar hokimiyatining afzalligi shunda, qog’ozda hamma narsa bor, amalda esa teskarisi. Sovet ittifoqining 70-yillik tarixi bunga dalil.

Umumiy gaplardan chekinib, aniq misollarga o’taylik. Yangi konstitutsiyaning 11 va 24-chi moddalari asosida bugungi O’zbekiston Oliy majlisi uchun saylov o’tkazildi. Saylovga kommunistik partiya – o’zgargan nomi bilan Xalq demokratik partiyasi, Vatan taraqqiyoti partiyasi, Qoraqalpog’iston respublikasi Oliy kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar sho’rolar kengashi o’z nomzodlarini ko’rsatdi. Ko’rinishidan juda demokratiyaga uyg’un.

Darhaqiqat, har bir saylov okrugidan uch nafardan nomzod ko’rsatildi. Ilgari Sovet Ittifoqi davrida kompartiyaning tashkiliy kadrlar bo’limi nomzodlar ro’yxatini hozirlar, plenum va byuro uni tasdiqlardi.

Oldindan bir qolip tayyorlanib, unga mos tushadigan odam qidirilardi. Yoshi, millati, dini, partiyaviyligi, kasbi oldindan foizma- foiz belgilab qo’yilardi. Millatvakillarning soni majlisdagi o’rindiqlar soniga qarab aniqlanardi.

Moskva Kreml s’ezdlar saroyida besh ming o’rindiq bo’lgani uchun SSSR Oliy kengashi deputatlari besh ming kishi edi. O’zbekistonda esa besh yuz. Yangi konstitutsiyaga binoan 150 nafar deputat saylanishi belgilandi. Viloyat va tuman hokimlari Prezidentga maktub yozdilar: «Biz o’zimiz boshida turmasak, hozirgi murakkab davrda har kimga ishonish qiyin». Shundan keyin raqam 250 qilib o’zgartirildi, ya’ni cho’ponlarga ehtiyoj borligi Prezidentni ham ikkilantirmadi.

Xullas, nomzodlar ko’rsatildi. Chetdan qaragan odam O’zbekiston demokratiya tomon jiddiy odimlar otmokda, deb o’ylardi. Ilgarigi o’yinlardan xabardor bo’lganlar sal bosh qotirsalar sho’rolarning haqiqiy yuzini ko’rardilar. Hokimlarning nomzodi ko’rsatilgan okruglarda ikkinchi va uchinchi kishilarni hatto mahallasida nomi chiqmaganlar tashkil qilardi.

Ayniqsa, rus tilida gaplashadiganlarni parlamentga o’tkazish uchun favqulodda jonbozlik ko’rsatildi. O’zbeklar milliy tuyg’ularga berilib boshqaning o’rniga o’z millatdoshini saylab qo’ymasin deb, bir qator okruglarda faqat rus tilida gaplashadiganlar nomzodi ko’rsatildi.

Masalan, 21-chi Mevazor saylov okrugida viloyat kengashi Mixail Omelnitskiyni, Vatan taraqqiyoti – Ernest Rizaevni, XDP esa Vitaliy Povarovskiyni nomzod qilib ko’rsatdi. Balki bu tasodifdir. Axir uch tashkilot ham bir okrugdan boshqa millat vakilini ko’rsatishi mumkinmi? Tasodif emas, mumkin. 77-chi Karmana okrugida Vladimir Ivanov va Lyudmila Yurikova nomzodlari ko’rsatildi. 80-chi Zarafshon okrugidan esa Aleksandr Klemenko va Nikolay Kucherskiy. 114-chi Qoradaryo okrugidan Aleksandr Kim va Ilya Ten.

Balki bu erda faqat koreyslar yashaydi deb o’ylarsiz, ammo bu okrugda shu ikki koreysdan boshqasini topolmaysiz. Chunki Samarqand viloyatining Kattaqo’rg’on tumani markazi hisoblangan Qoradaryoda asosan o’zbeklar yashaydilar. Xullas, bunday misollar juda ko’p. Ya’ni xalqqa saylov haqqi tanilmadi. U ro’yxatda ko’rsatilgan odamlardan biriga majburan ovoz berdi. E, belgilandimi, ta’minlanishi kerak! Bu komrejim talabi.

Xuddi shu «demokratik» yo’l kasbi, yoshi masalasiga ham qo’llanildi. Artist o’tishi kerakmi, nomzodlar artistlar edi, qozoq o’tishi kerakmi, nomzodlar qozoq edi. Shoir yo yozuvchi o’tishi kerakmi, nomzodlar ijodkorlar. Eng qizig’i, saylovlar ilgarigi kabi bir kunda tugamadi. Demokratiya o’yini davom etdi. Ammo, uch turdan keyin ham xaltadan belgilangan narsa chikdi. Masalan, Qashkadaryodan o’n uch viloyat kengashi nomzodi, besh XDP va bir Vatan taraqqiyoti nomzodi o’tdi.

Samarqanddan esa, o’n etti viloyat kengashi, etti – XDP va bir Vatan taraqqiyoti nomzodi saylandi. Boshqa viloyatlarda ham ko’rsatgich ayni. Ya’ni viloyat kengashi deputatlari 68 foizni, bunday hisob-kitoblardan xabardor va qanday qilib deputat bo’lib qolganini ham biladi.

Ilgarigi parlamentda hukumat yo’liga yurmagan deputatlarni qanday qilib jilovlash muammoga aylangandi. Markaz viloyatlarga bosim o’tkazardi, viloyatlarning qo’lida esa jilov yo’q edi. Demak bu safar ko’pchilik deputatlar partiyalardan saylansalar ikki-uch otasi bo’lgan bolaga o’xshab qolardilar. Otalardan biri hukumatdan norozi bo’lsa, qozon qaynab ketardi. Shu bois qariyb 70 foiz o’rin viloyatlarga berildi. Jilov bir kishining qo’lida, ya’ni viloyat kengashi raisining. Birorta millatvakili bosh ko’tarsa, viloyat hokimi

javob berardi. Uning darhol viloyat kengashini yig’ib, o’z deputatini chaqirib olish huquqi bor. Bu bilan xalqning huzuriga borib, chaqirib olish kampaniyasini o’tkazish o’yinidan ham qutulishdi.

Viloyat kengashi raisi-chi? U hukumatga ishonmay qolsa-chi? Ma’lumki, u hukumat uchun kuch emas, chunki u viloyat hokimi bo’lgani uchun kengashga rais. Hokimni esa prezident tanlaydi va ishdan oladi. Partiyalarda kutilmaganda norozilik tug’ilishi mumkin. Lekin viloyat kengashi o’zgarmas, bir kishining qo’lida. Unga esa «Deputating uchun javob berasan» degan yuk yuklangan.

Xullas, bugungi Oliy majlis deputatlarning qo’rquvi ana shunday ildizga tayanadi. Shu sababdan ularni tanqid qilish befoyda. Qolaversa, ularga ishonib etiksiz qolish hech gap emas. Biz tanqid qilar ekanmiz, so’zimizning kuchini uning mohiyatiga yo’naltirmasak, xalqimizni chalg’itib qo’yamiz. Zotan, bugunga qadar kim aybdoru kim qurbonligini ajratib ololganimiz yo’q.

AL-QISSA: «Xalq – kuchdir!» Agar qo’zg’alsa. Men qo’zg’aldim, Sen esa qo’zg’alishni istamading. Demak, na u yoqlik na bu yoqlik, na kuch va na-da kuchsiz… Muallaqlik!!! Bu dard davosini topgan kuning kuchga aylanasan!

30 iyul 1997 yil