Jahongir Mamatov: “QATAG’ON”

boymirzahayitjm.jpgQATAG’ON
kunlarining tarixi

Tarixni kunba kun, soatma soat yozib bormoq lozim. Aks taqdirda u tarix emas, xotiraga aylanadi.

Men zamondoshimning savollarga aylangan kunlarning (2005 yilning Fevralidan 2006 yilning Fevraliga qadar, oldingilari “ZEHNIYAT JUMBOG’I” va “SAROY SIRLARI” kitoblarida) tarixini imkonim qadar kunba kun yozib borar ekanman, bu ishni siz uchun qildim.

Sizga qolgani uni o’qib, qatag’on kunlarining dahshatini anglashdir. Umid qilamanki, bunga qodirsiz, aziz nevaram!
Muallif.

Birinchi prezidenti bo’lish
uchun tug’ilgan odam

26 Fevral, 2005 yil

SAVOL: Siz bir joyda “O’zbekistonning birinchi prezidenti bo’lish uchun tug’ilgan odam” deb Nazir Rajabov ismini keltirgansiz. Bu odam haqida batafsilroq ma’lumot berishingiz mumkinmi? (Olimjon)

JAVOB: Men Nazir Rajabov haqida ilk bor 1970 yillarning oxiri 1980 yillarning boshida u Buxoroda (u asli romitanlik-JM) yong’inga uchragan bir yirik korxona binosini qayta tiklash loyihasini tayyorlab, SSSR Davlat mukofotini olganda eshitgandim.

Keyin u juda yosh bo’lishiga qaramasdan juda katta vazifalarda ishladi, Qurilish vaziri bo’ldi, Namangan viloyat partiya qo’mitasining birinchi kotibligidan Samarqand viloyat partiya komitetining birinchi kotibligiga o’tkazilganda uni bevosita tanidim. U yangicha fikrlaydigan, tashabbuskor, tinib-tinchimas, adolat tomonida mahkam turadigan, adolatsizlikka chiday olmaydigan bir rahbar edi.

Ilgari Samarqandda xuddi ana shunday bir rahbar bo’lgan-Vladimir Nikolayevich Qodirov. Uni 43 yoshida zaharlab o’ldirishgan.(Bolalar uyidan chiqqan xalqparvar Qodirov haqida yozgan kitobim oshkoralik yillarida “Qishloq haqiqati” gazetasida davomli o’laroq e’lon qilingandi-JM).

Menga Qodirovni eslatgan Nazir Rajabovning taqdiridan ham qo’rqardim. Kommunistik rejim paytida ham xalq tomonida bo’lgan sanoqli rahbarlar yetishgan, lekin ularni tezda yo’qotishgan. O’g’rilar, militsiya, mafiya, hatto partiyaning ichidagilar ham Nazir Rajabovga qarshi edilar.

U adolatpesha rahbar bo’lish bilan birga adabiyotsevar ham edi. Mashrab she’rlarini to’laligicha yoddan biladigan, Navoiy asarlari borasida hammani hayratga solib, lol etadigan bir inson edi. Men yozgan yuzlab feletonlar bo’yicha u tekshirishlar o’tkazdirib, begunoh qamalgan yuzlab odamlarni ozodlikka chiqargan, bukilgan haqiqatni tiklagandi.

Ammo bir kun qo’rqqanim bo’ldi. Viloyat partiya qo’mitasi binosiga kelsam, hamma sarosimada. Ideologiya kotibi Farog’at Shukurovaning xonasiga borsam, u hungrab yig’lab o’tiribdi.

-Nazir akani qo’liga kishan solib olib ketdilar,-dedi u.

Keyin Nazir aka hikoya qilishicha, uni qurilish mashinasining beton qorishtiriladigan qutisi ichiga tashlab, aylantira-aylantira bir joyga olib borib, u yerdan Moskvaga yetkazib, zindonband etishgan.

Unga qo’llanilmagan qiynoqning o’zi qolmagan. “Sport bilan shug’ullanganim jismonan va Navoiy hamda Mashrabni yoddan bilganim ma’nan meni qutqazdi” degan edi u. Qiynoqlardan har kuni husidan ketib, hushiga qaytgan.

Biz Samarqandda “Nazir Rajabovni ozod qilish va o’z ish joyiga tiklash qo’mitasini” tuzdik.

Islom Karimov kelib, uni rosa maqtadi, birga oqiganligi va vatanparvarligini, millatparvarligini, haqiqatni himoya qiluvchi insonligini aytib, “Mana qamoqdan chiqdi, Moskvadan oqlangani haqidagi qog’ozni olib kelishi bilan joyiga tiklaymiz” deya Samarqandda “birinchi”likka Po’lat Abdurahmonovni tayinladi. Nazir aka to’qqiz oy deganda oqlandi. Ammo Karimov so’zida turmadi. Mirsaidov va Jo’rabekovni Samarqanga qayta-qayta yuborib, Nazir aka haqida uni yomon otliq qiladigan targ’ibot yurg’izdi va o’zi kelib yana Abdurahmonovni qayta tayinlab ketdi.

Nazir aka Karimovning qarshiliklariga qaramasdan 1990 yilda O’zbekiston xalq deputati etib saylandi. Ammo Karimov unga nisbatan og’ir zug’umni bir kun ham to’xtatmadi. Uni hatto Buxoroda o’zi ilk bor ishlagan qurilish tashkilotida ham ishlashga qo’ymadi.

Keyin uning Moskvaga ketib qolgani haqida eshittim va bu tashkilotchi hamda adolatsevar odamning bundan so’nggi taqdiri haqida boshqa ma’lumotga ega emasman.

Omon Matchon

26 Fevral, 2005 yil

SAVOL: Omon Matchon haqida bilasizmi? Yaqinda uning quvg’inga uchraganini eshittim, shu rostmi? (Yorqin).

JAVOB: Omon Matchon… men o’zini va ijodini hurmat qilgan, ajoyib, betakror shoir.

Sovet davrida uncha-buncga gapni asarlari orqali ayta olgan ikki adib bo’lsa, biri Evril Turon va ikkinchisi Omon Matchon deb bilaman.
1970 yillarning boshida bir kuni talabalar shaharchasidagi madaniyat saroyiga borsam, yosh shoir Omon Matchon bilan uchrasuv bo’layotgan ekan. Uning she’r o’qishi o’ziga xos va jozibali edi. Meni qoyil qoldirgan yana bir narsa u ikki soat davomida to’xtamasdan sh’erlarini yoddan aytib berdi. Har bir she’rdan keyin xuddi bu sohildan u sohilga o’tgan kabi qo’lini bir aylantirib olardi-da davom etaverardi. Oxirida esa bir dostonini yoddan aytib berdi.

Uning she’rlari chuqur falsafiy, ayni paytda xalq dardini tashigan og’ir va hazin edi. Keyinchalik tanishdk, uyida ham bo’lganman. Inson sifatida ham juda kamtar va ko’ngli ochiq odam.

-Negadir ichkilik menga yoqmayapti, allergiya qilayapti, ichsam yuzim qizarib, bir narsalar toshmoqda,-derdiyu piyolani ko’tarib yuborardi.

1990 yillar boshida bir kun televizorda paxtakorlarga bag’ishlangan dasturda chiqib gapirdi. Uning “Paxta bu siyosiy qurol” degan gapi Karimovga yoqib qolibdi, u hamma joyda shu gapni takrorlab yurdi va Omon Matchonni saroyga ishga oldi. U saroy uchun begona odam edi. Qachon ko’rmayin boshini quyi solgancha, xayolga botib, kabinetiga xuddi begona ayolga qaraganday savolomuz tikilib o’tirgan bo’lardi. Har holda bir yangi sh’er haqida o’ylayotgan bo’lardi.

Gapirishda xorazmcha shevani juda chiroyli qilib ishlatishi va rahbarlarga har kuni “paxta” qo’yib turishni bilmasligi, turli o’yinlarning ichiga kirib keta olmasligi, she’rlariga baribir dardni singdirishi uni saroyga begona tutardi.
Haqiqiy ma’nodagi shoir kimlarningdir ko’ngliga qarab gap to’qimaydi, dilida borini aytadi, bu esa kimgadir yoqishi yoki kimgadir yoqmasligi mumkin, uning uchun farqi yo’q.

Shu bois Omon Matchonning ba’zi gaplari Karimovga va boshqalarga yoqqan, ba’zilari esa yoqmagan bo’lishi turgan gap. Yoqqanida siylab, yoqmaganida quvg’in qilish esa zulmdorlarga xos. Umri goho shodlikda, goho quvg’inda o’tish esa shoirning qismati.

Ha, bugun Omon Matchonga ola ko’z bilan qaralayotgan kunlar… Bu unga qaysidir ma’noda yomon va qaysi bir ma’noda yaxshi. Chunki dardli she’rlar, dardli kunlarda tug’iladi, deydilar. Yaqin orada uning xalq dardini yelkasiga yuklagan yangi asarlarini yana o’qib yoki yana eshitib qolsak, ajabmas?!

Nima degandim?

28 Fevral, 2005 yil

SAVOL: “Ozodlik” radiosining bugungi, men doim eshitib boradigan “Qurultoy” dasturida jurnalist Ismat Xushev “Jahongir Mamatovga o’xshab vaqtida bu odamning (Islom Karimovning) yuziga kimligini aytib, mamlakatni tark eta olmadik. Buning uchun ham odam juda kuchli, irodali, jasoratli bo’lishi kerak ekan, nazarimda” dedi. Nima deb ketganingiz haqida ma’lumot berishingiz mumkinmi? (Odil).

JAVOB: Tabiiyki, Islom Karimovning zolim ekanligini uning ko’ziga tik qarab aytish oson emas edi. Buni Shovruq Ro’zimurodov, Toyiba To’laganova, Murod Jo’raev, Samandar Qo’qonov, Meli Qobulov, Shuhrat Nusratov kabi deputatlar aytishga o’zlarida jasorat topa olgandilar. Lekin ularning aksariyatini mudhish kunlar, quvg’in, qatl, qamoq qarshiladi.

Endi mening nima deganimga kelsak, buning uchun “IAK” hujjatli romani bilan tanishib chiqsangiz, har holda savolingizga javob topishingiz mumkin. Shuningdek, “QUVG’IN” romanida ham bu haqda batafsil to’xtalingan.

Avropadagi O’zbekistonlik O’zbekka

28 Fevral, 2005 yil

SAVOLLAR VA JAVOBLAR: O’tgan safargi savolimga kichik bir o’zgartish kiritmoqchiman, u erda “Yevropalik O’zbek” deyilgan, aslida men Yevropalik O’zbek emas, O’zbekistonlik O’zbekman va hozirda Yevropadaman, xullas:

BIRINCHI SAVOL:
-Men ilgari bir savolimda chet ellik Investorlar haqida qisqa gap ochgan edim va berilgan javobdan qoniqmadim, balki savol umumiy bo’lganligi uchun qisqagina umumiy javob berilgandir. Shu uchun yana shu masalaga qaytaman. Hammani esida bo’lsa kerak, mustaqillikdan keyin 1992-94 yillarda O’zbekistonda chet el Firmalarini har bir shaharda topish mumkin edi, jumladan Samarqandning o’zida bir nechta Germaniya firmalari ochilib ish boshlagan edi.

Siz yuqori davralarga ko’p aralashgansiz va balki shular haqida aniq ma’limotlar bilarsiz:

-chet el Investorlarini O’zbekistonga taklif qilish qay tarzda amalga oshiriladi va ularga qanaqangi shartlar qo’yiladi?

-keyingi paytlarda chet el Investorlarining o’lkamizga kirishdan cho’chib qolganliklarini sababi nimada?

-aksariyat chet el Firmalari nima uchun O’zbekistonni tark etishga majbur bo’lishdi?

-o’lkamizda arzon ish kuchidan foydalanib yuqori sifatli mahsulot chiqara olgan firmalar uchun o’z mahsulotlarini chet elga O’zbekistondan turib export qilish qulay emasmi?

-balki mahsulotni ishlab chiqarish arzonga tushgani bilan, uni boshqa davlatlarga, masalan Yevropa va Amerikaga olib borib, sotish qimmatga tushayotgandir, shu uchun Islom Karimov kuyib-pishib dengizga chiqishimiz kerak deb jar solar?

JAVOB: Bitta savolingizning ichida yana bir qancha savol bor va har biriga javob berish uchun kamida bittadan kitob yozishga to’g’ri keladi. Lekin savollaringiz favqulodda muhim bo’lgani bois muxtasar tarzda bo’lsada javob berishga harakat qilaman.

O’zbekistonda chetdan erkin investitsiya kelishi uchun hech qachon qulay sharoit bo’lmagan. Agar shunday sharoit bo’lganda vaziyat bugungidek ayanchli nuqtaga yetib kelmas edi.
Ha, endi 1990 yillarning boshida chet ellik shirkatlar ko’p edi-ku, degan gapga kelsak, bunday vaqtinchalik ”mehmon”lar hozir ham kelib-ketib yuribdilar.

Yaqinda bir tanishim “Turkmanboshini yomonlar edingiz, mana uning “Ruhnoma”sini Olmon tiliga ham tarjima qilishibdi” deb qoldi. Demak, qaysi bir shirkatlar Turkmanistonga borib, qandaydir ish qilishmoqchi. Kitob esa diktatorning sandig’iga “kalit”. Ammo bu vaqtinchalik ekanini ko’p biznesmenlar tushunmaydilar yoki kech tushunadilar. Balki tushunsalar ham “Ishimni bitirib, eshagimni loydan chiqarib, keyin ketaman” deydilar. Vaholanki, diktatorlarning xotirasi unutuvchan, ayniqisa, “hadyalar” masalasida.

Men Istanbulda “Turkiya” gazetasida ishlaganimda (1994-1998) “Nurchilar” deb tanilgan va Fathulloh Gulan guruhining bir vakili, yozuvchi Yovuz Qilich bizning gazetaga ham maqola yozar edi. U deyarli har kuni Karimovni maqtab yoza boshladi. Men u bilan uchrashib, bu qilayotgan ishi xatoligini va Turkiya jamoatchiligini chalg’itayotganini, dindor birodari qamalganiga ko’z yumib, Karimovga qulluq qilayotganini aytdim. U esa:

-Sizlar yosh va qiziqqonsizlar,-dedi.-Biz O’zbekistonda litseylar ochmoqdamiz. Bu esa yoshlar nafaqat ingliz tilini o’rganishlari, balki umumiy tilimiz bo’lgan turk tilini keng yoyish, o’rta turk tilini yaratish va O’zbekistonni yuksaltirish uchun xizmat qiladi. Karimov esa tentak. Uni bir-ikki maqtov bilan aldash mumkin ekan, ulug’ maqsad yo’lida bunday “gunoh’ qilish kechirilishi haqida hadislar ham bor..,-deb ancha vaaz o’qidi.

Men unga:
-Bu vaqtinchalik va bir kuni diktatorga bir narsa yoqmay qolsa, qurgan qo’rg’oningizni yer bilan yakson qiladi,-dedim.
-Karimov ketadi, lekin bizning ishimiz qoladi,-deya u va televizorda ham Karimov haqida hujjatli filmlar namoyish etdi.
Ammo bir necha yildan keyin men aytgan narsa bo’ldi va Yovuz Qilich hozir Karimovni yomonlab yozib yuribdi.

Karimovni hadyalar, maqtovlar, doktorlik unvonlari bilan aldab biznes boshlaganlarning ko’plari ketib qolib, yangilari kelmoqda. Bundan xalq yutayotgani yo’q, balki yutqazmoqda. Xuddi yopib tashlangan Turk litseylaridagi o’quvchilarning aksariyati ikki yo’l orasida qolganlari kabi.

O’zbekiston xalqaro biznes uchun katta imkoniyatlarga ega bo’lgan joy. Lekin o’z xalqining qo’shni mamlakatlarga borib-kelib, biznes qilishini cheklab qo’ygan rejim chetdan kelayotganlar uchun qanday kafolat berishi mumkin?
Xullas, bu yerda Karimov uchun ikkita “jiddiy” masala mavjud.

Birinchisi, “Xalq menga qaram bo’lishi kerak, qorni to’ysa quloq solmay qo’yadi”, deb o’zi yaratgan “falsafa”ga juda va juda ishonadi.

Ikkinchisi esa, “Chetdan kelayotganlar xalqqa ta’sir qilishlari mumkin va rejim xavf ostida qoladi”, degan fikrga ega.
Ana shu ikki illatdan qutulmaguncha, O’zbekistonda hech narsa o’zgarmaydi. Bunga o’tgan 15 yil hujjatdir!

Dengizga chiqaylik, biznesga sharoit qilaylik kabi chaqiriq-baqiriqlar 15 yildan beri aytiladi 1996 yilda Qozog’iston dengizga chiqish uchun port qurishga rozilik berganda, Karimov buni senga qaram bo’lib qolaman-mi, deganday qabul qilmagandi. Shundan beri dengizga Eron orqali chiqish haqida gapirib kelmoqda. Qozog’istonga ishonmagan qo’rqoq diktator tahlika bo’rtib turgan Eronga ishonarmidi?

Xullas, o’zidan boshqa narsani o’ylamaydigan Karimov rejimi o’zgarmasa, O’zbekistonda hech narsa o’zgarmaydi. Bukrini go’r tuzatadi, deb bekorga aytmaganlar. O’zbekiston bugun O’rta Osiyodagi eng qoloq mamlakatga aylandi. Yaqin orada hatto Afg’oniston rivojlanib ketadi. Agar rejim o’zgarmasa O’zbekiston iqtisodiy qorong’u o’lka sifatida qolaverishi turgan gap.

IKKINCHI SAVOL:
-Siz Samarqandliksiz va albatta hamshaharlaringizni yaqindan bilsangiz kerak. Samarqand Davlat Chet Tillar Instituti Rektori Yusuf Abdullaevning Moskvadan elchilikdan qaytib kelish sabablarini aniq bilasizmi? Uning o’z atrofiga tanish-bilishlarini yiqqanligi to’g’risidagi gap-suzlar qanchalik haqiqatga yaqin. Abdullaevning Rektorlikdan chetlatilishi va Koreaga qochib ketishi haqida nimalarni bilasiz?

JAVOB: Yusuf Ne’matovich Abdullayevni juda yaqindan bo’lmasa ham, tanir edim. U haqda ilgari bir narsa yozgan ham edim. Shu narsa aniq-ki u Karimovga astoydil xizmat qildi, ayniqsa, O’zbekistonning Moskvadagi vakili bo’lgan paytda. U Karimov “topgan” va Karimovning o’zi “yo’qotgan” diktatura mashinasining minglab “gayka”laridan biri edi. Shu bois uning shaxsi va keyingi taqdiriga qiziqqanim yo’q. Bunga ehtiyoj ham bo’lmagandi.

UCHINCHI SAVOL:
-Shu saytga kiradigan insonlar hammasi ancha keng fikrlaydigan insonlar ko’rinadi, shu insonlarning hammasi, shular jumlasidan Jahongir Muhammad ham, kelajakda vatanga qaytish va xalqqa chin dildan xizmat qilish niyatlari bormi?

JAVOB: Bu haqda “Zehniyat jumbog’i” va “Oqsaroy sirlari” kitoblarida batafsil javoblar mavjud. Shu bois mavzuga yana va yana qaytmaganim uchun uzr.

TO’RTINCHI SAVOL:
-Jahongir aka, agar siz kelajakda vatanga qaytadigan bo’lsangiz, xoxlaysizmi yo’qmi bu saytda ismlari tilga olingan juda ko’plab insonlar bilan birga ishlashingizga to’g’ri keladi. “O’zbekchilik” degan gap bor, shu insonlarga “Hammalaringni oshkora tanqid qilishga majbur edim, endi uzr” deysizmi yoki “G’arbdagi singari “Bu demokratiya, hammasi bo’lgan gaplar, bundan o’zimni noqulay his qilishga hecham o’rin yo’q” degan bo’larmidingiz?

JAVOB: Ikkinchi yo’lni tanlagan bo’lardim. Umuman esa, menda bir odamni tanqid qildingmi u bilan bir umrga dushman bo’lib qolish, degan illatga qarshi tuyg’u bor. Masalan, Karimovni 15 yildan beri tanqid qilib kelayapman, lekin uni maqtashim ham mumkin. Yaqinda Nazarboyev “Markaziy Osiyo ittifoqini tuzaylik” degan bir gapni aytdi. Karimov tomoni o’ylab ko’rish kerak, dedi. Agar Karimov darhol bayroqni qo’lga olib, prezidentlarni Toshkentga chaqirsa va erkin bordi-keldi, pul va armiya birligi kabi masalalarda qaror qabul qilishda, amaliy odim otishda (Masalan, o’zi borib chegaradagi sim-to’rlarni kesib tashlashni boshlatsa-JM) tashabbuskorlik qilsa, men uni maqtagan bo’lardim, hatto 15 yildan keyin bo’lsada aqli joyiga tushdi, deya “offarin” degan bo’lardim unga.

Yoki Zokir Almatov ertaga chiqib, “Jonimga tegdi, bugunga qadar Karimovning buyruqlarini bajaraverib tirnoqlarimga qadar qonga botdim, mana o’z ixtiyorim bilan barcha siyosiy mahbuslarni chiqarib yubordim, bechora xalqni qiynayverib, o’zim ham qiynalib ketdim, bundan keyin bu odamning aytganlarini qilmayman, ayblarim uchun adolat oldida javob berishga tayyorman” desa, “Offarin o’g’il bola ekansiz-ku!” deya uni ham maqtashim mumkin.

Xuddi shunday Inoyatov ham ertaga Karimov o’lgandan keyin emas, hozir chiqib uning basharasini ochib tashlasa va o’z qunohlariga iqror bo’lsa, uning sha’niga ham iliq gaplar aytishim mumkin.

Yoki Muhammad Solih chiqib, bugunga qadar O’zbek muxolifati oyoq osti bo’lib ketishida, Karimov mansabda qolishida mening ham katta ayblarim bor, birlashish yo’lini emas, tarqoqlik yo’lini tanladim, oxir oqibatda partiyani parchalab yuborib, yo’q partiyaga “lider” bo’lib o’tiribman, Karimovga o’xshab maqomim muddatini uzaytirishning turli yo’llarini qidirib, vaqtni behudaga o’tkazib yubordim, o’zimni targ’ib qilishdan boshqa narsani o’ylamadim, desa, unga ham “Qoyil qoldim” degan bo’lardim va hokazo.

Bu bilan demoqchiman-ki, bir odamning har qancha yomon tomonlari bo’lishi bilan birga, uning yaxshi tomonlari ham o’rtaga chiqqanda uni ko’ra olish kerak. Ayni paytda har qanday yaxshi odamning ham yomon tomonlari ko’ringanda undan ham ko’z yummasllik shart. Bu men uchun hayotiy qoida. Buni kimdir meni yoqtirishi va yoki yoqtirmasligi, “o’zbekchilik” yoki “qozoqchilik”… uchun emas balki, shunday qilish kerak, deb hisoblaganim uchun qilaman.

Jinoyat va jazo

1 Mart, 2005 yil

SAVOL:”Poraxo’rlikni Ozbeksitonda juda ham ildiz otgani va bu jamiyatni isloh qilishda qanday yo’l tutish mumkin” degan savolga “demoktratiya yo’li bilan” degan ma’nodagi javobni qilgan edingiz…Mening savolim shuki, kuch ishlatish salohiyatiga ega bo’lgan tashkilotlar o’zbek xalqining hozirgi kundagi ikkinchi bir katta muammosi, musibati…

Bu tashkilotlar o’g’rilar bilan til biriktirib oddiy dehqonlarni bozorda talashdan tortib, ko’chada ketayotgan oddiy ayol-qizlarni o’g’irlab, zo’rlashgacha bo’lgan har qanaqa jinoyatlardan tap tortmaydigan bo’lib qolishdi…

Bu tashkilotlar ularga bunaqa sharoit yaratib bergan Hukumatni o’zgarmasligi uchun iloji boricha harakat qilishsa kerak?

Mabodo o’zgargan taqdirda ham shuncha sonli jinoyatchilarni qisqa vaqtda qanaqa qilib tartibga solish mumkin?

Ular o’zlarining parazitlarcha hayotini saqlab qolish uchun yangi Hukumatga ham ancha qarshilik qilishsa kerak?

Vaqti-soati kelib, balki bu ishlarga bosh-qosh bo’lganlar jazolanar, lekin bu Organlarda jinoyat qilish oddiy xodimlargacha odat bo’lib qolayapti… Jazo xuddi shu oddiy xodimlarga ham beriladimi?? (Polvon, 2005, 1 Mart).

JAVOB: Bilasizmi, tabiatda, umuman borliqda tozalash, tozalanish qonuniyati mavjud. Dengiz va ummon vaqti-vaqti bilan axlatlarni sohilga olib chiqib tashlaydi. Xuddi shunday hayvonlarda ham mavjud bu narsa. Odam ham vujudidagi axlatni vaqti-vaqti bilan chiqarib tashlaydi va bu uning ixtiyoridan tashqarida, istasa ham, istamasa ham chiqarib tashlaydi, bu umumiy qonuniyat.

Ana shu qonuniyat jamiyatda ham mavjud. Dinlarning kelish paytlarini o’rgansangiz yoki rejimlarning o’zgarish davrlari bunga bir misol. Jamiyat ma’lum bir nuqtaga qadar chidaydi va so’ngra axlatini chiqarib tashlashga majbur bo’ladi.
Bugun O’zbekistondagi jamiyatning ham qorni buramoqda. Ammo Karimov rejimi uni chidashga majburlamoqda. Lekin bu ma’lum bir muddatga mumkin. Keyin yo o’zi yugurib qoladi, yoki ahvoli bad bo’ladi, yoki chetdan yordamga muhtoj qoladi va hokazo.

Ana shundan keyin yangi bir davr boshlanadi. Bu esa qoidalarga rioya qilish davri. Nima uchun bunday vaziyatga tushib qolingani, qaysi ovqatlar zarar qilgani va normal hayot uchun qaysi taomlarning foydasi haqida o’ylanganidek, jamiyatda ham qonunlar hukmronligi, hammaning qonunlar oldida barobarligi kabi qadriyatlar ustivor bo’ladi.

Jazo berilishi kerak bo’lganda esa, jinoyat qilgan odamning, oddiy xodim bo’ladimi, prezident bo’ladimi farqi qolmaydi. Agar bu odamlar jamiyatning axlatiga, chiqindisiga aylangan bo’lsalar, jamiyatning o’zi ulardan qutuladi.

Boshqa yo’l esa… Bugungi zamonaviy texnologiya axlatlarni o’g’it holida yoki tozalangan suv tarzida foydali ishga yo’naltirayotgani kabi jamiyat turli yo’llar topishi mumkin. Buning uchun yana ilgarigi javobimga qaytaman, oldin demokratiya tuzumi yaratilishi, hokimiyat xalqning qo’liga o’tishi va boshqaruv bevosita xalq tomonidan amalga oshirilishi kerak. O’shanda jamiyatning “qorni og’rib” qolganda uning yo’lini to’sib turgan “devor”lar bo’lmaydi.

Yaxshi gap yo’qmi?

2 Mart, 2005 yil
SAVOL: Sahifangizdagi savol-javob bo`limini deyarli har kuni o`qib boraman. Lekin shu kungacha President Islom Karimov haqida biror bir yaxshi tarafini yoki yaxshilab yozgan sifatlarini uchratmadim Nahotki u odamda biror bir yaxshi sifatar bo`lmasa? Agar bo`lsa, ular qaysilar? Oldindan katta rahmat.(Nodirbek)

JAVOB: Istagan O’zbek matbuoti va kitoblarini qo’lga olsangiz, Karimov haqida maqtovdan boshqa narsa topa olmaysiz. Hamma uning “yaxshi sifatlari”dan gapiradi. Shunday ekan taqqoslaganda bizniki ummon oldida qatradir.

“Har kuni o’qib boraman” degan gapingizga uncha qo’shilmayman. Chunki ilgari ham xuddi shunday savolga javob qilgandim.
Endi mening ham sizga bir necha savolim bor, Nodirbek!
Siz balki mening ham o’sha maddohlar safiga qo’shilishimni istamoqdamisiz?

Bugunga qadar maqtovlar bilan to’la matbuotdan, yozuvlardan bezmadingizmi?
Agar chetda bo’lsangiz, o’sha maqtov-yozuvlarga o’rganib qolib, endi qo’msamoqdamisiz?

Shaytonning qanday yaxshi sifatlari bo’ladi?
Bu og’ir tuyulgan, ammo oddiygina savollarga javob bersangiz oldindan katta rahmat.

Bekitilgan kitob

3 Mart, 2005 yil

SAVOL: Men kunda saytingizga kirib yangiliklarni ko’rib boraman, bo’sh vaqtimga qarab romanlar, maqola va she’rlaringizni o’qib boraman. Yozilganlarning sanasiga e’tiborimni qaratsam bundan qariyb 10 yil oldin ham xalqni hozirdagidek kurashga da’vat etkansiz, imkon doirasida hukumatning haqiqiy basharasini ochib berishga harakat qilgansiz. Ko’rib turibsizki, xalq hanuz jim, hukumat o’sha-o’sha. Shuncha yildan beri qanday ma’naviy kuch topa olyapsiz bu kurash uchun?

Keyingi savolim boshqa mavzuda. Yaqinda M.Solih janoblarining saytida unga qilingan suiqasdni fos qiluvchi materiallarni o’qidim, video tarzida ko’rdim ham. Bu haqda sizning fikringiz qanday? Bunday suiqasdlar sizga nisbatan ham bo’lganmi? (Bahrom, 2005 yil, 3 Mart).

JAVOB: Siz qiziqqan barcha masalalar borasida bugunga qadar yozganlarimda qisman bo’lsada javoblar mavjud. Jumladan, sabr haqida ham, suiqasdlar haqida ham…

Endi siz aytgan janobning sahifasidagi “fosh qiluvchi materiallar” masalasiga kelsak, o’sha gaplar chiqqan kunlarda menda juda jiddiy savollar tug’ilgan va bu savollarga o’sha payt javob topolmagan edim. Keyin “Bular umrini bir-birini “yeyish” bilan o’tkazmoqda” degan gaplarga zamin yaratmaslik uchun bu “kitob”ni bekitgandim. Chunki undan ancha muhimroq mavzular bor edi.

Qo’zg’olonlar bo’lishi mumkin…

3 Mart, 2005 yil

SAVOL: Bu savolni qachondan beri o’zim-o’zimga aytamanu, lekin javobini topolmayman, agar siz menga ayta olasangiz juda xursand bo’lardim. Nimaga O’zbek xalqi shuncha qatiq vaziyatiga chidab, hatto namoyishga chiqmaydi? Shu vaqtgacha O’zbekistonda vaziyat uchun namoyish bo’lishini istardim. Bilmayman, namoyishlar hayotni o’zgarishiga yordam bera oladimi yo yo’qmi, buni fikrlaganim yo’q. Ammo bilamanki, Eron xalqi juda ko’p namoyishlar qilib vaziyatlarini kam bo’lsa ham o’zgartirib olmoqdalarku? Hurmat bilan Olmoniyadan (Manzura).

JAVOB: Siz Eron qattiq zulm ostida bo’lishiga qaramasdan xalq namoyishlarga chiqmoqdaku, demoqchisiz va O’zbekistondagi diktaturaning qiyosini yaxshi topgansiz.

O’zbekistonda ham xalq namoyishlarga tayyor va turli sabablar bilan ba’zan-ba’zan chiqib turibdi. Men ilgari vodiydagi qo’zg’olonlar haqida yozganimda aytganim kabi ularni siyosiy tomonga yo’naltiradigan va boshqaradigan kuch yo’q.
Eronda esa shunday kuch, muxolif liderlar, muxolif harakatlar bor. Qolaversa, ularni dunyoning ko’p tomonida dastaklaydigan demokratik kuchlar ham mavjud.
Bizning muxolifatni ham ko’p yillar davomida qo’llab kelishdi. Ammo o’zini muxolifat lideriman, deb yurgan zotlar vaziyatni shu ahvolga qadar tushirdilarki, shu kunga qadar yetib keldirki, ulardan mana Amerika ham yuz burdi va Davlat departamentining kongresga taqdim etiladigan yillik xalqaro hisobotida ularni “ixtiyoriy qochoqlar”deb e’lon qildi.

Zotan keyingi paytda xalq ularga ergashmasligi ham ko’rinib qoldi. Ular uyushtirgan namoyishlarga eng ko’pi bilan 10 kishi chiqdi va uning ham yarmi xalqaro jamoatchi muxbirlar edi. Ahvol hamin qadar.

Xullas, hali ommaviy ravishdagi siyosiy namoyishlarga qadar ancha borga o’xshaydi. Stixiyali namoyish va qo’zg’olonlar bo’lishi mumkin, ammo ular siyosiy darajaga ko’tarilishi va ko’pchilk kutgan natijani berishi dargumon.

O`zbekiston mafiyasi

3 Mart, 2005 yil.

SAVOL: O`zbekiston “mafiya”si haqida fikringiz? Ular haqida nimalar bilasiz!? Jumladan, Salim Abduvaliev va G`ofur Rahimov haqida fikringiz qanday? Oldindan katta rahmat. (Nodir).

JAVOB: Ular haqida juda kam bilaman. Bilganlarim dunyo matbuotida chiqqqan narsalar va o’zim “Quvg’in” hamda “IAK” romanlarimda yozilgan gaplardir.
Ammo shuni aniq bilamanki, O’zbekiston hukumati mafiyaning qo’lida va bu transformatsiya 1990 yillarning boshida boshlangan.
Mafiya otasi-“Gadfazer”(Godfather) esa Islom Karimovning o’zlaridir. Mafiya onasi-Gadmazer (Godmother) esa otaning qizlari Gulnora Karimovadir.
“Gadfazer” va “Gadmazer” haqida yozayotganlarimiz mafiya haqida bilganlarimizdir.

Mudofaachi

4 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Faraz qiling, futbol maydonidasiz, o’zingizni hujumchi deb bilasizmi yoki mudofaachimmi? (Alisher).

JAVOB: Men bugunga qadar hech qachon hujumchilik qilib, oldindan hujumga o’tganim yo’q. Hatto Karimovdan ham dastlab yaxshilik izlaganman. Qolganlardan ham. Lekin ular menga, mening atrofimdagilarga, bechoralarga hujum qilganlarini ko’rganimda mudofaaga kirishganman. Demak men hujumchi emas, mudofaachiman. Lekin yaxshi mudofaachi yaxshi hujumchidan ustun kelishi muqarrardir, degan falsafam bor.

Kamchiliklarim

5 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Har bir insonni yaxshi, yomon tomonlari va kamchiliklari bo’ladi, debsiz? Siznikichi? (Yorqin,.

JAVOB: Meniki mendan ko’ra sizga ko’proq ayon. Siz baho bering, men o’zim yaxshi degan tomonlarim sizga yomon ko’rinishi va yomon degan tomonlarim yaxshi tuyulishi ham mumkin.

Ammo yomon tomonlarim yo’q, degan fikrdan olisdaman. Faqat Parvardigorning yomon tomonlari yo’q. Bandalari esa yaxshi va yomon o’rtasida. Goho u tomonda, goho bu tomonda.

Buni baholash yana birinchi galda yaratganning o’ziga va ikkinchi galda atrofdagilarga, undan keyingina kishining o’ziga bog’liq.

Men mana shu tomonim yomon, degan fikrga kelsam, darhol shuni isloh qilishga kirishaman. Masalan, yoshligimda, talabalik davrida gina saqlaydigan odatim bor edi. Keyin Tangri kechiruvchan, men nega kechirmayin, deya hammani kechiradigan bo’ldim. U holda ham, bu holda ham, goh yutqazib, goh yutdim.

Ba’zilar meni cho’rtkesar, deyishadi, ba’zilar tanqidning tuzini oshiradigan, deyishadi, yana ba’zilar o’zlarida bo’lgan aybni menda ko’radilar.

Demak, ularning nazdida yomon tomonlarim ham bop va shu haqda ham o’ylab ko’rishga to’g’ri keladi, ba’zan.

Lekin dilimdagini ochiq ayta olmasam menga bundan ortiq azob yo’q. Shu bois mendan faqat ana shu narsani tuzatish talab qilinsa, buni qabul qila olmayman. Balki sizning nazdingizda bu ham yomon tomonimdur? Mening nazdimda esa aksi. Shunaqa, kimnidir men tanqid qilaman, siz esa maqtaysiz, birovni men maqtasam, siz esa tanqid qilishingiz mumkin…

Bobomurod Abdullayev

6 Mart, 2005 yil.

SAVOL: “Ozod Ovoz” tashkiloti mudiri Bobomurod Abdullaev haqida bilasizmi? Oygul Mamatovaning “Prezident soatini sotaman” nomli maqolasini chiqarganidan sal o’tmasdan shunga javoban yana bir maqola chiqardi. Ikkinchi maqola “maxsus” yozdirilgani ko’rinib turgandi. Qolaversa, uning qilmishlaridan Yusuf Juma ham “Millat fojeasi”da noligan, “provakator”likda ayblagan edi. Siz shu “mard jurnalist” haqida nimalar bilasiz? (O’zbek).

JAVOB: Ko’p narsa bilmayman. Faqat ikki-uch marta telefonda gaplashganmiz. Ammo nima bo’lganda ham veb sahifa yaratib, yaxshimi, yomonmi bir ish qilmoqda. Bu ham har kimning qo’lidan kelavermaydi.
Albatta, erkin minbarda har xil narsalar chiqadi. Masalan, o’sha Oygul Mamatova haqida yozilgan haqoratomuz maqola menga ham yoqmagandi. Lekin bu bilan shu sahifadan yuz o’girganim yo’q.
Qolaversa, uning o’zining bir tomonlama qarashlari ham bo’lishi mumkin. Bu ham chidasa bo’ladigan narsa. Bugun kim ham markazda? Hamma ham qaysi bir tomonda. Yo diktatura, yo demokratiya, yo falonchi, yo pistonchi, yo grantchi, yo xalq tomonida, deganday.
Ammo “Ozod ovoz”da yaxshi narsalar ham chiqayotganidan ko’z yumsak to’g’ri bo’lmaydi.
Bobomurod Abdullayevning shaxsiga kelganda, yaqindan tanimagan, uchrashib, suhbatlashib ko’rmagan odamning el nazdidagi faoliyati haqida bir narsa aytishim mumkin, ammo shaxsi haqida bir narsa ayta olmayman.
Men bugunga qadar o’zim bevosita taniganlar haqida yozmoqdaman. Voqealar va taniganlarimning faoliyatlariga nisbatan o’z shaxsiy qarashlarimni bayon qilmoqdaman va bu narsa mutloq haq, qolgan narsalar haq emas, degan fikrdan yiroqdaman.
Bir yosh jurnalist kimning bir narsasini o’qib qolsa, “Namuncha bu betamiz hamma narsa haqida fikr bildiradi, nima u expertmi?” deya jahl qilardi. Hamma narsa haqida o’z qarashlarimizni ayta olish darajasiga yetsak, demak biz mustaqil va demokratmiz. Bu endi boshqa mavzu.

Menga xat yozadigan…

6 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Bir necha kun oldin siz Nodibek degan o’quvchining Karimovni faqat tanqid qilasiz, uning birorta ham yaxshi tomoni yo’qmi, degan savoliga javob sifatida unga bir qancha savol bergan edingiz. Shu o’quvchi javob berdimi yoki…? Chunki siz uning boshqa bir savoliga javob berganingizni ko’rib qoldim-da.(Yusuf).

JAVOB: Menga xat yozadigan juda ko’p o’quvchilarni uch guruhga bo’lish mumkin.

1.Aniq ismlari ko’rsatilmagan adresdan yozadiganlar. 2.Ism-shariflari aniq bo’lgan holda buni oshkor etmaslikni iltimos qiladiganlar.

3.Nomlarini ochiq yozib, hech narsani yashirmaydiganlar.

Men har uchchala guruhga kirganlarni ham tushunaman va tanlovlarini hurmat qilaman. Ularga nisbatan Toshkent rejimining soyasi tushmasin, degan maqsadda aniq nomlari va adreslarini qo’yganlarning ham faqat ismlarinigina keltirish bilan kifoyalanaman. Chunki bu yerda muhim bo’lgani savoldir.
Biz savol-javob orqali bahsga, dardlarimiz, muammolarimizni madaniyatli tarzda tortishishga o’rganmoqdamiz. Shu nuqtai nazardan ham men vaqtim tig’iz bo’lishiga qaramasdan aksariyat savollarni yo bu yerda javoblantirishga, yoki ikki enlik bo’lsada xat yozib yuborishga, yoki ba’zi satrlarini “Xatlar” bo’limiga qoyib, e’tuborsiz qoldirmaslikka harakat qilmoqdaman.

Endi mavzuga qaytadigan bo’lsak, Nodirbek ismi va adresini yashirmagan o’quvchilar sirasiga kiradi. U men bergan savollarga darhol javob yo’llagan edi. Bu esa uning mas’uliyli, jiddiy ekanligini hamda el dardiga befarq emasligini ko’rsatadi. Mana uning javobi:
“Assalomu alaykum,

Men u kishi haqida (Karimov nazarda tutilmoqda-JM) maqtovlar bitilgan maqolalaru, yoki TV ko’rsatuvlarni qo’msaganim ham, yoki sog’inganim ham yo’,q. Bu dunyoda hech kim shayton ham farishta ham bo’lolmas, ya’ni hech kim – begunoh yoki bir faqat gunohkor bo’lmaydi, deb oylayman. Umrida faqat odam o’ldirib, odamlarga zulmdan boshqa narsa qilmagan inson ham umrida 1 marotaba bo’lsa ham yaxshilik qila oladi, deb o’ylayman. (Bu mening shaxsiy fikrim, albatta). Shu fikrimga tayanib, va sizning u kishini mendan ko’ra yaxshiroq bilganingiz uchun – maqtovlar bitilgan maqolalar emas, aynan sizning – fikringizni, u haqida bildirgan haqiqiy fikringizni bilmoqchi edim, xolos. Nodirbek”.

Bu javob meni juda xursand qildi. Chunki bir o’zbek o’z fikri, o’z qarashini ochiq oydin o’rtaga qo’ymoqda va himoya qilmoqda. Bu fikr balki to’g’ridir va balki xatodir. Gap bunda emas. Gap shundaki, o’rtada fikr bor.

Yana uning “IAK” hujjatli romaniga nazar tashlab, mening u ko’targan masala borasidagi fikrimni ham bilib olganiga shubham yo’q.

Presidentlikka nomzod

6 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Hozirgi kunda kimni prezidentlikka loyiq deb hisoblay olasiz?(Yorqin).

JAVOB:Gap mening falonchi “loyiq” deyishimda emas. Gap shundaki, partiya, harakatlar ichida va umum mamlakatda erkin saylovlar bo’lishi, o’nlab, balki undan ham ko’p nomzodlar chiqib, dasturlari bilan bizni ishontirishlari, xalqni o’z ortlaridan ergashtira olishlari kerak. O’shanda “Ha, mana bu odam loyiq ekan”, deyish mumkin. Hozir esa zulmat. Zulmat ichida odamning yuzini ko’ra olmaysizu, qanday qilib ana u kishi loyiq deyish mumkin?

Maqtov…

6 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Oldingi savolimga vaqt topib javob berganingiz uchun rahmat. Yana bir ikkita savollar bilan boshingizni qotirmqochiman.
1.Sizni o’zingizga maqtaganlar bor. Bunga siz qanday javob berasiz?
2.Karimovni yonida uni maqtab yurib, chetga chiqib, “bezopasniy” joyga borgandan keyin uni tanqid qilishga nima deysiz?(Umid).

JAVOB: Savollaringiz juda uzun bo’lgani bois biroz tahlil qilganimni va ba’zi veb sahifalar haqidagilari tadqiqottalab bo’lgani bois keyinga qoldirganim, ismlarni ham keltirmayotganim uchun ma’zur tutasiz, deb o’ylayman.
Men sahifamning birinchi betida va “Xatlar” bo’limida quyidagi yozuvni joylashtirganman.

“Mening uchun saroydan beriladigan “qop-qop” unvonlaru mansab-mukofotlardan ko’ra, oddiy o’quvchimning samimiyat bilan yozilgan ikki enlik maktubi qimmatliroqdir…

Mening uchun g’animlar yoxud saroyning topshirig’i bilan yoziladigan bo’htonlardan ko’ra, oddiy o’quvchimning bir jumlalik mulohazasi ta’sirliroqdir…”

Menimcha, birinchi savolingizga shu javob bo’lishi mumkin.

Ikkinchi savolga kelsak, “bezopasniy” joyda uzoq yillardan beri yashab, Karimovni tanqid qilmayotganlar juda ko’p.

Hatto o’zlarini biror bir guruhning boshi, deb e’lon qilgan bo’lsalarda yillardir Karimov yoki uning rejimi haqida lom-mim demayotgan zotlar ham anchagina.
Siyosiy boshpana olganlariga qaramasdan bir narsa yozsalar o’z ismlarini yashiirb yurganlar ham talay.

Tashqarida shunday holat ekan, albatta, ichkarida turib tanqid qilish oson emas. Lekin bu ishni bajarganlar, bajarayotganlar ham bor. Kecha ham bor edi. Bugun ham bor. Ertaga ham bo’ladi.

Karimovni yuziga maqtab, keyin olislarga ketib qolgandan keyin tanqid qilish ham bir uslubga aylanib qoldi. Lekin quruq tanqid emas, aksincha u haqda bilganlarini, uning jinoyatlarini u hali tirik ekan, mansabda ekan dalillab berilsa, bundan foyda bo’ladi. Ammo u o’lgandan keyin yov qochsa, pahlavon ko’payadi, degan kabi u haqda yozadiganlar urug’lab, matbuot ham, adabiyot ham “bitlab” ketadi.

“IAK” haqida

6 Mart, 2005 yil.

SAVOL: ”IAK” romaningizning kirilda yozilgan varianti yo’qmi?(Ismat, Bahodir, Abdurasul, Zafar va boshqalar).

JAVOB: Nomlanishi Islom Abdug’aniyevich Karimovning qisqartma ismu-sharifini ifoda etgan “IAK” romanimning kirildagi varianti yo’qmi, deb so’rashashayotgan o’quvchilar ko’payib qoldi.

Men ilgari kirilni unutib, lotinga o’tishni targ’ib qilish maqsadida ataylabdan yozganlarimning yangilarini lotinda e’lon qilmoqdaman, deya bir izoh bergan edim. Zotan bugungi yoshlarning aksariyati kirildan ko’ra lotinni afzal ko’rmoqdalar. Chunki ular maktabni lotinda bitirdilar.

Shunga qaramasdan, modomiki talablar ko’payayotgan ekan, mazkur romanning so’nggi bir necha bo’limi ham komputerga kiritilishi va e’lon qilinishi bilan uning kirildagi variantini elektron pochta orqali yozuvlarimni olayotgan o’quvchilarga yo’llayman.

Nega bo’lmasin?

6 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Matbuot xodimlari prezident bo’lishi mumkinmi?(Yorqin, 2005 yil, 6 Mart).

JAVOB: Nega bo’lmasin? Demokratik jamiyatda har bir fuqaro saylovda qatnashishi mumkin va xalq ishonchini qozonsa prezident bo’ladi.
Reygan kinoaktyor edi. Putin KGBchi edi. Gamsaxurdia yozuvchi edi. Elchibey tilshunos edi va hokazo.
Demokratik jamiyatda kasbiy cheklovlar tahqir va kamsitilish hisoblanadi.

SAVOL: O’lganlar haqida, “Yaxshi odam edi” deyish dinimizdan kirgan odat bo’lsa kerak. Lekin xalqqa zulm qilgan yoki zulmga sherik bo’lganlarni ham o’lgandan keyin “Yaxshi odam edi” deyish kerami? Bu tiriklarga “Baribir olamdan o’tganimdan keyin men haqimda yaxshi gap aytishadi, nima qilsam qilaveraman” degan fikrni bermaydimi?(Farhod).

JAVOB: Yaqinda Mirmuhsin, Orif Alimaxsumov, Yolqin To’raqulovlarning vafotidan keyin ular haqida “ulug’ odam edi” kabi fikrlar aytilganda menig xayolimdan ham ana shunday savol o’tgandi.
Ma’lum bir shaxs nazarda tutilayotgan bo’lsa, albatta o’lgandan keyin uning kamchiliklari haqida gapirishning unga foydasi yo’q. Shu bois ham gaping bo’lsa, tirikligida aytib qol, deyishadi. Lekin jamiyat va kelajak avlod uchun jamoat ko’z o’ngiga chiqqan kishining yaxshi yoki yomon tomonlari tirikligida ham, o’lgandan keyin ham aytilishi kerak.

Bizda yo yomonlab o’ldirib yuborish, yoki maqtab ko’kka ko’tarib yuborish odati bor. Buni Usmon Nosir, Qodiriy, Cho’lpon kabilarning taqdirida ham ko’rish mumkin. Bir paytlar ular qoralanib yerga kirgizib yuborilgan bo’lsalar, endi “osmonga chiqarib” qo’yildilar. Ayni paytda Sovet tuzumiga jon dildan xizmat qilgan Hamid Olimjon, G’afur G’ulom kabi yuzlab odamlarga ularga ko’rsatilgandek hurmat bajo keltirilmoqda. Oddiy qilib aytganda o’lganga ham, o’ldirganga ham bir xil munosabat.

Rahbarlarga qulluq qilishda Mirmuhsindek usta odam bo’lmagani, Karimovning beliga oltin kamarni bog’lashda Alimaxsumovdek san’atkor os yetishib chiqishini aytish bu o’lganning orqasidan gapirish emas. Balki buning bugungi avlod va kelajakka foydasi bor. Har bir kishi haqiqat ertami, kechmi baribir aytilishini bilishi ko’p fitnalarning oldini oladi.

Jamoatchilikka tanilgan bir odamning qilmishlari, xalqqa zulmi bo’lsa buni u tirikligida ochiq aytish qahramonlik va jamiyatga ulkan xizmatdir, u olamdan o’tgandan keyin bu haqda gapirish esa faqat jamiyatga xizmatdir.

Xalq kimga ergashadi?

7 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Sizga bir kishi xatida kimga xalq ergashishligini so’ragan, yana nomzodlarni ham aytgan, gap dindor inson bilan dunyoviy inson o’rtasida ketayapti. Eshitishimcha, shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlari O’zbekistonga kelishdan oldin bir shart bilan kelgan ekan. Ya’ni, manga hech qanaqa mansab taklif qilmaysizlar, shundagina O’zbekistonga qaytaman, degan ekanlar. Chunki bu tizimda u insonlarni bulg’alashlari mumkin, yoki bironta nojo’ya ishga aralashib qolishlari mumkin. Shularni o’ylab och qornim, tinch qulog’im, deb hech qanday mansabga o’tirmayotgan bo’lishi mumkin. Vaholanki, u kishi diniy qo’mita raisi, islom universitetiga rektor bo’lishlari yoki yana avvalgi joyiga, muftiy bo’lishlari mumkin ediku?…(Yorqin).

JAVOB: U kishi qanday shart bilan qaytgani menga qorong’u. Menga ma’lum bo’lgani “Amerika ovozi” radiosining ingliz tilida yozadigan muxbiriga bergan bir suhbatida hozirgi rejimni himoya qilib, ayb ko’proq qamalayotganlarning o’zida, hukumat esa ularni avf etmoqda shaklidagi gaplari.
Odatda u radiolardagi gapida din haqida gapirib, mavjud rejimga, zolim

Karimovga qarshi ochiq-oydin deyarli gapirmagan. Uning yuqorida men zikr etgan suhbati e’lon qilinganda bir kishi bu haqda savol yuborgan va bu gap saylovlar arafasida aytilgani diqqat tortgandi.

Hukmdorlar azaldan ulamolarni o’z yo’lida qo’llanib kelgan va shunday bo’lib qolmoqda. Umuman esa ulamolar mansabdan, hukmdorlar va siyosatdan qancha yiroq tursalar bu ularning oz’lariga ham, xalqqa ham yaxshi. Bunga Tojikistonda Islom uyg’onish partiyasiga qo’shilib, qonli yo’llar bilan hukumatga ilinganlarning taqdiri ham bir misoldir. Ular nafaqat hukumatning, balki xalqning ham nazdidan tushdilar.

Bunga qo’shimcha o’laroq, “IAK” romanining “Xalq so’zi” bo’limini ham o’qib chiqsangiz yana ancha narsa oydinlashadi.

Yusuf Abdullayev

7 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Sizning Samarqand Chet tillar institutining sobiq rektori Yusuf Abdullayev haqidagi savolga javobingizni o’qigandim. Lekin u nima uchun Koreaga qochib ketgan bo’lishi mumkin?(Shohida).

JAVOB: Yusuf Ne’matovichning va yana Samarqand shahridan bo’lgan, komsomoldan chiqqan bir qancha yosh kadrlarning 1990 yillarning boshida O’zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti(Keyin Prezident Devoni)ga, hukumatga ishga olinishi, o’sha paytda komsomol yetakchisi bo’lgan Aziz Nosirov nomi bilan bog’liq.

Azziz Nosirov o’shanda Oliy kengashda men muovin bo’lgan Oshkoralik qo’mitasining a’zosi va demokratik yo’ldagi barcha harakatlarga to’sqinlik qilish bo’yicha Karimovning ishonchli vakili edi.(“IAK” romanida bu haqda batafsil yozilgan-JM).

Karimov Aziz Nosirovni yaxshi ko’rardi, uni “Azizjon” deb o’ziga yaqin olardi. Shu bois uni mansabdan manasabga o’tkazib “pishirmoqchi” bo’ldi. Bundan foydalangan Aziz Nosirov 1990 yillarning boshida tanishlarining (jumladan ba’zi qarindoshlarining ham–JM) yuqori ishlarga o’tishlarida qanday yordamchi bo’lgan bo’lsa, keyin ayni “missiya”ni Samarqandga hokim bo’lganida, Prezident devonida ishlaganida ham bajardi.

Hatto Anvar Solihboyevning MXX raisining asosiy o’rinbosarligi (hozir u Pokistonda elchi-JM) darajasigacha yetib kelishida ham uning qo’li bor. Boshqa yo’llar bilan yuqori lavozimlarga o’tgan yurtdoshlar ham Aziz Nosirov atrofida to’plandilar. Qarindosh-urug’ bo’ldilar, qiz berib, qiz oldilar va hokazo. Samarqand Aroq zavodining direktori qamoqqa olinishi voqeasidan keyin bu “zanjir” ko’rinib qoldi.

Bu yerda “zanjir”ning ochilishida yana bir omil rol o’ynaganini aytish kerak. Samarqand viloyatidan chiqqan kadrlar bilan Samarqand shahridan chiqqanlar orasida ko’zga ko’rinmas, ammo juda jiddiy raqobat mavjud va bugungi natijalarda buning ham o’rni katta. Jumladan, Samarqand chet ellar instituti talabalarining ikki yil oldingi ko’cha yurishlari, Samarqanda tarixiy yodgorliklarning buzilishi kabi voqealar ortida ham ana shu raqobatning izlari bor. Ikki uch yil oldin shaharliklar Karimovni ishga solib, viloyatdan mamlakat darajasiga ko’tarilgan, shuningdek, viloyat rahbarligi darajasida ishlagan bir qancha kadrlarni chetlashtirishga muvaffaq bo’lishgandi. Elga navbat, sherga navbat deydilar.

Karimov Aziz Nosirov o’zidan yashirib siyosiy mafiya tuzganini bilgandan keyin, undan va unga yaqin bo’lganlarning ayrimlaridan yuz o’girdi. Ammo muhim nuqtalarda bo’lganlardan ba’zilari hali kerakli deya bois saqlab qolindi.

Aziz Nosirov ustidan tergov ancha oldin boshlangan edi. Orada bir yopildi. Lekin Karimovning topshirig’i bilan yana ochildi. Uning ishi sudga o’tgani ba’zilar uchun muhim “signal” edi. Abdullayevning ketib qolishini ana shundan deb bilaman.

Ikki “qo’chqor”

8 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Oxirgi yangiliklarni o’qib turib kulgim keladi, ya’ni Qozog’iston va O’zbekiston haqida, yaqinda qancha oilalarning uylarini buzib, chegara o’rantishgan e’di, endi bo’lsa yagona iqtisodiy zona yaratishmoqchi. Hayronman. Qozog’iston va O’zbekistonning yangidan yangi iqtisodiy va siyosiy aloqlariga qanday qaraysiz? Pul birligi, erkin iqitisodiy zona va hokozo… (Farrux).

JAVOB: O’zbek, Qozoq, Qirg’iz, Turkman bir oila, bir madaniyat, bir din, bir til va bir zaminning mansublaridir. Shunday ekan, ularni uzoqlashtiradigan har qanday odim xiyonat ishidir va yaqinlashtirishga yo’nalgan harakatlar esa maqtovga loyiqdir.

Lekin 15 yil davomida bu xalqlarni birlashtirish imkoniyati paydo bo’ldi, ammo to’rt kommunistboshining “boshi bir qozonda qaynamagani” uchun bu imkoniyat boy berildi.

Xalqlar shunday birlikka talpinganlari uchun bu kommunistlar mazkr holni soiyosiy o’yin qartasiga aylantirdilar va zarur bo’lganda qo’llanib kelmoqdalar.
Men Karimovning ham, Nazarboyevning ham samimiy bo’lganiga ishonmayman.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida iqtisodiy hamkorlik tashkiloti tuzilganiga 10 yil bo’ladi. Ammo amalda qilinganlari buning aksi.

Obrazli qilib aytganda, keyingi shov-shuvlar ko’prikning ustida bir-biriga shox o’qtalib turgan ikki “qo’chqor”ning oldingi sakrab raqibiga shox urishi uchun orqaga yurishidir.

Turon sari

8 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Bu yerdagi savol-javoblarni Karimov ham o’qib borishi haqida aniq ma’lumotga egaman, deb edingiz. Bunga men ham ishonib qoldim. 28 Fevral kuni savollarga javob berib, shunday yozgan edingiz: “Karimovni 15 yildan beri tanqid qilib kelayapman, lekin uni maqtashim ham mumkin. Yaqinda Nazarboyev “Markaziy Osiyo ittifoqini tuzaylik” degan bir gapni aytdi. Karimov tomoni o’ylab ko’rish kerak, dedi. Agar Karimov darhol bayroqni qo’lga olib, prezidentlarni Toshkentga chaqirsa va erkin bordi-keldi, pul va armiya birligi kabi masalalarda qaror qabul qilishda, amaliy odim otishda (Masalan, o’zi borib chegaradagi sim-to’rlarni kesib tashlashni boshlatsa-JM) tashabbuskorlik qilsa, men uni maqtagan bo’lardim, hatto 15 yildan keyin bo’lsada aqli joyiga tushdi, deya “offarin” degan bo’lardim unga”…
Mana ishlar shunga ketmoqda. Endi Karimovni maqtaysizmi? (Erkin).

JAVOB: Hali gapdan amaliy ishga o’tilgan emas. Bunday gaplar, balki bundan ham “shirin”roq gaplar 15 yil davomida juda ko’p aytilgan va so’ngra juda tez orqaga qaytilgan.

Men fikrimda qat’iyman. Haqiqatdan ham Karimov men yozgan ishlarni bajarsa, unga “offarin”, deyman. Ammo uning bajarmasligiga ham ishonaman, chunki Karimov fenomeni xalqni o’ylash emas, o’zini o’ylash dorasi ichidadir. Agar yuqoridagi talablar ana shu doira ichiga kirsa, darhol buni bajarardi. Ammo bu talablar xalq manfaati tomonida bo’lgani uchun mazkur doiradan tashqarida turibdi.

Yamonqulov yaxshi bo’lib qoldimi?

9 Mart, 2005 yil.

SAVOL:“Ozodlik” radiosiga bergan suhbatida (2005 yil, 7 Mart) jurnalist Sharof Ubaydullaev Jizzax voloyat hokimi, senator Yamonqulovning AQSHga qarshi keskin gaplarini oqlab, muhimi tanqid emas, muhimi o’z fikrini ochiq aytishdir, degan. Bunga siz nima deysiz?(Umid).

JAVOB: Bu ham bir fikr. Fikrga qarshi fikr aytaversak, halqa hosil bo’ladi. Ammo modomiki savol bergan ekansiz, o’z fikrimni bildirmoqchiman.
Muhimi tanqid emas, muhimi o’z fikrini ochiq aytish degani bugungi O’zbekiston uchun katta ahamiyat kasb etadi. Ammo o’sha Yamonqulov senatda chiqib, o’zi mansub bo’lgan rejimning qilmishlari haqida ham gapirganda uni ochiq fikr yuritadigan odam deyishimiz mumkin bo’lardi.

Har bir odam har qanday sohada gapirishi yoki munosabat bildirishi mumkin. Ammo siyosiy rahbar yoki arboblar odatda o’z vakolatlari doirasida fikr yuritadilar, o’zlari mansub bo’lgan rejimning qarashlarini ifoda etadilar. O’zbekistonda esa rahbarlar faqat Karimovning qarashlaridan kelib chiqib gapiradilar.

Shuni hisobga olganda, yuqoridagi iborani Yamonqulovga nisbatan qo’llanishni to’g’ri deb ayta olmayman.

Agar buni istamasangiz…

9 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Men siyosatchiman, deb sizning tanqidlaringizga chidab o’tiraverishim kerakmi? (Sobiq do’st).

JAVOB: Agar yomon siyosatchi bo’lsangiz faqat mening emas, millionlab odamlarning tanqidlariga chidab o’tiraverishingizga to’g’ri keladi.

Siyosat futbol o’yinidek gap. O’yinchilikni ixtiyor etdingizmi yo yaxshi o’ynab, doim g’olib bo’lishingiz kerak, yoki tomoshabinlarning tanqidi, baqir-chaqirlari, qolaversa bo’sh quti otishlari, hatto tosh bilan boshingizni yorishlari, maydonda yiqilib oyog’ingiz yoki belingiz sinishi, to’p zarbidan bepusht bo’lib qolish, yugurib ketayotib ishtoningiz tushib qolishi kabi mingdan-ming kutilmagan zarbani ko’zga olishingiz kerak.

Agar buni istamasangiz, toqatsiz bo’lsangiz “o’yinchilik”ni yig’ishtirib, sharhlovchilik yoki “tomoshabinlik”ni tanlanag.
Ana unda ko’ramiz o’yinchilarga munosabatingiz qanday bo’lishini!

Insoflilar bor

10 Mart, 2005 yil.

SAVOL:”Turonzamin” jurnalida bitta maqolani o’qidim, Kuch ishlatisah salohiyatiga ega bo’lgan soha xodimlariga murojaat qilinib, ularning katta kuch ekanligi va katta o’zgarishlarni ham qilishga qodirligi tushuntirilgan…Siz tanigan odamlar ichida insof-diyonatini saqlab qolgan Militsiya, MXX, Prokuratura, Mudofaa sohasining yuqori lavozimli xodimlari bormi? Ya’ni shu sohalarda maqola ta’sir qilishi mumkin bo’lgan inson topiladimi?(Polvon)

JAVOB: Topiladi, degan fikrdaman. Hatto anchagina topiladi. Agar “Quvg’in” romanini o’qisangiz u yerda ana shunday odamlar haqida yozilgan narsalar o’ylab topilgan emas, balki hayotdagi yuz bergan voqealarning satrlarga ko’chganidir.

Eng yuqori lavozimlilar orasida bilmayman ammo sal quyiroqdagilar orasidan insoflilarni topish mumkin. Ammo ular tovushlarini chiqara olmay ikki olov ichida yonmoqdalar. Ham jinoyatga sherik bo’lmoqdalar va hamda vijdonlari azobida to’lg’onmoqdalar. Shunday paytda ularga yo’l ko’rsatishning yalpi foydasi bo’lmasa ham, zarari yo’q.

Nurullo Ostonov

10 Mart, 2005 yil.

SAVOL: “Tribune-uz” veb sahifasi ochilishi qiyin bo’lib qoldi. Bu nimadan bo’lishi mumkin?(Gulshan).

JAVOB: Menga hozir bu masalaning unchalik ahamiyati qolmadi. Chunki “Tribune-uz” veb sahifasi ish boshlaganda quvongan edim. Uni yaxshi minbar deb hisoblardim. Unda jurnalist Nurulla Ostonovning Karimov rejimining daraxtini qiritadigan Chexov uslubidagi maqolalarini xuddi mana shu yerda bir necha marta o’rnak sifatida keltirgan edim.

Ammo mazkur veb sahifa hozir “dayjestga” aylanib qoldi. “Ozodlik”, BBC radiolarining veb sahifalaridagi xabarlarni ko’chirib bosishdan va hukumatni chetlaydigan maqolalarni tarqatishdan nariga o’tmayotir. Tobora hukumat tomonga qayishib ketmoqda. Karimov va Safoyevning rasmlarini ko’raverib, bu sahifani ham ochmay qo’yayotganlar ko’paygan bo’lsa ajabmas?!

O’zbekchani bilish kerak!

11 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Nima sababdan sizniki kabi O’zbek xalqining muammolari va Karimov rejimining basharasini ochib tashlaydigan, bu masalani chuqur analiz, muhokama qiladigan, sof o’zbekcha veb saytlar yo’q?(Nosirxon).

JAVOB: Avvalo mening baholu qudrat yuritayotgan kamtarona sahifamga bergan katta bahongiz uchun rahmat. Darhaqiqat, agar hamma ana shunday harakat qilganda toma-toma ko’l bo’lar degandek, bugun ancha ish qilingan bo’lardi.
Buning bir misoli sifatida Ukrainada muxolifatning katta kuchga aylanishida va mavjud rejimni qulatishda “Ukrainskaya pravda” veb sahifasi asosiy rol o’ynaganini e’tirof etmoq kerak.

Hamma narsa maqsadan kelib chiqadi. Maqsad Karimov rejimiga qarshi kurashmi yoki nomiga u yoq, bu yoqdan ko’chirib, sahifa qilib, olingan grantlarni “oqlashmi”? Mavjud veb sahifalarga nazar tashlasangiz darhol masalaning mohiyatini anglab olasiz.

Bundan qochish mumkin emas

11 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Oldin bir savolga javob berib, jamiyatdagi “pagonlik odamlarni” ortiqcha “chiqindilarga” o’xshatganingizga qo’shilaman, albatta, o’z lovozimlarini suistemol qilganlarini, lekin siz aytayotgandek odam, hayvonot va tabiatdan ortiqcha narsalar chiqib ketganidek, “jamiyat chiqindilari” ham o’z-o’zidan ketarmikan?

Ularda ham aql bor, balki o’zlari uchun juda ham ko’proq bosh qotiradilar… Muammoni hal qilishi mumkin, degan Demoktratiyani kelishiga ham shular to’sqinlik qilishmayaptimi?? Yoki ular oddiy buyruqni bajaruvchi mashinalar deb o’ylaysizmi?(Polvon).

JAVOB: Hech narsa o’z-o’zidan chiqib ketmaydi. Ta’sir hamma holda ham mavjud. Albatta ular oyoq tiraydilar. Lekin itaruvchi kuch ta’sirliroq bo’lsa, hech narsa qila olmaydilar.
Shu kecha kunduzda ular buyruqni bajaruvchi mashinalardan ham beshbattar vaziyatda. Lekin demokratik jamiyat qurila boshlanganda ular o’zlari qarshi bo’lgan yangi tuzumning ne’matidan foydalanib, “uyg’onib qolib”, oyoq tiraydilar, qarshilik ko’rsatadilar. Bundan qochish mumkin emas.

Buning ham oldini olish kerak!

12 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Toshkentda mototsikl haydashni man etishmoqda, bu nimadan bo’lishi mumkin?(Olimjon).

JAVOB: Yo’l nazorati xodimlariga ko’ra, ular shunday tadbir bilan qatnovni yengillashtirishmoqchi. Bu anqovning qulog’iga lag’mon osish, degani bo’ladi. Aslida esa, masala mutloq boshqa.

Prezidentga yaqin manbaning ma’lumotiga ko’ra, Karimov yaqinda kuchishlatar vazirliklar rahbarlari bilan brifing o’tkazib, Toshkentda o’tgan yil bahorda yuz bergan portlashlar masalasini muhokama qilgan.
Milliy xavfsizlik xizmati tayyorlagan hisbotda hukumat binolarining qo’riqlanishi yaxshi emasligi, ularning oldiga mashinalar yaqinlasha olmasada mototsiklda o’tish tahlikasi borligi qayd etilgan.

Bu hisobotga javob yozgan Ichki ishlar vazirligi poytaxtning markaziy qismida mototsikl vositalaridan foydalanishni cheklash taklifi bilan chiqqan. Bu taklif Karimov tasdig’idan o’tgandan keyin Toshkent shahar hokimligiga rasmiylashtirish uchun berilgan.

Ertaga bir kun o’zidan qo’rqqan hukumat qushlar uchishini ham taqiqlashi mumkin. Aytib bo’ladimi, birorta qush Karimovning vertoletiga borib urilishi mumkin-da. Buning ham oldini olish kerak!

Axmoqqa ham ayon hodisa

12 Mart, 2005 yil.

SAVOL: “Tribune-uz” veb sahifasining rus tilidagi bo’limida 2005 yil, 9 Mart kuni siyosatshunos(?) Gulsara Vafoyevaning “O’zbekistonda hukumatni nazorat qilish yo’q” deb nomlangan maqolasida “O’zbek xalqining passivligining ildizi o’tgan asrdadir” degan xulosa aytilgan. Shunga nima deysiz? (Hamid).

JAVOB: Bu ham muxolif bo’lib ko’ringan holda Karimov rejimiga astoydil xizmat qilishdir. Xalqning “passivligi” boisi bugungi diktatura emas, balki o’tib ketgan asrlardagi voqealar, zulmdorlar deyish bilan Karimovning ayblarini yengillatmoqchi bo’ladilar. Bu ham bir “manyover”.

O’tgan asrda o’zbeklarning boshiga nima kelgan bo’lsa, hammasi qirg’iz va qozoqlarning ham boshiga kelgan. U holda nima sababdan qirg’izlar bugun bu qadar faolu o’zbeklar bu qadar “passiv”?

Yoki 1990 yillarning boshida faol bo’lgan o’zbeklar o’tgan asr voqelaridan ta’sirlanmay qolganlarimi? Bugungi vaziyatning ildizini Chor Rossiyasi, Lenin inqilobi, Stalin vahshatlariga olib borib bog’lash bu Karimovda ayb yo’q, ayb xalqning oz’ida, deyishdir. Ularning ham xalq zehniyatida qoldirgan izlari bor, lekin bu izlarni zangga aylantirgan Islom Karimov rejimidir.

Xullas, bugun o’zbeklar faol emas ekan, buning ildizini bugundan qidirmoq kerak. Diktatura xalqni loqayd qilishi, fikran “bichib’ tashlashi axmoqqa ham ayon hodisadir.

Arablar va Dajjol

13 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Siz bitta savolga javob berganda arablarni yomonlagansiz. Nima uchun arablarga qarshisiz?(Malik)

JAVOB: Men aslida biror bir xalq yoki millatga to’la holida salbiy baho berish illatiga qarshiman. Shu bois menning arablarga qarshi bo’lishim mumkin emas. Arablar yoki ruslar degan nuqtalarda, butun bir xalqni emas, gap ketayotgan guruhni, yoki ma’lum bir kishilarni nazarda tutaman, doim.

Men o’zim o’qiganlarimdan quyidagilarni aniqladim.

1.Arablar Turonzaminni bosib olganda ular qilgan vahshiyliklar, qonli qilmishlar juda ham dahshatli bo’lgan.

2.Arab tarixchilari bizning mintaqada yashagan xalqlarni dunyoga “Bular o’z onasi bilan yotadigan, o’z singlisiga uylanadigan va o’z qizini homilador qiladigan madaniyatsiz, vahshiy xalq” deya tanitgan va shu yo’l bilan Muqanna isyonini qoralashga urinishgan. Buni arablarning o’sha yillar haqida yozilgan barcha tarixiy kitoblarida ko’rishingiz mumkin.

3.Ular Quronda zikr etilgan yomonlik timsoli Dajjolni Sharqda yashagan turkiylar orasidan chiqadi deb tafsirlar yozganlar va yozib kelmoqdalar.

4.Ular Turonzamindan chiqqan barcha buyuk olimlarni dunyoga arab deb taqdim etganlar.

5. Arablar Quronda zikr etilgan yaxshilik elchisi Zulqarnayn yomonlik qavmi Yajuj-Majujlarga qarshi ikki tog’ orasida qurgan temir qal’a Termezda topilganini iddao etadilar.

6.Ular bir qator tafsirlarda va boshqa kitoblarda oxir zamon maxluqlari Yajuj–Majujlar qavmi ham bizning mintaqadan chiqishini yozganlar.

Sahroda badaviy bo’lgan bir xalq mansublari madaniyat sohibi boshqa bir xalqni yer bilan yakson etsa va keyin tarixga uni qora otliq qilib “mixlasa” bundan ko’z yumish mumkinmi?

Ba’zi o’zligini, sha’ni va g’ururunu bilmagan qo’lbola mullalar arablarni “otamiz”, “onamiz”, “biz ularning avlodlarimiz” deb og’iz kopirtirganlarida mening yodimga hali yaqindagina Leninni otamiz, Krupskayani onamiz, degan kommunistik davr tushadi. Ruslarni esa “og’amiz” der edik.

Xudo Quron orqali har bir qavmni tan olishini e’lon qilgan bo’lsa, nima uchun endi biz o’zligimiz bilan g’ururlanmasdan hali urus, hali arab bo’lishimiz kerak? Mana gap qayerda?

Men bu savolni arab yoki uruslarga emas, tarixni o’qimasdan, eshitganini takrorlaydigan, chalasavod kimsalarga ishonadigan o’zimizga berishni istayman. Haqiqiy ota-bobosi Muqannalar bo’lgan holda, undan yuz o’girib, avlodini Dajjolga, Yajuj-Majujga tengalagan Said Qutublarning etagini tutgan o’zimizdan bu savolga javob izlayman.

Bu din masalasi emas, bu ilm masalasi.

Lekin bugunga qadar bizdan chiqqan ulamolar bu haqda gapirib, arablarning iddaolariga qo’shilgan bo’ldilar, bu gaplarni rad etmadilar va umuman bir ilmiy javob qilmadilar. Javoblari esa Muqannani umumiy tarzda yomonlash bo’ldi.

“O’zbekchilik”

14 Mart, 2005 yil.

SAVOL: O’zbekiston Tashqi ishlar vazirligida yuz berayotgan ishdan bo’shatishlar haqida nima deysiz? (Rustam).

JAVOB: Bu ham “o’zbekchilik”. Yangi kelgan rais kassiri va hisobchisi, shoferi va oshxona xizmatchisini ham olib kelishi azaldan ma’lum.

Har vazir almashganda ham kimlardir eskisining “dumi”ga aylansihi ham “tabiiy hol” bo’lib qoldi, O’zbekistonda.

So’nggi ma’lumotlarga qaraganda vazir Eldor G’aniyev chet ellarda, diplomatik missiyalarda ishlayotganlar orasidan siyoisy boshpana so’raydiganlar ko’payib qolmasligi uchun ularni cho’chitmasdan Toshkentga taklif qilishni buyurgan. Ammo hozirdanoq Toshkentga borishni rad etgan va siyosiy boshpana istayotganlar ko’paygan. Bular ayniqsa, elchiliklarda oddiy lavozimlarda ishlaydiganlar orasida ko’pligi aytilmoqda.

Xatolarni tan olib…

15 Mart, 2005 yil.

SAVOL:BMTda O’zbekistondagi inson huquqlari masalasi ko’rilar ekan, lekin nega alternativ doklad yozish muxolifatga emas, balki hech kim bilmagan, hech kim eshitmagan “Huquqiy yordam” guruhiga topshirilgan. Nega bu ishda muxolifat ishtirok etmayotir?(Usmonbek).

JAVOB: Darvoqe yana bir necha kundan keyin, ya’ni 21-22 Mart kunlari BMTda shunday masala ko’riladi va avval hukumatning hisoboti eshitiladi, keyin esa odatga ko’ra muqobil ma’ruza. Uni haqiqatdan ham hech kim bilmagan va hech kim nomini eshitmagan guruh tayyorlagan. Majlisda Eldor Shafiyev degan kishining ma’ruza qilishi rejalangan. Shaxsan men uning kimligini bilmayman.

Ilgarilar shunday kezlarda, ya’ni xalqaro tinglovlarda muqobil hisobot tayyorlashda muxolifat vakillari qatnashar edilar. Yuqoridagi holat O’zbekistonda muxolifat kuch sifatida xalqni ergashtira olamaydigan darajaga kelganini BMT ham e’tirof etayotganini ko’rsatadi. Zotan yaqinda AQSH Davlat departamenti ham buni qayd qilgandi. Buni O’zbekistondagi mustaqil inson huquqlari kurashchilari, muxolif guruh vakillari ham tan olmoqdalar.

Masalan, “Ozodlik” radiosi 26 Fevral kungi dasturida “ERK” guruhlaridan birining Namangan viloyatida o’tgan 25 Fevral kungi majlisi haqida bergan hisobotida shunday satrlar bor: “Yig’ilish ishtirokchilaridan ba’zilari muxolifat ancha zaif ekanligi, xalqni ergashtira oladigan kuchga aylanmagani haqida fikr bildirdilar”.

Xullas, muxolifat jabhasidagi inqirozni chuqur tahlil qilib, xatolarni tan olib, oldinga ketish uchun jiddiy choralar ko’rilmasa, bugungidan ham battar bo’ladi va diktatura “g’olibiyat” sharobini simirishda davom etaveradi.

Naryog’oga xalqning o’zi qaror beradi

15 Mart, 2005 yil.

SAVOL:O’zbekistonda Islom davlati bo’lishi mumkinmi? Shariat qonunlari kelsa sudlar adolatli bo’larmidi?(Sadriddin).

JAVOB:O’zbekistonda Islom davlalti bo’lmasdan nima? Mazkur mamlakat Islom Karimovning shaxsiy davlatiga aylanganiga 1 Sentyabrda 15 yil to’ladi. Bu masalaning bir qismi.

Agar diniy davlat bo’lib-bo’lmasligini nazarda tutayotgan bo’lsangiz, bugunga qadar qayreda sof Islom davlatlari qurilgani va ularning Islomga to’la javob bergani, diktaturaga aylanib ketmagani haqida ikkita misol keltirsangiz, keyin bu haqda mulohaza yuritish mumkin. Umuman esa din ayri va davlat ayri bo’lmog’i zarur.

Yaqinda bir maqola o’qigandim. Afrikada shariat qonunlariga o’tgan bir viloyatda yuz bergan hodisa haqida. 16 yoshli bir bolaga qo’shni qabilaning qizini tajovuz etdi, degan ayb qo’yishadi. Qiz mahkamaga kelmasdan o’z vakili orqali buni tasdiqlaydi. Qiz tomoni qasos istaydi. Qozi ularga qasosni qondirish sifatida narigi tomonning 16 yoshli bir qizini zo’rlashga izn beradi. 28 kishi bu ishni bajaradi. Norasida qiz halok bo’ladi. Keyin ma’lum bo’lishicha, da’vo qilgan qiz yolg’on gapirtirilgan, aslida uning nomidan yolg’on gapirilgan va qozining oz’i ham narigi qabilaga qarshi ekan, ularni obro’sizlantirish uchun shunday qilishgan ekan.

Xuddi shunday hol yaqinda Pokistonda ham ro’y berdi, faqat u yerda qabilaviy qoidalar asosida. Demoqchimanki, odam hamma joyda odam. Uning qo’liga kuch o’tdimi u ko’p narsani unutadi. Demokratiyada esa xuddi ana shuni nazorat qilish mexanizmlari mavjud.

Demokratiya ishlayotgan joylar bor. Oldin ana shu borini bir sinab ko’raylik. Naryog’iga xalqning o’zi qaror beradi. Zotan demokratiya bu xalqning irodasi deganidir.

Tozalash

16 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Shu kunlarda xabaringiz bo’lsa, Safar nomli kimsa muxolifat va IHH chilariga Aprelda qatag’on bo’lish haqida ma’lumot beryapti.Shunga fikringiz? (Azizbek).

JAVOB: Har holda Internetda “Safar Abdullayev” nomidan e’lon qilingan va O’zbekiston hukumati yaqin orada kimlarni qamayajagi haqidagi “maqola”ni nazarda tutayotgan bo’lsangiz kerak.

Bu O’zbekistondagi rejim nimaligini bilmagan yoki tushunmaganlar uchun o’rtaga tashlangan “suyak”. Yoki bu BMTda O’zbekiston masalasi ko’rilishi oldidan diqqat tortishni istagan qo’lbola muxolifatchining ham hunari bo’lishi mumkin.

Aslida esa, Karimov o’lgandan keyin arxivlardan xalqqa qarshi yoki ma’lum bir yo’nalishga qarshi biror satr ham topa olmaysiz. Hamma narsa insonparvarlik, demokratiya, xalq manfaatini ko’zlagan tarzda yoziladi. Qonunlardan tortib oddiy qarorlarga qadar.

Bu Karimov yo’lga qo’ygan siyosatning bir uslubi. U qog’ozda hamma narsani go’zal tarzda “yuritib”, biror bir yomon iz qoldirishni istamaydigan diktatorlar toifasidan. U o’zi buyurgan narsalarni ham boplab boshqalarning bo’yniga yuklab qo’yadigan ustomon odam.

Shu bois hamma amaliy ishlar og’zaki buyruq bilan, ishora bilan bajariladi. Karimov rejimi falonchini qamash lozim deb qaror chiqarib yurmaydi, kerak bo’lsa qamab qo’yaveradi.

Bu rejim 15 yil ichida qatag’onni qachon to’xtatgan edi? To’xtatgan emas. Demak, to’xtatilmagan narsani “boshlamoqchi’ deyish “Shu paytga qadar olam guliston edi” deyish demakdir.

Har yil turli tadbirlar oldidan, jumladan Mustaqillik kuni oldidan shunday ham “profilaktik tozalash” o’tkazib kelinmoqda va bu yilgisi yangi bo’lmaydi.
Yaqinda Karimovning Prezident devonida o’tkazilgan yig’ilishda aytgan gaplari ham bunga bir misol. Mazkur parchani devon xodimlaridan biri elektron pochta orqali yuborgan.

“Katta” yaqinda majlis o’tkazdi. Quyidagi uch nuqtani alohida uqtirdi.

1) Navruzda besh o’ntadan odamni mukofotga berlaring, besh o’ntadan odamni qamoqdan chiqarlaring. Buni yaxshilab propaganda qillaring.

2)Hammani qamoqqa tiqavermalaring, nega men dushmanlarimni boqishim kerak. Ularga ko’proq jarima sollaring. Uyini, mol-mulkini sotuvga qo’ylaring, yetmasa ota-onasining uyini sotlaring. Jigarini ana shu yo’l bilan sug’urib ollaring.

3)10-20 kishi miting, piket qilsa, indamalaring, ammo yarmi sanlarning odamlaring bo’lsin. Men ana u elchiga ham va’da berdim, indamaymiz, dedim. Ammo ko’payishga yo’l bermalaring…”.

Tariqdek tarqalib ketgan muxolifat

17 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Muxolifat rahbarlari orasi yaxshi emasligi, zotan parchalanib ketgan muxolifat uchun katta yo’qatish va joriy amaldagi, diktatura hokimyati uchun muvaffaqiyat-ku! O’rtalaringdagi, har qanday sovuqchilikni mana shu xalq uchun unutib, birgalikda, va qolaversa bu birlashishga boshqa muxolif partiyalarning liderlarini ham da’vat qilsalaring bo’lmaydimi!? Buyuk zolim kuch oldida parchalanib harakat qilish samarasizligini hamma biladi-ku?
Bu harakatlar uchun bosh-qosh bo’lishni o’yladingizmi hech?

Tariqdek tarqalib ketgan muxolifat, o’z ichidan darz ketishi va bir-biri bilan emas, aksincha JORIY DIKTATURAGA qarshi birlashishi yaxshi-ku!
Siyosatda ham iqtisodda ham shunday vaziyatlar bo’ladiki, ba’zan bir-biriga raqib bo’lgan kuchlar birlashishga majbur bo’ladi. Agar hamma liderlikni o’ylayversa, bu ketishda nima bo’ladi? Siz nima deysiz? (Nigora).

JAVOB: Har holda bugunga qadar men yozgan va yozayotgan narsalarni diqqat bilan o’qimagan ko’rinasiz. Shu bois quyidagi fikrlarim ilgari men yozganlarni takrorlasa, ularni allaqachon o’qigan va uqqan o’quvchilardan uzr so’rayman.

Men demokratiya tarafdoriman va xalq hokiyatigina adolatga xizmat qilishiga ishonaman. Shu bois demokratiyaga zid harakat qilganlar, qarshi chiqqanlar- Karimov bo’ladimi, Eshmatmi, Toshmatmi-ularga diktat, yakkahokimlik uslubidan voz kechish zarurligini uqtirib kelmoqdaman. Shunday qilishga sizning ham haqqingiz bor. Buni demokratiyani anglagan, uni istagan bir kishining demokratiya yo’lidagi burchi deb bilaman.

Siz muxolifat deb atayotgan guruhlardan men rasman ayrilganimga 10 yildan oshdi. Hamma liderlikni o’ylayotgan bo’lishi mumkin, ammo men o’ylaganim yo’q. O’ylaganimda bugun menga murojaat qilayotgan yuzlab yosh yigit-qizlarning talab va istaklaridan kelib chiqib, allaqachon bitta harakat yoki partiya tuzib, o’zimni lider, deb e’lon qilishim mumkin edi.

Ammo G’arbda issiqqina uyda o’tirib, o’zimni bunga haqli deb hisoblamayman. Lider bo’ladigan bo’lsam, men liderlik qiladigan odamlar bilan birga bo’lishim kerak. Bugun bunga imkoniyat yo’qmi, demak imkoniyatim darajasida ish qilishim lozim. Taxtsiz podhso-baxtsiz podsho deydilar. Bu baxtsizlik faqat uning o’ziga emas, boshqalarga ham soya tashlaydi.

Ilgari ko’p yozganimdek, kimdadir shaxsiy adovatim yoq. Agar kimnidir tanqid qilgan yoki qilayotgan bo’lsam, bunga ularning shaxslari emas, shaxsiyatlari, egallab turgan mavqelari yoxud o’zlari da’vo qilgan “lider”likni uddalay olmaganliklari asosdir.

Biz Karimov O’zbekistonni bugungi dahshatli vaziyatga tushurganini qanchalik tanqid qilsak, o’zlarini muxolifat deb iddao etgan guruh “lider’larini ham vazifalarini qoyil qilib bajarmaganlari, muxolifatni chil-parchin qilib yuborganlari va shu harakatlari tufayli diktaturaga astoydil xizmat qilganlarini, hukumatga kela olmaydigan darajaga yetganlarini ochiq aytishimiz kerak, deb o’ylayman.

Birlashish masalasida siz haqsiz… Lekin o’tgan 15 yil davomida kimlar oraga kirmadi va kimlar urinmadi?! Ammo ikki layoqatsiz odamning o’zaro talashlari oqibatida muxolifat ojiz bo’lib qoldi. Bu birgina mening xulosam emas. Xalqaro jamoatchilik va hatto ularning o’z yaqinlarining ham xulosasi shunday.

Bugun endi kech. Endi ana shu ikki shaxs o’zini chetga olgandan keyingina birlashish bo’lishi mumkin. Ular vatan va millatni o’ylasalar o’zlarini chetga tortib, qo’llaridan kelmagan liderlikni da’vo etmay, parchalanishlar to’xtashiga xizmat qiladilar va O’zbekistondagi muxolif kuchlarning yo’lida to’g’on bo’lmaydilar.

Agar shunday qilsalar taxtga yopishib qolgan Karimovga ham ibrat bo’ladilar, xalqaro miqyosda ham hurmat qozonadilar.

Missionerlik

17 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Meni bir narsa juda tashvishlantiradi. Hozirgi kunda O’zbekistonda bolalar adabiyoti umuman o’lgan. Ya’ni maktab yoshidagi bolalar uchun yaxshi kitoblar yoq! Umuman axloqiy temadagi kitoblarni ham nashr qilmayapti davlat? Go’yoki, bu ham diniy da’vat, oqimchilik ularni fikricha.
Xalq farzandlari ataylab ongsiz, zombi, dinsizlashtirilmoqda! Bu narsa missionerlar uchun juda qo’l kelmoqda. Ular yallo qilib, ma’naviy qashshoqlashoyatgan bolalarimiz uchun, istagan turdagi kitoblarini tarqatishmoqda!
Bu bir millatni kelajagi uchun juda katta xavf-ku! Islom dini qoidalarini o’z farzandingizga o’rgatsangiz yoki ukangizni to’g’ri yolga chaqirsangiz ham “vovchik” degan tamg’a olib, qamalib ketasiz. Ammo…..IIV, MXX si nega missiyonerlarga indashmayapti? Bu ham Karimov maqsadlari uchun xizmatmi? Nima deysiz?(Muzaffar).

JAVOB: O’zbekistonda bolalar adabiyoti umuman o’lgan, deb aytibsiz. Kattalar adabiyoti ham tirik emas. Faqat Karimov adabiyoti amalda!

Missionerlar masalasiga kelsak. Har qanday harakat, har qanday din va har qanday guruhning ham missionerlari bo’ladi.

Masalan men o’zimni va xalq hokimiyati tarafdorlarini demokratiyaning missonerlari, deb hisoblayman. Diktaturaning missionerlari ham bor. Masalan, Ozod Sharafiddinov, Erkin Vohidov, Abdulla Oripovga o’xshagan.

Hozir diktatura ustunlik qilayotgan bo’lsa, demak, uning missionerlari bo’sh kelmayaptilar. Biz demokratiyaning missionerlari esa yaxshi ishlamayapmiz, yoki butun xalqning ishonchini qozona olmadik va hokazo.

Dunyoda musulmonchilik missonerlari ham ko’p va ularni “tablig’chilar” deyishadi. G’arb davlatlarida ular ochiq faoliyat ko’rsatadilar va kimdir nega huquq tartibot idoralari ularni nazoratga olmaydi, degan da’vo bilan chiqmaydi. Bu vijdon erkinligi masalasi bilan bo’g’liq.

Diktatura vijdon erkinligini tan olmaydi. O’zbekistonda boshqa dinlarning missionerlari ham quvg’in qilinayotgani haqida faktlar ko’p. Agar diktatura rejimiga rahna soladigan bo’lsa, har qanday missionerlikka qarshi kurash boshlanadi. Foydasi tegsa hatto eshshak bo’lishni targ’ib qiluvchilar ham qo’llab-quvvatlanadi!

Agar Oz’bekistonda demokratiya o’rnatilsa, vijdon erkinligi ham ustivor bo’ladi va sizning tashvishingizga o’rin qolmaydi.

Bu tuzum o’zining ham dushmani

18 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Sizga qanday tushuntirsam ekan! O’zbekistonda hozirgi hukumatda shunaqangi axmoqona ishlar bo’lyaptiku, tavba deysiz.Bu hukumatdan xalq iste’fo talab qiladigan vaqt allaqachon o’tib ketdi, kerak bo’lsa! Davlat muassasalari va hokimyatlar rasman ommaviy konsertlarga homiylik qilishmoqda! Hatto, o’tgan yili Toshkent shahar hokimiyati Nasiba Abdullayevaning konsertiga homiylik qildi. Bu nima degan gap axir? Davlat budjeti otasining karmoni emasku!

Qashshoq xalqdan tortib olayotgan pulni qayerlarga ishlatishmoqda! Bir yil davomida O’zbekistonda eng kamida 12-15 tacha qo’shiqchilar tanlovi o’tkaziladi. “Ofarin”, “Ona-Zamin yulduzlari”, “Nihol”…Bu nima degani? Xalqni muzika ostida uxlatib boshqarmoqdami? Televizorni ochsang, faqat TADBIR,TADBIR, YIG’ILISH ….. Yangiliklar shundan iborat! Keyin “Shou” programmalar boshlanadi.

Bu tizim xalqning kelajagini zarracha bo’lsa ham o’ylamaydimi? Bu tizim yoki xalqni ongsiz, qashshoq saqlab uzoq yashamoqchimi? (Bahodir!).

JAVOB: Demokratik davlatlarda hukumatning adabiyot va san’atga aralashuvini kuzatmaysiz. Bu sohani qobiliyat va daromad boshqaradi.Har turli ko’riklar o’tishi mumkin va buni hukumat emas, jamoat tashkilotlari, mustaqil matbuot vositalari uyushtiradilar.

Men ba’zi chlasavod mullalarga o’xshab musiqaga qarshi emasman, ular g’ino (musiqa) va zinoni ayni taroziga qo’yadilar.

Ming qarshilik qilmang, baribir xalq musiqadan voz kechmaydi. Bu dardining sadosidir, bu quvonchining ifodasidir!

Lekin diktatura buning faqat ikkinchi qismini qo’llanadi. Uni ham soxtalashtirgan holda qo’llanadi. Xalqning haqiqiy musiqasiga esa yo’l bermaydi. Masalan, Dadaxon Hasanning qo’shiqlari radio va televizorda yangrasa siz ham mazza qilib tinglar edingiz, dilingizdagi dard tashqariga chiqqanidan yengil tortgan bo’lardingiz.

Jamiyatning hamma qatlami va kulbalaridan havo tortib olinsa, bo’shliq vujudga keladi. Diktatura havoni tortib olgandan keyin bo’shliqni ashulalar, maqtov va madhiyalar bilan to’ldirishga urinadi. Lekin bu havoning o’rnini bosmaydi va jamiyat baribir bug’iladi.

Diktaturaning tashqi ko’rinishi o’yin-kulgi va ichki tomoni chirib bitgandir.

Bu xalqqa yot bo’lgan tizim nega xalqning kelajagini o’ylamayapti, deyish mantiqsizlik bo’ladi. Bu tizim hatto o’zining kelajagini ham o’ylamaydi.Shu bois sharmandalarcha qulab ketadi.

Bu shunchaki quruq ishonch emas

18 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Bir savolga javob bergansiz, u yerda ancha muncha dalillar keltirgansiz, arab olimlari O’zbeklarni yomonlagani, olimlar tarafidan keltirilgan ba’zi bir hadislarga, jahlingiz chiqqan holda javob qilgansiz.
Yajuj majujlar Osiyodan, ya’niy Termiz tarafdan chiqadi, degan taxminiy qarashlarga, o’zbeklarni nima demoqchi bu arablar, degansiz. Lekin o’zingiz juda ko’p takrorlaysiz, haqiqatni tan olish bu yaxshi odat yoki mardlik deb.
Endi meni fikrim, nima, hozirgi sharoitda O’zbekistonda Yajuj majujchalar yo’qmi, qayerga ko’z tiksa, quritib tashlamaguncha hujum qilishadi. Suv desangiz Orolni quritib tashlashdi, odamlar orasidan oqibatni ko’tarib tashlashdi, biror bir musilmon o’z diniga e’rkin amal qila olmaydi, qilsa yajuj-majuj chalar olib borib, qonigacha ichishmoqda.
Hatto katta yajuj majujlar sizni vataningizdan quvg’in qilishdi.Yoki nima, sizni va meni quvg’in qilganlar yajuj majujga o’xshamaydimi, yoki qanchadan qancha odamlar beayb nobud bo’lib ketishmoqda, nima ular o’z o’zidan bo’lmoqdami, yo’q menimcha bu yajuj majujlarni boshlanish e’rasi bo’lsa kerak.
Demokratiya demoqdasiz, Buyuk Britaniya shular qatorida, yaniy demokrat mamlakatlardan, nima qilishdi, O’zbekiston xalqiga yordam beraman, degan elchisini ya’niy Kreg Muyerini, ishdan bo’shatishdi, aybi davlatga bo’ysunmadi. Bu demokratiya hisoblanadi, to’g’rimi?
Bu bilan men demokratiya yomon demoqchi emasman, lekin siz aytgan gaplarga ham qo’shilmayman, Arablarni o’zbek xalqi onasi bilan yotgan deb yozganiga, balki rostdan shunaqa bo’lgandir, nima haqiqatni yozish aybmi, xuddi siz I. Karimov haqidagi haqiqatni yozganingizdek. Menimcha siz mendan ham yaxshi bilsangiz kerak, haligacha O’zbekistonda I. Karimovga ishonadigan oddiy xalq bor. Ular fikrida siz xalq dushmanisiz, yoki no to’g’rimi? Hozir ham odamlar 2 ga bo’lingan, 1 qismi haqiqatga ishonadi, 2-qismi yolg’on, bo’htonga ishonishadi, ha aytgancha 3-qism insonlar bo’lsa umuman hech narsaga ishonmaydi, bu hammasi meni fikrim. O’z fikrini aytish bu demokratiya, to’g’rimi?(Farrux).

JAVOB: To’g’ri. O’z fikringiz bo’lgani va mening fikrimga qo’shilmaganingiz ham demokratiyaning ne’mati, bu meni mamnun etdi. Boshqa rejimlarda bunday qila olmaysiz. Ya’ni bitta narsaga bo’ysunishingiz, xo’p deyishingiz, kimningdir aytganiga qarshi chiqmasligingiz, e’tirozingizni ichda saqlab, o’tib ketishingiz mumkin. Aytsangiz yo qamaydilar, yoki xalq dushmani, deb e’lon qiladilar.
Endi, siz juda ham ko’p savol qo’ygansiz va har biriga muxtasar holda alohida-alohida javob berishga harakat qilaman.

Birinchidan, aslida Yajuj-Majujlar deyilganda bir ikki odam emas, balki ma’lum bir mintaqadagi bir xalq nazarda tutiladi. Bazi arab ziyolilari esa butun bir xalqni ayblashgan. Agar masalaga siz aytgan kabi qaraydigan bo’lsak, dunyoning hamma burchidan hamma vaqt Yajuj-Majujlar topilgan va topiladi. Qirol Faxd oilasini Yajuj-Majujlarga o’xshatish bilan butun Saudiya Arabistonidagilarni o’xshatish orasida farq bor.

Ikkinchidan, men biror bir hadis haqida gapirganim yo’q, garchi hadislar orasida ham sahihlari va nosahihlari, ishonib bo’lmaydiganlari bor esa-da. Men ba’zi tafsirlar va ayrim biryoqlama sharhlar haqida gapirgandim.

Uchinchidan, meni quvg’in qildi, deb butun xalqimni ayblamayman, aksincha jonimni “Yajuj-Majuj”dan qutqargani, menga yordam bergani uchun bu buyuk xalqimga qandaydir xizmat qilishni istayman. Aks taqdirda bu yerda bahs qilib o’tirmagan bo’lardik.

To’rtinchidan, osongina qilib shariat yaxshi, shu yo’lni tuting, deyish mumkin edi, kimlardir ko’ngillarida buni istamasalar ham, tillarida aytmoqdalar. Lekin men buni qila olmayman. Bugungi sharoitda O’zbekistonda shariat hukmlari bilan yuritiladigan rejim mamlakatni ikkinchi Afg’onistonga aylantiradi, boshqaruv Tolibonga o’xshagan johillar qo’liga tushadi va Karimov rejimidan farqi bo’lmaydi. Chunki bizda ko’pchilik hali Islomni yuzaki, eshitganiga ko’ra biladi. Islomni mukammal o’rganishlari va ba’zi manfaatparast kishilarga aldanib ketmasliklari uchun faqat demokratiya yo’l beradi. Shu bois avval demokratiyani ustivor qilish kerak. Bugun O’zbekistonni demokratiya qutqazishi mumkin.

Beshinchidan, Buyuk Britaniya va elchi qismatini misol keltiribsiz. Rejim va hukumatni ajratib olish kerak. Demokratiya sharoitida ham turli hukumatlar boshqaruvga chiqadi. Ammo vaqtincha. Chunki demokratiya ularni tizginlab, almashtirib turadi. Agar Angliyada demokratiya bo’lmaganda o’sha elchi o’z vazirligiga qarshi kurasha olarmidi, hatto o’z nomzodini vazirga qarshi qo’ya olarmidi? Yo’q, hech kim, hech narsani bilmay va esihitmay qolar edi.
Demokratiya bor-ki, Greg Myurrey o’z vatanida yashamoqda, hukumat yo’l qo’ygan ayblarni ochiq aytmoqda, kitobini nashr etmoqda, hukumatni sudga tortmoqda va hokazo. Qaysi boshqa rejimda bugun shunday bo’lishi mumkin? Bitta odamning amri bilan uning kallasini sapchadek uzib yuborishgan bo’lishardi.

Oltinchidan, siz ba’zi arablarning bizning xalqlarimiz haqida aytgan gaplarini rostni aytish mardlik, deya oqlamoqdasiz. Bu gapning rostligini siz qayoqdan bilasiz? Agar boshqa manba keltirsangiz mamnun bo’lar edim. Men esa bu gap yolg’onligini Iskandar Zulqarnayn yurishlari haqida yozilgan kitoblar, Beruniy, Forobiy va boshqa ulug’larimizning qadimgi xalqlar tarixi haqida yozganlaridan bilaman.

Yettinchidan, siz O’zbekiston haqida gapirib, bu Yajuj-Majujlarning boshlanish erasi bo’lsa kerak, debsiz. Butun xalq Yajuj-Majujlarga aylanib ketadi, degan fikr chiqmoqda gapingizdan. Yo’q. Bunday bo’lmaydi. Xalqimiz ozodlik va hurriyat kunlariga yetadi va o’z hokimiyatini o’zi boshqaradigan kunlar keladi, deb ishonaman. Bu shunchaki, quruq ishonch emas, balki yetarli asosga ega bo’lganimdan paydo bo’lgan ishonchdir.

Oxir zamon haqida

19 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Oxiri zamon kelib qoldi, degan so’zlarga nima deysiz?(Murodilla).

JAVOB: Bilasizmi, hatto ilohiy hukmlar nozil bo’lgan davrda bir 12 yoshli bolaning peshonasida uchunchi ko’zi bo’lgani va u ko’p narsalarni bashorat qila boshlagani uchun uni Dajjol deganlar bo’lgan. Ba’zilar uni oxirat zamon belgisi deyishgan. Keyin Korbalo qotilligini qiyomat belgisi, deb atashgan. Har sfar urushlar, suv bosishlari, zilzilalar yuz berishida ham ana shu kalima takror va takror aytilaverilgan.

Usmonli yurishlaridan tortib, qizil inqilobga qadar hammasini qiyomat qoyim kelmoqda, deb bashorat qilishgan. Shunga o’xshab bugun ham har qanday salbiy holatni qiyomat belgisi, deydiganlar ko’payib qolgan.

Vaholanki, hayot davom etgan va davom etaveradi. Balki ming yildan keyin ham bir Tsunami yuz bersa, yoki fazodan bir tosh tushsa, bu qiyomatdan darak, deb odamlarni qo’rqitadigan bashoratchilar bo’lar. Ammo Tangri bashorat qilishni qoralgan. Shunday ekan, qachon qiyomat bo’lishini biz emas, yaratganning o’zi biladi.

O’zbekistonni chetlab…

19 Mart, 2005 yil.

SAVOL:AQSH Davlat kotibi Afg’onistonga bordi, ammo nega O’zbekistonga bormadi?(Akmal)

JAVOB: AQSH Davlat departamenti Kondolizza Rays (Condolezza Rice) xonimning bu safarini “Janubiy Osiyo safari” deb atagan. Tabiiyki, O’zbekiston Janubiy Osiyoga kirmaydi. Balki Davlat kotibining Kavkaz va Markaziy Osiyo safari ham amalga oshib qolar va o’shanda u O’zbekistonga borar.

Lekin Afg’onistonga borgan rahbarlar albatta, O’zbekistonda ham to’xtab o’tishlari odat tusiga kirganini hisobga olsak, Davlat kotibining Afg’onistonga safari kuni Islom Karimovning unchalik ahamiyatga ega bo’lmagan Sloveniyega borishi diqqat tortarli voqea edi.

Chunki Karimov kim bilandir uchrashishdan qochmoqchi bo’lsa, oldindan o’sha paytga bir safarni rejalaydi. Kondolizza Rays qaysi rahbar bilan uchrashmasin, demokratiya va inson huquqlari masalasini ilgari surayotgani, AQSHda joylashgan bir qator xalqaro tashkilotlar O’zbekistonda qaydiyatdan o’tkazilmayotgani uchun bildiriladigan jiddiy norozilik Karimovni qochishga undagan bo’lishi mumkin.

Chumchuqdan qo’rqqan tariq ekmaydi

20 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Menimcha Demokratia bizlar uchun umuman to’g’ri kelmaydigan – sistema. Faraz qiling: Demokraya O’zbekistonda xuddi AQSH yoki Boshqa demokratik davlatlar singari ishlayapti deb. Demokratia – degani bu erkinlik. Misol uchun ko’chada siz – ikki kishini zino qilib turganini ko’rsangiz yoki bo’lmasa u-bu hayosiz kiyimlarni kiyib yurganini ko’rsangiz ularga hech nima deyishga haqqingiz yoq. Chunki Demokratia bu Erkinlik, hamma xohlaganini qiladi, huddi AQSHdagilarga o’xshab , hamma xohlasa ko’chada zino qiladi, xohlasa – yarim yalongoch ko’chada yuradi. Agar siz bularni cheklayman, deb aytsangiz unda bu Demokratiyaning demokratialigini yoqotadi. Demakki, bizlar Demokratia emas – Shariatga asoslangan sharqona bir yo’nalishga asoslanishimiz kerak. Shunday emasmi? (Nodirbek, 2005 yil 20 Mart)

JAVOB: Men Turkiyadan kelib Amerikadagi ahvolni Yaqin sharq bilan taqqoslab yozgandim va siz o’qimagan ko’rinasiz. AQSHda ko’chada zino qiladi, debsiz, afsuski unday emas, AQSHda bu narsa qonun tarzda qattiq jazolanadi. Hatto o’z mashinasida qo’lga tushib, qamalganlar bor. Ammo Avropada shunday hol bor, deyishadi. Behayolar hamma joyda topiladi.

AQSHda aholining aksar qismi juda hayoli va axloq masalasiga ijobiy yondashadi. Aksincha, chetdan kelganlar bu masalada o’zlarini erkinroq tutadilar. Cho’milish joylari, dam olish maskanlarida yarim yalang’ochlar bo’lishi tabiiy.

Lekin matbuotda bu narsalarga o’rin berilmaydi Masalan, o’tgan yil oxirida Maykl Jeksonning singlisi Jannet Jekson sahnada ashula aytayotib ko’kragining bir qismi ochilib ketgani bois buni jonli ko’rsatuvda namoyish etgan televideniyelar bir oy ommaviy tarzda, so’ng kongresda muhokama etildi va qattiq jarimaga, jazoga tortildi.

Ha, AQSHda axloq masalasi dunyodagi qolgan mamlakatlardan ancha yaxshi. Bu jamiyat har qanday axloqsizlikni muhokama etadi, qoralaydi va unga qarshi qonuniy tadbirlar olib boradi. Shunga qaramay, ko’chada yarim yalang’och yurganlar bo’lishi mumkin.

Chumchuqdan qo’rqqan tariq ekmaydi, degan gap bor. Qizlar yarim yalang’och yuradi, deb demokratiyani istamayapsiz, xuddi O’zbekistonda hozir yurmagandek.
Darvoqe, shariatga asoslangan sharqona o’lkalardan Turkiyaga borib yalang’och bo’lib olib yuradiganlar haqida ham yozgan edim. Ming kiyintirib, o’rab-chilmab qo’ying, qilaman desa, istaganini qiladi, shu bois Xudoning o’zi insof bersin, deb bekor aytishmaydi.

Navro’z kimning bayrami?

21 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Navruz kimning bayrami, aslida? (Zulfiya).

JAVOB: Kim sohib chiqsa, o’shaning bayrami!
Kim nishonlasa, o’shaniki!

Turon va Eronda yashagan xalqlar ming-ming yillardan beri bahorning uyg’onish kunini bayram, sayl sifatida nishonlab keladilar. Uni yo’qotmochi bo’lgan ko’p edi. Ammo qo’llaridan kelmadi. Chunki tabiatni yo’q qilish mumkin-mi?
Navro’z bu ona tabiat, uning ilk bahor kuni, kecha va kunduzning barobarlashgan, tenglashgan kuni!

Navro’z yangi kun demakdir.

Bu bayramni nishonlayotganlarga yangi kun nasib etsin.
Bu yangi kun erkinlik yo’liga boshlovchi nurli kun bo’lsin.
Bu kurashchan bayram sizning ham ozrularingiz kitobida yangi bir yorqin sahifa ochsin! Oilangiz, do’stlaringiz, tanishlaringiz davrasida Navro’z bayramidek aziz bo’ling!

Navro’z kun va tunni tenglagan bayram deymiz. Navro’z yomonlikni tizginlab, bo’yi o’smay qolgan Yaxshilikning qulog’idan tortib, tarozini barobarlagan bayram deymiz. Demak, bundan buyog’iga zulmat qisqarib, kun ulg’ayadigan, yomonlik chekinib, yaxshilik qanot yozadigan palla. Qor ostidan bosh ko’targan chuchmomoning jasorati xalqimizga ham nasib etsin va zulmatli qishning oxiri ko’rinib, bahor shabadasi dillarga hurriyat nasimini olib kirsin! Asl hurriyat nuri xalqimizning ham boshiga qo’nsin!

Navro’z nuringni bergil,
Sog’inch titgan dilimga,
Bahorni boshlab kelgin,
Zulmat bitgan elimga,

Qor ostidan bosh cho’zsam,
Kamar bo’lgin belimda!
Sen uyg’onish ramzisan,
Bayroq ko’tar yo’limda!

Qirg’izistonda imkoniyat bor!

22 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Qirg’izistonda nima bo’ladi, deb o’ylaysiz, bu O’zbekistonga ham Navro’zning kelishi bo’larmikan? (Nargiza)

JAVOB: Bashorat qila olmayman. Ammo tahlil va taxmin qilish mumkin. Gap shundaki, sobiq demokrat va farzandlarini parlamentga “suqish” bilan feodal shohga aylangan Akayev hozir ikki o’tning orasida. Bir tomonda muxoliflari va ikkinchi tomonda Karimov va Putin. Akaey xalqqa qarshi kuch ishlatib, 15 yillik umrini bir kunda suvga oqizish niyati yo’q. Ammo ikki zulmdor uni bunga undamoqda. Allaqachon namoyishchilar orasida terroristlar bo’lishi mumkin, voqealardan ular foydalanib qolishlari ehtimoli bor, degan gaplar tarqatilmoqda. Hatto ataylabdan tayyorlangan “buzg’unchilar”ni yuborishlari ham mumkin.

Agar Akayev zulmdorlarning bosimiga rozi bo’lsa, u holda Turkiston zaminida ko’p qon to’kilishi mumkin. Shundan asrasin!

O’tgan yili Gurjiston voqealari va undan keyin Ukraina hodisalari borasidagi savollarga javob berganimda, yangi davr inqilobi uchun Qirg’izistonda imkoniyat borligini yozgan edim. Agar yaqin orada bu samarali yakun topsa, u holda ilgari taxmin qilganimizdek, voqealar Qozog’istonga ko’chisi va bu juda ham jiddiy tus olishi mumkin. Ruslar junbushga kelishlari va kutilmagan og’ir voqealar ham yuz berishi hech gap emas. Shu bois bugun Turkiston mamlakatlarining muxolifat kuchlari birlashadigan va birgalikda harakat qiladigan, o’yinlar tuzog’iga tushmasdan siyosiy yo’l bilan masalani hal qilish choralarini ko’radigan palla.

Qirg’iziston demokratiya o’lkasi bo’lsa, bu O’zbekiston ozod bo’lishi uchun platforma tashkil etadi. Bugun Qirg’izistondagi o’zbeklar qirg’izlar bilan yonma-yon turganlari va hatto yetakchilik qilayotganlari juda quvonchli holdir. Bugun O’zbekistondagi muxolif kuchlar kuzatuvchi rolini o’tamasdan, ular bilan yonma-yon ekanliklarini amalda ko’rsatishlari kerak.

Bore, sen ham Xo’ja Ahrorniki!

23 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Ba’zi o’zbek muxolifatchilari qirg’iz muxolifat liderlariga orqada yurmang, namoyishchilarning oldida yuring, deya aql o’rgatishmoqda. Shunga nima deysiz? (Rustam).

JAVOB: Siz savolingizda kim bu gapni aytganini va o’sha sharhni ham qisman keltirgan ekansiz. Bilasizmi, to’g’ri kelgan har bir shaxsning qayerdadir aytgan yoki yozgan har bir gapiga bu yerda munosabat bildiraversak, birinchidan, uning shaxsiga diqqatni oshirib yuborgan bo’lamiz va ikkinchidan, umumiy, mushtarak muammolarimizdan chetlashib ketamiz.

Shunga qaramay, savolingizdan, yana bir qiziq savol kelib chiqmoqda: “Shunday sharoitda o’zbek muxolifatining “lideriman” deb yurganlarning o’rni qayreda bo’lishi kerak?”

Qirg’izlar bilan yonma-yon tursa bo’ladi, desangiz, javob hozir: ”Karimov chegaralarni yopib tashladi”.
Chetdagilar Qirg’izistonga borishi mumkin, desangiz, yana javob tayyor: ”Karimov ushlab ketadi”.

Butun muxolif kuchlar birlashib, har kuni bayonotlar berib turishi, Toshkentda Qirgiz elchixonasi yonida namoyishlar o’tkazish imkoniyati mavjud desangiz, yana javob bor: “Karimov qatag’onni boshlatadi” va hokazo.

Shunday ekan, hama narsa bitta odamga bog’liqligini ko’rgan Xo’ja Nasriddin eshagidan tushib, uning orqasiga bir tepib, “Bore, sen ham Xo’ja Ahrorniki!” deganidek, siz ham hafsalangiz pir bo’lib, “liderlar”dan yuz o’girib, “Bore, seni ham qo’rqoq Karimovdan farqing yo’q!” deysiz-da.

Tatyana kitob yozadimi?

24 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Keyingi kunlarda Karimovnig xotini Tatyana Akbarovna ko’rinmay qoldi, bu haqda biror narsa bilasizmi? (Muhsin).

JAVOB: Yo’q, bilmayman. Qiziqqanim ham yo’q. Chunki uning o’zbek jamiyatida hech qanday roli va o’rni yo’q.

Ammo Karimov janoblari ushbu “Savol-Javob” sahifasini kuzatib borayotganlari bois, bir taklifim bor.

Islom Abdug’aniyevich, o’z otingizdan chiqayotgan kitoblarga hech kim ishonmay, qaramay qo’ygan. Sizni maqtayotganlarga ham. Endi bitta yo’li qoldi. Tatyana Akbarovna “Malikai turondotning kundaliklari” degan bir kitob chiqarsin.

Bir o’q bilan ikki quyonni urasiz: ham malikangizni jamiyatga olib kirasiz, ham o’zingizni elga tanitasiz. Lekin bu kitobni unga yozdirmang, ba’zi sirlaringizni elga oshkor qilib qo’yishi mumkin.“Qahramon” maddohlarga topshirsangiz, ular kitobni ayolona uslubda yozib, bu ishni boplaydilar.

Ajabmas, bu kitobni xalq o’qib qolsa!

Vaqt o’tib ketmoqda

24 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Osilsang baland dorga osil, degan gapga amal qilib, Karimov rejimiga qarshi bo’lgan barcha kuchlar juda ham katta narsalarni orzu qilmayaptilarmi? (Nasiba).

JAVOB: Ba’zan menga ham shunday tuyuladi. Darvoqe, tassavvur qiling, bir odam umrbodga qamalgan. U kamerada o’tirib, “Men adolat tizimini qayta quraman” deydi. Har kuni shu haqda o’ylaydi va gapiradi. Shu zayl 15 yil o’tib ketadi. Bir kuni kameradoshi:

-Sen avval bu yerdan chiqish haqida o’yla. Nohaq qamalganman, deysan, qayerga murojaat qilding, yoki bu yerdan chiqish uchun qanday tadbirlar ko’rding. Oldinga maqsad qlib qo’yishing kerak: birinchidan, ozodlikka chiqishni, ikkinchidan, nomingni oqlashni va uchinchidan, odamlarda o’zingga nisbatan ishonch paydo qilishni…Ana shundan keyingina, adolat tizimini o’zgartirish haqida bong ursang, natijasi bo’ladi,-degan ekan.

Shunda u quyidagicha javob qilibdi:
-Kelib-kelib sen jinoyatchi menga aql o’rgatasan-mi?

Bugun Karimov rejimiga qarshi bo’lgan kuchlar orasida vaziyat ana shunday. Taklif aytgan yoki tanqid qilgan odam yo xoin, yoki MXXning josusi, deb e’lon qilinadi. Ozodlikka chiqish haqida esa aniq bir reja yo’q. Vaqt ana shu zayl o’tib ketmoqda.

Inqilob muborak!

24 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Akayev taqdiri Karimovga dars bo’larmikan? (Nosir).

JAVOB: Qirg’iz elga inqilob muborak bo’lsin!

Agar diktatorlar boshqa hukmdorlarning boshiga kelgan voqealardan dars olganlarida ular diktator bo’lmas edilar. Ular doim teskarisiga harakat qiladilar. Ularning shiorlari “Xotiningdan maslahat so’ra va teskarisini qil” shioridan farq qilmaydi.

Ma’lumotlarga ko’ra, Asqar Akayevni Ichki ishlar vazirini va Bosh prokurorni almashtirib, zolimroq odamlarni tayinlashga undagan Islom Karimov ekan. Aslida bundan bir necha yil oldin ketishni istagan Akayevni ketmaslikka undagan ham Karimov edi.

Mana endi u “yaxshilik” qilaman, deb Akayevni chohga qulatdi. Chunki Akayev “chaqmoq inqilobi”dan bir kun avval Bishkekda namoyishchilarga qarshi kuch ishlatmaganda revolutsiya buncha tezlashib ketmagan yoki Akayev sharmandali qochishga qadar yetmagan bo’lardi. Buni uning o’zi tanladi. Putin va Karimov uning joniga ora kira olmadilar.

Karimov hozir uxlamasdan chora-tadbir qidirish bilan ovora. U yaqin orada Akayevni “latta edi” deb yomonlab, kechagina “qora kuchlar” deb ataganlarini esa tabriklab qoladi va maqtaydi.

Ammo baribir Karimovning ham kelajagi sharmandali yakun topadi. Qirg’izistonga kelgan Navro’z shamoli O’zbekistonga tomon esishi ham muqarrar. Bugun bo’lmasa, ertaga, ertaga bo’lmasa indin, baribir bu rejim yakun topadi. Qirgiz xalqiga va ularni junbushga keltirgan o’shlik, jalolobodlik o’zbeklarga qoyil qolmoq kerak. Ular o’zliklarini anglab yetdilar va demokratiya bayrog’ini baland ko’tardilar.

O’zbekistonda bu oson kechmaydi. Karimov va uning jallodlari qon to’kish uchun qo’llaridan kelgan hamma ishni qiladilar. Lekin bu qon, bu zulm ularni saqlab qolmaydi, balki yuvib ketadi,

Bukrini go’r tuzatadi

25 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Qirg’iziston voqealaridan keyin Karimov yumshaydimi yoki yanada qattiqo’llik ko’rsatadimi? Nima deb o’ylaysiz? (Ulug’bek).

JAVOB: Ba’zi rahbarlarni diktatorga aylantirgan narsa ularning ichki qo’rquvlari, o’zlariga va odamlarga ishonmasliklaridir. Shu jihatdan qaraganda Karimovning ham tizzasi qaltiramoqda.

U nima qilishi mumkin? Menimcha, shunday ham kuchsiz bo’lgan demokratik muxoliflarga yopishmasa kerak. Aks holda demokratik davlatlarning “Bunday qilsangiz boshingizga inqilob kelib qoladi” deya beradigan dashnomini istamaydi. Ammo kuzatuv va nazoratni susaytirmasligi aniq gap. Ko’proq diqqatni dindorlarga qaratishda davom etsa kerak.

Ayni paytda Qirg’izistondagi voqealarni tahlil qilib, hukumatda ishlab, chetga surilgan odamlarni qattiqroq nazoratga olishi mumkin. Chunki Gurjiston, Ukraina va Qirg’izistonda ham xalqni g’alayonga boshlatgan kishilar-bular hukumatdan ishdan ketgan sobiq rahbarlar ekanligi sir emas.

Prezident devonidan chiqqan elektron maktubga ko’ra, Karimov hukumatda ishlayotganlarni, viloyat rahbarlarini ham qattiq nazorat qilishni, ularning Internet aloqalarini tekshirib chiqishni, telefonda kimlar bilan qanday mavzularda gaplashayotganlarini, qayerga borib kelayotganlari va kimlar bilan ayshu ishratda bo’layotganlarini MXX barobarida prezident devoniga qarashli maxsus xizmatga topshirgani aytiladi.

Menimcha, turli o’yinlarga usta bo’lgan Karimov bunday nazoratni to’la amalga oshira olmasligiga ko’zi yetgani bois, ataylabdan bu “xabar”ni tashqariga sizdirgan bo’lishi mumkin. Vaziru vazoratni vahimada, qo’rquv ichida tutish uchun!

Uning maxsus xizmatlarga chet el tashkilotlari, elchixonalar, bank munosabatlari va xorijiy matbuotga ko’z-quloq bo’lishni topshirgani esa aniq ma’lumotdir.

“Chaqmoq inqilobi”

26 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Qirg’izistonda yuz bergan voqeaga “Chaqmoq inqilobi” deb nom berganingiz menga yoqdi. Haqiqatdan ham chaqmoqdek tez yuz berdi. Lekin gaplaringizdan hali O’zbekistonda bunday voqealar yuz berishiga vaqt bor, degan xulosa chiqmoqda. Bunga qo’shilish mumkin. Lekin Qirg’izistondagi inqilobning O’zbekiston uchun hech qanday ahamiyati yo’qmi? (Yusuf).

JAVOB: Juda katta ahamiyati bor. Eng asosiysi Karimov, Putin va ularning son-sanoqsiz mafkuradosh gumashtalari yillar davomida qurgan “metin” qal’a qulay boshladi.

Ma’lumki, 15 yildan beri Karimov G’arbga “Agar biz ketadigan bo’lsak, bir zumda islomiy ekstremistlar hokimiyatni bosib oladilar!” degan gapni uqtirib kelmoqda.
Men ishim yuzasidan va qiziqishim doirasida juda ko’p siyosatchilar, Markaziy Osiyo bilan ishlayotganlar hamda mutaxassislar bilan gaplashib kelganman va hozir ham tortishib turaman.Yillar davomida karimovchilarning gapi ko’pchilikning zehniyatiga chuqur singib qolgan. Ular haqiqatdan ham bu rejimlar ketsa, hokimiyatga kim keladi, degan savolga javob topishda qiynalib qolganlar. Islomiy ekstremizm shu qadar kuchli qilib ko’rsatilmoqdaki, bu borada gap ochilsa, ular “Alabo’ji”dan qo’rqqan boladek tahlikaga tushadilar.

“Yo’q, Markaziy Osiyoda dunyoviy rejim, demokratiya tarafdorlari ko’p”, desangiz, faqat AQSH Davlat departamenti, Human Rights Watch, Soros fondi kabi tashkilotlardagina bunga ishonadiganlar topiladi. Ko’pchilik ishonqiramay qaraydi. Ularni ham tushunish mumkin. Chunki Karimov rejimining 15 yildan beri davom etib kelayotgan siyosati, qo’lga olingan dindorlarning “iqrorlari”, sirli portlashlar, davomli sudlar, O’zbekiston Islomiy Harakati atrofidagi shov-shuvlar, Hizu at Tahrir vahimasi, turli varaqalar, kim tomonidan yaratilgani noma’lum qolayotgan islomiy-radikal veb sahifalar, turli tuman yangi oqimlar haqidagi ma’lumotlar… Istaysizmi, istamaysizmi, G’arb siyosatshunoslari va tahlilchilariga qattiq ta’sir qilgan.

O’zbekistonga borib kelmaganlari u yerni Arabiston kabi tassavvur qiladilar. Hatto O’zbekistondagi islomiy harakatlar haqida bir film olishganda (Kanadada olingan) Toshkentda hamma erkaklar salla o’ragan, hamma ayollar paranji ostida va butun hukumat idoralaridagi yozuvlar arab tilida, odamlar ham arabcha gaplashgan tarzda tasvirlaganlari buning bir isbotdir.

Shu jihatdan, karimovchilar yaratgan ana shu “imaj”ni buzishda Qirg’iston juda katta sinov edi. Chunki islomiy ekstremizm va giyohvandlikning o’chog’i sifatida shu o’lka ko’rsatilar edi-da. Bu yerda saylovlar munosabati bilan boshlangan namoyishlardan keyin darhol islomiy ekstremizm haqida gapirganlar ko’payib ketgani ham ana shundan.

Mana inqilob yuz berdi va “Alabo’ji” ko’rinmadi. Umuman islomiy tashkilot va guruhlarning inqilob u yoqda tursin, oldingi namoyishlarda ham hech qanday sas-sadolari eshitilgan emas, o’rinlari ko’ringan emas. Bu esa Tojikistonda saylovlarda bir foyiz ham ovoz ololmagan bunday tashkilotlar Qirg’izistonda ham hamin qadar ekanligini ko’rsatdi. Markaziy Osiyo xalqlari musulmon, ammo ekstremist emas. Ma’rifat, erkinlik, demokratiyani istagan musulmonlar ekanligiga qirg’iz inqilobi kuchli hujjat bo’ldi.

Bugunga qadar Karimov rejimiga ochiq qarshi chiqmagan G’arb endi jiddiy o’ylab ko’rishga, bu “imaj”ga qarshi bo’lganlarga quloq solishga va ishonishga, tadbirlar boshlatishiga zamin mavjud. Boshqacha aytganda Karimovning “Alabo’ji”si qo’lbola “Alabo’ji” ekanligi ko’rinib qoldi.

Bu qirgiz inqilobining O’zbekistonga va umuman dunyoga ta’srini ko’rsatadigan faqat bir jihatidir. Bundan tashqari ham juda ko’p jihatlar borki, ular haqida ham kelgusida gaplashish mumkin.

Mo’jiza…

27 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Karimovning ketish uchun qanday yo’llari qoldi? Qarashlaringizga o’zgarish yuz berdimi?(Aslambek).

JAVOB: Ilgari bu masalaga batafsil to’xtalgan edik, lekin savol Qirg’izistondagi voqealardan keyin yana o’rtaga kelishi turgan gap va bu borada oldingi qara shlarimda jiddiy o’zgarish bo’lgan emas. Mavjud sharotlardan kelib chiqib, oldingi kabi taxmin qilish mumkin, albbata bu mening shaxsiy taxminim:

1.To’satdan keladigan o’lim. Hech kim bundan yiroqda emas.

2.Karimovning o’zi jilovni qo’lda saqlagan holda hokimiyatni kimgadir topshirishi.

3.Karimovning salomatligi yomonlashgan taqdirda saroyda yuz beradigan yashirin to’ntarish.

4. Mo’jiza…

Hamma narsani o’z nomi bilan aytaylik!

28 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Arablarning Risolatni yoyish uchun qilgan yurishlarini bosqinchilik debsiz, vaholanki, ular to’g’ridan-to’g’ri bir mamlakatga kirib borishmagan, magaram islomni qabul qilishni shart qilishgan va 3 kun muhlat berishgan, shunday mamlakatlar bor, bir tomchi qon oqmagan.

Sahobiylar biror hududga kirsa, hamma joyni yondirib, talamagan, hatto buni o’sha davrda yashagan ispan tarixchilari ham yozib qoldirishgan…”Ular oziq-ovqatni bozordan pullariga sotib olardilar” degan ma’lumotlar saqlanib qolgan…Abu Rayhon Beruniyning voqeadan 250-300 yil keyin yashaganliklarini hisobga olsak, kechagi kunni tahlil qilganday yozishlariga bir narsa deyish qiyin. Shunday emasmi? (Polvon).

JAVOB: Masalaga bu mantiqdan kelib chiqib qaraydigan bo’lsangiz, dunyo tarixidagi juda ko’p urush va bosqinchiliklarni oqlab qo’ygan bo’lasiz va Quroni Karimda “Islomda zo’rlash yo’q” degan qoidaga qisman bo’lsada amal qilinmagan degan xulosaga zamin yaratsiz.

Shuningdek, Abu Rayhon Beruniy kabi ulug’ olimlarga ishonmaydigan bo’lsangiz, yoki ular yozganlari voqealardan ancha keyingi tahlil, xolos, desangiz u holda umuman olim bo’lmaganlarning turli rivoyatlariga, ming yil oldin falon narsa bo’lgan deganlariga nima uchun ishonish kerak, degan savolni o’rtaga qo’ygan bo’lasiz.

Shu bois bu masalaga qancha chuqur kirib boraversangiz savollar shu qadar ko’payaveradi. Xullas, kechagi kunni qaytarish mumkin emas, ammo ertangi kunni yaratishga kech qolish mumkin. Shu bois ko’proq vaqtni ana shunga sarflash kerak, deb o’ylayman.

Biz ko’rmagan va guvohi bo’lmagan kechagi kun tarixchilarning hukmiga havola, ertangi kunni yaratish siz va bizga. Bu yo’lda, demokratiyaga yetishmasak, hech narsaga yetisha olmasligimizni uqib olgan muzaffar bo’ladi, degan fikrdaman.

Siz O’zbekning baxtini qoro qilgansiz!

28 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Qirg’izistonda bo’layotgan voqealar u yerda har holda muxolifatning suyanadigan aholi qatlami borligidan dalolat. Bizda 90 yillar boshida ziyolilar jamiyatda asosiy kuch ekanligini isbotlashgandi. Keyinchalik esa Tojikiston voqealaridan keyin aktivliklari umuman yo’qoldi. Bunga albatta hukumatning qattiqqo’i siyosati ham sabab (Farg’ona viloyatining Rishton tumanidagi o’qituvchilar namoyishi qatnashchilarining ko’pchiligini bedarak yo’qolganini nazarda tutyapman). Shu paytgacha ham ziyolilarimiz tinchlikni 1-o’ringa qo’yib, ko’p narsalarga chidab kelishmoqda va bilmayman qanchagacha chidashadi? Aytingchi, bu qatlamni siz hali ham O’zbekistonda katta kuch bo’lishiga ishonasizmi? (Bahrom).

JAVOB: Mazkur qatlamning yuzadagi qismiga ishonmayman. 1990 yillar boshida asosiy kuch bo’lgan ziyolilarning ko’pchiligi xalqni murdadek bosib o’tib, qo’llanib, Karimov rejimiga sotildilar. Ammo shu qatlamning yonida boshqa bir sirtqi qatlam borki, unga ishonaman. Bu Karimov rejimiga hamon muxolif qarashdagi ziyolilar va yoshlar.

Men yaqinda O’zbekistondan elektron pochta orqali, “Turonzamin” jurnalida e’lon qilishim so’ralgan va bir guruh yoshlar imzolagan murojaatnoma oldim. Bu tashqi ko’rinishdan “o’lik” odamlarni tiriltirishga urinishdek tuyulsada, aslida haqiqiy ahvolni ko’rsatadigan kuchli hujjatdir.

Mana o’sha murojaatnoma. Uni mana bu yerda o’qishingiz mumkin va murojaatnoma “Siz O’zbekning baxtini qaro qilgansiz” (matn kirilda) deb nomlanadi.

Rauf Parfi

29 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Rauf Parfi olamdan o’tdi, bugun Labzakda qabrga qo’ydik. Eshitdingizmi?(Muhiddin).

JAVOB: Eshitdim…Joyi jannatda bo’lgan bo’lsin!

Ilk bor Rauf Parfi degan shoir borligi haqida talabalik yillarimda eshitgan edim.Ammo she’rlarini o’qimagan edim. Uning “Diloromning ko’zlari” degan to’plami chiqqandan keyin, katta shoir ekanligini bilgandim.Bu kitob bizning kursdoshimiz Dilorom Isoqovaga bag’ishlangan edi.
Do’rmonda yosh ijodkorlar bilan uchrashuvda Diloromni sevib qolgan Rauf Parfi unga uylandi va sevgilari ancha-buncha afsonalarga bois bo’ldi. 1990 yillarning boshida ularning har ikkalasi ham ERK partiyasida edilar. Dilorom Partiyaning yetakchilaridan biri edi. U esa oddiy, ammo zalvorli a’zosi.

Ular er-xotin sifatida ajraldilar, ammo do’st bo’lib qoldilar. Bu G’arbda keng yoyilgan odat. Ajralgandan keyin ham do’st bo’lib qolaveradilar. Ammo Sharqda er-xotin ajraldimi, abadiy dushmanga aylanishadi. Rauf Parfi va Diloromning ajralganini esa ko’pgina yaqin do’stlari ham bilishmasdi. Chunki ular hamma namoyishlar, harakatlar va majlislarda birga qatnashib yuraverardilar. Hatto Dilorom unga moddiy jihatdan ham qarashib turganini eshitib hayratda qolgandim, aslida teskarisi bo’lishiga odatlanganimiz bu dunyoda…

Rauf Parfi ulug’, betakror shoir, Turkiston birligini orzu qilgan adib edi. O’tgan yil Toshkentga telefon qilganimda zabardast shoira Gulchehra Nurullayeva ovozlari titrab, yig’lagan ohangda:
-Jahongir, bugun dahshatli xabar oldim,-dedilar,- bu ablah rejim odamlarni xor qildi. Ulkan bir iste’dod, kata bir shoir metroning chiqishida gadoylik qilib turganini aytishdi, dod deb yuborayozdim…
Mening ko’z oldimga darvesh shoir, haqitdan so’fiyona, darveshona hayot oshig’i, gohida shishani qo’ltiqlab, gohida unga ellik gramm quyib bergan yosh shoirni qo’ltiqlab yuradigan Rauf Parfi keldi.
-Rauf akami?-deb so’rashga jurat etdim. Gulchehra opa hech narsa demasdan yig’lab yubordilar. Bugun ham O’zbekistonning diloromlari va gulchehralari yig’lamoqdalar…
”Turonzamin” jurnalini tashkil etganimizda birinchi sonida Rauf Parfining mana bu she’rini chop etgandim.

O’zbeklar aytingiz, bizda nima bor?
Bizda bor mutelik, qullik, ozorlar.
Bizda bor qullardan ketgan ixtiyor,
Hayqirib yotibdi buyuk mozorlar!

O’zbeklar aytingiz bizda nima bor?
Bizda yo’q ittifoq, bizda yo’q birlik.
Oyoq ostidadir insoniy huquq,
Oyoq ostidadir muqaddas hurlik!

Mana endi, abadiyatga ketgan ulug’ shoirning hurlik degan sadosini buyuk mozorlardan keladigan hayqiriqlar eldan-elga tashiydi. Zotan bizda inson o’lgandan keyingina qadrlanadi! Bu ham bizning o’zligimiz, o’zbekligimiz!

Nega O’zbekistonda inqilob bo’lmaydi?

29 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Nima sababdan O’zbekistonda inqilob bo’lmaydi, deb aytmoqdasiz? (Xolida).

JAVOB: Men Oz’bekistonda umuman inqilob bo’lmaydi, deb aytgan joyim yo’q. Ammo hozirgi sharoitda bo’lmasligiga ko’zim yetganini aytganman. Hali ham shu fikrdaman. Inqilobni uyushturadigan, boshqaradigan kuch yo’q. Tog’rirog’i rejim vaqti-vaqti bilan yetisib turgan ana shunday kuchni bichib tashlagan va yo’q etib kelmoqda.

O’zbekiston bugun katta qamoqxona holida. Odamlar turli tuman kamera-kataklarga tiqib tashlangan. Bosh ko’tarish yuz bersa, ana shu kataklarning ichidan tashqariga chiqmaydi. Chunki o’rtada devor, to’siqlar bor. Bir kamerada isyon yuz bersa, qolganlarning qo’lidan nima keladi? Faqat temir qoshiqlari bilan temir kosachalarini urib, shovqin ko’tarishlari mumkin, xolos. Bu esa butun qamoqxonadagilarni ozod qilishga qadar yetib bormaydi. Chunki qamoqbon qonxo’r va murosaga bormaydigan jallod.

Boshqacha aytganda bir niholni ekish uchun yumshoq yer va suv zarur. Uni cho’lga olib borib ham ekishingiz mumkin. Ammo ko’karmaydi. Inqilob uchun ham sharoit kerak. Karimov rejimi hamma yoqni cho’lga aylantirib tashlagan. Hatto nihol ekish uchun hozirlik ko’rish haqida o’ylaganlarning fikri qatag’on qilinadi.

Qirg’iziston, Ukraina va Gurjistonda mukammal diktatura o’rnatilmagan edi. Yakkahokim rejim bo’lgan, ammo xalqning siyosiy faolligini bichib tashlaydigan qonli diktatura darajasiga yetmagan edi.

O’zbekistonda ham inqilob bo’lishi mumkin. Masalan, yuzlab variantlardan biri, shuki, Karimovdan keyin bo’ladigan hukmdor vaziyatni biroz yumshatishga majbur bo’ladi va ikki-uch yil ichida unga qarshi boshqa bir “hukumat” yetishadi hamda xalqni oyoqqa turg’azadi.

Yoki Karimov tuzgan partiyalar Karimovdan keyin taxt uchun kurash boshlatadilar va hokimiyatga kelish maqsadida xalqni qo’llanadilar.

Shuningdek, bugungi sharoitda qorin isyonlari yuz berishi ham mumkin, ammo ular siyosiy inqilob darajasiga yetib borishi mushkul.

Aslida tez-tez adashib turadigan inson hech qachon xato qilishni, adashishni istamaydi. Ammo men bu yaqinda inqilob bo’lmaydi, degan fikrim juda va juda xato bo’lib chiqishini istardim…

Tarixiy illat

30 Mart, 2005 yil.

SAVOL: Qirg’izistonda Bakiyev va Kulov hokimiyat talashmoqda, deb yozishmoqda. Nahotki liderlar hamma vaqt xalqni emas, o’zlarini o’ylaydilar? (Mo’minbek,2005 yil, 30 Mart).

JAVOB: Tashqi ko’rinishda Qirg’izistonning sobiq va amaldagi Bosh vaziri Qurmonbek Boqiyev bilan sobiq vitse prezident va amaldagi kuchishlatar vazirliklar hokimi Feliks Qulov ortasidagi nifoq bitgandek ko’rinmoqda. Aslida mana shunday ko’rinish berish ham katta mardlik talab qiladi. Chunki hokimiyat shunday narsaki, bular hali yaqin do’stlar emas, yaqin do’stlarni, aka-ukani, ota-bolani bir-biriga dishman qiladi.

Bunga G’arb va Arab dunyosini bir tomonda qo’ying, Sharqning o’zida ham misol juda ko’p.

Qo’llarini xanjar bilan kesib, qonlarini qo’shib aka-uka tutingan Timuchin(Chingizxon) bilan uning bolalikdan birga o’sgan dos’ti Jamuka orasidagi mudhish intiho…

Amir Temur bilan amakisining o’g’li Husayin o’rtasida Samarqand uchun to’kilgan daryo-daryo qon…

Tariximizda padarkush nomini olgan Abdulatifning o’z otasi Ulug’bek Mirzoni o’ldirishga fatvo berishi… va hokazo va hokazo.

Bu illat bugun ham davom etmoqda. Uzoq yillar do’st bo’lgan, tunlarni tonglarga birgalikda ulagan hamda “egizaklar” deb nom olgan Karimov va Mirsaidov o’rtasidagi dahshatli yakun…

Yo’q “hokimiyat”ga muxolifatning ikki qanoti boshida turgan “lider”larning 15 yillik munoqashasi…

Shularning hammasini taroziga qo’yadigan bo’lsangiz, Boqiyev va Qulovga tasanno aytish kerak.

Faqat shuni afsus bilan ilova qilish mumkin-ki, ishonchli manbadan olingan xabarga ko’ra Karimov Bosh vazir Boqiyev bilan gaplashganda uni qo’llab quvvatlashini aytgan holda, Qulovni dastaklamasligini ham bildirgan. Qulov esa bundan xabar topgan va kelib chiqishi o’zbek bo’lgan yangi Bosh prokurorga bu haqda noligan.

Amerika uchun Karimov muhim emas

31 Mart, 2005 yil.

SAVOL:Amerika Karimovdan voz kechishi mumkinmi? Uni himoya qilib maydonga tshmaydimi? (Sobir, 2005 yil 31 Mart).

JAVOB: Agar Qirg’izistondagi kabi vaziyat vujudga kelsa, AQSH Karimovni himoya qilmaydi, balki o’zbek xalqini himoya qiladi. Nega?

Birinchidan, Karimov “Amerikaniki” bo’lolmadi. Masalan, Pokiston ham AQSH bilan terrorizmga qarshi kurashda hamkor, O’zbekiston bilan ayni darajada AQSH uchun muhim. Lekin Pokiston prezidentini AQSHning eng yaqin do’sti, deb har kuni aytishadi va u yilda ikki-uch marta bu mamlakatga safar qiladi, katta yordamlar oladi.

Ammo Karimovga bunday ishonch hech qachon bildirilgan emas. Chunki uning hali AQSHga, hali Rossiyaga og’ib turishini salbiy holat deb qabul qilishadi.

Ikkinchidan, ilgari yozganimdek, bugun AQSH uchun Karimov muhim emas, mamlakatning milliy manfaati ijob etgan narsa muhim. Karimov almashib ketaverishi mumkin, ammo AQSHning O’zbekistondagi manfaati turaveradi.

Uchinchidan, AQSHning xuddi ana shu manfaati O’zbek xalqi uchun ham muhim. Chunki katta mamlakatdan katta yordam olishi mumkin. Bu amalda jiddiy ravishda sezilmayotgan bo’lsa, demak ayb AQSHda emas, O’zbekiston rahbariyatida. Ammo bir necha million odam turli yo’llar bilan AQSHdan olinayotgan yordam, ish loyihalari, grantlar evaziga kun kechirayotgani sir emas.

To’rtinchidan, AQSH ma’muriyati demokratiyani yoyish masalasida dasturlar ishlab chiqayotgan ekan, istaysizmi, istamaysizmi zilm rejimi hukm surayotgan O’zbekiston ham e’tibordan chetda qolmaydi. Hozir birinchi galda AQSH O’zbekistonda erkin matbuotni vujudga keltirmoqchi va shu yo’nalishda odimlar otmoqda. Buni yaqinda demokratiya borasida e’lon qilgan yillik hisobotida ham alohida qayd etdi.

Beshinchidan, biror bir davlat hokimiyatsiz qolgan yakkahokim rahbarni himoya qilib, uning uchun maydonga tushmaydi. Agar tushganda Rossiya Akayevdek sodiq quli uchun maydonga tushardi. Bunday bo’lmadi. Shu bois o’zbek xalqi oyoqqa turib, Karimovni quvadigan bo’lsa, AQSH xalq tomonida bo’lishi aniq.

O’zbekiston barqaror o’lkami?

1 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Qochib ketgan Akayevning “O’zbekiston barqaror o’lka”, deya aytgan gaplariga nima deysiz? (Murodjon).

JAVOB: Bu gapni bugun birinchi Aprel kuni aytganda edi, hazilga yo’yib yuborgan bo’lardik. Baribir ham u o’lik siyosatchi bo’lgani bois uning gaplarini jiddiy olish kerak emas.

U hali ham nima bo’lgani va bo’layotganini idrok eta olmayapti. Bishkekda inqilobni amalga oshirgan “Birge” yoshlar tashkiloti, ya’ni talabalar “Akayevning qabr toshi”ni hozirlash shiori ostida pul to’plashmoqda ekan. Ular butun oilasini siyosatga suqqan, oilasi bilan birga korrupsiyaga botgan, demokratdan yakkahokimga aylangan Akaev uchun markaziy maydonda qora toshdan monument o’rnatib, uning qora tarixini boshqalarning ko’z oldiga tiklab qo’yishmoqchi. Menimcha, maqtovga sazovor, yaxshi harakat.

Qirg’iz yoshlarining tashabbusini davom ettirgan holda, Karimov ketganda keyin Mustaqillik maydoniga yirik qora tosh o’rnatib, “1989-200.. yillar davomida bu o’lkaning boshida xalqining qonini ichgan diktator, qora quzg’un turgandi” deb yozib qo’yilsa, keyingi rahbarlar uchun ibrat bo’lar edi.

Paytavasiga qurt tushgan

2 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Siz Qirg’izistondagi kabi voqealar yuz bergan jarayonda AQSH Karimov tomonida emas, o’zbek xalqi tomonida turadi, debsiz. Bunga qanday asosingiz bor? (Nozim).

JAVOB: Albatta, har qanday fikr aytilganda, qandaydir asosga tayaniladi. Menda ham shunday zamin mavjud. Boshqalarini qo’yib turaylik, hozir AQSHda boshqaruvni qo’lda tutgan respublikachilar partiyasining yetakchi gazetasi, deb tanilgan “Washington times” ro’znomasi 2005 yil, 1 Aprel sonida AQSH kongresi, vakillar palatasining Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo qo’mitasi raisi Ileana Ros-Lehtinenning “AQSHning Markaziy Osiyodagi roli” sarlavhali maqolasini chop etdi.
Maqoladan, jumladan, O’zbekiston masalasida ham qator savollarga javob topish mumkin.

Birinchidan, muallif AQSHning Qirg’iziston borasidagi siyosati Markaziy Osiyoda boshqalarga nisbatan ham ayni shaklda siyosat yurg’izishni taqozo etayotganiga urg’u beradi.

Ikkinchidan, zulmga tayangan rejimlar mashinasi islomiy radikalizmni kuchaytirayotganligi va xalqaro tahlikani oshirayotganligi ta’kidlanadi.

Uchinchidan, mintaqada muxolif partiyalar faqat qog’ozda yoki O’zbekistondagi kabi o’zini muxolifat deb atayotgan guruhlardan iborat bo’lib qolganiga diqqat tortiladi.

To’rtinchidan, bunday vaziyat AQSHni qoniqtirmasligi va 2004 yilda AQSH ma’muriyati O’zbekiston bilan tuzgan strategik shartnomasini jiddiy nazardan o’tkazgani va O’zbekiston hukumati 2002 yildan beri siyosiy islohotlar o’tkazish borasida Vashingtonni aldab kelayapti, deb xulosa chiqargani hamda shartnomani bekor etgani aytiladi.

Ana shulardan kelib chiqib, kongresda yangi hujjatlar tayyorlanayotganiga ishora etiladi.

Bu gaplar shunchaki bir odamning emas, Markaziy Osiyo borasidagi siyosatni belgilovchi shaxsning gaplari bo’lgani, AQSH Karimov tomonida emas, balki o’zbek xalqi tomonida, deb aytishga asos yaratadi.

Keyingi paytda Karimov paytavasiga qurt tushgan odamdek tipirchilab qolgani ham ana shundan.

O’ziga xos bir mafiya

4 Aprel, 2005 yil.

SAVOL:Bugun O’zbekistonda o’ziga muxolifat ko’rinishini berayotganlarning ko’pchiligini rus tilida gaplashadiganlar tashkil qiladi. Ular o’zbek tilini o’rganmasdan qanday qilib hokimiyatga kelmoqchilar’ (Sulaymon).

JAVOB: Aslida har bir mamlakatda turli tillarda so’zlashuvchi turli xalqlarga ham ularning insoniy huquqlari kafolatlanishi kerak. Bu demokratiyaning shartlaridan biri.
Ammo ular shu mamlakatda yashaydilarmi uning qonunlari, tili, madaniyti va ana’nalarini hurmat qilishlari kerak. Masalan, Amerikada tilni bilmasdan ham yashash mumkin. Ammo eng keyingi odam bo’lib. Oldinga chiqish uchun esa ingliz tilini bilishingiz zarur.

O’zbekistonda yashagan rus tilida so’zlashuvchilar uchun qonun bir necha yil muhlat bergandi va ular haliga qadar o’rganmadilar. O’rganaman, degan odam bir tilni bir-ikki yilda o’rtacha darajada o’rganadi.

Ammo oradan 15 yil o’tdi va siz aytayotgan bugungi ‘muxolifatchilar’ haliga qadar o’zbek tilini bilmaydilar. Aslida bu o’zbek tili va o’zbek xalqi uchun qattiq haqorat, uning tilini mensimaslikdir.

Agar ‘muxolifatchiman’ demasalar, hokimiyat uchun kurashmasalar, ularni ham tushunish mumkin, eng keyingi odam bo’lib yashashni tanlabdilar, bu ularning haqqi deysiz.

Zotan siz aytgan guruhlarning maqsadi hukumatga kelish emas. Ular kela olmasliklarini va mo’jiza ro’y berib, kelgan taqdirda ham ishlay olmasliklarini juda yaxshi biladilar. Bugun maktablarda lotinda o’qitilmoqda. Kiril surib chiqarilmoqda. Shunday ekan, kelajakda ular mutloq chalasavod bo’lib qoladilar. Buni anglab turibdilar. Ammo tirikchilik’

Bugun Rossiyaga borsalar qora ish qilishlari kerak. O’zbekistonda esa ‘muxolifatchilik’ qilsalar dollarning ichida o’ynaydilar. Bugun dunyodagi juda ko’p tashkilotlardan ajratilayotgan million-million dollarlar asosan ana shu rus tilli guruhlarning qo’liga o’tib ketmoqda. Ularning bergan sariq chaqasiga muhtoj bo’lgan mahalliy xalq vakillari ham orqalaridan ergashib yuribdilar.

Ular Karimov rejimi haqida yozgan hamma maqolalari, murojaatlari rus tilida. Shu bois ham hukumat ularga indamaydi. Chunki bu chetga chiqadi, ichkariga yo’nalgan emas, xalqni qo’zg’atishga yo’nalgan emas. Hatto ular tashkil qilgan veb sahifalarning ham o’zbek tilidagi bo’limlari yo’q, borlari esa nomigagina bo’lib, hech narsa qo’yilmaydi, balki xorijiy radiolarning saytlaridan u bu narsani ko’chirib qo’yadilar. Grant beruvchini shu yo’l bilan aldaydilar.

Ular radio ochishlari, gazeta chiqarishlari, kitob nashr etishlari, veb sahifalar yuritishlari mumkin. Diktaturaga zarar yetkazmaganlari uchun hukumat ularga deyarli indamaydi. Chegaradan bilib-bilmay o’tib qo’yganlarini esa ba’zan jilovlab turadi. Bu ham grantni ko’proq olishlari, G’arbdan siyosiy boshpana topishlari uchun ularning foydasiga ishlaydi.

Bugun ular turli huquqlar uchun kurash niqobi ostida o’ziga xos bir mafiyani tashkil qilganlar, desak yanglishmaymiz. Ular tuzgan yuzlab tashkilotlarning hatto ko’pchiligi ro’yxatdan o’tgan va bor-yo’qligini el bilmaydi.

Birgina AQSH muassasalari o’tgan yili shunday tashkilotlar orqali yigirma million dollardan ziyod yeb ketarga pul bergani hisobotlarda qayd qilingan. Agar dunyo bo’yicha hisoblab chiqsangiz bu guruhlarning qo’liga yilda yuz million dollardan ko’p mablag’ o’tmoqda. Shunday ekan, ularning o’zbek xalqi, tili, madaniyati bilan necha pullik ishlari bor’! Ular aslida yurakdan Karimovni qo’llaydilar va yo’liga, zaruratlari uchun ‘muxolifatchilik’ qiladilar.

O’zbekistonda shar’iy davlat qurib bo’lmaydi

4 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: “O’zbekistonda shar’iy davlat qurib bo’lmaydi” degan gapingizga ‘hozircha’ sharti bilan qo’shilaman…Buni ko’pgina katta olimlar ham ta’kidlashadi, xalqning hali dindan uzoqligi va diniy ilmlarni puxta egallagan mutaxassislarning yetarli emasligini hisobga olib, ba’zi olimlar 40 yil kerak deyishsa, ba’zilari bir avlod o’zgarishi kerak deyishadi…Nima bo’lganda ham hammalari “hozircha” imkoni yo’q degan narsani aytishadi…Shu o’rinda mening savolim:

Siz ham bahs yuritishni boshqacha tushinadigan bu xalq hali demokratiyadan uzoq deysiz (to’g’ridan’to’g’ri ko’chirma emas, gapingizni ma’nosi, agar to’g’ri tushungan bo’lsam)…Shunday ekan, xuddi shariatni tushunadigan odamlar yetarli bo’lmaganiday demokratiyani tushunadiganlarning kamligi demokratik davlat qurishni uzoqlashtirib yubormaydimi’ (Polvon).

JAVOB: Bahs yuritishni bilmaydi, deyish bu demokratiyadan uzoq, degani emas, balki demokratiyaning bir chashmasidan bebahra, deganidir. Demokratiya bu ummon. sizga ham, menga ham yetarli. O’ylaymanki, siz ham bu ummondan bahramand bo’lmoqdasiz. Aks taqdirda yuqoridagi kabi fikringizni emin-erkin ifoda etishingiz mushkul bo’lardi.

Men doim demokratiyaning ildizlari xalqimizning qonida, tafakkurida bor, deb kelaman. Masalan, demokratiyaning chashmalaridan bittasi odamlarning bir-biriga toqatli bo’lishi, har xil fikrlarni hurmat qilishi, gapiga qarab emas, ishiga qarab baho berishi, ko’pning muammosini bir kishiga yoki ilohiy kuchga tashlab qo’yish emas, balki ko’plashib hal etish’ bu millatimizning qonida bor.

Agar Navro’z kabi ana’nalarimizning xosiyatlarini sinchiklab o’rgansak, bu ildiz bir necha ming yillarga uzanishini ko’ramiz. Forobiyning demokratik boshqaruv haqidagi kitoblaridan, Sarbadorlar harakatiga, Buxoro amazonlaridan To’maris qahramonlariga, Xo’ja Nasriddin obrazidan Aldarko’sa hajviyalariga qadar hamma-hammasi xalqimizning demokratiyaga, turli fikrlilikka ochiqligini ko’rsatadi.

Ammo bugunga kelib, Karimovning zulm mashinasi ham o’zini demokratiya, deb atayotgani bois, xalqimizning ana shunday genetik xazinasiga putur yetmoqda. Ming yillar davomida yakkahokimlar, zulmdorlar, diktatorlar zulmi ostida yashab kelganiga qaramasdan demokratiya ruhini yo’qotmagan bu xalq ozgina imkon bo’lsa, bu niholni ulkan chinorga aylantiradi. Ammo bu ‘Olma pish og’zimga tush’ emas, siz aytgan kabi ancha vaqt talab qiladi.
Demokratiya dogma emasligi, o’z-o’zini yangilab, xatolarini tuzatib, o’rganib-o’rgatib boradigan tuzum ekanligini hisobga olsak, bu jarayon unchalik uzoqqa cho’zilmasligi ham mumkin.

Buning javobini topgan ertaning prezidentidir

5 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Yaqinda men “Ozodlik”radiosi orqali Jizzaxda bir inson huquqlari himoyachisini himoya qilib 400dan ortiq kishi qo’zg’alganini eshitdim, kecha katta gapirayotgan Jizzax viloyat hokimi Yomonqulov bir kunda yetib kelib, osh qilib, kechirim so’rabdi. Yoki biz ko’zlayotgan: elning qo’zg’alishi pishib yetilayaptimi’ Men tarixdan o’qiganlarim eski davrdan ko’’p qo’zg’olonlar stixiyali ravishda bo’lib, bir-biriga qo’shilib ketgan. Bu davlat xalqning birlashib ketishidan qo’rqadimi, siz nima deysiz’ (Akrom).

JAVOB: Odamlarning turli sabablar bilan ana shunday qo’zg’alishlari aslida hamma viloyatlarda, tez-tez yuz berib kelmoqda. Ammo ko’pchilik asosan Jizzaxda ro’y berayotgan voqealardan voqif bo’lmoqda. Bu esa jizzaxlik matonatli inson haqlari kurashchisi Baxtiyor Hamroyevning tinmay bong urishi natijasi, desak xato qilmaymiz.

Ayni paytda O’zbekiston Inson huquqlari jamiyatining raisi Tolib Yoqubov ham Jizzaxdan ekanligi bu viloyatdagi hodisalar jahon jamoatchiligi diqqatiga tez yetib borishiga bir omil bo’lmoqda deyishi mumkin. Buning uchun ularga qoyil qolish va minnatdorchilik bildirish kerak. Qani edi har bir viloyatdan ana shunday qo’rmas va irodasi metin bir necha kishi jar solib tursa, bugun dunyo yanada ko’p dahshatlardan voqif bo’lardi.

O’zbekistonda qo’zg’olonlar nafaqat yetilgan va balki yuz berib kelmoqda, ammo bular turli sabablar bilan bo’lib mamlakat miqyosida siyosiy qo’zg’olon darajasiga yetishi mushkul. Odamlar asosan o’zlarining yaqinlari qamalsagina piketga chiqmoqdalar, o’zlarining mulklariga hujum bo’lsagina norozilik bildirmoqdalar, kaltak o’zlarining boshlarida singandagina qo’zg’olonga qo’shilmoqdalar’ Bunday qo’zg’olonlarni bitta osh, yuzaki kechirim va yolg’on va’da bilan bostirib kelishmoqda. Agar bu yo’l ish bermasa, yoki odamlarning qo’shilib ketish shubhasi paydo bo’lsa jallod rahbarlar qurol ham qo’lalshdan qaytmaydilar. Ularning kechirim so’rashlari ularning xalqdan qo’rqqanlaridan emas, mansabdan ayrilib qolishdan qo’rqqanlaridandir.

Zotan ma’lumotlarga ko’ra, Jizzax voqeasidan Karimov xabardor bo’lgan va Mirziyoyev, Yomonqulov hamda Jizzax bo’yicha kurator G’aniyevlarga qanday bo’lsa ham tinchitlaring, degan. Aks taqdirda ularning kim bo’lishlaridan qat’iy nazar, teppada o’tirgan Aldarko’sa orqalariga tepishi aniq-da!
Bugunning eng dolzarb muammosi bu qo’zg’olonlarni qanday qilib siyosiy harakatlarga aylantirishdir. Buning javobini topgan va uddalay olgan guruh kelajakning hukumati va bunga bevosita liderlik qila olgan kishi esa ertaning prezidentidir.

Boshqa joylaringiz ochilib qolishi mumkin

6 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Adresimiz sizning sahifangizdagi xatlar bo’limida e’lon qilingandan keyin bizga ajabtovur maktublar kelmoqda, shunga nima deysiz’(O’quvchilar).

JAVOB: MXXni SNB ham deyishadi. Albatta, bu ruschadan ko’chirma. Endi u o’ziga ‘Xurshida’ deb nom qo’yganga o’xshaydi. Aks taqdirda veb sahifada elektron adreslari e’lon bo’lgan ba’zi o’quvchilarga mana bunday xatni yuborish kimga kerak’
xurshida_18@inbox.ru
ASALOMU ALAYKUM UZR MAILIZGA BERUHSAT XAT YULAGANIM UCHUN. BALKI MANDAN ANCHA KOTTADIRSIZ UNDAY BULSA SIZDAN UZR SURAB BITTA NARSA SURAMOQCHI EDIM AGAR ILOJI BUSA MAN HAM JAHONGIR AKAGA XAT YULASAM BULADIMI. MAN SIZLANI XATLARIZNI SAYTLADAN BIRIDA KURIB MANI HAM XAT YOZISH ISHTITOQI TUG’LDI. USHANI UCHUN AGAR SIZI AVORA QILMASAM MANGA TUSHUNTIRA OLMYSIZMI QANQA QILIB XAT YULASHNI ILTIMOS.MANGA YORDAM BERING. XURSHIDA.

Bechora “Xurshida’xon o’sha o’quvchilarga xat yo’llashni bilibdilaru, lekin kaminaga qanday qilib maktub yuborishni bilmabdilar-da. Balki shu yo’l bilan javob olib, (qizlarga xat yozishga shoshiladiganlar ko’p-da, ayniqsa, 18 yoshdaligiga sha’ma bo’lsa!) keyin xat yozuvchilarning qayerdanligini bilib olmoqchilarmi’ Balki ularni aldab-suldab ‘tuzoqqa’ tushirmoqchimilar’

Balki shu yo’l bilan vebsayt o’quvchilarini cho’chitib qo’ymoqchidirlar’! Lekin shu narsa aniq-ki, maktub yo’llagan ba’zi o’quvchilarning elektron adreslari sahifaga qo’yilgan bo’lsa-da MXX, ya’ni “Xurshida”xonning yosh bo’lishlariga qaramay ularning qayerdanligini aniqlash uchun tishlari o’tmabdi. O’tmaydi ham. Bu ham razolat botqog’iga botib ketayotgan rejimning, Karimovga qulluq qilayotgan “Xurshidaxon”larning basharsini ko’rsatadi.
Qolaversa, ‘Savol-Javob’ bo’limiga maktub yo’llayotgan o’quvchilarning faqat ismlarinigina keltirayotganimiz, yaqinda hakerlar bo’limini ishga tushirgan MXX-”Xurshida”xonni junbushga solayotgan ko’rinadi.

Shuni ham aytish kerak-ki, MXXning tuzog’iga ilingan ba’zi ‘yangi o’zbeklar’ ham turli maktublar, viruslar, spamlar yo’llab turadilar va qo’llaridan kelgani qadar harakat qilib, ‘Savol-Javob’larni, ‘Latifalar’ va “O’zbek radiosi javoblari”ni (buning ustiga “IAK”ning kirildagi varianti e’lon bo’la boshladi-JM) to’xtatishga urinmoqdalar. Ammo mehnatlari suvga oqmoqda.

Bu urinishlar O’zbekistondan kelayotgan turli xabarlar oqimini to’xtatishga ham qaratilgandir. Yo’lto’sarlik qiluvchilarga aytadiganim: yuzingizni kaltagina etagingiz(yubkangiz) bilan bekitib, Oy va haqiqiy Xurshidning yo’lini to’saman, deb urinsangiz boshqa joylaringiz ochilib qolishi mumkin. Shu bois, ko’p ham Islom akangizga ishonmang. Uning kuchi ketib puchi qolgan!

“Men prezidentlar bilan ish qilmayman”

7 Aprel, 2005 yil.

SAVOL:Karimov Hindistonga har yili bir marta boradigan bo’lib qoldi. Buning ortida biror sir bormi’(Yusuf, Komil, Bahrom, Oygul va boshqalar).

JAVOB: Har yili bir borganini bilmadimu, lekin kamida besh marta borib qaytganini bilaman. U hali prezident bo’lmasdan oldin ham Moskvada Gorbachevni to’ntarish voqeasi paytida Hindistonda edi va qaytayotib Yanayevga tabrik telegrammasi yo’llab, davlat ton’taruvchilari tarixiga kirgandi.(Bu haqda oqing: GKCHPdan chiqqan qahramon)

Shuni ham aytish kerak-ki, bugun Hindiston dunyoda demokratiya eng rivojlanayotgan katta o’lka. Saylovlardan boshlab so’z erkinligiga qadar oldinga qarab juda jiddiy siljishlar mavjud. Erkinlikka o’rganayotgan odamlar yakkahokim rejimlar bilan hamkorlik qilishlarida mushkulliklar chiqadi. Shu bois ham bu ikki o’lka o’rtasida imzolangan juda ko’p hujjatlar qog’ozda qolib ketmoqda. Bundan keyin ham shunday bo’lishi turgan gap.

Dunyoning metallurgiya sanoatiga deyarli sohiblik qilayotgan (Qozog’iston metallurgiya sanoati ham uning qo’lida-JM) milliarder, hind Lakshmi Mittalga “Olmaliq kon metallurgiya kombinatini sotib olish taklif qilinganda” u “Men prezidentlar bilan ish qilmayman” degan ekan.

Shunday bo’lgandan keyin Karimov yana nima uchun bordi’ Bu savolga javobni uning hozirgi vaziyatidan qidirmoq kerak. AQSh diktatorlarni yo’qotib demokratiya o’rnatamiz, deb ochiq aytmoqda. Amerikaning taniqli siyosatchilari O’zbekistonda ham demokratiya o’rnatilishinii talab qilmoqdalar.

Toshkent va Vashington orasidagi ikki tomonlama strategik hamkorlik shartnomasi bekor qilindi. Karimov jahlga minib, AQShning Toshkentdagi bir qator tashkilotlarini bekitdi. Afg’onistonga borgan Davlat kotibi Kondolizza Rays va keyinroq prezidentning rafiqasi Laura Bush ham O’zbekistonni chetlab o’tdilar.

Xullas, AQSh O’zbekistonni “tuzatilishi kerak” o’lkalar ro’yxatiga ola boshladi. Inqilob Karimovning eshigini qoqmoqda U tipirchilab, ham Rossiya bilan, ham Vashington bilan yaqin bo’lish yo’llarini izlamoqda. Ajabmas Hindistondan keyin Xitoy kabi yana bir katta mamlakatga borsa’! Ya’ni o’zini ko’rsatishga, diqqat markaziga tushishga, 2001 yildan keyingi ‘obro’yi’ doirasiga qaytishga urinmoqda. Lekin mushkul. Uning yolg’onga asoslangan siyosatining chuvi chiqib bo’ldi. Bugun endi uning nomini eshitganda yuzini burishtirmaydigan lider qolmadi, dunyoda.

Karimov Hindistonga borish oldidan, “Humoyun maqbarisiga borganda nimani niyat qilasiz’’ degan savolga umumiy javob qilib qo’ya qolgandi. Balki rostdan ham bu maqbarada niyat qilinganlar amalga oshadi, deb ishongan va “Meni inqilobdan asra. Vashingtonga yo’limni och!” deya niyat qilib qaytgan bo’lsa, ne ajab’! Bu yog’i endi bizga qorong’u.

U yog’i bilan, bu yog’ining farqi yo’q

8 Aprel, 2005 yil.

SAVOL:Yaqinda sobiq Adliya vaziri Palvonzodaning qochib ketgani haqida gap tarqaldi. Men bir narsaga hayronman. Yurtboshimizga sadoqat bilan xizmat qilgan insonlar ham tazyiqqa uchramoqdalar. Mana shunga o’xshagan voqealardan hozir sadoqat bilan xizmat qilayotgan amaldorlar nega o’zlariga xulosa qilishmayapti’(Akrom).

JAVOB: Bilasizmi, dunyoda o’tmishidan dars olmaydigan ikki guruh bo’lsa, bittasi, agar bitta bo’lsa, u ham O’zbek amaldorlar to’dasidir. O’zbek amaldorlar to’dasi bugun bilan yashaydigan, kecha va ertaning betiga tupuradigan antiqa, qo’rqoq, manqurtlardan tashkil topganki, ba’zan podadan farqi yo’q. Uruslar ‘Baran’ deganda ana shularni nazarda tutgan.

Bilasizmi, 1990 yillar boshida Davlat kotibi Rahim Rajabov, Oliy kengash raisi Mirzaolim Ibrohimov, Toshkent hokimi Adham Fozilbekov’ va bir qator hokimlar ishdan olinganda men maqolalar yozgan va qolganlarni bundan saboq olishga da’vat etgandim. Ammo’ Keyin Mavlon Umurzoqov, Ubay Abdurazzoqov, Shavkat Yo’ldoshev, Po’lat Abdurahmonov, Erkin Samandarov’ va hokazo va hokazolardan tortib hali kechagaina ‘urilgan’ Ismoil Jo’rabekov, Aziz Nosirovlar’ga qadar har bir sadoqatli qul(“Baran”) surilganda buni qolganlarga eslatib kelmoqdamiz. Ammo ularning qulog’i kar, bag’ri so’qir, siymosi cho’tir, yelkasii qo’tir’

Mansabda ekanliklarida Karimov ularning ko’kragiga orden taqadi, keyin quvib, qimirlamasinlar deb orqalariga qoziq tiqib qo’yadi. Ular ana shu qoziqqa o’rganib, miq etmay, sadolari chiqmay yotaveradilar. Ukraina, Gurjiston, Qirg’izistonda ishdan ketganlar inqilobning markazida turdilar. Bizda esa ketganlar inlariga kirib ketishlari… bu ham O’zbekning zehniyati!

Prezident devoni kadrlar boshqarmasining davlat siri darajasidagi statistikasiga ko’ra 15 yilda Prezident boshqaruvi nomenklaturasiga kirgan rahbarlardan 17 ming 469 kishi ishdan olingan. Bularning hammasi Karimovga sadoqat bilan xizmat qilib, keyin boshlariga urto’qmoq tushganlardir.

Polvonzoda masalasiga qaytadigan bo’lsak, Karimov 1990 yilda uni Oliy sud raisining o’rinbosarligiga tavsiya etganda, biz qarshi chiqqanmiz, shunda Karimov
“Polvonzoda Surxondaryolik tojik bo’lgani uchun qarshilik qilinmoqda’ deb gap tarqatgandi va demokratik deputatlarni ‘mot’ qilgandi. U Oliy Sudda va adliya vazirligida Karimovga sodiq it kabi xizmat qildi, mana endi g’imirlagan bit kabi Tojikistonda teshik-meshiklarda yurgan emish.

Dushanbedagilar “Bu yerga yaqin yo’lamasin, ko’rib qolsak, Karimovga ushlab berishga majbur bo’lamiz” deyishibdi. Rossiya esa unga tor. Hali olti oy oldin G’arbga la’nat toshlarini yog’dirgandi. Aslida bizdagilarning u yog’i bilan, bu yog’ining farqi yo’q. Kechagi gapini unutib, ertaga G’arbdan boshpana so’rashi ham mumkin.

Kommunistchasiga haqorat

9 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: O’zbek matbuotida Karimovning Ulug’ vatan urushi qatnashchilariga 20 ming AQSh dollari miqdorida pul va yangi tashkil qilingan medal berajagi haqidagi farmoni keng targ’ib qilinmoqda. U ilgari 9-Mayni Xotira kuni, deb o’zgartirgan edi, endi shu kuni g’alabaning 60 yilligini nishonlamoqchimi’ Bu orqaga qaytish emasmi’(Jabbor).

JAVOB:Orqaga qaytish uning qonida bo’lgan kasallikdir. Shu kasallik bo’lmaganda O’zbekiston bugun feodalizm davriga qaytmagan va Markaziy Osiyodagi qoloq mamlakatlardan biriga aylanmagan bo’lardi.

Uning farmoni masalasiga kelsak, bu Aldarko’saning navbatdagi yolg’onidir. Ilgari u Ulug’ Vatan urushi qatnashchilariga bepul mashina beraman, deb farmon chiqarganda ham ‘Bu uning cho’pchagi’ deb yozgan edim. Shunday bo’ldi, birorta faxriy bepul mashina olgan emas.
Bugun endi u faxriylarga g’amaxo’rlik qilish niqobi bilan boshqalarni aldamoqchi. Ko’rdingizmi, xazinadagi pulni kimlarga berayapman, demoqchi. Sho’rlik O’zbek, do’pini olib qo’yib, o’ylab o’tirmaydi va ‘Ha, qaraya!’ deb ishonib ketaveradi.

Aslida esa 1941 yilda 17 yoshida bo’lgan askar agar tirik qolgan bo’lsa bugun 2005 yilda 81 yoshga kirishi kerak. O’zbekistonda o’rtacha umr ko’rish 61 yil. Bu ham sog’-salomat, paxta dalalarida zaharlanmay qolgan, ovqatga to’yib yurgan bo’lsangiz.

Faxriylar esa deyarli xasta odamlardir. Tasavvur qiling, O’zbekistonda qancha faxriy qoldi’ Karimov ularning nomlarini qo’llanib o’z kursisini mustahkamlamoqchi.
Ayni paytda u Turkiston legionida ruslarga, stalinchilarga qarshi kurashgan Boymirza Hayitlarni, safdoshlarini kommunistchasiga haqorat qilmoqda.

Yana bu bilan Sovet Ittifoqi hali ham bizning Ona vatanimiz, Ulug’ vatanimiz, degan ruhni o’ldirmoqchi emasligini ko’rsatmoqchi va 9- May kuni og’asi Putinning yonida turishiga zamin hozirlamoqda.

“Turonzamin” va “Harakat”

10 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: “Harakat” web saytida odamlardan yordam puli so’rab yozilgan e’londa o’z jurnallarini hukumatdan mustaqil bo’lgan yagona jurnal deyilgan va yagona so’zi alohida ajratib ko’rsatilgan. Nima, siz chiqarayotgan va mazmunan “Harakat”dan ustun bo’lgan “Turonzamin” jurnali hukumatdan mustaqil emasmi’ (Bahodir).

JAVOB: Avvalo bergan bahoingiz uchun rahmat va buni jurnalni yanada yaxshilash kerak, degan taklif sifatida qabul qilamiz.

Biz chiqaroytgan jurnal nafaqat hukumatga balki ayrim shaxslar va guruhlarga ham tobe emasligi uning birinchi sahifasida yozib qo’yilgan. Bu esa jurnal kimlardandir to’plangan pul evaziga emas, shaxsiy tashabbus evaziga chiqayotganini ko’rsatadi.

Aytib qo’yishim kerak, O’zbekistonda bu ishni shaxsiy tarzda bajarish qiyin. Ammo xorijda unchalik qiyin emas. Vatan sevgisi va xolis niyat bo’lsa bas. Albatta, maqsad pul topishga qaratilgan bo’lsa, bu endi boshqa masala.

“Yagona..” kalimasiga kelsak, haqiqatdan ham bir paytlar “Harakat” yagona mustaqil jurnal edi, ammo bugun emas. Shu bois bu e’lonni yozgan odamning manmanligi yoki dunyodan bexabarlirini ko’rsatadi, xolos.

Aslida bunday narsalarga e’tibor qilmasdan, diqqatni O’zbekistonda hukm surayotgan qattol zulm o’rnida demokratiya o’rnatishga qaratish kerak. Bu esa manmanlik, dunyobexabarlik emas, demokratiya tarafdorlarining g’oyaviy hamkorligi va birligini talab etadi.

Shu o’rinda aytish kerak-ki, keyingi paytda jurnalga o’z yozuvlarini yuborayotgan o’quvchilar ko’paydi. Ular bu ishni xolis niyat uchun, vatanga xizmat uchun qilmoqdalar va bu bilan O’zbek jamiyatida bo’layotgan voqealarga befarq qarmaydiganlar ko’payib borayotganini ko’rsatmoqdalar.

“Samara”

12 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Kecha ‘Ozodlik’ radiosining “Qurultoy” programmasida jumladan, Sizning jurnalist Ismat Xushev bilan tortishuvunguzni tingladik. Ismat Xushev o’z so’zida ‘Islom Karimov dastlabki besh yillik faoliyatida demokratiya uchun, o’zbek xalqi, O’zbekiston uchun juda katta xizmat qilgan edi’ dedi. Siz esa bunga qarshi chiqdingiz, Ismat Xushevga ‘Islom Karimovning xizmatlarini sanab ber,’ deganingizga qaramay, sanab bermadi, xo’sh siz Karimovning shu yillarda demokratiya, o’zbek xalqi, O’zbekistonga qarshi xizmatlarini sabab berishingiz mumkinmi’(Sulaymon).

JAVOB: Men buni qachonlardir birma-bir sanab qo’yganman. “IAK” hujjatli romanining
KUCH ADOLATDAMI, ADOLAT KUCHDAMI’
deb nomlangan bo’limi Islom Karimovning 1990 yillar boshidagi bevosita demokratiya, o’zbek xalqi, O’zbekistonga ‘xizmatlari’ haqidadir. Umuman bu hujjatli romanda Karimovning asosan o’sha yillardagi ‘xizmatlari’ qalamga olingan.

Shuningdek ‘O’zligim’ roman-pamfletida ham Islom Karimovning dastalabki besh yildagi besh tamoyili va “samarasi” haqida so’z boradi. Shu bois qayta takrorlashga hojat bolmasa kerak’!

Mos keladigan odam

13 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Rangli revolutsiyalar to’g’risida gap ketganda, “AQSh ga mos keladigan odam” degan atama to’g’risida so’z ketadi, ya’ni AQSh o’ziga mos keladigan odamni prezident bo’lishiga yordam beradi, degan tushuncha bor. Sizning fikringizcha o’sha odam qaysi jihatlari bilan AQSh ga mos kelishi kerak’ Bo’lg’o’si prezidentga qanaqa talablar qo’yishi mumkin’(Polvon).

JAVOB: Inqiloblarni AQSh tayyorlamaydi, balki diktatorlar, yakkahokimlar ‘tayyorlaydilar’ va olomon amalga oshiradi. Shunday paytda boshqaruv kimning qo’liga o’tishi masalasida har kim o’z manfaatidan kelib chiqib, yordam beradi. Hech kim o’z manfaatiga zid ish qilmaydi, buni kutish axmoqlikdir.

Qaysi kuch demokratiyani qo’llasa, AQSHga ham, Avropaga ham mos kelishi va yordam olishi mumkin. Bu asosiy mezon. Qolganlari esa har ikki tomonning turli manfaatlardan kelib chiqadi.

Siz Karzayni(Afg’oniston) AQShga mos odam deyishingiz mumkin. To’g’ri. U baribir oson bo’lmagan saylovdan o’tdi va yana bir murakkab saylov bilan yuzlashib turibdi.

Demokratiya boshlangan joyda, baribir asosiy gapni xalq aytadi. Iroqda AQShga mos deyilgan odam-Alaviy qolib, mos emas deyilgan-Ja’fariy Bosh vazirlikka, ya’ni asosiy rahbarlikka saylandi. U dindor, islomiy partiyaning vakili. Ammo demokratiyani inkor etmaydi.
Qirg’izistonda esa Putin va Karimovga mos bo’lgan Boqiyev hukumat teppasida. Lekin u o’zini demokratiya tomonida qilib ko’rsatmoqda va demokratiya yo’lidan borishga intilmoqda.

Yushchenko(Ukraina) AQSh bilan hamkorlik qilib, Avropa bilan esa birlashmoqchi. Saakashvilli(Gurjiston) ham ayni qanoatda. Lekin hammasi demokratiyani inkor etmagani bois diqqat markazida.

Demak, bo’lg’usi O’zbek prezidentiga ham birinchi qo’yiladigan talab uning demokrat bo’lishi, demokratiyani rad etmasligi va ikkinchi talab mamlakatning xalqi tomonidan demokratik yo’l bilan belgilangan milliy manfaatlarni himoya qila olish qobiliyati ega bo’lishi shartligidir.

Inqilobni chetdan turib boshqarish mumkin emas

13 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Siz inqilobni chetdan turib boshqarish mumkin emas, deysiz. Mana Lenin va Xumayniylar chetdan turib shunga muvaffaq bo’lganlarku’(Ulug’bek)

JAVOB: Lenin tashqarida bo’lgan, ammo davlat tontarilishidan oldin Rossiyaga borib, bevosita bu ishga rahbarlik qilgan. Garchi 70 yil uni ‘inqilob’ deb atagan bo’lsak-da u inqilob emas edi. Mening nazarimda inqilob bu asosiy xalqning xoxishini ifoda etgan tushuncha bo’lishi kerak. Kommunistlar esa juda ozchilik edilar, ammo kuch bilan hokimiyatni qo’lga kiritib, xalqni zulm bilan boshqardilar, millionlab odamlarni gumdon qildilar.

Humayni masalasida ham garchi ‘Eron inqilobi’ deyilsa-da aslida butun xalqning xoxishiga zid ish qilingandi. Bugun agar ochiq saylov bo’ladigan bo’lsa, ko’pchilik bu rejimi qo’llamasa kerak. Tez-tez bo’lib turgan namoyishlar shundan darak bermoqda. Shuni bilgani uchun ham Xatami islohot qilaman, deb hokimiyat teppasiga kelgandi.

O’zbeksitonga unisi ham, bunisi ham to’g’ri kelmaydi. Har ikkalasi ham o’z nomini xalq hokimiyati deb qo’ygan bo’lsa-da aslida xalqning boshqaruvini, siyosiy erkinliklarni rad etadi.

Chetdan turib davlat to’narishi bilan hokimiyatni qo’lga kiritish va so’ngra xalqqa diktat qilish tajribasi ko’p bo’lgan. Ammo O’zbekistondagi diktatura sharoiti bilan Erondagi shoh davri va Chor Rossiyasidagi davrni tengashtirib bo’lmaydi. Yer bilan osmoncha farqi bor.

10 Aprel, 2005 yil.

SAVOL:Faraz qiling, Amerika Karimovni almashtirishga qaror qildi va uning o’rniga kimni tanlashi mumkin’(Komil, 2005 yil, 14 Aprel)

JAVOB: Faraz qilishimiz mumkin. Agar Kongres, Prezident va Pentagon ‘Karimov ketishi kerak, u Amerika manfaatlariga ziyon yetkazmoqda’ degan qarorga kelishsa va buni birinchi galdagi masalalar jumlasiga kiritishsa, (Hali bunday qarorga kelingan emas) tabiiyki, nomzodlar ko’p.

Agar 100 foyizlik o’lchovda qaraydigan bo’lsak, shunday hol yuz berganda 50 foyizlik hissa Qodir G’ulomov va har biri 25 foyizlik hissalar Rustam Azimov hamda Sodiq Safoyevga tushadi.
Qolgan og’irlik voqealar rivoji, xalqning siyosiy faolligi, demokratiyaga xayrixoxligi bilan bog’liq bo’ladi. Bu nomzodlar demokratiyaga o’tish davrining qisqa muddatli ‘ko’prigi’ bo’lib qolishlari ham mumkin. Bu bir faraz.

10 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: O’zbekistonda Internet qattiq nazoratga olinmoqda. Bizning maktublarimizni ham o’qishlari mumkinmi’ Bu borada qonun ham chiqayotgan ekan, shu rostmi’(Abdumalik, 2005 yil, 14 Aprel).

JAVOB: Ha, rost. Masalan, Internet reytinglari uyushtirish va ommaviy joylarda Internetdan foydalanish haqida Karimov hukumati qonun loyihasi tayyorlagan va shu yilning Sentyabr oyiga qadar qabul qilinmoqchi.
Bu yo’l bilan kimnidir qo’rqitishlari va hatto ushlab ‘jazolashlari’ ham mumkin. Ammo umumiy nuqtai nazardan Internetni, ayniqsa, elektron pochtalarni nazorat qila olishmaydi.

Bugun O’zbekistonda kuniga ikki milliondan ziyod elektron maktub chiqar ekan. Demak, shuncha qaytib ham boradi. Bu raqam kundan-kunga ko’paymoqda. Qlaversa, bu taxmin qilingani. 750 ming kishining Internetga kirish imkoniyati bo’lgani bois shunday raqam taxmin qilingan bo’lsa kerak. Taxmin chetida qolgani yana shuncha. Buncha narsani faqat o’qib chiqish uchun MXXga kamida bir millonta shtat, ya’ni ish joyi kerak. Bunga esa hukumat qodir emas. Hukumat Internetni nazorat qilaman, deb o’rgimchak iniga kirib qoladi.

Mana men yashirmasdan aytaman. Besh yildan beri Prezident devoni va hukumatdagi tanishlarimdan elektron maktublar olaman. Ammo bugunga qadar MXX ulardan birortasini ham ushlay olmadi. Hatto kechalari kelib, ularning komputerlarini tekshirib ham ketishgan.

Ulardan birining kecha yozgan elektron xatiga ko’ra, ‘O’zbekkino’ direktorligidan yana Prezident Devoniga qaytib olib kelingan Murod Muhammad Do’st bundan keyin Internetda chiqayotgan rus tilidagi tanqidiy chiqishlarga qarshi propaganda materiallari tayyorlash va tarqatish bilan shug’ullanadi. Shuning o’zi ham hukumat Internetni cheklay olmasligini bilganidan darak beradi.

Dunyoda nufuzu katta bo’lgan, G’arbda joylashgan Internet xizmatlari(Masalan, yahoo.com kabi) orqali maktub yuborsangiz, MXX hech qachon o’qiy olmaydi. Faqat parolingizni yangilab turishingiz va lug’atlarda uchramaydigan so’zlar hamda turli raqamlar birikmasidan parol tuzishingiz kerak bo’ladi.

SAVOL: Jo’rabekov qochib ketibdi, degan gaplar tarqaldi. U AQSHda emasmi’(Jo’raqul, 2005 yil, 14 Aprel).

10 Aprel, 2005 yil.

JAVOB: Yo’q. Ismoil Jo’rabekov Moskvaga yaqin bir shaharda va har yili bahorda o’sha yerdagi ilmiy tekshirish institutida qonini to’la almashtiradi. Uning qon hujayralarida oq tanachalar ko’payishi xastaligiga uchraganiga ancha bo’lgan. Bunday kasallar tez olamdan o’tib ketadilar. Ammo juda katta pul evaziga vujuddagi qonni butunlay almashtirib yashayotganlar barmoq bilan sanarlidir. Shulardan biri Jo’rabekov. Buni Karimov ham yaxshi biladi. Uni qamasa, yoki, tashqariga chiqishiga izn bermasa, o’lib qolishini ham biladi. Jo’rabekov ham ana shu tuzoqa tushib qolmaslikni o’ylab, chora ko’rishi tabiiy.

Ishonchli ma’lumotlarga ko’ra Jo’rabekovning hamma qarindoshlari Samarqandda, eski ishlarida ishlab yurishibdi. Ukasi viloyat miqyosidagi ishda. Viloyat hokimi esa Jo’rabekovga sodiq odamlardan biri.

“Ismoil Hakimovich xotini Sora opa bilan birga Moskvada, bolalari va yaqinlari ularni ziyorat qilish uchun borib kelib yuribdilar”, deyiladi bu borada olingan elektron maktubda.

15 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: O’zteleradio kompaniyasining raisi Abdusaid Ko’chimov nega ishdan olindi, deb o’ylaysiz’ (Komiljon, 2005 yil, 14 Aprel).

JAVOB:Prezident Devonidan olingan xabarga ko’ra, bu Qirg’izistonda yuz bergan voqealardan chiqarilgan ‘saboq’ turkumiga kiradi. Inqilobda televideniye va radio muhim nuqta hisoblangani uchun Karimov bu joyga MXX rezervida bo’lgan odamni qo’yishni rejalagan. MXXning rezrevida turgan 42 yoshli Alisher Xo’jayev(Toshkent viloyatida tug’ilgan, SamDUda fizikani oq’igan)ning bu vazifaga tayinlanishi Karimovning Sovet davri tajribasidan ham ilgari ketganini ko’rsatadi. U paytda bu idora raisining birinchi o’rinbosari KGB rezervida turardi.
Qirgiz voqealarining yoritilish jarayoni ham Karimovni qoniqtirmagan. Shu bois Ko’chimovga o’rinbosar bo’lgan Faxriddin Nizomov va Nizomiddin Mahmudovlar ham ishdan olingan.

Keyingi paytda yuz bergan bir voqea jamoatchilkning e’tiboridan chetda qoldi. Karimov MXX va Bosh prokraturani hukumat tarkibiga qo’shmasdan, bevosita Prezident Devonining boshqarmasiga aylantirdi. Shu bois ham bu idora rahbarlarini hukumat tarkibiga kirgan vazirliklar rahbarlaridan ayri Farmon bilan tayinladi. Bir tomondan ko’pgina vazirliklarni hukumatga, Mirziyoyev qo’l ostiga berib, ikkinchi tomondan bu idoralarga MXX vakilini qo’yib, sirtdan nazorat o’rnatmoqda.

Karimov Ko’chimovni qabul qilishni ham istamagan, ammo Devonda asosiy odam darajasiga yetib qolgan maslahatchi Xayriddin Sultonovning iltimosi bilan u kompaniya raisining radio bo’yicha o’rinbosarligida qoldirilgan. Murod Muhammad Do’stni ham o’z qo’l ostiga ishga olganini nazarda tutsak, bugun yozuvchi Xayriddin Sultonov(Toshkent viloyatida tug’ilgan) Karimovning o’ng qo’liga aylanganiga shubha qolmaydi. Lekin kelgusida Murod Muhammad Do’st yana Karimovning ko’nglini topishi va Sultonovning ostiga suv quyishiga ham shubha yo’q.

16 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Islom Karimov haqidagi “IAK” hujjatli romaningizni qiziqish bilan tanishib borayapman. Menda bir savol tug’ildi, prezidentimizni O’zbekiston Respublikasi kommunistlarining birinchi kotibi bo’lishida ayol kishi sababchi bo’lgan ekan. U bir zamonlar Oliy majlisda qo’mita raisasi bo’lgan ekan. Shu haqda ma’lumot bera olasizmi’ (Akrom).

JAVOB: Har holda siz mening ikki yil oldin ‘Amerika ovozi’da O’zbekiston Oliy majlisida 1990 yillar boshida qo’mita raisi bo’lgan Halima Usmonova bilan o’tkazgan muloqotim haqida eshitgan bo’lishingiz mumkin. ‘Sadoqatga xiyonat’ deb deb nomlangan ushbu muloqotda Halima Usmonova Toshkent shahridagi tumanlardan birining rahbari ekan, Shukrulla Mirsaidovning topshirig’i bilan Karimovni qattiq himoya qilganini aytgandi.

Gap shundaki, Karimov Qashqadaryo viloyat qo’mitasining birinchi kotibi ekan, Moskvadan kelgan Gdlyanchi ‘tozalovchilar’ yordamida uning nomzodi birinchi kotiblikka ko’rsatiladi. KPSS MKning ikkinchi kotibi Yegor Kuzmich Ligachev Surxondaryo viloyati rahbari Mamarasulovga rozilik berib, Karimov nomzodini qaytaradi. Bunga uning akasi va ukasi qamoqda ekanligi sabab qilib ko’rsatiladi.

Shunda Mirsaidov ishga tushadi. Mamarasulovga vazifa rad ettiriladi. Gorbachev O’zbekiston KP MKsi masalani ko’rib chiqsin, deydi va plenumda katta muhokama bo’ladi. Hamma chiqib ‘Nima uchun birov akasi yoki ukasi uchun javob berishi kerak’’ degan masalani qo’yadilar. Halima Usmonova ana shu muhokamaga va keyin parlament sessiyalarida ham Karimovni himoya qilganiga, ammo oqibatda sadoqatiga xiyonat bo’lganiga ishora etgandi.

Shuni aytish kerak-ki, o’sha plenumda eng ‘yorqin’ nutqni Po’lat Majidovich Abdurahmonov so’zlagan va uning nutqi bir necha marta oldindan rejalangan olqishlar bilan bo’lingan. Bundan ta’sirlangan Karimov uni Samarqand viloyatiga rahbar qilib qo’ydi va u rejim muxoliflarining qarindoshlariga qadar qatag’on etdi.
Karimov ham odamlarning aka-ukalarigina emas, balki ota-onalari, qarindoshlarigacha mas’ul, degan qatag’on tajribasini o’rnatdi. Ya’ni jallodligi bilan mashhur bo’lgan kommunistboshi Ligachevdan ham o’tib ketdi. ‘Tabib tabib emas, boshiga tushgan tabib’ degan gap ham bekor ekan!

17 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: O’sib turgan olmalarning hammasi sifati past olmalar bo’lsa , ichidagi yaxshirog’ini tanlab, shunisi yetarli, deyish kerakmi, yoki bir vaqtlarda yaxshi meva bergan, lekin dushmanlar tomonidan kesib tashlangan yaxshi olmalarni tiklash kerakmi’(Polvon).

JAVOB: O’sha yo’qolib ketgan olmaning niholini yoki urug’ini qaysi bozordan sotib olish kerak’ Yoki ko’rmasdan turib, bitta olma ko’chatini ekib, bepusht chiqsa mehnatingiz va umringiz zoye ketsa ham maylimi’

Bir paytlar ko’karib, endi hech qayerda ko’karmayotgan yoki ko’karsa ham mevasiz, quruq daraxtga aylanib qolayotgan bo’lsa-chi’ O’shanda ham yo’q, mana men eksam, hosil beradi, deysimi’ Kim ishonadi, kim yo’q..

Hamma ham ko’chatini maqtab sotadi. Mening ko’chatim chirik olma beradi, deydigan odamni tentak deyishingiz aniq. Shuning uchun payvand paytida yoki ko’chat o’tqazishda tavakkal qilgan emas, borlarini ko’rib, orasidan yaxshisini yeb ko’rib, keyin o’shandan nihol yoki qalamcha olgan yutadi.
Ammo bu bilan masala hal bo’lmaydi. Asosiy gap parvarishda. Parvarish qila olmasangiz har qanday ko’chat ham qurib qoladi

17 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Mani navbatdagi savolim O’zbekning yer osti boyliklari haqida, to’g’rirog’i, rangli metallar haqida…
Eshitishimcha, Kuchirskiy hamma narsani Rossiyaga tashiyotgan ekan, unga hech kim g’ing deyolmas emish…Bu odamni qilayotgan ishlaridan Diktator xabardor bo’lsa kerak’ Yoki xabari bo’lsa ham hech narsa qilolmaydimi’ Butun RMZ nining idora xodimlari ruslar, ichki nazoratchilari ham ruslar, bitta ham o’’zbek xodim yo’’q, eng alamlisi, shu oltinlar hisobiga ularning bolalari MGU da mazza qilib u’qib yurishibdi, har biriga alohida uy ham olib berishgan…Oltinlar O’zbeklarnikimi yoki bu kelgindilarnikimi’ (Polvon).

JAVOB: Bu savol 1990 yillar boshida ham xuddi ana shu shaklda qo’yilgan va bugunga qadar hech narsa o’zgargan emas. Faqat o’zgargan narsa shuku oltinlar bitta qo’ldan ikkinchi qo’lga o’tdi va endi Karimovning shaxsiy mulkiga aylangan.
Bu Davlat sirigina emas, Karimovning siri bo’lib qoldi. Istasa, Rossiyaga, istasa dunyoning nariga chetiga tashimoqda.
Shu kunlarda uning qizi ham hamma boyliklarini (O’zbek xalqining boylikarini-JM) O’zbekistonda tashqariga chiqarmoqda.

Kucherskiy esa Karimovning laychasi. Har holda topshiriq ‘xazinabon’dan bo’lganga o’xshaydi. Qirg’izistonda bir kunda suvlar teskari oqib ketganidek bir hol yuz berib qolsa, nima qilaman, degan tashvishda har ehtimolga qarshi oltinlarni chetga chiqarotganlariga shubha yo’q.
Qachonki, O’zbekistonda xalq boshqaruvi o’rnatilsa ana o’shanda oltinlar haqida ochiq so’rash, ochiq yozish mumkin va o’shandagina bu boylik xalqning mulkiga aylanadi.

18 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Sizning Islom Karimov haqidagi “IAK” romaningizni juda qiziqish bilan o’qib bormoqdaman. Oldin ‘Quvg’in’ вa ‘O’zligim’ni ham o’qib chiqqandim. IAK kitobining bosh qismida boshqalar ham Karimov haqida bilganlarini yozib borsinlar, degan da’vatingiz meni o’ylatib qo’ydi. Nishonovdan boshlab, Bobur Malikov, Abduraxim Pulatov, Muhammad Solih va yana O’zbekistondan chiqib ketgan yuzdan ortiq odam Karimov bilan uchrashgan va u haqida nimalarnidir bilishlari kerak. Lekin nima uchun bugungacha bu haqida yozmadilar. Yoki yozganlari boru men o’qiganim yo’qmi’
Hozir Jurabekov, Polvonzoda, Xushev ko’p sirni biladilar, deb ularni yozishlarini kutsak, yana 15 yil o’tib ketsa kerak. Yaqinda qochib ketgan Ismat Xushev ham o’zining bachkanaliklari haqida oldi-qochdi gaplarni yozishdan nariga o’tmayapti. Uni 40 yil oldin Abdulla Oripovning yoqasi yag’ir qo’ylagini maqtanib kiygani kimga qiziq’ Bugun odamlarga bu emas, uning Karimov haqida bilganlari kerak. Diktatorni fosh qiladigan voqealarni aytib bersin va bu ishhni tezroq qilsin. Karimov tirikligida yozilmagan narsaning keyin bir tiyinga ham keragi yo’q deb tushunaman. Yoki u ham hozir shunaqa qilib vaqtni cho’zib Karimovning o’lishini kutmoqdami?

Insonga hayotida katta imkoniyatlar juda kam beriladi. Sizlarga, Karimovni shaxsan tanigan va bilgan shaxslarga O’zbekistonning birinchi diktatorining xarakteri, kim ekanligi, qanaqa odamligini bizlarga tanitish imkoniyati berilgan. Buni Sizdan boshqa hech kimning kitobidan topmadim. Siz 15 yil oldin ham yozgan ekansiz, bugun ham yozayapsiz. O’zingiz qayerdadir aytgan kabi Karimovni qora qilmishlari bilan birga tarixga mixlab qo’ydingiz. Bu xizmatingiz nomingizni abadiy qilishiga shubham yo’q.

Agar boshqlarning ham Karimov haqida bevosita bilganlarini yozgan kitoblari bo’lsa ma’lumot berishingiz mumkinmi’ Yoki e-mailmni ham e’lon qilsangiz, agar ularning o’zlari bu haqda menga ma’lumot bersalar, xato qilgan bo’lsam kechirim so’ragan bo’lardim. Men yosh jurnalistman, juda qiziqaman, Karimovni tanigan odamlarning u haqidagi xotiralariga, kim ham qiziqmaydi? (Sherzod, asherzodbek@yahoo.com).

JAVOB: Siz meni 15 yildan beri o’rtagan muammoni tilga keltiribsiz. Haqiqatan ham chetga chiqqanlar hech narsa qila olmasalar-da bugunga qadar Karimovni fosh qilishlari mumkin va bu siz aytgan kabi ularning oldidan chiqqan imkoniyat. Balki Muhammad Solih va Abdurahim Po’lat Karimov bilan yuzma-yuz uchrashuvlari davomida uni o’rganlari haqida bir narsalar yozgan bo’lishlari mumkin, ammo ularning bunday kitoblariga ko’zim tushgan emas, o’qiganim yo’q.

Siz aytgan imkoniyat Maqsudiylar oldida ham paydo bo’ldi. Ular menga aytganlaridan o’tib, hali biror yangi gap aytganlari emas. To’g’ri, Karimovning sirlari sirligicha qolib ketmaydi, lekin bu uning tiriklida oshkor bo’lganda edi diktaturaning umrini qisqartirgan bo’lardi.

Aslida bir-ikki marta yoki uzoqdan kelib uchrashib ketish bilan bir odam haqida ko’p narsani o’rganish mushkul. Ammo siz aytgan ko’pchilik Karimov bilan deyarli har kun bo’lmasa ham, kun ora uchrashgan bo’lishi mumkin. Men ayniqsa, sobiq Adliya vaziri Muhammad Bobir Malikovdan ko’p narsa kutgandim. U bugunga qadar Karimov shaxsi va qilmishlari haqidagi bilganlarini sir saqlab keldi. Balki unga sherikligi ochilib qolishidan qo’rqqan bo’lishi mumkin. Ammo tarix oldida va vijdoni oldida o’zini tozalab olgan bo’lardi. Bugun endi uning partiya tuzdim, deb haliga qadar ham Karimov haqida hech narsa demasligi samimiyatini ko’rsatmaydi. Xuddi shu kabi uning taqdirdoshi va izdoshi Polvonzoda ham hech qachon bir narsa yozmaydi. Unga ham qo’rqoqlik qo’ndoqda tekkan.

Karimovni yillar davomida maqtab, unga tilyog’lamalik qilganlar uchun chetga chiqish oz’larini oqlashlari yo’lida Tangridan berilgan ino’mdir. Ana shu ino’mni oyoq-osti qilgan odamlar hech qachon xalq, millat va Vatan tomonida bo’la olmaydilar. Ular doim o’zlarining tor manfaatlari, qo’rquvlari, hadiksirashlari atrofida aylanib yuraveradilar va o’rgimchak inidan tashqariga chiqa olmaydilar.

Bu balki umumiy fojeamizdir. Aks taqdirda Karimovni bevoista bilganlar bugunga qadar mum yutib yurmasdilar va Karimov haqida kamida yuz tomlik qora kitob nashrdan chiqqan bo’lardi.

19 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Nima sababdan odamlar (ko’pchilikni nazarda tutayapman) muxolifatchilarga yaxshi nazar bilan qaramaydilaru, mansabdagi to’ralarga ta’zim qiladilar’ (Zulfiya, 2005 yil, 19 Aprel)

JAVOB: Agar o’sha muxolifatchi ham yangi kostum-shim kiyib, bo’yniga bo’yinbog’ bog’lab, eshigining yoniga kelgan hukumat mashinasiga minib ketsa, butun mahallaning qarashi bir kunda o’zgaradi. Mabodo hukumat majlislarida qatnashib televizorda ko’rinib qolsa bormi, uning yo’liga poyondoz soladigan bo’ladilar.
Bu zehniyatdagi, ko’proq bizga xos bo’lgan yana bir nuqs. Insonni emas, mansabini hurmat qilish nuqsi. Adolatga emas, manfaat keladigan joyga talpinish nuqsi. Agar prezidentning o’rniga bitta eshakni o’tqizib qo’ysangiz ham uning oyog’ini o’padiganlar son-sanoqsiz bo’ladi. Nega bizga eshak bosh bo’lib qoldi, deb so’raydigan esa oz bo’ladi.

Zehniyatdagi bu do’g bugun paydo bo’lgan emas. Nasriddin Afandining oltin tug’adigan eshagiga qancha odam sig’ingani haqidagi kabi latifalar bu illatning ildizi uzoqlardan kelishini ko’rsatadi. Bir tomondan masxara qilib, ikkinchi tomondan o’zi ham shu yo’lga yurishi bu ham zehniyatdagi zangdir.
Mansabga mingan kun odamlar nazdida shohga, mansabdan ketgan kun gadoga aylanish, mansabda ekan davralarining to’rini unga berib, mansabdan ketishi bilan ostonadan ham joy bermaslik odatlari ham diktaturaning umrini cho’zayotgan ‘darmon’dir.

Siz aytgan muxolifatchi o’zini o’ylamasdan bechora odamlar haqida qayg’urayotganiga ko’z yumib, haqlarini o’marayotgan, toptayotgan mansabdorga qulluq qilish zehniyatidan qutulmas ekanmiz jamiyatda ko’p narsa o’zgarmay qolaveradi.
Bu illatning ildiziga kerosin quyadigan ham- demokratiya.

Jurnalistlarni uch toifaga bo’lish mumkin

20 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Qaysi bir forumda bugungi o’zbek jurnalistikasi haqida gap ketganda bir kishi sizni “Imperialzm g’oyalarini targ’ib qiluvchi” deb aybladi. Uning bu gapi boshqalarga yoqmadi, lekin siz aytgan kabi bu ham fikr, shunga o’zingizning munosabatingiz qanday? Qolaversa, bugungi jurnalistlar haqida nima deya olasiz?(Mansur).

JAVOB: Agar “Imperializm” degani diktaturaga, zulmga qarshi kurash, bechora xalq tomonida turish va demokratiya, xalq boshqaruvini istash bo’lsa, u holda o’sha odam haq. Aslida diktaturaga qarshi bosh ko’tarishni, xalq hokimiyatini o’rnatishni “Imperializm go’yalari” deb jar solayotganlar oz emas. Shulardan biri Islom Karimovdir. Bugun Islom Karimov “maktabi’ning toliblari va hali jurnalistikada ko’ylaginining orqasini tepaga sanchoqlab qo’ygan bo’lakaydek ulg’aya olmayotganlar ham shu fikrdalar. Bundaylar anchagina. Yomon qovunning urug’i ko’p bo’ladi, deganlari bejiz emas.

Jurnalistlar haqida esa fikrimni ilgari yozgaman va hali ham o’sha qarashdaman. Jurnalistlarni uch toifaga bo’lish mumkin.

1.O’z joniga suiqasd qilganlar. Ular tug’ma qobiliyatga ega bo’ladilar va jurnalistlikdan adib, arbob darajasiga yetadilar.
So’z sehrini o’zlari ham his etadilar va o’quvchiga ham his ettiradilar. Yozganlari voqeaga aylanadi, esda qoladi, o’lmaydi. Ular umrlarini yozganlariga bag’ishlaydlar.

2. Chalajon jurnalistlar. Ular jurnalisitika bilan cheklanib qolgan ijodkorlardir. O’z iste’dodlarini qanday qilib ishga solishni bilmay yuradilar, yozganlari chala jon bo’lgani kabi o’zlari ham chala jondek ichki bir qiynalish bilan yashab o’tadilar.

3. Haykal jurnalistlar. Ular ishchan, ammo yozganlari loydan yasalgan va qurib qolgan haykalchalarga o’xshaydi. Ularni qup-quruq jurnalistlar ham deyish mumkin.Ularga ko’cha supurishni topshirsangiz ham qoyil qilib bajaradilar, ammo ko’cha iflos ko’rinaveradi. Birov ularning biror yozgan narsasini eslay olmaydi, ammo juda ko’p yozadilar.Mahmadanaliklari ham olamga sig’maydi. Ne darig’ki, bular ko’pchilikni tashkil qiladilar.

Shubha

21 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Ba’zi Internet saytlari O’zbekistonda senzuraga qarshi kurash kampaniyasi boshlatdilar va siz bu haqda hech narsa demadingiz. Shuning uchun savolim shunday, Odil Ruzaliey chiqarayotgan Uzland.info-http://www.uzland.info/index.html web sayti va uning hozir O’zbekistonda senzuraga qarshi kurash kampaniyasi haqida nima deya olasiz? .(Umida)

JAVOB: Men Odil Ruzaliyevni shaxsan tanimayman va uning o’zbek jurnalistikasiga gultoj bo’ladigan biror narsasini hali o’qiganim yo’q. Balki kelgusida o’qib qolarmiz. Ammo u webmaster bo’lgan sahifani vaqti-vaqti bilan ko’rib turaman. Ilgari bu web sahifa haqida “O’zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtirilmoqda” degan gaplar bor edi. Bunga menimcha, sahifada Karimov rejimining qarashlari targ’ib qilib kelingani, sahifa rejim maddohlarining minbariga aylangani, muxolifat, muxolif qarashlar, Karimov rejimining kirdikorlari haqida hech narsa bermasdan, bo’layotganlarga ko’z yumilgani sabab o’laroq xizmat qilgan bo’lsa kerak.

Darhaqiqat, ilgari sahifa Uzland.uz adresi bilan chiqqani (http://www.rferl.org/features/2003/01/31012003182158.aspham) va Karimov hukumati manfaatlarini himoya qilgani uning O’zbekiston rejimiga bog’liqligiga shubha qoldirmasdi. Keyin nimadir yuz berdi. Unda Karimov hukumatiga qarshi bo’lgan ba’zi maqolalar ham boshqa joylardan ko’chirib qo’yiladigan bo’ldi. Shunda ham juda ehtiyotkorlik bilan ish tutilgani, rejimning jahlini chiqarmaslikka intilingani sezilib turardi.
Diktaturaga har qancha egilmang, bir kuni bilmasdan uning oyog’ini bosib qo’ysangiz yoki chizib qo’yilgan chizig’idan chiqsangiz u sizni begona, deb e’lon qiladi, degan haqiqat mavjud. Har holda Odil Ruzaliyevning sahifasi bilan ham shunday bo’ldi .Bugun O’zbekiston rejimi unga ham ta’qiq qo’ygan bo’lsa kerak-ki u ba’zi sahifalarga qo’shilib Karimov rejimining senzurasiga qarshi kursh kampaniyasini davom ettirmoqda.Tribune-uz xodimining xorijiy radiolardan biriga aytishiga ko’ra, Karimov senzurasiga qarshi kurash tashabbusini Odil Ruzaliyev boshlatgan. Buni uchun uni qutlamoq kerak. Ha, kech bo’lsa-da haqiqatni anglagan odamlarni qutlash zarur. Shu nuqati nazardan Karimov senzurasiga qarshi kurash kampaniyasini davom ettirishda Odil Ruzaliyevga va sheriklariga kuch-quvvat tilaymiz.

Orada bir muddat o’lik bo’lib qolib, hozir “tirilgan” sahifasini esa, yanada ochiqroq, diktatura qilmishlarini fosh etishda yanada jasoratliroq o’ringa olib chiqishini tilaymaiz. Kundalik yangilik-sharhlarni faqat rus va ingliz tillarida to’plab qo’yish emas, balki muhimlarini o’zbek tiliga ham o’girib (tabiiyki bu oson ish emas) nashr etsa, diktaturaga qarshi kurash jabhasiga anchagina hissa qo’shgan bo’ladi.

Qachongacha adashish mumkin?

22 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Siz adashmasam, 1992 yilda Ismat Xushev haqida “Topponcha”ga javob” deb yozganingizda uni Karimov ishlatib, axlatxonaga tashlaydi, keyin yana bittasi topib olsa, yana qo’llanadi, deb yozganingiz esimda. Shunday bo’ldi ham. Karimov uni qo’llanib otib yubordi. Shunda ham u xulosa chiqarmay, 15 yil Karimovga maddohlik qildi. Endi chetga chiqib olib, “Men hurruyat uchun kurashgandim”deyayotganiga va boshqalarga maddohlik qilayotganiga yoqqamni ushlab qoldim. Nahotki, odam ham shuncha bezbet bo’lsa?

Sizga esa savolim, kecha Tribune-uz da uning maqolasini o’qidim. Karim Bahriyev haqida yozib 1992 yilda, uni Karimov vazir o’rinbosari, etib tayinlamoqchi edi, ammo (kinoya shaklida) “Keyin bu o’ringa Jahongir Mamatovni tayinlashadi”, deb yozgan. Kitobingizni o’qib chiqqanman va hech qayerda vazir o’rinbosari bo’lganingiz haqida gap yo’q. Shunga izoh berolmaysizmi? (Alimardon).

JAVOB: Aslida bunga izohni Xushevdan so’rash kerak edi. U keyingi paytda menga yozgan maktublarida tarixni yoritishda haqiqatga to’la rioya qilishni oldiga maqsad qilib qo’yganini ta’kildab kelmoqda va xatlar bo’limida ba’zilarini o’qishingiz ham mumkin. Ammo haqiqat tulkining kulkisi sher ketgandan keyin zaharga aylanadi, kabi bo’lmasligi kerak.

U bir kuni mening “IAK” hujjatli romanimda Jurnalistlar uyushmasi haqida yozganimga e’tiroz bildirib, u yerda Kompartiya MK Buyrosining a’zolari qatnashmagan edi, “Ko’pirtirib yozaversa bo’larkan-da” dedi kinoya qilib. Men bittalab, kimning qatnashgani, qayerda o’tirgani va nima deganini eslatganimdan keyin “Ha, yurishgan edi-ya, endi esladim” dedi.

Xuddi shunday, u “Ozodlik” radiosidagi muloqotimizda ham 1991 yildagi 7-sessiyada men o’sha yerda o’tirgan edim, deya u paytda Karimovni xalq istaganini iddao etdi. Demak, biz xalq istagiga qarshi bosh ko’targan ekanmiz-da! Balki xalq deganda u o’zini tushungan bo’lsa, u holda gapimni qaytib oldim.

Mazkur sessiyaning asosiy qismining matnini videolentadan so’z-ma-soz’ ko’chirib, “IAK” kitobida e’lon qilganman. Magnit lentasiga yozilgan yozuvi esa, “Amerika ovozi” radiosida e’lon qilingandi. Shunga qaramay u tarixni soxtalashtirishga va Karimovga qarshi kurash 1991 yilda boshlanganini rad etishga urinayotgan bo’lsa, bu juda jiddiy masala. Nahotki, yana topshiriq olib, tashqariga chiqqan bo’lsa? Yoki topshiriqni tashqaridan oldimi?

U “Ozodlik” radiosidagi muloqotda uyalmay netmay Karimov dastlabki besh yilda demokratiya uchun katta xizmat qildi, deb aytdi. Demak-ki, muxolifatni, hurriyat tarafdorlarini qatag’on qilish demokratiyaga xizmat ekan-da! Yoki Karimov suyak tashlab turganda “demokratiyaga xizmat qilmoqda”, tashlamaganda esa aksi bo’ladimi?

Qolaversa, “IAK” kitobining Saroyga oid qismlarini 15 yildan keyin xotirani titkilab emas, 1992-93 yillarda qoralaganman. “Erk” faoli, adiba Dilorom Isxoqova muharrirlik qilib, ko’rib bergan va muxolifatdan ko’pchilik o’qigan . Almatovning odamlari ham bir nusxasini olishgan va Karimovga yetkazgandan keyin meni quvg’in etib, qamoqda chiritmoqchi bo’lishgan.

Men kitobimda yozganimdek, qisqa muddat O’zbekiston Teleradio kompaniyasi raisining televideniye bo’yicha o’rinbosari bo’lganman va bu ishga 1991 yil oxirida tayinlanib, 1992 yilning Yanvar oyida Talabalar shaharchasidagi voqealardan so’ng iste’fo berganman. Xushevning versiyasi bo’yicha, o’zim ham bilmagan holatda yana bir marta tayinlanganman, shekilli?!

Bu joyda Elbek Musayev ishlab turgani uchun Karimov yangi bir shtat ochgandi va mening ise’fomdan keyin bu shtatni qisqartirgandi. Har holda Ismat Xushev Karim Bahriyevdan boshqa bir voqeani eshitib, o’shani o’zlashtirib, chalkashtirib yozgan bo’lsa kerak. Zotan u o’zining shunday odati borligini ham inkor etmaydi.

Televideniyedan iste’fo berganimdan keyin bir kuni prezidentning kadrlar bo’yicha maslahatchisi Mavlon Umurzoqov chaqirdi. Borsam, Karim Bahriyev ham o’sha yerda ekan. Uni ham chaqirishibdi.

-Sizlar bilan oqsoqol uchrashmoqchilar,-dedi u.

Kutish uzoq cho’zildi. Karimga qanday vazifa va’da qilishganini bilmayman. Men ilgari ishlagan joy va’da qilingandir desam, u shtat qisqartirilib, yana Elbek Musayevning o’zi televideniye jabhasiga rahbarlik qilayotgandi.

O’sha kun Mavlon aka menga O’zA direktorining o’rinbosari vazifasini taklif qildi. Men qabul qilmadim va Karimov huzuriga ham kirmadim. Shundan keyin gazetada menga qarshi bo’htonnoma chiqdi. Biz Karim Bahriyev bilan yaqin edik. U maqola chiqishidan bir kun oldin menga telefon qilib, unga ham qo’l qo’yish so’ralgani, ammo bosh tortgani va bu iflos ish “topponcha”ga qolganini aytgandi. Uning ana shu iborasi menga yoqib qolib, Xushevga yozgan javobimga sarlavha bo’lgan va uning bu laqabi ommalashib ketgandi. Bu haqda ham “IAK”da yozganman.

Yaqinda Xorijiy radiolardan birining Toshkentdagi muxbiridan maktub oldim. Unda yozilishicha, Xushev ishdan ketib, xalqaro bir konferensiyada bu haqda bayonot berganda unga savollar yog’ilgan va shulardan biri men haqimda ekan.

Undan:
-Bir paytlar Jahongir Mamatov haqida topshiriq bilan bo’hton yozgan edingiz, mana endi o’sha kun sizning ham boshingizga keldi. O’sha qilmishingizdan pushaymonmisiz?,- deb so’rashganda u:

-Men pushaymon emasman, maqolani o’zim yozganman va hali ham o’sha fikrdaman,- degan ekan.
Meni hayratga solgani shu konferensiyadan ko’p o’tmay u Bi-Bi-Si(BBC) radiosning Toshkentdagi offisidan menga telefon qilib, kechirim so’radi. U yig’lagani uchun uni mast, deb o’ylab, gapini jiddiy olmadim.. Keyin radio orqali chiqish qilib, menga qarshi maqolani topshiriq bilan yozganini tan oldi.(Mana o’z ovozidan eshitib ko’ring).Keyin ham bir necha marta kechirib so’radi.

Xullas, uning bu safargi xatosi ataylab emas, balki shunchaki adashish ham bo’lishi mumkin. Ammo qachongacha adashish mumkin? Yoki bukrini gor ham tuzatolmaydi, deganlari rostmikan?!

Asadullo Ortiqov

23 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Sahifangizda jurnalist Asadullo Ortiqov vafoti haqda ta’ziyanomani ko’rdim, bu kishi haqida ma’lumot berishingiz mumkinmi?(Rustam).

JAVOB: Qashqadaryo viloyatining Yakkabog’ tumanida yashab, ijod etgan Asadullo Ortiqov (Yakkabog’li) 2005 yilning 21 Aprel kuni yurak xurujidan, juda yosh va bevaqt vafot etdi. O’zbek jurnalistikasining bir isyonkor ovozini tindirishdi. U O’zbek jurnalistikasi tarixida ikki jihati bilan o’chmas iz qoldirdi.

Birinchisi, uning hech kimga o’xshamagan, o’ziga xos uslubi bor edi.

Ikkinchisi, esa u favqulodda kamtar, kamsuqum, o’z manfaatini o’ylamaydigan, rostgo’y, adolatpesha qalamkash edi.

Uning “Ozodlik” radiosidan yangragan dehqonchilik, fermerlar haqidagi turkum feletonlari Karimov rejimining basharasini ochgandi. Uning bu rejimga astoydil xizmat qilgan O’tkir Hoshimov, Abdullo Oripov, Erkin Vohidov, Ozod Sharafiddinov kabi maddohlar haqidagi juda ko’plab maqolalari ham aslo esdan chiqmaydi. Ulardagi Abdulla Qahorchasiga yangi topilmalar va dehqonchasiga sodda ifodalar hamda dillarni larzaga solguvchi davomli savollar o’qigan yoki eshitgan odamning bir umr yodiga muhrlanib qolardi.

Men “Amerika ovozi”da ishlagan paytlarimda uni hamkorimiz To’lqin Qorayev orqali ko’p qidirardim. Chunki uning yangi-yangi asarlarini o’qigim, eshitgim kelardi. Ma’lum kunlarda u Yakkabog’dan To’lqinjonning uyiga tashrif buyurar va biz telefon orqali dardlashardik. U xalqning oxir ahvolidan dod deb fikr yuritardi. U bilan o’tkazgan o’nlab suhbatlarim radiojurnalistikadagi o’ziga xos bir tarix, desam, mubolag’a qilmayman.

Uning boshiga Karimov rejimi ko’p ishlarni soldi. Kunlarini militsiya, sud ostonlariga bog’lab qo’ydi. Ortidam kuzatishdi, ta’qib etishdi, kaltaklashdi, asossiz qamashdi, oilasi, farzandlarini quvg’in etishdi va bularning hammasi uning sog’lig’ini yemirdi.

Uni hatto Qarshida va Toshkentda davolanishga qo’ymadilar.
Kasalxonada ham ta’qib etdilar, zaharladilar. Chetga chiqib davolanmoqchi edi, ammo muttahamlar, kazzoblar, Karimoving “latta”lariga ochilgan yo’l, O’zbek xalqining dardini yelkalagan alpomish jurnalistga ochilmadi.

Qashqadaryodan qanday qalamkashlar chiqqan edi, desalar Abdulla Oripov kabilarni hazar bilan, Asadullo Ortiqov singarilarni esa havas bilan tilga oladigan kunlar kelishiga ishonaman.

Tizim va tuzum

24 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: “Xalq so’zi” gazetasida o’tgan kun mamlakat Bosh prokurorining maqolasida besh yilda rahbarlardan 8 mingdan ziyod kishining ustidan ish ochilgani aytiladi. Bu raqamni e’lon qilishdan qanday maqsad bo’lishi mumkin?(Ibrohim).

JAVOB: Mana shu savol-javoblar bo’limini Islom Karimov o’qib borayotgani haqida ilgari ham dalil keltirgan edik. Bu ham yana bir hujjat. Davlat siri hisoblangan qaysi ma’lumotni oshkor etsak, oradan ko’p o’tmay shu mavzuda maqola paydo bo’lmoqda.

Shu yilning 8 Aprel kuni Akrom ismli o’quvchining Polvonzoda haqidgi savoliga javob berganda, jumladan shunday deb yozgandim:
“Prezident devoni kadrlar boshqarmasining davlat siri darajasidagi statistikasiga ko’ra 15 yilda Prezident boshqaruvi nomenklaturasiga kirgan rahbarlardan 17 ming 469 kishi ishdan olingan. Bularning hammasi Karimovga sadoqat bilan xizmat qilib, keyin boshlariga urto’qmoq tushganlardir.”
Ana shunday keyin Karimov bular nega ishdan olinganiga izoh bergisi kelgan bo’lsa ne ajab?! Chunki Karimovdan ko’rsatma bo’lmasdan Bosh prokuror bu mavzuda yoza olmasligi aniq.

15 yillik ma’lumotni e’lon qilsa, bizniki bilan ayni chiqib qoladi yoki nega ilgari bu raqamlar yashirilgan ekan, degan savol tug’iladi. Shu bois besh yilligini e’lon qilishgan, shekilli. Oldin ham shunday voqealar ko’p bo’lgandi va buni o’qib, kuzatib borayotgan bo’lishingiz kerak. Murod Muhammad Do’st va Abdusaid Ko’chimovlar haqida inkor etib bo’lmaydigan ba’zi muhim sirlar shu yerda ochilgandi va ko’p o’tmay Karimov ulardan yuz burdi. Lekin hali ularning ustidan ish ochgan emas, ammo tekshirish ham davom etmoqda.

Mamlakatda o’tgan yillarda bu qadar ko’p rahbar ishdan ketishi, boshiga urto’qmoq bilan urilishining asosiy sababi rejim, rejimning korrupsiya botqog’iga botganidir.
Rahbarlar pora berib vazifani sotib oladilar, keyin pullarini terishga kirishadilar, xalqqa emas, Karimovga sodiq xizmat qilish barobarida pul terishni kuchaytiradilar. Lekin yuqori usta, uning terib olganini ham oladi. Avval vazifadan chetlatadi, keyin ustidan jinoiy ish qo’zg’ab qo’ysa bas, u to’plganlarini yana pora sifatida “topshiradi”. Bu tizimdan o’tib tuzumga aylangan.

Ko’pchilik tomonida bo’ling!

26 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Siz hamma masala referendum yo’li bilan hal etilishini istaysiz. Siz istayotgan Demokratiya sharoitida ham baribir butun xalqning fikri hisobga olinmaydi-ku? Ozchilikning fikri chetlab o’tiladi-ku?(Boboxon).

JAVOB: Hammaning fikri bir xil bo’lishi bu diktatura sharoitidagina mumkin. Chunki bu rejim odamlarni robotga aylantirib qo’yadi. Diktatorlar hatto bir foyiz odam ham qo’llamasa-da butun xalqning fikri shunday, deb e’lon qilaveradilar. Haqiqiy hayotda esa. doim ziddiyat, qarama qarshilik, turli fikrlilik(plyuralizm) mavjud. Ya’ni haqiqiy hayotda hammaning fikri bir xil bo’lishi mumkin emas. Shunday holda demokratik tuzumda ko’pchilikning istagani amalga oshadi. Ko’pchilikning fikri balki sizga yoqmas. Ammo ko’pchilik tomoniga qo’shilish sizni yomonlikdan saqlaydi.

Avval birlashib, demokratik bir jamiyat qurush zarur, keyin qanday g’oyalar bo’lsa, xalqning oldiga olib chiqasiz, referendum yo’li bilan hal etasiz, ko’pchilik istamasa, bosh egasiz, istasa boshqa gap, degan edim men. Bilmadim, buning nimasi yomon? Bundan yaxshiroq yo’l bormi? Hatto sahih hadislarda aytilishicha, hazrati payg’ambar ham shu yo’lni qo’llagan:

“Mening ummatim yoppasiga adashib, zalolatga tushib qolmaydi. Qachonki, ular orasida qarama-qarshilik ko’rsangizlar, sizlar ko’pchilik tomonida bo’lingiz!” (“Sunani ibn Mojja”, 8-bob).

Yana Rauf Parfi haqida

27 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Siz adiblarga baho berishda sohildan sohilga o’tilib kelinayotganiga ko’p urg’u berasiz. Kimnidir qahramon qilib yuborish va kimnidir qaro yerga kirgizib yuborish kerak emas deysiz, masalan o’zlaringiz Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Ozod Sharafiddionvlarni qoralab, Rauf Parfini juda ham ulug’lab yubormadingizlarmi? (Abdusharif).

JAVOB: Rauf Parfi vafotidan keyin men ham u haqda yozgandim va ko’plab ana shu ruhdagi savollar oldim. Avvaliga ularga javob berish shartmikan, degan fikr ham kechdi ko’ngildan. Ammo savollar mavzui cheklanmaganini o’zim e’lon qilganim bois ularning ba’zilariga muxtsar to’xtalmoqchiman va bular sizga ham javob bo’lar degan umiddaman.

SAVOL: “Turkiston uchun yig’laydigan odam qolmadi, deb yozishmoqda, yig’laydigan odami qolmagan bo’lsa, kurashadigan odami bordir, yoki yo’qmi, chiqmaydimi? Bir kishining o’limi bilan hayot to’xtaydimi?”(Iskandar)

JAVOB: Yo’q, hayot to’xtamaydi. Marsiya mubolag’adir. Rauf Parfi yaxshi shoir edi, ammo yakkayu yagona buyuk shoir emas edi. U kurashchi shoirlardan biri edi.

SAVOL: “Bi-Bi-Si radiosining o’zbek saytida yozilgan maqolada Rauf Parfi “O’zbekiston xalq shoiri” unvonini rad etganiaytilib, ayni paytda u mazkur unvon berilgani haqidagi hujjatni ko’rsatib militsiyadan qutulib yurgani ham aytiladi. ”Ozod ovoz” sahifasida esa Gulchehra Nur bir kuni Rauf Parfini Yozuvchilar uyushmasi oldida ko’rdim va u unvon uchun beriladigan pulni olishga kelganini aytdi deb yozdi. Bu esa eshakni kuchi harom, go’shti halol degandek gap emasmi? Yoki u unvondan kechdim, deya shunchaki gapirib qo’yganmidi?”(Umurzoq)

JAVOB: Agar qiyin vaziyatga tushsangiz hayotingizni qutqazish uchun hatto o’laksa ham halol degan qoida bor.

SAVOL: “Ozod Sharafiddinov men unga “Jahon adabiyoti” jurnalidan ish topib berdim, bo’lim mudirligi, ammo u eplamadi, dedi. Nahotki gadolikni tanlagan bo’lsa?”(Bahodir)

JAVOB: U eplamadimi yoki eplashni istamadimi yoxud Ozod Sharafiddinov kabi vijdonni sotib yuborgan odam bilan birga bo’lishdan hazar qildimi? Bu ham savol.

SAVOL: “Rauf Parfi haqda yozgan Muhammad Solih, u Turkiston uchun buyuk yo’qotish ekanligini yozgandi.. Xo’sh u shu qadar bir buyuk odam ekan, nega unga oyiga 50 dollardan yuborib turmagan? Mana Oygul Mamatovaga bir necha ming dollar yuborgan ekan-ku?”(Do’st).

JAVOB: Birovning cho’ntagidagini birovdan so’rash madaniyatdan emas, ammo bu O’zbekka xos bo’lib qoldi.
Kim tashabbus qilsa, o’shani jazolash kerak bo’lgani kabi savollarga kim javob bersa, hamma narsani undan so’rash kerakmi? Bu savol to’g’ridan to’g’ri menga tegishli emas. Balki siz mendan nega siz yuborib turmadingiz, deya so’rashga istihola qilgan bo’lsangiz kerak. U holda javob berishim mumkin: Rauf Parfiku “O’zbekiston xalq shoiri” unvoni uchun sariq chaqa bo’lsa-da bir narsa olar ekan, ammo sariq chaqasiz qolgan buyuklar va millionlab oddiylar ham bor. Qaysi biriga yetishasiz?

SAVOL: “O’zbekiston yozuvchilar uyushmasi ham kazo-kazolar imzosi bilan “O’zbekiston adabiyoti va san’ati gazeatsi”da Rauf Parfiga ta’ziyanoma e’lon etdi. Keyin Surxondaryoda bir ko’chaga uning nomi berildi. Buni mahalliy odamlar amalga oshirdi deb bahona qilishdi. Demakki agar xalq istagan joyiga istagan odamining nomini bera oladigan darajaga yetgan bo’lsa, O’zbekistonda demokratiya yuz beribdi-da?“(Muhsin)

JAVOB: O’zbekistonda demokratiya yuz bersa xalq o’zini darvesh, gado holiga tushirishga xizmat qilgani uchun shoh ko’chalardan shoirlaru yozuvchilarning nomlarini olib tashlaydi. Balki Rauf Parfi ham “bizdan edi” deya ko’chasining nomiga tegmas.

SAVOL: “Nima bo’lganda ham balki Sovet davrida balki zulm davrida, uning bir qancha kitobi O’zbekistonda nashr etilibdi-ku?”(Shoira).

JAVOB: Shu ham nashr etilmasa edi, demoqchimisiz.
Rauf Parfi darvesh edi, darveshona yashadi, balki darveshning hayoti shunday bo’lishi kerakdir? Aslida hammamiz ham ana shunday savollar girdobidamiz. Faqat bu savollar kimni yutib ketadi va kimni yuta olmaydi. Gap ana shunda.
Xafa bo’lmang, hatto O’zbek adabiyotining qotili Laziz Qayumovni maqtab yozadigan A’lo Xo’jayevlar topilganidek, Erkin, Abdulla, Ozod akalaringiz o’lganda ham ularga marsiya bitadiganlar ko’p bo’ladi.
Ya’ni sohillarda joy ko’p. Biriga sig’ilmasa ikkinchisiga sakralaveradi.

Laziz Qayumov

29 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Siz savollardan biriga javob berish mobaynida, Laziz Qayumovga “O`zbek adabiyotining qotili” deya baho bergansiz.To`g`ri uningt bir vaqtlar 27 lavozimda ishlaganini eshitganmiz. Lekin uning aynan “qotil” ekanligini tushuntirib bersangiz? (Farhod, Sherzod va boshqalar).

JAVOB:A’loxon Xo’jaevni va umr yo’ldoshini ishga joylab qo’ygani uchun u Laziz Qayumovni ulug’lab yozgani mening hayot tarzimga zid bo’lgani uchun bu haqda juda qisqa to’xtalib o’tgandim. Laziz Qayumov shaxsan meni ham tuhmatchilardan himoya qilgan. Lekin bu uning butun faoliyatini oqlashimga asos bo’lmaydi .Tanqili jurnalist va davlat arbobi Ahmadjon Muxtorov esa menga yomonlik qilgan bo’lsa ham (Bu haqda “IAK”da o’qishingiz mumkin-JM) uning faoliyatini men doim maqtab kelaman.

Ma’limki, Qotil degani o’ldiruvchi, mahv etuvchi, deganidir. Laziz Qayumovning O’zbek adabiyotida o’ldiruvchi, mahv etuvchi rolni bajarganini ko’pchilik yaxshi biladi. Uning TosDUdagi “faoliyati” ham bir doston. Ammo gap “qo’tillik” haqida ekan, bu boradagi minglab misollardan faqat uchtasini keltiraman.

1.Ma’lumki, u Hamzashunos sifatida mashhur edi. U “Yasha sho’ro, yasho sho’ro, sen yashaydigan zamon” degan mashur she’rni va boshqa o’zgartirilgan she’rlarni Hamzaning nomidan adabiyotga olib kirgan va bu kabi “asarlar” millionlab yoshlarning ongiga singdirilgan edi. Keyin Boymirza Hayit janoblarining o’sha paytdayoq Hindistondagi xalqaro konferensiyada uning yuziga qarab aytgan gaplaridan ma’lum bo’ldiki, Hamza bu she’rni “Yasha Turon, yasha Turon, sen yashaydigan zamon” shaklida yozgan ekan. Ikkinchisida qofiya ham uyg’un. Birinchisida esa, “kallani” kesgan qotil boshqa narsa haqida o’ylamagan.

U Hamza Hakimzoda va bir qator safdoshlarining asl asarlarini o’ldiish bilan ruslarga xizmat qilib bergandi. Bu aslida odam o’ldirishdan ham og’ir jinoyat. Chunki u shu yo’l bilan millionlab onglarni zaharladi va bugunga qadar ham mazkur zahri qotil o’z ishini ko’rsatmoqda.

2.Qayta qurish endi boshlanayotgan yillarda u O’zbekiston kompartiyasi MK kotibasi Ra’no Abdullayevaning birinchi maslahatchisi edi. Abdullayevaga “Navro’z-diniy bayram”, deya uni yo’qotib, o’rniga “Navbahor” bayramini tashkil qilaylik degan taklifni bergan Laziz Qayumov edi. Bir nehca yil Navro’z bug’ilib, 5 Aprel kuni “Navbahor” bayrami “nishonlangan”, ammo xalq buni qabul qilmagandi.
Bu “tashabbus” O’zbek milliy odatlarini ham yakson qilish harakatiga aylanib ketgandi. O’sha paytda Qayumov boshida turgan guruh juda ko’p milliy ruhdagi asarlarni chetga surdirib, kommunistik partiyani ulug’laydigan narsalarni chop ettirishgandi.

3.Laziz Qayumov bosh muharrir bo’lganda, men “Sovet O’zbekistoni” gazetasining Samarqand viloyati bo’yicha muxbiri edim. Menga tuhmat bo’lganda, bunga ishonmagan. Oxiriga qadar tekshirtirgan edi. Bu rahbarlikka xos yaxshi xislat. Buning uchun Xudo uni rahmat qilsin.

Lekin menga nisbatan shunday adolatli bo’lgan edi, deya uning butun boshli “qotilliklari”dan ham ko’z yuma olmayman. U gazetada ham goho bilib, goho esa bilmay ko’p asarlarni ham mahv etgandi. Bir kun tahririyat taklifi bilan Toshkentga keldim. Laziz Qayumov besh soatlik tushlikdan qaytgach, meni chaqirib topshiriqlar bera boshladi. Shu payt kotibiyatdan bir kishi yangi chiqadigan gazetaning sahifasini olib kirdi va “Mana bu feleton sahifaga sig’mayapti” dedi. Laziz Qayumov qalamni teppaga ko’tarib, sahifaning ustiga tashladi-da, hatto nimaligiga ham qaramasdan qalam tushgan joyidan 100 satrdan ko’p qismini chizib, kotibga berdi. Keyin bilsam, bu mening fe’letonim ekan va qalam tushgan joyida tanqid qilinayotgan adres hamda fe’letonning eng muhim qismi bor ekan. Kotibiyatdagilarga har qancha tushuntirishga urinmayin “Domlaning aytganini bajarmasak, boshimiz ketadi” deyishdi va fe’leton adressiz, mazmunsiz bir shaklda chiqib ketdi. U mening ham bir asarimni shu zayl o’ldirgan edi. Bu endi uning boshqalarning yozganlariga nisbatan bepisand qaraydigan bir “xislati” edi.

Mansab va manfaatga sig’inish illatidan bir qutula olsak

30 Aprel, 2005 yil.

SAVOL: Bugun ziyolilarimiz O’zbek zehniyatidagi kamchiliklarni ham ko’rsatib berishlari kerak, deb o’ylayman. Masalan, siz o’zingiz kuzatgan kamchiliklardan ba’zilarini aytib berolmaysizmi? (Erkin)

JAVOB: Menimcha faqat O’zbek zehniyati emas, balki Sharq zehniyati haqida o’ylash va nuqslarning ildizini tahlil qilish kerak. AQSHda ishlagan joylarimda Sharq mamlakatlaridan kelib bu yerda yashayotgan odamlar bilan ko’p uchrashdim va ikki nuqta diqqatimni tortdi.

Birinchisi, Sharqdan kelganlar mansabi ozgina yuqori bo’lgan odamga, garchi uning foydasi tegmasa ham qulluq qiladilar, uning atrofida aylanadilar, u bilan yaxshi munosabatlar o’rnatsih uchun qo’llaridan kelgan hamma ishni amalga oshiradilar. Kerak bo’lsa, o’zlarini uning oyoqlari ostiga tashlaydilar. Ya’ni o’zlarini kamsitish darajasiga ham borib yetadilar. Bu narsani amerikalik yoki Avropadan kelganlarda ko’rmaysiz.

Ikkinchisi, siz kim bo’lishingizdan qatiy nazar, agar sizga ishlari tushgan yoki tushadigan bo’lsa, tirjayib yaxshi gaplashadilar, ko’nglingizni topishga urinadilar, bayramlar va boshqa sabablar bilan telefon qilib turadilar, o’tirishlarga chaqiradilar, o’zlarini yaqin oladilar, do’st bo’lib ko’rinadilar va ishlari bitib, eshaklari loydan o’tishi bilan kichik bir bahona sabab sizdan yuzlarini burib ketaveradilar.

Har ikkalasi ham Oz’bek jamiyati uchun juda tanish manzara, shunday emasmi? Men bu manzarani arablar misolida ham, dari, pashtun, turk, fors, kurdlar misolida ham ko’rdim. Avvaliga bu din bilan bog’liqmikan, deb o’yladim. Bunga dalil topolmadim. Aksincha din faqat Xudoga qul bo’lishga, faqat Xudogagina sig’inishga chaqiradi. Dinsizlik bilan bog’liqmikan, deb o’yladim. Kuzatsam, dindorlar bu masalada boshqalardan hiyla oldinda. Boshqa dinda bo’lganlarda ham shuni kuzatdim. Masalan, koreyslar, nepal, burma va hokazolarda.

Bu uzoq tarixdan zehniyatga singib ketgan qullik belgisi deb o’ylasam, asrlardir rasman qul bo’lib yashagan qora tanlilarning bugun Amerikada o’z g’ururlarini hammadan baland tutishlari bu fikrimni ham rad etdi. Ular birovning mansabiga qaramaydilar va undan foyda kelib kelmasligini ham o’ylamaydilar. Agar nafsoniyatlariga tegadigan gap bo’lsa, kim bo’lishidan qat’iy nazar darhol javob qiladilar. Menimcha, bu bizning ana’nalar va tarbiya tizimimiz bilan bo’gliq.
Menga yaqinda bir O’zbek: “Siz hamma liderlarimizni tanqid qilayapsiz, ulardan biri prezident bo’lib qolsa, yana O’zbekistonga qaytishingiz mumkin bo’lmay qoladi-ku?” deb xat yozdi.

Unga javobimda: “Men ularni tanqid qilib, ularga yordam berayapman. Agar ular siz aytgan kabi yo’l tutsalar, demak Karimovdan farqlari qolmaydi. Masalan, men prezidentlikka, liderlikka da’vogar emasman, lekin falakning charqxi teskari aylanib ketib, shunday hol yuz berganda ularning hammasini hurmatlarini joyiga qo’yib, Vatanga qaytargan va yuraklarida rostdan ham elga xizmat qilish niyati bo’lsa, shunga yo’l ochib bergan bo’lardim” dedim.
Shundan beri uning menga munosabati o’zgargan, tez-tez telefon qilib turadi, gap orasida “Amerika hukumati bu vazifaga sizni loyiq ko’rgan bo’lsa kerak” ham deb qo’yadi. Ko’rdingizmi, bu o’sha qusurli zehniyatning asorati.

Biz ana shu mansab va manfaatga sig’inish illatidan bir qutula olsak.

Qaytsangiz botib, mahv bo’lib ketasiz

3 May, 2005 yil.

SAVOL: Bilasiz 15 yildan beri muxolifatdaman. Mening hukumatga yaqin joyda ishlaydigan bir jiyanim bor. Uning familyasi bobomning ismida. Meniki otamning ismida. 1999 yil u uyimga kelib meni «tarbiya» qilmoqchi bo’ldi. Hatto o’z qo’lim bilan MXX ga topshiraman, degan gaplarni aytishgacha bordi. Men albatda tog’a sifatida bosiq bo’ldim va bu yo’ldan qaytmasligimni tushintirishga harakat qildim, bo’lmadi. Uyimdan chiqib ketishidan oldin «Seni uyingni elkamning chuquri ko’rsin» deya chiqib ketdi. Men xafa ham bo’lganim yo’q. Mana olti yildan beri na gaplashamiz, na aloqa bor. Olti yil davomida faqat o’lim marosimlarida bir-birimizni uzoqdan ko’rdik, xolos.

Yaqinda u bir ikki qarindoshim bilan kirib keldi. O’z qondosh yaqinlarim bitta talabni qo’yishdi: Yo olib borayotgan ishingni tashlaysan, biz bilan bo’lasan, yoki barcha aka-uka va singillar bilan aloqani butunlay uzasan.

O’zing ham, bolalaring ham qishloqqa bormaysan. Bu safar ham o’zimni og’ir tutdim va bu yo’ldan hech qachon qaytmasligimni aniq qilib aytdim. Bu yerda qishloqdagi aka-ukalarim va singillarimni ayblashdan umuman yiroqman. Chunki ular qishloqda yashashadi. Faqat ularni amaldor jiyan rosa qurqitgan, vahima qilgan.

Akamning aytishicha, jiyanni hukumat idorasiga chaqirib, agar tog’angni bu yo’ldan qaytarmasang seni qamatib yuboramiz, deb qo’rqitishgan. Men yo’limdan qaytmasligim aniq. Ammo aka-uka va singillarim bilan bo’ladigan munosatni endi qanday olib boraman? Mana shu savol meni qiynayapti Bilaman ular o’z xatolarini vaqti kelib tushinishadi. Oz qoldi albatda. Juda ko’p tazyiqlar va azoblarni ko’rgan inson sifatida, bunga nima deysiz?(Do’st).

JAVOB: Karimov rejimining eng kechirilmaydigan jinoyatlaridan biri muxoliflarining ota-onasi, yaqinlariga qilgan zulmidir. Hamma narsaga bahona topishi mumkin ular, ammo bu jinoyatga hech qanday bahona topa olmaydilar. Bu masalada insoniyat hech qanday bahonani qabul qilmaydi. Bu butun dunyoda og’r jinoyat hisoblandi.
Albatta bugun sizga oson emas. Bunday kezlarda odamga ancha qiyin bo’ladi. Men ham shunday kunlarni yashaganman. Prezidentga qarshi chiqqanimda qarindoshlarga qattiq tazyiq bo’lgan, keyin ularni bir-bir qamashgan ham. Ba’zilari mendan qattiq xafa bo’lishgan. Ammo ko’pchilik qatori ular ham men haq ekanligimni yurak tubida tushunishsa kerak, deb o’ylayman.

Sizni ham o’zingiz aytgan kabi bir kun ular tushunadilar. Lekin shu narsa aniq-ki kishining boshiga og’ir kun kelganda baribir qarindoshlar yaraydi. Ko’p odam, hatto ba’zi do’stlar ham o’zini olib qochar, faqat jonu jigar bo’lgan yaqinlargina yoningizda qoladi. Shu bois ularning ham ko’nglini topishga harakat qilish lozim. Ya’ni ulardan ham ajralib qolmaslik kerak. Chunki ular biz haq huquqlari uchun kurashayotgan xalqning bir qismi. Ular bizni tushunmadi, deya ulardan yuz o’gira olmaymiz. Aksincha, ularga yaqin bo’lib, haqiqatni ularga tushuntirish yo’llarini topishimiz zarur.

Ular bilishlari lozimki, siz bugun muxolifatdan qaytsangiz ham qaytmasangiz ham hukumat sizga nisbatan bosqisini kamaytirmaydi. Nomingizni qora ro’yxatdan chiqarib tashlamaydi. Siz uchun orqaga yo’l yo’q. Orqa nohaqlik, adolatsizlik botqog’i. Qaytsangiz botib, mahv bo’lib ketasiz. Buni esa qarindoshlarga, xalqimizga tushuntirish kerak. Ular tushunmaydigan avom emas, hatto o’sha hukumatga yaqin bo’lgan jiyaningiz ham yuragining bir chetida siz haq ekanligingizni biladi. Lekin nachora! O’zingiz aytgandek, ko’pi ketib, ozi qoldi.Hukumat qarindoshlar va yaqinlarga ham tazyiq o’tkazish bilan o’z oyog’ini kesmoqda. Bu boshi ezilgan ilonning ahvolini eslatadi. Hukumat o’z qilmishlari bilan o’z boshini ezmoqda. Balki boshsiz qolganda dumini likillatish bilan o’zini qutqarmoqchidur?
Ammo dum bo’lib qachongacha yashashi mumkin?!

Choriyevlar

5 May, 2005 yil.

SAVOL: Yozganlaringiz va aytganlaringiz to’g’ri bo’lib chiqmoqda. Odamlar faqat manfaat o’rtaga chiqqandagina oyoqqa turmoqdalar. Masalan, Toshkentda 3 May kuni Chorieyvlar oilasi o’tkazgan namoyish ortida ham aslida AQSHdan siyosiy boshpana olish maqsadi yotgani yashirilgan emas. Nahotki, shuning uchun odamlar o’zlarini olovga ursalar? Bunga nima deysiz? (O’tkir).

JAVOB: Birinchidan, Chorieyvlar oilasining mardlik va matonatiga qoyil qolish kerak.

Ikkinchidan, O’zbekistondagi aksar fuqaroning hayoti bugun tahlika ostida va demak ularning tinch joylardan boshpana topishga haqlari bor. Bu har fuqaroning Konstitutsiyaviy haqidir.

Uchinchidan, o’z haqlarini istayotgan onalar va bolalarni qon qaqshatgan rejim la’natga sazovordir.

Hukumatning mana shunday shavqatsiz ekanligi oldindan ma’lum edi. Agar buni ko’ra olmasak, bizni siyosiy ko’rlikda ayblashga haqingiz bo’lardi. Shu bois aytganlarimiz va yozayotganlarimiz qisman bo’lsada to’g’ri chiqayotgan ekan, bu qandaydir bashorat emas, balki oddiy haqiqatni inkor etmaslikdan kelib chiqadi.
Biz buni tinmay aytib kelmoqdamiz. Hatto, AQSHdan boshpana olgan Bahodir Choriyev bilan gaplashganimizda ham men unga buni tushuntirishga harakat qildim. Demak, yo men tushuntira olmaganman va yoki u meni tushunishni istamagan.

Darvoqe, namoyishga chiqqanlar boyliklari, haq-huqularidan ayrilganlar, xo’sh nima qilishlari kerak? Hayotlaridan ham ayrilishni istasalar bu yovuz hukumatning oyog ostiga o’zlarini tashlaydilar. Jonidan to’ygan o’zini suvga ham, o’tga ham otaveradi. Ammo bu foyda keltiradimi?. Kimga ko’ra ha, kimga ko’ra yo’q.

Bu voqea O’zbekistonda inqilob umidida yurgan xom xayolli kishilarning umidlarini o’ldirishi turgan gap. Ilgari Inson huquqlari kurashchilarining piketlariga oddiy xalq qo’shilmagandi, endi esa oddiy xalq vakillarining piketiga muxolifman, deb yurganlar yoki huquq kurashchilari qo’shilmadilar. Balki ularni qo’shilishga qo’ymadilar. Xullas, bu ham o’ylab ko’radigan masala.

Men takror va takror yozmoqdaman, Gurjiston, Ukraina va Qirg’izistonda inqilob uchun zamin bor edi. Bu esa oz-moz erkinlik zamini edi. O’zbekistonda esa erkinlikning “e” harfi yo’q. O’ylamasdan, rejalamasdan qilingan ko’pgina urinishlar esa doim hukumatga qo’l keldi.

Faraz qiling. Bir uyga o’ta ketgan. Guvillab yonmoqda. Olov ichidan chiqqan bir kishi o’zini olovga urib, qo’liga tushgan narsa bilan o’tni o’chirishga intilmoqda. Uning bu harakati jasorat, ammo natija bermaydigan jasorat. Olovni bartaraf etish uchun o’t o’chiruvchilar, suv sepadigan mashina, chelak tutgan minglab odamlar bo’lsa, natija chiqadimi yoki bir kishining olovning ichiga yugurib kirib-chiqib turgani bilan yong’in tinadimi? Lekin o’sha odamni ayblash mumkin emas. U mol-mulki, xonumoni uchun hayotini tikmoqda. Bu ham o’ylab ko’radigan masala.

Esingizda bo’lsa, bundan sal oldinroq “Serg’uyosh O’zbekiston” degan proletariatona nom bilan ham davomli namoyishlar qilish haqida bayonot berildi, shovqin ko’tarildi. Ammo nima bo’ldi? Diktatura sharoitida rejimga qarshi bir ishni qilaman, deb shovqin solish bilan mushukning oldiga chiqqan sichqonning holiga tushish mumkin.

Bularning hammasi diktatura rejimiga muxolif bo’lgan demokratik kuchlarda tayyorgarlik, faoliyatni muvofiqlashtirish, planli ravishda natijani o’ylab tutish yo’qligini, har kimning o’z holida inqilob qilishdek xom xayoli, parokandalik borligini bot-bot ko’rsatmoqda, xolos. Bu ketishda hech kim o’lgan odam uchun yig’lamaydi, har kim o’z dardini aytib uvlashdan nariga o’tmaydi va bu odat tusiga kirib qoladi.

Xullas, Choriyevlar oilasining jasoratiga qoyil qolish kerak. Ular o’zlarini yonayotgan olov ichiga urdilar. Bu ham hammaning qo’lidan kelavermaydi. Qolaversa, ular o’ylab ko’rish uchun, ertaga nima qilish kerak, degan kabi bir qancha masalani o’rtaga qo’ydilar.

Xabarlashma…

6 May, 2005 yil.

SAVOL: Biz Toshkentda AQSH elchixonasi yonida 3 May kuni o’tgan namoyishdan bexabar ekanmiz, faqat namoyish bo’lgan kun bu haqda xorijiy radiodan eshitdik. Bu esa shunday davrda ham oramizda xabarlashma yo’qligini ko’rsatmaydimi? (Nosir, 2005 yil).

JAVOB: Eshitmay qoldik, degan gapni turli viloyatlarda, “ERK”, “Birlik” a’zolari va Inson huquqlari kurashchilari ham aytishmoqda.
Demak, bu yana bir narsani isbotlamoqda. U ham bo’lsa Internetning rus tilidagi saytlarining O’zbek tilidagilar kabi mamlakatga kirmayotganidir. Yoki juda tor doiradagi odamlarga yetmoqda, xolos. Chunki bo’ladigan namoyish haqida rus tilidagi saytlarda oldindan katta shovqin-suron ko’tarilgan, hatto O’zbekistonda inqilob boshlandi, deyishga qadar borib yetilgan eid.

Qolaversa, bu Internetda rus tilida tarqatilayotgan barcha xabarlar ichkari uchun emas, balki tashqari uchun mo’ljallanganini ham ko’rsatadi. Buning ustiga O’zbek tilida hali doimiy, ishonsa bo’ladigan, xabarlarini qo’lba-qo’l tarqatadigan bir sayt yo’q. Ko’pgina saytlar otigagina yaratilgan vaa bir-birini targ’ib qilish, nusxa yig’ishdan nariga o’tmayotir yoki haftada bir narsa qo’yiladi va u ham o’q’ishga arzimaydigan narsa bo’ladi.

Demak, O’zbekistonda siyosiy inqilob qilishdan oldin O’zbek Internet olamida inqilob qilish kerak. Xalqni xabardor etmasdan, unga tushuntirmasdan, uni tayyorlamasdan namoyishga olib chiqa olmaysiz.

Ha, Internet sahifalari ta’qiqlangan deyishingiz mumkin. Ammo demokratik kuchlar orasida elektron maktublashmani yo’lga qo’yish mumkin. Elektron adreslarga xabarlarni yuborish yo’li mavjud. Masalan, muxolif faollarning hammasida elektron adreslar bor va bir oy oldin ularga bo’ladigan namoyish haqida xabar yo’llab, tayyorgarlik ko’rish so’ralsa, har bir faol yoniga besh kishidan to’plaganda ham 10 ming kisi bo’ladi. Men o’zimda mavjud bo’lgan elektron adreslar soniga qarab hisob qilayapman. Vaholanki, bunga yana qancha qo’shilishi mumkin.

Chet ellardagilar O’zbekistonni yaxshi bilib olishdi, diktatura rejimi ekanligini ham bilishadi va borib rejimni ag’darib bermasliklari ham aniq. Shunday ekan, demokratik kuchlar chetga yo’nalgan va rus tiliga suyangan faoliyatni ona tiliga ko’chirib, xalqqa yo’naltirmas ekanlar, hech narsa o’zgarmaydi. Namoyishlar esa sanoqli kishilar bilan cheklanib, kaltak yeb qaytishdan iborat bo’lib qoladi. Bu ketishda Karimovdan keyin ham diktatura oyoqda qolishi hech gap emas.

Shijoat yaxshi narsa

6 May, 2005 yil.

SAVOL: Bugunning muxolifati haqida o’zingiz ham bilasiz. Birdamlik, hamjihatlik, odamlarni jalb qilish, boshqarish, o’ziga ergashtirish kabi ko’pgina xususiyatlardan umuman uzoqda. Ularning ishi mayda-chuyda piketlar qilishdan iborat va bu bilan hech narsaga erishib bo’lmasligini tushunasiz.
Shularga asoslangan holda, siz; jurnalist, hukumatning tashqi va ichki ishlaridan xabardor odam sifatida qanaqa maslahatlar berardingiz va yo’l-yo’riq ko’rsatgan bo’lardingiz mening: “O’zbekistonda alohida muxolifat partiyasi tashkil qilib, tezda xalqni ishonchiga kiraman va xalq men bilan bo’lgandan keyin, muammolarni bartaraf qilish yo’lidagi to’siqlarni olib tashlaymiz!” degan fikrimga?

Agar shunday natijaga erisha olsam, siz men bilan hamjihat ish olib borishga rozi bo’larmidingiz? Yoki o’z yo’nalishingizni o’zgartirmaysizmi? (Tahqirlangan O’zbek).

JAVOB: Shijoat yaxshi narsa. Lekin hukumatning ishonchiga kirmasangiz partiya tuza olmaysiz, hukumatning ishonchiga kirsangiz xalqni ergashtira olmaysiz. O’zbekistonda ana shunday bir vaziyat. Agar shundan chiqish yo’li topsangiz, demak siz kuchli siyosatchisiz.
Men bu yo’nalishdagi fikrlarimni “Savol-Javob”ning oldingi qismlarida bot-bot ifoda etganman. Mo’jiza ro’y berib, siz natijaga erishsangiz va tabiiyki xalq tomonida, demokratiya tomonida bo’lsangiz men fikran siz bilan birgaman va qo’limdan kelgani qadar ma’nan yordamga hozirman.

Arqoni ham, dori ham o’zidan
7 May, 2005 yil.

SAVOL: Siz ba’zan rus saytlarini o’qimayman deysiz, ba’zan esa ulardan yuz burish kerak deysiz, buning sababi nimada o’zi?(Shavkat, 2005 yil, 7 may).

JAVOB: Rus saytlarining hammasini o’qimayman, deganim yo’q. Ammo asabim buzilmasligi uchun ba’zilarini deyarli ochmayman. Faqat biror daxldor savol kelsa, yoki biror kishi falon joyda falon narsani o’qib ko’ring, deya mulohaza bildirsa, ularni ochishim mumkin. Nega?
Ma’lumki, azladan dunyodagi razvedka, ya’ni josuslik idoralari mablag’larining asosiy qismini xabar, ma’lumot to’plashga va ularni tahlil etishga sarflashgan. Bugun ham bir narsa o’zgardi, deyish mushkul.

Ammo Internet chiqqandan beri ularning ishi yengillashgani aniq. Ba’zilari turli “Forum”lar ochib qo’yadilar va o’quvchilarni ma’lum bir mavzular atrofida burniga ip solib sudragan kabi boshqarib, o’zlariga kerakli ma’lumotni xamirdan qil sug’urgandek, tortib oladilar. Ba’zilari esa, xabarlarni muhokama qiladigan joylar tashkil etib, veb sahifa yaratadilar. Bu bilan kimning, qayerdan kirganidan tortib, bitta ig’vogarona maqola yoki luqma(“posting”) bilan o’zlariga kerakli ma’lumotni to’plab oladilar.

O’zbekiston MXXsi ham ana shunday “Forum”lar va saytlar yaratib qo’yibdi. Buni ko’pchilik biladi va bilib turib, xuddi qopqonni ko’rsa ham luqmadan ko’zini ololmagan sichqondek, bo’ynidan ilinib turadi. Keyingi paytda hatto Karimov rejimining muxolifalari ko’rinishida paydo bo’lgan saytlar ham asosan rus tilida ekanligi jiddiy tashvish tug’diradi. Chunki bugun O’zbekiston borasida Rossiya uchun eng kerakli narsa, bu Karimovdan keyin kim kelishi va qanday kuchlar maydonga chiqishi hamda ularni ham Karimov kabi boshqarish imknoyatini vujudga keltirish hamda demokratik kuchlarning kayfiyatini bilib turish, ularga bevosita yoki bilvosita ta’sir o’tkazish masalasidir.

To’planadigan ma’lumotlar ana shuning atrofida bo’ladi. Buning uchun esa Karimovga muxolif bo’lganlar erkin chiqish qila oladigan va ma’lumotga boy bir saytlar tuzish hamda uni go’yoki mustaqil bo’lgan odamlar va guruhlar tomonidan yuritilayotgandek qilib ko’rsatish ular uchun hech narsa emas. Ular har yoqda chiqqan maqolalarni to’plab qo’yish bilan o’quvchini aldab turadilar va orada bir “suyak” ham tashlaydilar.

Bo’ldi. Karimov rejimining muxoliflari kimlar, qayerda, nima qilayaptilar, nima qilmoqchilar, qo’lllaridan nima keladi, qanday kamchiliklari bor, o’tmishlari qandayu kelajaklari nima bo’ladi, xullas ipidan ignasiga qadar bilib oladilar. Buni birov emas, shu odamlarning o’zlari yozib berishadi. Tag’in rus tilida yozib berishadi. Ilgari razvedka idoralari bunday ma’lumotlarni sotib olishgan yoki josuslar orqali to’plashgan bo’lsa, endi bitta “——.ru” sayti orqali bemalol, bepul, tez, batafsil ravishda to’playdilar.

Men shu bois ham biznikilarga ruslarning oldida yalang’och bo’lib yurishni yig’ishtirib, ona tilida saytlar yaratish, hatto kirildan voz kechib, lotinda yozish taklifini ilgari surib kelmoqdaman.

O’zbekiston demokratik kuchlari bugun zaif va hech narsaga qodir emas, degan xulosaga kelingani ham Internet saytlarida bir-birini it-mushuk bo’lib talash va sir-asrorini ochib tashlash, ig’vo, yolg’on, tuhmat bilan bir-birini qoralashlar bois paydo bo’ldi.

Bunga bir necha yil davomida “Birlik” va bir muddat “ERK” saytlari ham “hissa” qo’shdilar va endi ular buni anglab yetgan ko’rinadilar-ki, ochiq “Forum” shaklidagi etaklarini yig’ishtirib oldilar. Anglab yetganlari rost bo’lsin!

Hamma narsa pul yoki ortida manfaat turgan hozirgi paytda hech kim sizga bekordan-bekorga minbar berib qo’ymaydi. Sizni tanimagan, bilmagan saytlar bekordan bekorga sizga minbar berib, siz uchun minbar tashkil qilib qo’ymaydi.

Qolaversa, ba’zilarining “Forum”larini ustalik bilan boshqarishadi va maqsadga erishadilar ham.

Masalan, “Birlik”ning “Forumi” o’zbek muxolifatini parchalab, parokanda qilishda, bir-birining nomidan bo’htonlar yozib, yuz ko’rishmaydigan qilib yuborishda qo’l kelgan bo’lsa, endi ba’zi rus saytlari Markaziy Osiyo demokratik kuchlarini bir-biriga dishman qilib tashlash, etnik nizolar chiqarish bilan ham band va bunga qisman erishmoqda ham.

Bu narsalarga aqli yetmaydigan odam oz, ammo…

Vladimir Putin bir hafta oldin Dumaga taqdim etgan hisobot-nutqida “Bugun Sobiq Sovet jumhuriyatlari hududida yashyaotganlarning 100 foyiz hammasi rus tilini biladi va bu bizning qurolimiz” dedi. Ha, arqoni ham, dori ham o’zidan deganlari mana shu bo’ladi!

Andijon qatliomidan besh kun oldin

8 May, 2005 yil.

SAVOL: O’zbekistonda ham odamlar inqilob deya ko’chalarga chiqsalar bu hukumatning tagiga suv kelmaydimi? (“Ozodlik” radiosi).

JAVOB: Bugun men aniq bilaman, agar inqilob deb ming odam chiqsa, Karimov bu ming odamni ottiradi. Agar ikki ming odam chiqsa, 2000ni ham ottiradi. Parlament minbaridan turib “Biz tinchlik uchun kerak bo’lsa 200 kishini peshanasidan otamiz” degan edi Karimov. “Tinchlik” deganida Karimov o’zining kursisini, o’zining vazifasini saqlashni nazarda tiutgan edi.

Shuning uchun ham bugun bilishimiz kerakki, bu bo’layotgan narsalarning hammasi- bugungi zulm-dikataturaning xususiyati. Diktatura yo’qolmas ekan, hech narsa o’zgarmaydi.

8 May, 2005 yil.

SAVOL: Rus tilidagi Internet saytlari haqida yozganingizni o’qib, o’ylanib qoldim. Haqiqatdan ham tez-tez g’aroyib maqolalar paydo bo’ladi va butun muxolifat o’shani muhokama qisih bilan ovora bo’ladi. Keyingi paytda O’zbekiston Ichki ishlar vazirlgi rahbarlari haqida shunday maqolalar paydo bo’lmoqda. Bu ham o’sha siz aytgan kabi josuslik idorasining ishimi?(Sherzod).

JAVOB: Ilgari MXX rahbariyati haqida ham shunday maqolalar chiqqan va ancha vaqt hammani “mashg’ul” qilgandi. Keyin Jo‘rabekov, Alimovlar haqida chiqqandi. Undan keyin Ichki ishlar vazirligi rejalagan qatag’onlar…

Hammasida ham men bildirgan ayni. Bu diqqatni Karimovdan olib qochishga va u aybdor emas, atrofida ana shunday dahshatli odamlar bo’lgani holda u qiyinchilik bilan ishlamoqda, degan fikr uyg’otishga, ommani chalg’itishga yo’nalgan “siyo+sat”ning mahsuli. Bu tuzoqqa hatto rejimga muxolif bo’lganlar ham ilinmoqda.

Prezident devonida bu borada maxsus xizmat tashkil etilgani haqida ilgari ma’lumot tarqalgandi. Bu o’sha guruh mehnatining “samarasi”. Ular bir necha yo’nalishda ishlayotgan ko’rinadilar.

Birinchidan, Karimovning ayblarini yashirsalar, odamlarni chalg’itsalar, ikkinchidan Karimovning kimlarniidr yo’qtish rejasiga zamin hozirlamoqdalar.

E’tibor berdingizmi, keyingi paytda qanday voqea yuz bersa, Almatov, Inoyatov, Qodirov, xullas boshqa odam ayblanmoqda. Karimovni esa unutib ham qo’yisdi go’yo. Buni ustiga hokimiyat Almatovga o’tgan degan tentakona fikrga qadar yetib borishdi.

Hatto Choriyevlar namoyishi bostirilishi masalasida ham Almatov ayblandi. Men uni oqlamoqchi emasman. Lekin Karimovning izni bo’lmasdan Almatov AQSH elchixonasi qarshisidagi odamlarga kuch ishlatishga jur’at eta olmaydi. Bu diktaturaning mentin qoidasi.

Ertaga Almatovning o’rniga Toshmatov kelsa, undan razil bo’lishi mumkin, lekin undan yumshoq bo’lmaydi.

Lekin shunday maqolalar paydo bo’lib, kuchishlatar idoralarning sirlari ochilib tursa, nimasi yomon deyishingiz mumkin? Yozilgan va yozilayotganlarning birortasida sir ochilmagan. Aksincha, ular umumiy gaplar, ig’vogarlik, ommani laqqillatishdan boshqa narsa emas. Hammasini to’plasangiz ummondan zarra ham emas, hatto. Ummon bu diktatorning qilmishlari. Haqlarida yozilgan odamlar jallodlardir, bu inkor etilmas narsa, lekin yozilgan maqolalarda nega jallodboshi haqida lom-mim deyilmaydi, gap ana shunda.

Oyni etak bilan yopib bo’lmaydigan davr
9 May, 2005 yil.

SAVOL: Chorievlar namoyishining bostirilishi masalasi AQSH matbuotida ham yoritildimi?(Nozima).

JAVOB: AQSH matbuoti cheksiz bir ummon va dunyodagi barcha voqealar soatma-soat uning “to’lqinlari”da o’z ifodasini topadi. Jumladan, Chorievlar namoyoshi AQSH elchixonasi qarshisida o’tgani, O’zbek hukumatining zolimligi shu yerda namoyon bo’lgani va Chorievlardan birining bevosita AQSHda yashayotgani ayniqsa, bu xabarni mazkur mamlakatga bevosita bog’lagan nuqtalardir. Bunday xabardan bu yerdagi biror bir matbuot vositsa ko’z yummaydi.

Axborot olami biz yashayotgan dunyoni bir hovuchning ichiga sig’dirmoqda, desak lof bo’lmaydi. Kecha Bahodir Chorievdan xat olgandim, u menga “Siyosiy Latifalar” bo’limida Almatov haqidagi latifa o’ziga yoqqanini yozgandi. Bugun esa men bilan birga ishlaydigan amerikalik dostim:

-Kech ota-onamga telefon qilgandim,-dedi.

Ota-onasi bizdan avtobus bilan borilsa, 22 soatda yetib boriladigan Sant Louis shahrida yashashadi. Bahodir ham o’sha yerda. Mahalliy gazetada (“St. Louis post-dispatch”) Bahodir va oilasi haqida maqola chiqibdi. Do’stimning onasi mazkur maqolani qirqib pochta orqali menga va nusxalarini kongresmenlariga jo’natibdi. Yetmishga yaqinlashib qolgan bu amerikalik ayol O’zbekistondagi dahshatlardan larzaga kelib Karimov kabi diktatorlar yo’qolishi uchun duo qilayotganini ham aytibdi. -Bir-ikki kunda gazeta kelib qoladi,-dedi do’stim.

Ha, bugun oyni etak bilan yopib bo’lmaydigan davr. Diktatura rejimining qilmishlarini ana shunday butun dunyo bilib, ko’rib, la’natlab turibdi.

“Haqnazarov”, “Abdullaev” kabilarga ishonmayman

9 May, 2005 yil.

SAVOL: Haqnazarov, Safar Abdullaev kabilarga ishonmayman degan edingiz, mana Safar Abdullaeyning gaplari rost bo’lib chiqmoqda-ku, bunga nima deysiz?(Nasrullo).

JAVOB:Menimcha, hali birortasining gapi rost bo’lib chiqqan emas. Ammo Karimovga yaxshi xizmat bo’ldi bu, desangiz ishonaman. Chunki diktaturaning zulm mashinasi birday yurib turgani bois orada yuz bergan ba’zi voqealar “Ana aytilganlar sodir bo’ldi” deguvchilarga bahona yaratdi. Vaholanki shunday voqealar 15 yildan beri tingan emas va birday davom etib kelmoqda. Ilgari yozganimdek, bir necha kishi “Men Haqnazarovman” deya chet ellardan siyosiy boshpana olganini eshitgandim. Birgina AQSHda hozir “Haqnazarov” imzosi ostida “yozgan” uchta “siyosiy” qochqin yashar ekan. Demak, boshqa mamlakatlarda ham qancha.

Endi “Safar Abdullaey”lar paydo bo’lsa kerak, hatto militsiyadan, MXXdan turli sabablar bilan ketgan ba’zi kishilar ham “Safar Abdullaey men edim” deyishsa ajablanmayman. Ishonmasligim sababiga kelsak, yana bir bor takrorlayman, Karimov atrofidagilar axmoq odamlar emas, ular qog’ozda hamma narsani mutloq demokratik ko’rsatish ta’limotiga ega bo’lgan karimovchilardir. Ular hech qachon falonchini yo’qotish kerak, deb plan tuzmaydilar, buyruq, qaror yozmaydilar. Agar yo’qotish kerak bo’lsa, “Yo’qot” deb yuzma-yuz aytib qo’ya qoladilar. Faqat Karimovgina telefonda buyruq bera oladi. Qolganlar esa bundan ham qo’rqadilar. Chunki ular bir-birlariga dushman qilib qo’yilganlar va bir-birlarini nazorat qiladilar. Agar Almatov “falonchilar yo’qotilsin” deya buyruq yozsa, uni birinchi galda Karimovning o’zi jazolaydi. Chunki u qog’ozda hamma narsa silliq bo’lishini, iz qolmasligini juda va juda istaydigan diktatordir.

Ma’lumki, Karimov ichkarida bergan buyrug’ining bir uchini tashqariga chiqardigan odati bor. Kecha, 9 –May kuni u tayyorlab qo’yilgan savolga javoban, Internet haqida gapirib qoldi va yoshlarga saytlarni tanlab o’qishni o’rgatishimiz, tanlov haqi berishimiz kerak dedi. Ayni paytda ular chetdan kelayotganlarni emas, o’zimizdan chiqqanlarni o’qisinlar, oz’bek adib va yozuvchilarining asarlarini Internetdan o’qisinlar dedi.

Prezidentga yaqin bo’lgan manbadan olingan xabarga ko’ra “Safar Abdullaev” nomidan chiqqan va unga javoban Almatov, Mullajonov, Qodirov, Inoyatov tortishmalari tarzida paydo bo’lgan maqolalarni Karimov “muhokama” etgan. Yodingizda bo’lsa, bunday narsalar qayerdan chiqayotganini yozgan edik. Karimov birinchi galda qahramon adiblar, ularning ortidan sadoqatli yozuvchi va shoirlarning veb sahifalarini qilish va kiril hamda lotinda e’lon etish, tarjimasini ruscha, ingilizchada yaratishni buyurgan. Eng qizig’i bu ishga yuqorida nomlari zikr etilgan odamlar jalb qilinglar. “Sizlarga o’zlaring haqda yaxshi gap eshitishning yo’li shu, qo’llaringdagi bolalarni ishlatib, o’zimizning odamlarga veb sahifalar qilib berlaring va jamiyatni endi shu yo’l bilan boshqarishga o’tlaring. Yoshlar ovqatni Internetdan yeyishga ishqiboz, demak biz restoranni Internetda ochishimiz kerak” degan Karimov. Bu bita “foydasi”, yaqin kunlarda yana bir-ikki “foyadasi” chiqadi.

Shundan keyin ham siz menga qandaydir “Haqnazarov”, “Abdullaev”larga ishonishim kerakligini uqtirasizmi?

Putinning dumi

11 May, 2005 yil.

SAVOL: Keyingi kunlarda Islom Karimovning 9-Mayda Moskvada o’tgan paradda Dunyo liderlari bilan yonma-yon turmasdan Toshkentga qaytgani haqida turli mish-mishlar ko’payib ketdi. Siz bu masalada qiziqib ko’rmadingizmi? (Olimjon, 2005 yil, 11 May)

JAVOB: Tabiiyki diqqat tortadigan masala bo’lgani uchun qiziqib ko’rdim. Ukraina prezidenti Yushenkoning qaytib ketishi ko’pchilikni ajablantirmasligi mumkin, ammo Karimovning MDH majlisiga kechikib borishi va darhol orqaga qaytishi turli savollar uyg’otgani, tabiiy. Buni har kim har turli baholamoqda va turli taxminlarni aytishmoqda.

Toshkentda Prezidentga yaqin manbadan olingan ma’lumotga ko’ra, Putinning ishi ko’pligidan Karimovga vaqt ajrata olmagan va shu bois Karimov kechikib borgan. Ular MDH majlisiga kirish paytidagina yuzma-yuz kelganlar va Karimovning salomlashish uchun oldinga yugurib chiqishi Putinni ajablantirgan. Karimovning kechikib kelgani unga yoqmagan bo’lishi mumkin. U yuzini teskari qilib, qo’lini uzatib, bepisand salomlashib ichkariga kirib ketgan. Karimov esa o’zini yo’qotib, eshik yonidagi zinaga oyog’ini urib olib, qoqilib ketgan. Shu bois O’zbek televideniyesida eski salomlashishlardan nusxa ko’chiirb ko’rsatilgan. Ammo Rus va xalqaro televideniyelar bu manzarani qochirishmagan.

9- May kuni esa Karimov prezident Bush bilan uchrashuvdan va undan dashnom eshitib qolishdan qochgan. Agar Moskvada qolsa dunyo liderlari bilan yonma-yon turganda u navbatga ko’ra Bushga yaqin nuqtada turishi kerak bo’lardi. Keyingi paytlarda bir qator AQSH tashkilotlarining Toshkentdagi faoliyati to’xtatilishi, AQSH davlat kotibi va Bush rafiqasining mintaqaga safari chog’ida chiqqan gaplar va ularning O’zbekistonni chetlashlar, yana bir qancha juda jiddiy sabablar bois, Karimov dunyo liderlari ko’z oldida Bushdan yaxshigina dashnom olishi, qochiriq gap eshitishi mumkin edi. Prezident Putinning mehmoni o’laroq uning yuziga qarab dashnom bergan AQSH rahbari Karimovga ham bir nima desa u “15 yil nina bilan toplaganim bir kunda yo’qolib qolmasin” deb o’ylagan bo’lishi mumkin. Aslida yo’qolib bo’lganidan xabari yo’q! Uning nima deb o’ylaganini o’zi biladi, ammo AQSH rahbari 9-May tantanlarida qatnashmaganda Karimov Putinning orqasidan yugurib yurgan bo’lardi. Bunga esa shubha yo’q.

Karimovning o’z maqsadi bor!
12 May, 2005 yil.

SAVOL: Andijonda namoyishlar tinch o’tmoqda, mana mumkin ekan-ku? Yoki Karimov insofga keldimi? (O’ktam, 2005 yil).

JAVOB: Diktatorning insofi yetti mulkka o’t qo’yilishi bilan barobar.
Toshkentdan olingan ma’lumotga ko’ra Karimov ba’zi joylarda tashkiliy ravishda, hukumat tomonidan nazorat ostida namoyishlar, piketlar o’tishiga izn bergan.
Hatto bu namoyishlarda Bosh vazir Mirziyoyevning iste’fosi talab qilinsa ham indamaslik, kuzatish, tashkilotchilarni aniqlash va keyin qonuniy tartibda jazoga tortishni topshirgan.

Manbaga ko’ra, bu “Karimovning iste’fosi talab qilinmasa, bas!” degani. Shu bos hukumat vakillariga namoyishchilar, piketchilarga “Prezidentning iste’fosini talab qilsanglar, o’zlaringdan ko’ringlar” degan po’pisa-ogohlantirish qilishlari topshirilgan.

Hukumat qarori bilan ba’zi qonunni sharhlovchi hujjatlarga “Umumxalq saylovi bilan saylangan mamlakat rahbarini qandaydir shaxslar va guruhlar tomonidan ise’foga chaqirish prezidentning shaxsiga haqorat, deb hisoblanadi va bu borada Prezidentning sha’ni va sharafi haqidagi qonunda ko’zda tutilgan tartib kuchga kiradi” degan qo’shimcha kiritilgan.

Umuman Karimov xalqning g’azzabini ham boshqa tomonga burib, undan ham o’z maqsadida foydalanish rejasini tuzganga o’xshaydi.

Muxolifat bor bo’lsa…

13 May, 2005 yil.

SAVOL: Andijonda tinch o’tayotgan namoyishlar qonli voqealarga aylanib ketishi ham Karimovning insofi, shavqatimi? (Zafar, 2005 yil, 13 May)

JAVOB: Albatta, kechagi javobimizda ham diktatorning insofi yetti mulkka o’t qo’yish bilan barobar ekanligini aytgan edik. Har holda Andijondagi voqealar qanday rivoj topgani bugun erta daqiqama daqiqa aniq bo’ladi. Ammo hukumat ularni allaqachon “terroristlar” deb e’lon qildi. Bu esa navbatdagi “shavqat”ning ishorasidir. Namoyishchilar radikal diniy oqimga mansub deyilishi esa, o’lmay qolganlarni oson kunlar kutmayotganidan darakdir. Gap shundaki, bunday namoyishlar, “hujum”lar O’zbekistonda inqilobga aylanishi mushkul. Buning uchun siyosiy zamin, siyosiy sharoit yo’q. Bu esa juda xafli. Andijonda odamlar o’ldirilgani kabi, boshqa joylarda ham o’ldirilaveradi va diktatura ularga turli tamg’alarni yopishtiraveradi. Bu holda isyonlar ko’payib boraverishi va natijasi juda xunuk oqibatlarga borib yetishi mumkin.

Agar demokratik-siyosiy muxolifat mavjud bo’lsa, hozir Andijonda o’zini ko’rsatishi, maydonga chiqishi kerak edi. Lekin… Muxolifatman deganlar vositachilik qilishimiz mumkin, deya bayonot berishdi. Vaholanki muxolifatning vazifai vositachilik qilish emas, balki namoyishlarni boshqarishdir.

Shunday ham yillar davomida hukumatga rejimni kuchaytirish uchun bahona yaratib berayotgan ba’zi guruhlar yana maydonga chiqishi yoki chiqarilishiga esa shubha yo’q. Toshkentda Isroil elchixonasi oldidagi voqea bunga bir misol.

Grantchilar

14 May, 2005 yil.

SAVOL: Muxolifatning chetda yurib “Mana men liderman” deyayotganlar tinch joydalar va darhol nega Karimovni xalqaro sudlarga bermayaptilar? Nega BMTga va boshqa xalqaro tashkilotlarga murojaat etmaypatilar?(Ma’rufjon)

JAVOB: Bunday ish uchun grant beradigan topilsa, darhol qoyil maqom qilib bajaradilar. Har holda shuni kutib turgan bo’lsalar kerak.

Nima qila olishimiz mumkin?

14 May, 2005 yil.

SAVOL:Siz nima deb o’ylaysiz? Bunday paytda xorijda turgan, diktatorliknini tugatilishini istaydigan uzbeklar nima qilishsa tu’gri yu’l tutga bu’lishadi va Andijonliklarga yordam bergan bu’lishadi?

Agar Andijonliklar yana 2-3 kun turib berishsa Uzbekistonning qolgan viloyatlarida ham xalq ku’tarilishlari boshlansa kerak. Bu esa diktatorlikning tugashiga olib kelishi mumkin…Muhammad Solih va boshqalar qaerda? Shu paytdan foydalanib xalqni ku’tarsa bu’lmaydimi?? Karimovning OMON chilari hammani bostirishga kuchi etmaydi, balki ularning ham joniga tekkan…

Mana Jizzax va Toshkent ham ku’tarilsa kerak deb u’ylagandim, chunki ular hammadan ku’proq bu rejimdan zarar ku’rgan regionlar…Boshqa viloyatlarda xalq ku’tarilishining boshlanishi Andijonliklarga bosimni pasaytiradi, chunki bir qism kuchlarni boshqa yoqqa tashlashga majbur bu’ladi…Lekin boshqa viloyatlar Andijonda nima bu’layotganidan bexabar, aloqalar uzib tashlangan, Rus TV lari esa Karimovni qu’llab, unga mostlab ku’rsatishayapti…

Tolib Yoqubov boshchiligidagi va boshqa inson xuquqlarini himoya qiluvchi tashkilotlar shu paytda sergak turishlari kerak, chunki ulardan boshqa hech kim qolmadi hisobi…Jizzaxda Yomonqulov va haligi yosh hokim bolani shu paytda bir yoqlik qilsa bu’lardi…
Andijonliklar mard odamlar ekan…Nahotki, yordam berolmasak? (Polvon).

JAVOB: Karimov oddiy namoyishchilarni ham jinoyatchilar deb atadi va qurolli guruhlarga bog’lab ularni islomiy extremistlarning yaqinlari deb e’lon qildi. Bu esa qatag’onning yana bir davri boshlanishidan darak beradi.

Chetdagilar buning yolg’onligini isbotlash yo’lida yordab berishlari mumkin. Qo’lidan kelganlar “Ozodlik” va BBC ga bevosita interviyu bergan andijonliklarning so’zlarini tezlik bilan ingliz tiliga tarjima qilib tarqatslar yaxshi bo’lar edi.

Ikkinchisi, qirg’izlarning shunday kunda tutgan ishlari ibratli edi. Ular xorijdagi qirg’izlarning jamiyatini tuzib, imzo to’plashgan va xalqni qo’lalshlarini e’lon qilgandilar.
Uchinchisi har kim o’zi yashagan joyda O’zbekiston elchixonasi yoniga borib, Karimov rejimi tinch aholini o’ldirmalsikni talab etsa katta yordam beradi.

To’rtinchisi, xalqaro tashkilotlarga maktublar yo’llab Andijondagi dahshatni tekshirish va tinch aholini ham o’qqa tutgan Karimovni sudga tortish masalasini talab etish kerak.

Karimovga to’xta deydigan yo’qmi?

14 May, 2005 yil.

SAVOL: Karimovga to’xta deydigan yo’qmi? (Umida).

JAVOB: Diktator Karimov xalqqa o’t ochishga buyruq berib o’zining qo’ndan qaytmaydigan battol ekanligini yana bir bor ko’rsatdi. Rasmiy xabarlarga ko’ra, Andijonda hukumatning kuchlariga bevosita Karimovning o’zi rahbarlik qilgan va ijrochisi Almatov bo’lgan.

Bugun esa Karimov “Men Andijon viloyat hokimligi yonida namoyish qilayotgan 200 kishiga(?) qarshi o’q otmaslikni buyurdim” degan. Bu diktatorning yuzi ikkita, balki yettita ekanligini ham ko’rsatadigan bir dalil.

Karimovga faqat O’zbek xalqi “To’xta!” deyishi mumkin va bugun Andijonda ana shu hayqiriq yangramoqda.

Xalq va ishi bitganlar

14 May, 2005 yil.

SAVOL: Andijondagi qonli voqealar Karimovning ishi bitganini ko’rsatmayaptimi? (Hikmat, 2005 yil, 14 May).

JAVOB: Diktatorning ishi bitgan, lekin muxolifatning ham ishi bitganki boshqaruvni qo’lga ololmadi. Bir tomonda xalq va ikkinchi tomonda ishi bitganlar. Vaziyat ana shu.

Echkiga jon, qassobga moy qayg’usi

14 May, 2005 yil.

SAVOL: Afsuski, bu voqealar siz aytgan kabi O’zbekistonda boshqaruvni qo’lga oladigan siyosiy muxolifat yo’qligini ko’rsatdi. O’zini muxolifatning otasiman deb yurganlar esa Karimovga o’xshab dunyoni chalg’itishdan nariga o’tmayotirlar. Hatto Muhammad Solih turli mamlakatlarning matbutoga suhbat berib, biz voqealarni Gurjiston, Ukraina, Qirg’izistondagi kabi inqilobga aylantirayapmiz, deya yolg’on bayonot tarqatishga qadar yetib bordi. Bunga nima deysiz? (Baxtiyor).

JAVOB: Bu savol menga emas, unga ekan. Lekin haq savol. Echkiga jon, qassobga moy qayg’usi, deb bekorga aytishmagan. Bunday voqealardan siyosiy bagaj qilib olish ba’zilarning hunari. Qoyil qolish kerak!

Bu bizning fojiamizdan dalolat

14 May, 2005 yil.

SAVOL: “ERK” biz orada vositachilik qilmoqchimiz, deb e’lon qilgandi. “Ozodlik” radiosiga bergan suhbatida esa Muhammad Solih biz Krimovning bu darajaga borib yetishini taxmin qilmagan edik dedi. Diktator Karimovning zulmi qachonlardir bu darajadan oshib ketganini nahotki u bilmasa?!. “Birlik”ning pozitsiyasi ham bundan farq qilgan emas. Sal narsaga etak ko’taradigan “Ozod dehqonlar” lideri ham o’rtada yo’q edi. Bu nimadan dalolat?(Sherzodbek, 2005 yil. 14 May).

JAVOB: Bu mening ham diqqatimni tortdi. Siyoisy latifalar bo’limiga qarasangiz hajv yo’li qilingan javobni topasiz. Lekin jiddiy jihati shuki, bu bizning fojiamizdan dalolat.

Buni ham eplay olishmadi

14 May, 2005 yil.

SAVOL: Andijon voqealari O’zbekistonda bugun o’zini muxolifatman deyayotganlar kuch emasligini ko’rsatdi. Agar ular bor bo’lganlarida nima qilsihlari mumkin edi? (Shoira).

JAVOB: Men muxolifat liderligiga da’vo qilmayotirman, buni takror va takror yozib kelmoqdaman, siyosiy faoliyatimni toxtatganimga 10 yil bo’ldi. Ammo mana shu voqealardan keyin siyosatga qaytsammikan, deb ham o’ylab qoldim. Lekin bu hali faqat o’y, qarorim aniq emas.

Men bugungi “muxolifat”ning mavjud kuchini yaxshi bilganim bois ulardan yolg’iz tezkor xabar tarqatishnigina kutgandim. Ammo buni ham eplay olishmadi.

Men ularning so’zlovchisi emas

14 May, 2005 yil.

SAVOL:Qirg’izistonda muxolifat darhol O’shga borib boshqaruvni qo’lga olgandi. Lekin Andijonda “ERK”, “Birlik”, “Ozod dehqonlar” yetakchilari ko’ringan emas. Vaholanki u yerda ochiq mikrofon bor edi va xalqni boshqarishga imkon tug’ilgandi. Mana siz nega Andijonga yetib bormadingiz? (Bek, 2005 yil, 14 May).

JAVOB: Men ularning so’zlovchisi emas. O’zimga qolganda esa agar Andijonga yetib boradigan zarracha imkonim bolganda, hozir savollarga javob yozib o’tirmagan bo’lardim. Lekin voqealar mana shunday tuz olishini va Karimov qon to’kishdan tox’tamasligini taxmin qilib kelayotgandim.

Anda jonim uzildi

14 May, 2005 yil.

SAVOL: O’zbekiston xalqi haqiqiy xabarlardan uzib qo’yildi. Agar muxolifatning kuchi bo’lganda, Andijondagi vakillariga asoslanib daqiqama-daqiqa xabar tarqatinb turgan, O’zbek xalqini va dunyo jamoatchiligini xabardor etgan bo’lmasmidi? (Sadriddin).

JAVOB: Men masalan, “Harakat” veb saytining boshida andijonlik Po’lat Oxun turgani bois tez-tez bu veb sahifani kuzatdim, ammo xabarlar Xo’ja Ahrorning o’ligi kabi edi. “Muxolifat”ning qolgan veb sahifalari ham Karimov otgan o’qdan yiqilgan odam kabi chalajon,qimir etmasdi. Borimiz shu!

QOTIL
PODISHOH!

Men uyimga sig’mayapman,
Devorlar bug’ar
Men uyimda yig’layapman,
Qachon kun tug’ar?!
Sen maydonda big’layapsan,
Andijonim, oh!
Sen bolangni tig’layapsan,
Qotil podishoh!

ANDA JONIM UZILDI

Bobur maydonida Bobur yig’ladi,
O’zbekning bolasi bo bir yig’ladi,
Islomning dastidan Islom ingranar,
Balki bu vahshatdan Qodir yig’ladi?

Yig’lamagan so’qir Islom Karimdir,
Yig’lamagan cho’tir Islom Karimdir,
Saroyning bitlari yig’lolmas yana,
Yig’lamagan qo’tir Islom Karimdir.

Qolganlar yig’ladi elu er bo’lib,
Ko’z yoshi, qon oqdi bitmas sel bo’lib,
Andijonim, anda jonim uzildi,
Tanu jonim oyoq osti, yer bo’lib.

Yig’lamagan so’zlar go’rga qo’yilsin,
Yig’lamagan o’zlar g’amdan so’yilsin.
Tangri, qudratingni namoyish ayla,
Yig’lamagan ko’zlar oqsin, o’yilsin!

2005, 13

Afsuski…

14 May, 2005 yil.

SAVOL:Agar O’zbekistonning boshqa viloyatlarida ham namoyishlar bo’lganda balki Karimov shoshib qolgan va Andijonda o’q otishga jazm etolmagan bo’lardi, muxolifat buni ham bajara olmadi. Agar muxolifat demokratik siyosiy kuch bo’lganda bir soatda mamlakatning turli nuqtalarida namoyishlar boshlanib ketgan bo’lmasmidi?(Rustam).

JAVOB: Qo’shilaman, gapingiz haq. Afsuski siyosiy kuch emas.

Qani bizning muxolifat?

14 May, 2005 yil.

SAVOL: O’zbekistondagi demokratik kuchlar qani? Qani bizning muxolifat? (Hakimbek).

JAVOB: O’zbekistonda diktator Karimov demokratik siyoisy muxolifatni ham o’ldirgani bois namoyishlar o’z boshiga o’tmoqda, hatto oraga qurol ham aralashmoqda., ba’zi radikal guurhlar ham “ochko” ishlamoqdalar.

Bugunga qadar Karimov O’zbekistonda demokratik muxolifatni tor-mor etgani yashirib kelindi, ba’zilarning nafs bahonasida muxolifatchilik qilishlari esa dunyo jamoatchiligini chalg’itish edi. Bundan tabiiyki, diktator foydalandi.

Guna kuduratning qurbonlarimiz

15 May, 2005 yil.

SAVOL:Andijondagi voqealar bir-birimizga gina kudrat saqlash tufayli qo’ldan chiqqan imkoniyat emasmi? (Do’st).

JAVOB: Bo’lsa bordir! Ammo men uni imkoniyat deb qaraganim yo’q.

Gina saqlash-yomon. Men gapim bo’lsa aytib, yo’limda davom etaveraman. Vatan istiqboli masalasida har qanday odam bilan gaplashishga hozirman. Shunday qilib ham kelayapman. Garchi gina saqlashga arziydigan ba’zi odamlar bo’lsada. Chunki ularning xatolari bois bugunga qadar o’zbek xalqi zulm chekmoqda, jon bermoqda, millat sifatida oyoq osti bo’lmoqda. Bu esa meni qattiq o’ylatadi, ranjitadi, azob beradi. Ikkinchidan, savol-javoblarda ba’zi odamlarning ism-shariflari aylanib qolsa, buni gina deb qaramang. Agar ularning ism-shariflarini olib tashlaganimda, bu balki mening ularga gina saqlaganim belgisi bo’lardi.

Imkoniyat masalasiga kelsak…Hali, 1992-1993 yillar edi. Men birinchi etapda yutqizdik, buni tan olaylik, xatolarni tahlil qilaylik, uch-to’rt yil hukumatga indamagan bo’lib ko’rinaylik, o’zimizni unuttiraylik, ammo xalq ichida siyosiy tayyorgalikni ko’raylik, siyosiy kuch sifatida keyin birdan maydonga chiqaylik, degan taklifni aytganman. Vallohi, buni Karimov shaxsini yaxshi bilganim uchun aytgan edim. O’shanda kimdir meni qo’rqoqlikda ayblagan edi. Kimdir vaqt o’tib ketadi, dedi. Kimdir esa Karimovni dunyoda fosh etib turishimiz kerak dedi. Yana kimdir agar har kuni bir narsa qilib tursak, xalq biz bilan birga bo’ladi, bo’lmasa unutadi dedi. Demokrat bo’lganim uchun ko’pchilikning fikriga bo’ysundim. Ammo ichki bir og’riq bilan. Chunki qadamba-qadam chohga qarab ketaverdik. Yigitlar to’kilaverdilar, to’kilaverdilar…

Juda ko’p harakat qildim tushuntirishga, tushunishmadi. Keyin men siyosatni tark etdim.
Mana oradan o’n yil o’tdi. Ularning qilgan hamma ishlari zulmning foydasiga bo’ldi. Mayli, bu ham gina bo’lmasin, bu ham tarixning hukmiga havola!
Men bugun ham siyosiy tayyorgarliksiz biror natija chiqishiga ishonmayman. 1991 yilda katta tayyorgarlik qilgan edik va oramizdan chiqqanlar hamma narsanu buzishgandi. Shunda men katta tayyorgarligimiz ham hali siyosiy tayyorgarlik emas ekanligini anglab yetganman.

Agar biz o’shanda uch-to’rt yil o’zimiz bilan o’zimiz ovora bo’lish ko’rinishini bersak, Karimov taltayib qolardi va demokratik-siyosiy tayyorgarliklarga e’tibor ham qilmaydigan bo’lardi. Ammo har yili bir narsa chiqarish bilan uni uxlamaydigan qilib qo’yishdi. Shunday bo’ldiki, biror yil bir narsa chiqmasa, endi Karimovning o’zi chiqaradigan bo’ldi. O’zbekistonda bir qator yosh demokratlar siyosiy tayyorgarlik ko’rayotgan va 2007 yil saylovlarida siyosiy kuch sifatida maydonga chiqmoqchi edilar.Ammo bugun ularning yo’llarini bekitishdi.

Bilmadim, bu qattol zulm qachonga qadar 26 million xalqning boshini tegirmon toshidek ezar ekan?

Men odamlarni o’limga ruhlantira olmayman!

15 May, 2005 yil.

SAVOL: Nahotki siz demokarik kuchlar borligiga, hali ham O’zbekistonda inqilob boshlanganiga ishonmaysiz? (Yigit).

JAVOB: Yo’q, ishonmayman. (Men hayajonga emas, zakovatga ishonadigan odam-JM) O’zbekistonda demokratik kuchlar borligiga esa ishonaman. Ammo ular hokimiyatni qo’lga oladigan siyosiy muxolifat darajasiga ko’tarilmadi, tog’rirog’i ko’tarilishiga qo’yilmadi. Karimov bunga yo’l bermadi.

Diktator Karimov inqilobga yo’l beradigan fenomen emas. U so’nggi joni qolguncha kurashadi, agar kerak bo’lsa, mamlakatning yarim xalqini ham qirib yuboradi va bahona topib, ularning hammasini islom ekstremistlari, deb e’lon qiladi. Men buni Karimovni shaxsan tanigan shaxs sifatida ishonch bilan aytaman.

Agar siz aytgan inqilob yuz bersa va Karimov rejimi yiqilib o’rniga qandaydir “demokratik kuchlar” kelsa, men siyosatning “s” harfini ham bilmas ekanman, deya ochiq aytishga tayyorman.

Hozir esa men bekordan-bekorga o’lib ketayotgan begunoh odamlarga achinmoqdaman, motam tutmoqdaman.

Buning o’rniga odamlarni ruhlantirsangizchi, deyishingiz mumkin. Keyingi paytda takror yozganimdek, o’z jonimni issiq joyda saqlagan holda odamlarni o’limga ruhlantira olmayman! Bu qo’limdan kelmaydi

Dunyo haqiqatni bilib oldi

15 May, 2005 yil.

SAVOL: Men AQShning xalqaro CNN telekanalida Andijon voqealariga bag’ishlab berilgan ko’rsatuvni ko’rdim. Karimovni qattiq qoralab berishdi, dunyoda fikr Karimov zarariga o’zgara boshladimi? (Mansur).

JAVOB: Men ham ko’rdim. Boshqa matbuot vositalari ham Karimovni islomiy ekstremizmga qarshi kursh shiori ostida begunoh odamlarni o’ldirganlikda ayblashmoqda. Bugun butun dunyo uning qotil ekanligini tushunib turibdi. Lekin O’zbekistonda demokratiyani o’rnatadigan kuch ichkarida.

Bugun bo’lmasa ertaga, ertaga bo’lmasa indinga O’zbek xalqi ham demokratiyaga, ozodlikka, haqiqiy mustaqillikka yetadi. Karimov bilan birga uning jallodlari baribir adolat huzurida javob beradilar. Qaro mehnati bilan ularni boqayotgan, kiydirayotgan xalqqa qarshi o’q otgan, qon tokkan odam kim bo’lishidan qat’iy nazar nonko’rdir. Karimov ham nonko’rlik qildi, qotillik qildi, padarkushlik qildi, bolakushlik qildi. Padarkushning oxiri voydir! Bolakushning haqqi tavqi lan’natdir! Unga sherik bo’lgan jallodlar ham ayni qismatga munosib bo’ladilar.

Ular dunyoni aldashga o’rgandik va yana bir bor aldaymiz deyishmoqda. Ammo o’z xalqining qotillari hammayoqni bekitib olganiga qaramay dunyo haqiqatni bilib oldi!

Xalqqa quloq tutaylik!

23 May, 2005 yil

SAVOL: Andijon qatliomidan keyin muxolifat nima qilmoqchi? (“Ozodlik” radiosi).

JAVOB: Andijonda 2005 yilning May oyida namoyishlar boshlangandayoq O’zbek Demokratik kuchlari uning yonida, xalqning ichida bo’la olmadilar, shu bois namoyishlar siyosiy kurashdan qurolli harakatga yuz tutdi va Karimovning beshavqat zulmi bilan qonga belandi. Bugun shu bois odamlar demokratik kuchlardan tarqoqlikka barham berish va birlashishni talab qilmoqdalar!

Namoyishlardan keyin hamma o’z holicha kurashmoqda. Lekin dunyo, Karimovning jilovini tortadigan dunyo O’zbek demokratik kuchlarini Gurjiston, Ukraina, Qirg’izistondagi kabi qo’llamadi va qo’llamayotir. Buning sababi esa uni real kuch deb tan olmayotganidadir.

Men shu fojealar davomida dunyo siyosatida bevosita so’z sohibi bo’lgan juda ko’p odamlar bilan gaplashdim. Ularning hammasida bitta fikr mavjud. Ular “O’zbekistonda mavjud hukumat ketgan taqdirda uning o’rnini oladigan demokratik-siyosiy alternativ kuch yo’q. Agar shunday kuch mavjud bo’lganda Andijonda darhol tashabbusni qo’lga olib, masalani qamoqdagilarni qo’yib yuborish bilan emas, balki yangi demokratik hokimiyatni e’lon qilish bilan hal etardi va mamlakatning hamma joyida xalqni birdaniga ko’tarsa Karimov rejimi qular edi” deyishadi.

Shundan kelib chiqib, taklif qilmoqchiman, bu taklif faqat meniki bo’lib qolmasligi uchun, qurultoy qatnashchilari ham muhokama etsinlar va bir qarorga kelsinlar.

1.O’zbekiston Demokratik kuchlarining milliy kongresini tuzish kerak.

2.Agar shu kunlarda Andijon masalasida aytayotgan gaplari samimiy bo’lsa, kim bo’lishidan qat’iy nazar, qayerda bo’lishidan qat’iy nazar agar demokratiyani qo’llasa va Karimov rejimiga qarshi bo’lsa, bu kongressga qo’shilsin.

3.Tashkilotlar, shaxslar Andijonda halok bo’lganlar xotirasi va vatan kelajagi uchun gina-kudrat, nizolarga maratorium e’lon qilishsin. Masalan, men 15 Maydan e’tiboran e’lon qildim. Mamlakat ozod bo’lgandan keyin har qanday gapni gaplashish imkoniyati bo’ladi.

4.Mazkur milliy kongress dunyoga o’zbek demokratik kuchlari borligi va alternativ siyosiy kuch mavjudligini namoyish etish uchun radio, Internet orqali bo’lsada demokratik kuchlarning umumdunyo qurultoyini chaqirsin va muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilsin.

5.Hamma istagan joyida va vazifasida qolgan holda mazkur kengashda teng a’zo hisoblansin va muvofiqlashtiruvchi kengash hay’ati liderlik vazifasini bajarsin.

6.Muxolif vebsaytlar mazkur kengashning daftarini ochsinlar va istaganlar unga yozilsinlar.

Biz agar kuch bo’lsak, dunyo qo’llaydi, xalq qo’llaydi va Karimov bitadi. Agar puch bo’lsak, dunyo qo’llamaydi, xalq ham qo’llamaydi, Karimov va karimovchilar yutadi.

Agar yana bahonalar bilan bu imkoniyatni qo’ldan chiqarsak, demak yana o’lik sanash, orqadan yig’lashdan boshqa narsaga yaramaymiz! Karimovdan keyin hokimiyat “kichkina Karimov”ga o’tib ketishi va u xalqni demokratiya o’yini bilan yana bir necha yillar aladashi mumkin.

Bu achchiq haqiqatni tushunib olaylik!

Bu o’qigan har bir kishining o’z murojaati bo’lsin va bunga tuzatishlar kiritsin.

Radio orqali muhokamada qatnashchilar bu taklifni qo’lladilar va taniqli hofiz, siyosatchi Dadaxon Hasan “Mazkur milliy kongresning birinchi a’zosiman” deb e’lon qildi. Xo’sh kim ikkinchi, kim uchinchi, kim…

“Mahalla”da duv-duv gap

27 May, 2005 yil.

SAVOL: “Mahalla” gazetasida “Ozodlik” radiosi haqida chiqqan maqoladan xabaringiz bormi? Bunga munosabatingiz qanday? Undan MXXning hidi kelmayaptimi? (Boburjon).

JAVOB: Men gazetaning qariyb ikki sahifasini ishg’ol etgan “Ogoh bo’ling, informatsion xuruj!: ruknida ikki sarlavha-ikki kallalik “Bo’hton ko’p, vijdon qayerda?!” “So’z tuzadu, so’z …buzadi” degan maqolasini oq’idim. Undan MXXning hidi kelayapti deyish mumkin emas. Balki uni MXX tayyorlagan. Bunday maqolalarni Sovet davrida KGB ham xuddi shu usulda tayyorlab kelgan. MXX bu borada ham o’zining salafiga sodiq qolgan.
MXX tayyorlaganini ko’rsatuvchi dalillardan bir nechtasi:

1.Maqolada “Ozodlik” radiosining bir qancha dasturlaridan juda ko’p parchalar keltirilgan. Eshittirishlarni kunba-kun va so’zma-so’z yozib borish, keyin qog’ozga tushirish O’zbekistonda faqat MXX tomonidan sho’rlik xalqning puli bilan amalga oshiriladi.

2. Maqolada shunday faktlar borki, uni birorta jurnalist tugul, Ichki ishlar vazirligi ham bilmaydi. Masalan, “Amerika ovozi” radiosining rahbarlaridan biri O’zbekistonga “maishat” uchun borgan ekan, xotinbozlik qilgan ekan… Buni, agar shunday hol yuz bergan bo’lsa, chet elliklarning ortidan kuzatib yuradigan MXX biladi, xolos.

3.Maqolada “Ozodlik” radiosining ba’zi muxbirlari qayerga borgani, kim bilan qanday muomala qilgani, nimani yozib olgani kabi “dalillar” ketiriladi. Bu ham MXXning ta’qib-kuzatishlari natijasidir va hokazo.

Lekin Sovet davridagi kabi bugun MXX yana qovun tushirgan va “Ozodlik”ni yaxshilab tanqid emas, targ’ib qilgan. Ma’lumki, O’zbekistonda ko’pchilikning radio eshitish imkoniyati yo’q. Ular Andijon voqealarini quloqdan-quloqqa eshitdilar. Mana endi, MXX “jurnalist” Shuhrat Ulug’zoda (ismi-sharifni qarang!!) nomi bilan o’z maqolasida “Ozodlik” radiosida Andijon voqealari bo’yicha berilgan ma’lumotlarning muhim nuqtalarini qog’ozga tushirib, qora harflarda ajratib keltirgan holda xalqni asl voqeadan voqif etdi. “Ozodlik” radiosining Andijon borasidagi muhim xabarlari xalqqa to’la yetib borgani bilan uning xodimlarini qutlamoq kerak. Endi “Ozodlik”ni eshitmaganlar ham eshitadigan bo’ldilar.

O’zini yengmagan, o’zgani yengolmaydi!

2 Iyun, 2005 yil

SAVOL: Andijon voqealari bo’yicha qanday faoliyat qilmoqdasiz?(Ozodbek).

JAVOB: Diktatura rejimiga qarshimiz, demokratiyadan yonamiz, degan guruhlar va shaxslar 15 yil davomida kurash uchun umumiy bir zamin topa olmadilar va gina-kudratlar, shaxsiy manfaatlar hamda ambitsiyalarini yengib, bir to’xtamga kela olmadilar. Shu bois ham bugun dunyo jamoatchiligi O’zbekistonda muxolifat deyarli yo’q, oz’larini muxolifat deganlar ichki nizolarini yenga olmayaptilar degan gapni ochiq aytmoqda.

2005 yil, May oyining ilk kunlaridayoq Andijonda namoyishlar boshlanganda O’zbek demokratik kuchlari xalqning yonida, xalqning ichida bo’la olmadilar, shu sabab siyosiy namoyishlar bilan bir qatorda qurolli harakat ham yuz berdi. Karimovning beshavqat zulmi esa tinch maqsadli namoyishlarni qonga beladi. Shundan keyin odamlar demokratik kuchlardan tarqoqlikka barham berish va birlashishni talab qildilar.

Men garchi biznikilar birlashmasligini bilsamda ko’pchilikning istaklarini inobatg olib, balki Andijonda millatning qoni to’kilishi ko’zlarni ochgandir, degan o’yda yagona chiqish yo’li sifatida O’zbekiston demokratlarining birlashishi zarurligi taklifi bilan chiqdim.

Bu:
-birinchidan, demokrat kuchlar birligini namoyish etish va Karimovning tarqoqlikni yaratish yuzasidan 15 yillik ishini puchga chiqarish uchun kerak bo’lsa:
-ikkinchidan, rejimni yiqitish uchun zamin hozirlagan bo’lardi;
-uchinchidan, bu demokratik kuchlar millat va tarix oldida gunohkor bo’lib qolmasliklari uchun asos yaralgan bo’lurdi.

Xorijiy radiolarda chiqish qilgan oddiy o’zbeklar ro’y bergan voqealarda muxolifatning bevosita aybi bo’lmasada bilvosita aybi borligi, ya’ni ma’suliyati bor deb aytganda haq edilar.

Karimov rejimi bugungi darajaga yetishida demokratik kuchlar birlashishiga rahna solib kelganlar ham bab-baravar aybdordirlar va tarix buning bahosini beradi, albatta.
Men birlashishga ishonmaganimning boisi shundaki, bu masalani 1991-92 yillarda ham ko’targandim. O’shanda O’zbekiston Demokratik kuclari Forumini tuzish taklifi bilan chiqqan edim. Bugungi kabi ko’pchilik qo’shilgan va bugungi kabi kimlardir turli bahonalar bilan qo’shilmagan edilar. Keyin birlashish masalasi yana bir necha marta kun tartibiga keldi va yana amalga oshmadi. Balki kimlargadir xuddi mana shu narsa kerakdir!

Men bu safargi taklifimda ilgarilari bahona bo’lgan sabablarga o’rin qoldirmaslik uchun Kongres faqat muvofiqlashtiruvchi rol o’ynaydi va diktaturaga qarshi, demoktaiyadan yona bo’lgan odamlarning birgalikdagi harakatlarini tarqoqlikdan bir kuchga aylantirish maqsadida faqat maslahat kengashi bo’lajagiga e’tibor qaratgandim. Ammo bu zanglagan zehniyatning ko’zini ocha olmadi. Ilk kun ulug hofiz Dadaxon Hasan: O’zbekning ko’ksidagi gina gudratni qon ham yuva omaydi, degan edi va haq bo’lib chiqdi.

So’nggi imkoniyat deyarli boy berilgan bo’lsada, lekin umid o’lgan emas. Kongres taklifini qo’llaganlar har qachongidan ham ko’p va ular birlashgan holda faoliyatni davom ettirisalar balki kelgusida bu harakat zanglagan zehniyatning so’qir ko’zlarini ochishga xizmat qilar hamda boshqalarni ham maydonga yig’ar. Bunga esa sharoit lozim.

Kongres Nizomining loyihasi Kongresga qo’shilish uchun murojaat qilganlarda deyarli e’tiroz uyg’otmadi. Zotan kongres asosan maslahat kengashi maqomida bo’lgani bois uning hay’ati va kordinatorini ham elektron yozishmalar yo’li bilan aniqlash mumkin.

Istagan odam kordinatorlikka va hay’at a’zoligiga kirishi mumkin. Buning uchun istak bo’lsa bas. Chunki bu vazifa emas, balki imkoniyati doirasida millatga, vatanga xizmatdir.

Masalan, Kongresning veb sahifasini yaratish va a’zolar faoliyatini muvofiqlashtirib turish katta ishdir. Men bu ishni bajarishni Farhod Inog’omboyevdan so’radim, u rozi bo’ldi. Buning uchun unga rahmat aytmoq kerak. Agar yana kimdir bu ishni qilishga rozilik bildirsa u holda hay’atda tanlov imkoniyati ham bo’ladi.

Demak, ikki masala:
1.Kordinator nomzodiga fikringiz.
2.Hay’atga a’zo bo’lasizmi? Xizmatga bormisiz?

Ana shu ikki savolga javob berish bilan Kongresning kelajagini ham yaratagan, zanglagan zehniyatning ko’r ko’zlarini ochish tomon odim otgan bo’lasiz.
Bugun shu narsa aniq-ki, chetdan turib har qancha siyosiy, iqtisodiy bosim qilgan bilan diktatura rejimini oz’gartirish mumkin emas. Aksincha u yanada yopiq rejimga aylanadi va bugungi kabi qatag’onni yanada kuchaytiradi.

Uni o’zgartiradigan kuch mamlakatning ichida. “Biz bu rejimga qarshimiz!” deganlar orasida zanglagan zehniyatni tozalay olsak, msalaning mohiyatini anglaymiz va xalq bilan birlashamiz. Aks taqdirda bugungi vaziyatning davom etishi Karimovga o’zidan keyin o’zi kabi yana bir zulmdorni tayinlash imkonini yaratadi.
Mag’lubiyatni zafar deb jar solish, gina-kudratni qadriyat deb bilish, tor manfaatga qul bo’lish.. tokaygacha! Unutmaylik, o’zini yengmagan, o’zgani yengolmaydi!

Bu demokratiyaning mag’lubiyati va diktaturaning zafari bo’ladi

18 Iyun, 2005 yil

SAVOL: O’zbekiston-AQSh munosabatlari buzilmoqda, bir narsa qilmaysizlarmi?(Manguberdi).

JAVOB: Men quyidagi bayonotni yozib do’stlarga yubordim va ularning tasdig’idan o’tgach, kecha e’lon qildik. Ammo “ERK” va “Birlik” e’lon qilishmadi.

“2005 yilning May oyida Andijonda yuz bergan qonli voqealardan keyin O’zbekiston va AQSH munosabatlari jiddiy o’zgarishlarga yuz tutmoqda. Bir qator AQSH tashkilotlari O’zbekistondan chiqarib yuborildi yoki chiqib ketmoqdalar. Mana endi AQSHning Xonobod aerodromidagi havo kuchlari faoliyatini cheklash va bu kuchlarni boshqa joyga chiqarish haqida ham gap so’zlar bo’lmoqda. Shuningdek, O’zbekistonga nisbatan jiddiy sanksiyalar qo’yish chaqiriqlari yangramoqda.
Ana shulardan kelib chiqib, Demokratik O’zbekiston Kongressi quyidagilarni bayon etishni lozim deb hisoblaydi.

1.O’zbek xalqi uchun qiyin bo’lgan shu kunlarda AQSh 26 millionlik xalq tomonida turishi va bu mamlakatni Rossiya hamda Xitoy kabi yirik kuchlar va diktatura changaliga tashlab ketmasligi kerak.

2.AQSH O’zbekistonni o’z holiga tashlab ketishi emas, balki bu mamlakatni demokratiya yo’liga olib chiqish uchun jonbozlik ko’rsatsa bu xalqning xoxish irodasiga mos tishgan ish bo’ladi.

3.AQSh havo kuchlarini Xonoboddan olib chiqilishi ham bir qator nohukumat AQSh tashkilotlarining faoliyati to’xtalganida bo’lgani kabi O’zbek xalqining strategik manfaatlariga zid tushadi. Aksincha, AQSH faoliyati to’xtatilgan nohukumat tashkilotlar faoliyatini tiklash uchun Toshkentga O’zbekiston hukumatining BMT va boshqa xalqaro doirada olgan majburiyatlaridan kelib chiqib, bosim o’tkazishi va qo’yiladigan sanksiyalar xalqqa ziyon yetkazmazligi, Karimov hamda uning rejimiga qarshi bo’lishi kerak.

4.Biz AQShning Andijon voqealari bo’yicha mustaqil tekshiruv o’tkazish chaqiriqlarini qo’llashimizni yana bir bor takrorlagan holda uni Xalqaro miqyosda mustaqil tekshiruv uchun masalani Avropa Ittifoqi bilan birga BMT ning kun tartibiga kiritishga undaymiz.

Andijon voqealarining xalqaro tekshiruvdan chetda qolishi bu demokratiyaning mag’lubiyati va diktaturaning zafari bo’ladi.”

Aslida men sizni hokimiyatga intilmaslikda, passivlikda ayblashim kerak!
27 Iyun, 2005 yil.

SAVOL: Menimcha, siz hokimiyatga intilayaptiz, shuni ochiq aytib qo’ya qolmaysizmi? (Orifjon).

JAVOB: Yodingizda bo’lsa, men siyosatga qaytmayman, deb aytgan edim. Ammo bugunga kelib, xalq tomonida bo’lgan va siyosatni kun kechirish manbaiga aylantirmagan yetakchilar soni barmoq bilan sanarli darajaga tushib qolgani uchun qaytishga majbur bo’ldim.

Hokimiyat menga menda bo’lganidan ortiq bir narsa bera oladigan darajada emas. Balki mendan oladigan darajada. Hokimiyatga yetgunga qadar kurash ham menga hech narsa bermaydi, balki ko’p narsa oladi.

Amerikada “Vaqt-pul!” degan ibora bor. Siyosatga sarflayotgan juda ko’p vaqtim juda ko’p pulimni
o’g’irlamoqda. Lekin men bundan afsusda emasman. Aksincha, yana ko’p vaqtimni sarflash niyatidaman.

Nega? Men juda o’jarman. Bir ishga kirishsam, natijasiz tashlab ketishni istamayman. Hozir ham xalqimizga xizmat qilish niyatidaman. Ana shu niyat menga kuch bermoqda. Yoshlarga yo’l ko’rsatib, ularni millat xizmatiga ilhomlantirishdek orzuim bor.

Amerikada kimning qancha maosh olganini va kimning qancha topishini so’rashmaydi. Bu madaniyatsizlik hisoblanadi. O’zbekistonda esa, aksi. Shu bois ochig’ini aytib qo’ya qolay, O’zbekistondagi birorta vazir oladigan poralari bilan birga men bugun bir yilda ishlab topgan halol pulim qadar topolmaydi. O’zbekistondagi vazirlar xalqning cho’ntagiga qarab qolishgan.

Xudoga shukur deyman, vijdonim oldida qaddim tik, O’zbekistondan bir tiyin olib chiqqanim yo’q, aksincha, hamma narsamni tashlab, oyoq yalang chiqib ketganman. Lekin halol mehnat qilsangiz, vijdoningiz oldida sof bo’lsangiz yo’lingiz munavvar bo’lar ekan. Bu birinchidan.

Ikkinchidan, men bu yerda erkinman va mening insoniy huquqlarim qonunlar bilan himoya qilinadi va hech kim mening insoniy qadriyatlarimni toptamaydi. O’zbekistonda esa, buni tassavvur qilish mumkin emas.

Uchinchidan, shu yilning o’zida bu yerda ikkita kitobim chiqmoqda va kelgusida yana bir nechtasi rejaga kiritilgan. O’zbekistondagi o’nlab maddoh ijodkorlarning kitoblarini nima kutmoqda bilmayman, ammo kerak bo’lsa, istagan o’zbek kelajakda, asrlar davomida mening asarlarimni dunyoning asosiy ilm xazinasi hisoblangan AQSH Kongressining kutubxonasidan topishi mumkin bo’ladi.

To’rtinchidan, men bu yerda istaganim qadar koshonada yashashim, hatto Karimovning ham tushiga kirmaydigan darajada ta’til o’tkazishim, istagan mashinani minishim, istagan joyimga borishim, xullas, xoxlaganimday yashashim mumkin. O’zbekistonda esa, halol mehnat bilan bunday erkinlikni hech qachon topa olmaysiz.

Xullas, gapirsa gap ko’p. Ammo issiq joyimni sovutib, tinch qulog’imni qizitib, jannatmakondan sahromakonga yugurishimning faqat bitta sababi bor, u ham bo’lsa, ana shu aslan jannatmakonu lekin amalda sahromakonga aylantirilgan o’lkadagilar ham nega men kabi yashamaydilar, ularning aybi nima, degan bir og’riq. Ana shu og’riq menga tinchlik bermaydi.

Bilasizmi, Mirziyoyevdan tortib, Xalilovga qadar birortasining hayotiga havas qilmayman. Hammasining hayoti it yotish, mirza turishdir. Ular quldirlar! Badbaxt qullar…Karimovning qullari! Karimovdan keyin esa, uning o’rniga keladigan odamning ham hayoti it yotish, mirza turish bo’ladi. Karimovdan juda og’ir “me’ros” qoladi. Uning o’rniga kelgan odam qattiqqo’llik qilaman desa, qonga botadi, demokrat bo’lsa, toshbo’ron qilishadi. Mana sizga hokimiyat. Shuni bila turib, unga intilish tabiiyki, ba’zilarda savol uyg’otadi. Ammo savol uyg’onmasligi uchun yurakda men aytgan og’riq
bo’lishi kerak.

Karimov ham 15 yildirki, muxolifatni hokimiyatga intilishda ayblaydi. 1991 yilda Karimovga

”O’zbekiston sizning onangizdan qolgan emas” deb aytgan edim. Bugun ham o’sha gapimni takrorlayman: O’zbekiston hech kimning onasidan qolgan emas. Hamma o’tkinchi, ammo bu zamin boqiydir. Shuni unutmasligimiz kerak!
Nega endi hokimiyatga intilish mumkin emas?!

O’zbekistonning har bir fuqarosi hokimiyatga intilishi kerak. Ana o’shanda hokimiyat xalqniki
bo’ladi.

Aslida men sizni hokimiyatga intilmaslikda, passivlikda ayblashim kerak. Mana shu passivligingiz juda qimmatga tusmoqda va hokimiyat Karimov kabilarning mahrida qolmoqda.

Biz terrorni qoralaymiz!

7 Iyul, 2005 yil.

SAVOL: Londonda yuz bergan portlashlarga munosabatingiz? (Nazirjon).

JAVOB: Men bugun tashkilotimiz nomidan Angliya Bosh vaziriga maktub yo’lladim. Menimcha bu savolingizga ham javob:

“Biz O’zbek demokratlari Buyuk Britaniya poytaxtida 2005 yilning 7 Iyul kuni amalga oshgan terror hujumlarini keskin qoralaymiz va Siz orqali marhumlarning yaqinlariga hamda aziyat chekkanlarga chuqur hamdardlik bildiramiz.

Biz har qanday kelishmovchilk va nizolarni demokratik, tinch yo’llar bilan hal etish tarafdorimiz va qon to’kishga, begunoh odamlarning o’limiga olib keladigan har qanday harakatga mutloq qarshimiz. Shu jihatdan Angliya hukumatining O’zbekistonning Andijon shahrida yuz bergan qonli voqealar yuzasidan xalqaro tekshiruv o’tkazish talabida mahkam turishiga ishonamiz.

Siz va sizning hukumatingiz Andijon voqealaridan keyin oddiy O’zbek xalqi tomonida turgan ekan, bugun siz uchun qayg’uli bo’lgan kunlarda O’zbek demokratlari ham sizning yoningizdadir!
Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurash bu illatlarning ildiziga bolta urish, jumladan, Markaziy Osiyo va Yaqin Sharqda tinchlik va demokratik islohotlarga qaratilgan harakatlarni kuchaytirishni taqozo qiladi. O’zbekistonlik demokratlarning katta qismini o’z saflariga birlashtirgan Demokratik O’zbekiston Kongressi mana shu yo’nalishda barcha kuchlar bilan hamkorlikka tayyor ekanligini bildiradi”.

Mushtlashmadik

10 Iyul, 2005 yil

SAVOL: Muxolifat liderlari uchrashmoqchi edilar, shu haqda ma’lumot bersangiz? (Muhiddin).

JAVOB: Demokratik O’zbekiston Kongressi o’z missiyasining birinchi qismini bajardi. 15 yildir bir oraga kela olmayotgan muxolifat liderlarini bir joyga to’pladi.

Ular diktatura rejimiga qarshi va demokratiya tarafdori sifatida bir-birlariga qo’l berdilar. Bundan bir yarim oy oldin o’rtaga tashlangan “O’zini yenga olmagan, o’zgani yenga olmaydi!” shiori amalda o’z kuchini ko’rsata boshladi.

Shu kuni muxolifat liderlari va taniqli siyosatchilar Abdurahim Po’lat, Muhammad Solih, MuhammadBobur Malikov, Jahongir Mamatov, Abdumannob Po’lat, Avazxon Muxtorov, Sulaymon Murod, Farhod Inog’omboyev va boshqa ko’plab namoyondalar ishtirokida o’zbek demokratik muxolifatining maxsus yig’ilisi o’tkazilib, Qurultoy chaqirish masalasi muhokama etildi.

Yig’ilishda O’zbekistondan kelgan “Ezgulik” inson huquqlari tashkilotining raisasi Vasila Inoyatova ham ishtirok etib, birgalikda Qurultoy o’tkazish mamlakat ichidagi aksar muxolifat namoyondalarining istaklari bilan uyg’un kelishini urg’uladi.

Yig’ilish qatnashchilari tez orada o’zbek demokratik muxolifatining barcha qanotlarini jalb etgan Qurultoyni chaqirib, diktaturaga qarshi demokratik kurash strategiyasini belgilash kerakligi masalasida yakdil qoldilar.

Majlisda muxolifatni birlashtirish uchun ilgari tuzilgan-“Davra Kengashi”, Demokratik muxolifat Koalitsiyasi va Demokratik O’zbekiston Kongressi umumiy Qurultoyni otkazish uchun birgalikda faoliyat ko’rsatishi kelishib olindi.

Shuningdek, chet ellardagi qochqinlarni, xususan Qirg’iziston va MDH o’lkalaridagilarni O’zbekistonga topshirmaslik haqida hamda O’zbekistonda qamoqda bo’lgan muxolifat namoyondalarini ozod qilish chaqirig’i bilan Bayonotlar qabul etildi.

Endi nima bo’ladi?

12 Iyul, 2005 yil

SAVOL: Kongressning birinchi missiyasi bajarilibdi, endi nima bo’ladi? (Madina).

JAVOB: Demokratik O’zbekiston Kongressi o’z oldiga qo’ygan birinchi vazifani bajardi. O’zbek muxolifatining ko’zga ko’ringan aksariyat liderlari 15 yildan keyin umumiy maqsad – diktaturaga qarshi demokratik yo’l bilan kurash va demokratik jamiyat barpo etish yo’lida hamkorlik qilish uchun rozi bo’ldilar. Bu boradagi strategiya va taktikani belgilash uchun muxolifatning kengaytirilgan umum qurultoyini o’tkazishga kelishdilar

Bu oson kechmadi. Uzoq tortishuvlar, tinimsiz yozishmalar, qayta-qayta uchrashuvlar, hammaning bir narsadan voz kechishi, ichki “meni” va atrofidagi “men”larini tizginlash va hokazo…

O’zini yengmagan o’zgani yengolmaydi. Ana shu haqiqatni tushunish va o’zini yengish uchun insonda juda katta jasorat bo’lishi kerak. Kimlardir o’zida jasorat borligini ko’rsata oldilar. Hali ham bu jasoratga muhtojlar bor va umid qilamizki, ular ham bugunmi-ertami shu nuqtaga keladilar.
Kechadan buyon yuzga yaqin xat oldim. Tabriklaganlar… Xursandligini izhor etganlar… Ayni paytda bu odimga ishonqiramasdan, “shaxsiy manfaatlar uchun birlashilmoqda” deganlar ham yo’q emas. Kimnidir “tarix oldidagi xatolari” yoki “muxolifatni parokanda qilgani uchun” kechirmaslik kerak, deganlar ham bor. Hatto kimnidir “sotqin” deya “oramizdan chiqaraylik” deganlar ham bor. Ularni ham tushunish mumkin va men ularni ayblamayman. Chunki demokratiya fikrlar qarama-qarshiligi va fikrlarni hurmat qilish platformasidir.

Ammo shuni ham unutmaylik-ki, demokratiyada hukmni shaxslar emas, xalq chiqaradi. Har kimning xatolari bo’lsa, xalq o’z hukmini bugun bo’lmasa, ertaga baribir aytadi. Bugunga qadar muxolifat ichida so’kilmagan, ayblanmagan, “SNB”chi deyilmagan kim qoldi? Hozir bu yanada kuchayadi. Zolim hukumat qo’l qovushtirib o’tirmaydi, balki orani buzish uchun har qanday chirkin ishlarga boradi va buni nazarda tutish kerak hamda hayajonning quliga aylanmasdan, aql-irodaning hukmdori bo’lish zarur.

Qolaversa, kelingan nuqta g’alaba nuqtasi emas, balki mas’uliyat va xizmat nuqtasidir. Shu nuqtaga kelganlar o’z yelkalariga katta mas’uliyat oldilar. Bu balki ularga so’nggi bor ishonch bildirish yoki so’nggi bor imkon berish nuqtasi bo’lib ham tarixga kirishi mumkin. Nima bo’lganda ham ular katta vazifalarni bajarishlari kerakligini anglagan bo’lishlari darkro. Buni vaqt ko’rsatadi.

Birinchidan, ular juda qiyinchilik bilan erishilgan natijani saqlab qolishlari kerak. Chunki O’zbekning orasini bir so’z buzishi mumkin, ming so’z tuzishi qiyin.

Ikkinchidan, ular endi o’zlari rahbar bo’lgan partiyalar orqali O’zbekistondagi faollarini boshqalar bilan birgalikda harakat qilishlari uchun intilishlari zarur. Ya’ni yaqinlashuv liderlar orasida nomigagina ko’rinish bo’lmasligi lozim. Amalda noittifoqlik davom etmasligi kerak.

Uchinchidan, o’zaro tanqid davom etishi va ichki tanqid demokratiya tamoyillari asosida bo’lishi uchun zamin hozirlamoq shart. Ig’volar, mish-mishlar emas, jiddiy, tekshirilgan va asosga ega tanqidlarning yo’lini to’smasligimiz darkor. Ular endi asosli tanqiddan ranjimaslik, senzura o’rnatmaslik, gina-kudratga joy qoldirmaslik bu demokratlarning diktatura rejimidagilardan farqini ko’rsatishini atroflaridagilarga singdirishlari kerak bo’ladi.

To’rtinchidan, tezroq Qurultoyni o’tkazish barcha liderlarga o’z oldilariga chiqqan katta imkoniyatdan foydalanish bo’ladi va ayni paytda ular uchun bu jiddiy sinov vazifasini o’taydi…

Shunday ekan, 15 yildir na forumlar, na turli kengashlar bajara olmagan orzu-intilish bugun ro’yobga chiqqan ekan, bu yaxshilik tomon tashlangan ilk odimni qutlamoq, qo’llamoq kerak!
Bu birinchi missiya haqida edi.

Endi ikkinchi missiya haqida.
Demokratik O’zbekiston Kongressiga muxolifatdagi mavjud partiyalarda bo’lganlar bilan birga, turli partiya va guruhlarga kirmaganlar yoki mavjud partiya hamda guruhlarning faoliyatidan qoniqmaganlar ham a’zo bo’lishgan. Biz O’zbekistondagi zulm mashinasi ularni ezib tashlamasligi uchun ko’pchilik ism-shariflarini e’lon qilmadik. Ular Kongress a’zolarining aksariyatini tashkil etadilar. Ulardan ko’p xatlar kelmoqda va “Bizning o’rnimiz qaerda?” deb ochiq so’ramoqdalar.

Ularning orasida bugun chet ellarda ta’lim olayotgan iqtidorli yoshlar, ta’lim olib qaytgan qobiliyatli mutaxassislar, olimlar, tadbirkorlar va boshqa iste’dod sohiblari bor. Shuningdek, O’zbekistonda birorta siyosiy harakatga qo’shilmagan, ammo mamlakat, millat taqdiriga befarq qarab turolmaydigan o’tyurak yigit-qizlar ham anchagina.
Kongress hay’ati tuzgan ishchi guruhi birinci missiya davomi o’laroq boshqa tashkilot va partiyalar bilan birgalikda umum Qurultoyga tayyorgarlikni davom ettiraveradi. Shu bilan bir qatorda biz Kongressning- boshqalarga qo’shilmagan qanoti bilan ishlashni ikkinchi muhim missiya deb o’rtaga qo’ymoqchimiz.
Ularning aksariyatida Internetga kirish imkoni bo’lgani uchun yaqin orada elektron bog’lanish orqali bir oylik muhokama-Qurultoy o’tkazamiz va aniq bir pozitsiyani belgilab olamiz.

Maqsad ana shu demokratik kuch yordamida O’zbekistonning siyosiy faoliyatdan ajralib qolayotgan qismini mashaqqatli yo’lni bosib o’tib, tajribaga ega bo’lgan avlod bilan birgalikda mamlakat kelajagini hal etishda faol ishtirokini ta’minlashdan iborat bo’ladi.

Demak, oldimizda juda katta xizmat maydoni paydo bo’lmoqda va ilgari yozganimdek, bu XIZMATGA BORMISIZ ?
Shu savolga javob bersangiz, “Endi nima bo’ladi?” degan savolga javobning debochasini topasiz.

Qudalar bilan ishimiz yo’q!

28 Iyul, 2005 yil

SAVOL: Siz tuzgan tashkilot ortida Karimovning sobiq qudasi Maqsudiylar borligi aytilmoqda, bunga nima deysiz?(Otabek).

JAVOB: Ularning Muhammad Solihning Amerikaga safari ortida turganlari sir emas. Kimdir bunga ular 50 ming dollar sarfladilar desa, kimdir 250 ming deydi. Shaffoflik bo’lmagan joyda og’zni boylab bo’lmaydi. Lekin buning bizga zarra qadar aloqasi yo’q. Shu bois ham qiyidagi bayonotni rasman e’lon qildik.

“Keyingi kunlarda muxolifatning ma’lum bir guruhlari “Prezident Karimovning sobiq qudasi Abdurauf Maqsudiy oilasi tomonidan ta’minlanmoqda”, degan gaplar zo’r berib tarqatilmoqda va DO’K ni ham bunga bog’lashga urinilmoqda.

Shu munosabat bilan Demokratik O’zbekiston Kongressining ishchi hay’ati tashkilot o’laroq bugunga qadar Maqsudiylar oilasi bilan hech qanday aloqaga kirmagani va ayniqsa, moliyaviy jihatdan ularga va umuman biror bir tashkilot yoki shaxsga mutloq bog’liq emasligini bildiradi.

Kimlardir yoki qandaydir boshqa tashkilotlar shu yo’lga kirgan bo’lsalar, bu ularning masalasi va Demokratik O’zbekiston Kongressiga buning aloqasi yo’q – hatto bu faollar shaxs sifatida DO’K a’zosi bo’lgan taqdirda ham. Bunday aloqalar DO’K a’zolarining shaxsiy ishi va Demokratik O’zbekiston Kongressining siyosati emas.

Demokratik O’zbekiston Kongressi o’zining asosiy shioriga binoan, O’zbekistonda demokratiya tarafdori bo’lib, diktaturaga qarshi ekanligini bayon qilgan barcha kishilar bilan hamkorlikka tayyorligini yana bir bor ta’kidlaydi”.

Ozodlik bulbuli- Nosir Zokir qafasda

27 Avgust, 2005 yil

SAVOL: Nega Nosir Zokirni ozod qilish umum harakatiga aylanishi kerak?(Rasul).

JAVOB: Bugun quyidagi bayonotni e’lon qildik:

“Demokratik O’zbekiston Kongressi “Ozodlik” radiosining Namangan viloyati bo’yicha muxbiri, uzoq yillardir mazkur radioda ozodlik ovozi bo’lib kelayotgan taniqli jurnalist, mustaqillik kuychisi Nosir Zokirni 2005 yilning 26 Avgust kuni olti oyga qamoqqa hukm qilinishini va darhol temir panjaralar ortiga yuborilishini keskin qoralaydi va uning ishini tezlikda qayta ko’rib chiqib ozod etilishi zarur deb hisoblaydi.

Nosir Zokir ilgari “Birlik” xalq harakatining Namangan viloyat kengashini boshqargan va mustaqillik kuychisi sifatida tanilgan edi. Uning O’zbekiston Mustaqilligining 14 yilligi arafasida shoshilnch qamoqqa olinishi O’zbekiston hukumatining qatag’on siyosatini yana bir bor namoyish etdi.

1993 yilda ham u “Ozodlik’ muxbiri ekan, mirshabalar uning cho’ntagiga nasha tashlab qo’yib, bo’hton bilan qamoqqa olishgan, ammo xalqaro jamoatchilikning talabi bilan ozod qilishga majbur bo’lishgandi.

Bugun uni yana qamashdi. Biz tezda uning ishi qayta ko’rib chiqilishini va ozodlik kuychisining ozodlikka chiqarishni talab qilamiz.

Ayni paytda Demokratik O’zbekiston Kongressi barcha demokratik kuchlarni, xalqaro tashkilotlar va taraqqiyparvar davlatlarni O’zbekistonda ozodlik ovozi hisoblangan taniqili jurnalistni ozod qilish uchun “NOSIR ZOKIRGA OZODLIK!” shiori bilan shoshilinch harakat boshlashga chaqiradi”.

Bu sizning savolingiz bois bo’lgan bo’lishi mumkin.

Nosir Zokir asli kasbi jurnalist bo’lmasada, O’zbekiston mustaqil bo’lganidan bu yonga kasbi jurnalistlarga ibrat bo’ladigan darajadagi JURNALISTdir. “Ozodlik” radiosida bugunga qadar kimlar ishlamadi, kimlar kelib, kimlar ketmadi. Ammo Nosir Zokir kabi ozodlik kuychisiga aylanganlar juda oz.

Ozodlik tuyg’usi Nosir Zokirning yuragida, qalbida, shuurida bor.

Uning uchun mahalliychilik yo’q, uning uchun O’zbek eli bor, Turkiston bor, Turon bor! Yagona Vatan va yagona millat bor! Bag’ri ana shunday keng!

Uning uchun tarafkashlik yo’q, uning uchun “Birlik’ ham, “Erk” ham, “Ozod dehqonlar” ham, hammasi bitta – diktaturaga muxolifat! Shu bois hamma uni “Bizdan” deydi.

Agar Andijonda O’zbekning joni uzilsa, Nosir Zokir o’sha yerda, agar Buxoroda o’zbekning ulug’ shoiri kaltaklansa, Nosir Zokir o’sha yerda! Uning uchun vaqt, masofa degan narsalar emas, inson taqdiri muhimdir.

U o’zini, tinchligini, halovatini o’ylamaydigan inson. Aks taqdirda bu qadar kuyunchak, bu qadar jonkuyar va bu qadar sergak bo’lmasdi.

U o’z vazifasini bajarib, namanganlik Haydarali Komilovning Andijon voqealari dahshati haqida yozgan she’rini uning o’z tilidan efirga uzatgandi. U jurnalistlik burchini ado etgandi. Bir zumda elga tanilgan Haydarali Komilovni sudga tortishdi. Uning yonida Nosir Zokirni ham. Ammo Haydarali Komilov uning yelkasini yerga bermadi.

Aslida maqsad ozodlik kuychisining ovozini o’chirish edi. MXX xodimi Dilmurod Isamuhammedov Nosir Zokirga turli bo’htonlar uyushtirib, ataylabdan uning jahlini chiqarib, keyin esa “meni haqorat qildi” deb ustidan ish qo’zg’atib, sud ham darhol buni ko’rib chiqib, ozodlik kuychisini zindonband etishdi. Qarang-a, MXX chilar odamlarni haqoratlash u yoqda tursin, qiynab o’ldirishganda ham mum yutgan sud bur zumda tilga kirdi. Karimovning topshirig’isiz hech kim bunga jur’at eta olmasdi! Nosir Zokirni zindonband etish bu Islom Karimovning hukmi!

2005 yil, 26 Avgust… Karimovning hukmi bilan e’lon qilingan yana bir qora kundir!
Qiynoqlar va iskanja botqog’ida qolgan O’zbekiston qamoqxonasiga tushgan yana bir ozodlik kuychisining taqdiri bugun bizni tashvishga solishi va uning ozodligi uchun bong urishimiz kerak!

Sizni, bizni, elni o’ylab halovatini o’ylamagan bu jurnalistning taqdiri tahlika changalida qolgan ekan, biz uni himoya qilishni burchimiz deb bilishimiz shart! Shu ishni ham qilmasak, kimga keragimiz bor?!

Bobur Malikov anchagina adashgan

29 Avgust, 2005 yil.

SAVOL: Bobur Malikov “Biz 400 yil orqadamiz” deb aytgan maqolani “Turonzamin” jurnalida e’lon qilibsiz. Nahotki, siz ham shu fikrdasiz?( Ismsiz O’zbek, 2005 yil, 29 Avgust).

JAVOB: Bobur Malikov anchagina adashgan…
Internet sahifalarida biror kishining biror mavzuda maqolasi paydo bo’lsa, mavzu qolib ketib, gala bo’lib muallifga tashlanishadi. Shu qadar quvvat emas, deb o’ylab qolaman.

Bittasiga bir ish aytsangiz vaqt yo’qligidan shikoyat qiladi, yoki ikki satrni eplab yozolmaydi, yoxud “menga gap tegib qolmasmikan?” deya, soyasidan cho’chiydi, yoxud manfaat kutib turadi va hokazo. Bu shikoyat emas, bu haqiqat.

Mard bo’lsa, ochiq, imzosi bilan yozsin! Bu gapni 15 yildan beri takrorlayman va o’zim shunga amal qilaman. Kimga, nima gapim bo’lsa, mana shu yerdan ochiq yozaman. Boshqalar ham ochiq yozsa, xafa bo’lmaysiz.. Agar noto’g’ri yozgan yoki bo’hton qilgan bo’lsa, javobini oladi. Bu “primitiv”madaniyat. Ammo bizda hali ana shu “primitiv”madaniyat ham shakllanmagan.

Yaqinda bir xabar o’qidim. Qaysi bir hayvonot bog’ida maymiunlarning yonida, qafasda odamni ham qo’yishibdi. Hammasi bir maxluq deyishmoqchi. Odam ham maxluq deyishmoqchi. Odam ham hayvon deyishmoqchi…

Lekin odamda odamlik ham bor, hayvonlik ham bor, maxluqlik ham bor.

Biz o’zimizni qo’yga o’xshatar edik. Hozir endi baliqqa o’xshata boshladik. Qo’y juda yuvvoshlik, qo’rqoqlik ramzi. Bu ramz ko’pchilikda bor. Baliq esa dumini likillatib oldinga ketadi. Saroy maddohlarini, rejim qullarini baliqqa o’xshatsak, balki to’g’ri bo’lar. Xo’sh, O’zbekning madaniyatli deb aytilayotgan, Internetdan foydalanishni o’rgangan, yozishni biladiganlari orasidagi – ismsiz “qahramon”larnii nimaga qiyoslash mumkin?

Men itga qiyoslasam, Bobur Malikov:
-Yo’q, it har qancha akillasa ham sadoqali bo’ladi, menimcha, bular chiyabo’rilardir,- dedi.

“Chiya” deganining bir ma’nosi yovvoyi deganidir. Ya’ni bo’rilar oilasiga begona degani. Aslida chiyabori itlar oilasidan. Lekin uni it ham deyishmaydi. Ba’zan “shaqal”, “shog’ol” deyishadi. Ba’zan “oltiemchak o’laksaxo’r” deyishadi.

Internet sahifalaridagi imzosiz hujumchilar chiyabo’ri bu darajasidan qutulishi uchun 400 yil ham kamlik qiladi. Shekilli. Shuning uchun ham Bobur Malikov adasgan deyman-da!

Adolat Najimova

31 Avgust, 2005 yil.

SAVOL: Yaqinda biri kishi bilan gaplashib qoldim, u sizni “Ozodlik”radiosi O’zbek bo’limining oldingi direktori Adolat Najimovani maqtaganlikda ayblab gapirdi. Qayerda maqtab yozgan edingiz? Shuni aytmaysizmi?(Abdullo).

JAVOB: Biror joyda maqtab yozganim yo’q. Ammo maqtasa arziydigan ishlar qilgandi. “Ozodlik” radiosi Adolat Najimova paytida haqiqiy ozodlik minbariga aylandi. Ayniqsa, Andijon voqealarini yoritishda bu radio kabi ko’p ish qilgan boshqa matbuot vositasini misol keltirish mushkul. Shu sababdan ham bu radio Karimov rejimidan eng ko’p “mukofot” oldi. Radio tarixida unga qarshi bu yilgi kabi ko’p va “salmoqli” hujum bo’lgan emas.

Balki siz aytgan gapga Adolatga yozgan maktublarim boisdir. Maktublarimni unga va jamoaga ham yuborganman. Mana bittasi:.

“2005 yil, 23 May. Assalomu alaykum Adolatxon va “Ozodlik” jamoasi.
Men keyingi kunlarda Andijon fojeasi haqida hamma tomondan ma’lumot olishga harakat qildim va eng aniq, batafsil ma’lumotni faqat sizlardan topdim. Tinmasdan, kechani kecha, kunduznu kunduz demasdan xizmat qilayotganlaringiz uchun sizlarga chin dildan minnatdorchilik bildiraman.
“Qurultoy” dasturi ham “Ozodlik”ning o’ziga xos bir minbariga aylandi. Bunda, albatta, Shuhratbek va Toshkentdagi fidoyi yigitlarning ham xizmatlari katta. Sizdan iltimos, bir tinglovchingiz sifatida Andijon voqealarini yortishda qatnashgan barchcha do’stlarga yurakdan to’kilgan rahmatimni yetkazsangiz. Sizlarga hurmat bilan Jahongir Muhammad”.

Bu qadar. Mard bo’lish kerak va haqiqatni aytish kerak, Adolat direktor bo’lganda “Ozodlik”ning o’zbekcha dasturlarida adolat paydo bo’ldi.. “Ozodlik” muxolifatdagi hammaning, hatto ataylabdan, bir necha yillar mutloq so’z berilmagan ba’zi muxolifatchilarning ham erkin minbariga aylandi. Aslida ham shunday bo’lishi kerak, ammo ba’zilar o’zlarini “kichkina Karimov” hisoblab, radioni mahrimga tushgan deb bilishgan, shaxsiy tomorqam deb bilib kelishgan, o’zlari yoqtirgan odamlargagina so’z berib kelishgan.

Shu sabab ham Adolat kimningdir oyog’ini bosgan, radio kimningdir tomorqasiga aylanishiga qarshi chiqqan bo’lishi mumkin, bu boshqa masala, lekin kim nima desa desin, Andijon voqealarini yoritishda ham Adolat Najimovaning xizmatlarini inkor etish, qalbi so’qirlik bo’ladi.

Adolat ketishi bilan “Ozodlik” eski holiga qaytib qoldi. Allaqachon O’zbekistondan tashvishli xabarlar kelmoqda. Bu haqa yaqin orada batafsil, tahlilli bir maqola yozish niyatim bor. Buni burchim deb bilaman va radio biz to’layotgan soliqlar hisobiga ishlayotgani sabab, undan zulm tomonida emas, balki demokratiya, erkin so’z, adolat tomonida bo’lishini talab qilishga to’la haqqimiz bor.

Yaqinda o’qib qolasiz.

Bu borada kimning fikri, taklifi bo’lsa, marhamat, tahlilga hissa qoshgan bo’lasiz!

Hadya

1 Sentyabr, 2005 yil

SAVOL: Bu yil 50 yoshga kirdingiz. Qanday hadyalar oldingiz? (Nozima)

JAVOB: Tug’ilgan kunida inson har turli hadyalar oladi. Negadir hadya olishni xush ko’rmayman, unchalik ishqiboz emasman. Zulmga xizmat qilganlarga zulmdorning orden-medallari berilsa, dalasida ishlagan dehqonga bolasi bitta yangi ko’ylak yo olishi mumkin yoki bu orzuga aylanib qolishi mumkin. Har ikki holda ham dard yashirin.

Shunga qaramay bugunga qadar tug’ilgan kunlarimda juda ko’p hadyalar olganman. Shukur deyman. Ayniqsa, qizaloqlarim bir paytlar har yili chizgan hadya rasmlar ko’z oldimda muhrlanib qolgan. Yoki bir talabam men yaxshi ko’rgan arslonni hayvonot bog’idan topib, mening nomimdan boquvga olgani ham unutilmas hadya bo’lgandi. Xullas, sanayverish mumkin.

Ammo bu yilgi tug’ilgan kunimda olgan bir hadya hamma-hamasidan ham alohida bo’ldi. Aslida hadyalarni darajalarga bo’lish mumkin emas. Eng kichik hadyada ham katta qalbning tafti yotgan bo’ladi. Shu bois olgan hadyalarimning birortasini ham kamsitmagan holda bu safargisi haqida yozayotganimning boisi boshqa.
Ish joyimda bir ziyofat uyushtirildi. Shunga tashrif buyurgan amerikalik bir kolleksioner do’stim, taniqli olim menga juda ham qimmatli bo’lgan hadya berdi. Bu bobokalonim Amir Temur hazratlari paytida zarb etilgan bir tanga edi. Buning quvonchini satrga tushirish mumkin emas. Ayniqsa, men uchun – sulolasi ulug’ Jahongirdan keyin hozirga qadar turli boislar bilan quvg’inda bo’lgan sargardon Jahongir uchun!

Xuddi bugun bilan o’tmish orasida ko’prik qurilgan va men bu ko’prikdan ajdodlarim zamoniga borib qaytgandek his qildim o’zimni. O’tmishini ko’ra olmagan kelajagini ko’ra olmaydi degan bir hikmat bor edi bu hadyaning zamirida.

Bobokalonim zamonida zarb etilgan bu tangani ish joyimdagi stolim ustiga qo’yib, unga termulaman va xuddi uning ko’zgusida kelajakni ko’rgandek his qilaman o’zimni. Kelajakning so’qmoqlarida yana qancha jahongirlar sarson-sargardon… yana qancha jahongirlar kezar bejahon?!

Musta+qullik

2 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Hamma “Ulug’ ayyom” deb turganiga qaramay nega sahifangizda o’quvchilaringizni mustaqillik kuni bilan tabriklamadingiz?(Zohid).

JAVOB: Islom Karimov o’zini qutqazish uchungina e’lon qilgan “mustaqillik” quyidagi uch toifa uchun ulug’ ayyomdir”.

1.Uning o’zi.

2.Uning maddohlari.

3.Tarix oldida ko’zi ko’r qilingan avlod.

Haqiqiy Mustaqillik kuni 20 Iyun bayram qilinmas ekan…

Mustaqillik g’oyasini ko’targan “Birlik”, “ERK” nomlari O’zbekistonda tarix sahifalaridan o’chirilgan ekan…

Mustaqillik uchun kurashgan xalq qahramonlari Shovruq Ro’zimurodov, Toyiba To’laganova va yana yuzlab o’ldirilgan, zulm qurboni bo’lganlarning nomi e’tirof etilmas ekan…

Evril Turon (Mamadali Mahmudov), Murod Jo’rayev, Samandar Qo’qonov va yana yuzlab qahramonlar hamon zulm zindonida ekan…

Mustaqillik deya bayroq ko’targan ming-minglab fidoyilar o’z vatanida vatangado ekan…

Mustaqillik uchun kurashgan yuzlab er yigitlar quvg’in, sarson-sargardonlikda ekan…

Mustaqillik deya xalq bir burda nonga zor etilib, bor narsasi talanar ekan…

Mustaqillik deya xalq mardikorga aylantirilgan, dunyoning yetti burchiga non izlab chiqib ketgan ekan…

Mustaqillik deya bir guruh amaldorlar butun millatni talar ekan…

Mustaqillikka ishonib, Andijonda joni uzilganlarning ruhi toptalib, ularni o’ldirganlarga mukofot berilar ekan…

Qon sharob ekan, jon xarob ekan… mendan tabrik kutishingiz bu meni haqorat qilishingizdir.

Karimovdan keyin…

5 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Karimovning ko’pi ketib ozi qoldi. Undan keyin O’zbekistonni qanday kunlar kutmoqda? Aniq javob eshitishni istardim…(Ahmadjon)

JAVOB: 1992 yilda Karimov “O’zbekiston kelajagi buyuk davlat” deganda, men “O’zbekiston – kelajagi kuyuk davlat” degandim va hatto eng yaqin do’stlarim ham menga e’tiroz bildirishgandi. Pessimist emas, optimist bo’lish kerak, deyishgandi…
Xullas, mening taxminlarim:

Birinchi taxmin:
Karimovdan keyin nima bo’lishini Karimov ham o’ylamoqda. Uning fenomeni shundayki, u yomon otliq bo’lishni aslo istamaydi. Har qanday sharoitdan ham maqtov olib chiqishim kerak degan tipdagi odam. U zotan keyingi paytlarda o’zidan keyingi vaziyat haqida “qayg’urayotgan” edi. Hozir ham o’sha fikrlarini rivojlantirib, yaqin orada G’arbning ham, boshqalarning ham tanqidlarini o’chirishi mumkin.
Masalan, yarim prezidentlik va yarim parlamentarizm tomoshasini ko’rsatadi. MXXni o’zida saqlab, qolgan hamma vakolatlarni parlament ichidan o’zi chiqaradigan bosh vazirga beradi. Mana sizga demokratiya deydi. Yoki shunga o’xshash boshqa o’yin topadi. Nazarboevning uchinchi davraga qolish harakatlari Karimovni uxlatmayotgani ham turgan gap.

Ikkinchi taxmin:
Har turli yo’llar bilan Karimovning o’rniga keladigan boshqa odamlarni Usmonxo’jayev, Nishonov yoki Elchibey, Gamsaxurdiya kabi qisqa vaqtda dabdalasini chiqaradilar. Kelgan rahbar qattiqqo’llik qilaman desa, xalq qo’zg’alib ketadi. Yumshoqko’ngillik qilaman desa, Karimov tayyorlab qo’ygan porox bochkalar portlay boshlaydi. Mahalliychilik, milliy nizolar va hokazo…

Uchinchi taxmin:
Xalqning hamma siyosiy va ijtimoiy qatlamlarini ifoda etgan Milliy kelishuv hukumatini tuzish kelajakni qutqarishi mumkin. Bu juda og’ir ish. Aravani to’rt tomonga tortib kelgan odamlarni bitta yo’lga solish juda qiyindir. Ular millat, mamlakat manfaatidan o’z manfaatlarini ustun qo’yadilar, turli bahonalar topib, bu yo’lga qarshi chiqadilar. Lekin mamlakatni qutqarish maqsad ekan, qiyin bo’lsa ham shu yo’lni tanlash kerak. Ya’ni O’zbekistonni oyoqqa qo’yishda hamma birday ishtirok etsa, shundagina Karimov 15 yilda tayyorlagan minglab poroxli bochkalarni zararsizlantirish mumkin bo’ladi.

Ofat ofatdir!

6 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Ba’zilar AQShning New Orleans shahrida “Katrina” dovulidan keyin yuz bergan ofatni Xudo Amerikaning Iroq va Afg’onistonga yurishiga javoban qildi, deb yozishmoqda. Shunga siz nima deysiz?(Abdunabi).

JAVOB: Bunday gap aytish uchun kishining vijdoni o’lgan, yuragiga qurt tushgan bo’lishi kerak.
Bunday gap aytish Xudoni ham haqorat qilishdir!

Nima, kelib-kelib Xudo Amerikaning eng kambag’al odamlar yashaydigan, aksariyatini urushga qarshi kishilar tashkil qiladigan joyini uradimi?

Bunday gap aytgan odamlar Karimovni oqlash uchun shunday qabihlikka borishmoqda. Bu bilan ular andijonliklarni ham Xudo urdi deyishmoqchi, shekilli.

Ular zilzilalar va toshqinlar bois kelgan ofatlarni ham Xudoga bog’lab qo’yishmoqchi, shekilli?

Ular Karimovning zulmi ham Xudodan deyishmoqchi, shekilli?

Bundaylar birovning ofati ustidan kulmaslik kerak deydilar va ayni paytda birovning fojeasi ustidan kuladilar!

Bundaylar bir qavmni himoya qilib, ayni paytda boshqa qavm o’lib ketishini istaydilar!

Bu dahshat! Bunday insonlar juda dahshatli insonlardir! Agar birovning taqdiri shundaylarga bog’liq bo’lib qolsa, dunyoning oxirini ko’radilar!

Ofat ofatdir! Agar dishmaningiz boshiga ofat tushsa ham yordam qo’lini cho’zmoq kerak! Bu insoniylik bo’ladi!

Ofat ofatdir! Ammo ofatni nimagadir bog’lab, undan o’zini qondirish ham ofatdir! Bu ofatdan har birimizni Xudoning o’zi asrasin!

Xohish bor, taxmin bor va xabar bor

7 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Hali u rahbar “ishdan oldindi”, hali bu rahbar “qochib ketdi” deb o’qib qolamiz. Keyin o’sha odamlar o’z joyida ishlayotganiga guvoh bo’lamiz. Shunga nima deysiz?(Mamasodiq).

JAVOB: Matbuoti erkin bo’lmagan, chin xabari yolg’on bo’lgan mamlakatda eng ishonchli manba mish-mish bo’lishini hisobga olsangiz, hamma narsa ayon bo’ladi, qo’yadi.

Endi, xoxish bor, taxmin bor va xabar bor. Ba’zilar ana shuni chalkashtirib yuboradilar. Qayerdandir eshitgan mish-mishlari xoxishlariga mos tushib qolsa, uni xabarga aylantirib yuboradilar. Masalan, Almatov, Inoyatovlarning ketishi juda ko’p odamning xoxishiga mos tushadi. Buning ustiga Karimov ham ulardan qutulish payiga tushgan va buni yashirmayotir. Shunday ekan, Almatovning ko’rinmay qolishi uning ishdan ketgani haqidagi xabarga asos bo’lishi mumkin va bunga ko’pchilik ishonishi ham turgan gap. Inoyatov borasida ham xuddi shunday.

Ba’zilar esa “Hokimiyat Almatovga o’tib ketdi”, yoki “Hokimiyat Inoyatovning qo’lida” deb yozishadi. Bu ham aslida ularning ana shu ikki shaxsga nafratini ifoda etadi.
Lekin nega boshqa vazirlar haqida shunday chalkashliklar yo’q. Ular ishga kelganlarida va ishdan olinganlarida eslanadilar, xolos. Siz aytgan “ana ketibdi, mana ketibdi’lar asosan ikki shaxs atrofidadir.

Sovet davrida hukumat tizimlarida chuqur ildiz otganlarni quritish uchun oldin bozorlarda gap tarqatilardi, keyin u yer, bu yerda tanqidiy gap chiqar va bir kun qarabsizki, o’sha odamlarning oyog’i osmondan kelibdi.

Ajabmas, bugun xoxishlar taxminga, taxminlar esa chin xabarga aylanib, jamiyat shu ikki odamning “ota”si va ularning o’zidan ham qutulsa! Ana o’shanda ba’zi chalkashliklar ham intihosini topadi.

Tashqarida u yashaydigan iflos havo yoq

8 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Karimov “Biz informatsion xuruj ostidamiz” deb aytdi. Bu sovuq urushning boshlanishimi?(Yusuf).

JAVOB: Karimov o’zicha informatsion urush e’lon qilgan. Har kun hech kim o’qimaydigan gazetalarda qulochday-qulochday “hujumnok” maqolalar chiqmoqda va gap asosan tashqariga tosh otishga qaratilgan. Hech kim o’qimasa, bularning kimga keragi bor, deyishingiz mumkin. Gap shundaki bular Karimovning kundalik hirsini qondirish uchun qilinadi. Ertalab unga ko’rsatib, nima ish qilingani haqida hisobot berish uchun amalga oshiriladi. U shu bilan xalqni qo’rquvda tutib turibman deb o’ylaydi. Bu birinchidan.

Ikkinchidan esa, Karimov ayyor. O’zbekistonning boshiga kelgan bugungi dahshatli voqelikka boshqalarni ham sherik qilishni zudlik bilan amalga oshirmoqda. Ikki oy avval “hujumnok” maqolalar soxta ismlar bilan chiqayotgan edi. Ma’lumotlarga ko’ra, bu Karimovni qoniqtirmagan va u jurnalistlar, senatorlar, xullas, mahridagi barcha kazo-kazolarga ular o’z imzolari bilan maqola yozishsin degan.

Ular nimani yozsinlar? Internetdagi muxolif saytlarni ochishga qo’rqadilar, xorijiy radiolarni eshitishga yuraklari dov bermaydi va hokazo. Shu bois barcha maqolayu javoblarni Prezident devoniga ishga olingan “qalamkash”lar MXX to’plagan materiallar asosida yozib, navbati bilan kazo-kazolarning nomidan e’lon qilmoqdalar. Hozir birovga moyliroq ish topish uchun ham uning nomidan Amerikaga qarshi maqola chiqarib, Karimovga ro’baro’ qilish avj olib ketibdi.

Ayyor odamning ishi hammavaqt ham aqlli bo’lmaydi.Agar informatsion hujum bilan o’zini qutqara olsa, Sovet Ittifoqi bugun oyoqda bo’lardi. Sovet davrida “vatan xoini” deb jar solingan birgina Boymirza Hayit haqida 900dan ziyod maqola yozilgan ekan. Ularning hammasini Boymirza ota to’plab, kitob qilganlar. Bir kuni:

-O’zingizga qarshi chiqqan maqolalarni to’plab, kitob qilishdan nima foyda,-dedim u kishiga.

-Meni Boymirza Hayit qilgan, meni elga, dunyoga tanitgan shu maqolalardir. Ularning mualliflarilaridan minnatdorman, shu bois “asarlar”ini to’plab nashr etdim,-deya hazil aralash javob berdilar.

Hazil hazil bilan, ammo Karimov va uning maddohlari ham bugun kelajakning yuzlab Boymirzalarini yaratmoqdalar. Shu bilan birga o’zlarini ham tarixning qora kitobiga muhrlamoqdalar.

Informatsion xuruj ham, informatsion hujum ham faqat Karimovning maydonida. Undan tashqariga chiqa olmaydi. Chunki tashqarida u yashaydigan iflos havo yoq. Sovuq urushga kelsak, bunga Karimovning kuchi ham, madori ham yetmaydi.

Kongress qurolli quzg’olin yo’lini rad etadi

10 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Agar bugun sizga va Demokratik O’zbekiston Kongressiga murojaat qilib, “Keling biz Andijonda yana qo’zg’olonga tayyormiz!” deyishsa, shunga boshchilik qilasizmi?(Alisher).

JAVOB: Birinchidan, Andijonda qo’zg’olon bo’lgan emas. U yerda tinch namoyishlar bo’lib, keyin qurolli qatliomga aylanib ketgan.. Ikkinchidan, hukumat provokatsiya uchun kimnidir oraga qo’yib, shunday taklif qilishi mumkin. 2007 yilgi saylov oldidan ham xalqni yana bir qo’rqitmoq niyatida yangi bir narsa o’ylab topsa, “kimlargadir sotilganlarni” aybdor qilib ko’rsatishi uchun shunday o’yinlarga borishi turgan gap.

Xato qilgan bo’lsam, uzr so’rayaman, balki mana shunday savolning o’zi ham provakatsion emas deb ayta olmayman. Chunki zulm zanjiri bilan o’rab tashlangan mamlakat ichidan bugungi sharoitda bunday taklif chiqishiga aslo va aslo ishonmayman.

2005 yilning 4 May kuni “Ozodlik” radiosidagi chiqishimda Karimov jallod va uning uchun xalq, millat degan narsaning yo’qligi, agar kerak bo’lsa, ikki yuz, kerak bo’lsa, ikki ming kishini ham tanklarning zanjiri ostida majaqlatib, o’qlar yomg’iriga ko’mishini aytgandim. Oradan bir hafta o’tib, ayni narsa sodir bo’ldi. Bu hammaga ayon haqiqat edi.

Bugun ham vaziyat shunday. Qonsiragan jallodning huzuriga qancha odamni boshlab chiqmang u bahonasini topadi va qirg’inbarot qiladi. Ma’lumki, 15 yil davomida millatning qayta qurish yillarida oz-moz uyg’ongan faolligi ham o’ldirildi. Bir joyda namoyish bo’lsa, ikkinchi joyda qo’llovchilar bo’lmaydi. Biz mana shu yo’nalishda, ya’ni millatning faolligini oshirish yo’nalishida ishlashimiz kerak. Bu bugun yaqqol samara bermasa ham, kelajak avlodni qutqazadigan yo’ldir.
Qolaversa, men demokratman. Qon to’kish yo’li bilan hukumatga kelish mening zehniyatimga ziddir.

Demokratik O’zbekiston Kongressi ham diktaturaga qarshi va demokratiyaga tarafdorlarning ittifoqidir. Kongress diktaturaga qarshi kurashning qurolli quzg’olin yo’lini rad etadi, demokratik yo’lni tanlashiga ishonaman, demokratik kurashning qay yo’llarini tanlashi esa, uning a’zolariga, qurultoy qarorlariga bog’liq. Men o’zimning shaxsiy fikrimni o’rtaga qo’ydim, xolos.

Amerika O’zbekistondan chiqib ketib, ko’p narsa yo’qotmaydi

15 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Amerika O’zbekistondan o’z kontengentini chiqarishi nimaga olib kelishi mumkin? Bush ham bunga indamay qarab turmasa kerak?(Fazliddin)

JAVOB: Men ilgari ham bu haqda yozgan edim. Shu kecha-yu kunduzda Bush biror narsa qilishini bilganida Karimov boshqacha yo’l tutgan bo’lar edi. Bugun Bush uchun Karimovdan ham muhimroq masalalar bor va qolaversa, Karimovni chetlashtirishdan manfaat topmasligini biladi.

Odamzod qiziq. Na issiqqa chidaydi, na sovuqqa. Bugun ko’pchilik Karimovni qoralab turibdi. Unga hech qanday gap kor qilmayapti. Agar unga qarshi kuch qo’llanilsa, hatto siz ham o’sha kuch qo’llangan odam qolib, uning mamlakatiga qarshi nafrat sochasiz.

Bugun Iroq va Afg’oniston haqida gapirganlarning eng asosiy “koziri” shuki, bu mamlakatlarning taqdirini shu mamlakatlarning xalqlari hal qilish kerak. Shunday bo’lgach, nega O’zbekiston masalasida Bush bir narsa qilib bermasmikan, deb kutish lozim?!

“Xalqiga qarab podishohi” degan gap bor. Bugunga qadar Karimovni boshiga ko’targanlar, ertaga Gulnorani ham “onamiz’ deb ulug’lashlariga sizning ko’zingiz yetmasa, mening ko’zim yetadi. Shu bois ham O’zbekistonni kelajagini demokratiya tomon burish uchun avval xalqning “ko’zini ochish” kerak. Bu bugunning eng muhim vazifasi. Kim O’zbekistonning taqdiriga befarq bo’lmasa, ana shu harakatga qo’shilmog’i shart. Karimov bu xalqni ko’zi ko’r holda saqlash uchun soat sayin harakat qilmoqda. Chet el tashkilotlarining yopilishi, xorijiy radiolarning bo’g’ilishi, Internetning nazoratga olinishi, muxolif fikrlaydiganlarni qatag’on etish – bular bejiz emas!

Xullas, Amerika O’zbekistondan chiqib ketib, ko’p narsa yo’qotmaydi. Oldingi joyidan 200 – 300 kilometr naryoqda boshqa joy topib olishi qiyin emas. Yo’qotadigan O’zbekiston va O’zbek xalqi. Bu ketishda hattto mustaqillik ham yo’qolishi mumkin. Shu bois bu haqda Bush emas, bu mamlakatning taqdiriga befarq bo’lmaganlar o’ylashi lozim!
O’ylayapmiz deganlar esa mavjud “statuslari” dan rozi va faqat ana shu statuslarini saqlab qolish uchungina intilmoqdalar.
Afsus…ming afsus!

Nomzodni ichkaridan topish kerak!

17 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Muxolifatning 2007 yil saylovlarida qatnashish niyati bormi? Ma’lumki, muxolifat a’zolari va liderlarining aksariyati qonun bo’yicha jinoyatchi deb e’lon qilingan. Shunday ekan, ularning saylovda ishtiroki qanday bo’ladi? (Behzod).

JAVOB: “Noumid-shayton!” degan gap bor. O’zini muxolifatda bilgan har qanday guruhning tabiiyki, saylovda qatnashish umidi bo’ladi. Chunki ular mamlakatga, millatga achingani va bugungi rejimning faoliyatidan qoniqmagani uchun muxolif bo’lishgan. Hayotni o’zgartirishning eng demokratik yo’li saylov deb bilinadi va muxolifat bundan foydalanishga umid bog’laydi.

Ammo “mustaqil” O’zbeksitonda haqiqiy, demokratik, mustaqil saylov bo’lmagan va bu yaqin orada bo’ladigan ham emas. Bu, eng avvalo zulmning kuchliligidan bo’lsa, ikkinchidan xalqning aksar qismining befarqligidandir. Agar hamma joyda xalq saylovda Aldarko’saga qarshi ovoz bersa va o’z ovozini himoya qilsa, zulm mashinasi hech narsa qila olmaydi. Faqat ba’zi joylardagina xalq o’z haqqini talab etsa, unda anda joni uziladi.

Andijon voqealari bo’yicha O’zbekiston prokuraturasi yaqinda hisobot berarkan, Bobur maydonidagi hodisalar bu boshlanishi edi, keyin Ukraina, Gurjiston va Qirg’izistonga o’xshab inqilob qilishni rejalashgan degan gapni aytishdi. Ko’rdingizmi, hukumat boshqaruv xalqqa o’tishini mutloq va mutloq istamaydi.

Inqilob bo’lsa, xalqqa yaxshi, karimovchilarga yomon bo’lardi. Shu bois ham ular inqilob orzusidagilarni ham terroristlar deyishmoqda. Shu ketishda hali saylovda qatnashaman deyish ham karimovchilar nazdida terroristlik bo’lib qoladi.

Shunga qaramay muxolifat 2007 yil saylovlariga jiddiy tayyorgarlik ko’rishi kerak. Hech bo’lmaganda xalqning siyosiy ongini oshirish uchun bu tadbirdan foydalanish zarur. Chetda yurganlarning qatnashish imkonlari yo’q ekan, ichkarida turib chetda yurganlarga ishonganlar orasidan saylovda qatnashadigan shaxsni topish va butun muxoliflar yagona blok holida o’sha nomzodni dastaklashlari shart.

Xabar bormi?
18 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: To’lqin Qaraev haqida xabar bormi?(Elektron maktublardan).

JAVOB: To’lqin Qarevning mana bu maktubini sahifada e’lon qilish bilan birga ikki mingdan ziyod elektron adresga ham yubordim.

“Assalomu a’leykum Jahongir aka!
Salomatmisiz? O’zbekistonga qaytishga qaror qildim. Bilaman, og’ir, u yerda meni yaxshi kunlar kutayotgani yo’q. Yana bir jurnalist ham shu y’olni tanladi. Bu yerda BMT ning qosh qovog’iga qarab yashash ham jonga tegdi. Qayerlardandir yordam kelar degan umiddan ham to’ydim. Shuning uchun Sizga bu maktubni yuborayapman va Toshkent sari safarga chiqqanimdan so’ng uni saytga qo’yishingizni so’rayman.

O’zbekistonga yetib borgach, tergov organlarining qiynoqlari ostida biror ko’rgazma va ma’lumotlar bersam, xalqaro tashkilotlarni terrorchilikni qo’llab quvvatlashda ayblasam, yoki o’zimning qandaydir jinoyatlarni qilganligimda sidqidildan iqrorlik keltirsam – bularning hammasini oldindan inkor qilaman.

Turgan joyimni tashlab katoyotganimga oilamdan ajralib qolayotganligim, shuningdek, men duch kelayotgan turli va’dabozliklar sabab bo’lmoqda. Demokratiya tamoillari uchun kurash maydoniga chiqar ekanman, taqdir meni O’zbekiston qamoqxonalariga tiqishini, yoki xorijiy mamlakatlar chiqib ketishga majbur qolishimni oldindan bilganman. Lekin diktaturaning qo’li demokratiyadan ustun kelishiga juda ham ishonqirab qaramasdim.

O’zbekistonda menga o’xshaganlarga ayb to’qish hech narsa ham emas. Bizning asosiy aybimiz erkinlik uchun kurashganimiz, tenglik va hurlikni orzu qilganimiz, adolat istaganimiz. Bu harakatlar O’zbekiston uchun yot ekan, demak jinoyat hamdir. Mana bu “jinoyat” uchun jazo olishga to’g’ri keladi.
Qisqa qilib aytganda: ALVIDO OZODLIK!
tulqinq@yahoo.com

To’lqin Qaraev mazkur maktubiga ilova qilib yuborgan telefon raqamlariga qo’ng’iroq qilinganda “Mazkur abonentning telefoni uzib qo’yilgan” degan javob kelmoqda.”

Shundan keyin kechasi bilan telefon orqali uni qidirishga urindim. Bu orada mamlakat ichidan va tashqarisidan ham uni taniganlar “xato yo’lga kiribdi” degan tashvish bilan maktublar yo’llashdi, telefonlar qilishdi.

Tongga qadar tinimsiz telefon qilib turdim va nihoyat uning ovozini eshitdim. U yo’lga ketayapman deya telefonini o’chirtirib qo’ygan ekan. Do’stlari, tanishlari hamda mashina bilan bog’liq baxtli bir tasodif bois uni yo’ldan qaytarishga muvaffaq bo’lishgan. Ammo ikkinchi bir jurnalist qaytmagan. U o’z nomini hozircha e’lon qilishni istamagani uchun uning kimligini yozmadim. Balki keyinchalik yozarmiz.

To’lqin bilan gaplashganimda u “Dushanba kuni ketayinmi?” deb turiban dedi. Unga mamlakat ichidan kelgan maktublarni jo’natishimni va ularni o’qib, keyin qaror olishini so’radim.

Kim istasa uning adresiga maktub yozishi va fikrlari bilan o’rtoqlashishi mumkin: u Vatanga qaytib to’g’ri qilmoqdami yoki xato?

Karimov va diktatura ustidan hukm
20 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Bugun Andijon voqealari bo’yicha sud boshlanadi. Bu Karimovni oqlashi mumkinmi? (Nizomiddin).

JAVOB: Karimov hech qachon o’zini oqlay olmaydi. Uni oqlaydigan zarra qadar ham sabab qolmadi. U sabab ko’zasini o’z qo’llari bilan sindirdi.
U tarixda qolishni juda istar va juda orzu qilar edi. Qaysi bir ma’noda orzusiga yetdi. U O’zbekiston tarixida nafaqat ozodlikni o’ldirgan diktator sifatida, balki begunoh, oddiy xalqni o’qqa tutgan jallod sifatida ham qoladi.

Bugun boshlanagan “hangoma”ni sud demagan bo’lardim. Bu- tomosha. Bu – masxarabozlik! Bugun boshlanadigan kabi tomoshalarni Karimov 1994, 1999, 2000 yillarda va keyin 2004 yilda ham ko’rsatgan va yetti mulk qahqaha otib kulgan edi.
Shunday tomoshalardan biriga bevosita raisik qilgan Polvonzoda “mukofot” o’laroq ishdan quvilgani yodingizdadur?!. U hozir Karimovning mana shunday tomosha sudlarni oldindan qanday tayyorlashi haqida bir kitob yozayotgan ekan.

Agar bu kitobni Karimov hayot ekanligida nashr etsangiz, tarix oldida o’zingizni, avlodlaringizni tavqi la’natdan qisman bo’lsada oqlaysiz deya unga bir noma yo’lladik. Bu unga katta imkoniyat va kitobini yo’llasa mana men zudlik bilan, shaxsiy hisobimga nashr ettirishga tayyorman. Ammo kitobni Karimovdan keyinga olib qo’yadigan bo’lsa, sariq chaqachalik ham ahamiyati qolmaydi va uning o’zi Karimovning jallodliklariga sherik sifatida ozodlik sudidan qutula olmaydi.

Prezident devonidagi manbaga ko’ra, bugungi tomoshaga raislik qiladigan shaxs ham necha kundan beri Bosh prokuror bilan birga qayta-qayta Karimovning huzuriga kirib chiqayotgan ekan. Demak, tomosha senariysi qayta-qayta yozilmoqda.

Aslida bunday tomoshalar Karimov va diktatura ustidan hukm chiqarmoqda. Bu hukm diktatorning nomini tarixga qora bo’yoqlar bilan yozish haqidagi hukmdir.
Ammo achinarli tomoni ko’p odamlar bu hukmning qurboniga aylanmoqdalar.

Mullaning aytganini ham qilma, qilganini ham qilma!

21 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Sobiq mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf O’zbekiston televideniyesidagi chiqishida “Akromiylar”ni bog’iylar dedi. Shunga qanday qaraysiz? (Ma’rufjon).

JAVOB: Aslida Islom qoidalari asosida boshqariladigan bir mamlakatning teppasida turgan odamga qarshi bosh ko’targanlarni bog’iylar deyishadi. Sobiq mufti O’zbekiston Islom davlati emasligini yaxshi bilishini nazarda tutsak, u Islom Karimov ustidan kulmoqchi bo’lgan degan fikr chiqadi.

Chunki “O’zbekiston-Islom davlati” degan gap keng tarqalgan va bunda Islom Karimovning ismi nazarda tutiladi. Shundan kelib chiqib, sobiq mufti Andijonda bosh ko’targanlar Islomga-ya’ni Islom Karimovga qarshi bosh ko’targanlardir demoqchi bo’lishi mumkin. Sovet davrida shoir va yozuvchilar fikrlarini ana shunday obrazli qilib bayon etar edilar. Endi estafeta bayroqchasi dindorlarga qolgan bo’lsa ne ajab?!

Agar Islom deganda u kishi Islom Karimovni nazarda tutgan bo’lsa, u holda uning o’zi ham “bog’iy” bo’lib chiqadi. Ammo bunga ishonmayman. Chunki, boshiga kaltak tushib turganiga qaramasdan bu odam har saylovda Karimovni yoqlab kelgan. Hatto Karimovni Allohning yerdagi soyasi degan ham shu kishi bo’ladilar.

O’zi Andijonlik bo’lib, o’z hamyurtlarining ruhiga qarata tosh otayotgani uning radiolardan tinmay iymon haqida aytib kelgan gaplarini shubha ostiga qo’ymoqda. Agar shunday odamlar Xudodan qo’rqmasa, boshqalardan gina qilmasa ham bo’ladi.

Forschadan olingan bog’iy kalimasining birinchi ma’nosi “isyongar”, “bo’ysunmas” bo’lsa, ikkinchi ma’nosi esa “zolim”, “stamgar” deganidir. Agar sobiq muftida ozgina insof bo’lganda, qachonlardir Karimovni bog’iy deb e’lon qilgan bo’lardi.

Aslida ulamolar haq gapni aytishlari kerak bo’lgan insonlardir. Afsuski ulamolar bugungi inqirozning o’q ildiziga aylandilar.

Xalqimiz “Mullaning aytganini qil, qilganini qilma!” deb kelgan. Endi: “Mullaning aytganini ham qilma, qilganini ham qilma!”

Yoshlarning “qalqoni”

26 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Siz bu sahifangzini yopib tashlang! Chunki yoshlarning miyasini zaharlayapsiz? Sizning demokratiyangiz kimga kerak? (Imzosiz).

JAVOB: Yuzlab imzosiz xatlardan ana shu bittasini tanlaganim bejiz emas. Chunki bu maktubni yozgan tomon (Imzosiz bo’lgani uchun shartli ravishda “u tomon” deb oldim-JM) unda o’z basharasini ham chizib qo’ygan.

Birinchidan, u tomonni yoshlar masalasi qiziqtirmaydi. Agar qiziqtirganda bugungi yoshlar axmoq emasligini va Internetda majburiy o’qish yo’qligini yaxshi bilishlarini inkor etmasdi.

Mening sahifam bu mening sahifam va hech kimga o’qish majburiy emas. 26 millionlik xalqning har kuni faqat 2-2,5 mingigina mening safihamga kiradi, xolos. Buning ham ba’zilari bir kunda ikki marta kirishini hisobga olsak, siz tashvishga tushmasangiz ham bo’ladi. Yoshlarning aksariyati hali sizning sariq matbuotingiz ta’siridadir.
Qolaversa, majburiylik demokratiya emas, diktatura fe’lida mavjud. Ular o’zlarini oqlaydigan maqolalarni hatto maktablarda o’qitishadi, oliygohlarga kirish imtihonlariga tirkashadi.

Ikkinchidan, u tomon yoshlar o’ziga ergashmay qolishidan, ishonmay qo’yishidan tashvishda. Bu esa bizning muammomiz emas. Basharang qiyshiq bo’lsa, oynadan o’pkalama, degan gap bor.

Va nihoyat, shunday ham sof O’zbek tilida chiqadigan va har kuni yangilanib turadigan muxolif veb sahifalar juda oz qoldi yoki deyarli qolmadi hisob. Borlari ham dayjest, ya’ni kundalik ko’chirmalar to’plami bo’lib qolmoqda. O’zini “O’zbek-men!” deb ko’kragiga urib yurganlar ham hatto o’zlari haqidagi xabarni o’zbekcha yozolmaydilar, chala-chulpa qilib ruscha yozib, ruscha e’lon qiladilar. Shunday sharoitda men ham sahifamni yopib qo’ysam, tabiiyki, u tomon bizga maydon keng qoldi deya shodlanishi mumkin. Lekin bu maydon aslida juda keng… Faqat “Oson ermas bu maydon ichra turmoq….”

Qo’lingizdan kelsa, vaqtingiz, hafsalangiz va kuchingiz yetsa, qobiliyatingiz ko’tarsa, yana bitta veb sahifa oching va hamma o’qiydigan qilib qo’ying. Ana shunda yoshlarda tanlov bo’ladi, istasalar mening sahifamni o’qiydilar, istasalar siznikini. Agar bir kishi ham o’qimaydigan holga tushsa tabiiyki, men o’z-o’zidan sahifani yopishga majbur bo’laman. Hozir esa kundan kunga oquvchilar ko’payib borayotgani uchun vaqtim yetmasa ham baholu qudrat yangilab turishga urinmoqdaman.

Darvoqe, siz ismingizni ochiq yozolmaydigan darajada qo’rqoqsizu, qanday qilib umum o’qiydigan sahifa qilishingiz haqida esa o’ylab ham ko’rmabman. Uzr!
Shu o’rinda qiziq bir holat. Karimov rejimiga qarshi bo’lganlar o’z ismlarini yashirishlarini tushunsa bo’ladi. Ammo bu rejimga yoqadigan savollar yo’llaganlar ham o’z ismlarini yashirishlarini tushunish mushkul. Balki bu ularning o’zlari ham bu rejimga ishonmasliklaridan kelib chiqsa kerak. Tag’in bilmadim…

Demokratiyaga qaytsak,, u meniki emas. Demokratiya bu xalq boshqaruvi degandi. Diktatura esa, shaxs boshqaruvidir. Demak, siz diktaturaga tarafdorsiz, bu kimgadir qul bo’lish, kimgadir oidlik ifodasi. Bo’lavering!

Zotan, O’zbek jamiyati, O’zbek zehniyati bugungi kunda inqirozga yuz tutganini ko’rsatish nuqtai nazaridan bunday holning ham ahamiyati bor. Shu bois sizning imzosiz savolingizga javob berishni lozim deb topdim.

DO’K tashkilot bo’ldi

25 Sentyabr, 2005 yil

SAVOL: DO’Kning statusi qanday bo’ladi?(Abdu).

JAVOB: O’zbek muxolifati liderlarini bir oraga keltrish borasidagi missiyasini amalga oshirib, o’z oldiga yangi maqsadlar qo’ygan Demokratik O’zbekiston Kongressi 2005 yilning 25 Sentyabr, Yakshaba kuni, ya’ni bugun Vashington yaqinidagi Aleksandriya shahrida navbatdagi yig’ilishini o’tkazdi.

Demokratik tamoyillar asosida o’tgan yig’ilishda AQSHning turli shtatlarida yashayotgan faollarining vakillari sifatida Vashignton shahri, Virgina, Maryland, Missouri, Ohio, New York shtatlaridan tashrif buyurganlar bevosita ishtirok etgan bo’lsalar, uzoqdagi hamda O’zbekistondagi bir qancha faollar bilvosia, ya’ni elektron xabarlashma asosida qatnashdilar. Unda DO’Kning Nizomi va Dasturi muhokama etildi. DO’K bir oy oldin e’lon qilgan va muhokamaga qo’ygan loyiha qo’shimchalar hamda tuzatishlar bilan asos sifatida qabul qilindi.

DO’Kning O’zbekistonni demokratik yo’lga olib chiqish uchun muxolifatning yagona dasturini hozirlash va barchaning diqqatiga havola etish uchun boshlagan harakati ma’lumot uchun qabul etildi.

Yig’ilishda DO’K demokratiyaga tarafdor va diktaturaga qarshi turadigan siyosiy tashkilot deb e’lon qilindi va AQShda rasmiy ro’yxatdan o’tib, o’z nashrlarini e’lon qilishiga qaror berildi. DO’K ning iqtisodiy-moliyaviy faoliyati ham muhokama qilinib, DO’K Fondi tashkil etildi.

Imkoniyat tug’ilsa…

26 Sentyabr, 2005 yil.

SAVOL: Agar bugun sizda O’zbekistonga rahbar bo’lish imkoniyati tug’ilsa va faqat uchta ishni amalga oshirish mumkin etilsa, nima qilgan bo’lardingiz? (Zohidxon)

JAVOB:
1.Matbuotga to’la erkinlik berardim.

2.Erkin saylovlar o’tkazardim.

3.Iste’fo haqidagi arizani yozardim…

Chunki qolganini xalqning o’zi amalga oshiradi.

President bo’lmoqchi ekansiz…

27 Sentyabr, 2005 yil

SAVOL: Men prezident bo’lmoqchiman, buning uchun nima qilishim kerak? Qanday maslahat berasiz?(Ozodbek).

JAVOB: Qayerga prezident bo’lmoqchisiz? Bir tashkilotgami yoki bir mamlakatgami? Mayli savolingizni bir mamlakatga deb qabul qilaylik. General bo’lishni orzu qilmagan askar- askar emas deydilar. Orzuga ayb yo’q deydilar va hokazo. Zero har bir fuqaroning prezident bo’lish haqqi bor va buni hech kim rad eta olmaydi. Prezidentlik kimlar uchundir tashkil etilgan maxsus hadya emas. U aslida tinmay mehnat qilinadigan vazifa. Ammo bu vazifa Aldarko’saning qo’liga tushib qolsa, hammaning boshiga Oz’bekning kuni keladi.

O’zbekning 99 foyizi prezident bo’lishni orzu qiladi. Orzu qilishni yaxshi ko’ramiz va bir umr orzularimiz girdobidan chiqa olmaymiz. Ammo men qolgan bir foyizga kiraman. Men orzuga emas, voqelikka ishonaman, qolaversa meining aksar orzularim o’z shaxsim bilan bog’liq emas. Bu alohida masala.
Endi sizning orzuingizga yetishmoq uchun yetti maslahatim. Yetti mashaqqatli yo’l.

1.Qorquvni yenging!
2.Siyosatni o’rganing.
3.Halol va haromni ajratishni biling.
4.O’zingizga emas, boshqalarga foyda keltirishdan lazzatlanishni biling.
5.Jamiyatni boshqarish, xalqni yaxshi kunlarga yetkazish yuzasidan takliflaringizni o’rtaga olib chiqing.
6.Siyosiy tashkilotlarga qo’shiling va maqsadingiz uchun kurashing.
7.Mavjud prezidentdan qanday farq qilishingizni ochiq ayting va saylovda nomzodingizni ilgari suring.

Bu qadar. Xalq sizga ishonsa, demak orzuingizga yetganingiz shu bo’ladi. Yosh ekansiz, oq yo’l sizga!

Hali hech kimning oldida bo’lib
yemoq uchun tayyor “luqma” yo’q!

28 Sentyabr, 2005 yil

SAVOL: Ba’zi Internet sahifalarida, Demokratik O’zbekiston Kongressiga ishonchsizlik ruhida yozilgan gaplar chiqdi? Siz bu tashkilotning raisi sifatida munosabat bildirmaysizmi? (Yo’ldosh,).

JAVOB: Demokratik O’zbekiston Kongressi diktaturaga qarshi va demokratiyaga tarafdor bo’lganlarni birlashtirish g’oyasi bilan o’rtaga chiqqan kuchdir. Albatta buni muxolifatda ko’pchilik qo’lladi va qo’llamoqda. Hatto kongresaga qo’shilganlar o’z ismlarini yashirmasdan e’lon qilishni so’radilar va bu ro’yxat e’lon etilgan. Faqat O’zbekistondagi ko’pgina yoshlarning nomlari ma’lum sabablarga ko’ra e’lon qilinmagan. Bugun ham bu tashkilot o’z positsiyadan chekingan emas va muxolifat orasidagi gina-kudratlarga barham berish, ayni paytda o’z faoliyati bilan demokratiyani namoyon etish, diktaturga qarshi kurash yo’lidan boraveradi.

Qaysi saytda nimadir yozilgan bo’lsa, bu ham demokratiyaning mahsuli va ularning fikri. DO’Kning asosiy prinsiplaridan biri turli qarashlarni hurmat qilishdir.

Bugungi Internet o’quvchisini axmoq deb o’ylamoq axmoqlik belgisi bo’ladi. Bugungi o’quvchi aqllidir. Hamma narsani uning o’zi baholay oladi. Agar DO’K har bir fikrga qarshi chiqsa, unda Karimov tutgan yo’lga tushib qoladi.
DO’K siyosiy tashkilot sifatida maydonga chiqishi siyosiy raqobatni vujudga keltirgani ham tabiiy hol. Bu ijobiy hodisa. Hammaga omad!

Shu bilan birga bu degani hamma narsaga ko’z yumish degani emas. Masalan, Andijon voqealaridan keyin Umummuxolifatni alternativ kuch sifatida jipslashtirish g’oyalarini kimlar va qanday kuchlar zaiflashtirgani haqida nashrga tayyorlanayotgan “Kongress kundaliklari” hujjatli kitobida o’qish imkoniga ega bo’lasiz. Tarix inqirozlar va mag’lubiyatlarni tahlil qilishi, xulosa chiqarishi uchun barcha voqealar tafsiloti uning sahifalarigs kirishi kerak.

Hali hech kimning oldida bo’lib yemoq uchun tayyor “luqma”-kimlarningdir nazaridagi hukumat yo’q. Siyosat maydoni esa katta. Diqqatimizni ichki nizolarga, oldi-qochdi gaplarga va bir-birimizni haqorat qilishlar, kamsitishlarga emas, balki millatimizning boshiga kelgan baloga qaratishimiz zarur. Tabiiyki maqsad shu millatga yordam berish bo’lsa!

Shu nuqtai nazardan DO’K 2005 yilning 11 Iyun kuni belgilagan yo’liga sodiq qolgan holda har qanday shaxs, guruh va tashkilot diktaturaga qarshi, demokratiyaga tarafdor bo’lsa uni qo’llab quvatlaydi va u bilan hamkorlik qiladi.

Go’ya o’lmaydi, lekin…

29 Sentyabr, 2005 yil

SAVOL: Ba’zilar iddao qilayotgandek, Umummuxolifat qurultoyi g’oyasi
o’ldimi? (Murod).

JAVOB: Demokratik O’zbekiston Kongressining tashkilot sifatida shakllangani zamirida asli Umummuxolifat qurultoyi sari har jihatdan mustahkam odim qo’yish maqsadi bor. DO’Kning 2005 yilning 25 Sentyabrida o’tkazilgan yig’ilishida kun tartibidagi muhim masalalardan bir shu edi. Bu borada qurultoyga hozirlik ishlariga boshchilik qilgan, turli guruh va shaxslar, tashkilotlar bilan muzokaralar olib borgan Muhammadbobur Malikovning axboroti eshitildi.

Janob Malikov bu jarayon yengil kechmayotgani, har kim aravani o’zi tomonga tortishga urinishi oqibatida oldinga siljish bo’lmayotgani, ammo Umummuxolifat qurultoyini o’tkazishga qiziqish katta bo’layotgani borasida ma’lumot berdi.

Vaziyat yana May oyidagidan oldingi darajada. Bir necha qutbli holat. “Birlik” yetakchilari o’zlari tuzgan “Davra kengashi” atrofida “birlashaylik” deyishda davom etishmoqda. “Erk” tomoni M.Solih rahbarligida shunga o’xshash bir koalitsiya tuzishganini aytishmoqda va ular ham ana shu koalitsiya atrofida “birlashaylik” deyishmoqda. Bu yerdagi ijoboy holat shuku, endi hamma bir ovozdan “birlashaylik” demoqda.

Aslida esa, M.Solih tomoni “Birlik” rahbarligi ostida bir oraga kelishni istamaydi va buni yashirmaydi ham. “Birlik” tomonidagilar esa, “ERK”ning parchalanib ketganiga urg’u berib, uning rahbarligida birlashish xomxayol deya, bu haqda gapirishni ham istamaydilar. Har ikki qutbga kirmaganlar yoki turli sabablar bilan ularni tark etganlar navbatdagi qutb. Bu orada “Serquyosh O’zbekiston” koalitsiyasi ham bugunga kelib, Karimov rejimiga qarshi ekanligini bildirmoqda va demokratiya istashini aytmoqda. Bor vaziyat shu. Demak, bugun yagona Platforma yoki Blok tarzida birlashishga zamin yo’q.

Aslida birlashish degani bitta tashkilot bo’lish degani emas. Bu birlashish bir g’oya – diktaturaga qarshi va demokratiyaga tarafdor kishilarning bir-birlari bilan kurashlari, bu boraga sarflayotgan vaqt va kuchlarini diktaturaga qaratishdan, faoliyatlarni muvofiqlashtirishdan iboratdir. Bugunga qadar bu borada ijobiy odimlar otildi, ammo katta imkoniyatalar ham boy berildi. Imkoniyat ortidan imkoniyat kelaveradi. Hadeb boy berish esa inqirozga yetaklaydi. Buni anglaganlar ertaga paydo bo’lishi mumkin bo’lgan yana bir imkoniyat qarshisida mot bo’lib qolqmaslik yo’llarini qidirmoqdalar.

Xullas, bugun hamma qutblarda jonlanish mavjud, o’zaro raqobat boshlandi. Kim o’zini ish bilan ko’rsata olsa, o’sha kuchga aylanadi va hammani bitta platformaga jalb qilishi mumkin. O’shanda yagona kuch, yagona Blok yoki yagona Platforma asosida maydonga chiqib, 2007 yilgi saylovga O’zbekiston ichidan yagona nomzod bilan kirilsa, diktaturaga qarshi bo’lgan kuchlar siyosiy alternativa o’laroq bir natijaga erisha oladilar.

Bobur Malikovning DO’K Boshqaruv hay’atiga kirishi bu masala bilan chambarchas bog’liq. U hozir ham shu masala bilan bandligini yuqorida zikr etilgan yig’ilishda alohida uqtirdi. DO’Kning hamma a’zolarida ayni niyat va ayni orzu bor. Bunday niyat va orzu muxolifatning hamma jabhasida bor.
Demak, Umummuxolifat qurultoyiga ehtiyoj katta va bu g’oya o’lgan emas. Qarshiliklar tufayli orqaga surilishi mumkin, ammo baribir o’tkaziladi.

Qochqinlar haqida

1 Oktyabr, 2005 yil

SAVOL: Juda ko’p qochiqn-demokratalar qiyin vaziyatg tushdilar. DO’K bu demokratlarni himoya qilish uchun harakat qilmaydimi?(Nurali).

JAVOB: BMT tashkilotlari va ularning ishini ko’rayotgan mahkamalarga quyidagi maktubni yubordik:

”O’z saflarida Oz’bekistonning 500 ga yaqin faol demokratlarini birlashtirgan va mamlakatda minglab qo’llab quvvatlovchilariga ega bo’lgan, shuningdek a’zolarining anchaginasi AQSH va Avropada ham yashayotgan Demokrtik O’zbekiston kongressi sizni O’zbekistonda Andijon voqealaridan keyin mamlakatdan chiqib ketganlar taqdiriga alohida ahamiyat berishga chaqiradi.

O’zbekistondan chiqib, ayniqsa, MDH o’lkalarida qolishga majbur bo’lgan O’zbek qochqinlarining hayoti tahlika ostida qolmoqda va bu holat ularning ishlarini imkon qadar tezroq ko’rib chiqishni tezlashtirish kerakligini o’rtaga qo’ymoqda. Chunki MDH doirasidagi mamlakatlarda O’zbek qochqinlarini turli bahonalar bilan ushlab Toshkent hokimiyatiga topshirib yuborish hollari tobora ko’paymoqda. Qo’shni mamlakatlardan esa ularni bevosita ushlab ketish hollari yuz bermoqda.

Biz ayniqsa, Qirg’iziston, Qozog’iston, Ukraian, Rossiya, Eronda qolayotgan O’zbek qochqinlari taqdiridan bezovtamiz.

Qochqinlar komissarligi o’z ishini ko’rishni paysalga solgani oqibatida BBC radiosining muxbiri Matluba Azamatova O’zbekistonga qaytishga majbur bo’lgan va hozir tergovga tortilgan. Ayni payta xorijiy matbuotga ishlagan jurnalistlar Yusuf Rasulov, To’lqin Qarayev, Qudrat Bobojonov va boshqalar bir necha oydan beri Qirg’izistonda tahlika ostida yashamoqdalar. Ayni vaziyat Qozog’iston, Rossiyada ham mavjud. Shu bois biz sizdan O’zbekistonlik qochqinlar ishini ko’rib chiqib, hal etishni tezlashtirishni so’raymiz.

Ayni paytda sizdan dunyodagi rivojlangan mamlakatlar mutasaddilariga murojaat etib, diktaturadan qochib yoki ishsizlik, qashshoqlik bois ish izlab bu joylarga borib qolgan va hujjatlarini rasmiylashtira olmayotgan O’zbek qochqinlarini darhol qiynoqlar o’lkasi bo’lgan O’zbekistonga jo’natmasdan ularga yordan berishga chaqirishingizni so’raymiz. Ana shunday bir murojaat demokratik o’lkalarda O’zbek qochqinlari ishini ko’rayotgan sudlarga qarata ham qabul etilsa ayni muddao bo’lar edi.

O’zbekiston Demokratik Kongressi sizga xayrli ishlaringizda muvaffaqiyat tilash bilan birga yuqoridagi masalalarda siz bilan hamkorlik qilishga hozirdir.”

Hali bayramaga erta

2 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: AQSH Kongressi Karimovni xalqaro sudga tortish talabi bilan rezolutsuya tayyorlayotgani xabarini o’qib juda-juda xursand boldim, bugun men uchun bayram! Kongress otkazarmikan shu qarorni? Agar otkazsa, unda keyingi qadamlar qanaqa boladi? Ya’ni bu qarordan Karimov uchun haqiqiy tahlika bormi yoki faqat qogozdagi gap xolosmi? (Olimjon).

JAVOB: Albatta, yaxshi xabar, ammo hali bayramaga erta.
Zotan bu xabarga qo’shimcha o’laroq AQSH 21 million dollarlik yordamni to’xtatgani va ertaga Avropa Ittifoqi Karimov rejimiga qarashi ramziy bo’lsada sankisaylar belgilashi haqida hujjatni ovozga qo’yishi borasidagi xabarlar ham qo’shilib Karimova yaxshigina shapaloq bo’ldi.

Biroq Karimov hali bu narsalarning oqibatini anglab yetganicha yo’q. Kuzatgan bo’lsangiz, AQSH hay’atining Toshkentga safaridan bir kun oldin Karimov va Putin orasida telefon so’zlashuvi bo’lgani haqida xabar chiqqandi. O’shanda Putin Karimov Avropa Ittifoqidan ham, AQSHdan ham cho’chimasligini va ular faqat po’pisadan nariga o’ta olmasliklarini aytgan. Bu prezidentga yaqin manbaning ma’lumoti. Karimov shunga ishonmoqda. Ammo bu sarob.

Haqiqat shuki, Karimov Toshkentdagi sud tomoshasidan keyin yana qahramon sifatida maydonga chiqmoqchi edi. MXXning shuncha urinishlari suvga oqdi.

Hatto qishloqdagi oddiy dehqon ham bu sudga ishonmayapti. Buning ustiga bu tomosha xalqaro jamoatchilik g’azzabini oshirdi.

Karimovdan keyingi vaziyatni ko’z oldiga keltirishga urinayotgan AQSH hammaning yurak tomirini ushlab ko’rib, sog’lom urayotganini qidirmoqda. Bush ma’muriyati Karimovga yana bir imkoniyat berishimiz mumkin demoqda. Bu imkoniyat endi demokratik va iqtisodiy islohotlarga darhol yo’l ochish bilan qo’lga kiradigan imkoniyat. AQSH rahbariyati Karimovga shuncha yil aldab kelding, yetar, endi biz sening yolg’on va’dalaringa ishonib, kutib o’tira olmaymiz, boshlasang boshla, demoqda.

Qolaversa, AQSH tomoni Karimov haqida uzil-kesil xulosaga keldi: “Karimov terrorizmdan ham ko’proq demokratiyadan qo’rqadi!”. Bu xulosa ochiq va rasman aytildi.

Endi Karimovni sudga tortish masalasiga kelsak, bu ham unga yuborilgan siganal. Odatda rezolutsiyalarni 2-3 kongressman tayyorlaydi va deyarli qaytmasdan qabul qilinadi. Bu safar loyihani ikki demokrat tayyorlagan. Shunga qaramay ko’pchilk qo’llashiga shubha yo’q.. Karimov nazdida bu rezolutsiya, xolos. Majburiy bajariladigan hujjat emas. Ya’ni Bush ma’muriyatiga Karimov masalasini BMTga olib chiqish tavsiya etiladi. Karimov bunday hol yuz berganda ham BMTda veto haqqiga ega besh davlatdan ikkitasi mening orqamda deb ishonmoqda. Agar Bushning oxirgi imkoniyat tanishiga ham qo’l siltasa va AQSH hukumatining qarshisida o’ta muhim masalalar paydo bo’lmasa, Bush to’nini teskari kiyib olsa, veto qo’yadigan davlatlar ham hech narsa qila olmay qoladilar.

Buning ustiga u Bush ma’muriyatining birinchi galdagi muammosi darajasiga yetganim yo’q deb biladi. Masala bu daraja borib yetsa va Karimov masalaning jiddiyligiga to’la iqror bo’lsa, o’sha kuni boshqalardan yuz o’girib bu tomonning oyog’iga yotadi.

Xulosa shuki, Karimov u holda ham, bu holda ham yutqazadi. Hokiyatda qancha qolishidan qat’iy nazar allaqachon jinoyatchi degan tamg’a-tavqi la’nat bo’yniga osildi. Buni uning o’zi osib oldi. Andijon voqealarini xalqaro ko’zdan yashirishi o’zi-o’zini jinoyatchi deb e’lon qilishi bo’lgandi.

Uning atrofidagilar unga qo’shilib botqoqqa botib ketmoqdalar. Hali Karimov o’lib ketib, xalqaro sud oldiga ular chiqishlari ham mumkin.
Eng asosiysi yoshlar bundan xulosa chiqarishlari va jinoyatchining iflos etagiga osilmasliklari kerak!

O’ziga xoslik

4 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: O’zbekiston haqida chiqqan juda ko’p maqolalarni nima sababdan sizning sahifangizda uchratish qiyin?(Akmal).

JAVOB: Juda o’rinli savol.
Bugungi Internet siyosiy nashrlarini uchga bo’lish mumkin.

1.Informatsion og’irlikdagi safihalar. Bular soatma-soat yuz bergan voqealarni yoritib borishga mo’ljallangan.

2.Dayjest sahifalar. Bular allaqachon qayerlardadir chiqqan narsalarni to’plab, qayta nashr etadigan sahifalar. O’zbekiston uchun nashr etilayotgan sahifalarning 99 foyizini ana shu guruhga kiritish mumkin.

3.Mustaqil, o’z yuzi, o’z ko’rinishi va o’z so’ziga ega bo’lgan sahifalar. Bunaqasi juda oz. Biz ana shu bo’shliqni to’ldirish sari qadam tashlamoqchimiz. Ya’ni bizning sahifamizning ko’rinishi juda oddiy bo’lishi mumkin, ammo e’lon qiladgan materiallari hech qayerda chiqmagan, original bo’ladi. Ya’ni siz bu sahifaga kirsangiz, albatta kichkina bo’lsada bir yangi narsa olib ketsihingizni istaymiz. Bu oson ish emas. Yangilik yaratishdan og’ir ish yo’q. Agar biz ham “prezident falon joyga ketdi, faloncha faloncha bilan telefonda gaplashdi”, “falon gazetada falon narsa chiqibdi” kabi narsalar bilan sahifa qiladigan bo’lsa, uning hech qanday foydasi bo’lmaydi. Grant beruvchini aldashni istaganlar shunday qilishadi. Buni hamma biladi.

Boshqalardan farqimiz yana shunda bo’ladiki, bizning sahifa asosan lotin og’irlikli bo’ladi. Bugunga kelib kiril keksa avlodning, lotin esa yangi avlodning yozuviga aylandi. Kongress tarkibida yoshlar ko’pligi va yo’nalish ham yoshlarga qaratilgani bois biz shu yo’ldan boramiz.

Shuningdek, sahifada Kongressning faoliyati bilan bog’liq ma’lumotlarni topish mumkin bo’ladi. O’zbekistonda nashr etilishi amri mahol asaralarga ham o’rin beramiz.

Boshqa sahifalardan yan bir farq shuku, sizni qiziqtirgan har qanday savolga ham Kongress rahbariyati imkon qadar javob berib boradilar.
Shularning hammasini jamlaganda hech bo’lmagnda bir kunda bir marta bu sahifaga kirsangiz yutqazmaysiz.

Qamoqdagi demokratlar

5 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: O’zbekistonlik demokrat qochqinlar-Olimjon Toshniyozov va Xudoyqul Hafizovlar qamoqda ekanlar. DO’K ularni himoya qilmaydimi?(Nosir).

JAVOB: Bugun kerali idoralarga quyidagi maktubni ingliz tilida jo’natdik:

“O’zbekiston Demokratik Kongressi Olimjon Toshniyazov va Xudoyqul Hafizovni O’zbekistonga qaytarmaslikni so’rab AQSH ma’muriy idoralariga, ularning ishini ko’rib chiqayotgan mahkamalarga murojaat etdi. Murojaatda jumladan shunday deyiladi:

Demokrtik O’zbekiston kongressi sizdan (Washington County Jail; Stillwater, MN 55082 da ushlab turilgan) O’zbekistonlik immigrantlar Olimdjon Toshniyazov va Xudoyqul Hafizovni vatanlariga deportatsiya qilmaslikni so’raydi.

BMT tomonidan sistematik qiynoqlar o’lkasi deb tan olingan, Avropa Ittifoqi tarafidan sanksiyalar qo’yilgan va AQSH demokratiya uchun beradigan yordamlarini kesib qo’ygan – diktatura rejimi hukmron bo’lgan O’zbeksitonda ularni juda og’ir kunlar qarshi oladi.

Gap shundaki, ular Intrnet sahifalarda e’lon qilgan ko’plab demokratik ruhdagu maqolalarida diktatura rejimiga qarshi fikrlarini ochiq aytgandilar va demokratiya manfaatlarini qattiq himoya etgandilar. Bu esa dikaturaga rejimi uchun ularga nisbatan ayovsiz qiynoq qo’llashga asos bo’ladi.

Biz ualarning AQSHda qanday qonun qoidalarni buzganliklari haqida bilmaymiz.Biz qonunlarni hurmat qilamiz. Ular qonunlarni buzgan bo’lsalar , tabbiyki AQSHda jazolarini olishlari kerak. Ammo yaqinlaridan olingan ma’lumotlarga ko’ra ularni O’zbekistonga deportatsiya qilish masalasi kun tartibida ekan.

Biz Olimjon Toshniyozov va Xudoyqul Hafizovni ularning Milat Jumayev va Oydin Dinarov nomlari bilan yozgan ko’plab maqolalari orqali bilamiz va demokratik fikrlari bilan dikaturaga qarshi chiqqan kishilar deb qaraymiz.

Birgina Prezident Karimovning qizi haqidagi ”Gulnoraning qora sharpasi” tanqidiy maqolasini ular o’zbek tilidan rus tiliga tarjima qilib, e’lon etganlarining o’zi vatanlarida ularni juda og’ir qiynoqlar kutayotganidan darak.

Shu boisdan ularni O’zbekistonga yubormaslikni iltimos qilamiz

O’zbekiston Demokratik Kongressi muxolifatdagi boshqa kuchlarni ham ana shunday murojaat bialn AQSH ma’muriy idorlariga chiqishga chaqiradi”.

Saroy ostonalarida…

6 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: O’zbekiston og’ir judolikka uchradi. Ozodbek Sharafiddinov olamdan o’tdilar, o’zimizda o’lgan odamni qabrga qo’yganlaridan keyin keyin so’raladi: “Bu qanday inson edi?” deb. Bu savolni urf odatimiz bo’yicha sizga bermoqchiman.(Akram va boshqalar).

JAVOB: Urf odatimiz bo’yicha javob ham bir xil bo’lib kelgan. Hatto jallodni, qotilni ko’mishganda ham “Yaxshii odam edi” deyishgan, deyishmoqda. Bu siz aytgan kabi urf.

Lekin odamlar haqida haq gapni tirikligida yuziga aytishni o’rganmasak birimiz ikki bo’lmaydi deb hisoblayman. Shu nuqtai nazardan fikrlarimni Ozod Sharafiddinov hali tirik ekanligida yozgan edim, (Mana bu yerda o’qishingiz mumkin-JM) yuzma-yuz suhbatlarimizda va radiolardagi bevosita muloqotlarimizda gaplarimni uning yuziga ochiq aytgan edim.

Bugun aytadiganim esa, tiriklarga: qahramon ham, qul ham baribir o’lishini, vujudi tuproqqa qorishib ketishini yodda tutgan holda, hayot ekanligimizda tuproqqa qorishmaslik haqida o’ylashimiz kerak.

Ba’zilar zulmga sadoqatini juda ustalik bilan ko’rsatadilar. Bir qarashda haqiqatgo’y bo’lib ko’ringan holda, aslida zulming basharasiga niqob bo’ladilar.

Ozod Sharafiddinov olamdan o’tishi bilan O’zbek xalqini bilmadim-ku ammo Islom Karimov sodiq qulidan, “maddohizm” degan iborani yaratgan maddoh “qahramon”larining bittasidan ayrildi. Boshqalardan farqli o’laroq Ozod Sharafiddinov Karimovni yolg’iz tashlab ketmadi. Uning yonida xuddi o’zi kabi unga sodiq bo’lgan o’g’li Alisherni qoldirib ketdi. Alisher Sharafiddinov Ichki Ishlar Vazirining birinchi o’rinbosari sifatida Karimovga astoydil xizmat qilmoqda va zulm mashinasiga moy quyib turibdi. Bugun mustaqil jurnalistlar, xorijiy matbuotni ayblash g’oyasining fidoyisi Alisher Sharafiddinov bo’ladi.

Ozod Sharafiddionov degan olimning ruhi Karimov haqida yozgan kitoblari, zulmni oqlovchi o’nlab maqolalari bilan allaqachon saroy ostonalarida tuproqqa qorishib bo’lgandi. Endi esa uning badani tuproqqa qorishdi. Xudo uni rahmat qilgan bo’lsin!

Uxlasak bir balo,
uxlamasak yana bir balo!

7 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Ro’za kunlari uyquga ketmasdan savob ishlarga qo’l urib, nimalardir qilmaysizlarmi?(Husniddin).

JAVOB: Yaxshi savol. Ayni paytda chaqiriqqa ham o’xshaydi yoki “Siz-chi, nima ish qildingiz, nima qilmoqdasiz?” degan qarshi savolni ham uyg’otadi. Ammo e’tiroz yo’q. U kishi haq. Ko’p mamlakatlarda mashina bir kishini urib ketsa haydovchi javobgar, yo’lovchi haq, agar yo’lovchi kelib o’zini mashinaga ursa, yana yo’lovchi haq bo’lgani kabi bu yerda ham o’quvchi haq. Lekin ana shu haq o’quvchilardan juda qiziq savollar keladi.

Hatto bir kishi “Nega Ramazon bilan tabriklamadingiz?” deb xat ham yozibdi. Bu 1991 yilda Karimov o’zi uchun mustaqillik e’lon qilganda, mustqillikni bir yil oldin e’lon qilgan deputatlar qarsak chalmagandilar va Karimov ”Nega qarsak chalmaysizlar, qarsakni ham sotib olamizmi?” deya ranjiganini yodga soldi.
Lekin o’quvchiga “Ramazon bayrami kelguncha ro’zangizni buzmay, sabr qilsangiz tabrikni olasiz” deb yumshoq javob yozishga to’g’ri keldi.
Yana bir kishi “O’lganlar haqida hech narsa yozmanglar!” deya buyruqnamo maktub yo’llabdil. Unga “Tiriklar haqida yozish mumkin bo’lmagan mamlakatlarda o’lganlar haqida yozish xavfsizlik uchun bezarar” deya kinoyali javob qilish majburiyatida qoldik.

Qamoqda yotgan ikki O’zbekistonlikni deportatsiya qilmaslik haqida shoshilinch murojaat tayyorlanayotganda uni tezlik bilan “Kim ingliz tiliga tarjima qilishi mumkin?” deya o’zbekcha matnni tarqatdik va besh kishi tarjima qilib yuborishdi. Ularga “Anglashilmovchilik bo’ldi, avval “Men tarjima qilmoqchiman” degan taklifingizni olmoqchi edik, keyin bu ishni bir kishiga topshirmoqchi edik” deya xat yozdim. Ulardan deyarli bir xilda javob keldi: “Hech qisi yo’q, savob ish qilishimiz ham kerak edi-ku!”.

“Nodir Ruzmatov” nruzmatov@yahoo.com adresdan esa quyidagi xat keldi. Bir harfini ham tuzatmasdan keltiraman:

Assalomu alaykum wr wb. Avvalambor xammangizni Muborak Ramozon Bilan tabriklamoqchiman. Bu xatingizni uqib togrisini etsam , kulishimni xam hurasnd bolishimni xam yoki bo`lmasa yiglashimni xam bilmayman. Nima deb tushunish kerak? Ozbekiston kelajagi xaqida qayg urushmi yoki bulmasa taht uchuch kurashmi? Nahotki xech bolmasa roza oylarida faqat Ollohga ibodatda bolib farzlarni ado etishimiz , qolgan Dunyoviy narsalarni unutish qiyin bulsa?
P.S Bu dunyoda xamma narsa Ollohdan , siz aytayotgan , yoki bong urayotdan tashvishlar xam Olloh tomonidan berilgan , shunday ekan nima uhcun Ollohga tavakkal qila olmaymiz? Wassalam ,”.

Nohotki yordamga muhtoj insonlar taqdiri haqida qayg’urish taxt uchun kurash bo’lsa, birodar?! Bu har qanday vijdonli kishining insoniy burchi emasmi? Yoki Ro’za ekan deya uxlab yotaverish kerakmi?
Ana shunaqa, O’zbeklarmiz. Uxlasak bir balo, uxlamasak yana bir balo!

Karimovning yana bir mag’lubiyati

8 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: O’zbekistonning “Avroosiyo” ittifoqiga kirishi nimani anglatadi? (Muzaffar).

JAVOB: Bu Karimovning yana bir mag’lubiyatidir.
Ma’lumki, bundan bir necha yil oldin Qozog’iston prezidenti Nursulton Nazarboyev mazkur ittifoqni tuzish tashabbusini o’rtaga tashlaganda unga Karimov tish-tirnog’i bilan qarshi chiqqandi. “Bu Sovet davriga qaytishni orzu qilishdir” degan edi Karimov. Maddoh jurnalistlar darhol buni ilib olib qanchadan-qancha maqolalar yozishgan, ko’rsatuvlar hozirlashgandi. Karimov mazkur ittifoqqa qarshi yillar davomida tinimsiz kurashar ekan, asosan bu Nazarboyevning tashabbusu bo’lgani bois shunday qilgandi. Umuman Karimovning Nazarboyev bilan kelisha olmasligi Turkiston zaminiga katta zarar yetkazdi.

Aslida “Avroosiyo” Turon demakdir. Vaqtida bu tashabbusni qo’llab, Nazarboyevning yonida turganda Karimov bugun Putinning o’yinchog’i roliga tushib qolmasdi va bu tashkilot ham Rossiyaning “chap cho’ntagi”ga aylanmagan bo’lardi.
Bugunga kelib MDHdagi diktatorlarning oyog’i qaltirab qolganidan foydalangan Putinning kallasida Sovet Ittifoqining yangi ko’rinishdagi shaklini tuzish maqsadi yotgan ham bo’lishi mumkin.

Bu uning uchun ikki yo’nalishda kerak. Birinchisi, yo’qotilgan vassallarini qaytarish bilan Rossiyaning hukmronlik nafsini qondirish. Ikkinchisi, dunyo geopolitik xaritasida muhim bo’lib qolgan Markaziy Osiyoni AQSH va Xitoy orasida qurol sifatida o’ynatish. Ko’rinib turibdi bugun bu ittifoqdan eng ko’p yutadigan Rossiyadir.

Ittifoq iqtisodiy tamalga tayangani bilan va hatto erkin iqtisod zonasi tashkil qilish qarorini ishlab chiqqan taqdirda ham Karimov rejimi davrida buning O’zbek xalqiga foydasi bo’lmaydi. O’zidan qo’rqqan rejim baribir bugungi kabi nazoratni mahkab ushlab turaveradi. Shu sababdan O’zbekistonda allaqachon maddoh qalamkashlar yozayotganlari va aytayotganlari – “oddiy o’zbekka dunoning eshiklari ochildi” degan gap yolg’on, sarobdir.

Afsuski, hamma istaklar
ham amalga oshavermaydi

9 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL:Minglab odamlar O’zbekistonni tashlab chiqib ketmoqdalar. Ular kelajakda qaytishlari mumkinmi?(Nazokat).

JAVOB: Savolingizga “Yo’q” deb javob bersa, haqiqatga yaqin bo’ladi. Nega?
Dunyo paydo bo’libdiki, odamlar tabiiy ofatlar va zulmdan qochib o’z yashash joylarini o’zgartirib kelganlar va deyarali eski maskanlariga qaytmaganlar. Turonzamindan chiqib ketgan turklar bugun Turkiya va o’sha tomonlarda yashayotgan bo’lsalar, Avropadan chiqib ketganlar bugun Amerika degan katta qit’anii tashkil etib turibdilar va hokazo. Bu keng miqyosda nazar solish.

Torroq miqyosda qarasangiz, Rus inqilobidan keyin ko’chib ketgan o’zbeklar qaytdilarmi? Ular doim Vatan mustaqilligi deya hayqirib yashadilar, lekin hatto Vatan mustaqil bo’lganda ham qaytmadilar.

Yana ham torroq nazar bilan qarasangiz, qishloqdan shaharga ketganlar, shahardan mamlakat markazlariga yo’l olganlar o’z go’shalariga qaytmaganlaridek gap bu.
Bu ijtimoiy-iqtisodiy hodisa bo’lib, inson bir joydan ikki joyga ko’chishi juda osonlik bilan yuz bermaydi. Uni majburlaydigan kuchli omillar mavjud bo’lgandagina shunday odim otadi. Shu bois qaytish deyarli bo’lmaydi.

Ha, ziyorat uchun, quda andachilik, bizness uchun bordi-keldilar istesno. Buni Vatanga qaytish deydigan bo’lsangiz u holda ko’pchilik qaytadi. Ammo butunlay qaytish jarayoni juda mushkul.

Bir marta AQSH va Avropa standartlari darajasida yashaganlar O’zbekistondagi sharoit bilan kelisha olmaydilr. Ota-onalari amallagan taqdirda ham bolalari kelisha olmaydilar. Karimov rejimi buni yaxshi biladi va shu bois ozgina erkin fikrlaydiganlarni turli yo’llar bilan chetga chiqib ketishga majbur qilmoqda.
Chiqib ketayotganlar O’zbekistonning ulkan yo’qotishidir. Ketganlar uchun esa O’zbekiston ulkan yo’qtishdir. Garchi buni tan olmasalarda hayot haqiqatidan yuz burish mumkin emas.

Biz 1998 yilda Turkiyadan AQSHga kelganimizda Abdurahim Po’latov “2000 yilda Toshkentda o’tiraman!” degandi va men: “Hali 2005 yilda AQSHdagi uyingizga kelib, eshigingizni taqqilatib “Assalomu alaykum” deb ketaman” degandim. U odatiga ko’ra jiddiy olmagandi. Orada ko’p vaqt uning uyiga bormadim. Ammo 2005 yilda muxolifatni birlashtirish urinishlari paytida bir marta borishimga to’g’ri keldi va:

-Tasodifni qarang, mana 2000 yil ham o’tib ketib, 2005 yilda ham AQSHda turibmiz, “Assalomu alaykum!’ dedim..
Kelajakda unga ham, menga ham, sizga ham borib kelish yo’llari ochilishi mumkin. Balki ba’zilarimizga kecha ham, hozir ham shunday yo’llar bekilmagan. Lekin sabablar va bahonalar hamma narsadan kuchli. O’jar inson esa sabab va bahonaning yaratuvchisidir.

Xalqaro qoidalarga ko’ra insonning bir joydan ikkinchi joyga ko’chishi uning yashash haqqi kabi mutloq oliy haqqidir. Bu birinchidan.
Ikkinchidan esa, butun maxluqotlar singari inson ham avval o’zini himoya qiladi. Qolganlar narsalar keyin. Garchi so’zida buni ko’rsatmasada amalda doim buni ko’rsatib turadi.

Ana shu ikki haqiqat bizga uni ayblashga haq tanimaydi. Aksincha uning haqlarini hurmat qilishimiz kerak.
Kegusida inson bu sayyorani tashlab boshqa sayyoralarga ketib qolish imkoniyatiga ega bo’lishi ham mumkin va u paytda ham bu uning shaxsiy haq-huquqi bo’ladi.

Mening qarashim shunday. Balki sizning qarashingiz boshqacha bo’lishi mumkin va bir kuni bu masalada siz menga “Assalomu alaykum, nohaq bo’lib chiqdingiz”, deyishingizni juda istayman. Afsuski, hamma istaklarim ham amalga oshavermaydi.

DO’K faoliyatiga shaffoflik

10 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Demokratik O’zbekiston Kongressining sahifasini har kuni oqib turaman. Menda ham bir savol paydo bo’ldi. Sahifaning ostiga “Mazkur web sahifa manfaatdor guruhlar yordami yoki grantlar evaziga emas, balki shaxsiy tashabbus hisobiga nashr etib kelinmoqda” deb yozib qo’yibsizlar? Agar moddiy manfaat bo’lmasa bu ishlarning nimaga keragi bor? (Shoira).

JAVOB: Ishxonamizda boshliqning o’rinbosari har seshanba kuni butun jamoaga nonushta olib kelardi. Sovuq, qahraton demasdan har seshanba ertalab soat sakkizda oshxonada bepul yeguliklar turardi. Bu men mazkur tashkilotga ishga o’tmasdan ham oldin uzoq yillar davom etib kelgan ekan. Unga:
-Biz uchun shuncha yaxshilik qildingiz, rahmat,-deyishdi yaqinda nafaqaga kuzatish ziyofatida. U:
-Men o’z ehtiyojimni qondirdim…,-deb javob qildi.
Keyin uning o’rniga kelgan odamga hazillashib:
-Endi seshanba kunlari nonushtani siz olib kelasiz,- deysihsdi. U:
-Bu katta xarajat, mening bunga imkoniyatim ham, ehtiyojim ham yoq,-dedi.
U samimiy va haq gapni aytgan edi. Insonda nimgadir ehtiyoj bo’ladi. Moddiy yoki ma’naviy ehtiyoj…

Kimdir qo’shnisi bilan kun bo’yi gaplashib o’tirishdan rohatlanadi.
Kimdir oqshomlari restoranma-restoran yurish bilan ehtiyojini qondiradi.
Kimdir butun bo’sh vaqtini ibodatga bag’ishlaydi.
Yana kimdir kitob o’qish ehtiyoji bilan yashaydi.
Kimdir odamlarni so’kishdan zavq oladi va hokazo.

Demokratik O’zbekiston Kongressiga a’zo bo’lganlar biror moddiy yordamni ko’zlab emas, balki qalblarida vulqon bo’lgan ehtiyojni qondirish uchun a’zo bo’lganlar. Shu bois bi yo’lda moddiy manfaat emas, moddiy masrafni o’z yelkalariga olmoqdalar. Ba’zilar ularni tushunmasligi mumkin. Ammo ko’pchilik tushunadi. Eng asosiysi ularni ularning oz’lari tushunadilar.
Ishxonamizdagi saxovatli kishining “Men o’zimga yaxshilik qildim…” degan so’zlaridan keyin aytgan gapini yuqorida keltirmasdan xulosaga saqlab qo’ygandim:

”Men Xudodan yaxshilik kutishga tayyorgalik ko’rayapman, yaxshilik kutishdan avval o’zim nimadir qilishim kerak edi!”, degandi u.

Eslatma o’rnida: Siz keltirgan gapni yozib qo’yishimiz esa DO’K faoliyatiga shaffoflik berishdir. Agar kelgusida jamg’armaga yordam tushsa, yoki grant olingan taqdirda ham boshqalardan farqli o’laroq uning tiyin-tiyini bo’yicha sahifada ochiq yozib qo’yamiz.

Qo’rqoqlik…

11 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Bugungi yoshlarning qo’rqoqligiga qanday qaraysiz? (Shermuhammad).

JAVOB: Barcha jonzotlarda bo’lgani kabi insonda ham qo’rquv hissi eng kuchli unsurlardan biri hisoblanadi.

Inson agar suvdan qo’rqsa, suvda cho’kadi, o’tdan qo’rqsa, o’tda qoladi. Ya’ni nimadan qochsa, o’shanga tutiladi. Militsiyadan qo’rqqanning oldidan har kuni militsioner, itdan qo’rqanning oldidan har kuni it chiqadi.
Yana shunday qo’rquvlar bor-ki, qo’rqsangiz ham, qo’rqmasangiz ham undan qochib qutulish mumkin emas. Masalan, inson kasallikdan qo’rqadi va qocha olmaydi. Inson keksalikdan qo’rqadi va bu boshiga kelishi muqarrar. Hamma o’limdan qo’rqadi va hamma o’limning changalidan qutula olmaydi. Diktatura ham shunday, qo’rqsangiz ham, qo’rqmasangiz ham yonida bo’ldingizmi bu yuhoning komiga tushishingiz aniq. Bugun bo’lmasa, ertaga.

Lekin bir marta itni cho’chitib, uning qopishidan qutulgan odam, ikkinchi marta uning akkillashidan qo’rqmaydi. Bir marta qamoqqa tushib chiqqan odam, qamoq kalimasini eshitganda tizzasi qaltiramaydi. Bir marta ilonning boshini yanchgan kishi ikkinchi marta ilonni ko’rganda muzga aylanmaydi va hokazo.
Qolgan hamma narsa qurquvni oqlash uchun bahona. Kimdir ota-onasi, yana kimdir bola-chaqasi, boshqa birov topgan-tutganini bahona qiladi. Chunki bunday bahonaga hech kim e’tiroz bildirmaydi va haqiqatdan ham bahona sifatida o’tadigan “dalil” bular.
Demak, qo’rquv faqat yoshlargagina xos bo’lgan narsa emas. Qorquv hammaga xos. Kimki uni yenga olsa, hayotini qo’rquvdan xalos etadi. Aks taqdirda butun hayoti qo’rquv changalida qoladi va bir umr o’zi o’zidan yashirinib o’tib ketadi. Aytadigan gapini ayta olmay o’tib ketganini o’zi ham bilmay qoladi.

Buni bu dunyoga hech kim sifatida kelib, bu dunyodan hech kim sifatida ketish deya izohlash mumkin. Dunyoga kelib ketayotganlarning aksar qismini shundaylar tashkil qilgani bois, ularni ayblay olmaysiz. Ular hayotning shu yo’lini tanlaganlar. Boshlariga har qanday balo yog’ilsa ham qo’rquvning changalida bir musht bo’lib o’tiraveradilar. Qorinlari to’ysa, cho’ntaklariga bir miri kirsa, mashina olsalar, uylari bo’lsa… bas! Hayotni shundan iborat deb biladilar va qalblaridagi boshqa qimmatli ehtiyojlarni qo’rquvning toshi bilan ezib tashlaydilar.

Qo’rquvni yengganlar esa dunyoda ozchilikni tashkil qiladilar va shunga qaramay dunyoning muvozanati butunlay buzilib ketishining oldini oladilar. Bugungi yoshlar orasida ham ana shundaylari bor. Masalan, muxolifatga, jumladan O’zbekiston Demokratik Kongressiga a’zo bo’lgan yoshlarni qanday qilib qo’rqoq deysiz? Ana shundaylar tufayli bugun O’zbekistonda diktatura mavjudligini bilib turibmiz. Agar hamma qo’rquvning changalida qolganda bugun butun dunyo
O’zbekistonda jannat barpo etilgan deya O’zbek matbuotining yozganlarini va qo’rquv qullarining aytganlarini takrorlab turgan bo’lardi.

Hukumat tinch turarmidi?

12 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Sobiq mufti Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf Amerikada yashayotgan o’zbeklarni bitta diniy jamoga birlashtirish harakatini boshlatgani haqida O’zbekistonda gaplar yuribdi. Shundan xabarlaringiz bormi?(Hojibek).

JAVOB: Bu yerda bu borada ikki xabar yuribdi.

Birinchisi, Karimov hukumati xorijdagi o’zbeklar demokratik tashkilotlarga qo’shilmasliklari uchun ularni nazoratga olish maqsadida madaniy va diniy yo’nalishda ish boshlagani. Buning uchun rejim o’ziga sodiq yoki sodda kishilarni qo’llanmoqda. Ular xorijdagi o’zbeklarga, ayniqsa, yoshlarga katta grantlar, yorug’ istiqbollar va’da qilish bilan o’zlariga ag’darish, rejimga xizmat qildirishni mo’ljallamoqdalar. Shu boisdan ular demokratik muxolifatni qo’poruvchilar deya yoshlar orasida salbiy gaplar tarqatmoqdalar va ularni cho’chitishga urinmoqdalar. Vaholanki qo’poruvchilik demokratiyaga zid va demokratlar terrorning har qanday ko’rinishini qoralaydilar. Jumladan, Demokratik O’zbekiston Kongressi ham terrorning har qanday ko’rinishini qoralashini ochiq bayon etib kelmoqda.

Ikkinchi xabar, “sobiq muftining tarrafdorimiz” deya AQSHdagi o’zbeklar orasida “bitta tashkilotga birlashaylik” deya kezib yurganlar haqida. Ramazon oyida hamma Xudoni o’ylab qolishidan foydalangan ba’zi guruhlar shu paytda pul jamg’arish yoki odamlarni oz’ yo’llariga ag’darishga kirishadilar. Sobiq muftining tarafdorlari ham AQSHdagi oz’beklar orasida kezib yurib dinga chaqiruvchi CDlar va kassetalar sotib yurishganidan xabarimiz bor.

Sobiq muftining bugun Karimov rejimiga ochiq va astoydil xizmat qilayotganinini nazarda tutsak, har ikki xabarni birlashtirish ham mumkin. Ya’ni hukumat bugunga qadar Islomiy tahlika borligini ko’rsatish uchun dindorlarni qo’llanib keldi va turli portlashlarda ham ularning ishtirokini ta’minlashga muvaffaq bo’ldi. Mana endi Andijon voqealari ishtirokchilari orasida ham hukumatga sodiq yoki hukumatga “ishlaganlar” anchagina bo’lgani sud jarayonlarida ko’rinib qolmoqda. Bu borada hukumat yetridan ham ortiq tajribaga ega.

Xullas, bunday harakatlar ogoh bo’lishga undaydi. Ba’zilar samimiy harakat qilayapman deya Karimov rejimining tuzog’ida o’ynaganlarini bilmay qolishlari mumkin.

Shaxsan menga ham sobiq muftining vaazlari yozilgan kompakt disk-CDsini sotib olish taklifi bilan telefon qilishdi va men:

-Andijonliklarni “bog’iy” deb atagan odamning din borasidagi, Xudo borasidagi gaplari samimiyligiga boshqalar ishonaversinlar, bu ularning ishi, ammo shaxsan men ishonmayman,-deya sotib olmasligimni aytdim.

Ular tuzmoqchi bo’lgan diniy tashkilot haqida esa eshitishni ham istamadim. Bugun dinlar aro vaziyat tarang bo’lib turgan bir paytda kelib-kelib Amerikadagi o’zbeklar orasida diniy tashkilot tuzishga urinish bu yaxshilikning alomati emas. Bu demokratiyaga qarshi bo’lgan O’zbekiston hukumatining navbatdagi “akromiylar ishi” bo’lib chiqmasligiga hech kim kafolat berolmaydi.

Sichqon-muhsuk o’yinlari

13 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL:Karimovning istagi bilan O’zbekiston Rossiyaga qo’shilib ketishi mumkinmi? (Davronbek).

JAVOB: Yo’q, bu jiddiy gap emas. O’zi xon, ko’lankasi maydon bo’lgan Karimov hech qachon bunga bormaydi. U vaqtida o’ta yumshoq Gorbachevning tanqidlarini hazm qila olmas edi. Ozgina erkinlik istagan Yeltsindan hazar qilardi. Shunday ekan, Putinga o’xshagan qattiqo’l odam uni ham, qizini ham, maddohlarini ham bir soniyada burchakka itarib qo’yishini juda yaxshi biladi.

Buning ustiga Rossiya bilan ittifoqqa kirishni favqulodda tarzda istab qolgan taqdirda ham buni amalga oshira olmaydi. Buning huquqiy zaminini tayyorlashga Karimovning umri yetmaydi. Mana, Lukashenkio o’n yildan beri shunga urinadi. Eng katta qarshilik Rossiyaning ichidan chiqmoqda.

Bugun O’zbekistonni AQSHga qarshi qo’llanish uchun Karimovni sizlab turishibdi. Ammo masala jiddiy tus oladigan bo’lsa, Ittifoq taklifini Moskvaning o’zi rad etadi. Buning ham iqtisodiy va hamda siyosiy salbiy oqibatlarini Rossiya ko’tara olamasligini Moskva elitasi yaxshi biladi.

Karimovga esa bugun Rossiyaga turli ittifoqlar orqali yopishib turish ko’rinishi, imaji zarur. Rossiyaga ham Karimovning ana shunday takliflari kerak, xolos.
Karimov AQSHning kutilmagan biror hunaridan o’zini muhofaza etish uchun Rossiyani “zontik” sifatida foydalanmoqda. Rossiya ham AQSHni siyosiy mot qilish uchun Karimovni “asp” qilib o’ynatmoqda. Bo’layotgan gap shu.

Agar Rossiya Karimovning jig’iga tega boshlasa o’sha kuni orani ochadi. Bunday hol bugunga qadar bir necha marta yuz berdi. Karimov ana shu “tajriba”siga suyanmoqda, qolaversa Putin abadiy emasligiga ishonadi. U bugun bilan yashaydigan odam. Ertani o’ylamaydi.
Uning Rossiya bilan ittifoq darajasida muomalaga o’tish kerak degan gapini men jiddiyga olmayman, bu shunchaki siyosiy populizm. Chunki yuqorida ta’kidlaganimdek, bunga birinchi galda diktator Karimovning o’zi qarshi. Hali kechagina Rossiyaga borib-kelishlarni nazoratga olishni talab qilgan Karimov hech qachon O’zbekistonga nisbatan erkinroq bo’lgan mamlakatga quchoq ochmaydi. Buni Putin ham yaxshi tushungani uchun Karimovning bu gapini tug’ilgan kunimga hadya deb atadi. Hadyaning davomi bo’lmaydi. Berildi, tamom. Karimov ham aytdi, tamom. U o’zini chetlab qo’yayotgan G’arbga arazini ko’rsatmoqchi bo’ldi, Putin kabi G’arb ham uning gapini jiddiy olmadi.

Bugun hamma biladi, Rossiyada tezak yoki g’o’zapoya yoqilmaydiki Karimov xarob etgan O’zbekistonni o’ziga qo’shib olsin! Bitta Chechenistonning o’zi Rossiyaning bo’g’ziga tiqilgan suyak. Ikkinchisini uddalay olmasligini biladi.

O’zbekistonda harbiy
kuch ishlatilishi mumkinmi?

14 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL:O’zbekistonga harbiy kuch ishlatilishi mumkinmi, agarda bo’lsa qanday shakilda bo’lishi mumkin?(Bobur).

JAVOB: Har bir mamlakatning harbiy kuchlari bo’ladi va asosan Prezident bu kuchlarning Bosh qo’mondoni hisoblanadi. Ko’pgina demokratik davlatlarda harbiy kuchlar tashqi xavfdan himoya, ya’ni mudofaa va boshqa tashqi maqsadalarni ko’zlab faoliyat ko’rsatishi qonunlar bilan belgilab berilgan.

Masalan, Amerikada ham harbiy kuchlarning mamlakatning ichki ishlariga aralashuvi man etilgandi. Hozir ularning favqulodda holatlarda, masalan terror hujumi ro’y berganda yoki tabiiy ofatlar paytidagi ishtiroki borasida qonunga o’zgartirish kiritilmoqda. Chunki yuz bergan shunday voqealar harbiylar yordamini va hatto qurolli ishtirokini taqozo etdi. O’zbekistonda ham qonunlar xalqaro standartlarga moslangan holda harbiylar ichki ishlarga aralashtirilmaydi degan qoida kiritilgan. Shundan qochish va diktaturani xalqdan qo’riqlash uchun Karimov MXX va IIVda ham harbiylashgan bo’linmalar tuzgan.
Sizning savolingiz tug’ilishiga har holda Andijon voqealari turtki bo’lgan bo’lishi mumkin. O’zbekistondagilar “Konstitutsiyaviy tuzumga tahlika tug’ildi deya Karimov harbiy kuch qo’llanishga haqli edi” deyishmoqda. Lekin xalqaro jamoatchilik uning kuchni haddan tashqari va pala-partish qo’llangani haqida gapirmoqda.

Bugunga qadar bu borada yozayotganlar o’ta muhim bo’lgan quyidagi nuqtani negadir chetlab o’tadilar. Masalan, ruxsat etilmagan namoyish bo’ldi va bu tuzumga tahlika darajasiga yeta boshladi. Shunday paytda zamonaviy mamlakatlarda birinchi navbatda, olomonga qarata suv sepish, ko’zdan yosh oqizadigan gaz qo’llanish, rezina tayoq ishlatish tarzida kuch qo’llanishga ruxsat beriladi. Andijonda shularning birortasi ishlatilmasdan olomonga qarata o’q otilgani Karimovni hech qachon oqlab bo’lmaydigan qora kursiga o’tqizmoqda..

Qolaversa, agar Karimov aytganidek terroristik hujum bo’ldi deylik va u oddiy odamlar o’lishini istamasa o’sha kun Andijonda qurolli shaxslar bilan muzokarani yarim tunga qadar davom ettirgan bo’lardi. Yarim tundan keyin xotin-xalaj, qariya va bolalar uy-uylariga ketishardi. Tongga yaqin esa qurollanganlarning oz’lari ham uyqusirab qolardilar. Bir amaliyot bilan ularni qurolsizlantirish mumkin bo’lardi. Agar maqsad oddiy odamlar o’lishini istamaslik bo’lganda, muzokarani davom ettirib, qurolli shaxslarning ba’zi talablarini vaqtincha qabul qilib, ularni qurolsizlantirgandan keyin, jazoga tortish mumkin edi va hokazo.
Shunga o’xshagan jiddiy nuqtalar juda ko’p va bular Karimovda oddiy odamlar o’lishini istamaslik fikri bo’lmagani va aksincha oddiy odamlarni qo’rqitib qo’yish fikri bo’lganini ko’rsatadi.

Shuning uchun ham kuch ishlatish, ayniqsa harbiy kuch ishlatish kamida ikki tomonning salohiyatiga kirmog’i kerak. Ya’ni prezident kuch ishlatadigan bo’lsa, parlamentning ruxsatini olishi shart. Albatta, bu demokratik tuzumda ish beradi. O’zbekiston kabi hamma narsa bitta qo’lda bo’lgan diktatura rejimida bu ham ish bermaydi.

O’zbekistonga nisbatna harbiy
kuch ishlatilishi mumkinmi?

15 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Siz mening kechagi savolimni biroz boshqacha tushunibsiz. Men O’zbekistonga harbiy kuch ishlatilishi mumkinmi, agarda bo’lsa qanday shaklda bo’lishi mumkin, den so’ragandim. O’zbekistonga, ya’ni Karimovga BMT tomonidan harbiy kuch ishlatilishi, tinchlikparvar kuchlar kiritilishi mumkinmi? ”IAK” ni ishlari Miloshevichni eslatmoqda, yoki ultimatim qo’yilarmikin nima deysiz…? (Bobur).

JAVOB: Agar noto’g’ri tushungan bo’lsam uzr! Ayni shakldagi e’tirozni boshqalardan ham oldim. Bir qarashda bu “O’zbekistonga” kalimasi “O’zbekistonda” deb tushunilganidan, ikkinchi jihatdan ilgari BMTning kuch qo’llanishi mumkin yoki mumkin emasligi haqida javob berganimdan ham kelib chiqqan bo’lishi mumkin. Demak, savol O’zbekistonga nisbatan kuch qo’llanish haqida va bunga javob bergan bo’lsamda endi batafsilroq to’xtalaman.
Bugun bunday ehtimol yo’q.

Chunki urush, tabiiy ofatlar, BMT qarorlarini surunkali rad etish bilan dunyo kelajagiga tahlika yaratish holatlarida BMTning cheklangan kuch ishlatish huquqi bor. Inson huquqlari poymol qilingan holatlarda ham BMT kuch ishlatishi zaruriyati haqidagi AQSH tomoni tayyorlagan loyiha Rossiya va Xitoyning qarshiligi bilan oldingi surilmayotir.
Buni ham oshib o’tish yo’li topilishi mumkin. O’shanda ham Karimovga nisbatan kuch qo’llanish ehtimoli juda va juda oz. Chunki:

Birinchidan, BMTning kuch qo’llanish salohiyatiga ega bo’lgan Xavfsizlik Kengashidagi besh ovozning ikkitasi – Rossiya va Xitoy Karimov tomonida. Fransiya esa rejimlarni o’zgartirish uchun kuch qo’llanmaslik pozitsiyasida. Britaniya hukumati bo’lsa, BMTda Iroq masalasida AQSHni qo’llagani bois ichki siyosiy bosib ostida.

Ikkinchidan, Karimov masalasi AQSH uchun Saddam yoki Miloshevich darajasiga yetib borgan emas, yetib borishi ham amri mahol. Iroq va Afg’oniston tashvishi AQSHning bugungi hukumatiga “yetib ortadi”. Musulmon xalqar orasida AQSHga nisbatan nafrat kuchayib borayotgani mamlakat siyosatchilarini juda tashvishga solmoqda. Shu bois uncha bunchaga yana bir musulmon mamlakatga qo’shin tortish masalasi ko’tarilmaydi. Hatto Eron borasidagai gaplar ham orqaga tashlangani ana shundan. Karimov masalasi BMT Bosh assambleyasi kun tartibiga chiqqan taqdirda ham musulmon mamlakatiga xuruj deb qaraladi va birinchi galda musulmon mamlakatlar muhokamaga qarshi chiqadilar. Chunki hammasida bittadan “Karimov” o’tiribdi-da!
Bizning Karimov esa buni biladi va shuning uchun ham quturgandan quturmoqda.

Mahbuba Zokirova

15 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL:Andijon voqealari bo’yicha o’tayotgan sudda nihoyat haqiqat aytildimi yoki bu ham o’yinmi?(Hikmat).

JAVOB: Har holda guvoh Mahbuba Zokirovaning Andijonda harbiylarning oddiy odamlarni otgani haqidagi gapini nazarda tutmoqdasiz. Albatta, bu shunday bo’lganiga shuha qiladigan odam yo’q edi. Hatto O’zbek matbuotida Karimov topshirig’i bilan uydirmalar yozayotganlar ham kallasining bir chetida bunga ishongani aniq. Chunki buni ko’rgan bir kishi emas, balki minglab odamlar ko’rishgan va bu xabar allaqachon butun O’zbekistonga, butun dunyoga yetgandi. Endi bu gap tomoshadan iborat bo’lgan sudda aytilgani tabiiyki diqqatga molik.

Siz aytgan kabi ba’zilarda bu shubha ham uyg’otadi. Chunki Karimov o’z tomoshasiga nisbatan butun dunyoda ishonchsizlik bo’layotganidan bezovta edi. Tashqi Ishlar vazirligining jurnalistlar sudning ishiga ta’sir etmasin deya bergan masxaraomuz bayonoti ham bejiz emas edi.
Lekin bu hatto o’yin bo’lgan taqdirda ham Karimovning butun tomoshasini yo’qqa chiqardi.

Hamma bu tomosha puflab shishiriladigan shar-balon ekani, u zo’r berib shishirilayotganini bilardi.
Shar shishirilgan sari jozibali ko’ringani bilan yorilishga ham yaqinlashadi. Balki shishiruvchining qo’lidagi tirnoq, balki boshqaning qo’lidagi nina, yoki o’z-o’zidan…xullas bir sabab bu shar yorilib ketishi mumkin. Yorilmagan taqdirda, hatto havo chiqadigan joyi mahkam bog’lab qo’yilgan holda ham asta sekin pissilab, bo’shab qolar edi.
Shar yorildi. Bugun ana shu nuqtani ko’rib turibmiz. Endi uni yana shishirish mumkin emas. Balki undan og’izlari bilan kichkina sharchalar qilishar, lekin baribir Karimov bayramga ko’tarib chiqadigan jozibali shar bo’lmaydi.

Mahbuba Zokirova…Minglab erkaklar qila olmagan ishni birgina zaif ayol qilgani jamiyatdagai bugungi vaziyatni yaqqol ko’rsatib beradi. Nima bo’lganda ham Mahbuba Zokirova O’zbekiston tarixiga kirdi. Agar jasorat uning qalbidan otilib chiqqan bo’lsa, uni aqldan ozganlikda, adashganlikda, kimningdir ta’siriga tushganlikda, xorijiy radiolarga ishonganlikda aybalshlari mumkin yoki qayta ko’rsatma berishga ham olib kelishar?!
Balki o’z “odillik”larini namoyish qilish uchun unga tegmasliklari ham mumkin. Ishonish qiyin. Xullas, buni vaqt ko’rsatadi. Ammo haqiqat shuki, Karimovning tomoshasi puchga chiqdi. Buni O’zbekning bir onasi, O’zbekning To’marisi bajardi. Uning bu jasorati oldida bosh egish kerak!

Savollar va javoblar ham mavzu

16 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Nima sababdan hamma savollarga siz javob berasiz? (Qahramon).

JAVOB: Chunki savollar mening nomimga kelgani va yuzlab savollar orasidan dolzarb deb hisoblaganim bittasiga javob berish ehtiyojini tuyganim uchun. Lekin boshqalar ham, jumladan DO’K rahbariyatiga, Maslahat kengashiga kirganlar va umuman DO’Kka a’zo bo’lganlar ham o’z nuqtai nazarlari asosida ushbu savollarga javob berishlarini juda va juda istardim. Zotan men savollarga javob berar ekanman, o’zimning missiyamni ozgina bo’lsada boshqalarni qo’zg’ata olamanmi, deb tushunman. Ko’rinib turibdiki, bu oson ish emas ekan.
Sabablari ko’p.
Birinchidan, hamma ham har kunigi savollarga javob berishga vaqt topa olmaydi. Kundalik tashvishlar jamoat tashvishidan ustun kelib qoladi.
Ikkinchidan, hamma ham o’z fikrini osonlik bilan yozuvda ifoda eta olmaydi. Lekin shunday qobiliyatga ega bo’lganlarning jim turishi, ularning bo’layotgan voqealarga befarqligi ularning qiziqishi shunchaki tor manfaatlardan kelib chiqishini ko’rsatadi.
Uchinchidan, hammaning ham boshqalar bilan muloqot qilish ehtiyoji bo’lavermaydi. Buni foydasiz deb tushunishadi. Yoki buni aqlsizlik deb hisoblashadi. Hamma hamma narsaga aralashmasin deyishadi.
To’rtinchidan, hamma ham bu savollarni jiddiy yoki dolzarb deb hisoblamaydi yoki savollarda mantiq ko’rmaydi.
Beshinchidan, aytilgan so’z, otilgan o’qdir. Hamma ham o’z so’zini ochiq ayta olmaydi va hokazo.
Ko’rdingizmi qancha sabablar bor.
Qo’shimcha o’laroq shuni aytmoqchimanki, savollarga berilgan javoblar DO’Kning pozitsiyasi emas, bu mening shaxsiy pozitsiyam. DO’Kning har bir a’zosining o’z qarashi bo’lishi mumkin. Shu bois DO’K a’zolari o’zlari muhim deb topgan savollarga qisqa bo’lsada javob bera boshlasalar jamiyatimizda yetishmay turgan muloqot boshlanar edi. Bunga siz ham qo’shilsangiz nur ustiga a’lo nur bo’lardi.

O’zligimizni bilamizmi?

17 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Biz buncha maqtanamiz, biz o’zi o’zligimizni bilamizmi?( Manzura).

JAVOB: Rahmatli amakim, “Yotadigan karavotingni karavot ekanligini bilish uchun eng avvalo uning to’rtta oyog’i bormi-yo’qligini, butunmi butun emasligini bilishing kerak.” derdilar. O’zligimizni bilish uchun avvalo o’zligimizdagi ustunlar butunmi butun emasligini bilishimiz kerak.
Bugun biz:
1. Bir-birimizga do’st bo’lishdan ko’ra dushman bo’lishni yaxshi ko’ramiz.
2. Ish qilgan odamni yomon ko’ramiz, ish qilmasni boshga ko’taramiz.
3. Odamlarga ishiga qarab emas, boshqa jihatlariga qarab baho beramiz.
4. Har qanday yaxshi niyatli harakat ortidan ham kir qidirishga urinamiz.
5. Havas emas, hasadga tobemiz.
6. Xalq bo’lishdan qabila, urug’-aymoq bo’lishni ustun qo’yamiz.
7. Mahalliychimiz.
8. Qo’rqoqmiz, Tangirdan emas, mansabdordan qo’rqamiz.
9. Bir-birimizga madad bo’lish o’rniga, bir-birimizning oyog’imizdan tortamiz.
10. “Nima qildim?” deya o’zimizga o’zimiz baho bermasdan “Nima qilding?” deya boshqalardan so’raymiz.
11. Ko’rmiz, haqiqatni ko’ra olmaymiz, faqat qorong’ulikni ko’ramiz.
12. Karmiz, rostni eshita olmaymiz, yolg’onni eshitamiz faqat.
13. Mansab uchun hamma narsadan kechishga tayyormiz, mansabdan kecha olmaymiz.
14. Manfaat uchun dushmanni do’st, do’stni dushman deymiz.
15. Salom o’rniga ham pul olishni istaymiz.
16. Yaxshilikni bilmaymiz.
17. Tanqidni tan ololmaymiz.
18. Yo faqat maqtaymiz, yo faqat tanqid qilamiz, tahlilni bilmaymiz
19. Voqelikdam yuz buramiz ammo orzuga, sarobga ishonamiz va hokazo.
Agar shu 19 jihatdan birortasini ham o’zingizda topmasangiz, yigirmanchisini o’qing.
20. O’zligimizni bilmaymiz.

Ma’nan buzilgan odamlar

18 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL:Bugun O’zbekistonda sud, prokuratura va militsiya sohasida poraxo’rlik hayot tarziga aylangan. Bu yangi holatmi yoki Sovet davrida ham shunday edimi? ( Nodirbek).

JAVOB: Karimov Sovet davri siyosatini davom ettiribgina qolmasdan, uni yanada rivojlantirdi. Sovet davrida siz aytgan tizimlarda porani yashirib olishgan va yashirib berishgan bo’lishsa, bugun ochiq olishadi, ochiq berishadi. O’zlarini oq qilib ko’rsatish uchun boshqalarni poraxo’r deyishadi. Lekin bu bilan qora qozon oq bo’larmidi!
Sovet davrida ishlagan sudyalar yoki prokurorlardan biroratsi “Men hech qachon pora olganim yoq” desa biling-ki, u eng ashaddiy poraxo’r bo’lgan.

Sovet davrida pora berib kiriladigan fakultetlar orasida yuridik fakultetiga yetadigani yo’q edi. Buni hamma biladi. Eng katta pora shu fakultetga kirish uchun berilgan. Keyin prokuratura, sud va militsiya tizimiga ishga o’tish uchun ham juda katta pora berilgan. Undan keyin bu tizimda lavozimga ko’tarilish ham albatta pora berish evaziga bo’lgan. Natijada juda ko’p tagi past, andi, ma’naviyati yo’q, savodsiz va beburd odamlar bu tizimga kirib qolgan.

Endi tasavvur qiling, o’qishga kirishga, ishga o’tishga va mansab olishga pora bergan ana shunday odam nima qiladi. U avval bergan porasining o’rnini to’ldirishi va keyin qo’shimcha ham ishlashni rejalaydi. Demak, xalqni ikki karra talaydi. Bu esa qonunlarni toptashga, begunoh insonlarni qiynashga, haqiqatni oyoq osti qilishga olib keladi.

Sovet davrida jamiyatning iflos qurti ana shu tizimdagilar edi va ular millatning sharafini toptab tashlashgandi. Ne darig’ki, bugun ham shunday bo’lib qolmoqda.
Ilgari bu tizimlarda ishlaganlardan xalq qanchalik qo’rqsa, ularga shunchalik nafrat bilan qaragan, bugun ana shu qo’rquv va nafrat ikki karra balanddir. Farqi shunda. Bu tizimga tasodifan kirib qolgan vijdonli odam yo surib tashlanadi, yoki ezib yo’qotiladi va yoki qamalib ketadi. (Yoxud bir burda nonga zor bo’ladi. Shunaqasini ko’rdingizmi?-JM).
Bir kun kelib O’zbekiston demokratik yo’lga o’tganda uning eng katta bosh og’rig’i ana shu tizimlarda ishlaganlar bo’lishadi. Chunki ular xalqni so’mirib, pulini tortib olib, keyin jirkanch niyatlari bilan siyosayga kiradilar.

Ular to’hmat qilishga, imzosiz shikoyatlar uyushtirishga, ig’vo yaratishga, boshqalarni kamsitish, haqoratlashga, orani buzishga, janjal ko’tarishga, fisqu fasod tarqatishga, yuzingizga kulib, orqangizdan choh qazishga usta bo’ladilar.
Shuning uchun ham O’zbekistonning kelajagi osonlik bilan yorug’likka qovushmaydi, chunki uning taqdiri Karimov rejimi paytida ma’nan buzilgan odamlar qo’lida qoladi. Fojia mana shunda.
Endi yo u davrda, yo bu davrda mazkur tizimda ishlaganlardan bitta odam pora olmagan bo’lsa, meni kechirsin, chunki bu mo’jiza!

Turon g’oyasi hali tirik

19 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL:Turkiston g’oyasi amalga oshadimi?(Alisher).

JAVOB: Turkiston g’oyasi so’ndi, ammo Turkiston g’oyasini ham o’z ichiga olgan Turon g’oyasi hali tirik va amalga oshishi uchun real imkoniyat mavjud.

Turkiston- turklar yashaydigan joy degani. Garchi amalda Turkiston mavjud bo’lsada bugunga qadar huquqiy jihatdan bunday mamlakat vujudga kelgan emas. Bu zaminda yashagan xalqlarning orzulari doim qandaydir sabablar bilan sarobga aylandi. Juda ko’p marotaba Turkistonni qurish imkoniyati paydo bo’ldi, ammo uni amalga oshiradigan o’g’lonlar bo’lmadi. Parchalanish, o’zaro nifoq va nizolar ustun keldi, doim.
So’nggi marta tug’ilgan tarixiy imkoniyatni esa Karimov, Nazarboyev, Akayev, Rahmonov va Niyozovlardan iborat guruh boy berdi va hatto undan ham nariga o’tib, Turkiston g’oyasini so’ndirdi.

Yaqinda “Ozodlik’ radiosini eshitib o’tirsam, 1990 yillar boshida Turkiston g’oyasi deb yelib-yugurgan, bu yo’lda har kun kaltak yeb yurgan bir ijodkor qozoqlarni yomonlab gapira boshladi. Bunday hol bugunga kelib oddiy narsaga aylandi. Ba’zi o’zbeklar qozoq va qirg’izni, tojik va turkmanni ochiq yomonlasalar, nafrat qilsalar, yomonlikni ravo ko’rsalar ular ham o’zbeklarni xuddi shunday masxara qiladilar. Hatto bir-birlarini masxara qilish, haqorat etish bir yoqda tursin, chegarada bir-birlarini qarsillatib ota boshladilar. Bu esa yuqorida nomlari zikr etilgan rahbarlarning gapda “Turkiston-umumiy uyimiz” amalda esa “Bit bosgan uyimdan aylanay” siyosatini yurgizganlari oqibatidir.

Bugunga kelib bizning tasavvurimizda bo’lgan Turkiston hududida biz turklardan tashqari juda ko’p boshqa xalqlar ham yashamoqda. Ularning mustaqil davlatlari vujudga kelgan. Masalan, Tojikiston. Bu mamlakatning yarim aholisi turklardan iborat. O’zbekistonda esa anachagina tojiklar yashashadi. Qozog’istonda bo’lsa rus tilida so’zlashuvchilar talaygina va shunga o’xshash omillar ham kelajakda Turkiston g’oyasini amalga oshirishga to’sqinlik qiladi.
Ammo bu muammolarning barini hal etadigan Turon g’oyasidir. Turonzamin bugungi kundaki Avroosiyo bo’lib, turk xalqlari barobarida shu zaminda yashagan boshqa xalqlarga ham quchoq ochadi.

Tashvishli tomoni shundaki, Turkiston g’oyasi so’ndirilganiga ishonch hosil qilgan Rossiya endi Turon g’oyasini yo’qqa chiqarmoqchi. Shu bois ham Avroosiyo iqtisodiy hamjamiyatini siyosiy kuchga aylantirishga urinmoqda. Vaholanki Turonzamin ittifoqiga Rossiya kabi “akaxon”lar kirmasdan shu zaminda vujudga kelgan O’zbekiston, Qozog’iston, Qirg’iziston, Turkmaniston, Tojikiston, Ozarbayjon kirganda, yagona Konstitutsiya, yagona iqtisodiy hudud, yagona qurolli kuchlar, yagona pul birligi kabi yo’nalishdan borib, Avropa Ittifoqi singari bir yo’lga kirsa qachondir Turon g’oyasi amalga oshishi mumkin.

Bu xayoliy narsa bo’lmasdan, amalga oshishi uchun asosli g’oyadir. Agar mana shu g’oya amalga oshsa bu zaminda yashovchilar Rossiya va Xitoy orasida ezilmasdan mustaqil kuch bo’ladilar. Bu umumjahon tinchligi, iqtisodi va geosiyosatida muvozanat saqlash uchun ham ayni muddaodir.
Bu borada boshqalar ham o’z fikrlarini bildirsalar, yomon bo’lmasdi.

Diktatura davrida daraxtning
shoxi bekorga qimirlamaydi

22 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Toshkent shahar hokimligi yaqinda Yo’ldosh Oxunboboyev, Abdulla Nabiyev, Jahon Obidova, Mirzamahmud Musaxonov, Qayum Murtazoyev kabi ruslarga astoydil xizmat qilgan shaxslarning nomlariga qo’yilgan ko’chalarni o’zgartirdi. Bu yaxshii holat emasmi?(Yo’lbars).

JAVOB: Bu borada qiziq voqea yodimga keldi. 1991 yilda Oliy Kengashning Oshkoralik qo’mitasida Sovet davrida ruslarning “qilichi” bo’lgan shaxslar nomiga qo’yilgan ko’chalar va joylar nomlarini o’zgartirish haqida bir qaror loyihasi tayyorlab, unga yuzga yaqin mashhur kommunistboshilarning ismlarini ilova ham qildik. Jumladan, siz tilga olganlardan tashqari Fayzulla Xo’jayev, Akmal Ikromov, Sulton Segizboyev, Usmon Yusupov kabi nomlar ham bor edi.
Qo’mita raisi Erkin Vohidov bu ishimizga qarshi bo’lib, yig’ilishimizga kelmadi. Yig’ilishni o’tkazish odatdagidek menga qoldi. O’sha kun kechqurun televideniyeda “Deputat minbari” ruknida 15 daqiqa shu haqda gapirishni ham rejalagandik.

Majlisni boshlaymiz deb turganda Oliy kengash raisining xonasiga kelgan Islom Karimov meni so’rayotganini aytishdi. Toyiba To’laganovaga “Siz yig’ilishni boshlab turing” deya oltinchi qavatga chiqdim.
-Nima, “perevarot” qilmoqchimisizlar?-dedi Karimov biz ilova qilgan ro’yxatni ko’rsatib. Men hayron bo’ldim. Shunda Karimov:
-Bu ro’yxatdagi odamlarning bolalari, nevaralari mamlakatning yuragi, ustunlari, men ishongan va meni qo’llab quvvatlagan asosiy kadrlar. Nima, sizlar bu harakatlaringiz bilan butun hukumatga qarshi hujum boshlayapsizlarmi?-deya o’dag’ayladi.
Karimov ayniqsa, “Rossiya, Rossiya mening vatanim” deya kuylagan Hamid Olimjon nomini ro’yxatga kiritganimizdan g’azzabini yashirmadi.U Zulfiya opaning qandaydir xizmatlari haqida gapirib, uning o’g’li, Oliy Majlis kotibiyatining boshlig’ga qarata:
-Shunday emasmi, Omon Hamidovich?-dedi.
Ko’rinishidan juda muloyim ko’ringan Omon Hamidovich onasining Karimovdan minnatdorligini aytdi.

Xullas, Karimov bu harakatimizni o’ziga qaratilgani va biz shu yo’l bilan uning odamlariga zarba berish orqali uni kuchsizlantirishga urinayotganimizni aytdi. Bu endi bizning tushimizga ham kirmagan narsa edi. Shu bois tortishib qoldik. Odatda bunday paytlarda jum o’tiradigan Oliy Majlis raisi oraga kirdi:
-Islom aka, bo’pti, bu ishni menga qo’yib bering, hammasini qonun doirasida hal etamiz, bu ukalarimiz o’zlari qilgan qonun, qoidalar bor,-dedi u keyin menga yuzlandi,-bu masalani oldin Madaniyat qo’mitasiga o’tkazinglar, ularning vakolatini ham oyoq osti qilmaylik, ular ham ko’rib, muhokama etishsin, keyin qo’mira raisi Primqul aka Qodirov ko’rib chiqib, Rayosatga taqdim etadi, Rayosat esa sessiyaga…
Bunga e’tiroz bildirish qiyin edi. Chunki Oliy Kengash ish tartibini o’zimiz tasdiqlagan edik.

Masalani Madaniyat qo’mitasiga o’tkazdik. U yerda Alijon Qo’chqorov, Oygul Mamatova singari safdoshlarimiz orqali qaror odimini tezlashtirishga urindik. Lekin yuzidan biri ham qolmagan qaror Rayosatga kelganda Prezident devoniga “ketib qoldi”. Keyinchalik esa, ko’cha va joylarning nomlarini o’zgartirish bo’yicha umumiy bir tavsiyaga aylandi. Bizning ro’yxat yo’qolgan va o’rniga Karimov hukumati idoralaridan chiqqan boshqa ro’yxatlar kelib qolgandi.
Oradan 15 yil o’tib Karimov endi o’sha masalaga qaytgan ekan, demak bu shu yillar davomida u o’zining eng sodiq safdoshlaridan yuz o’girgani yoki ular bilan ziddiyatga tushganidan kelib chiqadi. Shu ma’noda keyingi o’zgarishlar ortida qandaydir siyosiy maqsadalar yotgan bo’lishi turgan gap. Chunki diktatura davrida daraxtning shoxi bekorga qimirlamaydi.

Madhiya va madhiyabozlar

23 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Assalomu alaykum Jahongir aka, aytishim kerakki, sizga bo’lgan hurmatim o’zgacha, Karimovning asl basharasini birinchi bo’lib ochib bergan insonlardan birisiz deb hisoblayman. Kim biladi agarda siz ham ba’zi saroy shoirlari va masxarabozlariga o’xshab, Karimovning surnayiga o’ynagan bo’lganingizda, unga boshqalarga o’hshab hushomad qilganingizda, hozir ayshu ishratingizni qilib, Oliy Majlisda o’tirgan bo’larmidingiz. Umuman, ota-onangizga ming rahmat, sizday farzandni voyaga yetkizgan. Savolim esa quyidagicha:
O’zbekiston Madhiyasiga nisbatan munosabatingiz qanday? Uni millatimizning ramzi sifatida qabul qila olasizmi va eshitganingizda qanday tuyg’ular kechadi ichingizdan?
2-3 kun avval yoshlar forumida madhiyaga munosabat haqida tortishgan edik. Yoshlar orasida menga o’hshab fikrlaydiganlar ko’p emasligi ayon bo’ldi. Shuning uchun o’zim ham o’ylab qoldim: balki men noto’g’ri fikrlayotganlardandirman?
Bugungi kun yoshlarining asosiy qismi milliy madhiyamizga chuqur hurmat bilan yondashar ekan. Lekin ularning madhiyaga (madhiyamiz deyishga tilim bormaydi) bo’lgan hurmatini men his qila olmayman. Har qancha o’zimni majburlasam ham bu madhiyaga faqatgina nafrat his qilaman holos. Yagona sababi esa buni Abdulla Oripov yozganligida. Bu insonga nisbatan esa faqat nafrat hissini tuyaman holos, chunki Karimovning sodiq malayi sifatida bu odam uning zulm imperiyasini qurishida katta rol o’ynagan deb hisoblayman.
Madhiyani esa saroy shoiri emas, millatimizning asl Cho’lponu Usmon Nosirlari, millatimizning haqiqiy mustaqilligi uchun kurashgan, insonlarga yaxshiligi tekkan, ularning hojatini chiqargan, millatning duosini olgan, Xudodan qo’rqqan iymonli shahs yozganda men bunday madhiyani ko’klarga ko’targan bo’larmidim…Siz nima deysiz?(Umarhon).

JAVOB: Avvalo mana shunday muborak kunlarda ota-onamga rahmat aytganingiz uchun minnatdorchilk bildiraman. Men hali oq va qorani bilmagan yillarda ular olamdan o’tishgan.Ularning ruhlarini shod etganimdan yengil topdim. O’zing tanimagan va bilmagan odamning chun yurakdan chiqqan duosini olishdan ham yaxshiroq mukofot bormi?!

Endi Madhiya haqida… Madhiyani qabul qilish jaronida ko’rik-konkurs e’lon qilingani, natijani Oliy kengashning Primqul Qodirov rahbarligidagi Madaniyat qo’mitasi kengaytirilgan majlisda ko’rib chiqqani va juda yaxshi o’rnaklar bo’lgani holda keyin Karimovning tavsiyasi bilan Abdulla Oripov yozgan matn qabul qilingani haqida ilgari bir savolga javob tarzida yozgan edim.
O’shanda Islom Karimov Madhiya musiqasi sifatida Sovet davridagi Gimn musiqasini qoldirishni taklif qilgan va “Bunga qulog’imiz o’rganib qolgan” degandi. Hatto Gerbning ham asl ko’rinishi saqlab qolingan holda faqat semurg’ qushi va ba’zi narsalar ilova etilgandi.
Madhiyani kimgadir sodiq yoki kimgadir xizmat qilib qo’ygan mashhur odam yozsin degan gap yo’q. Masalan, Amerika madhiyasini oddiy bir kishi yozgan. Gap madhiyaning mazmunida, ruhlantiruvchi kuch bo’la olishida. Abdulla Oripov kabi shaxslar boshqalarga nisbatan badiiyroq qilib yozgan tadirda ham ularning shaxslari, siyosiy faoliyatlari ana shu ruhni o’ldiradi. So’zi va amali boshqa bo’lib, diktaturani oqlab turganini ko’rgan xalq baribir bir kun kelib siz kabi uning yozganidan nafratlanadi.

Endi bugungi avlodga kelsak… Yodimda bor, biz talabalik yillarimizda hamma dunyoning eng buyuk odami Lenin deb hisoblardi.
“Lenin-bobomiz!”
“Lenin-otamiz!”
“Lenin-yo’lboshchimiz!”
“Lenin-ongimiz!”
“Lenin-yuragimiz!”
“Lenin-nafasizmiz!”
Va hokazo shiorlar vujudlarga singdirib yuborilgandi. Ko’pchilik buni samimiyat bilan aytar edi. Abdulla Oripov, Erkin Vohidovlar ham shunday deb dostonlar yozishgan va mukofotlar olishgandi.

Bugun ham xuddi shu usulda bolalar bog’chasidan, maktab partasidan tortib oliygohlarga qadar hamma joyda yoshlarning ongiga siz aytgan Madhiya singdirilgan.
Demak, siz ulardan oldinroq haqiqatni ko’ra olibsiz.Tabriklayman! Ular ham baribir ko’radila…

Yaqin kelajakda bugun siz bilan tortishgan yoshlar shu Madhiyani qoralashlari va Abdulla Oripovni jallodning malayi deb e’lon qilishlariga ishonaman. Chunki o’sha paytda ular ham sizga o’xshab oq va qorani ajratib olgan bo’ladilar. Bugun mamlakatdan tashqariga chiqqan kishigina ranglarni ajratib olmoqda. Mamlakat ichida esa bitta rang-oq rang mavjud. Bizning eng katta va juda og’ir vazifamiz odamlarga dunyoda boshqa ranglar ham borligini anglatishdir.
Mana 15 yildir men bir marta ham shu Madhiyani eshitmadim va eshitmayman ham. Chunki uni xalq, xalq vakillari emas, bitta shaxs tanlaganining o’zi va muhokamalarga o’rin bermay Oliy Kengashdan “o’tkazib” yuborganining o’zi bu Madhiyaga nisbatan sovuqlik paydo qilgandi.
Bugun madhiya bo’ladigan asarlar juda ko’p. Masalan, shoirYusuf Jumaning har bir she’ri bir Madhiyadir. Chunki kurashga, ozodlikka, yorug’ kunlarga chorlaydigan kuch bor uning asarlarida. Madhiya esa ana shunday qudratga sohib bo’lishi kerak.

Dunyo Karimovning kimligini bildi

24 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Karimovni mustaqillikka va O’zbek tiliga qarshi bo’lganlikda ayblagansiz. Kutubxonalardan bu haqda e’lon qilingan, uni fosh etadigan biror gazeta-jurnal materiallarini topishim mumkinmi?(Bobur.Z.)

JAVOB: Menimcha, bunday savol berish uchun yo o’ta sodda yoki shunchaki savol berish uchun chog’llangan bo’lish kerak. Ozgina bilimli odam biladiki, dunyodagi hamma diktatorlar doim xalqqa yoqadigan gapni gapirib, amalda teskarisini qilganlar. Uzoqqa bormang, bugun O’zbek matbuotida Karimovning Andijonda odamlarni qirg’in qilgani haqida uni fosh etuvchi biror narsa topa olasizmi? O’zbek matbuotida hammasi teskarisi. Bunga bugun ishonuvchilar ham bor. Ertaga ham topiladi. O’n besh yildan keyin ham bir-ikkita axmoq chiqib, kutubxonalardan bugungi gazetalarni varaqlab Karimov hech qanday jinoyat qilmagan, u qahramon bo’lgan ekan deyishi mumkin. Zotan Karimov umid qilgan narsalardan biri ham shu.

Ammo tarixni faqat diktatorlar yozmaydilar.Tarixni boshqalar ham yozadilar. Shuning uchun ham tarix haqida adolatli hukm chiqarishni istaganlar diktatorlar yozdirganini emas, boshqalar yozganini ham topishlari va razm solishlari kerak.
Ilgari bir savolga javob berib, Karimov qanday qilib Oliy kengashdagi stenogrammalarni yo’qotgani haqida to’xtalgandim. Bu haqda “IAK” hujjatli romanida ham batafsil yozilgan.

Endi juda ham O’zbek matbuotiga qarab, Karimovning mustaqillikka qarshi bo’lganini isbotlashni istasangiz, SSSRning kelajagi, Ittifoq tarkibida qolish uchun o’tkazilgan referendum paytlarida so’zlagan nutqlari, referendum natijalari, unining KPSS Markaziy komiteti siyosiy byurosi a’zosi etib tayinlangan kunlardagi nutqlarini topib, o’qisangiz, balki satrlar orasidan bir narsa topishingiz mumkin bo’lar.

Yoki O’zbek matbuotiga qarab Karimovning O’zbek tiliga qarshi bo’lganini fosh etishni istasangiz, O’zbek tili haqidagi qonunni toping, keyin unga yilba yil qanday o’zgartirishlar kiritilgani va bugunga qadar bu qonun qanday bajarilayotganini tahlil qiling. Hamma narsa ayon bo’ladi qoladi.
Lekin bugun bularga hojat qolmadi. Bugun butun dunyo Karimovning kimligini bildi va ochiq aytmoqda, ochiq yozmoqda. Bugun uning mustaqillikka, Oz’bek tiliga qarshi bo’lganini O’zbek matbuotidan qidirib, isbotlashni istayman desangiz, bu bilan uni oqlashga uringan bo’lib qolasiz. Chunki uning o’zi yozdirgan tarixdan dalil izlab, u haqda boshqalar tomonidan yozilgan tarixga shubha bildirgan bo’lasiz. Lekin bu ham sizning huquqingiz, hurmat qilishimiz kerak.
Menga qolgani esa, eslatish: uning asl tarixi dunyo matbuotida ochiq yozilgan va buning uchun kutubxonaga borishning hojati yo’q. Internetga uning ismini yozsangiz hamma narsa birin-ketin ko’z oldingizda paydo bo’laveradi.

Sanjar Umarov…
25 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Sanjar Umarov qamalganiga qanday qaraysiz?(Murod, Abdullo.S va boshqalar)

JAVOB: Sanjar Umarov borasida “Serquyosh O’zbekistonim” guruhi tarqatgan bayonot menga qadar yetib kelgan emas. Lekin men bu bayonotni rus tilidagi web sahifalarda o’qidim. O’zbek tilidagisini qidirib mazkur tashkilotning veb sahifasiga murojaat etdim va u yerda ham asosan ruschasi turgan ekan. O’zbekcha sahifada esa, Sanjar Umarovning “Biz O’zbeksitonda har qanday inqilobga qarshimiz” degan suhbati turgandi. Gapning ochig’i Bayonot faqat rus tilida tarqatilgani bois nazarimda O’zbek tili kamsitilgandek tuyuldi menga. Ranjigandek bo’ldim. Ammo shu daqiqada bu haqda o’ylaydigan vaziyat emas edi. Chunki qamalgan bo’lsa, kim bo’lishidan qat’iy nazar noxush xabar. Inson sifatida uning taqdiriga achindim.
Umuman keyingi paytda muxolifatga, inson huquqlari himoyachilariga bo’layotgan tazyiqlar yanada kuchayib ketgani jiddiy tashvish uyg’otmoqda. Chunki O’zbekiston hukumatining bunday keskin odimlari mamlakatdagi vaziyatni yanada qaltis va hatto izdan chiqib ketishi sari olib boraveradi.
Vaziyat shu qadarga yetib bormoqdaki, keskin muxolif fikrdagilar qatorida avvaliga Prezidentning o’zi va keyin uning qo’g’irchog’i bo’lgan Parlament bilan muloqot qilaman deganlar, Karimovning o’zi kabi Rossiyadan madad istaganlar ham tazyiqqa uchramoqda.
Xuddi ana shunday hol “Serquyosh O’zbekistonim” atrofida yuz bermoqda. Garchi bu borada tashkilot tomonidan tarqatilayotgan xabarlar asosan rus tilida bo’lib, xabarlarda aniqlikdan ko’ra, mujmallik ustun bo’lasada, tashkilot boshida turgan Sanjar Umarovning qamalib-qamalmagani haqida aniq gap aytilmayotgan esada, baribir bir necha kishining iqtisodiy ayb bilan qamoqqa olinishi tashvishlidir.
Buni O’zbekiston hukumati doirasida borayotgan o’yinlar bilan bog’layotganlar ham yo’q emas. Nima bo’lishidan qat’iy nazar O’zbekiston hukumatining umummuxolifatga, inson haqlari faollariga va hatto o’zi bilan muloqotni istayotganlarga ham tazyiq o’tkazishi qoralanishga loyiqdir.
Mening shaxsiy qarashim ana shunday.
Bugun bu borada turli qarashlar mavjud. “Serquyosh O’zbekistonim”ning ilgari AQSH Davlat Kotibiga, so’ng Karimovga va keyin parlamentga, ortidan Rossiya Tashqi ishlar vaziriga yozgan murojaatlaridagi noaniqlik, oxirgi murojaatida esa “Andijon voqelaridan qora kuchlar foydalandi” kabi iboralar qo’llanishi, umuman “Biz siyosiy muxolifat emasmiz”, “Biz yagona muxolifat, yagona kuchmiz!”, “Biz O’zbekistonda har qanday inqilob bo’lishiga qarshimiz” kabi bir-birini rad etuvchi bayonotlari sabab bo’lgan, deb bilaman.
Balki “Serquyosh O’zbekistonim” buni “Biz ichkaridamiz, shunday yo’l tutishimiz kerak, bu taktika” deya izohlashi mumkin. Lekin buni kimga tushuntira olasiz…
Qolaversa, “Serquyosh O’zbekistonim” tarqatgan Bayonotda besh kishi qamoqqa olingani aytilmoqda. Biz haliga qadar ularning kimligini, ism sharifini bilmaymiz. Shu bois ularning masalasini siyosiy deb aytish hozircha mushkul. Balki umuman siyosatga aralashmagan odamlar ham bo’lishlari mumkin. O’zbekistonda hech siyosatga aralashmaganlar ham qaysi bir aralashgan odam uchun qamalib ketaverishlari ham oson ish. Umid qilamanki, yaqin kunlarda ko’p narsa oydinlashadi.
Menga qadar yetib kelgan yana bir ma’lumotda Shavkat Mirziyoyev sobiq o’rinbosari Rustam Azimovni butunlay yo’qotish uchun jiddiy kirishgani, hatto bu masalada MXX va IIVda qutblashma yuzaga kelgani, yaqin orada yana bir qancha taniqli odamlar, “Mersedes” minganlar quvg’inga olinishi mumkinligi aytiladi.
Toshkentdan olingan yana bir xatda esa, Prokuratura Sanjar Umarovni qamoqqa olish haqida qaror bergani, ammo militsiya uning chetga chiqib ketishini ta’minlagani aytiladi. Lekin bular qanchalik haq bilmayman. Shu bois ham aniq bir gap aytish uchun yana ozgina vaqtga ehtiyoj bor.
Nima bo’lganda ham agar Sanjar Umarov qamalgan bo’lsa, bu uning siyosiy qarashlari bilan ham bog’liq hodisadir. Chunki faqat iqtisodiy kamchiliklari uchun qamashganda “O’tgan yillarda nega tegishmadiyu endi tegishmoqda” degan haqli savol paydo bo’ladi.

Vaziyat yomon tomonga ketmoqda

26 Oktyabr, 2005 yil

SAVOL: DO’K ugungi vaziyatga qanday baho beradi? (Gulbahor).

JAVOB: DO’K O’zbekistonda keyingi paytda muxolifatga, inson huquqlari himoyachilariga bo’layotgan tazyiqlar yanada kuchayib ketganidan jiddiy tashvishlanmoqda. Chunki O’zbekiston hukumatining bunday keskin odimlari mamlakatdagi vaziyatni yaxshi tomonga emas, yanada qaltis va hatto izdan chiqib ketish sari olib bormoqda. Jurnalist Nosir Zokir, “Birlik” faolli Hamdam Sulaymonov, inson huquqlari kurashchilari Saidjahon Zaynobiddinov, Dilmurod Muhiddinov, Musojon Bobojonov, Akbar Oripov, Nurmuhammad Azizov, Muhammadqodir Otaxonov, Yelena Urlayeva, jurnalist Mo’tabar Tojiboyeva, “ERK” faoli Bobomurod Mavlonov boshqa bir qator faollar Andijon voqelaridan keyin qamoqqa olingani buning misolidir.

Vaziyat shu qadarga yetib bormoqdaki, keskin muxolif fikrdagilar qatorida hukumat va Parlament bilan muloqot qilaman deganlar ham qamoqqa olinmoqdalar.

Xuddi ana shunday hol “Serquyosh O’zbekistonim” atrofida yuz bermoqda. Jumladan, tashkilot boshida turgan Sanjar Umarovning qamoqqa olinishi tashvishli holdir.
Diktaturaga qarshi va demokratiyaga tarafdor bo’lgan har qanday shaxs va guruh bilan muloqotga hozirligini qayd etib kelayotgan DO’K O’zbekiston hukumatining demokratik muxolifatga, inson huquqlari faollariga va hatto o’zi bilan muloqotni istayotganlarga ham tazyiq o’tkazishini qoralaydi va siyosiy qarashlari uchun qamalgan barcha mahbuslar ozod qilinishini talab etadi.

“Amerika ovozi” haqida

26 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Bundan bir necha yillar avval hech kim eshitmaydigan “Amerika ovozi” radiosini ko’pchilik eshitadigan va hatto “Ozodlik”, Bi-bi-si radiolaridan ham oldinga olib chiqqan edingiz. Bugun “Amerika ovozi” yoki “Ozodlik”ka bormaysizmi? (Nozim).

JAVOB: Yo’q! Nega? Buning bir qancha jiddiy sabablari bor.
Avvalo shuni g’urur bilan ayta olamanki, qayerda ishlasam ham voqealar ortidan quvib yuradigan, maosh uchungina ishlaydigan emas, voqealardan oldinda yuradigan, odamlarning yuragidagi mavzularni olib chiqish qismatimga nasib etgan jurnalist bo’ldim. Ha, maqtanishga o’xshab ketdi. Ammo bu taqdirdan mamnunlik e’tirofi.
Qayerda bo’lmasin, shunchaki ishlashni emas, natijasini ko’rib turishni istadim. Buni “BBC”, “Ozodlik”, “Amerika Ovozi”da muxbir, hamkor bo’lgan yillarimda, undan oldin O’zbek matbuotida ham chiqqan mingga yaqin fe’letonlarimning natijalarini ko’rganda ham shu baxtni his etgandim.
Bunga kimdir havas qildi, kimdir hasad, bu tushunarli hol. Ayrim odamlarning oyog’i qaltiradi, yuragiga vahima tushdi. Ayrimlar to’hmat qilishdi, ayrimlar himoya. To’hmat qilganlar jazosini tortmoqda, himoya qilganlar avvalida mehribon Tangri bor va javobimni o’zim himoya qilgan va ozgina bo’lsada nafim tekkan odamlarga ulashdim. Bu ulug’ baxt! Boshqalarga ham nasib etsin! Buning halovatiga teng keladigan huzur yo’q!
“Ozodlik”… Bu xavfsizlik nuqtai nazaridan qachonlardir o’z-o’zidan kun tartibidan tushgan.

“Amerika ovozi” radiosiga kelsak…
Haqiqatdan ham men ishga o’tgan 1999 yilda hech kim eshitmaydigan radio edi. Ammo tuzatish ham juda qiyin edi. Faqat bo’lim mudiri Nusratilla Laheeb va boshqarma boshlig’i, juda iste’dodli rahbar, kuchli olim Muazzam Siddiqiy radioni tuzatishni chin dildan istashgani uchun ko’pchilk to’g’anoq bo’lgani holda bu qiyinchilikni asta sekinlik bilan yenggan edik. Natijada “Amerika ovozi” demokratiya minbariga, Karimovning tushiga kirib-chiqadigan radioga aylangandi.
Bugunga kelib, “Amerika ovozi” o’sha tiklangan imkoniyatlarni ham to’la boy bergan va O’zbekistonda o’tkazgan so’rovlarimizga ko’ra yana hech kim eshitmaydigan radioga aylangan. Bu endi birinchi galda radioning hozirgi rahbariyatining aybidir. Bugun yopib qo’yib, ertaga ochib, indinga televideniyega, keyin yana radioga aylantirish bu jiddiy ish emas. Oqibatda radioni O’zbekistonda deyarli unutishdi. Yaqinda Qoraqalpog’istondan bir inson huquqlari kurashchisi “Shunday radio bekilib ketdi-ya, shuni harakat qilib qayta ochmaysizmi?’ deb yozgani ham buning bir misoli.

“Amerika ovozi” tayyorlayotgan teledastur esa xuddi Turkmanboshi fazoga “Ruhnoma” kitobini jonatgani kabi gap-LATIFA. Uni tomosha qilishning O’zbekistonda tugul, chetda ham imkoniyati yo’q. Internet orqali esa imkon topib, vaqt sarflab tomosha qilishga arzimaydi.
Osmonga puflab qo’yish uchun eshakday ishlash kimgadir yoqishi mumkin. Ham birov ko’rmaydigan televideniye, ham birov eshitmaydigan radio uchun tinimsiz tilni osiltirib ishlash va natijasini ko’rmaslik – bu baxtsizlkdek tuyuladi menga. Kun o’tkazish uchun biror joyda ishlab, maosh olib tirikchilik qilish nuqtai nazaridangina balki bu mumkin. Shu nuqtai nazardan qaraganda ham men qaytsam u borada yutqazaman. Ammo 2005 yil yozida “Amerika ovozi” radiosida yangi ish joyi ochilganda hatto murojaat ham qilmaganimning sababi bu emas. Boshqa.

Chunki “Amerika ovozi” o’zgarmasligiga ishonaman. Radio ochilib-yopilib turgan paytlarda bo’limni Yaqin Sharq boshqarmasiga tirkab qo’yishdi va uning rahbari O’zbekiston u yoqda tursin, Markaziy Osiyodagi vaziyatni ham bilmaydigan, tushuna olmaydigan, bizga ruslar kabi “og’alarcha” munosabat qiladigan va oldingi rahbar Muazzam Siddiqiyning tom teskarisi bo’lgan iordaniyalik bir odam edi. Na jurnalistikani, na radioni va na vaziyatni biladigan, qotib qolgan bunday byrokratlar bilan bir ish qilib bo’lmaydi. Bir kun studiyadan chiqib kelayotsak, “Nega buncha gap qilasizlar?” degandi. Axir bu radio gap qilish kerak, raqsga tushish emas…Buning ustiga u uzoq yillar Amerikada yashab, demokratiyaga o’rganmay, Yaqin Sharq zehniyati bilan qolgandi. Kinchi edi va qulluq qilishingizni istardi. Uning oyog’ini o’pgan kishininggina ishi yurishadi. Menda esa bunday odat yo’q.

Hozir “Amerika ovozi” va “Ozodlik”ni eshitib borib, tahlil qilish, bu tahlilni soliqchilarning pulini nazorat qiladigan Kongressga taqdim etib borish bilan qotib qolgan bunday byrokratlarni tebratish mumkin va buning ko’proq foydasi bo’ladi.
Bu borada e’lon qilgan ilk maqolamni “Ozodlik”dagilar to’g’ri qabul qilishdi va o’shandan keyin darhol dasturlarda jiddiy o’zgarishlar yuz berganini o’zingiz sezgan bo’lsangiz kerak. Buni an’anaga aylantirmoqchiman va vaqti-vaqti bilan bu radiolar dasturlari haqidagi tahlillarni e’lon qilib boraman. Bunga tajribam yetarali va ma’naviy haqqim bor deb o’ylayman. Qolaversa, bu mening demokratiya uchun xizmatim bo’ladi.

Mutloq asossiz iddao

31 Oktyabr, 2005 yil.

SAVOL: Keyingi paytda Kreml O’zbekistonga rossiyalik ishbilarmon Alisher Usmonovni prezidentlikka nomzod deb bilayotgani yozilmoqda va bu uchun harakat qilayotgani aytilmoqda. Bunga siz nima deysiz? (Olim).

JAVOB: Men buni mutloq asossiz iddao deb bilaman. Agar Kreml shunday ishga kirishgan bo’lsa, to’la mag’lubiyat yo’lini emas, balki yutib chiqishi mumkin bo’lgan so’qmoqni tanlagan bo’lardi.
Birinchidan, Alisher Usmonov O’zbekistondagi kadrlarni mutloq bilmaydi va hatto namanganlik o’z yaqinlarini tanimaydi ham. Shunday ekan, u qanday qilib rahbarlik qila oladi. Tezda turli guruhlarning yemi bo’lib ketishini, xato ustiga xato qilib vaziyatni izdan chiqarib yuborishini Kreml tasavvur qilmagan bo’lsa, voy bunday Kremlning holiga! Demak, Kreml ham bu iddaoni o’rtaga otayotganlar kabi siyostadan yiroq bo’lib qolibdi. Shunday bo’lsa, Xudoga shukur!
Ikkinchidan, Alisher Usmonov O’zbekiston viloyatlaridagi vaziyatni, qaysi korxonalar qanday imkoniyatga egaligini, sanoat va qishloq xo’jalik muammolarini bilmaydi. Bu esa iqtisodni boshqarishda o’pirilishlarga olib kelishini hamma tushunsa kerak.
Uchinchidan, u siyosiy kuchlar muvozanati, mahalliy kuchlar o’rni, ularning maxsus xizmatlardagi ulushi va dunyoning O’zbekistondagi oyoq izlaridan bexabar.
To’rtinchidan, mavjud qonun qoidalar uzoq vaqt chet elda yashagan shaxslarga O’zbeksitonda saylanishga haq tanimaydi. Agar Kremlning Alisher Usmonov va yoki Rossiyadagi boshqa bir korchalon haqida rejasi bo’lganda u ishni kimnidir Karimovning huzuriga olib borishdan emas, balki Karimovni ana shu konstitutsiyaviy hujjatlarni tezlik bilan oz’gartirishga undashdan boshlagan bo’lardi.
Beshinchidan, Karimovning o’zida shunday reja bo’lganda u bunday shaxsni darhol O’zbekistonga olib kelib, unga katta bir vazifa berib, vaziyat bilan tanishtirgan bo’lardi va hokazo.
Rossiya shunday yo’l tanlagan bo’lsa va bu yo’l O’zbekistonni yonayotgan alangaga aylantirib yuborishi ma’lum bo’lsa u holda Kremlning manfaati nima? O’z boshiga o’zi balo sotib olmoqchimi? Qolaversa, Rossiya Alisher Usmonovning hech qanday siyosiy qobiliyati yo’qligini ham biladi-ku?!
Xullas, bu shunchaki shovqin-suron qilish uchun o’ylab topilgan asosi yoq mavzu deb bilaman, yoki har bir biznesmenga kerak bo’lgan reklamaning bir turi bo’lishi ham mumkin bu!
Ba’zilar Rossiya Tashqi ishlar vazirining O’zbekistonga safari jarayonida bu mavzu muhokama qilinganini ham iddao etishmoqda. Men bu borada Prezident Devonidagi ishonchli manba bilan bog’landim va Karimov hamda Lavrov uchrashivlari juda apoq-chapoqlik bilan, Ramazonga qaramay qadahbozlik bilan otganini o’rgandim. Shu manbaning ma’lum qilishicha, Karimovning o’z o’rniga tayyorlagan nomzodi bor.
Uning kim bo’lishidan qat’iy nazar u Karimovdan keyin Karimov bo’la olmaydi va o’tish davri rahbari bo’lib qoladi. U hatto Karimovning nusxasi(clone)ni bo’lganda ham Karimovni qoralamasdan oldinga keta olmaydi. Ana shu davrda demokratik kuchlar qanot yozadilar va mamlakatni yorug’ kelajakka tomon yetaklaydilar. Ana shu taxminimni ilgari ham ko’p marta aytganman va yana kecha “Ozodlik” radiosining “Quruloy” dasturida ham aytdim.
Ha, Karimovning umri bitmoqda, ammo rejim inqillab-sinqillab, yengila-yengila yana 3-4 yil davom etadi.
Rejim ikki oydan keyin, uch oydan keyin o’zgaradi deyish esa odamlarning qo’ynini puch yong’oqqa to’ldirish bo’ladi. Shunday orzu bilan yashash mumkin. Orzuga ayb yo’q. Ammo shunday siyosat qilib bo’lmaydi, bu qora siyosatga xosdir, men buni qila olmayman, men ochiq, shaffof siyosat tarafdoriman.

Tinchlik va Hurriyat yo’ldoshimiz bo’lsin!

3 Noyabr, 2005 yil

SAVOL: DO’K raiis sifatida ramazon bayramida nimalarni tilagan bo’lardingiz? (Rohila).

JAVOB: Darvoqe mening ham tilaklarim DO’K nomidan e’lon qilingan tabrikda mujassam.
O’n ikki oyning sultoni hisoblangan Ramazon nihoyasiga yetib, Id-al Fitra, ya’ni hayit qilayotgan barcha vatandoshlarimizni shu muborak va saodatli bayram bilan qutlaymiz. O’tgan bir oy tafakkur va irodaning mustahkamlanishi, dilning g’uborlardan tozalanishi, mehr-shavqatning ko’payishi, saodat va haqiqatning ustivorligi uchun xizmat qilganiga umid bog’laymiz.Bu davr qalblarni saxovat tomonga ruhlantirgani, kambag’al-bechoralarning ahvolini his etish sari yetaklagani ham sir emas.
Hayit turli mamlakatlarda turlicha nishonlanadi. Masalan, Turkiyada shirinliklar bayrami o’laroq e’tibor ko’proq yoshlarga qaratilsa, Misrda xonadonlar yog’du sochar chiroqlar bilan bezatiladi, Pokistonda esa mushakbozliklar bilan qutlansa, olis Nigeriyada qariyalar saylgohlarga olib boriladi. O’zbekistonda ham bu bayramning o’z ana’nalari bor: insonlar oila a’zolari, qo’ni-qo’shnilari va do’stu birodarlari bilan yuzma yuz kelib, bir-birlariga quchoq ochadilar va qutlaydilar. Tinchlik, shirinsuxanlik hukm suradi.

Demokratik O’zbekiston Kongressi olamdan o’tganlarning rahmatga qovushishini tilar va vatandoshlarimizga ezgu niyatlarni yo’llar ekan:
-diktatura zulmi ostida ezilayotganlarga ozodlik, hurriyat, demokratiya;
-o’z erkin so’zini ayta olmayotgan yurtdoshlarimizga erkin minbarlar;
-o’z vakillarini saylash huquqi poymol etilgan xalqimizga ozod saylovlar;
-bir burda non uchun dunyo bo’ylab sarson-sargardon yurgan onalarimiz, opa-singillarimiz, aka-ukalarimizga to’kin dasturxonli kunlar;
-halol mehnat qilib, halol haqini ololmagan, kuni harom mehnat bilan to’ralarga
aylanganlarning eshigida, mirshabxonalar, sudxonalar va prokuratura, hokimiyat ostonalarida o’tayotgan chorasizlarga adl kunlarini;
-orzulari sarobga aylangan, haq so’z uchun zindonga otilgan, to’hmat girdobiga uloqtirilganlar, gunohsiz ravishda panjaralar ortida yotganlarga OZODLIKni istaymiz.

Ayni paytda:
-madhiyabozlikdan mast bo’lgan, yolg’ondan ko’ngli o’sgan, odamlarni qiynoqqa, azoblarga solishdan rohatlangan, Tangrini emas, boshlig’ini Xudo deb bilgan, diyonatni
oyoq osti etgan, o’z farzandlarining kelajagini xor qilgan zulmpeshalarga esa insof tilaymiz.

-yo’lidan adashganlar, toqat, sabr-bardoshni, andishani noto’g’ri angalaganlarga, tor manfaati uchun millat va mamlakat manfaatini qo’llanayotganlarga ham insof bersin. Tinchlik va Hurriyat yo’ldoshimiz bo’lsin!

Yozishdan boshqa narsani bilamizmi?

5 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Nima uchun hammamiz maqolalar yozamiz, o’qiymiz, Karimov tuzumiga nafratimiz oshadi, lekin nima uchun amaliy harakatga hech qachon o’tilmaydi? Axir O’zbekistonda qanchalar inson mislsiz azoblar bilan yashamoqda? Men ham o’zbekman, O’zbekistondagi ahvolni juda yaxshi bilaman, davlat ichkarisidan turib harakat qilish, qo’pol qilib aytganda, axmoqlik. Buning iloji yo’q. Tashqaridan turib nima ishlar qilinyapti? BMT yoki shunga o’xshagan tashkilotlarga rasman murojaat qilganmisizlar, Shu tashkiloylar eshigini buzguday o’zbek bormi? Agar qilgan bo’lsangiz ular shunchalik loqaydmi bu masalaga? (Shafik.E.).

JAVOB: Qani edi hammamiz Karimov rejimi haqida maqolalar yozganimizda. Bu ish milliondan birga to’g’ri kelmoqda, xolos. Albatta, 25 millionli xalq orasidan kimlardir chiqib uning haq huquqlari uchun zulmga qarshi bosh ko’tarib keldilar va bundan keyin ham bosh ko’taradilar. Kimdir ichkaridan turib va kimdir tashqaridan turib. Kimdir demokratik, tinch yo’lni tanlaydi va kimdir amaliy harakat qilaman deb axmoqona yo’llar bilan diktatorning umrini uzaytiradi va hokazo.
O’zim uchun javob berishim mumkin: mening bitta qurolim bor – so’zim! 1990 yillarning boshidayoq zulmga qarshi bu qurolni ishga solganimda hatto o’z safdoshlarim ham buning natijasi bo’lmaydi, siz bir chetda qolib ketasiz, ammo bu diktator tarixda birinchi prezident, qahramon bo’lib qoladi deyishardi.
Ularning ba’zilari shu fikr bilan orada bir necha yillar Karimov nomini tilga olmasdan “hukumat” deb gapirishni odat qildilar. Menga esa doim dashnom berishdi “Karimov, Karimov” deyaverish bilan uning obro’si oshadi deganlar ham bo’ldi.
Men bugun 15 yillik mehnatlarim zoye ketmaganini ko’rib turibman va Karimov esa 15 yillik urinishlari zoye ketganini his qilmoqda. Inson uchun eng katta fojea bu umrining oxirida butun umr bo’yi qilganlari puchga chiqqanini his qilish va ko’rishdir. Karimov bugun ana shu fojea bilan yuzma yuz!
Bugunga kelib u demokratik dunyo la’natlagan va tarix ham la’natlaydigan shaxsga aylanib bo’ldi. Odatda diktatorlarning qilmishlari ular o’lgandan keyin ochilardi. Karimovning kimligi esa u tirikligida fosh etildi. Bunda qisman bo’lsada bizning ham, inson huquqlari tashkilotlari, rejimga muxolif bo’lganlarning ulushimiz borligidan ko’z yummaslik kerak.
Ha, demokratik dunyo Karimovdan yuz o’girdi. Ammo butun dunyo demokratik emas. Agar oldingi javoblarni ko’zdan kechirsangiz, BMT haqidagi uzil-kesil gapni topasiz.
Avropa Karimov rejimiga sanksiyalar qo’ydi va yana kuchaytirmoqchi. AQSH ham yaqin orada shunday tadbirlar tutishni rejalamoqda. BMTda Rossiya va Xitoy Karimovning “tog’”lari bo’lib turishibdi. Ammo bu ham uzoq emas. Eng asosiysi Karimov rejimining kulminatsiyasi ortda qoldi. Butun borliqda hamma narsaning ko’tarilish va ma’lum bir nuqtadan keyin inish jarayoni bor. Karimov rejimi ham ham quyiga ketmoqda. Endi har qancha urinligan bilan ko’tarilmaydi, balki cho’kib boraveradi.
Qurollar qila olmagan ishlarni qalamlar qiladi. Qo’lingizdan kelsa-kelmasa siz ham Karimov rejimi haqida yozing va natijasini ko’rasiz. Bu quruq gap emas, bu amaliy ishdir. Shu jihtdan yozayotganlarga rahmat! Chunki har bir haq so’z zulmning devoriga urilgan xanjardir.
Bu BMTning eshigini ochishdan ham og’irroq ish.

Zulmatga isyon etib, so’nmas mash’al bo’lding!

8 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Demokratik O’zbekiston Kongressining veb sahifasida mash’alning rasmini qo’ygansizlar, bu G’arbga ergashish belgisimi? (Bek).

JAVOB: Bilasizmi, shunday qadriyatlar borki aslida uni G’arbniki yoki Sharqniki deb ajratishga ma’nan haqqimiz yo’q. Chuniki bu qadriyatlar butun insoniyatga oid va biz sohib chiqa olmagan yoki yo’qotgan bo’lsak, buning uchun aybni Ga’rbdan emas, o’zimizdan izlamog’imiz kerak.

Yana shunday qadriyatlar borki u G’arb yoki Sharqqa oidmi buni ham hech qachon bila olmaysiz. Shu bois bunday masalalarda maydalashsak, Ibn Sino o’zbekmi tojikmi, Beruniy turkmanmi o’zbekmi, Forobiy o’zbekmi qozoqmi deb yurgan axmoqlarning darajasiga qadar ingan bo’lamiz.

Mash’al bugun dunyoda ozodlik va demokratiya ramzi. Xo’sh biz nima istayapmiz? Biz ham ozodlik va demokratiya istayapmiz va bu bizga zid emas, aksincha xohish va istagimizni ifoda etmoqda.

Eng asosiysi bu bizning madaniyatimiz, ana’nalarimizga zid emas.

Nima, unutdik-mi, ming yillar mash’al mayoq o’rnini bosganini.

Nima, unutdik-mi, ming yillar mash’al zulmatni yoritguvchi yog’du ramzini bo’lganini.

Yoki unutdikmi-ki, ajdodlarimiz hali yaqin yaqinlargacha, (qishloqlarda esa hali ham-JM) to’y oqshomlari mash’al yoqishgan va yoqishadi. Bu faqat yo’l yoritish uchungina emas, balki zulmatga isyonning, yorug’likka, yaxshi kunga muhabbatning ham bir ifodasidir.
Ba’zan aytish mushkul bo’lgan ko’p gaplarni sh’er anglatadi:

Tikanli yo’llarda baytalga nahal bo’lding,
O’lib ham o’lmading, yashab ham zor-shal bo’lding.
Magar tongga talpinganing azmu chin ersa
Zulmatga isyon etib, so’nmas mash’al bo’lding!

Eski qarta

9 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Kozim To’laganovning Toshkent viloyat hokimi vazifasidan olib tashlanishi nima bilan bog’liq bo’lishi mumkin? (M. Abdurahmoniy).

JAVOB: Bu xabarni eshitishim bilan Prezident Devonida ishlaydigan tanishlardan biriga elektron maktub yo’lladim. Quyida undan kelgan xatdan bir parcha:

“Qo’shnida yuz bergan ma’lum voqealardan keyin Moskvada R.N. tarafdorlari to’planib majlis qilishgan ekan. Gap yeyishgan. Manimcha bunday majlislar hamma gruppalar orasida bo’lgan. Ko’pchilik endi Kotta ketadi degan fikrga kelib qolgandida.
To.-lar to’planib asriy orzu ushlaydigan kun kelganini muhokama qilgan degan gap-so’zlar yetib kelgandi. Keyin Kr.dagi tanishlari bilan gaplashishgan. Ular shunday nomzod topish kerakki u O’zbekistonni parchalanib ketishdan saqlab qolsin deb aytishgan.
Shundan keyin ular Kottalikka K.T.ni va Sh.M ga qarshi kurash uchun S.U-N.N.H larni tanlashgan. Bu reja jiddiy bo’lganki S.U. va N.N.H. o’zlari toza bo’lmasalar ham qo’rqmasdan maydonda baqir-chaqir qilib yurishdi. Balki ularning orasida boshqa viloyatlardan chiqqanlar ham bo’lgan. Lekin Kottaga berilgan hisobotda hammasini To-lar deb tushuntirilgan. Kotta bundan juda qattiq g’azzablandi. O’zi P. bilan gaplashdi. Shundan keyin P.ni vakili L. Toshkentga kelib qartani ochdi.
Usha kun S.U. ushlandi. Manimcha u K.T. bilan ham aloqa borligini tasdiqlagan. Buni Kottaga “siyosat-biznes-mafia” (Siyosiy tashkilot tuzushdi, nashrlari bor, pullari bor deb) deb aytganlar ko’p bo’ldi. Lekin ular ishni qo’lga olsalar bugungidan yaxshi bo’lishiga ishonmayman. Opaxon ham oldin bu gruppa bilan birga edi, hozir qarshi bo’lib qolgan. Shuni uchun darhol K.T.ni ishdan olishdi. Manimcha yana bir qancha odam ishdan ketadi.”

Xatdagi qisqartmalar:
-R.N.-Rafiq Nishonov
-To.-lar- Toshkentliklar
-Kr.-Kreml
-Kotta-prezident
-Sh.M.- Shavkat Mirziyoyev
-K.T.-Kozim To’laganov
-S.U.-Sanjar Umarov
-N.N..H.- Nigora va Nodira Hidoyatovalar
-R.U. Rustam Azimov
-Opaxon- Gulnora Karimova
-P.-Putin

Men bu xabarga qisman ishonmaganimda uni keltirmagan bo’lardim. Birinchidan bu doim qo’llanib kelingan qarta. Qo’qon xonligi ham “toshkentliklar” qartasini qo’llangan. Keyin Sovet davrida ham bu bir necha marata qo’llanildi. Dastlab, poytaxtning Samarqanddan Toshkentga ko’chirish uchun shu qarta ishga solingandi. 30-yillar qatag’onida ham, keyin Nasriddinovalar davrida va nihoyat 1990 yillarning boshida Shukrulla Mirsaidovni bahona qilib hukumat demokratlarga qarshi shu qartani qo’llangandi.

Hammasida ham pashshadan fil yasalgan.

Men bu safargi “toshkentliklar isyoni”ning kelib chiqishi haqida o’rganar ekanman, Muhammadbobur Malikov telefon qilib qoldi:
-Men Sanjar Umarov voqeasini yaxshilab kuzatdim, yozilgan narsalarni, o’zim olgan ma’lumotlar bilan yonma-yon qo’yib, tahlil qilib chiqdim va ular davlat to’ntarishi qilishga uringan degan xulosaga keldim,-dedi u.

Shunga yaqin fikr boshqa manbalarda ham koz’ga tashlandi.
Yana bir manbadan olingan xabarga ko’ra, bu safargi “urinish”da huquq tartibot organlarining ham ba’zi rahbarlari qatnashgan va yaqin orada ularning ham nomlari ma’lum bo’ladi. Sanjar Umarovni ruhiy kasal deya jar solish ortida ham ana shu guruhning manfaatlari yotishini ta’kidlagan holda Nigora Hidoyatovaning hali IIVni, hali MXXni himoya qilib gapirib qolishlari ham bejiz emasligini yozadi shu manba.

Nima bo’lganda ham, xulosa qilib aytadigan bo’lsak, bu “urinish”lar Karimovga, yana ham to’g’rirog’i Mirziyoyevga qo’l keldi.
15 yildir Karimov bunday “urinish”larni yo o’zi tashkil qilmoqda yoki xom “urinish”larning pashshasidan fil yasamoqda.

Najot BMTda emas, najot xalqda

11 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Kecha (10-11-2005) “Ozodlik” radiosidagi chiqishingizda BMTda Rossiya va Xitoy O’zbekiston masalasini veto qilishi mumkin dedingiz, ammo radio muxbiri bu davlatlarda bunday huquq yo’q’ligini aytdi. Buni qanday tushunsa bo’ladi? (Zohid).

JAVOB: Avvalo gap savolni qanday, qay tartibda va qay maqsadda qo’yishga bog’liq. E’tibor bergan bo’lsangiz “Ozodlik” O’zbek bo’limi muxbiri Zebuniso (Zamira Eshonova) Radioning muxbiridan BMTning 3-qo’mitasida ovoz beruvchilarning veto huquqi bor yoki yo’qligi haqida so’ragan. Men esa qo’mita haqida emas, umuman BMT haqida fikr yuritganman. Men hatto qo’mita haqida to’xtalganim ham yo’q. Shunga qaramay sizda anglashilmovchilik tug’ilgan ekan, bunga oydinlik kiritish lozim.
Gap Avropa Ittifoqining BMT Inson huquqlari qo’mitasiga O’zbekiston masalasida taqdim etgan rezolutsiyasi loyihasi borasida edi. Menga qo’ng’iroq qilgan radio muxbiri Sh. Bobojonov “Bu rezolutsiyaning O’zbekistonga chivin chaqqanchalik ta’siri bo’ladimi-yoq’mi?” deya juda haqli savol berdi va men ham natija chiqmasligini aytdim.

Nega? Ma’lumki, bir qator mamlakatlar BMTning turli qo’mitalarini o’z ichki manfaatlari yo’lida foydalanishga o’rganishgan. Masalan, deyarli har yili inson huquqlari qo’mitasi Xitoy borasida rezolutsiya tayyorlaydi va bu Xitoyning musulmon davlatlaridan topgan sheriklari yordamida o’tmay qoladi. Keyin Xitoy mamlakat ichida ”Jahon hamjamiyati oldidagi obro’si”dan ko’pira-ko’pira gap qiladi. Bu mening birinchi xavotirim.

Endi, faraz qilaylik, BMTning bu qo’mitasida kutilmaganda voqealar jiddiylashib masala O’zbeksitonga qarshi sanksiyalar qo’yish yoki boshqa tadbirlar talabiga ko’tarildi. (Farazligini unutmang-JM). Bu talabni qarorga aylantirish vakolati esa BMTning Xavfsizlik Kengashida mavjud. Bu Kengashning 15 a’zosi bo’lsa-da so’z faqat 5 a’zosida, chunki ularning veto huquqi bor. Xitoy va Rossiya ham shular jumlasida. Ulardan biri oldindan “Biz veto qo’yamiz” desa, shuning o’zi masala kun tartibidan tushishiga asos bo’ladi yoki “karidor tortishuvlariga” burilib ketadi. Men shuni nazarda tutdim.

Inson huquqlari qo’mitasi masalani BMT bosh Assableyasiga olib chiqolgan taqdirda ham uning natijasi bo’lmaydi. Chunki bu yerda qabul qilinadigan rezolutsiyalarning majburlovchi kuchi yo’q. Agar BMT hujjatlarini varaqlasangiz birgina Falastin va Isroil masalasida mingga yaqin rezolutsiya qabul qilingan va hammasi qog’ozda qolgan.
Biz faqat BMT Xavfsizlik kengashidan umid qilishimiz mumkin, ammo bu umidni Rossiya va Xitoy o’ldirishga tayyor. Lekin bu umid uchun kurashadigan birorta “super” davlat bo’lsa, takror kun tartibiga chiqib turishi mumkin. Vaholanki, bu umid uchun jon jahdi bilan kurashadigan davlatni ham ko’rmayapman. AQSHmi? Karimovni yiqitib o’rniga bir-birini go’rga tiqishga tayyor, payt poylab bir-birining oyog’ini chalishni kutgan boshqa kuchlarni olib kelsinmi? Bundan unga nima foyda? Iroq va Afg’oniston unga yetib ortmoqda!

Ha, Karimovning obro’yi tushishi nuqtai nazaridan bu masalaning ahamiyati bo’lar deyishingiz mumkin. Lekin agar Rossiya va Xitoy bu rezolutsiyani qoldirsalar shunday ham obro’yi yer bilan yakson bo’lgan Karimov uchun ichki propagandaga masalliq paydo bo’ladi. Karimov mamlakat ichida oyoq osti bo’lgan obro’yini shu yo’l bilan tiklashga urinib qolmasmikan? “Mana ko’rdingizmi, biz haq, ana ular nohaq bo’lib chiqdi” qabilida.

Qissadan hissa shuki, birinchidan bu voqea yana Rossiyaga yaraydi va Karimovni Kremlning ostonasiga mahkamroq bog’lab qo’yadi.
Ikkinchidan esa, najotni BMTdan emas, najotni xalqning o’zidan kutish kerak. Xalqning o’zi zulmni yiqitmasa, bugun chetdan borib yiqitib beradigan kuch ham, tashkilot ham mavjud emas. O’zbek muxolifati Karimovning kimligini dunyoga ko’rsatish vazifasini bajarib bo’ldi. Endi xalq bilan bir bo’lib, zulmni o’z boshidan uloqtirishi kerak!

Turk litseylari nega yopilgandi?

13 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Yoshlarning munozarasida Turk litseylari haqida gap bo’lgandi. Ulardan biri Turk litseylarining yopilishi O’zbek muxolifatining Turkiyadagi o’rni bilan bo’gliqligi haqida yozgandi. Bilishimcha siz ham o’sha davrda Turkiyada edingiz, bunga siz nima deysiz? (Tolib).

JAVOB: O’zbek muxolifatining bir qancha rahbarlari 1994-1998 yillarda Turkiyada edilar. Tabiiyki bu Karimovga tinchlik bermagandi va u turli yo’llar bilan ta’sir qilishga uringandi. Ammo O’zbekistondagi Turk litseylarining yopilishi bilan bu voqealar orasida bog’lanish yoq.
Chunki bu litseylar ortida Fathulloh Gulan boshida turgan Nurchilar jamoasi bor edi. Bu jamoa o’sha yillari to’la to’kis Karimovni qo’llar edi. Bir necha marta Fathulloh Gulan Toshkentga borgan va Karimovning huzurida bo’lib, zarbof to’n kiygandi. Bu jamoaning “Zamon” gazetasiga O’zbekistonda nashr haqqi berilgandi.
Bir narsa yodimdan chiqmaydi. O’zbekistonda ko’zga ko’ringan diniy ulamolar birin-ketin taqibga olindilar, kimdir yo’qoldi, kimdir o’g’irlandi, kimdir qamaldi. Hamma joyda xabar chiqayotgandi.

Ammo diniy mavzularni birinchi galda yoritadigan “Zamon” gazetasida va ularning Televideniye hamda radiolarida bu haqda hech narsa chiqmadi. Hatto Turkiyaning rasmiy Anado’li axborot boshqarmasining bu boradagi xabarlarini bosishmagandi. Men “Turkiya” gazetasida ishlardim va Nurchilar bilan yaqin aloqada bo’lgan Yoviz Qilich degan “turkchi” hamkasbimga bu haqda shikoyat etdim.
-Bizning maqsadlarimiz katta, bunday kichik narsalarni deb katta maqsadni boy bermasligimiz kerak,-dedi u.
Nurchilar orqali O’zbekistonga borgan turk jurnalistlariga esa Karimov tomonidan zarbof to’nlar yopilar va ular qaytib turk iborasi bilan aytganda “choyshab-choyshab” qilib davomli maqolalar yozishar, filmlar ko’rsatishardi. Gulanchilar bu bilan ham cheklanmay katta tijoriy ishlarni ham yo’lga qo’yishga kirishdilar. Ularning mushugini pisht deydigan yo’q edi.

Tabiiyki bunday paytda o’zbek muxolifatining Nurchilar bilan aloqasi bo’lishi mumkin emas edi. Buni ham biz istamasdik, ham ular. Shunday ekan, nega birdaniga bu jamoaning O’zbekistonda oyog’i qirqildi.

Buning javobini Turkiyadan izlash kerak. Gap shundaki, bu jamoa Turkiyada hukumatni yotqizib turg’azadigan kuchga aylangandi. Nafaqat O’zbekistonda balki 52 ta mamlakatda Turk litseylarini ochishga muvaffaq bo’lgan va Turkiya ichida ikkinchi Turkiyaga aylangandi.
Ammo jamiyatni o’zgartirishga qolganda ojiz edi. Chunki Turkiyada hamma narsani hal qiladigan bu armiya. Qator-qator gazetalari, televideniye, radiolari, banklari, ishlab chiqarish korxonalari, vaqflari, o’quv yurtlari bilan Turkiyaning “yuragi”ga aylangan bu jamoa birdaniga armiyadagilarning qahriga uchradi. Shu jamoaning maktablarida o’qib harbiyga kirganlar birdaniga quvildilar. Buning sababi qilib esa, armiyaning qo’liga Nurchilarning bir videotasmasi tushib qolgani ko’rsatilgandi.
Mazkur videotasmada Nurchilar lideri Gulan va boshqa rahbarlar qanday qilib mamlakatni qo’lga olishni muhokama etishgani, armiyaning ta’sirini sindirish uchun bolalarni o’z oquv yurtlarida zamonaviy tillar va texnologiyani biladigan qilib yetishtirish, jumladan harbiylar tayyorlashga diqqatni qaratish lozimlgi haqida gap borgan.
Bu maxfiy kasseta bilan birga jamoaning boshqa rejalari haqidagi hujjatlar ham qo’lga tushgani aytilgandi.

Bunga birinchi bo’lib “reaksiya” ko’rsatgan Karimov bo’lgandi. Karimov Turkiyadan ham oldin chora ko’rib, o’zi yo’llarini ochib bergani – Nurchilar jamoasining faoliyatini bo’g’di. Keyin bu iddaolar natijasiz qolib ketdi. Ammo jamoa Turkiyada qatag’onga uchradi. Fathulloh Gulan mamlakatni tark etdi va hokazo.
Shu sababdan Turk litseylarining O’zbekistonda ochilishi va yopilishining muxolifatga hech qanday aloqasi yo’q.
Turkiyada ta’lim olayotgan ko’p sonli o’zbek talabalarining ortga chaqirib olinishi esa bevosita muxolifat bilan bog’liq. Ana shu ikki masalani chalkashtirmaslik kerak.

Yana Rossiyaning vassali bo’ldik-mi?

15 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Islom Karimovning Moskvada Rossiya bilan Ittifoqchilik aloqasini boshlashi O’zbekistonni yana bu mamlakatning vassaliga aylantirdimi? (Ubaydulla).

JAVOB: Savolda javob uchun juda yaxshi ishora bor. Ya’ni bu O’zbekistoning emas, Islom Karimovning vassal bo’lganini ko’rsatadi. Chunki Oz’bekistonda kelgusida istagan paytda Karimovning g’ayrikonstitutsiyaviy, g’ayrixalqiy barcha qarorlari bekor etiladi va uning imzosi tan olinmaydi. Shunday kun kelishi esa uzoq emas. Buni Kremldagilar ham yaxshi biladilar. Xuddi shuning uchun ham Ittifoqchilik shartnomasiga “Bu hujjat tomonlardan birining aloqalarni tugatish haqidagi talabidan keyin 12 oyda bekor bo’ladi” deb kiritilgan. Shuning o’zi ham Karimovga Kreml ishonmasligining dalilidir. Ammo bugun Kremlga kelinlari orasidan bitta Sottixon juda ham kerak. Bu Putinning ichki va tashqi siyosatda o’zini ko’rsatishi uchun katta imkoniyatdir.

Rossiyada SSSRni qo’msaganlar bormi?- Bor!
Rossiyada yana hukmron bo’lishni istaganlar bormi?-Bor!
Rossiyada Amerikaga qarshi bo’lganlar bormi?-Bor!
MDHda Rossiyani mensimaganlar bormi?- Bor!
O’zbekistonda Rossiya harbiy bazasi bo’lishini istaganlar bormi?-Bor!

Ana shunday sanayversangiz Putinning Karimovga Kreml ostonasini yalatishidan xursand bo’ladiganlar juda ko’p. Bulardan ham asosiysi bozor masalasi. Rossiya bugun Ga’rb bilan raqobat qila olmaydi. Uning qurolidan tortib taxtasiga qadar bozori kasod bo’lmoqda. MDH o’lkalariga esa G’arb kirib kelmoqda. Ana shu katta bozorni saqlab qolib, birinchi navbatda o’zining bozori o’tmagan, zanglab yotgan qurollari va boshqa matohlarini sotishi kerak. Putin Oz’bekiston kabi bir davlat shu yo’lga kirgandan keyin boshqalar ham o’ylab ko’radilar degan fikrda.
O’zbekiston uchun emas, Karimov uchun bugun Kreml juda kerak. U tinch uxlay olmay qoldi va endi rus harbiylariga ishonib tinch uxlamoqchi. U hozir G’arb biror bahona bilan Oqsaroyni egallab olmasin deya Rossiya qo’shinlari himoyasiga o’tdi o’zidan keyin qoladigan odamga ham shu yo’lni ko’rsatmoqda. Buning ustiga o’z yonidagilardan ham ko’ngli to’q emas.
Avropa Ittifoqi quyidagilarni Ittifoq hududiga kirishini man etdi va bu ularni Andijon voqelarining bevosita aybdorlari deb baralla aytishdir:

-Rustam Inoyatov, MXX raisi;
-Zokir Almatov Ichki ishlar vaziri;
-Qodir G’ulomov, Mudofaa vaziri;
-Tohir Mullajonov, Ichki Ishlar vazirininng birinchi o’rinbosari;
-Ruslan Mirzaev, Milliy Xavfsizlik kengasshi kotibi;
-Saydullo Begaliyev,Andijon viloyat hokimmi;
-Qosimali Axmedov, General mayyor;
-Ismoil Ergashev, Iste’fodagi General mayyyor;
-Pavel Ergashev, polkovnik;
-Vladimir Mamo, Ichki ishlar General mayyyori;
-Grigori Pak, polkovnik;
-Valeri Tojiev, polkovnik

Endi Karimov bulardan ham qo’rqadi. Aytib bo’ladimi, birortasi o’z avlodlari oldida sh’anini tozalash uchun uning peshanasidan darcha ochib qo’ysa?! Ana shunday xayollar Karimovni tinch uxlatmayotgani uning yuzidan ham ko’rinib turibdi. U endi namoyishga chiqqanlarni rus harbiylariga ottirmoqchi!
Karimov yana bir narsani tushunmayapti. Moskvaga borib ishlagan har bir mardikorning miyasida qani edi AQSHga, Avropa o’lkalariga borib ishlasam degan fikr yotadi. Bu istak mardikordan boshlab Bosh vazirga qadar hammaning fikrida bor desam mubolag’a bo’lmaydi.

Bir paytlar Vashingtonda NATOning 50 yilligi nishonlanganda Karimov alifbo joylashuvi bo’yicha Klinton bilan yonma-yon o’tirib qolganini necha yil siyosiy qurol qilib ishlatgani yoddan chiqqan emas. Oq uyda qabul qilinish uning eng oliy orzusi bo’lganini ham ko’pchilik yaxshi eslaydi.

Xuddi shunday Karimovdan keyin kim kelishidan qat’iy nazar orzusi Oq uyda qabul qilinish bo’ladi. Avropaga chiqish bo’ladi. Bunga tezroq erishmoq uchun u Karimov nomini axlatga chaplaydi. Bu unga Karimovdan keyin qoladigan vayrona-iqtisod ustida bir muddat tura olish imkonini ham beradi.

Xullas, Karimov istagan paytda o’z oniy manfaati uchun xalqni ham, mamlakatni ham, mustaqillikni ham sotadigan odam deb aytib kelganlarimizni yana bir bor isbot etdi. U endi tariximizda nafaqat diktator, zulmkor, Andijon qotili sifatida, balki mustaqillikni ham o’z oniy manfaati uchun sotgan xoin sifatida ham qoralanishiga zarracha shubha qolmadi.

Karimovning “karnay”lari…

17 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: 14 Noyabr kuni O’zbekiston prezidentining mustaqil teleradiokanallarni isloh qilish va rivojlantirish haqidagi Farmoni e’lon qilindi. Kimdir uni “umidbaxsh”” desa, kimdir ishini yo’qotishidan tashvishda. Men bu farmonga tushuna olmadim. Kitoblaringizda o’qigan edim, O’zbekiston teleradikompaniyasini 1990 yillar boshida qisman xususiylashtirish Farmonini siz tayyorlagan ekansiz. Shundan kelib chiqib bu yangi Farmonni qanday izohlaysiz?(UzTV dan bir hamkasb).

JAVOB: Albatta, men 1991 yilda tayyorlagan farmon loyihasidan keyin ham ayni borada yana bir qancha farmonlar e’lon qilindi. Ilgari Karimov istagini oldin Qonunga joylardi va keyin undan kelib chiqib, farmon e’lon qilardi. Farmonlarda o’sha qonunlarga ishora bo’lardi. Bu yuzaki bo’lsa ham, ko’rinishda qonuniylik kasb etardi.
Endi esa u o’zini qonunlardan ham ustun qo’yishga odatlandi. O’zi qabul qildirgan Konstitutsiya va qonunlarga zid ravishda farmonlar e’lon qilib, keyin shu farmon a’sosida qonunlarga o’zgartirish kiritishni buyuradigan bo’ldi.

Ayni holni bu farmonda ham ko’rish mumkin. farmonning 14-bandida Adliya vaziri Bo’ritosh Mustafoyevga ayni vazifani yuklagan. Chunki farmon Matbuot haqidagi qonunga ziddir. Vaholanki, juda ko’p mustaqil televideniyelar va radiolar deb atalgan tashkilotlar shu qoninga ko’ra ro’yxatdan o’tganlar.
Bu farmon mamlakatdagi 50ta telestudiya, 13ta radiostansiya va 36ta kabelli televideniyelarni bitta markazga-hukumatga bevosita tobe qilib qo’ydi.
Endi ularning zarra qadar ham erkinliklari qolmadi.

Endi ular chet eldan birorta narsani olib ko’rsatish va yoki teppadan keladigan ko’rsatmadan chiqib o’zlaricha bir narsa tayyorlash huquqlaridan mutloq mahrum bo’ldilar.

Farmonda ularning vazifasi aniq belgiangan: mamlakat ichidagilar va tashqaridagilarga O’zbekiston erishgan va erishayotgan yutuqlarni ko’rsatib berish…
O’zteleradiokompaniyaning “Yoshlar” telekanali va “Yoshlar” radiostansiyasi bazasida yopiq aksiyadorlik asosida ishlaydigan “Yoshlar” teleradiokanali tuzilsin deyiladi. Aksiyalarning 51 foyisi hukumatda saqlab qolinishiga qaramay, mazkur farmon bilan boshqaruv takibiga butun mamlakatdagi televideniyelar va radiolarni nazorat qiladigan Milliy kompaniya rahbarining kiritib qo’yilishini va u hukumatga hisobdor ekanligini o’zingiz tushunib olavering…

Bu farmondan ko’zlangan muhim maqsadlarga kelsak:

Birinchisi, Andijon voqelaridan keyin va 2007 yil saylovlari oldidan xalqni barcha alternativ informatsiyadan mahrum etib, Karimovning yagona “haqiqati”(yolg’oni) bilan yuzma yuz qoldirish.

Ikkinchisi esa, birvarakayiga barcha televideniyelar va radiolardagi kadrlarni qayta ko’rib chiqib, bu idoralarga yoppasiga MXX maktabining tarbiyasini olgan kadrlarni joylashtirish. Bu ish oldinroq boshlangan va O’zteleradiokompaniya raisliga shunday shaxs qo’yilgani ancha shov-shuvlarga sabab bo’lgani uchun endi bu ishni birvarakayiga amalga oshirib yuborish nazarda tutilgan. Toshkentdan kelgan ma’lumotga ko’ra, bu farmon asosida 836 kishi-ba’zilari qaytadan, baz’ilari yangitdan hukumat tizimi nomenklaturasiga olinadi.

Uchinchisi, agar pul, texnika bersa yoki o’quvlar, sayohatlar tashkil qilsa, yugurib boradigan va ba’zi ko’rsatuvlarni efirga qo’yib yuborishi xavfi bo’lgan barcha elektron matbuotni shu yo’l bilan birdaniga qattiq nazortga olishdir.

Bu SSSR davridagi “Gosteleradio” ko’rinishiga qaytishdir. O’shanda ham Respublikalar televideniyelari “mustaqil” deb atalar ammo Moskvaga bo’ysunardi. Markazdan keladigan hamma narsa majburiy tartibda ko’rsatilardi. Xalqning boshqa imkoni yo’q edi va Kremldagilar nima desalar shu haqiqiat deb o’tiraverardi.
Karimov bu “tarixiy” farmoni bilan O’zbek jamiyatini yanada yopiq jamiyat bo’lishini istayotganini aytmoqda. Bu esa boshi berk ko’chadir.
Endi Karimovmning “karnay”lari butun mamlakat bo’ylab bir vaqtda, bir xil, bir ohangda “g’at-g’at” qiladigan bo’ldi.

Har qanday zulmatning bir nuqtasida yorug’liq bekingan bo’ladi. Bu farmonning ham Karimov rejimiga yomon va xalqning kelajagiga yaxshi bo’lgan bitta tomoni bor.
Ya’ni, Karimov o’zi bilmagan holatda inqilob ishini ham osonlashtirmoqda. Inqilob soati kelganda mamlakatning turli burchaklarida boshboshdoqlik ro’y bermasligi uchun har qancha qo’riqlanganiga qaramasdan yo’lini qilib, Teleradiomarkazdan diktatura qulaganini e’lon qilsa, bas, olam guliston!

Maqsad xalqning yo’lini ochishdir

21 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Karimovdan keyin keladigan hukumat bilan DO’Kning munosabatlari qanday bo’ladi? (Sulaymon).

JAVOB: Biz shuni tushunamiz-ki, Karimov bugun yo ertaga ketmaydi. Biz yana shuni tushunamiz-ki Karimov uzoq qolmaydi. Uning rejimi va kuni qisqarib bormoqda. Biz illo-billo Karimovni yiqitamiz degan lofdan o’zimizni tiyamiz. U o’rnatgan diktatura rejimini uning o’zi boshlatgan o’yinlar silsilasida xalq baribir yiqitadi hamda millat demokratiya yo’liga chiqadi. Bunda bizning ham ozmi-ko’pmi hissamiz bo’lishini istaymiz.

Ayni paytda biz Karimovdan keyin demokratik yo’l bilan o’rnatiladigan boshqaruv tarafdorimiz. Ilgari aytganimizdek, Karimovdan keyin kim kelishidan qatiy nazar uning Karimov bo’lmasligining ham idrokidamiz. Chunki Karimov o’z atrofidagi kuchli odamlarni yo’qotar ekan, ayni paytda o’zidan keyingi odamning davrini ham qisqartirmoqda. Kim bo’lsa ham undan keyin keladigan odam boshqaruvda ko’p qololmaydi. Bunga siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy zamin yo’l qo’ymaydi.

Karimovdan keyin biz istamagan odam uning o’rniga kelishini ham diqqatdan qochirmaymiz. Lekin diktatorning G’arbdan yuz o’girib, o’zini Rossiya quchog’iga otishi hukumat idoralarida, zamonaviy boylar orasida ham rejimga qarshi kayfiyatni kuchlantirdi. Bu kayfiyatning sassiz sadosi okean osha bizga qadar yetib kelmoqda. Hatto Karimov ishga tayinlagan baz’i vazirlar telefon qilib “Endi nima bo’ladi?” deya bizdan so’ramoqdalar. Bu esa qurquvga asir bo’lgan o’zbek jamiyati uchun yangi hodisadir.

Shularni inobatga olib, favqulodda voqealar bois Karimovdan keyin keladigan odam xalqqa qayishsa, demokratiyaga yo’l ochsa, muxolifatni tan olsa, erkin saylovlarga qarshilik qilmasa, Karimov zulmini e’tirof etsa bu odamning oldidagi qiyinchiliklarni yengishda biz unga barcha imkoniyatlarimiz bilan yordam beramiz, butun dunyoni ham unga yordam berishga chaqiramiz.

Bugun bizning xalqni ishontira oladigan g’oyalarimiz, mamlakatni qutqazadigan dasturlarimiz va yosh, malakali kadrlarimiz bor. Ular xizmatga shay. Zotan maqsadimiz xalqning istiqbol yo’lini ochishdan iboratdir.

DO’K demokratiyaga tarafdor va diktaturaga qarshidir. Yangi hukumat shuni istasa, biz nima uchun undan yuz o’girishimiz kerak? Ammo shuni istaydimi? Gap ana shunda. Agar istamasa, Karimovning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy vayronalari ostida qolib ketadi.

DO’K a’zolari bu holatda ham mamlakatni qutqazish uchun faoliyatni davom ettiraveradilar. Shu bois asl maqsad umummuxolifatning mamlakat ichidagi yagona nomzodini saylovga tayyorlashdan iborat bo’lishi kerak.

Umid o’lmaydi

22 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Kecha “Ozodlik” radiosining “Qurultoy” dasturini tingladim. Negadir siz qatnashmadingiz? Shunga qaramay u yerda ko’tarilgan uch masala borasida fikringizni bilmoqchi edim.

Birinchisi, “Qurultoy” qatnashchilari Karimovning Rossiya bilan tuzgan shartnomasi balki O’zbeksiton parlamentidan o’tmaydi deb umid bildirdilar. Shunday bo’lishi mumkinmi?

Ikkinchisi, Shavkat Mirziyoyev Bosh vazirlikdan olinib, Rossiya talabi bilan yaqin kunlarda Elyor G’aniyev tayinlanishi haqidagi gap. Siz saroyga oid ko’p narsalarni aytganingizda tog’ri chiqqan. Bu xabar sizga ham yetib keldimi?
Uchinchisi, hamma narsa Tangirdan deb aytildi, u holda Andijon qatliomi ham tangridanmi?(Nabijon).

JAVOB: Men tashkilotimizning Maryland shtati a’zolari bilan uchrashuvim bo’lgani uchun uydan erta chiqib ketgan edim va shu bois “Qurultoy” muallifi Shuhrat Bobojonovning telefonda qoldirgan ovozini kechqurun qaytganimda eshitdim. Bu paytda esa dastir allaqachon efirga ketgan edi.

Dasturni tinglashga boshlab, ba’zi sabablar bilan oxiriga qadar eshita olmagandim. Sizning maktubingiz bois oxiriga qadar eshitdim. Dastur yaxshi chiqqan. Umuman “Qurultoy” dasturi “Ozodlik”ning ozod minbar bo’lish yo’lidagi ko’pgina ochiq joylarini yopib turayotgan o’ziga xos oshkoralik minbari bo’lganini ta’kidlash kerak. DO’K Monitoring markaziga ko’ra bugun eng ko’p eshitiladigan dastur ham ana shu. Kecha favqulodda muhim masala muhokama etildi va qatnashchilar O’zbekiston hamda Rossiya orasida tuzilgan harbiy shartnona axloqsizlik va bitta shaxsning o’z manfaatini millatu mamlakat manfaatidan ustun qo’yishini asoslashga harakat qildilar.
Endi sizning savolingizga kelsak, ha, shunday fikrlar yangradi. Bilasizmi, umid o’lmasdir. Odamzod doim umid bilan yashaydi. Andijon voqealari bo’yicha tomosha sudda Mahbuba Zokirovaning chiqishi kabi O’zbek “parlamenti”da ham kimdir Karimovning xoinligini aytishi bu umid. Bir mo’jiza ro’y berib, bir kishi gapirganda ham natija Andijon sudiga kabi tomoshadan iborat bo’lib qolaveradi.

Bugungi “parlament” Karimovning qullaridan tashkil topgan manqurtlar maydoniga aylangan. Hali ko’rasiz, ular Karimov imzolagan sharmandali shartnomani tarixning “eng buyuk hujjati” deb baholaydilar. Chunki bu qullar xo’jayinlaridan shunday ko’rsatma oladilar yoki olmasdan turib ham nima qilsalar xo’jayinlari ularning oldiga suyak otishini yaxshi biladilar.. Dastlab Amerikani maqtab Rossiyani yomonlagan shular emasmidi? Keyin Amerikani qoralab, yana Rossiyani ulug’lagan ham shular emasmi?

Aslida men O’zbekistonda xalqning xohish irodasini ifoda etgan parlament bor deb hisoblamayman. Buni O’zbekiston parlamenti emas, qo’g’irchoq teatri desak yanada haqiqatga yaqin bo’ladi.

Ikkinchi savolingizga kelsak, Rossiyaning talabi bilan Mirziyoyevning ishdan olinib, o’rniga Eldor G’aniyevning qo’yilishi masalasi menimcha bir taxmin. Lekin shu taxmin uchun G’aniyevning KGBdan chiqqani, Urusiyatga yon bosishi va mafiya odami ekanligi asos bo’lishi mumkin. Men xabar yuzasidan Toshkentdagi manbalarga xat yo’lladim va javob olishim bilan e’lon qilaman.

Shaxsiy fikrimni so’rasangiz diktator uchun biror bir kadrning ahamiyati yoq. Uning uchun Mirziyoyev ham, G’aniyev ham qul. Istasa tayinlaydi, istasa bo’shatadi. Bu bilan bir narsa o’zgarmaydi. Ammo shu narsa aniq-ki qullar bugun qul ekanliklarini his qilib qoldilar. Buning esa ikki oqibati bor: 1.Qullikni chuqurroq his qilish yanada tobelikka olib boradi. 2. Qullikni chuqurroq his qilish isyonga ham boshlaydi.
Bugunga qadar O’zbekistonda doim birinchisini ko’rdik. Ikkinchisi esa umid bo’lib qolmoqda. Umid esa umiddir, haqiqat emas.
Uchinchi savolingizga kelsak, bu haqda ilgari “Katrina” fojeasi va Iroq haqidagi bir savolga javobda yozgan edim. Shu bois qayta to’xtalishga hojat bo’lmasa kerak.

Oy deganda quyosh, quyosh deganda oy…

24 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Rustam Azimovning Moliya vaziri etib tayinlanishi uning katta siyosatga qaytishi, uning quyoshi qayta chiqa boshlaganimi?
Bu haqda “Ozodlik” radiosining xabarlar qismida “Bundan avval Rustam Azimov Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirining investisiya va savdo bo’limini boshqargan edi” deyildi. U qachon bolimga tushirilgan edi? Yoki bu boshqa Rustam Azimovmi? Shunga ham aniqlik kiritish mumkinmi? (Erkin).

JAVOB: Rustam Azimov katta siyosatdan hali butunlay chetlatilgan emas edi. Ammo shu yo’lda. Mening nazarimda uning Tashqi aloqalar, investitsiya va savdo vaziri lavozimidan olinib, Moliya vaziri etib tayinlanishi Karimovning keyingi kunlarda amalga oshirayotgan “rusparastlik” va “mahalliy muvozanat” siyosati bilan bo’g’liq.
Bu bilan G’arbga “qiyo boqqan” Rustam Azimovning qo’li tashqi aloqalardan uzildi. Uning oxirgi marta Olmoniyadan kelgan hay’at bilan Karimov qabulida bo’lganida “otasi”dan vaqt ajratishni iltimos qilgani va shunday keyin “ota va o’g’il” anchagina suhbat qilganlari ma’lumdir.

Ammo ularning nima haqda suhbat qilganlari noma’lum. Faqat taxmin qilish mumkin. Har holda Azimov o’zining nomi “Sanjar Umarov voqeasi”ga aralashgani masalasida “ota”sidan uzr so’ragan va avvalgi kabi “o’lgunimcha sizning yo’lingizdan chiqmayman” deb va’da bergan bo’lsa kerak.

Shunga qaramay “og’li”ning nomi tez-tez tilga tushayotgani va G’arbga “qiyo boqqani” uchundir-ki uni Tashqi aloqalar, investitsiya va savdo vazirligidan bir pog’ona pastga tushirdi.

O’zbekiston hukumati tizimiga ko’ra bu idora Moliya vazirligidan yuqoriroqqa qo’yilgan. Buni hukumat majlislarida vazirlar o’tirishi uchun belgilab qo’yiladigan joylardan ham bilish mumkin.

Qolaversa, O’zbekistonda eng nomuqim joy bu Moliya vaziri lavozimidir. Karimov o’zi asli moliyachi bo’lgani uchun bu vazirlikning hamma “teshik”larini yaxshi biladi va faoliyatiga bevosita aralashib turadi. Shu bois ham har yi’li vazir yangilanadi. Bugunga qadar kimlar kelib, kimlar ketmadi. Hatto Azimov ham bu dargohga ikkinchi bor qaytdi. Bu safar ham vaqtincha. Nega? E’tibor qiling:

-7 Noyar: Kozim (Nosirovich) To’laganov Toshkent viloyat hokimligidan quvildi.
-18 Noyabr: Qodir (G’afurovich) G’ulomov Mudofaa vazirligidan chetlatildi.
-21 Noyabr senator Behzod (Sodiqovich) Yo’ldoshev Fanlar Akademiyasi prezidentligidan olindi.

Ular Karimov “toshkentliklar” deb ajratgan guruhning “kozir”lari. Hukumat nomenklaturasiga kirgan Temur Alimovdan tortib rektorlar Sodiq Safoyev, Baxtiyor Asqarov qatorida hukumat nomenklaturasiga kirgan yana yuzdan ziyod odam “kozir”larning “dumi” deya ishdan surildi yoki “tanobi’ tortib qo’yildi.
Bu bilan Karimov hokimiyat tizimlarida mahalliy kelib chiqishiga qarab tayinlangan kadrlar muvozanatini buzdi. Buning ustiga toshkentlik boylarni quvg’inga oldi. Ma’lumotlarga qarganda shundan keyin Karimov bunday hol yana bir “Andijon voqeasi” kelib chiqishiga olib boradi deya ogohlantirilgan.
Shu bois endi u qolganlarni asta sekinlik bilan “yemoqchi”.

Rustam Azimovni vazirlikka “tanishtirish” uchun olib borgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev uni kamsitgan, bepisand holda taqdim etgani ham qiziq.
Xullas, Rustam Azimovning quyoshi yana chiqa boshladi deyish mushkul. Zotan diktatorlar tentak bo’lishadi. Hatto kuchli psixiatorlar ham ularning boshida aylangan fikrni taxmin qila olmaydilar. Chunki ular oy deganda quyoshni quyosh deganda oyni ham tushunaveradilar-da.
Savolingizning keyingi qismiga kelganda uni “Ozodlik”ka yo’llashingiz kerak edi. Balki, bu shunchaki adashishdur?! “Ozodlik”da shunday oddiy narsani bilmaydigan odam ishlaydi deb ayta olmayman.

Cho’chiydigan joyimiz yo’q

26 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: DO’K a’zolari bugungi sharoitda qanday rol o’ynashlari mumkin? O’zbekistonda muxolif kuchlarga qattiq tazyiq o’tkazilmoqda. Sizlar DO’K faollarini qanday qilib asraysizlar? (Alisher).

JAVOB: DO’K a’zolari O’zbekistonga demokratiyani olib kirishda 21 asr jadidlari bo’lishlari mumkin. Jadidlarning bir paytlar qilgan xatolarni takrorlamasdan, ularning tajribalaridan esa ilhom olib, orzularidan bugunga mos orzu yaratib ish tutilsa, ko’p narsaga erishmoq zamini mavjud. Ya’ni demokratiyani yoyish, Turonzaminda birlikka erishuv g’oyasini tarqatish, o’zlikni anglash ma’rifatini dillarga olib kirish kabi har bir kishi hissa qo’sha oladigan ishlarni qilishlari mumkin.

Biz ertaga borib inqilob qilish mumkin emasligini bilamiz. Ya’ni dunyoning bu burchidan turib u burchida unqilob qilish mumkin emasligini anglaymiz. Shu bois ham vaqtimizning aksariyatini inqilobga urinishga emas, balki demokratik inqilobchilarni yetishtirishga sarflayapmiz va shu yo’ldan boramiz.

DO’K “bizdan ko’proq odam qamalgan, shuning uchun biz asosiy muxolifatmiz” degan g’ayrisiyoiiy yo’ldan bormaydi. Bugunga qadar qilingan xatolardan xulosa chiqarish kerak. O’zimizni ishlayotgan qilib ko’rsatish uchun “Falon viloyatning falon joyida falonchi va falonchilar yig’ilish o’tkazdilar. Kun tartibida rejimni ag’darish masalasi bor edi” kabi bo’rttirilgan xabarlar natijasida bugunga qadar juda ko’p odamlar qamaldi.

Bugun endi “bizdan eng kam odam qamalgan” degan muxolifat kerak. Agar hamma qamalib ketaversa yoki hammaning qamalishiga “sharoit” tug’dirib berilsa, u holda kim bilan ishlaysiz? Biz qamalgandan keyin jar solib “himoya qilayapmiz” deya qamalgan bechoraning vaziyatini yanada og’iralshtirish emas, balki uning qamalmasidan oldin himoya qilish yo’lini tanlaganmiz.

Shu bois biz falon joyda buncha odam to’planib ana bunday masalalarni qilishdi kabi xabarlarni tarqatmaslikka kelsihganmiz. Bu bilan kimningdir ko’ziga ishlamayotgan bo’lib ko’rinishimiz mumkin. Ammo o’sha odamdan maosh olamayotganimiz bois undan cho’chiydigan joyimiz yo’q.

Siz kuylagan “vatan”ning narxi

27 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Bizning maddoh shoirlar Abdullo Orif va Erkin Vohidlar yana Rossiyani kuylay boshladilar. Bunga nima deysiz?(Rashidjon).

JAVOB: Ular qachon kuylashdan to’xtagan edilarki, endi qaytadan boshlagan bo’lsinlar?
Yaqinda zulmning qahriga uchrab olislarga kelib qolgan qashqadaryolik bir dehqon yigit telefon qildi.
-Aka, onam keldilar,-dedi u.

-Ko’zingiz oydin,-dedim.

Chunki, xorijdagilarning hammasiga ham bunday gapni aytish nasib etavermaydi. Ammo gap bunda emas.
Gap shundaki, Ona 80 yoshda ekan. Zulm o’g’lini olislarga uloqtirgach Ona ancha bukilib qolibdi. Qulog’i og’irlashibdi. Yuragida o’g’lini ko’rgisi bor ekan. Orzulari qabul bo’libdi. Ramazon kunlarining birida o’g’li bilet sotib olib, pochta orqali onasiga yuboribdi.

Ona ona-da. Darhol yo’lga chiqibdi. Sakson yosh! Toshkent-Moskva-New York-Seattle-Idaho.. Aytishga oson. O’zbek tilidan boshqa tilni bilmagan va sakson yoshni qoralagan qishloq ayoli uchun bu joylar dunyoning narigi burchi. Aslida boshqalar uchun ham osongina topadigan joy emas.
Ona qayerga borsa qo’lidagi biletini ko’rsataveribdi va odamlar uni yo’lga solib qo’yaveribdilar.
Biz Amerikaga ilk kelganimizda New Yorkdan uchgan uchog’imiz yo’lda to’xtadi va bizni Aeroportga chiqib turishimiz so’raldi. Chiqish joyi boshqa va minish joyi boshqa ekan. Oz qolsin qolib ketar edik.

Sakson yoshli Ona adashmay o’g’lini topib kelibdi. Faqat parvozning o’zi qariyb bir sutka…Bu onaning, farzandini ko’raman degan onaning jasorati.
-Qachon qayaib ketmoqchilar?-deb so’radim dehqon yigitdan.
-Hozir dox’tirlarga qatnayapmiz, bu yerda doxtir degani juda qimmat, ammo ularning insonparvarlik kunlari bor, shu kunlarda yo bepul davolaydilar yoki juda arzonga. Onamning qon bosimlari bor, quloqlariga ham apparat berishdi, eshitishlari qulay bo’ldi,-dedi suhbatdoshim. Keyin qoshimcha qildi:-Bilet yuborganimda kelish va qaytishga qilib olgandim.
-Nima deyaptilar?-deya so’rayaman.
-Bolam, bu yer juda yaxshi ekan, uylaring issiqqina ekan, kelayotganimda quruq sovuq edi, bu yil qish og’ir keladiganga o’xshaydi, qishni shu yerda o’tkazsam, do’konlarda hamma narsa bor, do’xtirlar ham qarab turibdi…qishloqqa qaytsam qishda muzlab qolamanmi deb qo’rqaman. Gaz yo’q…
Albatta onasi ko’proq qolishi o’g’ilga orzu. Lekin Vatan haqida gap ketar ekan bu ishonib bo’lmas voqeani eslashim bejiz emas. So’nggi ikki kalima yuragimni o’rtab yubordi. “Gaz yo’q”.

Bu gaz chiqadigan, kaz koni bo’lgan joyga yaqin qishloqda yashovchi Onaning gapi…
Sakson yoshida Amerikaning olis bir nuqtasini topib kelgan, butun vujudi bilan o’z zaminiga bog’liq Onaning gapi…
Bilasizmi o’sha gaz qayerga ketadi? Karimov Qashqadaryoga birinchi kotib bo’lganda qayerga ketgan bo’lsa, hozirga qadar ham o’sha joyga ketmoqda. Urusiyatga. Sakson yil gaz konlarining yonida yashagan ona esa, Amerikaga kelib, vataniga qaytib borishga yuragi zirqirab turibdi. Mana siz kuylagan Vatanning narxi, qashqadaryolik qahramon Addullo Orif!

Zulm emin-erkin quturar ekan…

28 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Mening tushunishim bo’yicha, DO’Kda “Erk” partiyasining vakillari deyarli mavjud emas. Qolaversa, DO’K ning ijrochi direktori bo’lib asli Birlikchi saylangan. Adashmasam, kongress degani bu ruscha qilib aytgandfa “tenevoy parlament” degani. Agarda “Oliy Majlis”da boshqa partiyalarning vakillari bo’lmasa u qanaqa parlament bo’ladi? (Yosh siyosatchi).

JAVOB: Parlamentga a’zolar tanlanmaydi yoki kirolmay qolganlar ham bo’ladi. Bu hazil.

Ammo ko’nglingiz to’q bo’lsin, agar Kongressning ijrochi direktori sobiq “Birlik”chi bo’lsa, raisi sobiq “ERK”chidir, qolaversa bugun istaymizmi-istamaymizmi bugungi reallik shuku “ERK” bir necha guruhlarga bo’lingan. Kongressda uning barcha fraksiyalaridan a’zolar bor. Yana istaganlarlar uchun eshiklar ochiq. Faoliyatlarni muvofiqlashtiraylik, demokratiyani yoyish borasida takliflarimiz bor, diktaturaga qarshi kurashning ta’sirchan yo’llarini topdik deganlar qaysi partiya yoki qaysi guruhga mansub bo’lishidan qat’iy nazar biz uchrashuvga, fikr almashishga tayyormiz.

“Serquyosh O’zbekiston” rahbari Sanjar Umarov demokratiya tarafdori va diktaturaga qarshi ekanligini aytgani bois u Vashingtonda kelganda biz (Abdumannob Po’lat bilan birgalikda-JM) Sanjar Umarov bilan uchrashganmiz. Bu uchrashuv bizga ko’p narsani anglatgan. Xuddi shunday, bundan keyin ham demokratiya tarafdorlari bilan muloqotlar davom etaveradi.

Kongressga a’zo bo’lganlar ro’yxatini bir necha bor e’lon qilganmiz. Hozir ham a’zo bo’layotganlar ko’p.

Bugunga kelib Kongressga rasman a’zo bo’lganlar soni yetti yuz kishidan oshdi. Ularning aksariyati yoshlar yoki boshqa guruh hamda partiyalardan turli sabablar o’zlarini chetga tortganlar, umuman olganda esa demokratiyaga tarafdor va diktaturaga qarshi bo’lganlardir. Jumladan, O’zbekistonning bir qator viloyatlarida demokratlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengashlarimiz bor. Bu kengashlar bugun diktatura rejimini yiqitishga qodir bo’lmasalar ham demokratiya nima ekanligini kam sonli odamlarga bo’lsa-da tushuntirishga qodir.

Agar har birimiz ana shunday nimadir qilsak va muloqotga ochiq bo’lsak, faoliyatlarni muvofiqlashtirish shuncha oson kechadi. Bu esa bugun zulm emin-erkin quturayotgan pallada juda muhimdir.

Turon g’oyasi bir kun amalga oshajak

29 Noyabr, 2005 yil.

SAVOL: Sizning “Keladigan Prezidentga nihoyatda og’ir bo’ladi” degan fikringizga ga to’la qo’shilaman. Chunki bir tomondan kadrlar defitsiti, ikkinchi tomondan xalqaro mafiya, uchinchi tomondan davlatning 15 yil davomida faqat kuch va qattiqqo’llik bilan boshqarilgani, yana bir tomondan iqtisodiy tanazzul (uni bir yilda yengib bo’lmasa kerak), xalqning to’planib turgan gazabi, hududiy klanlarning kuchi va boshqalar.
Manimcha ham Karimovdan keyingi Prezident uzoq vaqt tura olmasa kerak. Tarixdan ma’lumki, mamlakat hayoti normallashuvi uchun har bir diktatordan keyin ko’pincha bir nechta xalqparvar va demokrat liderlar almashadi, va boshqaruv yana biron bir harbiy yoki harbiylashgan kuchga tayangan yana bitta diktator qo’liga o’tadi. Siz shu holat O’zbekistonda ham takrorlanadi deb o’ylaysizmi? Va umuman, nima deb o’ylaysiz, bir necha yillardan keyin O’zbekiston nomli davlat bo’larmikan o’zi? (Davronbek).

JAVOB: Savolga aksar javobni o’zingiz bergansiz. Faqat qo’shimcha qilmoqchiman. Shunday holat O’zbekistonda takrorlanishi uchun juda chuqur zamin mavjud. Karimovning eng “katta” xizmatlaridan biri ham ana shunda. U mamlakatni poroxli bochka ustiga chiqarib qo’ydi.

Kelajakda O’zbekiston degan joy albatta bo’ladi. Shaxsan menga qolsa, O’zbekiston nomi Turkiston bo’lishini juda va juda istar edim. O’zbekiston degan nom bizga Lenin-Stalindan meros. Turkiston esa o’zligimizga qaytishdir. Bu amalga oshmaydigan orzuga o’xshaydi. Ammo Turon g’oyasi bir kun amalga oshajagiga ishonchim komil.

“O’zbeklar Kengashi” Karimovning
Vashingtondagi qora sharpasimi?

30 Noyabr, 2005 yil

SAVOLLAR:
-DO’Kning Jahon O’zbeklar kengashiga nisbatan bir pozitsiyasi bormi?
-Bu tashkilot nega “Barcha o’zbeklarning kengashimiz” degan nom olgan?
-Uning rahbarlari diktatura rejimining elchisi Komilov bilan ushrashgani va AQSHning markazida O’zbekistondan borganlar bilan tantanalar o’tkazishiga qanday qaraysizlar?
-Bu tashkilot AQSh zaminida tuzilgani holda Komilov bilan uchrashuvda nega Karimov rejimiga qarshi norozilik bildirmadi?
-Nega Andijon voqealari yuzasidan xalqaro tekshiruv o’tkazish talabiga qo’shilmadi?
-O’zbekistonda bugun Amerikaga qarshi katta kampaniya davom etmoqda, har kuni gazetalarda hukumat qarashini aks ettirgan qoralovchi maqolalar chiqqani holda demokratik davlatda tuzilgan O’zbeklar kengashi nega demokratiya manfaatlariga emas, diktatura manfaatlariga yon bosmoqda?
-“Amerika Ovozi” radiosining O’zbek bo’limi Karimov rejimi bilan hamkorlik qilayotgan o’zbeklarni nima uchun buncha targ’ib qilmoqda?
-Bu ham Amerikaning ikki yuzimi yoki Karimovning Vashingtondagi qora sharpasimi? (Komil va boshqalar)

JAVOB: Ana shunday savollar juda ko’p va savol berish bu insonlarning biz hurmat qiladigan , deyarli javobsiz qoldirmaslikka harakat qiladigan haqlari.
Demak, avvalo nom haqida. Har kim istagan nomini olishi mumkin va nom hech narsani hal qilmaydi. Masalan, ismi Islom bo’lib, jismi islomga qarshi bo’lishi mumkin. Yoki ismi Erkin bo’lib, o’zi diktatorga qul bo’lganlar qancha? Yoxud ismi Odil bo’lib, o’zi zolim bo’lganlar ozmi? Ismi Orif bo’lib, o’zi johil bo’lganlarni bilmaymizmi? Shuning uchun nomga qarab emas, faoliyatga qarab baho berish lozim.

Bu tashkilot tuzilishi bilan (19 Iyul, 2005 yil) men ularga yuborgan tabrik xatimda ularni demokratiyaga xizmat qilishga chaqirgan edim. Biz demokratiyaga tarafdor va diktaturaga qarshi bo’lganlar bilan hamkorlikka, munozaraga, bahsga ochiqmiz.

Balki bizning siyosatga aloqamiz yo’q, biz madaniyat bilan shug’ullanamiz deyishar. Ammo madaniyat siyosatning bosh farzandi. Madaniyat demokratiyaga zid bo’lsa, siyosat ham zid bo’ladi. Karimov siyosat bilan iqtisodni ajratib kelgandek gap bu! Siyosat bilan madaniyatni ham ajratish mutlaqo mumkin emas. Qolaversa, zulmga qarshi haq gapni aytguvchilarning aksariyati madaniyat vakillari ekanligini hamma biladi.

Amerikadagi ko’pgina o’zbekistonliklar “Turkistonliklar” jamiyatidan uzoq turadi. Chunku ularni zulmga qarshi haq gapni aytishmaydi deb bilishadi. Bunda esa qisman jon bor. Masalan, bu tashkilot vakillarining saylovlar oldidan yoki ortidan O’zbekiston matbuotida Karimovni ulug’lovchi suhbatlari chiqib turgani bunga kichik bir misol. Lekin shuni ham e’tirof etish kerak-ki, Andijon voqealaridan keyin AQShda yashayotgan aksar turkistonliklar ham darg’azab bo’ldilar.

“O’zbeklar kengashi” deb bir tashkilot tuzilgan kezda biz juda ko’p savollar olgan bo’lsakda baribir quvongandik. Tashkilotlar ko’paysin degan qarashimiz bor. Lekin biz ham Vashington atrofida yashaymiz va odamlar fikrimizni bilishga qiziqadilar. O’shanda ochiq fikr bildirmasdan “qani kutaylik-chi” degan safdoshlarimizning taklifiga qo’shilgandik. Mana oradan qariyb yarim yil o’tib, bu tashkilot yana savollar uyg’otganini ko’rib turibmiz. Shunday savollar shaxsan mening o’zimda ham bor. Nega?
Bugun butun demokratik dunyo Karimov rejimini tanib bo’ldi va undan yuz o’girmoqda. BMT bu rejimni qoraladi. Avropa Ittifoqi ham qoraladi. Shunday kezda AQSHdek demokratik davlatning erkin qonunlaridan foydalanib tuzilgan bir tashkilot diktatura rejimining elchisi bilan “og’iz burun o’pishsa” va buni faxr bilib targ’ib etsa, ammo mamlakatdagi zulmga fikr bildirmasa bu o’ylab ko’rishga molik voqea.

Albatta har bir odamning va har bir tashkilotning boshqa odam va boshqa tashkilotga nisbatan o’z positsiyasi bo’lishi kerak. Men boshqalarning ham fikrlari bilan qiziqdim, chunki bizning oramizda bugun turli fikrlilik mavjud va har qanday qarash kamsitilmaydi, fikrga qarshi fikr bilan munosabat tashkil topgan. Mana ulardan ba’zilari:

Muhammadbobur Malikov(AQSh): JO’K nomi ostida birlashganlarning kim bilan ekanliklari va qanday yo’ldan yura boshlaganlari tezda maqsadlarini ko’rsatib qo’ydi. Biz demokratiyani qo’llamagan va diktaturaga xizmat qilgan bunday guruhlarga o’z vaqtida bahosini berishimiz, kerak bo’lsa bir murojaat bilan chiqishimiz shart.
Farhod Inog’omboyev (AQSh): Men bu tashkilot ortidan yaxshi gaplar eshitmayapman. O’zbekistonda qon to’kkan rejimni demokratik mamlakatlar yolg’izlatib qo’yish bilan bosim o’tkazayotgan bir paytda ana shu demokratik davlatlarda yetishayotgan kishilar uning tegirmoniga suv quymasliklari kerak. Ulardan ba’zilarining “biz ehtiyot bo’lib ish tutishimiz kerak” degan gaplari ularni oqlamaydi.
Ismat Xushev (Kanada): Bu tashkilot tuzilganda men tabriknoma yo’llab, ularga omad tilagandim. Lekin ularning Komilov bilan uchrashuvdan keyin maqtanishlari va Vashingtonda Karimov rejimini fosh etish o’rniga konsertlar uyushtirishayotgani fikrimni o’zgartirdi. 15 yil davomida Islom Karimovga astoydil xizmat qilib, oxirida tahqirlangan yigit sifatida mening yo’lim ularga saboq bo’lsin. Bu rejim hech qachon sizga yaxshilikni ravo ko’rmaydi, sizni qo’llanadi, xolos.
Kamoliddin Hamzayev(Toshkent): Bunday tashkilotlar qancha kop bo’lsa shuncha yaxshi, biri bo’lmasa, biridan chiqqani albatta bu rejjimni qulashiga yordam beradi, mamlakatni rivojlantirishiga hissa qo’shadi. JO’K tashkilotchilari ozmi-ko’pmi bir muddat AQSH da yashagan, demokratiya havosini totgan yigitlar, ba’zilari hatto Kolumbia universitetida ham tahsil olishlarini bilaman. Bunday yigit-qizlarni Karimovga xizmat qilishlariga ishonmayman…qaniydi yana shunday turli yo’nalishdagi tashkilotlardan o’nlab, yuzlab tashkil etilsa. Amerikada “Amerika- O’zbek qizlari tashkiloti” “Afg’on O’zbeklari Amerika tashkiloti” “O’zbek Amerika Talaba tashkiloti” va hokazolar. Har birini zamirida o’zi bilmagan, sezmagan holda o’zbek degan so’zni, millatni tanitish, bildirish, birga to’plash, birlashtirish kabi ma’nolar yotmayaptimi?
Bobur Isayev(AQSh): Bu tashkilot tuzilishidan maqsad AQShdagi yoshlar, yani qisqasi bizlar muxolifat tamonga o’tib ketmasligimizning oldini olish va bizning orqamizdan ayg’oqchilik qilsh bo’lsa kerak? Lekin biz undan cho’chimaymiz… O’zbekistonda ham cho’chimaganmiz haqiqatni aytishdan…endi ham…
Abdumannob Po’lat(AQSh): Amerikadagi O’zbeklarning bir necha tashkilotlari bo’lsa – buning nimasi yomon? Bizni (Dem Qurultoy) Amerika bo’limimiz (hozircha tashkilotimizning asosiy qismi) – O’zbekiston hukumatini ko’p masalalarda tanqid qiladigan guruh, ular esa – hukumatga yaqin. Buni ko’pfikrlilik, plyuralizm deyiladi. Kelinglar, siyosiy kurashning madaniy (“civil”) yo’llaridan boraylik. bag’ri kenglik, toqat, “arqonni uzoq tashlash”, “yetti o’lchab bir kesish” … kerak.
Zokir Ali: (AQSh): Jahon O’zbeklari Kengashi qay yo’nalishda boradi, tutgan yo’li va go’yalari qanday? Bu borada aniqlik kiritilsa ko’pchilik ham fikr egasi bo’lgan bo’lardi…Men ular uyushtirgan “piknik”ka borgandim va doim rus tilida gapirishlaridan norozi bo’ldim…
Jamshid Ochilov(AQSh): Bu tashkilotda muloqot tili ruscha va inglizcha bo’ladi deb tartib o’rnatishibdi. A’zo bo’lgan ba’zi do’stlarim norozi bo’lib “O’zbekcha va Inglizcha bo’lsin” deyishsa ularni tashkilotdan chiqarib yuborishibdi. Rus tiliga mehr qo’ygan yangi diktatorlar tug’ilayotgan ko’rinadi…

O’zbek demokratlari orasida shu ruhdagi fikrlar bor va bu bejiz emas. Bu esa ularning bu tashkilotga nisbatan pozitsiyasi hamdir. Agar bu tashkilot kelgusida O’zbekistonning diktatura rejimi bilan hamkorlikni davom ettirsa, biz pozitsiyani yanada keskin qo’yishimiz mumkin. Chunki diktatura rejimining har qanday unsuriga qarshi o’z pozitsiyani oshkor aytish bu demokratlarning vazifasidir. Hozir esa ularga o’z fikrimizni yetkazish bilan cheklanmoqdamiz.

“O’zbeklar Kengashi” Karimovning Vashingtondagi qora sharpasimi? Bu savolga javobni JO’K kelgusida o’z bayonotlari va faoliyati bilangina berishi mumikin.
Balki ular 10 Dekabrda o’tkazadigan tantanalari oldidan O’zbekistonning bugungi tarixi haqida to’xtalib, Karimov rejimini qoralayotgan BMT, Avropa Ittifoqi va AQSH kongressi hamda hukumatini qo’llab-quvvatlagan holda Karimovni sudga tortish, Andijon voqealari ustidan xalqaro tekshiruv o’tkazish va siyosiy mahbuslarni ozod qilish, hamma narsani G’arbga to’nkab, Amerikani qoralash propagandasiga chek qo’yishga chaqirishar?

Balki harbiy shartnoma tuzish yo’li bilan mustaqillikni “qizil” Kremlga sotilishini qoralab chiqishar? Zotan bu hol turli sabablar bilan chetga chiqib ketgan va demokratiya erkinliklaridan bahramand bo’layotgan har bir o’zbekni befarq qoldirmasligi kerak. U bugun dunyo jamoatchiligiga qo’shilib demokratiyani qo’llamasa, ertaga uning sayi harakatlaridan foyda yo’q, uning o’zini oqlashga topgan bahonalari ham samarasiz qolishi mumkin.

Bu tashkilot Vashingtondagi marosimdan tushgan mablag’ning bir bo’lagini Orol bo’yiga jo’natishini aytmoqda. Yaxshi niyat. Shundan kelib chiqib, balki Orol bo’yi uchun 15 yilda butun dunyodan borgan millionlab dollarlar kimning cho’ntagiga ketgani haqida ham hisob talab etishar va bosh-qosh bo’lib buni tekshirish lozimligini uqtirishar?! Shunday xayrli harakatning tashabbuskori sifatida chiqishsa tabiiyki ularga rahmat aytish kerak bo’ladi.

Karimov rejimi bitmoqda. Bu rejim jinoyatlari uchun sud qilinadi. Uning jinoyatlariga sherik bo’lganlar ham sud bo’ladi. Shunday kezda bugun aldanib hukumatning xizmat aravasiga tushgan yoshlarning ba’zilari ham o’shanda “Sen Karimov rejimiga qulluq qilgansan” deya xalqning nafratiga yo’liqishmasin degan andisha bor. Yoshlik olovlik. Ana shu o’z olovida yonib ketmasligi, diktatura tuzog’iga ilinmasligi va aksincha ularni demokratiyaga xizmat qilishi uchun chorlash bizning burchimiz.

“Amerika ovozi” haqidagi savolga kelsak… Hammaning yodida, bir paytlar O’zbekiston elchixonasi tomonidan qo’llangan rus tili og’irlik bosgan “Uzland” degan veb sahifa bo’lardi va doim Karimov rejimini targ’ib qilardi. Bu sahifaning tashkilotchisi Odil Ruzaliyev “Amerika ovozi”ga ishga o’tgandan keyin “Vebsayt Karimov rejimi tomonidan bo’g’ilmoqda” deya xabarlar tarqatdi. Ammo men ishonmadim. Nega? Vebsaytning “Taniqli shaxslar” bo’limini ochsangiz bunga javob topasiz. Diktaturaga xizmat qilayotgan “qahramon” Erkin Vohidov va Abdulla Oripov singari maddohlar tanlangan va ularning birortasidan O’zbekistondagi repressiyalar, inqiroz haqida so’ralmagan, aksincha “jannatmakon” yurt haqida gap borgan. Shu bilan birga diktaturaga qarshi turganlarga zarra qadar o’rin berilmagan. Agar bu veb sahifada Dadaxon Hasan, Yusuf Juma, Yodgor Obid, Muhammad Solih kabi ijodkorlar bilan ham suhbatlar berilganda balki bu gaplarga ishonish va vebsayt Karimov rejimi tomonidan ta’qibga uchragandur deyish mumkin.

Bugun bu sahifa ko’ylaklarga shiorlar yozib berish xizmati bilan band ekan. Agar “Karimov diktator!”, “Karimov Andijonda nega qon to’kding!” kabi yozuvli ko’ylaklarni sotganda ham yuqoridagi gaplarga ishonardik.

Ha-ya, “Amerika ovozi” bu hukumat radiosi va uning xodimlari siyosatdan yiroq turishlari kerak. Lekin diktatura rejimiga qarshi bir qator tadbirlar, bayonotlardan ko’z yumgan holda “Jahon o’zbeklar kengashi”ni nafaqat radioda balki AQSHdagi o’zbeklar orasida ham bevosita targ’ib qilayotganlar orasidan o’rin olishgani qiziq.
“Amerika ovozi”da ishlayotganlardan ba’zilari Demokratik O’zbekiston kongressi a’zolariga bevosita murojaat qilib, JO’Kga qo’shilishni so’rashganini bilamiz. Boshqalar targ’ib qilsa va o’z yo’liga ishontira olsa qandini ursin, ajablanadigan joyi yo’q! Ammo tarafsizmiz deya har kuni jar soladiganlarga bu yarashmaydigan ish. Ular avval o’z vazifalarini qoyil qilib bajarishlari kerak.

Men “Ozodlik” va bu radio buysunadigan “BBG” degan idoraga va AQSH kongressiga qilgan murojaatimda kelajakda bu xizmatning xodimlarini saqlab qolgan holda uni “Ozodlik”ka qo’shishni taklif etgan edim. Afsuski, “Jahon O’zbeklari kengashi” soyasida ularning ham suvratlari ko’rinib qolmoqda. Demak, ularga ham xulosa chiqarib olishlari uchun biz tinglovchilarning fikrimiz zarur va aytib turishimiz, pozitsiyamizni bildirishimiz kerak ekan. Chunki ular biz to’layotgan soliqlar hisobiga maosh oladilar va bizning esa soliqlar natijasi haqida qayg’urishdek mas’uliyatimiz bor.

Biz bugun JO’Kni to’g’ridan to’g’ri yoki boshqalarni ayblamadik.Biz o’zbeklar bo’lganimiz va bu tashkilot nomi O’zbeklar Kengashi bo’lgani uchun bugungi vaziyatdan kelib chiqib o’z qarashlarimiz, o’z pozitsiyamizni ochiq bildirdik, xolos. Zotan, biz yashayotgan demokratik jamiyatning eng buyuk ustunlaridan biri fam so’z erkinligi, qarashlarni ochiq aytish erkinligidir!

Diktatorni tanqid qilib…

2 Dekabr, 2005 yil

SAVOL: Jahongir aka, javoblaringizning birida “Agarda men Prezident bo’lib qolsam va zarurat tug’ilsa ertasi kuni kursini bo’shatib, demokratik saylovlar orqali boshqasiga topshiraman”ga o’xshash fikrni yozgandingiz. Hozir ham shu fikrdamisiz?(Yosh siyosatchi),

JAVOB: Albatta, kecha aytib, bugun qaytadigan odatim yo’q. “Lekin prezident bo’lsam…” degan iborani xushlamayman. Chunki hech qachon shunday orzuim bo’lmagan. Bugun ham prezident bo’lish orzuim yo’q. Ammo O’zbekistonni qutqazishga qodir odamga qo’limdan kelgani qadar yordam berishga hozirman.

Agar Demokratik O’zbekiston Kongressi raisligiga sha’ma qilayotgan bo’lsangiz, mana AQSHda ro’yxatdan ham o’tib, rasmiy tashkilotga aylangan Kongressning faoliyatini bugun birov yaxshiroq yo’lga qo’yaman, buning uchun mana bunday imkoniyat va rejalarim bor desa va bir ikki amaliy ish ko’rsatsa men darhol yig’ilish chaqirib, raislikni unga topshirishga hozirman. Abadiy rais bo’lib yurish bu diktatorlik kasaliga mubtalo bo’lganlikning isboti ekanligini tushunaman..Diktatorni tanqid qilib, diktatorga aylanishdek sharmandalikdan Xudo saqlasin!

Hech kim yuqoridagi iddao bilan chiqmagan taqdirda ham men qoidada belgilangan muddatdan ortiq raislik qilmayman! Aslida yoshlardan birini yetishtirib, xizmatni unga topshirish rejasi bilan bu ishga kirganman. Tabiiyki Kongress a’zolari bu taklifimni qo’llasalar. Balki ular boshqa yo’lni tanlab yoki boshqa nomzodni qo’llasalar men ham o’sha yo’lni qo’llayman. Bu demokratiya.

Unga qadar ham yaqin kelajakda ishlarning siyosiy-tashkiliy qismini Kongressning O’zbekistonda saylanadigan raisiga topshirib, o’zim esa AQShdagi guruhimiz bilan birga tashkilotning bu yerdagi faoliyatini jonlantirmoqchimiz. Ayni paytda Kongressning bir qator boshqa o’lkalarda ham bo’limlarini ochish niyatimiz bor.

Kongressning AQShdagi tashkiloti va xorijiy bo’limlarimiz O’zbekistondagi bo’limni qo’llab-quvvatlagan, u bilan chambarchas ishlagan holda AQSH va o’zi joylashgan mamlakat qonunlari charchavasida ish tutadi: demokratiyani yoyish, qurultoylar, konferensiyalar uyushtirish, demokratiyani targ’ib qiladigan nashrlarni yo’lga qo’yish, filmlar suratga olish, muxolifat faollari mashg’ulotlarini o’tkazish, uchrashuvlar, taqdimotlar tashkil qilish, shu sohaga qaratilgan dasturlar tayyorlash, siyosiy tahlillar, tadqiqotlar qilish, media, inson huquqlari, saylov monitoringlari o’tkazish, siyosiy kadrlar yetishtirish markazlarini yuritish, qochqinlar-muhojiratdagilarning ijtimoiy-madaniy muammolariga ko’maklashish, xayriya tadbirlari kabi keng qamrovli vazifalarni bajarishga kirishadi.

Karimov rejimi sud qilinishi shart

4 Dekabr, 2005 yil

SAVOLLAR:
-Vatandan tashqarida odam juda ham uyini sog’inadi. Shu bilan birga yurtimiz Yevropa yoki Amerikadan ham yaxshiroq hayot darajasiga yetishi mumkin ekanligiga ishonchim kuchayadi. Chunki bizda rivojlanish uchun hamma asos bor. Afsuski, buni mamlakat boshqaruvidagilar to’sib turibdilar. Karimovni har yili ana o’larmish mana o’larmish deyishadi, lekin u har doimgidek tellevizorga chiqib olib “Nuqtai nazardan olganda..” deb gap boshlab kishini asabiga tegadi.
-Aytolmaysizmi o’zi u rostdan ham o’ladimi, kasal-mi yoki bu hammasi mish-mishmi?
-Ketar kuni yaqinlashib qolgan diktator bilan hamkorlik qilish mumkinmi?
-Karimov va uning odamlari sud qilinishlari kerakmi yo’qmi? (Samandar , Yo’ldosh, Husanjon)

JAVOB: Bilasizmi, o’limni bashorat qilisni bilganimda yoki boshqa odam bilganida bugun dunyoda ko’p narsalar boshqacharoq bo’lardi. Balki shuning uchundir bu vakolat insonlarga berilmagan va hatto shirkning turlaridan biri o’laroq sanaladi.

Uning kasalligi haqida esa ilgari yozgandim. Bugun puli bo’lsa do’xtirlar uni bir necha yil “sudrab” yurishlari mumkin. Butun O’zbekistonning boyliklari va butun xalqning hissalari esa uning izmida. Lekin aniq narsa shuki, u abadiy emas va u yog’idan bu yog’i yaqinlashgan.

Shunga qaramay:
Hali ham uni qo’llagan maddohlar bor.
Hali ham u bilan ishlashni orzu qilganlar bor.
Hali ham u bilan hamkorlik qilish mumkin deganlar ham bor.
Hatto muxolifat saflarida ham shundaylar uchraydi. Ular hech kim bilan yomon bo’lmaslik uchun ba’zan o’zlarini “markazchi” ham deb ataydilar. Biz demokrat bo’lganimiz uchun ularga toqat qilamiz. Ammo bugungi o’zbek jamiyatida markazchi bo’lish mumkin emas. Demokratik jamiyatda so’lchi, o’ngchi, markazchi bo’lishingiz mumkin. Diktatura jamiyatida esa yo hukumatchi yoki muxolifatchi bo’lasiz. Bu juda oddiy haqiqat.
Ba’zilarda esa hamma bilan yaxshi bo’lish istagi bor. Hamma bilan yaxshi bo’lish “siyosati” yaxshi. Ammo bu haqiqiy siyosat emas. Haqiqiy siyosatda o’z qarashingiz va o’z pozitsiyangiz bo’lgani uchun hammaning ko’nglini topa olmaysiz. Agar hamma bilan yaxshi bo’laman desangiz u holda diktaturadan ham ko’z yumib, Andijon voqealari kabi qatliomlarga bahona topib, muxolifatchilikni yig’ishtirib, ziyofatbozlik, tomoshabozlik qilishga o’tish kerak.

Mening bu qarashlarim menga maktub yozadigan, bizning tashkilotimizga a’zo bo’lgan yuzlab muxolifatchilarning qarashlariga uyg’un. Men shaxsan Karimovdan keyin O’zbekistonni tahlikali kunlar kutayotganiga ishonsamda Karimovni zarra qadar ham qo’llamayman, uni jinoyatchi deb hisoblayman, bunga juda ko’p asoslarim bor. Uning rejimini esa g’ayri qonuniy, kuch bilan hukumatni bosib olgan mafiya, korrupsiya guruhi deb hisoblayman.
Bugun “Almatov Olmoniyada sayramoqda, hamma narsani aytib bermoqda, uning oilasi va bolalari allaqachon Toshkentdan chiqib ketganlar” degan gaplar yuribdi. Bu rost bo’lib chiqsa, Karimov bitdi degan gap.

Hamkorlik haqidagi savol tug’ilishiga esa opa-singil Hidoyatovalar rus matbuotiga kun ora suhbat berib, maqsadlari O’zbekiston hukumati bilan dialog ekanligini zo’r berib uqtirayotganlari, Kremel bilan Karimov tuzgan sharmandali shartnomani oqlash poygasida Oqsaroy maddohlaridan o’zib ketoyotganlari bois bo’lgandir? Shuncha voqealarni ko’rib turib, boshlarini beton devorga urib ham ko’zlari ochilmagan bo’lsa, bu holda savol tug’iladi, bu ko’z asli ochiqmidi?

Balki meni Karimovga qarshi “allergiyasi” bor deb aytishlari ham mumkin. Ha, “allergiyam” bor. U O’zbekistonni botqoqqa tiqdi. U xalqni ma’naviy, moddiy va iqtisodiy jihatdan yuz yil orqaga itqitdi. U mustaqillikni sotdi. Bu borada 15 yil davomida xavotirimzini aytib keldik, ko’pchilik ishonmadi, mana endi ko’rishdi. Shung uchun ham uning rejimi sudga tortilishi kerak. Bu talab esa bizning tashkilotimizning asosiy talablaridan biridir.

Biz demokratlarmiz. Hamma qarashlarni eshitamiz, hurmat qilamiz va ularga o’z qarashimiz bilan javob beramiz. Lekin shu ham aniq bo’lishi kerak-ki, asosiy talablarimizda metin turamiz. Bu gaplar balandparvoz ko’rinishi mumkin. Ammo bu rejim shuni haq etdi.
Qarshi fikrlarni eshitishga va bahsga hozirman.

Zulmga bo’ysunmaslikni o’rgatish…

29 Dekabr, 2005 yil

SAVOL: Men bir maqola o’qidim, unda muallif sizlarni, tashqaridagi muxolifatni hech narsaga qodir emas deb yozgan, shunga nima deysiz? (Fazliddin, 29 Dekbar, 2005 yil).

JAVOB: Siz aytgan muallifning nazarida shunday bo’lishi mumkin. Chunki inson o’zining hech narsaga qodir emasligini anglab qolganda boshqalarda ham shuni ko’rgisi keladi.

Bu deganim biz ertaga Karimov rejimini ag’darib tashlaymiz, shunga qodirmiz deganim emas. Bunday axmoqona va mas’uliyatsizlarcha fikrdan yiroqman. Biz o’zimiz chetda turib tanklarga, “BTR”larga qarshi kesak va kaltak bilan chiqish uchun xalqni ko’chalarga boshlamaymiz. Andijon voqealaridan besh kun oldin aytganimni bugun ham takrorlayman. Agar ming kishi chiqsa ham, besh ming kishi chiqsa ham Karimov otadi! Shuning uchun ham biz kurashning Gandi usulini qo’llab-qo’llaymiz. Bu xalqni o’limga emas, hurriyatga olib boradigan yo’l. Bu zulmga bo’ysunmaslik yo’li!

Bugungi aksilinsoniy rejim yengiladi, bu rejim ichidan bitgan! Millatning vujudiga saraton kabi tarqala boshlagan bu illatdan qutulamiz. Xuddi bugun saraton kasalini yengayotgan ruhan kuchli insonlar kabi.
Tibbiyotda bir falsafa bor:
Uch odam og’ir holda ayni tashhiz bilan kasalxonaga olib kelinadi.
Biriga doktor:
-Kasalingiz juda o’tib ketibdi, bizning qo’limizdan hech narsa kelmaydi, oila a’zolaringiz bilan xayrlashib oling,-deydi.
Bemor tezda olamdan o’tadi.
Ikkinchisiga doktor:
-Hamma narsa o’zingizga va dori-darmonlarning ta’siriga bog’liq,-deydi.
Oradan ko’p o’tmay bu bemor ham o’ladi.
Uchinchisiga esa:
-Siz yashaysiz, inson har qanday kasallikni yenga oladi, bu hech narsa emas, sizni qutqaramiz, bu ishni o’zingiz bilan birgalikda qilamiz, mana ko’rasiz otdek bo’lib ketasiz,-deydi.
U tirik qoladi va uzoq yashaydi.

Shunga qaramay bugin tibbiyot olamida tortishuvlar davom etmoqda. Kimdir bemorga hamma gapni ochiq aytish kerak desa, kimdir yo’q, uni aldash kerak deydi va yana bir guruh unga umid berish zarur, umid insonning yarim hayotidir deydi va hokazo.
Bizning qo’limizdan keladigani bugun odamlarga umid ulashish, ularga kurash yo’llarini anglatishdir. Bu shunchaki gap bilan emas. Tashkilotlanish, turli tadbirlar, turli nashrlar va boshqa yo’llar bilan.
Biz hurriyat uchun kurashning tinchlik yo’lini tanlagan kishilarmiz. Biz qon to’kilishiga, urushga, begunoh odamlar qurbon bo’lishiga qarshimiz. Bu bir qarashda kurashmaslikka o’xshab ko’rinadi, ammo asl kurashni ana shunda deb bilamiz. Biz umid ulashuvchilarmiz. Chunki umid o’lgan kuni odam o’ladi, umid o’lgan kuni millat o’ladi.

Demak, har kim qo’lidan kelganini qilsa kimnidir, nimanidir qutqarishi mumkin, nimagadir erishish mumkin.
Saroy maddohlari uylaridan chiqmay, yozmay, gapirmay o’tirsalar bu ham katta ishdir.
Ziyolilar katta minbarlardan qo’rqsalar o’zaro davralarda demokratiya nima ekanligini odamlarga tushuntirsalar bu ham jasoratdir.
O’z borligini ko’rsatib turish uchun rejimga “hassa” bo’lmasa gapdan qolmas-mahmadanaga ham rahmat!
Bir kishiga bo’lsa ham hurriyat nima ekanligini anglatgan, umid ulashgan kishiga ming bor tahsin!
Chunki zulmga bo’ysunmaslikni o’rgatish jangohda qon to’kishdan ham og’irdir!
Demokratik O’zbekiston Kongressiga kirgan faollar buning idrokidalar. Shu bois ularni hech narsaga qodir emas deb faqat hech narsaga qodir bo’lmagan odamlar aytadi.

Bahodir Matlyubov

5 Yanvar, 2006 yil

SAVOL: Bugun O’zbekiston Ichki Ishlar vaziri etib tayinlangan Bahodir Matlyubov haqida nima deya olasiz?(“Ozodlik” radiosi,).

JAVOB: Bahodir Matlyubovni Samarqandda “Lenin Yo’li” (“Zarafshon”) gazetasida ishlaganimdan bilaman. O’sha kezda bosh muharririmiz Ahmadjon Muxtorov uning otasi haqida ko’p iliq gaplarni aytar va Bahodir tez-tez tahririyatga kelib Ahmadjon akani ziyorat etardi. Biz u bilan tenqur edik. Keyin bilsam otasi va Ahmadjon aka yaqin do’st bo’lishgan va Ahmadjon aka Bahodirga o’g’li kabi qarar ekan.

“Sovet O’zbekistoni” gazetasining Samarqand viloyat bo’yicha muxbiri ekanligimda u Jinoyat qidiruv boshqarmasida ishlar edi, keyin otasi uzoq yillar ishlagan joy – Siyob tumani ichki ishlar bo’limiga rahbar bo’ldi.

Men xalq deputati etib saylangach, birinchi sessiyadan keyin Toshkentdan qaytishimda Samarqand aeroportida odamlar bilan gaplashib qoldim. Shu yerda kimdir cho’ntagimdan hujjatlarimni olib ketibdi. Siyob tuman Ichki ishlar bo’limiga bordim. Bahodir tezda topib berishini aytdi. Darhaqiqat uyga yetib borganimdan ko’p o’tmay u hujjatlarimni yetqazdi. Hayratda qoldim. Shunda bir dos’tim “Kissaburlar tizimini Bahodirdan yaxshi biladigan odam yo’q” degan edi.

Meni 1993 yil 17 Aprel kuni ushlashganda u Samarqand viloyat IIB boshlig’ining birinchi o’rinbosari edi. Bu paytda u Karimovning mehrini qozongandi. Meni ushlashganda viloyat IIBdagi bir qator tojik yigitlar qarindoshlarimga qo’pol muomalada bo’lishgan, qiynashgan, iskanjaga olishgan va qattiq tazyiq o’tkazishgan. Keyin mening ishim bevosita Matlyubovga topshirilgan. Unda millatchilik yo’q edi va qarindoshlarimga nisbatan tazyiq kamayganini e’tirof etishim kerak.

Har holda uning Karimov bilan yaqinligi uchun Samarqandda boshqalar u yuritgan ishga burun suqishmagan, deb o’ylayman. Lekin u mening ishim haqida Karimovga shaxsan hisob berib turganidan xabarim bor. Shu orada uni Buxoro viloyatiga IIB boshlig’i etib tayinlashganda ko’nglimdan Karimov uni Almatovning o’rniga tayyorlamoqda degan gap o’tgandi. Ammo uning yumshoqligi va gapirganda lahjasi borligi bu fikrimni tarqatib yuborgandi. 1997 yilda u IIV birinchi o’rinbosari, keyin Bojxona rahbari bo’lganda uning eng yuqori cho’qqisi shu deb o’ylagandim.

Karimov avval Almatov o’rniga Anvar Solihboyevni tanlashi IIVda ko’p noroziliklarga sabab bo’ldi. IIV va MXX o’rtasidagi dushmanchilik bunga sabab bo’lgan bo’lishi ham mumkin. Balki Karimov Matlyubovni qo’yish uchun Solihboyev haqida gap chiqargan ham bo’lsa ajab emas. Bu uning eski taktikasi. Solihboyev sharpasidan qaltirab qolganlar Matlyubovni o’zimizniki deb xursand bo’lishlarini kim-kim Karimov yaxshi tasavvur qila oladi.

Ammo keyingi yillarda Matlyubovning yumshoqlik bilan xamirdan qil sug’irishi “mahorat cho’qqisi”ga chiqqani aytiladi. Ayniqsa, odamlarning cho’ntagiga narkotik modda tashlab ushlash avj olgani uning ko’p yillar jinoyat qidiruv boshqarmasida ishlagani bilan bog’lanadi. Chunki bu boshqarma tarixida doim odamlar narkotik modda bilan ushlangan. Matlyubov IIVda birinchi o’rinbosar bo’lgan yillar shu “tajriba” juda ham “gullab” ketdi.

Shu narsa aniq-ki u Mirziyoyevning emas, Karimovning odami. Agar Karimov unga Mirziyoyevga xizmat qilasan desa uni ham qoyillatadi.
Xulosa qilib aytganda, Matlyubovning IIVga vazir etib tayinlanishi ikki narsani ko’rsatadi:
Birinchidan, bu Karimov o’ziga ishonmay qolgani va juda xavotirda ekanini;.
Ikkinchidan, Matlyubovning vazir bo’lishi IIV Almatov davridagi kabi jallodning boltasi bo’lishda davom etishidan darak.

Qolaversa mamlakatning tojiklar yashaydigan joylarida vaziyat juda keskin. Jumladan, Samarqand va Buxoroda ham. Karimov Samarqandda barcha prokuror va mirshabboshilarni almashtirishga buyruq bergani bulan vaziyat yumshagani emas. Shaharda, xususan shaharning bir paytlar Matlyubov ishlagan Siyob qismida, tojiklar orasida vaziyat keskin va odamlar rejimdan noroziliklarini har kuni ko’rsatmoqdalar. Karimov Matlyubov timsolida balki bunga ham javob ko’rgan bo’lishi mumkin.

Toshnu toshga uring!

9 Yanvar, 2006 yil

SAVOL: Demokratiya haqida ko’p gapiriladi, lekin O’zbekistonda demokratiyaga erishish mumkin emas. Nahotki shuni tushunish qiyin bo’lsa? ( Akmal).

JAVOB: Demokratiyaga erishish mumkingina emas, balki baribir erishiladi. Bu insonning hayotiy, abadiy ehtiyoji. Bugun “Ozodlik” radiosining “Qurultoy” dasturini eshitsangiz xuddi ana shu masalani muhokama etdik va barcha qatnashchilar O’zbekistonda demokratiya tuyg’usi borligini aytdilar.
Mazkur dastur oxirida men bir rivoyat keltirdim. Shuni sizga ham aytmoqchiman.

…Bir o’rmonda dahshatli Yuho, ya’ni ajdarho paydo bo’libdi. To’ymas, qo’liga tushganini qo’ymas ekan. O’ljasini hatto so’ymas, tiriklayin yutar ekan. U butun o’rmon jonivorlarini yeb bitirib, har tunda atrofdagi qishloqlarga chiqib, odamlarni yutib qaytadigan bo’libdi. Bu shum xabar dunyoga tarqalibdi. Yuhoga qarshi urush ochilibdi.
Sipohlar qichqirgancha o’rmon ichiga kirib ketib, qaytib chiqmas emishlar.
Ne ne pahlavonlar, ne kamonchilar ko’krak kerib o’rmonga kirishar ammo qaytib chiqmas ekanlar.
Shu zayl odamalr kamayib, Yuho buyuklashib ketaveribdi.
O’rmonga yaqin joyda bir yigit har kuni toshni toshga urib o’tirar ekan.
Uni ogohlantirsalar ham, qo’lidan tortib olib ketaman desalar ham qimirlamas emish. Oxiri uni masxara qilib, ustidan kula boshlabdilar.
Uni jinni, aqldan ozgan debdilar.
Uni kuchsiz, nimjon debdilar.
Uni xalq kurashidan chetga chiqib qolgan darvesh deb hisoblabdilar va unga qo’l siltab parvo qilmay qo’yibdilar. Ammo kurash to’xtamas va Yuho buyuklashib boraveribdi. Nihoyat bir kun haligi darvesh bola bir-biriga urib o’tirgan toshlardan uchqin chiqib, o’rmonga o’t ketibdi. Yuho jizg’anak bo’libdi…

Bu bir rivoyat. Ammo ko’p narsa ana shunday kichik bir uchqunga bo’g’liq. Bu uchqunni hosil qilishga esa har qanday odam qodir. Har kim ham nimadir qila oladi. Qilich tutish, ot minish qahramonlikdur? Ammo uchqun berish asl qaharmonlik!

O’zbekistonda minglab, balki millionlab yoshlar mushtni boshga, toshni toshga urib yurganlari aniq va bir kun ularning uchqunlaridan boshlangan alanga bu rejimni jizg’anak qiladi.

Bu uchqun balki bugun, balki ertaga, balki ancha keyinroq chiqar. Ba’zan uchqun alangalanmasdan so’nib qolar, balki ba’zan so’ndirishar. Ammo gap shundaki, bu ishga kirishgan yigit bir o’zi emas. Kundan kunga ko’payib borishmoqda. O’sha mushtni boshga, toshni toshga urib yurgan yigitlar Yuhoni emas, ozodlikni, hurriyatni, demokratiyani istaydilar. Bu ularning vujudlaridagi o’lmas tuyg’u, ular bilan birga tug’ilgan va ulardan avlodlariga ko’chadigan abadiy tuyg’udir!

Siz ham toshni toshga uring, mana ko’rasiz uchqun chiqadi!

Oriyati bo’lgan millat…

12 Yanvar, 2006 yil

SAVOL: Agar Karimov o’zidan keyin Gulnorani prezident qilib qoldirsa bizni nimalar kutishi mumkin? (Sobit).

JAVOB: Bu Karimov istamagan ehtimol. Ammo ko’pincha u o’zi istamagan ishlarni ham qiladi. Chunki u o’z ichidagi “men”ga ham ishonmaydi va uning ziddiga, uning aytganlariga qarshi boradi. Shuning uchun sizning xavotiringiz ham bekor emas. Lekin men hali Gulnoraning prezident bo’lishiga to’la ishonmayman. Harakat qilmoqda va atrofiga maddohlarni to’plamoqda. Moskva ham uni oldinga chiqarmoqda.

Bu boshqa masala, ammo sizning savolingizga bugunga qadar yuz berganlar va yuz berayotgan voqealardan kelib chiqib shunday javob berish mumkin. Xudo ko’rsatmasin, Gulnora prezident bo’lsa:

1.O’zbekiston G’arbdan butunlay ihotalanadi va Rossiyaning bitta qoloq viloyatiga aylanadi. Chunki G’arb nazdida u jonoyatchi va sud hukmi bilan aybdor deb topilgan.

2. Gulnora otasini qoralab chiqadi va uning qilmishlari haqida kitoblar yozdirib, filmlar oldiradi. Garchi bu unga obro’ keltirmasa ham. Chunki u otasidan nafrat qiladi.

3.O’zbek tili deyarli yo’qotiladi va rus tiliga davlat tili maqomi beriladi. Hozirdanoq opa-singillar Rossiya universitetlarining filiallarini ochishdan ko’zlagan maqsadlari ham rus tili o’qituvchilarini ko’paytirish ekanligi sir emas.

4.U “mafiya onasi” bo’lgani uchun reketchilikni ochiq holda avj oldiradi va xalqning oz-moz pul topgan qismining ham nasibasini qo’lidan urib oladi.

5.Jamiyatda maishiy buzuqlik misli ko’rilmagan darajada yuksaladi. Buzuqlik oddiy turmush darajasidir degan tushunchani qaror toptirishga urinadi.

6.Mamlakatda ichki urush boshlanib ketadi. Mafiya guruhlari vaqti-vaqti bilan o’zaro otishma qilib turganlari kabi mamlakatdagi kuch sohiblari orasida boshlangan ko’rinmas to’qnashuvlar jamiyatga ko’chadi.

7.O’zbekiston degan mamlakat dunyo xaritasidan yo’qolib, Markaziy Osiyodagi boshqa davlatlarga parcha-parcha sifatida qo’shilib ketishi mumkin. O’sha paytga borib buni bugungi kabi mazkur mintaqalardagi odamlar ham istab qoladilar.

Gapning qisqasi Gulnoraning prezident bo’lishini tasavvur qilish O’zbekistoni butunlay botqoqqa botib ketishi tasavvur qilishdir. Oriyati bo’lgan millat bunga yo’l qo’ymadi. Men ana shunga ishonaman.

Payg’ambarlar ham
oddiy odam bo’lishgan

17 Yanvar, 2006 yil

SAVOL: Bugungi hukumatdan ba’zi odamlarning xatlarini e’lon qilib turasiz. Ularning sizlar bilan aloqasida hech qanday mantiq ko’rmayapman. Nima sababdan ular sizlarga ishonishlari kerak?(Nozim).

JAVOB: Savolingizda, ruhingizda negadir jahl bor… Aks taqdirda oddiygina mantiqni ko’rgan bo’lardingiz. Hamma vaqt bir rejim ichidan norozilar chiqsa ular mazkur rejimning muxoliflari bilan birlashishga urinadilar. Buninng misoli tarixda ham ko’p va qolaversa mustaqillikning ilk yillarida ham buni yashaganmiz. Hatto mamlakatning eng teppasida turganlar ham muxolifatdan najot izlashgan. Nega ekanligi aniq. Ammo siz buni tushuna olmaganingiz uchun qisman izolash majburiyatidaman.

Karimov O’zbekistonni choh yoniga keltirib qo’ydi. Undan keyin keladigan rahbar payg’ambar bo’lsa ham (Payg’ambarlar ham oddiy odamlar bo’lishganini unutang!) Karimov buzgan aravani tuzata olmaydi. Karimov o’zidan keyin juda katta axlat uyumi qoldirmoqda va buni tozalash juda va juda qiyin kechadi. Kimki bu ishga bel bog’lasa otasiga rahmat, unga yordam berish kerak! Chunki butun xalq bir tan, bir jon bo’lmasa mamlaktni tozalash ham, qutqazish ham mumkin emas.

Hukumat ichidan chiqib Karimovni chetlatishgan, hatto Karimov o’zi bittasini tayinlagan taqdirda ham xalq ularga ishonmaydi va qo’llamaydi. Natijada ular Karimov uygan axlatning ostida qolib ketadilar. Xalqning ko’ziga ochiq yuz bilan qaraydigan va qo’rqmay gapira oladiganlar-bular Karimov zulmiga qarshi kurashib kelganlardir. Xalq faqat ularga ishonadi va ularga ergashadi, ular bilan birga qiyinchiliklarni yengishga kirishadi. Bu juda oddiy mantiq. Bugungi hukumat ichida Karimovga qarshi bo’lgan kuchlar shuni idrok etmoqdalar. Boshqa yo’l yo’q. Ular xorijdagi muxolifatning qaytishiga yo’l ochsalar o’zlarini ham qutqazishlarini tushunmoqdalar. Chunki ular “Bu axlat uyumini Karimov uygan edi” desalar xalq “Sizlar ham uning sherigi edinglar!” deyishi aniq. Mantiq shu.

Shu o’rinda prezident maslahatchilaridan biridan olingan iqror-maktubni keltirmoqchi edim. Garchi maktubni e’lon qilish uchun undan izn olgan bo’lsamda, baribir uning uslubidan kimligini bilib qolishlari mumkin deya erta-indin biroz o’zgartirib e’lon qilaman. Bu yerda esa shuni aytmoqchi edimki, xavfsizlik nuqtai nazaridan ko’pchilik bilmaydigan elektron adresim bor. Uni hukumatda ishlaydigan va Karimov rejimiga norozi bo’lgan bir yigit bilardi. Maslahatchi xatni mening ana shu adresimga yuborgan. Bu esa hukumatda norozilar birlashayotganlarini ko’rsatadi.

Hukumat ichida ham mamlakat botqoqqa botib ketganini tushunayotganlar borligi juda muhim voqeadir. Zotan bugun tanlov kuni. Kimlardir Karimov va Gulnorani tanlamoqdalar. Ular ota-qiz uygan axlatning ostida qolsihni ixtiyor qilganlardir. Kimlardir boshqa yo’llarni izlamoqdalar. Ular oddiy mantiqni anglaganlar yoki anglay boshlaganlardir. Siz ham tezroq anglab olib, yo’lingizni tanlashingiz kerak.
2005-2006, Vashington

One Response

  1. […] 6.Qatag’on (2005. Savol-Javob) […]

Comments are closed.